Nazarmat (1917-2009)

Nazarmat (Nazarmat Egamnazarov; 1917.7.11, Tojikiston, Xo‘jand, Nov qishlog‘i, 2009) — shoir, jurnalist. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1967). Samarqand universitetini tugatgan (1941). 2-jahon urushi qatnashchisi. «Qizil O‘zbekiston» (1947—54), «Toshkent haqiqati» gaz. tahririyatida adabiy xodim, bo‘lim mudiri (1954—85). Ijodiy faoliyati 30-y.lar oxirida boshlangan. «Yoshlik zavqi» (1941), «Vatan ishqi» (1949), «Yashil dalalar» (1955), «Sir bo‘yi — nur bo‘yi» (1959), «Tog‘dagi gulxanlar» (1962), «Nay sadosi» (1965), «Bahor qo‘shig‘i» (1968), «Shahrimiz bolalari» (1970), «Mangu olov» (1972) she’riy to‘plamlari muallifi. Ko‘plab she’rlari qo‘shiq bo‘lgan. «Yurakdagi o‘q» dostoni (1965) va «Sayyod jasorati» qissasi (1973) 2-jahon urushi mavzuida. Abulqosim Firdavsiy, Xisrav Deqlaviy, Abdurahmon Jomiy, Bedil, Mirzo Tursunzoda, Mirshakar va b. shoirlarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.


VASLI YoDING

Dilga tushdi bir otashkim, kuylar yenib jon,
Uning so‘nmas alangasi sen uzing, jonon,

Qaydanam sen kurindingu, ishq urdi tug‘yon,
G‘arib jonim yenar endi hajri dog‘ingdan.

Muhabbatni kuzgu aylab dilga kelursan,
Jamolingning orzusida sarson qilursan,

Bu talpingan jonginamning holin bilursan,
Judo etma maftuningni visol bog‘ingdan

Kimki so‘rsa holim bilur, yenish, faryodim,
Intilurman o‘rtanib dil vaslingga doim,

Qaysar yerim, bu jahonda sen-ku murodim,
Nazar ayla Nazarmatga nur qarog‘ingdan.

Samandarman, qalandarman hajri dog‘ingdan,
Adoyingman, gadoyingman gul yanog‘ingdan,

Ishq chulida qolib ketdim, yor, firoqingdan,
Bog‘boningman, ayirmagin visol bog‘ingdan.

Qaysar yorim, bu jahonda sen-ku murodim,
Nazar ayla Nazarmatga nur qarog‘ingdan.

BUYuK MEHRING

O‘zbegim, o‘zligim, hayotim, borim,
Munavvar olamda suyuk ko‘rking bor,
Turkiy el so‘zligim, ona diyorim,
Dillarda yangragan buyuk mehring bor.

Temurbek qadami senda ko‘rinur,
Muazzam azmingni sezmay bo‘lurmi,
Navoiy g‘azali dilrabo erur,
Onalik mehringni sevmay bo‘lurmi,

Osiyo bag‘rida tabarruk joying,
Olisdir tarixing, kechgan yo‘ling ham,
Dunyoga havasli gulshan chiroying,
Xotirda to‘siqli kechmishlaring ham.

Sen bizga istiqlol, joni jahonsan,
Erking-chun qanchalar qon to‘kmaganmiz,
Bag‘ri keng, o‘z so‘zli O‘zbekistonsan,
O‘zgalar oldida bosh egmaganmiz.

Sen dilda qo‘shiqsan, elga nur madhing,
O‘zbegim, o‘zligim, hayetim, borim,
Jahonga namoyon qudratu ko‘rking,
Turkiy el so‘zligim, ona diyorim,
Erlari muqaddas Uzbekistonsan.

BU KUNGA YeTGANLAR, YeTMAGANLAR BOR

G‘alaba, sen bizga erkka panohsan,
Dillarni yondirgan o‘chmas janggohsan,
Etimlarga ota sog‘inch dargohsan,
Beva qolganlarga dardli nigohsan,
Bu kunga yetganlar, yetmaganlar bor.

Hayotning bor fasli, qishi ham yozi,
Bo‘ronga o‘xshaydi xayel parvozi,
Yovuzlar chiqsa jang, qon poyondozi,
Urushga ketganlar bo‘lay der g‘ozi,
Zafarga yetganlar, yetmaganlar bor.

Ellik yil bo‘libdi, yodda jang maydon,
Dunyoning ro‘shnoyi tinchlik va omon,
Baxtimiz — mustaqil Vatan jonajon,
O‘tkanlar ruhlarin etaylik shodmon,
Bu kunga yetganlar, yetmaganlar bor.
1995 yil, 9 may.

ONAJON

Boshingni nega xam etding, onajon,
Ayt, kimdan dilga g‘am eltding, onajon,
Sen mehru munavvar tong nuri menga,
Ko‘zingni nega nam etding, onajon.

Allangdan olganman olamga qanot,
Mehringdan kamolu yo‘lingdan hayot.
So‘zlarim unutma, baxtim deb, bolam,
Yulimda namoyon bo‘larsan, onam.

Yo‘qlarmen, onajon, seni tonglari,
Kuylarim — sog‘inchim, dil ohanglari,
Bu olam gullari asl farzandlar,
Onasiz yo‘q dunyo, yo‘q Vatanlari.

Onajon, bor dunyom sen uchun asli,
Sochingga tushgan oq men uchun asli.
El kuyin o‘rgatgan navolarim sen,
Dunyoni ko‘rsatgan dunelarim sen,
Boshingni nega xam etding, onajon,
Ayt, kimdan dilga g‘am eltding, onajon.
1991