Qutlibeka Rahimboyeva (1952)

Qutlibeka Rahimboyeva 1952 yil 9 fevralda Turkmaniston Respublikasiga qarashli Toshhovuz shahrida tug‘ilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1994). Farg‘ona pedagogika institutining filologiya fakultetini tamomlagan (1974). Dastlabki she’riy to‘plami — «Yuragimda ko‘rganlarim» (1981). Shundan so‘ng shoiraning «Uzun kunduzlar» (1984), «Uyg‘onish fasli» (1989), «Ozodlik», «Ko‘ksimdagi Tangritog‘» kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. «Tohirning Zuhrosi» nomli dramatik asar ham yozgan. L. Ukrainka, M. Svetayeva kabi shoirlarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. «Shuhrat» medali sohibasi (1999).


QORLI TONG XAYoLI

Mo‘jiza yuz bergan:
Kechagina boshqa edi hammasi:
ayozdan qorayib yotardi yo‘llar;
Shamol teraklarning boshiga minib,
yupqa yaproqlarin yulardi.
Anorlar ko‘milgan sokin sayhonlik
tortmasdi hech kimning e’tiborini.

Mu’jiza yuz bergan;
Teraklar – alpqomat yigitlar:
egnida oq po‘stin, boshida oq bo‘rk.
Hatto qamchisining dastasi kumush.
Sayxonlik bag‘rida haybatli otlar
kunchiqish tarafga qarab oromda:
olmos egarlari qamashtirar ko‘z.

Mo‘jiza yuz bergan:
Mening nazarimda, hozir yigitlar
mudroq tulporlarin uyg‘otib shoshqin,
Dunyoning qaysidir parchalarida
parchinlangan Erkni qutqarmoq uchun
buyuk kurashlarga kirib ketadir.
Ular jim… men ham jim.
Nimadan cho‘chiysiz, og‘alar.
Axir to‘rt tomonning yo‘llari yorug‘.
Butun ishonch bilan turibman hamon,
Mo‘jiza yuz bersin!

QISh YaXShI

Teraklar o‘xshamas ozgin o‘smirga,
Bukchaygan tollarga o‘xshamas tollar.
Qish kiyim tiqdirdi bariga birday,
Oqshomda qo‘li gul chevarlar yollab.

Ko‘proq ko‘rganiga ishonar ko‘zing,
Tegrangda podsholik qilar oq ranglar.
Shu xayol hovurin isitib ko‘ksing,
Labingda chiroyli ovoz jaranglar.

Quyosh qizdirmaydi, lekin yarqirab
Yorug‘lik sochadi. Yorug‘lik aziz.
Boshingni devorga turmaysan tirab,
Topasan oyog‘ing sigadigan iz.

Kuychisiz saltanat g‘arib sanapar,
G‘ariblar safiga qo‘shilmaydi qish.
Munojot aytmasa hamki qarg‘alar,
Har qalay ho‘kizmas, sayraydigan qush.

Daryoni sog‘insang, yotmaysan bo‘zlab,
Qirgoqqa chiqasan. Qaraysan pastga.
O‘zini ko‘rsatmay hikmatlar so‘zlab,
Tip-tiniq daryolar oqadi asta.

Qish yaxshi. Faqat bir kichik nuqsi bor:
Yo‘llar muz. Muz amri bilan yurasan
Erkingda yurmakni etsang ixtiyor,
Qulaysan. Manglaying yomon yorasan.


HAQBOY BUVANING SODDA FALSAFASI

(1973-83 yillar)

Rahmdil bo‘lsa bor davlatboshilar:
avval o‘z elini etsa osoyish,
buyursa kuchiga yarashug‘lik ish,
qondirsa chanqoqning tashnaligini,
tindirsa ochlarning nolalarini.

Yana odil bo‘lsa davlatboshilar:
bitirsa kishining baxnaligini,
ayniqsa, ezmasa bolalarini.

