Abdulla Oripov 1941 yil 21 martda Qashqadaryo viloyati, Koson tumaniga qarashli Neko‘z qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq shoiri (1990). O‘zbekiston Qahramoni (1998). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1963). Ilk she’rlar to‘plami — «Mitti yulduz» (1965). «Ko‘zlarim yo‘lingda» (1966), «Onajon» (1969), «Ruhim», «O‘zbekiston» (1971), «Xotirot», «Yurtim shamoli» (1974), «Yuzma-yuz», «Hayrat» (1979), «Najot qal’asi» (1981), «Yillar armoni» (1983), «Haj daftari», «Munojot» (1992), «Saylanma» (1996), «Dunyo» (1999), «Shoir yuragi» (2003) singari she’riy kitoblari nashr etilgan. Dostonlar ham yozgan («Jannatga yo‘l», 1978; «Sohibqiron», 1996). «Sohibqiron» (1998) she’riy dramasi respublikaning barcha yirik teatrlarida sahnalashtirilgan. Dantening «Ilohiy komediya»sini, A. N. Nekrasov, L. Ukrainka, T. Shevchenko, R. Hamzatov, Q. Quliyev asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining matnini yozgan (1992). Hamza (1983) hamda Alisher Navoiy nomidagi (1992) O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari laureati. 2016 yil 5 noyabrga o‘tar kechasi Xyuston shahridagi (AQSh, Texas shtati) kasalxonada vafot etdi.
* * *
U qo‘shiq kuyladi yor sha’niga mast,
Sho‘xchan she’rlar aytdi sevgi nomidan.
Hammani kuldirdi, qiz esa faqat
Beparvo jilmayib o‘tdi yonidan.
U qo‘shiq kuyladi yor sha’niga mast,
Yig‘lab, faryod chekdi sevgi nomidan.
Hammani yig‘latdi, qiz esa faqat
Beparvo jilmayib o‘tdi yonidan.
U qo‘shiq kuyladi yor sha’niga mast,
Na kuldi, na qatra to‘kdi yoshini.
U kuyladi mag‘rur, qiz bo‘lsa shu vaqt
Huzuriga keldi egib boshini.
«MUNOJOT»NI TINGLAB
Qani ayt, maqsading nimadir sening,
Nega tilkalaysan bag‘rimni, ohang,
Nechun kerak bo‘ldi senga ko‘z yoshim,
Nechun kerak, rubob, senga shuncha g‘am!
Eshilib, to‘lg‘anib infanadi kuy,
Qaylardan kelmoqda bu ohu faryod.
Kim u yig‘layotgan, Navoiymikin,
Va yo may kuychisi Hayyommikin, dod!
Bas, yetar, cholg‘uchi, bas qil sozingni,
Bas, yetar, ko‘ksimga urmagil xanjar,
Nahotki dunyoda shuncha g‘am bordir…
Agar shu «Munojot» rost bo‘lsa agar.
Agar aldamasa shu sovuq simlar,
Gar shul eshitganim bo‘lmasa ro‘yo.
Sen beshik emassan, dorsan, tabiat,
Sen ona emassan, jallodsan, dunyo!
Eshilib, to‘lg‘anib ingranadi kuy,
Asrlar g‘amini so‘ylar «Munojot».
Kuyi shunday bo‘lsa, g‘amning o‘ziga
Qanday chiday olgan ekan odamzod!
DORBOZ
Bulutlarga yondosh, osmon ostida,
Kiprikdagi yoshday turibdi dorboz.
Qilichning damiday arqon ustida,
Ko‘zlarini yumib yuribdi dorboz.
Odamlar, odamlar, uni olqishlang,
Qarang, u naqadar epchil va o‘ktam,
Biz-chi, eh.. ba’zi bir ko‘zi ochiklar
Eplab yurolmaymiz katta yo‘lda ham.
* * *
Bahor kunlarida kuzning havosi,
Tanimni junjitar oqshom shamoli.
Nega buncha g‘amgin nayning navosi,
Nega qalbim to‘la o‘kinch va malol?
Barglar orasiga tinmasdan sira
Oshno yulduzlardan to‘kiladi nur.
Bilmayman, qiynaydi qaysi xotira,
Titroq yulduz kabi muzlagan shuur.
Mag‘lub bahodirning nayzasi misol
Ma’yus egiladi terak uchlari,
Barglar soyasida o‘ynaydi behol
Uyqudagi qizning bedor tushlari.
Atrofimda yotar garib bir viqor,
Bilmam, nega uchdi qalbim safosi.
Nima ham qilardim, na ilojim bor.
Bahor kunlarida kuzning havosi.
UMR
Qalbimda goh g‘urur, gohida farah,
Shu uchqur dunyoni turfa ko‘ribman.
Yurtma-yurt, elma-el, farsax-bafarsax
Umrim dovonlarin o‘lchab yuribman.
Umr-ku o‘tadi gulduros solib,
Uning o‘tganini kim ham ko‘ribdi?
Vo ajab, qay bir zot, o‘z umri qolib,
Mening qadamimni o‘lchab yuribdi…
INSON QALBI
Inson qalbi bilan hazillashmang Siz,
Unda millat yashar, unda til yashar.
Unda ajdod faxri yashaydi so‘zsiz,
Unda istiqomat qiladi bashar.
Inson qalbi bilan hazillashmang Siz,
Unda ona yashar, yashaydi Vatan.
Uni jo‘n narsa deb o‘ylamang hargiz,
Hayhot! Qo‘zg‘almasin bu Qalb daf’atan!!.
TILLA BALIQChA
Tuxumdan chiqdi-yu, keltirib uni
Shu loyqa hovuzga tomon otdilar.
Tashlandiq ushoq yeb o‘tadi kuni,
Xoru xas, xazonlar ustin yoptilar.
Dunyoda ko‘rgani shu tor hovuzcha
Va mudroq tollarning achchiq xazoni.
Menga alam qilar, tilla baliqcha
Bir ko‘lmak hovuz deb bilar dunyoni…
RUHIM
Vujud deganlari asli nimadir?
Dayr dengizida yurgan kemadir.
Bir kun bir qoyaga urilgay kema,
Ruhim, sen vujudni g‘amini yema.
Yuksak fazolarda aylagil parvoz,
Senda na ohang bor va na bor ovoz.
Senga na bo‘ronlar kor qila olur,
Seni na yo‘qotib, bor qila olur.
Sen misli kamalak – yuksak va so‘lmas,
Kamalakni esa parchalab bo‘lmas.
* * *
Yondimu va lekin hijon tunida
Senga ahvolimni etmadim bayon.
Sokin kechalarim ko‘zim o‘ngida
Munis qarashlaring bo‘ldi namoyon.
Na sen nazar qilding holimga bir bor,
Na men ayta bildim senga biror so‘z.
Shunday o‘tib borar umrimiz bekor…
Oramizda sarson bir juft qora ko‘z.
