Quyosh yotog‘idan bosh ko‘tardi. Uning zarrin tolalaridan tarqagan harorat hali sohil bo‘ylab keta-ketguncha yastanib yotgan oppoq qumni qizdirib ulgurmasidan plyaj cho‘miluvchilar tomonidan birin-sirin ishg‘ol etila boshlangan, picha ertaroq bo‘lgani uchunmi, aksari munkillagan chol-kampirlar imirsilab-surgalib kelib soyabonli qo‘nalg‘alar panohiga joylashar, yig‘ma karavotlarga uzala tushgancha badanini toblayotganlar bor, kitob mutolaasi yoki uyali telefon bandilari qancha, norg‘ul yigit-qizlar, bolakaylar duch kelgan joyga sochiqlarini to‘shab-to‘shamay, ustki kiyimlarini uloqtirgancha quvalasha-quvalasha tizzalariga dovur suvga kirib borishar, suvsepar o‘yini avjiga chiqar, suvning sovuqligidan qiyqirishar, dirkillab-sirkillab qaltiragancha sohilga qaytib, momiq sochiqlariga o‘ralishar, qisqa yoz tuni orom olgan, tong sahardan sokin jimirlay-jimirlay kunni qarshi olayotgan bepoyon ummon esa dastlabki shinavandalarining erkalik va sho‘xliklariga monand mavjlanayotgan, bu kunda-shunda mijoz-mehmonlarga ummon suvining peshvoz chiqishi – mezbonnavozligiday tuyulardi.
Yorug‘ dunyoning jamiki rang-barangligiyu xilma-xilligi plyaj deya atalguvchi cho‘miluvchilar guzariga sochilgan: yoshlar rang-barang, jinslar rang-barang, semiz-oriqlar, daroz-pakanalaru qiyofalar xilma-xilligini qo‘yavering, irq-millat rang-barang, til-zabon rang-barang… shodu-xurramlik rang-barang! Erkaklarniki mayli-ya, ayol-qizlarning cho‘milish liboslari keng mo‘lligi-ixchamligi, rango-rangligi, bichimiyu gullarining allambaloligi, e, ha-a-a-a, bir boshdan tasvirlayman desang… illo tomoshaxona emas bu yer, shu-unday cho‘milish liboslari borki, nomi boru o‘zi yo‘qday, zero bu guzar-izdihomda yarim yalang‘och yurish odobdan, besanoq izdihom ko‘z o‘ngida bir-birovining pinjiga “sho‘ng‘ish” odobdan, bepuldan-bepul tomoshalarga suq bo‘lib qarash esa o‘taketgan beodoblik sanaladi kurrai arzning bu tomonlarida.
Lekin…
Suvdan chiqib izdihom oralab sohilga qaytayotgan barvasta qora tanli yigit e’tiborni tortmasligi mumkin edi. Birdan uning ortidan yugurib kelgan xipchagina ayolcha olmaxondek lip etib sakradiyu qo‘l-oyoqlari bilan yigitning bo‘yni va beliga chippa yopishib quchoqlab oldi. Qomati chinorday barvasta yigit hech narsa bo‘lmaganday yo‘lida davom etdi. Ot kalla, yelkalari keng, kifti-yag‘rini keng-mo‘l, yelka-qo‘l-bilak mushaklari qaynab-toshib chiqqan, katta-katta ko‘zlarining soqqasi bo‘rtib ko‘rinar, oq-qorasi yaqqol ko‘zga tashlanar, quyuq jingala sochi, bo‘y-basti, qaddini g‘oz tutishi kiroyi havas qilsa arzigulik edi.
Ayolcha qanday chapdastlik bilan unga tarmashgan bo‘lsa, shunday yengillik bilan uning yonida paydo bo‘ldi. Ayolcha yigitning yelkasidan kelar, ixchamgina, qaddi shamshoddek tik-tekis, tim-qora cho‘milish libosi sadafdek oppoq badaniga kiroyi yarashgan, siynabandining chekkalaridan musicha bolasining to‘shidek turtib chiqqan bo‘liq siynalari simobdek oppoq, bir tutam sochi orqasiga yig‘ib bog‘langan, qisiq ko‘zlaridan mehr, sho‘xlik, erkalik mayli ufurib turardi.
Yigit kechagina xarid qilinganday yap-yangi soyabon yonida to‘xtadi, turgan joyida ko‘ylak, poyafzal, ul-bul kiyimlarning betartib uyumiga bir qur nazar tashladi. Aftidan yigit bilan ayolcha cho‘miluvchilar guzariga kelishganu soyabonni tiklar-tiklamas quvalashganicha ummon sari yugurishgan.
