Xurshid Davron. Alg‘ul (Mirzo Ulug‘bek)

IKKI PARDALI FOJIA

IShTIROKChILAR:
Mirzo Ulug‘bek – Movarounnahr podshohi,
54-55 yoshlarda
Abdullatif Mirzo – Mirzo Ulug‘bekning to‘ng‘ich o‘g‘li,
Balx viloyati hokimi, 25 yoshlarda
Abdullaziz Mirzo – Mirzo Ulug‘bekning kenja o‘g‘li,
valiahd, 20 yoshlarda
Ali Qushchi – Mirzo Ulug‘bekning suyukli shogirdi,
mashhur olim, 36 yoshlarda
Xoja Nizomiddin – devonbegi, 45-50 yoshlarda
Xoja Burhoniddin – shayxulislom, 45 yoshlarda
Shamsiddin Muhammad Miskin – qozikalon, 60 yoshlarda
Shoh Vali Bahodir – amir, 45 yoshlarda
Bobo Husayn Turkistoniy – amir, 45 yoshlarda
Mironshoh qavchin – amir, Samarqand dorug‘asi,
50 yoshlarda
Sultonshoh barlos – amir, 50 yoshlarda
Ona – amir Vafodorning onasi, Ulug‘bekning enagasi
To‘yjon – xonanda ayol, 24-25 yoshlarda

Talabalar, shaharliklar, mulozimlar

Pesadagi voqealar 1449 yilning kuzida, bir kun davomida bo‘lib o‘tadi.

BIRINChI PARDA

BIRINChI KO‘RINISh

Qadimiy Samarqandning Chorsu maydoni. Bozor yaqinligi seziladi. G‘ala-g‘ovur dam pasayib, dam kuchayib eshitiladi. Ba’zan yaqindan o‘tib ketgan ot tuyoqlari ovozi keladi. Maydondan o‘tib turgan yo‘lovchilarning ayrimlari bir yerda to‘xtab, gaplashib qoladilar.

BIRINChI ShAHARLIK: Podshohimiz ko‘p aziz vaqtlarini yulduz sanashga behuda sarf qilmoqdalar. Siz ta’rif qilgan o‘sha rasadga qamalib olib, allaqanday… zijmu derlar, bir baloni tuzmak ila muttasil mashg‘uldurlar. Mamlakatda ne bo‘layotganidan esa mutlaq bexabarlar. Bu ishning oqibati, bilmadim, ne bo‘lgusidur.
IKKINChI ShAHARLIK: Oqibatini ko‘rib turibmiz. So‘nggi bir-ikki yilda necha karra tahlikada qoldik.
UChINChI ShAHARLIK: Sultonimiz falakiyot sirlarini tafakkurlari ila tadqiq qilurlar, sayyoralar yo‘lini hisoblab bilurlar.
IKKINChI ShAHARLIK: E qo‘ying, o‘sha yulduzlarni… O‘sha Mirrixu Utorudning sizu bizga ishi yo‘q! Yo‘lchiga yo‘l ko‘rsatgan Zuhro ham tashvishimizda yo‘lboshchi bo‘lolmas, madad bermas, yupanch berolmas.
BIRINChI ShAHARLIK: Men sultonimiz tadbirli, oqil, ulusga mehribon zot ekanliklarini inkor etolmayman. Ammo men uchun zamin, oyu yulduz harakati emas, tegirmon toshining harakati muhimroqdur.
UChINChI ShAHARLIK: Rost so‘yladingiz, so‘nggi yillarda mamlakat qayta-qayta g‘oratda qoldi. Ammo podshohimiz har safar jiddu jahd ila yog‘iyni saltanatdan soqit qilmishlar…
BIRINChI ShAHARLIK: Har safar mamlakat oldingidan ko‘ra kuchliroq talofatga uchramayaptimi? Ayting, taqsir?!
IKKINChI ShAHARLIK: Podshohimiz esa osmondan tushmay-dilar! Hozir ulamoyu umaroning ko‘pchilig‘i podshohga zid, alarning g‘azab va intiqom tig‘lari o‘tkirlashgan. Yaqin orada qonli g‘avg‘olar bo‘lishini sezib turibman.
UChINChI ShAHARLIK: Taqsir, gumoningiz behuda. Qirq yil hukmfarmolik qildilar, bu yog‘ig‘a ham egam panohida saqlagay, inshoolloh…

Shovqin-suron kuchayadi. Odamlarning harakatida tashvish alomatlari zohir bo‘ladi. Suhbatlashib turgan shaharliklardan biri yugurib o‘tayotgan tanishini to‘xtatadi.

