G‘ayratiy (Abdurahim Abdullayev) 1902 yil 15 fevralda Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq shoiri (1972). «Namuna» maktabi (1917— 18) va O‘qituvchilar tayyorlash 2 yillik kursida (1918—19) ta’lim olgan. Ilk she’rlar to‘plami — «Er tovushi» (1927), «Yashash taronalari» (1928), «Olov tanlar» (1932), «Tanlangan asarlar» (1934), «Sevgi» (1939), «Oltin yoshlik» (1940), «Asr sadosi» (1972) kabi she’rlar va «Qutulish» (1928), «Hashar» (1929), «Qora yuraklar» (1931), «Hikoyalar» (1957) kabi hikoyalar to‘plamlari bor. «Oqin hukmi» (1931), «Uzoqdagi yor» (1967), «Baxmal kirg‘oq» (1971) qissalari nashr etilgan. «Onamga xat» (1935) va «Jinasta» (1937) dostonlari bilan mashhur bo‘lgan. Bolalarga bag‘ishlab bir qancha asarlar ham yozgan ( «Yo‘qolgan bola», «O‘rmon mushugi» va boshqa). 1976 yil 17 yanvarda Toshkent shahrida vafot etgan.
NAVRO‘Z
Sabzalarga qo‘ngan shabnamda
Latofating, ko‘rinar aksing.
Mayin hislar kezar tanamda,
Hayotbaxshdir iliq nafasing.
Bo‘sa olib g‘uncha labidan,
Kapalaklar rashkin oshirdim.
Ko‘ngil ishqi va talabidan
Oshiq bulbul ashkin toshirdim.
Seni sevmay bo‘lurmi, bahor,
Maftun qilding ohu ko‘ziga.
Savdo solding boshimga takror,
Izlagayman tushib iziga.
Shaftolining guli, bo‘yiga,
Sarxush qilding oydin kechada.
Jo‘shqib oqqan daryo kuyiga
Kuyim qo‘shdim, bu dard barchada.
Sahar turib meni uyg‘otmish,
Bulbullarning otash g‘azali.
Chamanlarning bag‘riga tortmish,
Tong yulduzi kulgan mahali.
YaPROQLAR
Yaproqlar, tinmagan, yashil yaproqlar,
Bokira bahorning oltin satrisiz.
Siz umr daftari, asil yaproklar,
Gulshanni anqitgan mayin atrisiz.
Chamanlar bazmida chalgansiz chapak,
Bulbullar o‘qisa shirin bir g‘azal.
Sizda o‘z aksini ko‘rarkan yurak,
Hayotdan zavq olar shubhasiz tugal.
Bedor tabiatning fasli, xislati,
Oltin sahfangizda noyob debocha.
Oshiqlar qo‘shig‘i, chin muhabbati,
Mazmuni o‘qilur kunduz va kecha.
Bir yilning nomasi sizda mujassam,
Sarg‘aygan satrlar, umr yo‘lingiz.
To‘ymayman sizlarga, boqqanda har dam,
Bahor vasfin yozmish mohir qo‘lingiz.
ILTIJO
Naqadar shiddatli hijron g‘ussasi,
Ba’zida ezadi ayriliq – firoq.
Behuda o‘tganday hayot qissasi,
Yonmaydi ko‘nglingga yoqilsa chiroq.
Roziman boshimga tushsa tog‘ qulab,
«Xayr endi» so‘zini eshitish og‘ir.
Sen ketsang kiprikka achchiq yosh ulab,
Qolaman, yuragim yonar bir umr.
«Xayr endi» so‘zini aytar begona,
Sen axir mehribon, yaqin, munissan.
Ishq o‘tin ardoqlab bo‘ldim parvona,
Qalbimni yoritgan otash bir hissan.
Roziman sha’nimga aytsang har xil gap,
Sog‘intir, qiynagil, qilgin malomat.
Ko‘rganda yuzingni mayli burgil chap,
Zinhor xayr demagil, ey pok muhabbat.
«Xayr endi» so‘ziga bormasin tiling,
Nahotki chidasa qiynashga ko‘ngling?!
BO‘LMA BEPARVO
Tun bo‘lsa bu cheksiz olam chirog‘i,
Ko‘rinar to‘lin oy va uning dog‘i.
Yorimga suqlanib dog‘da qolganday,
Ma’sum jilvalanar uning yonog‘i.
Oy kabi quyoshda dog‘ ko‘rib shoshdim,
Ko‘zimga ishonmay to‘lg‘andim, toshdim.
Bilsam, yor yuziga zulfin soyasi
Tushibdir, bir ko‘rib, naylay, adashdim.
Tararda zulfingni bo‘lma beparvo,
Solmagin ko‘ngilga iztirob, savdo.