Muhammadsharif So‘fizoda o‘zbek demokratik va ma’rifatparvarlik davri adabiyoti an’analarini davom ettirgan adiblar sirasiga kiradi. Adibning tavallud tarixi shu vaqtgacha 1869 yil deb ko‘rsatib kelingan. Buyuk Ahmad Muhammad Ubayd («O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», 1993, 23 iyul) bergan yangi ma’lumotga ko‘ra, So‘fizoda o‘z tarjimai holida: «Men 1880 yil 29 yanvar kunida Chust shahridagi ko‘nchigarlik jamoasida tug‘ilganman»,— deydi. Uning shaxsiy ishidagi savol varaqasida berilgan ma’lumot ham shuni tasdiqlaydi. Unda: «So‘fizoda 1880 yilda kambag‘al dehqon oilasida tug‘ilgan, ma’lumoti o‘rta, asosiy kasbi o‘qituvchilik, qilib turgan vazifasi va ishi shoirlik bo‘lib, oilasi 8 jondan iborat», deb ko‘rsatilgan.
So‘fizodaning adabiyotga ixlosi erta uyg‘ongan. U onasi Zaynab xola xohishiga ko‘ra, qo‘shnisi Manzura otindan xat-savod o‘rganib, eski maktabda ta’lim olgan. Ayniqsa, zukko va xushovoz Manzura otin aytgan ertak, doston va qo‘shiqlar yosh Muhammadsharifda adabiyotga havas uyg‘otgan. U Hofiz, Bedil, Alisher Navoiy, Muqimiy, Furqat kabi allomalar ijodini chuqur o‘zlashtirib, she’rlar mashq qila boshlagan. Toshkentda chiqadigan «Turkiston viloyatining gazeti» kabi Qozon, Orenburg va Boqchasaroyda chiqadigan nashrlar bilan qiziqqan. Boku va Tiflisda chop etilgan ozar tilidagi asarlarni mutolaa qilgan.
1893—1899 yillarda u Qo‘qonda yashab, Muqimiy, Furqat ta’sirida «Vahshiy» taxallusi bilan hajviy asarlar yaratdi. Uning ayniqsa, «Dakanang», «Bedanang», «Ayting bu so‘zimni», «O‘pay», «G‘ubor dardu olam» kabi hajviy va lirik g‘azallari e’tiborga loyiq. Biroq, hali Muqimiy hajviyasi zarbidan qutulib ulgurmagan zamona hokimlari yosh Muhammadsharifning keskin tanqidiga qarshi hujum boshlaydilar. Oqibatda, u 1899 yili Qo‘qondan Chustga qaytib keladi. Oradan ikki yil o‘tgach, uni amir-amaldorlar dahriylikda ayblab, qatl etishga hukm chiqaradilar.
So‘fizoda «Chustdan qochib, Mir viloyatiga tashrif qilib, muddati 14 yil har mamlakatda yurub» («Turkiston viloyatining gazeti», 1914, 10-son) umr kechiradi. Xuddi shu yillar (1900-1914) So‘fizoda ijodining yangi bosqichini tashkil qiladi. U «Avval Bokuga borib, Jalil Qulizoda, Sobir Tohirzoda, Muhammad Hodiy kabi ozarboyjon adabiyotining taraqqiyparvar vakillari bilan tanishadi. So‘ng Arabiston, Hindiston va Turkiya mamlakatlarida bo‘lib, oddiy xalq hayotini ko‘radi. 1910-1913 yillarda Qo‘ng‘irotda muallimlik qiladi, ma’rifatparvarlik ruhidagi she’rlarini yozib, Boku va Orenburgda chiqadigan gazeta va jurnallarda tez-tez ko‘rina boshlaydi. Uning shu yillarda yaratgan she’rlari orasida ayniqsa, «O‘zbek xonimiga», «Xonimlar isminda», «Vatan», «Muslimalar» asarlari diqqatga sazovordir.
So‘fizoda 1913 yilda Chustga qaytib kelib, yetim bolalar uchun maktab ochadi va unda muallimlik qiladi. Dunyoviy fanlarni yengil va yangi usulda o‘rgatishga bel bog‘laydi. Ayni chog‘da ayrim shariat peshvolarini, boy-amaldorlarni hajv qamchisi bilan savalaydi. Bunga chiday olmagan hokim sinf vakillari uni o‘ldirish payiga tushadilar. Buni sezgan shoir 1915 yili yana xorijiy mamlakatlarga ketishga majbur bo‘ladi.