IKKINChI ShAHARLIK: Ha, mulla Mirg‘iyos, buncha hovliqasiz, tinchlikmi?
TO‘RTINChI ShAHARLIK: Shahzoda Abdullatif podshohg‘a qarshi isyon boshlamish!
UChINChI ShAHARLIK: Yo alhazar!
BIRINChI ShAHARLIK: Ana aytmadimmi? O‘g‘ilning‘ otag‘a qarshi isyon boshlagani men so‘ylagan g‘avg‘olar ibtidosi emasmi?
IKKINChI ShAHARLIK: Yo Rabbim, endi nima bo‘ladi?
BIRINChI ShAHARLIK: Bu yog‘i nima bo‘lishini aytaymi? Qop ko‘tarib bozorga yugurmoq lozim.
UChINChI ShAHARLIK: Hozir qopni gapirasizmi?
BIRINChI ShAHARLIK: Olti farzandingiz bor, taqsir. Agar hoziroq qop ko‘tarib bozorga chopmasangiz, ertaga o‘zingiz qopga tushgaysiz.

Suhbatdoshlar to‘rt tomonga shoshilib tarqaladilar. Yolg‘iz qolgan birinchi shaharlik bir lahza o‘yga cho‘mib turadi-da, o‘z-o‘ziga gapirgancha shoshib chiqib ketadi.

BIRINChI ShAHARLIK: Avomga oyu yulduz harakati emas, tegirmon toshining harakati muhimroqdur, desam ishonishmaydi…

IKKINChI KO‘RINISh

Milodiy 1449 yil kuzi. Shohruh vafotidan keyingi talotumlar oqibatida boshlangan hokimiyat uchun kurash avjiga chiqqan. Shahzoda Abdullatif mirzo otasi – Movarounnahr hukmdori Mirzo Ulug‘bekka qarshi bosh ko‘targan payt.
Samarqand yaqinidagi Ko‘hak tepaliklari. Tepaliklar oralab oqadigan Obi Rahmat arig‘i yoqasidagi balandlikda naqshinkor rasad binosi ko‘zga tashlanadi. Binoga ancha shikast yetgan.
Rasad etagidagi bog‘ va Chilsutun ko‘shki. Subhi azon. Hali atrof qorong‘i.
Olis-olislardan azon chorlovi elas-elas eshitiladi. Jimjit-likda xavotir va vahima yashirin.
Bog‘ o‘rtasidagi shiyponda Mirzo Ulug‘bek bilan Ali Qushchi bomdod namozini ado etishmoqda. Nihoyat, ular o‘rinlaridan turadilar.

ALI QUShChI: Assalomu alaykum, ustoz.
ULUG‘BEK: Vaalaykum assalom.

Ali Qushchi joynamozlarni olib taxlaydi va chetga qo‘yadi. U bu ish bilan andarmon paytda Mirzo Ulug‘bek o‘yga botgancha osmonga tikiladi.

ULUG‘BEK: Bu dunyoda inson tafakkurini mudom ravnaq topishiga sabab bo‘ladigan ikki narsa bor: bu yulduz to‘la falaku (qo‘li bilan chap ko‘ksiga ishora qilib) mana bu yerdagi yurak… Falakdagi sobitu sayyoralar asrorini bilmak nechog‘liq mashaqqatli bo‘lsa, yurakni bilmak, uni anglamak ham shunchalik imkonsizdur… Nechun quvonganda ham, qayg‘u chekkanda ham birdek bezovtalanadi? Nega o‘tkinchi hoyu havaslarga ermak bo‘ladi? Nega aldanadi?.. Nega aldaydi, Ali?..

