Farid Usmon 1946 yil 1 avgustda Andijon shahrida tug‘ilgan. Andijon institutini tamomlagan (1964).
“Umid gulzori”, “Sadoqat”, “Navosiz navo”, “Qadr kechasi”, “Ul qaro ko‘z bo‘lmasa”, “Jon qushi” kabi she’riy to‘plamlari hamda “Husn devoni” kitobi nashr etilgan.
TANHO ANDIJON
Vatan bag‘rida sen, ey yurt, duru durdonasan tanho,
Chiroysan O‘zbekistonga — go‘zal jononasan tanho.
Mayindir qo‘llaring ham ko‘zlaring teran, yuzing ravshan,
Muloyimsanki men farzandingga chin onasan tanho.
Balandparvoz quruq tashbeh kerakmas ta’rifing uchun,
Vatan bag‘ridagi yurtlar misol uy — xonasan tanho.
Quchog‘ingda tug‘ilganlar suyarlar onamiz deb chin,
Hama bu andijonliklar uchun koshonasan tanho.
Uyin ostonasin doim muqaddas deb bilar el, rost,
Vatan koshonasida baxti bor ostonasan tanho.
Sababki, peshqadamsan O‘zbekiston ichra har ishda,
Haqiqiy mardi maydon, pahlavon mardonasan tanho.
Zahiriddin Muhammad Boburing, Cho‘lponlaring faxring,
Munavvar sha’mdirkim ular, parvonasan tanho.
Hama vaqt Andijon deb so‘zlasam ko‘nglim ketar yashnab,
Suluv vodiy quchog‘ida go‘zal gulxonasan tanho.
Navoiy nutqiga rost bo‘lganingdan boshim osmonda,
Chamanning xushovoz bulbuliga oshiyonasan tanho.
Quyosh sendan chiqar go‘yo, chiqar oy — kechalar nurli,
Falak yulduzlari sochqin ajib nurxonasan tanho.
Demak maddohlik etmak fursatimas endi, ey yurtim,
Bu bag‘rim otashistoni aro sen yonasan tanho.
Chiroyli yo‘llaring nurli, iloho shundayin bo‘lsin,
Axir, sen onasan tanho, axir, sen onasan tanho.
Urib bosh bir umr aylay tavof, yurtim, seni, chunki
Vatan koshonasida bextiyor koshonasan tanho.
Zafar quchsang yana, ey paxtakorim, xirmoning tog‘-tog‘,
Yarashgansan shuning-chun ushbu keng maydona san tanho.
G‘ururim, iftixorim, Andijonim, jonajonimsan,
Faridga oftob, oy hamda yeru osmonsan tanho!
* * *
Bu olam ishiga hayron bo‘ling do‘stlar, bo‘ling do‘stlar!
Yomon ishdan dili vayron bo‘ling do‘stlar, bo‘ling do‘stlar!
Bu dunyo ichra ne yaxshi, yomon idrok qiling hukmi —
Yaratgan hukmidan so‘zon bo‘ling do‘stlar, bo‘ling do‘stlar!
Munavvar chehradirsiz, bir-biriga xush nigohlisiz,
Go‘zal ko‘zga go‘zal mujgon bo‘ling do‘stlar, bo‘ling do‘stlar!
Cho‘zing bir-birlaringizga doimo yordam qo‘lingizni,
Nima mushkulki bor oson bo‘ling do‘stlar, bo‘ling do‘stlar!
Shu millat deb kuying, ham o‘rtaning, choydish bo‘lib go‘yo
Varaqlab qaynangu qumg‘on bo‘ling do‘stlar, bo‘ling do‘stlar!
Yorug‘ olamni yer yo osmonsiz hech bilib bo‘lmas,
Biri yeru, osmon bo‘ling do‘stlar, bo‘ling do‘stlar!
Vujudsiz tan bilan jonni o‘ziga bir butun tutgan,
Biringiz tan, biringiz jon bo‘ling do‘stlar, bo‘ling do‘stlar!
Omon saqlang o‘zingizni — omon bo‘lsin hamma yaxshi,
Yomonlikdan mudom omon bo‘ling do‘stlar, bo‘ling do‘stlar!
Nasihatmas, Farid, bu anglagan zotlarga bir da’vat,
Yaratgan hukmidan so‘zon bo‘ling do‘stlar, bo‘ling do‘stlar!
* * *
Sochlaringni siypalay ko‘zlarga surtib tolasin,
Qo‘y dema, ranjitma jonon men — g‘aribning bolasin.
Ikkimiz yo‘q, ikki olam oqibat g‘arq bo‘lgusi
Shashqator aylab oqizsam ko‘z yoshimning jolasin.
Arzi hol etsang seni hech tinglamaslar ko‘p erur,
Tinglagin endi o‘zing shaydoyi ko‘nglim nolasin.
Aslida shafqat kutish begonalardan rasm emas —
Yo‘qlamay qo‘ydi jiyan xatto qadrdon xolasin.