Yana botir bo‘lsa davlatboshilar:
o‘ldirsa zaharli yolg‘onni,
do‘stiga xiyonat qilg‘onni.

So‘ngra o‘sha ulug‘ davlatboshilar
bir-birini ortidan aytmasa g‘iybat,
tinch qo‘ysa bobosi – otalarini.
Dasturxon boshida so‘ylashsa baland
yuzma-yuz o‘tirib xatolarini.
Qisqa kunda qirq bor buzmasa sarhad,
Azasiga borsa, borsa to‘yiga.

Huda-behudaga sochmasa tanga,
Ko‘mak so‘raganda bo‘lsa tanti, mard.

Shunda osongina tinchir-ku olam,
Gapim nodurustmi yo shoir bolam?.

KIMNI SUYIBMAN?

Men suyib, men suyib kimni suyibman?
Cho‘lpon

Sevgimni daryoga tashlasam, agar
suvlarga qo‘shilsa, ichsa baliqlar –
sayragan bo‘lardi bulbullar kabi.
Sahroga tashlasam, yesa ilonlar –
bari parilarga aylanib qachon
malika bo‘lardi shahzodalarga.
Toshbaqa totinsa, qo‘shqanot bog‘lab,
ko‘tarib kelardi Bog‘i Eramni.
Sevgimni kechaga sochsaydim agar
oy quyosh bo‘lardi, yulduz ham quyosh.
Men buyuk sevgimni senga beribman.
Baliklaring baliq.
Iloning – ilon.
Toshbaqang – toshbaqa.
Kechaning kunduzga qadamlari sust.
Sevgim kuchsizmikan,
yo sevgim essiz?
Tillanmog‘ing uchun,
uchmog‘ing uchun,
kechadan batamom
kechmog‘ing uchun,
Ayt, qancha xohlasang, shuncha suyarman,
Ayt, qandoq xohlasang, shundoq suyarman!

KUZ

«Tuz oh, Zahiriddin Muhammad Bobur»

Kuz oh… Bikajon.
Quyosh mag‘lub lashkarboshidir,
Yig‘ar jonsizlangan nurlarin.
Xazon bog‘ning so‘zon yoshidir,
So‘zon etgan biri-birlarin.
Atirgul – bahorning sag‘iri,
Qalbidan yozlarni kechirgan.
Sariq suvlar umid chog‘iri,
Quyqasiga qadar ichilgan.
Qumrining qushligi susaygan,
Pastga rozi, yerlarga rozi.
Qarg‘aning tillari uzaygan,
Ochilib boradi ovozi.
Bulut qayta butlangan qalqon,
Shamol qilich, daraxtlar zirlar.
Ajib faqat ko‘rinmaydi qon,
Shitob yuvar g‘assol yomg‘irlar.
Tuz oh… Bikajon.

NAFRAT

Bolalari qirib tashlangan ona –
Gullari yulingan daraxt sen emas,
Baxtning nasibasi – bebaxt sen emas,
U o‘zga turkiydir – dali-devona,
Bekajon, jon shirin, ko‘zlaringni yum!

Xonlar qopchig‘ini to‘ldirgan ayol –
Panjalari bo‘m-bo‘sh Sabr sen emas,
Bo‘shlig‘i joniga jabr sen emas,
U o‘zga turkiydir – siqilgan anor,
Bikajon, jon shirin, ko‘zlaringni yum!

Erlar egik kun ham tik qolgan ayol,
Yovga tiz cho‘kmagan beklik sen emas,
Izg‘iringa qarshi ko‘klik sen emas,
U o‘zga turkiydir – olis bir xayol,
Bikajon, jon shirin, ko‘zlaringni yum!

Ha, zarba emassan, emassan turtki,
Mudroqlik sen emas, g‘aflat sen emas,
Yo isyon sen emas, nafrat sen emas,
U o‘zga bir turkiy, sen qanday turkiy?
Bikajon, jon shirin, ko‘zlaringni yum!