BIRINChI MUHABBATIM
Kecha oqshom falakda oy bo‘zarib botganda,
Zuhro yulduz miltirab, xira xanda otganda,
Ruhimda bir ma’yuslik sokinlik uyg‘otganda,
Men seni esga oldim, birinchi muhabbatim,
Eslab xayolga toldim, birinchi muhabbatim.
O‘tdi yoshlik zavq bilan, gohi to‘polon bilan,
Gohida yaxshi bilan, gohida yomon bilan,
Ayri ham tushdim ba’zan qalb bilan, imon bilan
Lekin seni yo‘qotdim, birinchi muhabbatim,
Mangu g‘aflatda qotdim, birinchi muhabbatim.
Dunyo degan shundayin anglab bo‘lmas sir ekan,
Goh keng ekan, gohida tuynuksiz qasr ekan.
Lekin inson hamisha bir hisga asir ekan…
Nechun bilmovdim avval, birinchi muhabbatim,
Parvo qilmovdim avval, birinchi muhabbatim.
Holbuki orzulardan judo ham bo‘lganim yo‘q,
Yulduzday kulganim yo‘q, oy kabi to‘lganim yo‘q.
Erta xazon gul kabi sarg‘ayib so‘lganim yo‘q,
Seni eslab yig‘layman, birinchi muhabbatim,
Eslab bag‘rim tig‘layman, birinchi muhabbatim.
Yo‘lin yo‘qotsa odam – muhabbatga suyangay,
G‘ussaga botsa odam – muhabbatga suyangay.
Chorasiz qolsa odam – muhabbatga suyangay,
Men kimga suyangayman, birinchi muhabbatim,
Faqat eslab yongayman, birinchi muhabbatim.
Nido bergil, qaydasan, sharpangga quloq tutdim,
Sirli tushlar ko‘rib men bor dunyoni unutdim.
Tongda turib nomingga ushbu she’rimni bitdim,
Dildagi ohim mening, birinchi muhabbatim,
Yolg‘iz Ollohim mening, birinchi muhabbatim.
MEN ANGLAB YeTGAN FALSAFA
Bozorga o‘xshaydi asli bu dunyo,
Bozorga o‘xshaydi bunda ham ma’ni.
Ikkisi ichra ham ko‘rmadim aslo,
Molim yomon degan biror kimsani.
* * *
Oqar daryoga ham kimdir band bergan,
Hayot kimga zahar, kimga qand bergan.
Ey, g‘ofil, sarkash deb, meni kamsitma,
G‘anim senga emas, menga pand bergan.
* * *
Deydilar it hurur – o‘tadi karvon,
Ranju balolardan yonmasin joning,
Lekin alam qilar bir umr giryon
Itlar orasidan o‘tsa karvoning.
VAFO QILURMISAN, BAHORIM
Ruhimda yo‘qoldi qarorim,
Tanimda qolmadi madorim.
Bizlarni bir yo‘qlab kelibsan,
Vafo qilurmisan, bahorim?!
Yoz o‘tdi, kuz o‘tdi, qish o‘tdi,
Boshlardan sinovli ish o‘tdi.
Yurakka izg‘irin – nish o‘tdi,
Vafo qilurmisan, bahorim?!
Yam-yashil qirlarni sog‘indim,
Chechakzor yerlarni sog‘indim,
U inja sirlarni sog‘indim,
Vafo qilurmisan, bahorim?!
Lolaning lablari xandadir,
Dog‘i ham tubida – andadir.
O‘xshashi ruh ila tandadir,
Vafo qilurmisan, bahorim?!
Intiqmiz do‘st bilan, yor bilan,
She’r bilan, soz bilan – tor bilan,
Diydorlash bizningdek xor bilan,
Vafo qilurmisan, bahorim?!
O‘ZBEKISTON
Yurtim, senga she’r bitdim bu kun,
Qiyosingni topmadim aslo.
Shoirlar bor, o‘z yurtin butun –
Olam aro atagan tanho.
Ular she’ri uchdi ko‘p yiroq,
Qanotida kumush diyori,
Bir o‘lka bor dunyoda, biroq
Bitilmagan dostondir bori:
Faqat ojiz qalamim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Yurmasman hech behishtni izlab,
Topolmasam chekmasman alam.
O‘tirmasman ertaklar so‘zlab,
Musallo deb yo‘nmasman qalam.
Ko‘klamingdan olib sururni,
Dovrug‘ soldi ustoz Olimjon,
G‘afur G‘ulom tuygan g‘ururni
Qilmoq mumkin dunyoga doston.
Olis tarix qadamim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Kechmishing bor chindan ham uzoq,
Ilg‘ay olmas barchasin ko‘zim.
Maqtamasman moziyni biroq,
O‘tmishingni o‘ylayman bir zum.
Zabtga olib keng Osiyoni,
Bir zot chiqdi mag‘rur, davongir,
Ikki asr yarim dunyoni
Zir qaqshatdi Buyuk jahongir.
Aytgum, bu kun, u manim, manim.
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Bobolardan so‘z ketsa zinhor,
Bir kalom bor gap avvalida.
Osmon ilmi tug‘ilgan ilk bor
Ko‘ragoniy jadvallarida.
Qotil qo‘li qilich soldi mast,
Quyosh bo‘lib uchdi tilla bosh.
Do‘stlar, ko‘kda yulduzlar emas,
U, Ulug‘bek ko‘zidagi yosh.
Erda qolgan, o, tanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Ko‘z oldimdan kechar asrlar,
Ko‘z-ko‘z etib nuqsu chiroyin.
Sarson o‘tgan necha nasllar,
Topolmasdan tug‘ilgan joyin.
Amerika – sehrli diyor,
Uxlar edi Kolumb ham hali,
Dengiz ortin yoritdi ilk bor,
Beruniyning aql mash’ali.
Kolumbda bor alamim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Ko‘p jahongir ko‘rgan bu dunyo,
Hammasiga guvoh yer osti.
Lekin, do‘stlar, she’r ahli aro
Jahongiri kam bo‘lar, rosti.
Besh asrkim, nazmiy saroyni
Titratadi zanjirband bir she’r.
Temur tig‘i etmagan joyni
Qalam bilan oldi Alisher.
Dunyo bo‘ldi chamanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Bobolardan so‘zladim, ammo
Bir zot borkim, baridan suyuk:
Buyuklarga baxsh etgan daho,
Ona xalqim, o‘zingsan buyuk.
Sen o‘zingsan, eng so‘nggi nonin
O‘zi emay o‘g‘liga tutgan.
Sen o‘zingsan, farzandlar shonin
Asrlardan opichlab o‘tgan.
Ona xalqim, jon-tanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Bosh ustingdan o‘tdi ko‘p zamon,
O‘tdi Budda, o‘tdi Zardushti.
Har uchragan nokasu nodon,
Ona xalqim, yoqangdan tutdi.
