Almaiy (taxallusi; asl ismi Fazlulloh Mirjalol o‘g‘li) (1851/52 — Toshkent — 1894/95) — o‘zbek shoiri, tarjimon, arabshunos va xattot. Toshkentdagi «Muyi Muborak»va Buxorodagi madrasalarda tahsil ko‘rgan (1866—67).
Turk, fors, arab tillarini va adabiyotini, falsafa, mantiq, huquq, musiqa, tib, xattotlik ilmini o‘rgangan. Toshkentga qaytgach, Shukurxon madrasasida mudarrislik qilgan. Erkin fikrlashi, ayrim ruhoniylar bilan ixtiloflari tufayli madrasadan ketishga majbur bo‘lgan. Umri muhtojlik va qashshoqlikda kechgan. Almaiy asarlari o‘sha davrda tuzilgan bayozlarda uchraydi. Ularda jamiyatdagi adolatsizlikka qarshi nafrat ifodalangan, vafo, sadoqat, halollik kabi fazilatlar ulug‘langan («Hayot», «Etti», «Kelsangchi», «Yarashur» va b.). Shoir inson barkamolligi uning ilm-ma’rifatli bo‘lishida, undan o‘zgalarni ham bahramand qilishda deb bilgan.
«Kalila va Dimna» ni forschadan o‘zbekchaga tarjima qilgan. Tarjimaning har bir hikoyati mundarijasiga mos fard, masnaviy, qit’a, ruboiylar yozib kiritgan va o‘zi nasta’liqda ko‘chirgan. Kitob Toshkentda nashr qilingan (1898, 1901, 1913). Arabcha «Sharhi Mullo» (1879—80) ga kirgan «Avzon ul-jumu’» («Vaznlar jam’i») manzumasi arab she’riyatida qofiya san’atini va ayrim grammatik qoidalarni o‘rganishda muhim qo‘llanma hisoblangan. Ba’zi arab mamlakatlarida ham undan darslik sifatida foydalanilgan. Kitobning Almaiy ko‘chirgan qo‘lyozmasi O‘zbekiston Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda. Toshkentning Beshyog‘och dahasida mahalliy bolalar uchun ochilgan namuna ish maktabiga Almaiy nomi berilgan.
Begali Qosimov.
Kimki aslida badumid erur,
Yaxshilik ul kishidan etma umid.
* * *
Chiqmag‘il makkorlikning tomiga,
Tushkassn adu baloning domig‘a.
Arfa ekib dasht bilan rog‘da,
Bug‘doy olgum dema urar chog‘da.
* * *
Jarohatkim yetar ko‘ngilga tildin,
Qilolmas hech marham ani barham.
* * *
Qanoat qil, ey nafs, andakka ham,
Ki kelturgusi hirs beshak alam.