Qo‘chqor Norqobil (1968)

Qo‘chqor Norqobil 1968 yil 5 martda Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanidagi Mo‘minko‘l qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist (2001). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1992). «Daryo ortidagi yig‘i» (1994), «O‘n sakkizga kirmagan men bor» (2002), «Kulib tur, azizim» (2005), «Quyoshni kim uyg‘otadi?» singari nasriy hamda «Xosiyatli dunyo» (1992), «Kaftimdagi qizg‘aldoq» (1993) she’riy to‘plamlari nashr etilgan.
A. S. Pushkin, M. Yu. Lermontov, S. Yesenin, Ye. Yevtushenko kabi shoirlarning nasriy asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

DALA

Saratonning olov selida,
Qilt etmaydi shabada — betob…
Tushib yerga osmon ko‘lidan,
Minib olar yelkamga oftob.

Mavj uradi yam-yashil dala —
Sohilida salqinlar osmon.
Bir piyola choy tutib chayla
Ana, yozni qiladi mehmon!

Qoq tushdan to oqshomga qolib,
Keng daladay yashnadim — huzur!
Elkamdagi oftobni olib,
Peshonamni siladi Xizr!

HAYoT

Goh tog‘day qayg‘usi misqoldan mayda,
Goh lahza shodligi manguga tatir…
Taqdir sahnasida chopaman qayga,
Nahot hayotimning o‘zi teatr?

Ochilib-yopilar to‘rt fasl — parda!
Tong hali uyg‘onmay eshik chertar tun…
Taqdir — muallifga qilaman zarda
Vaqt bergin, o‘zimni o‘nglashim uchun…

Vaqt — mashhur rejissyor! Sahnada g‘olib!
Kunlarni o‘ynatar bitta-bittalab.
So‘ngra to‘rt faslni yelkamga olib,
Jilmayib yashashni qiladi talab…

ChAYLA

Chayla. Bir piyola choy. Qiyom.
Tilimlangan tarvuz hamda burda non.
Xotirjam mizg‘iydi bobomiz go‘yo,
Jahonni qo‘lida o‘ynatgan sulton.

Oftob ham og‘rinib og‘ar. Peshinni
Polizda suv tarab qarshilaydi chol.
Falakka o‘t qo‘ygan javzo qo‘shini,
Cholning oyog‘iga yiqilar behol.

Tun cho‘kdi. Chaylada chol charchoq yozdi,
Shamol qilt etmoqqa topmas hafsala.
Ko‘kka uchmoq istar ko‘tarib yozni,
Ariqlarga bog‘lab qo‘yilgan dala.

YoZ

Mevazorda bo‘ldi tantana,
Olmalarni termoqdalar — Soz!
Qizlarini uzatgan Ona,
Kabi yengil nafas oldi Yoz…

Oqshom cho‘kdi… Tun chodiriga,
Shamlar osdi… Osmon — chiroqchi.
Oy shu’lasi cho‘mgan bog‘larni
Qo‘riqlaydi “Etti qaroqchi”.

KO‘LDA

Oy yap-yaqin. Yoz bag‘ri yoniq,
Falak sonsiz yulduzlar taqqan.
Shamol hovrin bosgan tip-tiniq
Ko‘lda suzib yuribda osmon.

So‘ng Sen kelding. Siymtan chiroy,
Tushding — suvda yuzdi nur izlar…
Esi og‘ib chayqaladi oy,
Ko‘ldan chiqib ketdi yulduzlar.

ISTAK

Bir kun qular ichimdagi tog‘,
Daryolarim kelar topinib.
Hozircha yoz. Sukutda chorbog‘
Uxlayapti tunni yopinib.

Yuragimda ingroqli bir sas —
Cho‘kib yotar ko‘nglimda xitob.
Elkalarim olardi nafas,
Men o‘zimni qilolsam kitob.

Hozircha yoz. Sokinlik indi,
Tunni bedor etmoq osonmi?
Qanday tashlab yuboray endi,
Ikki qo‘lim tutgan osmonni?

QORYoG‘DIGUL

Qoryog‘digul o‘sar chayla chetida —
Javzoda qor tushgan kabi mo‘jiza.
Titroq bargchalari quyosh o‘tida
Qirovga ko‘milib titrar
Top-toza!

Bu qanday sinoat?
Bu qandayin kuch?
Qorning zarrasiga o‘xshaydi dedim…
Yozda qorgul o‘sib chiqishini hech,
Umrim bino bo‘lib ko‘rmagan edim.

Ajib ijodingdan aylanay, Hayot,
Izmingda chulg‘anur har samoviy rang.
Buyuksanu,
Biroq kibru havo yot,
Gullasang oftobni kuydirar chehrang.

Men ham shoirman deb yuribman. Endi,
O‘ylasam balanddir o‘zimdan viqor.
Bugun uyaltirding — hayratim indi,
Otam chaylasida gullayotgan qor…

ASRGA XITOB

XXI asr —
Insoniyatning
Quyoshga qo‘l cho‘zib yashagan davri…
Erdagi har maysa toji hayotning,
Tiriklik boshida vahmni ko‘rdim.

XXI asr…
Bir yonim gulzor,
Bir yonim tutaydi qiyomat kabi.
Zaminni qizg‘onib ko‘tarib turar,
Tinchlik, deb hayqirgan odamzot qalbi…

XXI asr…
Bu — mening bolam.
Ishonch-umidlarim, bahri ziyodam!
Shu o‘g‘lon ko‘zida tomchi yosh ko‘rsam,
Ohlarim o‘t bo‘lib sachrar dunyoga.

XXI asr…
Mana, dasta gul!
Uloqtir qurolu bombalaringni.
Bari o‘tmish bo‘lsin… mayli, hartugul
Kelajakka ortma g‘ovg‘alaringni.

XXI asr…
Bu — mening o‘zim!
Urushingni ko‘rdim… Ko‘rdim o‘limni.
Yorug‘ tonglar uchun yoshlandi ko‘zim,
Omon asraysanmi mening o‘g‘limni?!