Seni chingiz g‘azabga to‘lib
Yo‘qotmoqchi bo‘ldi dunyodan.
Jaloliddin samani bo‘lib
Sakrab o‘tding Amudaryodan.
Sensan o‘shal samanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Toleingda bor ekan yashash,
Goh qon ichding, gohida sharob.
Etmoq bo‘lib yurtim xomtalash,
Bosh ustingga keldi inqilob.
Chora istab jang maydonidan
Samolarga uchdi unlaring,
Shahidlarning qirmiz qonidan
Alvon bo‘ldi qora tunlaring.
Qonga to‘lgan kafanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Lekin oftob poymol o‘lmas,
Kavaklarda qolmas oy nuri,
Odil hakam – haq bor, beg‘araz,
Mazlumlarning buyuk g‘amxo‘ri.
Qilich serpab tole tongida
O‘zligingni tanib qolding sen.
O‘g‘lonlarning qatra qonida
O‘zbekiston nomin olding sen.
Nomi qutlug‘ gulshanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Tinch turarmi bu ko‘hna olam,
Tinch turarmi dog‘uli zamon.
Oromingni buzdi sening ham
Fashist degan vahshiy olomon.
Qonim oqdi Dantsigda manim,
Sobir Rahim yiqilgan chog‘da.
Lekin, yurtim, kezolmas g‘anim.
O‘zbekiston atalgan bog‘da.
Sensan nomus va sha’nim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Kech kuz edi, men seni ko‘rdim,
Derazamdan boqardi birov.
U sen eding, o, dehqon yurtim,
Turar eding yalangto‘sh, yayov.
– Tashqarida izillar yomg‘ir,
Kir, bobojon, yayragil bir oz.
Deding: – Paxtam, qoldi-ku axir,
Yig‘ishtiray kelmasdan ayoz.
Ketding, umri mahzanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Sen ketarsan balki yiroqqa,
Farg‘onada balki, balqarsan.
Balki chiqib oqargan toqqa,
Cho‘pon bo‘lib gulxan yoqarsan.
Balki ustoz Oybekdek to‘lib
Yozajaksan yangi bir doston.
Balki Habib Abdulla bo‘lib,
Sahrolarda ochajakson kon.
Tuprog‘i zar, ma’danim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Mayli, yurtim, kezsang ham dunyo,
Fazolarga qo‘ysang ham qadam,
O‘zligingni unutma aslo,
Unutma hech, onajon o‘lkam.
Bir o‘g‘lingdek men ham bu zamon
Kechmishingni qildim tomosha.
Iqbolingni ko‘roldim ayon
Istiqlolning ufqlari osha.
Iqboli hur, sho‘x-shanim manim.
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Zavol ko‘rma hech qachon, o‘lkam,
Zavol bilmas shu yoshing bilan.
Muzaffar bo‘l, g‘olib bo‘l, o‘ktam,
Do‘stu yoring, qardoshing bilan.
Asrlarning silsilasida
Boqiy turgay koshonang sening.
Ulug‘ bashar oilasida
Mangu yorug‘ peshonang sening.
Mangu yorug‘ maskanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
1964-70
SEN BAHORNI SOG‘INMADINGMI
Uyg‘onguvchi bog‘larni kezdim,
Topay dedim qirdan izingni.
Yonog‘ingdan rang olgan dedim —
Lolazorga burdim yuzimni,
Uchratmadim ammo o‘zingni,
— Sen bahorni sog‘inmadingmi?
Uzoqlarda zalvorli tog‘lar
Xayolimni keldilar bosib.
Kechdi qancha intizor chog‘lar,
Vasling menga bo‘lmadi nasib,
Sensiz men ham, bahor ham g‘arib,
— Sen bahorni sog‘inmadingmi?
O‘ngirlarda sakraydi ohu,
Na’matakda sa’va mittijon.
Qorliklardan sipqarilgan suv,
Daralarda uradi javlon.
Nigohimdan faqat sen pinhon,
— Sen bahorni sog‘inmadingmi?
Mana, bugun navro‘zi olam,
Do‘stlarimga gullar tutarman.
Qaylardasan, sevgili erkam…
Qo‘limda gul, seni kutarman,
Umrim bo‘yi chorlab o‘tarman,
— Sen bahorni sog‘inmadingmi?
1963
YuZMA-YuZ
I
Kelingiz, do‘stlarim, keling, bir nafas
So‘zlashib olaylik ochiq, yuzma-yuz.
U yiroq istiqbol mavzumizdir, bas,
Demakkim, istiqbol borasida so‘z.
Kelingiz, do‘stlarim, keling, bir nafas
Shu ko‘hna daftarni ochaylik yana.
Erish tuyulmasin tashbihlarim, bas,
Hozir dabdurustdan deymanki: ana, —
Mamontlar to‘dasi chiqdi o‘rmondan,
Shimol ko‘chkiniday vahshiy va sarmast
Va lekin vahshiyroq to‘da har yondan
Bostirib keldilar guras va guras.
Yana to‘qnash keldi inson va hayvon,
Yana hayot uchun jang ketdi uzoq.
Yana g‘olib keldi vahshiy olomon,
Yana sho‘rlik mamont yengildi, biroq
O‘sha kun buzildi azaliy udum,
Uni inson o‘zi buzib tashladi.
Kunduzgi oshkora o‘g‘rilarday u
O‘ljasin uy-uyga torta boshladi.
Bizning boshimizni bog‘lagan zulmat,
Notiqlar tutaqib so‘kkan zulm, qon,
Dunyodagi neki yomonlik, kulfat,
Barchasi boshlangan edi o‘sha on…
Yo‘q, havas qilmayman maymunga hecham,
Ishtonsiz ajdodni qo‘msamoq nega?
Ammo o‘ljasini talashgan odam
Yo‘ldan adashganday ko‘rinar menga.
Men bir tajribasiz, g‘o‘r yigit, nechun
Adashding deyapman dunyoga, hayhot.
Abdulla, xanjarni o‘zingga urgin,
Sen o‘zing adashmay o‘sdingmi, nahot?!
Ha, yoshlikda men ham bir oz adashdim,
Qotil bo‘lganim yo‘q, ammo har qalay…
Dunyo ham bir vaqtlar mamont talashib,
Adashib ketgandi yo‘lidan menday.
U sho‘rlik ilk bora o‘rmonga qochdi,
Quldorning kaltagi qonatdi burnin,
Spartak bo‘lib so‘ng haqqin talashdi,
Zevs siymosida axtardi o‘rnin.
Mangu ekzotika — Rimni u qurdi,
Biroq tiyolmadi ko‘zda yoshini:
Yuragiga Sezar nayzasin urdi,
Chingizxon cho‘qmori yordi boshini.
Asrlar shundayin tentib o‘tdilar,
Er uzra hukmron g‘am bo‘ldi faqat!
Kimlarki yaxshilik donin ekdilar —
Yomon deb nom oldi o‘zi oqibat!
