Yangiboy Qo‘chqorov. Etikdo‘zning elchisi (hikoya)

– Jahonning teng yarmini o‘z qarshisida tiz cho‘ktirgan buyuk fotih Iskandar zamonidan buyon oradan oz ham emas, ko‘p xam emas, roppa-rosa 660* yil o‘tibdi. – ko‘rkam qiroat bilan dedi ulkan Xorazm mamlakatining siyosiy mustaqilligini qudratli kushonlarning qo‘rg‘oshindek metin kishani va salobatli sosoniylarning o‘ta nozik diplomatik hiylalardan to‘qilgan sim to‘ridan tanho o‘zigagina xos bo‘lgan tafakkur kuchi, qaytarilmas harbiy salohiyati hamda temirdan ming bora qattiq tish-tirnog‘i bilan mardlarcha tortib olgan shoh Afrig‘ al-Fir qasri ustiga qirq ming ustaga barmoq bilan birma-bir sanalgan qirq kunda qurdirgan keng, bahavo ko‘shkida o‘tkazgan navbatdagi davlat kengashida. – Men bir hafta o‘sha tengsiz jahongir haqidagi jangovar qissalarni tingladim. Iskandar Suriyada hordiq chiqarganida Dorodan elchilar borib, unga shoh maktubi hamda yuborgan sovg‘a-salomlari ya’ni koptok, qamchi va bir quti oltinni topshirishadi. Buning ma’nosi nima edi? Qani, muhtaram a’yonlar, kim menga shu uch narsaning mohiyatini sharhlab bera oladi?!
Kengash ahli bir zum sukutga toldi. Mashvaratlarda labi labiga tegmaydigan so‘zamol vazir Shirartav ham bu safar jim edi. Koptokka o‘xshab beo‘xshov semirib ketgan bosh g‘aznachi Frargatdan ham biror sado chiqmadi. Afrig‘ atayin o‘n daqiqacha jim o‘tirib o‘z amaldorlariga birma-bir qarab chiqdi. Shohning tik nigohidan ayrim eski-yu, yangi a’yonlarning nafaslari qaytib, damlari ichiga tushdi. Bosh tabib Narsavning peshonasida marjon-marjon ter paydo bo‘ldi. Faqat shoh qo‘shinlari qo‘mondoni Drukninggina bir kiprigi ham qilt etmadi. Ko‘z o‘ngidagi oltin shamdonga tikilgancha o‘y surib o‘tiraverdi. Shohning nigohi bir chetda bezovtaroq o‘tirgan o‘ktam yuzli Sarjamug‘da to‘xtadi. Afrig‘ning sosoniylar saltanatidagi elchisi Sarjamug‘ bu majlisga maxsus chaqirilgan, ammo bola chog‘idan bo‘lg‘usi shoh bilan nonu qatiq bo‘lib o‘sgan siyosatchi aynan bu gal Xorazm hukmdorining kallasiga ne xayollar kelganidan bexabar edi. Afrig‘, Narsav, Sarjamug‘ning bobolari Ukuz daryosi emas, Bo‘rlitovning etagidan ayqirib oqqan Aqchadaryo sohilida, ko‘hna poytaxtda tug‘ilib-o‘sganlar. U paytlari podsholikning nomi ham, mamlakat markazining nomi ham «Xorazm» deb yuritilgan. Ellik yo yuz yilda yilda el o‘zgaradi, deganlaridek, bizga noma’lum qolgan sir-sinoatlar bois go‘zal va obod Xorazm shahri esma qumlar tagida qolib, el-ulus ham, saltanat ham, toju taxt ham Aqchadaryodan ancha ulkanroq o‘zan Oks daryosi qirg‘og‘iga ko‘chadi. Sarjamug‘ Xorazm shahri**da kechgan bolalik chog‘larini esladi. Narsav bilan qum sahrosini tongdan shomgacha kezganlari. Boshini quyi egib o‘tirgan, yuzidagi ter shodasini sidirishga jur’ati yetmayotgan bu ajoyib insonning ichi to‘la