Yigit qumga uzala tushdi. Ayolcha soyabon panohiga kirmay, o‘zini ko‘z-ko‘z qilmoqchidek quyoshga yuz tutib qo‘llarini boshi uzra baland ko‘tardi. Quyoshning shoyi ipakdek zarrin nurlari ayolning oppoq va silliq badaniga butun mehri-sehrini to‘kib unga yanayam ko‘zni oladigan go‘zallik baxsh etgan, ayolning oppoq va shamshoddek tik kaddi-qomati – qo‘l-oyoqlarining, yelka va bilaklarining, qolaversa, beli, son va boldirlarining mutanosibligini yanayam bo‘rttirib namoyon qilar, ustiga-ustak, hozirgina suvdan chiqqan emasmi, badanini tark etishni istamayotgan suv tomchilari oftob nurlarida jilvalanib dur-gavhar donalari yanglig‘ ko‘zni olardi.
Quyosh picha qad rostladi, havoda jazirama nafasi sezildi, qum oyoqni kuydirmasa-da, yotgan odamning badani rohat qiladigan darajada iliy boshladi.
Yigit qovushtirgan qo‘llarini yostiq qilganicha unga manglayini qo‘yib uzala tushdi. Ayolcha uning yonginasida osmonga qarab chalqancha cho‘zildi. Osmon ko‘m-ko‘k, tiniq, sokinlikni unda-munda chag‘alaylarning “chag‘g‘-chag‘g‘”i buzadi, xolos. Qiz ko‘zini yumdi. Guzar lahza sayin tig‘izlashmoqda. Suv xiyla ilidi chog‘i, ummon gurra-gurra cho‘miluvchilarni bag‘riga chorladi. Nazoratchi vertolyot pastlab uchib o‘tdi, ninachining o‘zginasi.
Ayolcha qo‘zg‘aldi, chordona qurib o‘tirdi. Shu holatda ikkala bilagini juftlab, qumga mahkam o‘rnashtirdi-da, boshini bilagiga qo‘ydi, avval bir, so‘ng ikkinchi oyog‘ini avayla-ab tepaga ko‘tardi. Ikkala oyog‘ini juftlaganicha qomatini bir muddat tek tutdi. Ummon tomondan esgan shabadada qizning yelkasi, beli va oppoq soniga yopishgan qum zarralari duvillab to‘kildi. Ayolchaning paxtaday oppoq va silliq badanida suv zarralari qolmagan, endi uning butun badanidan qaytayotgan oftob nuri ko‘zni qamashtira boshlagandi.
Yigit boshini ko‘tarmadi.
Ayolcha yigitni cho‘chitib yubormaslik uchun nihoyatda ohistalik bilan oyoqlarini tushirdi, endi chordona qurib emas, cho‘ri chambar o‘ynayotgan qizaloqlar singari oyoqlarini yoyib, qaddini g‘oz tutib o‘tirdi. Chuqu-ur nafas oldi. Avval chap, so‘ng ikki oyog‘ining o‘rtasi, so‘ng o‘ng oyog‘ining uchiga qadar engashib-qad rostlash mashqini ado etishga kirishdi. U har bir mashqini bajarayotib zarracha oshiqmas, g‘oyatda vazminlik bilan, ulkan sinov-imtihondan o‘tayotgandek butun vujudi bilan harakat qilardi. Qo‘lining uchini oyog‘ining uchiga tekkizganicha darhol avvalgi holatiga qaytmas, ichida sanayapti chog‘i, to‘rt-besh lahzagacha shu holatini saqlar va shundan keyingina qad rostlar, yana va yana mashqini davom ettirardi.
Quyosh qizdira boshladi, sohil shinavandalari ko‘paygandan-ko‘paydi, xaloskor ninachining dam-badam shovqin solib o‘tishi bilan hech kimning ishi yo‘q, bu yoqda betini qo‘llariga qo‘yib yotgan yigit hamon qimir etmasdi.
Ayolcha ikki qo‘liga tayanib, juftlangan oyoqlarini tikka qildi. Xuddi oyoqda o‘tirib-turish mashqini bajarayotgandek qo‘llarida “o‘tirib-tura” boshladi. Bir, ikki, uch, to‘rt… sakkiz… o‘n… Sambit gulidek nozik badan, nozik qo‘l, nozik oyoqlar samoviy musiqaga raqsga tushayotgandek bir maromda harakatlanar, odamlar unga e’tibor qilmas, osmonda oftobning ko‘zlari katta-katta ochilgan, bu ko‘zlar bor kuch-quvvati bilan nur sochar – bunga sayin ayolchaning oppoq billuriy badani mo‘jiza ko‘rsatishda davom etar, yigit esa bosh ko‘taray demasdi.