Bu safar davomida u dastlab Hindiston, so‘ng Afg‘onistonda o‘qituvchilik bilan mashg‘ul bo‘ladi. 1918 yilda Afg‘oniston maorif vazirining o‘rinbosari sifatida Turkiston (Toshkent)ga kelib, afg‘on vakolatxonasida tilmoch bo‘lib ishlaydi. So‘fizoda o‘z Vataniga qaytib kelgach, yana hajviy she’rlar yozishda davom etadi. U munofiq rahbarlar va g‘animlar qarshiligiga duch kelsa ham o‘z xalqiga xizmat qilishdan zarracha to‘xtamaydi. Uning asarlari «Qizil O‘zbekiston», «Mushtum», «Farg‘ona» kabi gazeta va jurnallarda tez-tez bosilib turadi.
1925 yil 13 avgustda «Farg‘ona» gazetasida «Xushchaqchaq qalamlar» sarlavhasi ostida uning bir qator hajviy she’rlari chop etiladi. Uning «Haqiqatdan ko‘z yumganlar», «Qalaysizlar?», «Saylovga» kabi she’rlarida o‘sha suronli yillar nafasi eshitiladi. 1934 yilda esa So‘fizoda «Bayram nashidalari» nomli dostonini yozgan.
So‘fizodaga o‘zbek adabiyoti oldidagi xizmatlari uchun Hamza Hakimzoda Niyoziy bilan bir kunda 1926 yil 27 fevralda O‘zbekiston hukumati qarori bilan «O‘zbekiston xalq shoiri» degan yuksak unvon berilgan.
U 1937 yilda «xalq dushmani» sifatida otib tashlanadi.
Afsuski, G‘ayratiy muharrirligida nashrga tayyorlangan saylanma she’rlari shoirning 1937 yilda qamoqqa olinishi munosabati bilan e’lon qilinmay qolgan va kuydirib yuborilgan. Uning «Tarona» sarlavhali yagona she’rlar to‘plami 1968 yili nashr etilgan.
* * *
G‘ubor dardu alam siynalarni qildi figor,
Figor qilg‘usi, albatta, zahru zangu g‘ubor.
Chu dor ostida qoldim, tarahhum ayla, nigor,
Nigor qilsa g‘azab, lozim o‘lmasunmu chu dor.
Shiori shu’lai shavqingda mayl bo‘ldi nahor,
Nahor vasling uchun hajr shom topdi shior.
Fanor yoqsa musaffo bo‘lur Yamanu Yasor,
Yasor birla barobar qilur Yamandan fanor.
Ki zor So‘fini bebahrasi hamisha mazor,
Mazor bahravari shulki, haq yo‘lini kezor.
Qimorxonaga kirganda dov qo‘ysa na or,
Na or jonni qo‘yib, ishq yo‘linda o‘lsa qimor.
Anor donasidek hasratim qator-qator,
Qator rishtai nazmimga (boz) terildi anor.
Bu zor Vahshini qadriga Shamsi hoji yetar,
Etar ham ani qadriga xo‘p yaxshi bu zor.
* * *
Xonim, suyukli soching vor, na sud shonasi yo‘q,
Ochib desam so‘zimi ma’rifat nishonasi yo‘q.
Hilola bengzar u qoshlarki, senda vor anjaq,
Ziyosi millat uchun partavi maxonasi yo‘q.
Yozuv g‘izolini sayyod ko‘zlaring tanimas,
Masalda vorki, aning domi voru donasi yo‘q.
Na xayr umed edilur qirmizi yonoqlardan,
Hijob odat emish boshqa bir bahonasi yo‘q.
Tiling takalluma zangin vale fasohatisiz,
Bu bir g‘ani kabidir millata ionasi yo‘q.
Quloqlaringda go‘zal gushvora vor, ammo —
Quvo’i someai nutqi shoironasi yo‘q.
Bayoz allar ila inja-inja barmoqlar
Sanga verurmish ekan fazli kotibonasi yo‘q.
Getub makotaba kasbi kamola iqdom et,
Jamoli maxza g‘urur etmaning zamonasi yo‘q.
