Gulchehra Rahimova (1952)

Gulchehra Rahimova 1952 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumanida tavallud topgan. Toshkent Davlat universitetida tahsil olgan. Qoraqalpog‘iston xalq shoiri. Ko‘plab she’riy va nasriy asarlar muallifi.

* * *

Yaratganga ming-ming tashakkur,
Porlayotgan chirog‘im uchun.
Yuz kallada yuz million fikr,
Mas’ul har kim o‘z bog‘i uchun.

Botadigan tig‘, nashtar qancha,
Yaxshi-yomon puchmog‘im uchun.
Birlashmasak yetmas besh panja,
Yovning yo‘lin to‘smog‘im uchun.

Muzeydagi zang qurol-yarog‘,
Yotar yirtiq, yamog‘im uchun.
Hilpiragan moviy rang bayroq,
Panoh urug‘-aymog‘im uchun.

O‘t bo‘lib yon, Qaqnusga aylan,
Bo‘lma qurbon nafs tog‘ing uchun.
Tiriklikni qilmagil ermak,
Faqat nafsing, tomog‘ing uchun.

* * *

Qorlar yog‘sa boshima,
Shoshmam ro‘mol o‘rashga.
Kelar har kun qoshima,
Hurlar ahvol so‘rashga.

Porloq orzu-o‘yimda,
Sirlar kechgay tunlari.
Nurlar ingan uyimda,
Bulbullarning unlari.

Baxtga ishongim kelar,
G‘o‘r istak bermas tutqich.
Yuragimda g‘ulular,
Kelolmagaydir o‘kinch.

Erk bilan yurt dardi bir,
Umid-jon qadar kuchli.
Tark etmaydi baribir,
Qonda yashashga o‘chlik.

Tor dunyolar bo‘lib keng,
Yo‘l qo‘ymas qalb nurashga.
Chunki o‘zni yengib men,
Bel bog‘ladim kurashga.

* * *

Olam tinchlik taftida,
Qolmas o‘chdan bir nishon.
Tutar yerni kaftida,
Buyuk Hazrati Inson.

Nur va shaffof bu ko‘zyosh,
Ne bir damlar ichida.
Yarqiragan ming quyosh,
Cheksiz g‘amlar ichida.

To‘ldirar baxt kamini,
Yurt bilan tengsiz jahon.
Tortib ulus g‘amini,
Sevinchlar olam jahon.

Ko‘ngil hamon qarimas,
Sevishni o‘ylar yakkash.
Dunyo esa qasd olar,
Huv, jonga tekkan yashash.

TO‘RTLIKLAR

Ko‘zlagan manzilga, ayt, qandoq yetay,
Tashladi bu hayot paxtadek titib.
Qaytmas yo‘ldan qaytib ketyapman, netay,
Ichimga dunyoning ohini yutib.

* * *
Ketar har kun dilimni dog‘lab,
Quyosh chiqsa tongda qizarib.
Saroblarga umid bog‘labman,
Yolg‘on tushlar ayladi g‘arib.

* * *
Esi-dardi “katta”ga yoqish,
Qani yurak – ko‘krakda nishon?
Yurolmasa netsin boyaqish –
Oyog‘ida, boshida kishan.

* * *
Ilinmas ko‘z to sahargacha,
Fikrlari sochiq poyma-poy.
Taqib etar to mashhargacha,
Hayotida qolgan ochiq joy.