Sadriddin Salim Buxoriy (1947-2010)

Sadriddin Salimov 1946 yil 16 sentyabrda Buxoro shahridagi Cho‘pboz guzarida tug‘ilgan. Buxoro pedagogika institutining nemis tili fakultetini tamomlagan (1972). «Oqqushim», «Erka qushim» (1979), «Yorug‘lik odami» (1983), «Ro‘molcha» (1988), «Buxoroga Buxoro keldi» (1999), «Durdonalar» (2005) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Bir nechta tarixiy-ma’rifiy kitoblar ham yozgan («Bahouddin Naqshband yoki yetti pir», 1993; «Uch avliyo», 2000; «Hazrat Abu Kafs Kabir», 2006; «Ikki yuz yetmish yetti pir», 2006; «Hazrat Bahouddin Naqshband», 2006; «Hazrat Ka’bul Axbor Valiy», 2007 va boshqa). I. V. Gyotening «G‘arbu Sharq devoni»ni o‘zbek tiliga tarjima qilgan. «Mehnat shuhrati» ordeni (1999) va «Fidokorona xizmatlari uchun» (2005) ordeni bilan mukofotlangan.

BUXOROGA BUXORO KELDI

(Shu nomli turkumdan)

Buxoroning obidalari
Ming yillardan beradi xabar:
«Xor bo‘lasan, mute’ bo‘lasan,
Buyukliging unutsang agar!»

Buxoroning obidalari
Hikmat erur moziydan, inon:
«Buyuklarni buyuk aylagan
E’tiqodu erk hamda iymon!»

Buxoroning obidalari
Har kun yangi hikmat aytadi,
O‘tmishni-da, kelajakni-da
Men tomonga olib qaytadi.

RUH MEHROBGA TALPINAR

1.
Ruhga parvoz aslida xosdir,
Uni qamab bo‘larmi yohu!
Ruh oyoqlar ostida qolib,
Nechun bo‘lmish munchalar majruh?

Ruh tashnadir, ochdir va lekin
Unga ozik bo‘lgaymi sarob?
Ruh mehrobga qarab talpinar,
Yiqitilgan muqaddas mexrob…

2.
Buxoroning muqadtsas bag‘ri
Ne sababdan muncha toptalmish?
Tiriklar jim, obidalar jim,
Tug‘lar xomush, qabrlar xomush…

Foxiranimg faxri qaydadir?
Bu sukunat asli sirmasmi?
Tiriklari xomush bo‘lgan yurt –
O‘liklari tilga kirmasmi?!

BUXOROYI ShARIF

Bu shoh asar, buni ko‘rmoqqa
Farang kelar, olmoni kelar.
Uzoq-yaqin yurtning shoh-faqir,
Yaxshi hamda yomoni kelar.

Bu shoh asar, buni ko‘rmoqqa
Zax kelmoqda, sho‘rob kelmoqda.
Paxtazori bilan bostirib
Shior bilan xitob kelmoqda.

O‘zining shoh asarlarini
Aylab qo‘yib yer bilan yakson –
Sen!
Ne uchun kelmayapsan, Sen –
Ka’basini yo‘qotgan Inson?!

MILLAT

Qaydan aniqlagaysan
Havoning millatini?
Quyoshning millatini,
Daryoning millatini?

Daho misli quyoshdir,
Ol zebu ziynatini,
oshingta urasanmi
Dahoning millatini?!

Etmagayman hech qachon
Gumrohlar g‘iybatini,
Gumroh tekshirmish
Odam Atoning millatini.

Ma’lum emish hammaga
Alar past tiynatini,
Past kimsa qaydan bilsin
Samoning millatini.

* * *

Qanday sendan olayin xabar,
Boshlanadi qaydan ostona?
Qay imloda yozsam xat yetar,
Arabiymi yo sugdiyona?

Maysalarda yo‘q erur zabon,
Maysalarning tilida titroq.
Etolmaydi holingni bayon,
Garchi mendan senga yaqinroq.

Bo‘zlagayman yuragim to‘lib,
Qayda eshik, qayda erur yo‘l?
Koshki, eshik yo maysa bo‘lib,
Cho‘zolsaydim sen tomonga qo‘l…

XAT

Yurakni qiynagan bu sog‘inch,
Yurakka sig‘magan hayajon,
Bir parcha qog‘ozga ilashib,
Ketmoqda yurt tomon.

Maktubda ne hikmat bor ekan,
Ne xislat maktubda namoyon?
Bir parcha qog‘ozga ilashib,
Yuragim ketmoqda yurt tomon.

* * *

Orifo, jondin kechib jon istagil,
Zohido, dardingga darmon istagil.
Oshiqi zorni ko‘ring diydor talab,
Istaging shu ersa Rahmon istagil.

* * *

Farosat ahliga ibrat zamona,
Dili ko‘rlar uchun ishrat zamona.
Dilini poklamoq bo‘lganlar aytur,
Ki zikri Haq uchun fursat zamona.

* * *

Illat izlaganga illatdur dunyo,
G‘urbat izlaganga g‘urbatdur dunyo.
Kim neni izlasa, topar begumon,
Hikmat izlaganga hikmatdur dunyo.