Jahon jamilasi o‘lsun adiba o‘lmassa,
Demak o‘lur u qizing ziynati zamonasi yo‘q.
Nasl taassuf edilmas shu hola, oy qizlar,
Vatanni xalqlarini ma’rifatli onasi yo‘q.
Sabab nadur, dushuning, Ovrupo usulincha
Biz o‘yla qush kabimiz, vale oshiyonasi yo‘q.
GAZETA TO‘G‘RISINDA
Yashnatib dil g‘unchasin, fasli bahor aylar gazet,
Suv berib ko‘ngul bog‘ini sabzavor aylar gazet.
Sharqdan Mag‘ribgacha bo‘lg‘on havodisni yozib,
Ne go‘zal marg‘ub xabarlar oshkor aylar gazet.
Ko‘b o‘qur bo‘lsang, bo‘lursen el aro chun nuktadon,
So‘zlaganda so‘zlaringni beg‘ubor aylar gazet.
Gohi-gohi kelmayin qolsa o‘zining do‘stlarin
Shavqida telmurtirib ko‘p intizor aylar gazet.
Chiqsa bir xursandlik safhasida darj o‘lub,
Fikri zavq-la qalbni beixtiyor aylar gazet.
E nexushkim, xalqimiz suymakda kun-kundan seni,
Bir vaqt zarlarni boshingdan nisor aylar gazet.
Noumid bo‘lma, chiqar bir kun haqiqiy do‘stlaring,
Yordam aylab, mushtariyni beshumor aylar gazet.
Yo‘qsul el ahvolidan gar sen yozib bersang xabar,
Darj etib bu yo‘lga jalbi e’tibor aylar gazet.
Gar qorayg‘on dil, to‘nuk ruhlarga berdikchi ziyo,
Bo‘lgani jon doimo boshqa tumor aylar gazet.
VATAN
Vatan holindan o‘tru ko‘zlarim saqfinda qon og‘lar,
Na yolg‘iz ko‘zlarim majruh o‘lan jismimda jon og‘lar.
Salohi xonim on fikrinda og‘lar xonadonlar cho‘x,
Faqat bai oshkoro og‘laram, onlar nihon og‘lar.
Qiroatxona-u sho‘rodag‘i maktab-la har balda,
Bu kun ma’mur ekan Farg‘ona benomu nishon og‘lar.
Muborak mamlakatlar bir taqim hayvonlara holo.
Charogoh o‘ldug‘undan noshi yeru osmon og‘lar.
Evet, inson sayilmaz o‘lmayanlar ismina mazhar,
Masal vor bizda: «Vijdonsizlaring og‘zida non og‘lar».
Chiqib kursida voiz onlara sotduqcha rizvoni,
Halosindan jahannam shod o‘lur, bog‘i jinon og‘lar.
Jahondan mahv o‘lib ul qahbalar bir kun ketar onjaq,
Misoid asr ichinda favt o‘lan ushbu zamon og‘lar.
Yozuq oliy Vatan o‘ksiz kabi bir holda dushmushkim,
Agar tahrir edarsan, xomai mo‘jiz bayon og‘lar.
Sharif o‘lmas u maskanki, sharif o‘lmas esa sokin,
U tanballarki, vor ustinda ya’sindan makon og‘lar.
* * *
Kirib vahdat xumiga nosavodliqni ranglanglar,
Ki qilmoq oshnoliq boridin g‘ayri-la tanglanglar.
Qayu mazhabda ahli ishqin qatli erur vojib?
Musulmonlig‘ agar shul bo‘lsa, mo‘minlar paranglanglar.
Buni masjid deyurlar, na samo ahlig‘a manzildur,
Boring, ey so‘filar, eshshak kabi sahroda hangranglar.
Hazar qilmanglar, ey ahli muhabbat, muhtasiblardan,
Kirib rag‘bat ila kunju xarobot ichra banglanglar.
Nachun qo‘ymas ekan(lar) bizni may ichgali zohidlar,
Qilichlar qo‘lga olib, bu fasod ahliga janglanglar.
Bihamdillohki, ishqing jur’asiga sarbaland o‘ldum,
Bu bazm ichra kishikim kirsa tiyru tapanglanglar.
Qilibdur qozi shar’i ihtisob ahli muhabbatni
Turing bu beadabni boshiga bir necha sanglanglar.