ALI QUShChI:
Yagona birlikka egadur olam,
Bu birlik, shubhasiz, yurakdadur jam.
Falak sirlarini kashf eta bilib,
Yurak asrorini bilolmas odam.

ULUG‘BEK: Haqqast shunday! Men falakning ko‘p jumboqlarini anglab yetdim, lekin mana bu yerdagi (U yana chap ko‘ksini mushtlaydi) bir parcha go‘shtni anglayolmadim!.. Nega o‘g‘lim menga xiyonat qildi?! Ul ham yuragidan bexabarmu, Ali?
ALI QUShChI: Qismatga iloj yo‘q, ustoz… Qismat beomondur!
ULUG‘BEK: Qismat ham falakday beomonmu? Qismat beomonligi falak nihoyasizligi kabi dahshatlidur. Yo‘q, bu hadsizlik meni dahshatga solmaydi, uning sirini bilolmasligim qo‘rqitadi, xolos…
Men kimman?.. Qanday yashashim kerak?..

(Sukut cho‘kadi.)

ULUG‘BEK: Huv, anavi yulduz Baytul Javzodur… Xuddi g‘azabga mingan Abdullatif ko‘zlariga o‘xshaydur!
ALI QUShChI: Shomliklar ani Iblis ko‘zi demishlar.
ULUG‘BEK: Haqqast, Ali!.. Beruniy hazratlarining kitoblarida o‘qiganim bor… Iblisning ko‘zi! Bag‘oyat to‘g‘ri o‘xshatish.

(Yana o‘rtaga sukut cho‘kadi.)

ULUG‘BEK: Iblisning ko‘zlari chaqnab turgan mana shunday subhi azonda “Segoh”ni tinglagim keladi. To‘yjon xonish qilgan “Segoh”ga quloq tutib o‘tirgan kezlarim yuragimni kaftimga olib tomosha qilgandek bo‘laman.
“Segoh” alamimga, sirqirab og‘rigan jonimga o‘xshaydur! Alg‘ul yulduzini bilursan, Ali.
ALI QUShChI: Filhaqiqat, Alg‘ul g‘alatidur. Uch kun yonib, so‘ngra so‘nadi-da, yana paydo bo‘lub, avvalgidek porlab turaveradi.
ULUG‘BEK: Ko‘ksimdagi iztirob ana shu Alg‘ulga o‘xshaydur, Ali!.. U goh so‘nib qolgandek bo‘ladi, so‘ngra yana jonimda og‘riq qo‘zg‘aydi… Kun kelib Alg‘ulning mubham siri ayon bo‘lgusidur… Ammo… ammo bu iztirob, bu og‘riq siridan bexabar o‘tishdan qo‘rqaman.

(Yana jimlik.)

ULUG‘BEK: Ali, janozam o‘qiladigan payt, mabodo boshimda bo‘lsang, ayt, “Segoh”ni chalsinlar…
ALI QUShChI: Qazoyi qadar haqida gapirmang, qiblagoh. Hali, Allohga shukurkim, ko‘p yashaysiz.
ULUG‘BEK: Yuragimda motam bor, Ali! Boshimga kelgan har baloni ko‘tarmoqqa rozimen. Lekin tuqqon bolam boshimga tig‘ bila kelaturganiga qandoq chiday? Ayt, jigarim, ayt, nima qilay?!
ALI QUShChI: Bular o‘tkinchidur! Inshoolloh, yaxshi kunlar kelgay.
ULUG‘BEK: Shul mudhish voqea sababidan ko‘nglimga vahima tushdi-yu, umrim barq yangliq o‘tganini angladim. Qolgan ishlarni bitirmakni Alloh nasib etarmikin?
ALI QUShChI: Bizga va’da etgan ishlarni bitirmay qayga borursiz. Biz etagingizni qo‘yub yubormasmiz, ustoz!

(Sukut.)

