Mehribon Abdurahmonova 1964 yilda tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining rus filologiyasi fakultetini tamomlagan. Uning “Eshik oldi gulxayri”, “Oqshomlar qo‘shig‘i” kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.
KUZ
Yaproqlar salqidi kuz qabog‘ida,
Silkilatib to‘kdi mezon shamoli.
Yulqib, olib qochdi u yoq-bu yoqqa,
Tiyramohning parcha-parcha ro‘molin.
Tili tars yorildi kampirchoponning
Burishiq yuzlari battar tirishib.
Shamoldan yuzlari to‘rlagan qirqma
Hamon paykallarda yotar kerishib.
Bu yil ko‘k yomg‘iri tansiq, arzanda,
Mezon uchib ketdi tomog‘i qaqrab.
Xazon aravasin shaldiratgancha
Shamolni quvalab kelardi aqrab.
NATYuRMORT
Qishloq. Tuproq ko‘cha tovon botguday.
Uy – otam qadrini tiklagan devor.
Onamning qalbida yashagan hovli.
Ostona – ko‘cha hatlamagan nomus-or.
O‘choqboshi. Tappi qalangan o‘choq.
Oppoq sutga to‘la qop-qora qozon.
Kosov – tishda tishlab o‘tilgan umid.
Kul – shamol sovurar bo‘lajak to‘zon.
Bostirma. Og‘zini ochgan oxurlar.
Zambil – tashvish tashib to‘lmagan sabr.
Narvon – butun umr ko‘kni tush ko‘rib,
Tushlari teskari qilingan ta’bir…
IShQ NAFASI
Men bir ishq tilovdim,
ashklar keldiyo.
Chalqancha suzishni o‘rgatdi mavji.
Men bir ishq so‘rovdim,
rashklar keldiyo.
Falakni kuydirib yubordi avji.
Yalangoyoq chopdim cho‘g‘lar ustida,
Ko‘ngil kuyigiga bas kelmay ranji.
Qolgandim qahrli tig‘lar ostida,
Ishqning pichog‘ida qirqildi panja.
Men bir ishq tilovdim,
ul ishq keldiyo.
Qanday asray endi, bebaho ganjim?
Dunyolardan to‘sib,
dunyoni to‘sib,
faqatgina uni ko‘rmoq ilinji,
faqat ungagina ko‘rinmoq qasdi –
ko‘zimga mil tortdim,
dilga paranji.
Oh, qip-qizil ashkim,
oh, oppoq rashkim,
o‘-o‘, shirin ozorim,
o‘-o‘, go‘zal ranjim!
Maysa nafasligim – yam-yashil vasli,
qo‘ng‘iroqsasligim – zarg‘aldoq hajri.
Chiroylim – oq, qizil, zangori, pushti.
(Dunyo ranglarining yetmagan xarji.)
Ne bir balolarga ro‘baro‘ qo‘yib,
ne-ne balolardan asragan ajri –
erday xokisorim,
osmonday ko‘shkim – ishqim!
XUShXABAR
Qish tuni. Mudrardi ko‘ngil ko‘ngilsiz,
Yirtig‘ini yamab qalin choklarda.
Tuyqus tuynugini qoqdi xushxabar:
“Seni uchiraman halinchaklarda”.
Qirq yil qahratonda qaqshagan dilga,
Bahorlar bostirib kirdi nogahon.
Nogahon chaqmoqlar chaqdi qarsillab,
Tarsillab ikkiga bo‘lindi osmon.
Kechikkan yomg‘irlar quydi sharroslab,
Ichikkan boychechak hovuchlab ichdi.
Qahraton qahridan omon qolgan dil
Ishqning bog‘larida halinchak uchdi.
Halinchak iplari ishqdan o‘rilgan,
Ishq asrar yeru ko‘k muvozanatin.
Uzilsa, qulaydi osmon toqidan,
Yiqilsa, yorilib ketadi zamin.
Bular g‘irt falsafa – mavhum tushuncha,
Ammo, halinchaklar borligi ayon.
Osmon navolanar, yer havolanar,
Halinchak uchsa gar munisa ayol.
Bari tush. Mudrardi ko‘ngil ko‘ngilsiz,
Yirtig‘ini yamab qalin choklarda.
Ammo, eshitildi tuyqus tanish sas:
“Seni uchiraman halinchaklarda”.
QIZChA, QUYoSh VA YuLDUZLAR HAQIDA QO‘ShIQ
Tun. Chigirtka chirillar tinmay,
Onda-sonda itlar huradi.
G‘ayir sochi qop-qora qizcha,
Baxt haqida tushlar ko‘radi.
Tushlarini yoritadi oy,
Supra yulduz yasaydi kulcha.
Qo‘riqlaydi, Yetti qaroqchi,
Qizchani to tong otgunicha.
Topshiradi tongga sog‘-omon,
Quyosh chiqar mayin erkalab.
Yuzlarini yuvar shudringlar,
Qushlar kuylab berar ertalab.
Kuni bilan o‘ynar kun bilan,
Buzog‘ining ortidan chopib,
Chap ko‘ksiga yashirib qaytar,
Botayotgan quyoshni topib.
So‘ng, uxlaydi kunni quchoqlab,
Supra yulduz yasaydi kulcha.
Yana qo‘rir Yetti qaroqchi,
Qizchani to tong otgunicha.
Tonglar otar, musaffo, oppoq
Yog‘dularga to‘lar ertasi.
Asra doim, ona tabiat
Ozod yurtning ozod erkasin.