Olloyor Begaliyev 1961 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat madaniyat institutini (hozirgi O‘zSM) tamomlagan. Uning “Sehrli uyqu”, “Yolg‘onga ishongan daraxt”, “Rangin qorlar”, “Bir buloq bor”, “Jo‘natilmagan maktub”, “Bekobodlik samuray” kabi she’riy, nasriy, adabiy ertaklar to‘plamlari nashr etilgan.
BULOQ
Bir buloq bor, birov bilmagan,
Balki shundan u menga aziz.
Uni izlab birov kelmagan
Va o‘zanin qo‘ymagan qazib.
O‘zi qaynab, o‘zicha oqar,
Balki, bilmas daryo, ummonni.
Suvi ham oz, yurgizolmaydi
Qo‘shi tugul, bir tegirmonni.
Lekin, unda musaffo suv bor,
To‘lqinlar bor baxmaldek mayin.
Unda oqib ketadi ko‘p bor
Xayollarim yuklangan qayiq.
Lekin, unda muhabbat xasmi
Muhabbat bor yerga benuqson.
Tubsiz emas bu buloq, asli,
Tubsiz unda aks etgan osmon.
OTAMNING UYI
Onamning uyi bu, otamning uyi,
Mehru saxovatda Hotamning uyi.
Mushku anbar esar ostonasidan,
Ular rizosidan behishtlar bo‘yi.
Ikki duogo‘yim, qo‘shsha farishtam,
Farzandlar baxtiga qo‘sha qarishgan,
Ular ogoh doim ezgu har ishdan,
Ular bor xotirjam farzandlar o‘yi.
Dasturxoni ochiq yaxshi-yomonga,
Shukr etarlar tinchlik hokim zamonga,
Mehmon bo‘ling, tushsa yo‘l biz tomonga,
Mehmon tashrifi bu xonadon to‘yi.
Bunday go‘shalarga bo‘lsin sharaf-shon,
Har dam talpinadi unga qarab jon,
O‘z uyingdir o‘lan to‘shagu darmon,
Ozod O‘zbekiston – ko‘nglimning kuyi,
Onamning uyi bu, otamning uyi.
XOTIRA
Beshigida yig‘laydi bola,
Ovutolmay halak onasi.
Uning charos ko‘zlari porlar,
Misli bir juft gilos donasi.
Nedir uning tinchini buzgan,
Topmaganmi yo hali tinchin?
Tinmay yig‘lar, qilmasdan parvo
Na po‘pisa va na o‘tinchni.
Nega yig‘lar? So‘zsiz bu yig‘i
Nimalarga ginali, gizli?
Menimcha, bu bir burda jonni
Yig‘latadi xotirasizlik.
Yo‘qsa, nechun, bu so‘ngsiz yig‘i,
Kimga kerak bu so‘zsiz bayot?
Yig‘latadi uni o‘tmishsiz,
Kelajakdan iborat hayot.
Uning murg‘ak joniga og‘ir
Botar o‘tmish – yoddan forug‘lik.
Hech narsani so‘zlamas unga
Ko‘z oluvchi sun’iy yorug‘lik.
Bu ham o‘char, biroq bolaning
Uni o‘chmas. (Olsachi damni.)
Shunda, ona beshik boshiga
Yoqib qo‘yar qalamdek sham’ni.
Sham’ lipillar ekan, bolaning
Chek qo‘yilar tinsiz dodiga.
U hayrat-la sham’ga tikilar
Va nelardir tushar yodiga.
BU DUNYoDA
Shoir Chori AVAZni eslab
Bu dunyoda sendan yodgor
O‘g‘ling qolar, qizing qolar.
Tosh tuproqli ko‘chalarda
Muhrlanib izing qolar.
Tunlaring ketar sen bilan,
Dunyoda kunduzing qolar.
Menki deb tanlaganing
Osmonda yulduzing qolar.
Bahoring qolar gul sochib,
Xazon sochib kuzing qolar.
Boshqaga qilgusi nasib,
O‘ylama rizq-ro‘zing qolar.
Bu dunyoga to‘ymaydi ko‘z,
Ortga boqib ko‘zing qolar.
Bir umr bo‘z to‘qib o‘tib,
Yolchimagan bo‘zing qolar.
Yaqinlaring xotirida
Nurday yorug‘ yuzing qolar.
She’rlaringdan makon topgan
Vasiyatdek so‘zing qolar.
* * *
Charchagan otalar uxlasin,
Charchagan onalar uxlasin.
Orom onlarida tushlarin
Oppoq farishtalar yo‘qlasin.
Xalal bermang uyqulariga,
Behuda bahslarni bas qiling.
Ovozingiz tugul, iltijom,
Yurak urushlarni past qiling.
Ular uxlar, o‘chirib yoddan
Og‘umi yo bol totganlarin.
Balki, topgandirlar tush aro
Diydorini yo‘qotganlarin.
O‘nglarida tutqich bermagan
Yillar ortaga qaytayotgandir.
Yo onasi olib quchoqqa
Unga alla aytayotgandir.
Sharros yomg‘irlarning ostida
Yurgandir yo shataloq otib.
Yo chanqovuz chalayotgandir
Olislarga termilayotib.
Yuzlarida o‘ynagan jilva
Shu’ladan yo tabassumidan.
Ular uxlar, bo‘lgancha xoli
Tashvishlarning tajassumidan.
Charchagan otalar uxlasin,
Charchagan onalar uxlasin.
Orom onlarida tushlarin
Ishqning yomg‘irlari yo‘qlasin.
Uyg‘onganda tindirmas o‘zin,
Yuzlariga boqib to‘yinglar.
Ajin bosgan peshonasidan
Astagina o‘pib qo‘yinglar.
Hayron bo‘lsin uyg‘ongan chog‘da
Qirov qo‘ngan sochlarin silab.
Necha yillar bo‘m-bo‘sh quchoqda
Paydo bo‘lgan guldasta bilan.
Farzandlarga sarflab o‘tuvchi
Umri to‘lsin qo‘shiq, o‘langa.
Mehr to‘la yuz, ko‘zlariga
Hech solmasin qayg‘u ko‘lanka…
…Hech solmasin qayg‘u ko‘lanka…
TO‘RTLIK
Bunchalar qiyindir ishq topishmog‘i,
Osonroq yoz bilan qish topishmog‘i.
Xayolingdan sira ketmovchi mehmon,
Dard – qiyin arishi, tez yopishmog‘i.