Bimiy 1850 yili Andijonning qishlog‘ida zamonasining o‘qimishli oilasida tug‘ildi. Yoshligidan ilm-fanga zo‘r havas qo‘ygan Abdurazzoq o‘zbek, fors va arab tillarini, shuningdek, klassik musiqa, xattotlik ilmini ham qunt bilan o‘rganadi.
Bimiy o‘z ijodini juda erta boshlaydi. Katta iste’dodi va mehnati, tinimsiz izlanishi tufayli zamonasining iste’dodli shoiri sifatida taniladi. Bimiy asarlarini to‘plab devon tuzgan. Ammo bu devonning izlari topilganicha yo‘q.
XIX asrning ikkinchi yarmidagi Farg‘ona adabiy harakatchiligida ma’lum o‘rinni egallagan Abdurazzoq Bimiy 1926 yilda vafot etgan.
G‘AZALLAR
* * *
Ishq ichra u Majnun ham parvona ekan mendek,
Laylini firoqida afsona ekan mendek.
G‘am tog‘ida qon yig‘lab, Shirin g‘amida Farhod,
Hasratda o‘shal oshiq hayrona ekan mendek.
O‘rtandi Zulayxo ko‘p Yusufni firoqida,
Har baldada dildori begona ekan mendek.
Ovorai hijronlar sahroi malomatda,
Mushtoqi visoli ul jonona ekan mendek.
Ey mahvashi barnolar, jon kuydirib oshiqlar,
Ruxsorini sham’ig‘a parvona ekan mendek.
Mayxonalara kelmish maxmura dareg‘ etma,
May sun kechalar muhtoj paymona ekan mendek.
Uzroni g‘ami birla Vomiqni dilu ko‘ngli,
Ishq ofatida Bimiy vayrona ekan mendek.
* * *
Mehri ruxingni davrida zulfing shikan-shikan,
Topar dimog‘im anda nasimi Xo‘tan-Xo‘tan.
La’li labingni davrida xolingmu yo magar,
Kavsar labida qildi qaro qush vatan-vatan.
Oshufta qildi kecha tushumda dimog‘imi,
O‘ynab sabo sunbuling uzra suman-suman.
Mujgon uchi qadaldi kelib siyna chokima,
Qilmas rufu’ g‘unchani jaybin tikan-tikan.
Berdim ko‘ngilni ishqida jondin umid yo‘q.
Pirohanimni o‘lsam agar Qil kafan-kafan,
La’ling muyassar o‘lmasa labtashnalarg‘akim,
Sunnat aylama sihri haroratini baman-baman.
Ey ko‘z asiri o‘lding o‘shal guluzorni,
Boqding yuzig‘a emdi chekarsan mihan-mihan.
O‘lsam firoqi tig‘i bilan dafn ayla mani,
Qilsun tanimni tu’mai chun zog‘ zag‘an-zag‘an.
Netsun fig‘onu nolalar etmay gar o‘lsam,
Bu xasta Bimiy, bo‘ynig‘a zulfi rasan-rasan,
* * *
Bor erdi Abdurazzoq devonaxo‘,
Ki devona ermas, nek tab’, nako‘.
Birov topmas aybin atvoridin,
Qilur hajv o‘z to‘nu dastoridin.
Bo‘lub Xo‘qand aning maskani,
Hajvgo‘ylikdur shior etgani.
Bu bahri tavil turkini qildi raqam,
Malikzodadin topdi ul dam karam.
* * *
Bir kun men zori beyor g‘amxor, sahroda ko‘rdim bir inson,
O‘z o‘ti birla o‘zi tutashgon, giryon, uryon, tirnog‘i o‘sgon.
Yirtib yaqosin, tirnab liqosin, umri baqosin bermish fanog‘a,
Ko‘ngli malomat toshida sing‘on, ishq ofatidin bag‘ri ezilgon.
Gar diyda erdi, ohlar boshida singon oshiyoni.
Sahroni tutgon o‘tlig‘ fig‘oni, sayr aylar besabru somon.
Boshidin olmish kim hushin oni, ketmish qo‘lidin aqli inoni,
Oqmish ko‘zidin bag‘rini qoni, dardi nihoni o‘lmish namoyon.
So‘rdim bu kimni ko‘yida rasvo, yo‘q anda hargiz sabru shikebo,
Ko‘nglini dunyo mehridin uzgon tarki vatandur, chun voqif o‘lon.
Faryodidin tang bu dashtu sahro, tufrog‘i, ashki, selobidin qon,
Zohirda o‘lmish Majnuni rasvo, botinda Layli ishqida sulton.
Kam qilma, Bimiy, ishqini yorab, kuyingda Majnun sargashtadin to
Doim seni deb, ishqingda yig‘lab o‘lsun makoni dashtu biyobon.
MUXAMMAS
Men asiri g‘amzai bir guluzor o‘ldim yana,
Mubtaloi ikki zulfi tobdor o‘ldim yana,
Kunji g‘am ichra tunu kun intizor o‘ldim yana,
Ko‘yida qon yig‘lamay, naylayki, zor o‘ldim yana,
Oh, bu yerda turolmay, beqaror o‘ldim yana.
Vasli umidi bila chashmim to‘kar chun oshkor,
Iig‘lagayman kechalar hijroni birla zor-zor,
Qolmadi dardi firoqida inonu ixtiyor,
Hasratida dilda dardim, ko‘z yoshimdur shashqator,
Men giriftori o‘shal Shirinshior o‘ldim yana.
Oh, bir soat kelib, holing nechun, deb so‘rmadi,
Kelsa negah, loaqal bir lahzaye o‘lturmadi,
Kechalar tortgan firoqida azobim ko‘rmadi,
Boshima shafqat niholi soyasin soldurmadi,
Naylayin, bir mehrsiz yora duchor o‘ldim yana.
Noz ila gulshanda ochti orazin ul sarvinoz,
Oldi xushimni boshimdin, ayladi beimtiyoz,
Lol o‘lub qoldim qilolmasdin boqib ifshoyi roz,
Kechti umri mustadomi hasratida qishu yoz,
Bu tamannolar bila beixtiyor o‘ldim yana.
Nolayu afg‘onima yerda bashar, ko‘kda malak
Sabr etolmas, charx urub holimg‘a yig‘lab no‘h falak,
Mumkin ermasdur g‘amim sharhini aytmak yak-bayak,
Mumkin ermas hasrati Bimiyni mahsub aylamak,
G‘ussau, g‘am naqdi birla beshumor o‘ldim yana.