Nahotki dunyoda haqsizlik mangu,
Nahotki odamzod qilingandir oq?!
Nahot o‘sha Freyd haq bo‘lsa, yohu,
Nahot qotil bo‘lsa o‘sib chaqaloq?!
Odamlar bir zamon eng buyuk ma’ni —
Yoshlik sofligiga qo‘yganlar sarhad.
Yoshlik sofligiga kim qaytmas, qani,
Adashgan yo‘lidan kim qaytsa, shu mard!
Er yuzida kechgan zulmatu vahshat
Chekinar-ku oxir chirib va qarib.
Faqat U istiqbol — ul ezgu niyat
Insonga sofligin berar qaytarib.
…O‘jar muxoliflar, sal pastga tushing,
Og‘irroq bo‘ling sal, siz ham, jo‘ralar.
Ey, nozik o‘quvchim, uchmasin hushing,
Buyuk maqsad sari yetsa misralar.
Faryod solmang tag‘in, qizil gap, deya,
Elga farzand inson elning gapin der.
Sizga bir juft savol aylayin hadya:
Mavzuda nima ayb, g‘aliz bo‘lsa she’r?
Oson qutulamiz mavzudan ba’zan,
Xaspo‘shlab o‘tamiz, urra-urralab.
So‘ngra dod solamiz: — Falonu piston,
Quloqqa yoqmaydi deymiz — o‘sha gap.
Holbuki, o‘zimiz axtargan baxtlar,
Bo‘g‘zimizda turgan har ezgu armon —
Barchasi bir so‘zda jamlandi, agar
Yoqmasa topingiz boshqa biror nom!
Ha, men istiqbolni kuylayman, balli,
Unda xalq yo‘liga tugashar yo‘lim.
Biroq urralarni sevmayman hali,
Urra demoqlikka qisiqdir tilim!
Ba’zi odamlarni ko‘rsatib hali
Qiyindir sof inson, deya atamoq.
Garchi inson zoti bo‘lolmas pari,
Biroq hali bordir shaytonga o‘rtoq.
Qora bulut yog‘may ketsa-da magar,
Tiniq ko‘zgularga to‘shab o‘tar nam.
Hali osmonlarda bulutlar uchrar,
Hali nayzalar bor, ba’zan menga ham
Shundayin tikanlar sanchilar goho…
Shunda hamdard bo‘lar shirin mehnatim.
Do‘stlar davrasidan ketaman hatto,
Olis yulduzlarga ko‘char xilqatim.
…Yulduzlar, yulduzlar, siz mening uchun
Soflik va ma’sumlik bo‘lib yondingiz.
Borim shudir, deya jovdirab sekin
Oq ko‘ngil farzandim bo‘lib qoldingiz.
Yo‘q! Yo‘q! Men sizlarga termulib bedor
Falak safarini o‘ylaganim yo‘q.
Yulduzlar, men sizga boqqanda xumor,
Qalbimda yer ishqi bo‘ladi to‘liq.
Yulduzlar, bilmaysiz mening xalqimni,
Bundayin zahmatkash yer yuzida kam.
Elda tinim bordir, unda yo‘q tinim,
Shunday ishparastdir u munisginam.
Men uni o‘ylayman tun-kechalarda,
Ona xalqim, deyman, mehrim oqar jim.
Ko‘zimga ba’zida ko‘rinsa janda
Ko‘nglim to‘lib ketar, ingrayman, xalqim…
Xalqim, moziy o‘tdi, tole ko‘rmading,
Pishirding o‘zingga benasib taom.
Kiygizding birovga, o‘zing kiymading,
Yulduzni kashf etib nom olding — avom!
O‘tganga achinmoq odatim yo‘qdir,
Behuda motamlar tekkandir jonga
Va lekin tosh otmay ilojim yo‘qdir
Furqatni badarg‘a etgan zamonga.
Meni kechiringiz, oddiy odamlar,
Sizni esga solar har mash’um taqdir.
Orangizda o‘tdi qancha furqatlar,
Bezgakka chalindi qancha Alisher!
Er yuzida kezgan zulmatu vahshat
Chekinar-ku axir, pok bo‘lar dunyo!
Faqat U istiqbol — ul ezgu niyat
Xalqimga baxtini aylar hadya.
II
Mezonlar uchmoqda, havo billurdan…
Yana hislarimga kel, deb yolbordim.
Xazonlar to‘kildi, men ham qalbimdan
Badbin o‘ylarimni quvlab yubordim.
Ajoyib fasl bu: o‘ychan, barkamol —
Qizday ma’yusgina turadi kuylab.
Men kuzni sevaman, kezarkan xushhol
Oltin O‘zbekiston tuprog‘i bo‘ylab.
Bo‘g‘zimga hislarim tiqilar yana,
Tanho tentirayman, bilmayman, nechun.
Kuylagim keladi, tunlar jimgina,
Gulgun shafaqlarning sog‘ligi uchun.
Kumushrang yo‘llarda ot surib yursam,
Shimirsam shabnamdan, kuylasam sarmast.
So‘ngsiz vodiylarga termulib tursam,
Beparvo ohuda qo‘zg‘azam havas.
Ammo kechalar men kezsam-da bedor,
Ohular qo‘ynimga kirsa-da qizdek,
Mening nigohimni tortadi takror,
Million egatlarga sochilgan o‘zbek.
Garchand paxtazorga boqaman men ham
Va lekin dilimda tashvish bor mening.
Mayliga, sho‘x qo‘shiq yangrasin tilda,
Rangpar singilginam, o‘ylayman seni.
Kuzgi rayhondayin ma’yus o‘sding sen,
Tabiat bermadi bilagingga kuch.
O‘zingday odamga qalliq tushding sen,
Na sog‘liq, na yordan yalchimading hech.
Men seni o‘ylasam, singlim — rangparim,
Goho to‘lg‘onaman so‘zsiz, hasratda.
Sen unda ter to‘ksang, singlim, jigarim,
Men nechun yuraman axir ishratda?!
Yo‘q, rangpar bo‘lmasin hech kim ham, yo‘q, yo‘q!
Singillar polvonday yursinlar bardam.
Va lekin tabiat bermaydi huquq
Polvon deb ularni unutmoqqa ham…
Sening qatoringda ona xalq bordir:
Sen kabi mehnatkash, sen kabi suyuk.
Uning tashvishini unutmoq ordir,
Uni unutganlar — to‘nkadir, kuyuk.
Singilga — xalqimga boqsam doimo
Ulug‘ kelajakni ayladim orzu.
Dedim: Istiqboldan baxt topar dunyo.
Dedilar: go‘dagim, to‘g‘ri yo‘ling shu.
Ko‘limdan tutdi-yu, shu ulug‘ imon,
Mening ham ko‘nglimda jo‘shdi tilagim,
Ammo ba’zilarga duch kelsam bir on
Achchiq iztirobga to‘lar yuragim.