aql, bilim. O‘simlik dunyosini suv qilib ichib yuborgan. O‘n ikki yoshga to‘lganlarida biyday cho‘ldan yuzta muhim o‘simlikni ro‘yxatga olganlari hamon yodidan chiqmaydi. Narsav bittagina chuchukmiyaning ildizidan qanchalar quvvatli dorilar tayyorlagan edi-ya. Avvalombor Ahuramazda bergan kuch-quvvat, qolaversa chuchukmiya ildizidan tayyorlangan murabbo bois Afrig‘ ham, Sarjamug‘ ham, podsholikning boshqa o‘nlab azamatlari ham chimildiqqa sherdek baquvvat bo‘lib kirishgan, ulardan ko‘rkam-ko‘rkam, oqil-oqil, chiroyli-chiroyli farzandlar do‘ragan. Narsav yantoq guli va urug‘idan tayyorlagan malhamlar-chi? Eh-he, bu beqiyos tabibning oddiy qirqbo‘g‘in o‘simligidan qanday mo‘jizalar yaratganini bir ko‘rsangiz edi: inson aqli-zakovatiga tasannolar o‘qigan bo‘lardingiz. U oddiygina qizilcha butasidan tayyorlagan bo‘tqa bo‘g‘inlardagi chidab bo‘lmas og‘riqni bir zumda to‘xtatadi. Bo‘rlitov, Qirqqiz qal’asi etaklari, qumliklar bag‘ridagi qo‘tontumshuq, tuyasingir, chtir, qizg‘aldoq, ko‘knorqizg‘aldoq, yovvoyi kandir, qo‘zitikan, mingbosh, olabuta, teresken, sarisazan, tuyaqorin, oqsor, cherkez, quyonsuyak, quyonyung, baliqko‘z, chog‘on, bo‘zang, biyurg‘un va boshqa yuzlab o‘simliklarning xosiyati bir yaratganga-yu, bir boyaqish Narsavga ayon. Sarjamug‘ tabib emas, do‘stiga o‘xshab bemorning tomirini ushlab tashhis qo‘ya olmaydi. Ammo yurak-yuragidan sezib turibdiki, bugun Afrig‘ saroyining bosh tomir urishida nimadir bor. Dabdurustdan uni Eronshahrdan bejiz chaqirishmagani aniq. Uning xayolini shohning qat’iy xitobi bo‘ldi:
– Nima deysan, Druk? Doro Iskandarga yuborgan uch narsa nimani anglatadi?!
– Agar xato gapirib qo‘ysam, mening chivin jonimga jabr bo‘lmasligi uchun bir qoshiq qonimdan keching, olam podshosi!
– Biz sen bilan ota-bobolarimizning qadimiy davlatini qayta tashkil etdik. Bu davlatning poydevori Siyovush va Farazman bobolarimiz tomonidan bunyod etilgan. Shoh Farazman buyuk Iskandarning do‘sti, ittifoqchisi bo‘lganini bilasanlarmi? Qilichi o‘nlab mamlakatlarni mahv etgan jahongir Xorazm bilan munosabatida qalamni ishga solgan, ajdodimiz bilan bitim tuzgan. Shunday qudratli Xorazm betayinlar aybi bilan ikki marta parokanda bo‘lib ketdi. Biz uni bir mushtga jamladik. Endi ming shahar qurmoqchimiz. Shahri Kotning ko‘shkida o‘tiribmiz. Endi poytaxtimizda bulutlarga yetgulik minora barpo eturmiz. Lekin qaysi davlatning podshosi va qo‘mondoni, qo‘shini va quroli qudratli bo‘lmas ekan, u bilan bozordagi hammol ham hisoblashmaydi. Bu boradagi g‘ayrating uchun bir emas, ming qoshiq qoningdan ham kechaman, Druk. Lekin olam podshosi deganingda sal mubolag‘a bor-ov?
– Aslo mubolag‘a yo‘q, olampanoh: tez orada Xorazm mamlakati Sizning muzaffar bayrog‘ingiz ostida yetti iqlimni birlashtirgay!
– Xo‘sh, o‘sha uch sovg‘aning ma’nosi nedur?