Ayolcha navbatdagi mashqqa o‘tdi. Tik turgan holatda gavdasini orqaga tashlab “ko‘prik” yasadi. Tim-qora siynabandi, ayollik jilvasini panalagan ixchamgina libosi silliq badanining ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib yubordi.
Jonli “ko‘prik” ikki tomon tayanchi – qo‘l va oyoqlarini yondamasiga siljitib yura boshladi, ikki-uch “odim”da uzala tushib yotgan yigit “ko‘prik” ostida qoldi. “Ko‘prik” yigitning ustidan, unga tegar-tegmas ilgariladi, shu choq… shu choq birdan sezildi, sezilmadi, yo‘q, fosh bo‘ldi! – ayolchaning qariyb o‘g‘il bolalarnikiday kalta qirqilgan sochining uchlari yigitning avval yelkasini, so‘ng beli, so‘ng qip-qizil cho‘milish kiyimini xuddi qitiqlamoqchidek, silab-siypalab o‘tdi. Va birdan go‘yo holdan toygandek, go‘yo qo‘l va oyoqlari majolsizlangandek ayolcha “ko‘prik”ni buzdi-da, ohistagina va avaylabgina yigitning beliga cho‘kdi. Bor bo‘yicha yigitning ustiga chalqanchasiga uzala tushdi. Qo‘l-oyoqlarini cho‘zib nafas rostladi, tin oldi va ortiq hayallamay ikki qo‘liga azot tayandi, qo‘llarini bukib-rostlagani, bukib-rostlagani sayin uning siynabog‘iga tang‘ilgan bir juft qip-qizil bog‘ich yigitning kiftiga tegib-tegmay, hilpillab turdi. Ayolcha ikki qo‘lida tik turgani holida yigitning yelkasidan qo‘lyurish qilishga o‘tdi: yelkasi, kuraklari, beli, soni, boldiri… qo‘lyurish yigitning to‘pig‘iga yetganda to‘xtadi. Nafas rostlagan ayolcha yana ikki qo‘llab iziga qaytdi: yigitning to‘pig‘idan boldiri, boldiridan soni, dumbasi, beli, kuraklari, yelkasi va nihoyat boshiga yetdiyu g‘oyat chapdastlik bilan mohir chavandozdek yigitning beliga minib oldi, bag‘rini yigitning kiftiga berganicha ikkala qo‘li bilan yigitning boshini uqalashga tutindi. Jingala sochlar changalzor yanglig‘ quyuq, qizning nozik va nimjon barmoqlari allamahalgacha bu changalzor oralab ko‘zdan g‘oyib bo‘lib ketar, olisdan qaragan odamga go‘yo ayolcha nimalardir deb tavallo qilmoqdayu yigit unga behis-bee’tibor-berahm parvoi palakdek edi.
Nihoyat…
Sohilbo‘yi guzari dam oluvchilar, cho‘miluvchilarga to‘ldi. Etaklari ko‘kka tutash ummon sathida paydar-pay quvalashib kelayotgan to‘lqin mavjlari harchand-harchand sohilga chiqishga intilar, mastona-mastona charx urayotgan oqchorloqlar yigit bilan ayolchadan o‘rnak olmoqchidek ularning tepalaridan uzoqlashgisi kelmas, tepada o‘qtin-o‘qtin aylanishayotgan xaloskor ignachi ham endi bir nuqtadan jilmay turib qolayotgandi.
Va nihoyat…
Yigitga jon kirdi – u astagina qo‘zg‘alib qad rostladi – basavlat, barvasta edi, ot kallasi, kifti va bilaklarida mushaklari toshib chiqqudek bo‘rtib turardi, oyoqlari uzun-uzun, ko‘zlarining oqi oq, qorasi qora bo‘lib ajralib ko‘rinar… hayhotday, yangigina poyafzalini naridan-beri oyog‘iga ildi, yonida turgan chelakni, kattagina soyabonni naridan beri taxlab qo‘ltig‘iga suqdi, oppoq, silliq badaniga qip-qizil, etagi kalta ko‘ylakchasini kiyib olgan ayolchani ergashtirganicha sohilni tark eta boshladi. Yigitning odimlari katta-katta edi, ayolcha nozik oyoqlarini pildiratib qadam tashlab unga yetib oldi, yigit uzun va kuch-quvvat yog‘ilib turgan qo‘lida dast ko‘tarib uni bag‘riga bosdi. Ikkovlon shundoqqina sohil bo‘yida joylashgan yigirma sakkiz qavatli uyga kirib ketishdi.
Quyosh rosa tikkaga kelgan edi…
Nyu-York – Florida.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 8-son