Rost-da, birovlarni etadi shaydo,
O‘z aybi turganda o‘zga bir chiroy.
Kulgu arimasin lablardan, ammo —
Taqdir erkalatdi bizni har qalay…
Sokin kechalarda kelar yodimga
Qanchalab juvonmarg yigit qismati.
Deyman, qani yonsa avlod qonida
O‘sha otalarning buyuk shiddati.
Xudbin tengdoshimga qarayman g‘amgin,
Ko‘lmak davra ko‘rsam ezilar ko‘nglim.
Xalqim, kelajaging o‘shalarmikin,
Xalqim, shundaylarga qolmasin kuning.
Men o‘zim nimaman? Aslida, balkim
Eng no‘noq odamdan no‘noqman, faqat,
Faqat bir narsani yashirmas qalbim:
Mening yuragimda bordir Muhabbat!
Seni, ona xalqim, sevaman jondan,
Sening tashvishingni tashvishim deyman.
Nima qilolardim? Foydam kam garchand,
Biroq men o‘zimcha g‘amingni yeyman.
Dildan quvonaman, qirlarda poda —
Yag‘rini yaltirab yurganin ko‘rsam.
Dildan quvonaman, toshloq yerlarda
Bug‘doyzor shovillab turganin ko‘rsam.
Suyunib ketaman maktab boladay.
Sonsiz mo‘rilarda ko‘rarkan tutun.
Ana, tanish uyda dog‘ bo‘lmoqda moy,
Shivirlayman: — Singlim, nasibang butun!
Kuylab zamondoshning qaddu kamolin
Erkinning sho‘x sozi taratsa jarang,
Deyman, U istiqbol — ul munis tole
Xalqimga sho‘x qo‘shiq bermoqda, qarang.
To‘yu to‘yxonani ko‘rsam, hamma vaqt
Ulug‘ zamonaga aytdim shukrona.
Ammo inson umri to‘y emas har vaqt,
Olddadir hali eng go‘zal zamona.
Istayman, qora rang qolmasa jinday,
Istayman, botmasa shu rangin quyosh.
Akaning singilga achinganiday
Inson inson uchun to‘ka olsa yosh.
Ona xalq baxti deb har vaqt, har qachon,
Istayman, bir safda tursa odamlar.
Sokin kechalarda qalbni nogahon
Qurshab olganida shunday ohanglar —
Sizga talpinaman, odamlar, yana,
O‘tmish muhabbatga talpinganday jon.
Ammo ba’zi mahal qolaman yakka
Sevgisi rad bo‘lgan yosh Vertersimon.
Yo‘qol, ey behuda mag‘rurlik hissi,
Yo‘qol, ey behuda samoviy damlar.
O‘zimni sizlardan ajratsam, so‘zsiz
Tavajjuh etmangiz deyman, odamlar!
Do‘stlarim, men sizga talpingan damda
Qalbimda bo‘ladi yolg‘iz bir ra’yim:
Xiyonat bo‘lmasa deyman hech kimda,
Do‘stlarning imoni but bo‘lsa doim.
Deydilar: dunyoni kurash aylar bir,
Inson jang-jadalda bo‘lar juftu toq.
Axir qon oqishi shartmikan, axir,
Bu kurash qaysi bir jangdan osonroq?!
Deymizki, olamni bug‘doyzor bossin,
Er yuzida faqat yangrasin kulgi.
Axir, bug‘doyzorning o‘zi unmaskim,
Dildan kula bilish oson emas-ku.
Ha, buyuk jang bu ham, qoshida xomush —
Ne o‘jar odamlar bosh egmoqda jim.
Shu metin saflarni kim buzolur, xo‘sh,
Shu ezgu kurashdan chetda turar kim?!
Qani, hey do‘stlarim, tinglangiz so‘zim,
Bir so‘zkim, oddiydir, haqiqatsimon.
Deymanki: Istiqbol — tarixning o‘zi, —
Kelmoqda kimga do‘st, kimga beomon.
Hayqiryapman hozir… Ba’zida lekin
Zaif shamollarga bo‘ysunar sozim.
Yuragim, yuragim, mittisan-ku, sen,
Hayqirish aslida sengami lozim.
Bilaman, ortimdan kimdir o‘qrayib,
Qarab o‘tiribdi xuddi shu zamon.
Qani, hey, bu yo‘ldan bo‘lmasin toyish,
Qani, hey, Istiqbol, yangra beomon!
Mayliga sozimni sevmas davralar,
Oshiqlar satrimdan chekmaslar faryod.
Mening xayolimni hozir yetaklar
Faqat Istiqbolni eslatgan hayot.
Ana, yo‘l chetida borar qurilish,
G‘isht teruvchi yigit dorbozday yurar.
Otga qamchi urar kerosinfurush,
Bir kampir engashib ko‘cha supurar.
Ana u tanish joy — anhor qirg‘og‘i,
Pivoga ko‘p xumor talaba do‘stim,
Men sening ismingni bilmayman, soqiy,
Buyur men uchun ham mayli bir juftin.
Ularga boqaman, qalbimda o‘qtin
Bir xushnud hissiyot ko‘tarar yelkan.
O‘zgalarning g‘ami yig‘latsa, nechun,
Nechun iqbollari quvnatmas ekan?!
Axir insof bilan o‘ylasang-ku, rost,
O‘shalardir bugun sohibi zamon.
Hech kimning hech kimdan tili qisiqmas,
Chegaradir faqat insof va vijdon.
* * *
Qani, hey, do‘stlarim, tashlang bir qadam
Shu ezgu Istiqbol himoyasiga.
Men sizni kutaman, ushbu she’rim ham
O‘shanda yetadi nihoyasiga!
1964
SAROB
Olti oykim, she’r yozmayman, yuragim zada,
Olti oykim o‘zgalarga tilayman omad.
Olti oykim, do‘stlarim ham pana-panada
Iste’dodim so‘nganidan qilar karomat.
Nimanidir axtaraman — she’rdan ham ulug‘,
Nimanidir axtaraman — nondan azizroq.
Dunyo o‘zi bepoyon-ku, ranglarga to‘lug‘,
Biroq mening ko‘zlarimdan ranglar ham yiroq.
Injiq ruhim may istaydi gohi-gohida,
Faqat uning og‘ushida topaman orom.
Xayollarim sarxush bo‘lib kezgan chog‘imda
U bearmon kunlarimga qaytaman tamom.
Ko‘z oldimda kiprikdayin tizilar yillar,
Har biriga marjon bo‘lar achchiq unlarim.
Xira tuman orasida cho‘g‘day miltillar,
Jayron quvib jayron yanglig‘ o‘tgan kunlarim.
O‘shanda ham bo‘lar edi osmonu adir,
O‘shanda ham kezar edik shundoq yalang bosh.