Ey nigor, shaydoyi dil go‘yoki payhon lolazor,
Qil tomosho mung‘ayib qolganda qirlar lolasin.
Yuzlaringdan zor Farid, rahm ayla, to‘yguncha o‘pay,
Sochlaringni siypalay ko‘zlarga surtib tolasin.
IKKOVLON
Izlay-izlay oxir bir-birin topgan,
Oqil sen edingu, junun men edim.
Visol oqshomida evrilib yotgan
Bo‘ron sen edingu, quyun men edim.
Parishon sochlaring parishon edi,
Tunning og‘ushida edim parishon —
Buyuk bu muhabbat ulg‘aytar edi,
Go‘yo men yer edim, go‘yo sen osmon.
Bizni tutashtirgan ufqning esa,
Yuragi yonardi o‘zga otashdan.
Bu nechuk sinoat, bu nechuk sehr,
Oqshom huzurlanar bizni o‘rtashdan…
Visol oqshomida evrilib yotgan
Bo‘ron sen edingu, quyun men edim…
* * *
Ko‘changdan necha bor armonlar o‘tdi,
Eshitding, chiqmading ostona hatlab.
Ko‘ngillardan topgan fig‘onlar o‘tdi,
Eshitding, chiqmading ostona hatlab —
Ostonang oldida armonlar qoldi,
Unsiz faryodlaru fig‘onlar qoldi.
Ko‘z sen kirib ketgan eshikka muhtoj,
Ko‘ngil ham muhtojdir o‘sha hovliga.
Qaytib chiq — yopiq ul eshigingni och
Mo‘ralab bir bora boqqin, mayliga —
Ostonang oldida armonlar qoldi,
Unsiz faryodlaru fig‘onlar qoldi.
Men-ku o‘tib ketgum fig‘on deb chiqgil,
Men-ku o‘tib ketgum, armon deb chiqgil.
Oqibat, ortimdan hayrat bilan boq,
Sevgisi otashin inson deb chiqgil…
Ostonang oldida armonlar qoldi,
Unsiz faryodlaru fig‘onlar qoldi.
MUHABBAT MAYI
Dilimda doimo lim-lim muhabbat deb atalgan may,
Seni ichdim, seni ichgum, muhabbat deb atalgan may.
Nechun men baxramand etmay nigorimni o‘zingdan goh,
Seni eng toza deb tutgum, muhabbat deb atalgan may.
Seni ichgach ketib o‘zdan, qilib gohida bir sho‘xlik
Go‘zal yorni o‘pib, quchgum, muhabbat deb atalgan may
Kular u gohida mendan, “ketibsiz o‘zingizdan” deb,
Agar xohlar yana ketgum, muhabbat deb atalgan may,
Uni ranjitmayin aslo, so‘rab undan ijozatlar,
Jahon sho‘xliklarin etgum, muhabbat deb atalgan may.
Agar u bo‘lsa shod chindan, agar u quvnasa, kulsa,
Demak, maqsadima yetgum, muhabbat deb atalgan may.
Kecholmasman Farid, yorimni sevmoqdan kecholmasman,
Nechunki dilda sen lim-lim, muhabbat deb atalgan may.
* * *
Salom yo‘llay dedim senga sabolardan, sabolar yo‘q,
Ko‘ngil arzimni aytmoqqa azm etsam, navolar yo‘q.
Sabosiz bog‘da gul xomush, navosiz gul esa vayron,
Sukunat tosh kabi bag‘rim ezar, sirli sadolar yo‘q.
Fido qilmoqqa jonimdan kechib erdim o‘shal fursat,
Xayol to‘xtatdi: ey, to‘xta, go‘zallarda vafolar yo‘q.
Qadrdon do‘st xayolim birla kezdim ko‘cha-ko‘ylarda,
Bu ne hol, ko‘cha-ko‘ylar ichra chin do‘st-oshnolar yo‘q.
Faqat “yo‘q-yo‘q” sadosi yangradi solsam quloq har yon,
O‘zim hayron, ko‘zim giryon, bu yo‘lda rahnamolar yo‘q.
Farid bir nomaning bor iztirobin ayta olmay lol,
Salom yo‘llay degan sari sabolardan, sabolar yo‘q.
* * *
Yorug‘lik barchaga teng, har butog‘-u gulga, yaproqqa,
Yoyilgay ko‘chaga u, dalaga, ham qirga, o‘tloqqa.
Masofa anglamasdir o‘tibon borgay uzun yo‘ldan,
Singib ketgandir u har fursatu, har lahza, har choqqa.
U har obodu har vayronani teng ko‘rgali bois,
Muyassardir ko‘ngillar mulkida e’zozu ardoqqa.
Ajab, tong ufqida bir tong uni bir zum quchib erdim,
Netay, u kuldi ustimdan, yoyildi shunda har yoqqa.