– Birinchisi shuki, Doro «Men seni xuddi koptok kabi tepib mag‘lub qilaman. Ikkinchisi oddiy quldek qamchi bilan savalayman. Uchinchisi dunyoning yarmini talab topgan oltinlaring o‘zingga buyurmaydi,» degani!
– Gaplaringda ma’no yo‘q emas, Druk… – dedi Xorazm hukmdori o‘yga tolib. – Muhtaram elchimiz nima deydilar?
– Avvalombor aziz yurtimizning aziz podshosiga, uning qo‘l ostidagi aziz raiyatga ta’zimimni qabul qilsangiz. Oltin taxtingiz tepasida turgan muqaddas «Avesto»ning muborak so‘zlari bilan aytadigan bo‘lsam, aziz odamlarimizning o‘ng qo‘llari bilan ham, so‘l qo‘llari bilan ham sochgan har urug‘i ming bo‘lib unsin, har bir xonadonda baxtu barakot, toat-ibodat, sabru qanoat, mangu olov barqaror bo‘lsin! – Sarjamug‘ o‘rnidan turib podshoh oldida bosh egdi.
– Sosoniylar saroyida mulozamatni yaxshi o‘rganibsan. Xo‘sh, birodarimiz Hurmuzdning ahvollari nechuk?
– Yashirmasdan aytsam, ancha boshi oshoq* * * , tili yumshoq bo‘lib qoldi. – dedi Sarjamug‘ tavoze bilan. – Uch Bahromning 20 yillik hukmronligi Ardasherning ulkan saltanatini biroz charchatib qo‘ygan. Rumliklardan yegan zarbaning zahmi hali ketgani yo‘q. Bahrom Uchinchi atigi o‘n oy taxtda o‘tirdi. Hozirgi hukmdor birdaniga ham qo‘shini, ham raiyatning ahvolini yaxshilamoqchi. Ammo yaxshi niyati yarim molligicha qolmoqda…
– Mana bu so‘zlarni kim yozgan? – deb savol bergan Afrig‘ taxtdan o‘ng tomonda o‘tirgan yosh yigitga «O‘qi!» dedi. Yigit o‘qiy boshladi:
«…Rumlik Iskandarning vafotidan so‘ng Eronshahrda 240 muzofotning hukmdorlari bor edi.
Isfahon, Fors va ularga yaqin viloyatlar «salor» Ardabonning qo‘l ostida edi.
Popoq Ardabon tomonidan Fors hukmdori etib tayinlangan edi.
Ardabonning yashash joyi Istahr edi.
Popoqning o‘g‘li, vorisi yo‘q edi.
Soson Popoqning podachisi edi…»
– Sen bu matndan bexabarmisan?
– O‘limdan xabarim bor, lekin bundan xabarim yo‘q.
– Shopur toj kiysa qanday oqibatlarni kutish mumkin?
– Majusiylik kuchayadi. Eftaliylar Eronshahrga otlanadi. Bizning yukimiz yengillashadi…
– Burnimiz tagidagi Marv sosoniylar qo‘lida ekanligidan or qilmaysanmi? – ovozini ko‘tardi shoh Afrig‘.
– Or qilmaymen! – bunga javoban ovozini xiyol ko‘targan Sarjamug‘ning xayolidan «Aytsam o‘ldiradilar. Aytmasam o‘zimni o‘zim o‘ldiraman!» degan fikr o‘tdi. – Biz hozircha sosoniylar bilan urushga shay emasmiz!
– Shu gapni men – Xorazm podshosi Afrig‘ning sosoniylar saltanatidagi elchisi, mening qadrdon do‘stim aytyaptimi?! – bo‘kirib yubordi hukmdor.
– Yo‘q! – o‘rnidan sapchib turdi Frargat. – U minba’d Sizning elchingiz emas. Sarjamug‘ degan bu muttaham aslida bir oddiy etikdo‘zning elchisidur!
– Etikdo‘zning!
– Xuddi shunday, olampanoh!
Shoh o‘rnidan turib ketdi:
– Esing og‘ib qolmaganmi, Frargat?
– Yo‘q, anovi shahri Kot ustidagi porlab turgan quyosh qanchalar aniq bo‘lsa, bu gap ham shunchalar ravshandur!