Bilmas edik kitob nima, shahar nimadir…
Enagamiz tunda oyu, kunduzi quyosh,
Quyundayin charx urardik doim to‘zonda,
Chang neligin bilmas edik o‘sha mahali.
Onamizni o‘ylar edik inson deganda,
Ammo ona tanholigin bilmasdik hali.
Balolardan asrar edi o‘zi tabiat,
Boshimizga sochar edi beminnat ziyo.
To‘nkarilgan osmon osti — shu sirli xilqat
Bizning uchun ham kulba-yu ham buyuk dunyo.
Kunlarimiz jilg‘alarday o‘tdilar oqib,
Maktab bordik — og‘ir bo‘lib qoldik daf’atan.
Devordagi arslon yolli kartaga boqib,
Sekingina shivirlashdik: mana shu Vatan!
Vatan! Mening bor qismatim shu bir so‘zda hal,
Balki men ham baxsh eturman unga jon-tanni.
Lekin do‘stlar, rostin aytsam, men o‘sha mahal,
Jondan ortiq sevar edim ona-Vatanni.
Do‘stlik bilan bir butundir, derdilar dunyo,
Men ham mangu do‘stlik uchun ichardim qasam.
Tayyor edim Rahimovday bo‘lgali fido,
O‘ylar edim, do‘stlar uchun jangga yarasam.
Ko‘z oldimda shu qadarli pok edi olam,
Go‘yo nurdan yaratgandi inson degan zot.
Ha, onamni o‘ylar edim inson degan dam,
Yo‘q, maymundan tarqamagan derdim odamzod.
Bu dunyoda alam bo‘lmas, bo‘lmas deb firoq
Dasta-dasta kitoblardan o‘qirdik ta’lim.
Ravon yo‘llar qarshingizda turibdi mushtoq,
Derdi bizga harf o‘rgatgan yosh bir muallim.
Olis janub tortganiday qushcha yuragin,
Yiroqlarga yetakladi meni bir suron.
O, Abdulla, ko‘zlaringni ochib qaragin,
Kim aytadi bu dunyoda yo‘qdir deb bo‘ron.
Yillar ona quchog‘idan oldi-ku yulib,
Savdolarga urdi meni murg‘ak yoshimdan.
Bir mahallar quyundayin yurardim yelib,
Endi bo‘lsa u aylanar mening boshimdan.
She’r izlayman bu kun Toshkent ko‘chalarida,
Sekingina zirqiraydi beorom qalbim.
Men umrimning bu suronli kechalarida
Na bir taskin topa oldim, na she’r topoldim.
Yuragimga bir mahallar kirgan tuyg‘ular
Endi sendan ketgaymiz deb so‘raydi javob.
Meni bir zum hol-jonimga qo‘ymaydi ular,
Qo‘ymaydilar, va’dalaring chiqdi deb sarob.
Ko‘z oldimda sobit turar faqat shu Vatan,
Kulbasi ham kenglik qadar chulg‘aydi meni.
Tuyg‘ularim faqatgina unga berar tan,
Yurtim, men ham umrim qadar sevgayman seni.
Men ham sening quyoshingda o‘sib-ulg‘aydim,
Qarzdorman, tuprog‘ingda qoldirdim izlar,
Ammo ayting, qayda qoldi u yoshlik paytim,
Kayda qoldi men ishongan u o‘zga hislar.
Ta’na qilmay axir sevgim mukofotini
Inson uchun ming otashda kuyar edim men.
O, qanchalar sevar odim inson zotini,
Qanday buyuk muhabbat-la sevar edim men.
Bugun to‘nib, atrofimga qarayman sekin,
O‘t berolmas qalbga endi u yoshlik damlar.
Men insonni bir insonday sevardim, lekin
Nechun ko‘pdir haligacha razil odamlar.
Qaylardadir hamon kezar zulmat timsoli,
Qaylardadir hamon tinmay oqmoqda-ku qon.
Qo‘zlarimga goh ko‘rinar telba misoli
Men bir vaqglar sajda qilgan hazrati inson.
Qaylardadir fisqu fasod, hasad, xusumat,
Insoniyat farzanddarin tortmoqda dorga.
Gar bor bo‘lsang javob ber, ey ilohiy qudrat,
Nahot go‘dak ishonchini yozibsan qorga?!
Olti oykim, ruhim shunday uchmish tanadan,
Olti oykim, meni xayol ezar beomon,
Olti oykim allakimlar pana-panadan
Tosh otadi darvozasiz qalbimga tomon.
Shovqin to‘la ko‘chalarda kezaman tanho,
Yana she’rim yuva boshlar dildan g‘amimni,
Xayollarning girdobida qolganda ammo
Alam bilan xotirlayman muallimimni.
Xazon to‘la bog‘chalarga boraman, tag‘in,
Yana o‘zni xayol ila she’rga tashlayman.
To‘nib qolgan yuragimga berib bir taskin
Yana quvnoq qo‘shiqlarni kuylay boshlayman.
Ne tong, axir farzandmiz-ku shu zamonaga,
Axir ona siynasidan farzand tonolmas,
Qo‘l ko‘tarib bo‘larmidi axir onaga,
Zotan, unga qo‘l ko‘targan — farzand sanalmas.
1966
BAHOR
Yana bahor keldi. Yana olamda
Ajib bir go‘zallik, ajib bir bayot.
Men seni qutlayman shu ulug‘ damda,
Ulug‘ yelkadoshim, muzaffar hayot!
Tashbih axtarmangiz ushbu g‘azaldan,
Naqd joyda nasiya ne kerak asli.
Ayon bir xislating bordir azaldan,
Seni atamishlar uyg‘onish fasli!
Ellar ham uyg‘ondi ishqalab kaftin,
Oftob ham yuksaldi — tik kelar quyosh.
Tog‘lar ham yuk tashlab ko‘tardi kiftin,
Bezavol maysa ham silkitadi bosh.
Tarnovlar bo‘g‘zida lola ham ko‘rkam,
Terak uchlarida izg‘ir mavjudot.
Hattoki tuyg‘usiz, chirik xazon ham
Yashil po‘panakdan bog‘labdi qanot.
Hovliqma jilg‘alar chopar beega,
Qushlar qiy-chuviga to‘lmish dala, bog‘.
Sening visolingdan quvonmay nega,
Bahor, sog‘intirding axir ko‘p uzoq!
Yaldo kechasiday rutubatli qish
Soldi ruhimizga og‘ir bir surur.
Sen kelding, uyg‘ondi yana sho‘x olqish,
Yig‘lagan ko‘zlarga tushgan kabi nur.
Ha, mangu zavollik bo‘lmas olamda
To suyin socharkan abri naysonlar.
Men sizni eslayman ammo shu damda,
Manguga ko‘z yumgan aziz insonlar.
Azaliy hukmini o‘qidi hayot, —
Necha bor samo ham ko‘mdi quyoshin.
Iqboli sajdagoh bo‘lganlar, hayhot,
O‘zlari tuproqqa qo‘ydilar boshin.