Farid, xushnud bo‘lurman gohi-goho duch kelib unga,
Nigoh solsam cho‘zib bo‘y qo‘shni qizlar sayr etar boqqa…
* * *
Ko‘zim, gulzora boq, sen ushbu gullar qadriga yetgil,
Vatan e’zozini gul vasfida avlodlarga eltgil.
Qara, oq, pushti rang, ham sap-sariq, ham qip-qizil rangni,
Bu ranglar ichra sen har subhidam bir sayr etib o‘tgil.
Tarovat gulshanida sayragan bulbulga ming rahmat,
Ko‘ngil, bog‘larga oqqan tip-tiniq suvdek singib ketgil.
Bo‘lib chin ulfating shodlik, quvonchga oshnolig‘ et,
Unut butkul alamlarni — jahon qayg‘usini tepkil.
Bu gullar — ko‘z, bu gullar — yuz, tabassum aylagan chehra,
Farid, bag‘ringga bos, ardoqlagin, har soniya o‘pgil.
TOShKENT OQShOMI
G‘afur G‘ulom g‘azaliga muxammas
Shu’lalar yanglig‘ sabrsiz erdi oromim mening,
Besabrsizlikda kechardi subh ila shomim mening.
Ming shukrlarki ushaldi ishq degan komim mening,
Otashin ishqdan to‘liqdir doimo jomim mening,
Soyadek yonimda yondosh do‘stim ilhomim mening.
To hayot boricha bu to‘lqin yurakda to‘xtamas,
Tinglayotgan sen qulog‘ingga yetib turgan bu sas,
Ko‘z qamashtirguvchi nurlar so‘zlayotgan bu nafas,
Shon quyoshim shu’lasidan bu to‘kilgan dur emas,
Zar baliqlardan umidvor tashlagan domim mening.
Oy misol oydin bo‘lur do‘st senga ham albatta haq,
Istasang jonu taningga har nafas o‘tli farah,
Har so‘zim ma’nosini go‘yo bodomdek asra, chaq,
Bu g‘azalni yodlab olu gulni o‘z chakangga taq,
Mingta oshiq, mingta ma’shuqlarga in’omim mening.
Yaxshilarning xushligin xush chog‘ini xo‘p kuyladim,
Yaxshisin — yolg‘iz ko‘ngil ardog‘ini xo‘p kuyladim,
Umr sahrosin emas, gul bog‘ini xo‘p kuyladim —
Umrning tongin, kun o‘rta chog‘ini xo‘p kuyladim,
Nurli misralarni kutgay baxtli oqshomim mening.
Qo‘llaringdan tushmasin aslo bu gul yuz yilgacha,
Kulgi umringga umr qo‘shgusi, kul, yuz yilgacha,
Ushbu do‘stona o‘gitni angla, bil, yuz yilgacha,
Yuzga kirmoq mo‘ljal olsang, sabr qil yuz yilgacha,
Qirq o‘g‘il, qiz bibidir gul-gulandomim mening.
She’rlarim ozod bu xalqimning buyuk mehriga rom,
Shul sabab muxlislarim deydi Farid ilgida jom,
Doimo minbarda sakson yoshdadurman, Assalom —
Toshkent oqshomin yozish niyat edi, xullas kalom,
She’r yozmoqqa farang G‘afur G‘ulom nomim mening.
ULFATChILIK
Qo‘y yog‘iga qilingan palov,
Devziraga go‘yo jon bitgan.
Jo‘ralarning davrasida may
Ichgan kabi g‘amni unutgan.
Hamma o‘zin yengil his etar,
Yigitlarning kayfiyati qush.
Muntaziru shirin suhbatdan,
Yog‘liq palov tovoqda sarxush.
Do‘stginam, bil oddiy guruchmas,
O‘zbekning sof tuyg‘ulari bu.
Qishin-yozin choyxonadagi,
Gurungi — sho‘x kulgulari bu.
— Ol palovdan, guruch donasin
Isroflama, olgin, ado qil.
Ulfatchilik odatin lekin
Qoringamas, yurakka jo qil.
O‘RTANISh
Ne karomatki, qarog‘ingdir yorug‘,
Ne alomatki, yanog‘ingdir yorug‘.
Ko‘zlaringga termulib, tingay ko‘zim,
Angladim, ko‘zi chirog‘iingdir yorug‘.
Talpinar-da bo‘saga intiq ko‘ngil,
Oy to‘lishgandek dudog‘ingdir yorug‘.
So‘zlaring… oh, so‘zlaring malham azal,
O‘ylasam, jo‘shqin bulog‘ingdir yorug‘.
Bu yorug‘ olamda kam yorug‘ ko‘ngul,
Sen esang-chi bori bog‘ingdir yorug‘.
Yo‘llarimga nur taratgan, ey sanam,
Chehrang-u, yuzi charog‘ingdir yorug‘.
O‘rtanib ishqingda chin yonmoqdaman,
O‘rtanib Farid adog‘ingdir yorug‘.