Ertalab soat to‘qqizda o‘tkaziladigan yig‘ilishiga o‘zi kechikkanidan qabulxonaga shoshib kirgan boshliq xonada kotibadan boshqa hech kim yo‘qligini ko‘rib, hayron qolganini yashirmadi.
— Majlisga aytilganlar qani?
— Sizni rosa bir soat kutishdi, keyin o‘rinbosaringiz hammani turli yig‘ilishlarga jo‘natdi.
— O‘rinbosarning o‘zi qayerda?
— Vazirlikka ketdi, sizning o‘rningizga.
— Bosh muhandis-chi?
— Viloyat kasaba uyushmasi kengashining texnika xavfsizligi bo‘yicha tadbiri bor ekan.
— Kasaba uyushma boshlig‘i qayerda?
— Parashyut sporti federatsiyasiga siz boshliq ekansiz. Shoshilinch majlis o‘tkazilayotgan ekan. O‘rningizga o‘shani yuborishdi.
— Bosh hisobchi shu yerdadir?
— Debitor qarzlar bo‘yicha birlashmada hisobot bor ekan. Sizning shaxsan ishtirok etishingiz tayinlangan. «Rahbar kelmadimi, deb, meni urishadi», deya boshbux yurak hovuchlagancha o‘zi ketdi.
— Nechta yig‘ilishga aytishgan, o‘zi?
— Yettita, o‘rtoq direktor.
— Hammasi bir vaqtdami?
— Ikkitasi 9 da, 5 tasi 10 da.
— Xodimlar ko‘proq o‘z joylarida, o‘z ishlari bilan band bo‘lishlari haqida yig‘ilish o‘tkazmoqchi edim, essiz. Binoga kirishda qorovulni ko‘rmadim. Qayerda u?
— Yig‘ilishda.
— Yig‘ilishda?
— Qorovulimiz o‘z ishi bilan birga, bizda bog‘bonlik vazifasini ham bajaradi. Shuni e’tiboga olib, o‘rinbosar uni tuman tabiatni muhofaza qilish bo‘limida o‘tkaziladigan yig‘ilishga yubordi.
— Bugungi yig‘ilishni erta soat to‘qqizda o‘tkazamiz. Hammaga yetkazing.
— Ertaga soat to‘qqizda sizni uchta yig‘ilishga aytishgan…