O‘n oykim, so‘nmishdir u tanish na’ra*.
Hamon firog‘ida fig‘on chekar Shosh.
Bahor kelayotir, bosh ko‘tar, qara,
O, surur kuychisi, dongdor zamondosh.
Hamsuhbat bo‘lmadim (kim edim zotan),
Tavob ham qilmadim gulshan makoning.
Lekin she’r bahosi muxlisgadir tan,
Qanday cheksiz edi ruhiy poyoning!
Bugun-chi, ne kezar o‘tli qoningda!
Evoh, unda na she’r, na may, na safo.
Bu qanday muloqot? Ne hol? Yoningda
Joy olmish o‘zga bir suyukli daho.**
Baqiyos edi u she’r lochini!
Xayoli bamisli Ko‘ragoniydek.
Gar tarix evrilsa, shuhrat tojini
Unga kiygizardi Sulton Ulug‘bek.
Balxdan horib qaytgan Alisher misol
Endi to‘lg‘izgandi cho‘kkan dovotin.
Ketdi bir pok siymo, teran bir xayol,
Qoldirib dunyoda hech o‘chmas otin.
Baqo-yu bebaqo ayon buyuklik
O‘tdi so‘nggi damda bosh egib quyi.
Faqat bilganidan qolmas tiriklik,
Mana, gulga cho‘mmish Chig‘atoy bo‘yi.
Bu sokin elda ham ivirsir bahor,
O‘chgan xotiralar chirog‘in yoqib.
Qarayman, qabrlar yastanmish qator,
Ma’sum binafshadan sirg‘alar taqib.
Kimningdir ko‘ksiga engashgancha gul
Marmar sag‘anadan o‘qib turar bayt.
Bahor, qatra yoshim aylagil qabul,
Onam boshiga ham bordingmikan, ayt?!
Uning oromgohi bundan olis joy,
Olisda yotibdi mening panohim.
Bugun ketganiga to‘libdi besh oy,
Besh oykim ko‘ksimda yonadi ohim.
Faryod chekkanim yo‘q el ichra taqir,
O‘ch ham olmadim men o‘z qalamimdan.
Onajon, onajon, kechirgil axir,
Shodlanmasin dedim birov g‘amimdan.
Dunyodan ketmasin hech kim bemahal,
Hech kimni bosmasin nogahon o‘kinch.
Ammo o‘z boshiga kelmaguncha gal,
Onajon, tosh qalblar turarmidi tinch.
Kuylarman xotirang balki vaqt yetib,
Bir umr o‘rtanur lekin tanda jon.
Suronlar yo‘limda turibdi kutib,
O‘zing qo‘lla endi meni, onajon.
Bugun atrofingda bahordir balki,
Balki shabnam ichra g‘arqdir hazin tosh.
Maysalar tengrangda qatordir balki,
Lekin sen yotasan ko‘tarolmay bosh…
Bunchalar qattolsan, o sirli olam,
Bunchalar bedilsan, bepoyon xilqat.
Sening hikmatingning so‘ngi-ku odam,
Nahotki shunga ham qilmaysan shafqat.
Maysa ham uyg‘onar qayta qish o‘tib,
Zarracha bo‘lsa ham bir himmat unga.
Nahotki eng ulug‘ farzanding ketib,
Boshin ko‘tarolmay yotsa manguga.
Onamni so‘rayman sendan erta-kech,
Qaytar deb so‘rayman chok etib yaqo.
Lekin mening dardli savolimga hech
Javob berolmassan, o, soqov daho!
Javob olabildi hech kim ham zotan:
Na sulton, na gado, na shoh, na faqir.
Kim qancha quvmasin sening ortingdan
Bir uyum tuproqni ko‘rsatding axir.
Hayot talvasasi tinmagay, ammo
Mangu boqiy qolur Inson va Xayol.
Meros atalmagay barchaga fano,
Kismat atalmagay har kimga zavol.
Faqat o‘tmish bilan yashamas inson,
Garchand bo‘lolmaydi undan hech ozod…
Kechagi g‘amini o‘ylasa obdon
Bukchayib qolardi bugun odamzod.
Ketgan azizlarni xotirlab goho,
Mayliga, chekaylik bir zumgina oh.
Hayot tantanasi boshlanmish, ammo,
Do‘stlar, nur vasliga tashlaylik nigoh.
Shu buyuk oftobning mukofotini
E’zozlab qo‘yaylik aytib shukrona.
Dildan o‘chiraylik g‘amning otini,
Bahor ham baxt kabi axir yagona.
Bu kun she’ri chiqqan shoirday dunyo
Jilmayib qo‘yadi barchaga masrur.
Temurbek gumbazin qo‘ynini go‘yo,
Yoritgani kabi bir lahzalik nur.
Dilbar kelinchakning ko‘ksida g‘ulu,
Zardolu shoxiga tashlar ko‘z qirin.
Barg aro shu’lalar kaftlarmikan u…
Bahor tetapoya go‘dakday shirin.
Yuksak arg‘uvonning uchida hilol
Paxmoq bulutlarni etadi nimta.
Qaydadir shoira kuylaydi behol:
— Ko‘nglim ham bu kecha oyday yarimga…
Uvada kamzulda billur tugmaday
Bulutlar ortidan boqadi yulduz.
Qaydadir yurtini eslab ingrar nay,
Qaydadir qo‘zigul yoradi ildiz.
Qaydadir gulshandan axtarib visol
El kezar — tog‘larning go‘zal arvohi.
Shoirning dilrabo baytlari misol
Oh tortib tizilar turnalar gohi.
Qizg‘aldoq bargidek uchar dildan g‘am,
Toshqinlar kiradi qalbimga manim.
Bahoring muborak bo‘lsin ushbu dam,
Mening O‘zbekiston — dilbar Vatanim.
Faqat sen qalbimga cho‘ktirmay malol
Charchagan ruhimga ilhom solursan.
Bahor ham, umr ham o‘tar ehtimol,
Faqat sen dunyoda mangu qolursan.
________
* G‘.G‘ulom ko‘zda tutilgan.
** M Shayxzoda ko‘zda tutilgan.
1967
ARMANISTON
Vatanim quyoshga ko‘ksini ochib,
Osiyo qo‘ynida yashnagan bo‘ston.
Men bu kun daryolar, tog‘lardan oshib,
Quchog‘ingga keldim, go‘zal Hayaston.
Bir yoningda turar oqsoch Ararat —
Tog‘lar tasbihining gavhar donasi.
Nima ham der edim, go‘zalsan faqat,
Ey, sen arman yurtin g‘amgin onasi.
Bir yoningda esa Sevanday bahr,
Misoli bulutlar ichida qamar.
Arman hasratlari bari bundadir,
Bundadir Majnunning do‘sti Ohtamar*.
Bunda Sosun o‘g‘li kezib yuribdi.
Otdan tushgan emas hamon fidoyi.
