Shodi Otamurod (1978)

1978 yilda tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan. “Birinchi kitobim” ruknida “Sog‘inch ranglari” she’riy to‘plami chop etilgan. Hozirda “Turkiston” gazetasining Jizzax viloyati bo‘yicha muxbiri.

SEVGI

Zohirda uchragan alomatlarim,
Botinda qayg‘umdir, ham omadlarim.
Tabassum aylasa sarvqomatlarim,
Ishqqa ishoradir, sevgidan belgi.

Bolalik paytlarim erkin qush edim,
Bolalik ham o‘tdi, bu bir tush, dedim.
Seni o‘qisin deb yozgan bu she’rim,
Ishqqa ishoradir, sevgidan belgi.

Diqqatim tortadi maysada shabnam,
Bedorlik qo‘limga tutqazgan qalam.
Havaslarim, bedorligim ham
Ishqqa ishoradir, sevgidan belgi.

Sutga chayilgandek ikki kabutar,
Shivirlar, o‘rtada qanday gap o‘tar.
Maktublarin yozib ko‘kka o‘qitar…
Ishqqa ishora bu, sevgidan belgi.

Ishq qilich sermasa tong bilan shomda,
Quyoshning holin ko‘r qontalash jomda.
Yulduzlar, ko‘zyoshlar – cheksiz marjonlar,
Ishqqa ishoradir, sevgidan belgi…

YaXShI QIZ

U yaxshi qiz edi chinakam,
Unutmasman erka chog‘larni.
“Sevaman”ni aytgan bo‘lsam ham,
Yana aytishimni xohlardi.

Kulgan bo‘lsa kulgandir mendan,
Balki unga shu bo‘lgan huzur.
Xafa qilib qo‘ymadimmi, deb
So‘ramagan hech qachon uzr.

Erkalanib ketardi biram,
Qo‘llarimga qo‘lin bog‘lardi.
Men yoniga qaytgan bo‘lsam ham,
Yana qaytishimni xohlardi.

Ovozi yo‘q zanjirmi sevgi,
Bog‘langanim rostmidi unga.
Kiyik kabi ziyrak va sezgir,
Bor go‘zallik xosmidi unga.

Muhabbatim bo‘lgan emas kam,
Baxsh etgandim bog‘u tog‘larni.
Men-ku unga yetgan bo‘lsam ham,
Yana yetishimni xohlardi.

Eslatarmi sevgi bayrog‘in,
Xayr demoq-chun ko‘tarilgan qo‘l.
Xush yoqarmi qushlar sayrog‘i,
Hijron tomon burilganda yo‘l.

Eslaganda ko‘zlarimda nam,
Bilmam nechun – O‘zin oqlardi.
Men yonidan ketgan bo‘lsam ham,
Kelib-ketishimni xohlardi…

SO‘NGSO‘Z

Aylanib
Aylanib
Keladi
Dunyo,
Aylanib
Dilimni
Tiladi
Dunyo.
Tilimda
So‘nggi so‘z
Aylangunicha,
Aylanib
Aylanib
Bo‘ladi
Dunyo!

* * *

Men oshiqman, bu dunyo nadir,
Ishqparastman, holimdir xarob,
Sinib qolgan yuragimdadir
Ishq atalmish qip-qizil sharob.

Sevsang, sening ishqingman tayin,
Sevmasang gar, senga atalmaganman.
Men ojizman, balki guldayin
Peshonangga bitilmaganman.

Men tanhoman, oyu kun yillar,
Balki sen ham mendayin tanho.
Meni sevar faqat shu yo‘llar,
Hali mendan to‘ymagan dunyo.

Suydirding-ku, bilmasdan turib,
Sevilmakni, suyib-kuyishni.
Ketolmassan, endi o‘chirib
Peshonamga yozilgan ishqni.

ONA

Bir qo‘lda beshikni, bir qo‘lda esa
Dunyoni tebratar ona degan zot.
Qaysidir bir ayol befarzand bo‘lsa,
Befarzand deb uni atamang, hayhot!

Garchi, u ayolning ko‘zlarida nam,
Tebratmoq ishi-la banddir bu qo‘llar.
Axir, u ham ona, u ham bunday dam
Dunyoni tebratib aytmoqda alla.

OVOZIM

Ovozim – eng og‘ir bayroq,
Go‘yo yerga to‘shalgan gilam.
Mabodo, men ko‘tarsam baland,
Simtorlarday titraydi olam.

Ovozim – bu eng og‘ir kuydir,
Kuydirki, hech yo‘qdir poyoni.
Mabodo, men qo‘shiq kuylasam,
Qo‘shiq bosib qolar dunyoni.


GLOBUS

Bul zotning yuzidan o‘tib bo‘lmaydi,
Bul zotning yuzidan o‘tmoq ne kerak?
Har bitta ajini –
Tortilgan chiziq,
Har bitta ajini –
Bitta chegara!


HAZIL

Qoshiq edi, “q” ketib,
Oshiq bo‘ldi bir zumda.
Kulfat edi, “k” ketib,
Ulfat bo‘ldi bir zumda.
Tayyor edi, “t” ketib,
Ayyor bo‘ldi bir zumda.
Qornin o‘ylab har safar,
Qoshiqqa oshiq bo‘ldi.
Ammo, qorni yorilib,
Kulfatga ulfat bo‘ldi.
Baribir, baribir,
Tayyorga ayyor bo‘ldi.

* * *

Senu mendek yolg‘iz insonni
Hijron yutib boradir, gulim.
Muhr qilib qalbga hijronni
Umr o‘tib boradir, gulim.

Muhabbatning o‘tli cho‘g‘idan
Malham olmoq balki kifoya.
O‘ldirguchi fursat o‘qidan
Bizni qilmas hech kim himoya.

Sen u yondir, men esa bu yon,
O‘rtada bir daryodir, gulim.
Nega jimsan,
Ne giryon uchun,
Umr o‘tib boradir, gulim.

Fursat – tilsim, fursatni qo‘ldan
Bermog‘imiz azobdir-azob.
Adashmaylik, gulim, bu yo‘ldan.
Vaqt oldida saqlaylik odob.

Ko‘zyosh bo‘lib go‘yo kiprikdan
Tomgan suvga yetarmi qo‘lim?
Ikkalamiz solgan ko‘prikdan
Umr o‘tib boradir, gulim.

* * *

Sen gapirganda yonimda turib,
Olis-olislarga ketar xayolim.
Olis-olislardan kelayotganday
Bo‘laverar sening ovozing.
Sen gapirganda.