Shukrullo (1921-2020)

Shukrullo (Yusupov) 1921 yil 2 sentyabda Toshkent shahrining Shayxontohur dahasida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq shoiri (1981). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1977). Pedagogika bilim yurti (1935— 38) va Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika institutini tugatgan (1944). Ilk she’rlar to‘plami — «Birinchi daftar» (1949). «Qalb qo‘shiqlari» (1949), «Hayot ilhomlari» (1959), «Umrim boricha» (1960), «Inson va yaxshilik» (1961), «Zarralar» (1973), «Suyanchiq» (1977), «Yashagim keladi» (1978), «Sening baxting» (1988), «To‘qilgan dardlarim» (2001), «Shafaq» (2007) va boshqa she’riy asarlar muallifi. Ko‘plab dostonlar («Asr bahsi», 1985), bolalarga atalgan she’r va ertaklar («Yulduzlar, 1964) hamda she’riy dramalar («Hasrat bog‘i», 2004) yozgan. «Javohirlar sandig‘i» (1983) essesi, katag‘on davri dahshatlari haqidagi «Kafansiz ko‘milganlar» (1989) avtobiografik qissasi, «Tirik ruxlar» (1999) roman-xronikasi ham bor. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati (1994). «Do‘stlik» (1994) va «El-yurt hurmati» (1999) ordenlari bilan mukofotlangan. 2020 yil 19 iyul kuni Toshkent shahrida vafot etgan.


BAHOR KEChASI

Quyosh botib ketdi.
Bir tutam nuri
Varrak dumlariga ilashib qoldi.
Onasi yetaklab ketgan boladek,
Chumchuklar churq-churqlab tark etdi tolni.
Hovlim o‘rtasida do‘ndiq qiz kabi
Pushti ko‘ylak kiyib turar shaftoli.
Gilos oq shoxi to‘n kiygan kuyovmi,
Egilib kelinga pichirlardi u.
To‘yni ko‘rish uchun tom tepasiga
Shoshib chiqib olgan qizlar kabi oy –
O‘rikka tirmashib, yongoqqa o‘tib,
Terak tepasida ko‘rsatdi chiroy.
Faqat uyidamas, har xonadonda,
Bugun Vatanimda navro‘zi olam.
Hovuzcha – kosaga bahor sharobin
Shildiratib quyar ariqchalar ham.
Ana, yulduz sanab bo‘got labida
Qo‘shnim mushugi ham kutadi yorin.
Jonivoru parranda… borida sevgi!
Qanday odam sevmas umr bahorin!
Qalblarni bir umr tark etmas, sevgi!

OQShOM

Kecha oqshom kutdim, kelmading,
Zulmat ichra qoldim bir o‘zim.
Umrim bo‘yi bu zulmatga teng
Bir zulmatni ko‘rmagan ko‘zim.

Erkam, bugun kelding oqshomda,
Hali ko‘kka ko‘tarilmay oy.
Bilmagandim yorug‘ olamda
Borligini shuncha nur, chiroy.

GO‘DAK

Oybekka

Seni go‘dak sanashsa agar,
Yo‘q, ulardan, do‘stim, ranjima!
Sen uchun bu juda mo‘tabar,
Ma’nosini qilsang tarjima.

Go‘dak quvmas shuhrat ketidan,
Ta’ma bilan bermaydi salom.
Makr izi bo‘lmas betida
Va yasama qilmas ehtirom.

Gina bilmas, sodda, beg‘ubor
Fe’ling uchun sanashsa go‘dak.
Bu juda soz, nopok qalb bilan
Ulg‘aymoqlik ne uchun kerak!

Umr bo‘yi go‘dak pokligi
Nasib bo‘lsa har kimga agar,
Gultoj bormi shundan ortiqroq,
Ehson bormi, bundan mo‘tabar!

