Nosir Muhammad (1946-2017)

Nosir Muhammad (Nasriddin Muhammadiyev) 1946 yilning 2 dekabrida Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ qo‘rg‘onida tug‘ilgan. 1968 yili Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetini bitirgan.

“Toshkent oqshomi” gazetasida kichik adabiy xodim, bo‘lim mudiri, 1976-79 yillari Eronda tarjimon, “Yoshlik” jurnalida mas’ul kotib (1985-1993), O‘zbekiston Milliy axborot agentligining xalqaro axborotlar tahririyati bosh muharriri (1993), “Jahon” axborot agentligida (1994), O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasida Matbuot kotibi (1996-99), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmatining yetakchi konsultanti (1999-2005) bo‘lib ishlagan. 2005 yildan buyon Respublika baynalmilal madaniyat markazi direktori.

Nosir Muhammad O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi (1972) va Yozuvchilar uyushmasi (1989) a’zosi, 20 ga yaqin she’riy va ilmiy-ommabop kitoblar muallifi.

2017 yil 5 iyul kuni Toshkent shahrida vafot etgan.

SOG‘INCh

Diyorim, jismimga jon bergan tuproq,
Sening mehringga hech bormikin poyon?!
Bag‘ringdan qanchalik ketmayin yiroq
Ishqing hamroh bo‘lur menga har qachon.

Sendan go‘zal yurtlar bordir dunyoda,
Boyligi sendan mo‘l yerlar bor hatto.
Vale mening uchun sendan ziyoda,
Sendek sevimlisi yo‘q erur aslo.

Qalbim sayohatlar zavqiga to‘la,
Ko‘plab o‘lkalarda bo‘lganman mehmon.
Qayda bo‘lmay, buyuk bir sog‘inch ila
Sening qiyosingni izladim har on.

Mevazor bog‘laring esladim rosti,
Qayinzorlar ichra kezganda masrur.
Lol etganda ulkan daryolar basti,
Amu va Sir yodi baxsh etdi g‘urur.

Shaharlar chiroyi ochganda bahrim,
Ovrupo bag‘riga qilganda safar,
Ko‘z oldimda turding jonajon shahrim
Osiyo quyoshi toblangan gavhar.

Men uchun har joyda bo‘ldi bir hujjat
Bepoyon Vatanning bezavol nomi.
Xorijiy tillarda qizisa suhbat
Menga eshitildi o‘zbek kalomi.

Sening borligingga shukrona aytdim
Har qadamda mehring sezgan onimda.
Goho iztirobda o‘rtangan paytim
Munis ona kabi turding yonimda.

Uzoqda bilinar yurt qadri har vaqt,
Ko‘zlarda yosh bilan yodlashar otin.
Qadru qimmatingni bilmagan farzand,
Mayliga ayriliq zahrini totsin.

Safar gar zavqlidir, poyonsiz emas,
Sog‘inib qayturman bag‘ringga xushhol.
Uchish zavqi ila bo‘lsa-da sarmast,
Uyaga talpingan polapon misol.

* * *

Gahi shodlik, gahi qayg‘u, ajab dunyo ekan do‘stlar,
Bu bir boshda necha g‘avg‘o, necha savdo ekan, do‘stlar.

Pisharmu qaynamay odam gahi turmush qozonida,
Sinovda kim muzaffardir, o‘shal dono ekan, do‘stlar.

Hayot ustod bo‘lib doim meni ko‘p imtihon etgay,
Uning har bir sabog‘ida necha ma’no ekan, do‘stlar.

Dilimda qancha dog‘ qoldi, muhabbat tashnasidurman,
Agarchi ishq ado bo‘lmas azim daryo ekan, do‘stlar.

Gahi obi hayot istab sarobga duch kelib qoldim,
Men intilgan ziyolar gahida ro‘yo ekan, do‘stlar.

Safarlar zavqiga oshiq necha ellarni kezdim men,
Axir bildim, aziz yurt — baridan a’lo ekan, do‘stlar.

Hamisha kuylagay Nosir diyoru yorning vasfin,
Ular ishqi yurakda doimo tanho ekan, do‘stlar.

* * *

Dunyo kezib, tegramda turfa xil odam ko‘rdim,
Etti qavat yer uzra yetti rang olam ko‘rdim.

Nodonlarning yuzida baxtu quvonch jilvasi,
Oqillarning dilida goho nihon g‘am ko‘rdim.

Angladim, nechun derlar doim “biri kam dunyo”,
Qismatidan shodumon komil zotni kam ko‘rdim.

Yomonlarning zahridan ozurdadir bu ko‘nglim,
Yaxshilarning so‘zida dardimga malham ko‘rdim.

Zamonlar suronida, yo‘q, o‘lmagan muhabbat,
Oshiqlarning ko‘zida injumonand nam ko‘rdim.

Yarim asr yo‘l yurib, topgan boyligim — do‘stlar,
Tashvishu quvonchimda barin jamuljam ko‘rdim.
Mehru sadoqat bilan kuylagayman elimni,
Nosir, aziz bag‘rida izzatu karam ko‘rdim.

MATONATNI O‘RGANDIK

Ozod Sharafiddinov xotirasiga

Aziz ustoz, nomingiz dilimizda yod bo‘lgay,
Axir Sizdan bir umr haqiqatni o‘rgandik.
Elim deb yongan zotlar doim barhayot bo‘lgay,
Vatanga muhabbatu sadoqatni o‘rgandik.

Shogirdlarning ko‘zida miltiraydi yosh bugun,
Ko‘ksida armon degan alamli bir tosh bugun,
Qani Sizdek donishmand ustozu sirdosh bugun,
Garchi Sizdan bardoshu shijoatni o‘rgandik.

Chorbog‘ning bog‘lariyu shatranj ham qoldi yetim,
Dilkash suhbatlaringiz goho tinglar edik jim,
Davralarning to‘rida o‘ltiradi endi kim?
To‘rt muchasi butunlar sabr-toqatni o‘rgandik.

Ne-ne azoblar bilan sinadi Sizni hayot,
Tinimsiz mehnatda goh topdingiz orom, najot,
Davrimiz Aflotuni, elu yurtga suyuk zot,
Ezgulik uchun kurash, riyozatni o‘rgandik.

Hayotingiz tillarda bir umr bo‘lar doston,
Siz yaratgan chamanlar aslo bilmagay xazon,
Ulug‘lar davrasida yodlanursiz har zamon,
Sizdan insonlik ilmin, matonatni o‘rgandik.

* * *

Salomga yarasha alik deydilar,
Bu qadim hikmatda ming yillik savdo.
Adolat tog‘i bor qarshingda mudom,
So‘zingga bog‘liqdir qaytar aks-sado.

* * *
Shu zaminda do‘zax ham, jannat degan makon ham,
Hamroh erur hamisha kufr ila imon ham.
Gunohu savoblarni samolardan qidirmang,
Odamzod vujudida yashar Rahmon, Shayton ham.