– Rostmi? – so‘radi Afrig‘ elchisidan.
– Avval ijozat bersangiz, eng birinchi berilgan savolga javob qaytarsam: Doro Iskandarga nafs balosiga yo‘liqsang, Frargatga o‘xshab koptokdek semirib ketasan, anqov bo‘lsang o‘z odamingdan firib qamchisini yeysan. Oltin esa hech qachon senga do‘st bo‘lmaydi, demoqchi bo‘lgan!
– Falsafangni anov tabib do‘stingga o‘qirsan. Sen menga etikdo‘zdan gapir. Kim u? Qayerda?!
– O‘tgan yili Nisoning yo‘lida o‘ldi… – Sarjamug‘ning mijjalarida yosh yaltiradi. – Siz shu kungacha nimaga erishgan bo‘lsangiz, o‘sha etikdo‘z Maxamakning katta xizmati bor. U podshoh Arsamuxning oltinchi avlodi edi!
– Men ulug‘ Ahuramazda haqqi qasam ichamanki, Artav bilan Arsamuxning avlodlarini beshikdagi chaqalog‘igacha qirib yuborganman-ku!
– Bir dono odam Maxamakni yashirin olib qochib Vurukash dengizidagi olis orolda o‘stirgan. Etikdo‘zlik kasbiga o‘rgatgan. Keyin men u bilan do‘stlashdim. O‘zim bilan etikdo‘zim sifatida Eronshahrga olib ketdim…
– Menga qachon xiyonat qila boshlading?
– Qo‘yningizga Frargat degan ilonni, hunarmandning hamyonini horitgan shu poraxo‘rni, mansab sotuvchini olgan daqiqangizdan boshlab men xiyonat emas, hushyorlik yo‘liga o‘tdim. Mana, boshimni kundangiz ustiga qo‘ydim. Sapchadek uzib tashlasinlar. Lekin o‘limim oldidan bir sirni aytaman: uch oydan keyin sosoniylar sizga qarshi urush ochadilar!
– Buni qanday isbotlaysan?
– Shu yerning o‘zida isbotlayman!
– Gapir, so‘zing yolg‘on chiqsa seni o‘z qilichim bilan chopib tashlayman!
– Ko‘shkingizdan fillaringiz saqlanadigan joyga qarang. Uning oldidan yigirma otliq Simota tomon boryapti. Ularni shu yerga qaytarib kelishsin!
Saroy suv sepgandek sukutga toldi. Ancha vaqtdan keyin yigirma otliq saroy maydonida hozir bo‘ldi. Frargat titrab-titrab yerga o‘tirib qoldi.
– Hamma suvoriylar o‘zlari mingan otlarning egarlarini yechib oldingizga qo‘yishsin. – dedi Sarjamug‘.
– Bajaringlar! – dedi Afrig‘ Drukka.
Lekin bironta suvoriy yechilgan egarni otdan tushira olishmadi. Shoh navkarlari yordamga bordi. Har egarni to‘rt navkar zo‘rg‘a yerga olishdi.
– G‘ilofini olishsin! – dedi Sarjamug‘.
Saroy oldida hozir bo‘lgan hamma hayratdan hayqirib yuborishdi. Yigirma egarning barchasi oltindan yasalgan edi.
– Etikdo‘z Maxamak, shoh nasli Maxamak Frargatning sosoniylarga sotilganini aniqlagan edi. Ammo uning o‘ziga sekin ta’sir qiluvchi zahar berishgan ekan. Uzoq yashamadi!
Shoh Afrig‘ g‘azab bilan qilichini qinidan chiqardi. Frargatning kesilgan kallasi kishnab turgan qorabayir otning oyog‘i ostiga yumalab tushdi. Hamma jimib qoldi. Bu yog‘i nima bo‘lishi esa yolg‘iz yaratganga ayon edi…
________
* eramizning 305 – yili
** Gekatey Miletskiy tilga olgan Xorazm shahri(hozirgi Aqchaxonqal’a tarixiy yodgorligi o‘rnida bo‘lgan bo‘lishi mumkin)
*** yer, tuproq ma’nosida