ILHOM

Yolvoraman, ilhom parisi,
O‘z erkimga holi qo‘y bir dam.
Bola-chaqa, to‘ylar orzusin
Boshqalardek o‘ylayin men ham.

Shafqat etgil, tunda uyg‘otma,
Bir kecha ber uyqumga orom.
Sevgi bo‘lib bag‘rimga botma,
Sehring bilan meni qilma rom.

Boshqalardek gullarning atrin
Totib bo‘lay bog‘im ichra mast.
Sen o‘shanda dehqon mehnatin
Solmay turgin yodimga birpas.

Menga ham baxt boqqanda kulib,
Totmasimdan gashtin bir yo‘la,
Kimlarningdir dardin eslatib,
Yuragimga solma g‘ulg‘ula.

O‘z baxtimdan o‘zim quvonib,
O‘z g‘amimni chekayin o‘zim.
Dunyo dardin yodimdan quvib,
Bir dam bergil qalbimga to‘zim.

Ilhom shafqat etdimi menga
Yo qahrimi, bilmadim biroq.
Endi dunyo tashvishlariga
Necha kunki, befarqman mutloq.

Nohaqliqdan endi yo‘q kuymoq,
Ilhom zavqi bezovta qilmas.
Gulga boqsam, bosadi mudroq,
Qalbim darddan tug‘yonga kelmas.

Endi ilhom, kim bo‘ldim, aytgil?!
Yolvoraman, aytib, qil izhor!
Yolvoraman, yonimga qaytgil,
Xalq dardidan ayirma zinhor!

KUZ

Kunduz. Osmon yuzin burkadi bulut,
Go‘yo chiroq yongach, tushirildi parda.
Ko‘cha tuprogidan ko‘tarar quyun,
Shamol tabiatga qilgandek zarda.

Terak uchlariga qo‘nmoqchi bo‘lib,
Osmonu falakda qushlar chiyillar.
Yo‘lidan chalg‘itib, shoxlarni silkib,
Oltin yaproqlarin to‘zg‘itar yellar.

Yomg‘ir shivaladi, bir to‘p bolalar,
«Uy-uyiga», deya tarqalib ketdi.
Tolzorlarni kezgan ko‘m-ko‘k anhorning
Yomg‘ir qamchisidan qabardi beti.

Ko‘priklarga boqib kutgan do‘stlarim
Shunda yetib keldi ko‘p qilmay mushtoq.
Samovar navosi, tarnov sharrosi,
Ulfatlar bazmiga aytilgan mashshoq.

TO‘KMA KO‘Z YoShINGNI

To‘kma ko‘z yoshingni, yig‘lama, go‘zal!
Majnuntol singari yoyma sochingni.
Mening gunohimni kechirgil bir gal,
Bir dam qoyaga boq, ko‘tar boshingni.

Tomchi tomib turar qoyadan chak-chak,
Bir tomchi toshlarga solibdi ajin.
Axir tosh emas-ku mendagi yurak…
Ko‘z yoshingni to‘kma, menga ham achin.

TUN ILA TONG

Quyosh botib borar, qizarib botar,
Oltin koptok kabi ketdi dumalab.
Quyosh botadimi yoki tong otar,
Beparvo bolalar o‘ynar quvalab.

Beparvo yoshligim, qaytib kelsang-chi,
Tunning azobidan meni qutqarib!
Bahor shamolidek tongda yelsang-chi,
Tongga intiqlikni boshdan ko‘tarib.

Qani bolaligim, bedardliklarim,
Erta tong otardik begardliklarim!

KEKSALIK

Daraxt tepa shoxdan, odam oyoqdan
Qariydi, deydilar, bu ham bir hikmat.
Bunday o‘ylab ko‘rsam, butun narsani
Hisobli yaratgan doim tabiat.
Yaxshiki, odamning kuch-quvvatini
Belu oyog‘idan avval oladi.
Bo‘lmasa, bu oyoq  keksayganingda
Seni qay ko‘chaga sudrab qolardi.