Ming yillik g‘amlardan so‘ylab turibdi
Garni xarobasi, Zvartnots joyi*.
Go‘zal Armaniston, ey qadim diyor,
Ey, Odam Atoning o‘gay bolasi.
Qancha ko‘p darbadar farzandlaring bor*,
Barining ko‘ksida o‘kinch, nolasi.
Uch bo‘ston bulbuli Sayat Navo bu,
Qo‘lida sozi-yu, qalbida alam.
Tumanyan yurtim deb chekkanda qayg‘u,
Arman qismatiga yig‘ladi olam.
Charents ta’nalardan hayiqmay taqir,
She’riyat ko‘kida ko‘tardi yalov.
Hayhot, bu zotni ham yondirdi oxir,
O‘zi muqaddas deb sig‘ingan olov.
Go‘zal Armaniston, meni afv et,
Da’vom yo‘q shuhrating ovozasiga.
Sen bilan turibman bu kun betma-bet
Bosh urib Yerevan darvozasiga.
Buyuk fojiangning guvohi erur
Jahon puchmog‘ida har yetti taraf.
Yo‘l usti senga ham qo‘ngandi Temur,
Seni mutab yotdi necha yil arab.
Afsona oshig‘i buyuk Iskandar
Saroylaring buzdi ermakka faqat.
Dunyoga to‘zg‘iding bamisoli par,
Na Saljuq, na Chingiz qilishdi shafqat.
Toziga chap berib qochgan har tulki
Arman tuprog‘ini bo‘yadi qonga.
Bosqinchi so‘zining ma’nosi shulki,
Nonga to‘yganda ham to‘ymas makonga.
Tarix deb atalgan qismat bu, axir,
Qoshida yuztuban hattoki xudo.
Kimni u kamsitib, etmagan tahqir,
Kimni u yurtidan qilmagan judo.
Mening ham vatanim janglar guvohi,
Mening ham tuprog‘im toptalgandi xor.
Mening ham ruhimda ajdodlar ohi,
Mening ham qonimda qilich zangi bor,
Minorlar emas bu — falakka qasam,
Kasoskor bobolar ketmishlar sanchib.
Men tortgan g‘amni ham bir-bir sanasam,
O‘lik fir’avnlar ketarlar sapchib.
Yaxshiyam necha bir zamonlar o‘tib,
Ko‘rdik vatanimiz ozod, muzaffar,
Go‘yo ta’na toshin sanog‘i bitib,
Tarix sopqonidan tushgan kabi zar.
Yaxshiyam zamonlar dasturxonida
Barobar turibmiz ta’mi bir tuzdek,
Yaxshiyam quyosh bor tole tongida,
Arman may shishasi uzra yulduzdek.
Go‘zal Armaniston, ey qadim diyor,
Ezgu ehtiromim qabul et jondan.
Sen qancha bo‘lmagin suluv va dildor,
Yurt izlab kelmadim O‘zbekistondan.
Men bir kezib yurgan kuychi shoirman,
Ne tong, Hayastonga kelibman bu kun.
Baxtni kuylamoqqa ancha mohirman,
G‘amni kuylamoqqa tillarim tugun.
Tashna bu ruhimga she’r bo‘lib kirdi.
Moviy daralarda asrlik tuman.
She’r meni chamanlar sayriga burdi,
Sargashta etgan ham o‘sha “yosuman”.
Xayr, Armaniston, ey, go‘zal diyor,
Xayr, Nairining tonggi salomi.
Xayr, Sevan ko‘li, pok va beg‘ubor,
Xayr, mangu o‘lmas arman kalomi.
Ezgu tilaklarim sen uchun bo‘lsin,
O‘tmishing qadarli boqiy bo‘l, bor bo‘l.
Yiroq farzandlaring bag‘ringga to‘lsin,
Bariga ona bo‘l, singil bo‘l, yor bo‘l.
Doim mag‘rur tursin Garnida Keg‘art*,
Ohu to‘dalari kezsin mardona.
Menday horg‘in yo‘lchi kelganda faqat
O‘zingni begona tutmagin, ona.
_________
* Ohtamar — majnunsifat oshiq obrazi.
* Garni, Zvartnots — qadimiy ibodatxonalarning xarobalari.
* Arman xalqining katta bir qismi tarix taqozosi bilan butun dunyoga sochilib ketgan.
* Keg‘art — armancha yo‘lbars degani. Garnida shunday haykal ham bor.
1967
YuRTIM ShAMOLI
Yo‘llarda yeldirim misoli yeldim.
Ellar vodiysiga boshladi havas.
Elvagay Hisorning bag‘riga keldim,
Sen esding — taraldi siym tanda atlas,
Sen esding — ochildi yorning jamoli,
O, yurtim shamoli, yurtim shamoli.
Men-ku bu dunyoda bir zori visol,
Karbalo dashtida Majnun sifatman.
Shamollar ichida men ham bir shamol,
Chechaklar atridan men ham sarmastman.
Lekin sen ruhimning mangu xayoli,
O, yurtim shamoli, yurtim shamoli.
Qancha shamollarga yuzimni burdim,
Ulardan esdilar turfa xil nafas.
Ularda goh qayg‘u, goh shodlik ko‘rdim,
To‘xtamay o‘tdilar bari ham bir birpas.
Faqat qayg‘ulardan sen o‘zing xoli,
O, yurtim shamoli, yurtim shamoli.
Shamollar esgandir ushbu dunyoda,
Shamollar goh quyun, gohida dovul.
Ular goh oshkora, goho ro‘yoda
Qancha bo‘stonlarni sovurgan butkul,
Lekin sen bo‘lmagin bog‘lar zavoli,
O, yurtim shamoli, yurtim shamoli.
Esgin, ey, bog‘larning jamoli kulsin,
Moviy nafas bilan to‘lsin etaklar.
Uchqur qo‘shiqlarga bu olam to‘lsin,
Sha’ningga shoirlar aytsin ertaklar.
Esgin, Vatanimning taralsin boli,
O, yurtim shamoli, yurtim shamoli.
Meni chorlayotir oliy bir jamol,
Bilmasman, oh, unga qachon yeturman.
Bu gulshan vodiyda men ham bir shamol,
Shamol kabi kedtsim, shundoq keturman.
Lekin Abdullaning boqiy kamoli,
O, yurtim shamoli, yurtim shamoli.
1969
OLOMONGA
Mashrab osilganda qayoqda eding?
Cho‘lpon otilganda qayoqda eding?
Surishtirganmiding Qodiriyni yo
Qalqon bo‘lganmiding kelganda balo?
Hukmlar o‘qilur sening nomingdan,
Tarixlar to‘qilur sening nomingdan.
Nimasan? Qandayin sehrli kuchsan?
Nechun tomoshaga bunchalar o‘chsan?
Qarshingda hasratli o‘yga tolaman,
Qachon xalq bo‘lasan, ey sen, olomon?!
1980