Ismi-sharifi Isomuhammad Imommuhammad o‘g‘li, Toshkentning Ko‘kcha dahasidagi Saqichmon mahallasida (hozirgi Chig‘atoy ko‘chasida) tug‘ilgan. «Sharifboy» madrasasida Mirzaoxund nomli mudarrisda xatmi kutub qilgan. Toshkentning mashhur bedilxonlaridan.
Qabri Chig‘atoyda. Devon tuzgan bo‘lsa-da, taqdiri noma’lum. Ayrim g‘azallari asrimizning 10-yillarida tuzilgan bayozlarda uchraydi.
Shoir haqidagi ma’lumotlar Mo‘minjon-Toshqinning «Toshkentlik va Toshkentda bo‘lgan o‘zbek shoirlarining tarjimai hollari» qo‘lyozma kitobidan olindi.
She’r — «Bayozi yangi» (Toshkent, Yakovlev tipo-litografiyasi, 1911 yil)dan ko‘chirib bosilmoqda.
Begali Qosimov
* * *
Olam muattar o‘lmas zulfi yechilmaguncha,
Is bermagay qizil gul bargi ochilmaguncha.
Izhor aylamasman sirringni elga zinhor,
G‘amzangni o‘qlaridin bag‘rim teshilmaguncha.
Ey zohidi xo‘jasta, etma nasihatingni,
Tarki muhabbat etmam, boshim kesilmaguncha.
Ul sarvnoz qilmas oshiqlig‘imni bovar,
Qumri kabi kigizni bo‘ynimga ilmaguncha.
G‘am tun qorong‘usida sham’ o‘ldi naxli motam,
Kulbam munavvar o‘lmas dildor kelmaguncha.
To‘kmay sirishk bo‘lmas sham’i visoli hosil,
Xurshid zohir o‘lmas kavkab qirilmaguncha.
La’liga xat ko‘rungoch topti zuhuri husni
Ma’ni sahifada yo‘q lafzi yozilmaguncha.
To etmayin tavoze’ rif’at muyassar o‘lmas,
Ko‘zguda topmadi jo abro‘ egilmaguncha.
Yusuf quduq ichidan chiqmas xayol birlan
Dildor kokuliga har dam osilmaguncha.
Kim ko‘rdi gulni vaslin hamrohi xor bo‘lmay,
G‘avvos dur ololmas daryoga cho‘mmaguncha.
Etmaklik mumkin o‘lmas, bo‘lmay fano xudog‘a,
Chiqmam bu Chorsudan raxtim sotilmaguncha.
Ko‘ksumni qildi yora paykonidin nishona,
Ko‘rsatmadi jamolin bag‘rim ezilmaguncha.
Gulshan bu toza mazmun nazm ayladi aningchun,
Lo‘lo‘ namuna bermas ipga tizilmaguncha.