Habib Sa’dulla 1942 yil 5 aprelda Namangan shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq shoiri (1999). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1992). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugattan (1971). «Bahor bilan suhbat» (1975), «Muloqot» (1979), «Yana ostonangda» (1982), «Ehtirom» (1984), «Bog‘lar yurtin bolasimiz» (1988), «Tazarru», «Ko‘chamdan jonon o‘tganda» (1992), «Kosonsoy karvonlari» (1993), «Uchko‘rg‘onning uch xirmoni» (1996), «Ramazon munojoti» (1997), «Nur qadri» (1998), «Tanlangan asarlar» (2 jildli, 2002) kabi she’riy kitoblari nashr etilgan. Drama («Yusuf va Zulayho», 1975) va komediyalar ham yozgan («Raxmat, ig‘vogar», 1989). «El-yurt hurmati» (2003) ordeni bilan mukofotlangan. 2006 yil 1 martda Namangan shahrida vafot etgan.
AGAR SEN…
Agar sen noraso bo‘lsang,
Bu olam noraso senga,
Hayotga noravo bo‘lsang,
Hayot ham noravo senga.
Bu dunyo kori shundoqkim,
Topursan har ne izlarsan,
Agar sen oshino bo‘lsang
Bo‘lurlar oshino senga.
Mehr, lutfu sadoqat – do‘stu
Yorlikning buyuk sharti,
Agar sen bevafo bo‘lsang,
Ular ham bevafo senga.
Qidirma o‘zgalardan sahv kim,
Sahv ichra botgaysan,
Agar sen sahv etib otsang,
Oturlar bexato senga.
Hayoli, pok odam hargiz
Birovlar ustidan kulmas,
Agar sen behayosan, el
Ko‘ringay behayo senga.
Seni bu nurli olamga
Nur ulashmokkd keturmishlar,
Agar qalbing basir bo‘lsa,
Yorug‘ kun ham siyoh senga.
Yorug‘ kunlar umidida, Habib,
Umring o‘tib borgay,
Shukurkim, yaxshilar mehri
Ravo senga, davo senga.
SIZDAN SADO
Kuldi bahorim Siz tomondan
Sho‘x sabo kelgan kuni,
Ul sho‘x sabo qanotida
Dildor navo kelgan kuni.
Dildor navo bilan bahor
Og‘ushiga olmish meni –
Dildor navo ohangida
Sizdan sado kelgan kuni.
Shu bir shirin sado bilan
Lutf etdingiz Hotam sifat,
Poyiga tillo to‘kdingiz,
Go‘yo gado kelgan kuni.
Go‘yo gado kutgan edim
Shirin sadongiz xasta dil,
Olam munavvardir, mana,
Unga davo kelgan kuni.
Unga davo baxsh etdingiz
Holin so‘rab, donoginam.
Yuz yil uzaydi umri ham
Ahdga vafo kelgan kuni.
Axdga vafosiz hurmati,
Mehri ziyosi hurmati,
Boshimga toj aylay, Habib,
Nozik ado kelgan kuni.
KO‘ChAMDAN JONON O‘TGANDA
Taralgay mushk ila anbar,
Ko‘chamdan jonon o‘tganda,
Izida tuproq o‘lgay zar,
Ko‘chamdan jonon o‘tganda.
Boshiga soyabon bo‘lmoq
Umidida oshib devor,
Butoqlar ta’zim aylarlar,
Ko‘chamdan jonon o‘tganda.
Devorga jon ato etgay,
Vale toshlar erib ketgay,
Agar bir bor nigoh aylar
Ko‘chamdan jonon o‘tganda.
Jamolini tamosho qilg‘ali
Chiqqach, devor o‘lsam,
Kular holimga majnunlar,
Ko‘chamdan jonon o‘tganda.
Boshimga yog‘sa ham g‘avgo,
Ishim yo‘l poylamoq, ammo
Nigoh solmay etar battar
Ko‘chamdan jonon o‘tganda.
Tikibsan yo‘lida jonni,
Habib, bas, noumid bo‘lma,
Tun ortidan kelur kunlar,
Ko‘chamdan jonon o‘tganda.
O‘RTAMIZDA
Qolsa derdim o‘rtamizda zora gap,
Bo‘ldi-ku el ichra, yor, oshkora gap.
Bilmayin bir kun dahandan chikdi-yu,
Har qulokda yangradi nog‘ora – gap.
Bitta nozik gap edi ul aslida,
Har ogizda shishdi-ku, bechora gap.
Sizni oppoq ayladi yurt ichrakim,
Bizni qilmish, voajab, qop-qora gap.
Ne ajab, bo‘lmish g‘animlarga qurol,
Etgali oshiq dilim sadpora gap.
Dilda turganda muqaddas ganj edi,
Tilga chiqqach, etdi ko‘p ovora gap.
«Gap»ni yozdim gapchidai bezor bo‘lib,
Qolsa endi o‘rtamizda zora gap.