ULUG‘BEK: Hushyor bo‘l, Ali, bugun tunda g‘alat hodisa bo‘lur: bir burjda yetti sayyora davra quradi. Oqibatda kuchli shamol ko‘tarilgay, daraxtlarni ildizi bilan qo‘porib uchurgay, eski binolarni vayron qilgay… Ammo baribir yuragimda g‘alayon qilayotgan bo‘ronchalik bo‘lmas. Bu g‘alayon vujudimni bo‘shliq aro, zamin bilan falak o‘rtasida, toju taxt havasi-yu, ilm ishtiyoqi, otaligu podshohlik o‘rtasida uchirib yurar… Na yerga qulab parchin-parchin bo‘lgayman, na yulduzlar ko‘ksimga xanjar bo‘lib botgaylar…

(Devonbegi – Xoja Nizomiddin kiradi.)

DEVONBEGI: Haq taolodin sultonim himmatlarini buyuk, qudratlarini ziyoda qilishini tilayman!
ULUG‘BEK: Taqsir, tag‘in Abdullatif mirzoga maktub jo‘natmak taraddudida keldingizmu? Minba’d bu gapni aytmang…
DEVONBEGI: Maktub jo‘natmak maslahatidan qaytganim yo‘q, onhazrat. Ammo, hozir huzuringizga boshqa maqsadda keldim. Amringizga binoan saltanatda, uning hududidan tashqarida yuzaga kelgon vaziyatni mulohaza etdim, xufiyalar yetkargan xabarlarni tartibga soldim.
ULUG‘BEK: Xo‘sh?!
DEVONBEGI: Dashti Qipchoqda ahvol notinch, Abulxayrxon Movarounnahrda ro‘y berayotgan har bir hodisani ziyraklik ila kuzatmoqda. Mo‘ljali, mabodo mirzo bila urush boshlasangiz, fursatdan foydalanib yana yag‘mo qilmoq. Yana xon bila ba’zi amirlaringiz orasida xufiya aloqalar borligi xususinda gumonlar mavjuddir.
ULUG‘BEK: Hushyor bo‘lingiz, g‘aflatda qolib pushaymon bo‘lmay-lik!
DEVONBEGI: Hirotda ham notinchlik. Abulqosim mirzo inisi Sulton Muhammad mirzo bila padaringizdan qolgan mulkni deb jangu jadalni hanuz to‘xtatmaganlar. Yana ma’lum bo‘ldiki, Abdullatif mirzo bir muddat avval Abulqosim mirzoga yashirin noma yo‘llab, ani sizga qarshi gij-gijlashga uringan…
ULUG‘BEK: Oqpadar!..
DEVONBEGI: Sulton Abusayid mirzo ham g‘imirlab qoldi, aning xatti-harakatlarida itoatingizdan chiqishga urinishlar zohir bo‘lmoqdadur.
ULUG‘BEK: Abusayidni qo‘ying, shahzoda xususida yana qanday xabar bor?
DEVONBEGI: Mirzo Jayhunni kechib, Termizni ishg‘ol qilgani xabarini aytgan edim, hozir ham ildamlik ila yo‘l bosishdan to‘xtamaydur.
ULUG‘BEK: Sarhaddagi qo‘shunlarni kuchaytiring, Kesh bila Kitobdagi amirlar hushyor bo‘lsunlar!
DEVONBEGI: Podshoh hazratlariga yana bir noxush xabarni yetkazish qulingizning zimmasiga tushdi.
ULUG‘BEK: So‘zlagin!
DEVONBEGI: Bugun tunda amirlaringizning bir nechasi dorussaltanani yashirin tark etib, shahzoda tomonga yo‘l olmishlar.
ALI QUShChI: Munofiqlar!

(Mirzo Ulug‘bek devonbegi yana nimanidir aytolmay taraddud-lanayotganini sezib, battar bezovtalanadi.)

ULUG‘BEK: Yana…
DEVONBEGI: Dashti Qipchoq yo‘lida navkarlarimiz Abulxayrxon darg‘ohiga qochib borayotgan bir kishini qo‘lga olmishlar.
ULUG‘BEK: Abulxayrxon dargohiga?! Kimni?!

(Devonbegi biroz taraddudlanadi.)

ULUG‘BEK: Kimni dedim?!
DEVONBEGI: Amir Vafodorni!
ULUG‘BEK: Vafodorni?!
DEVONBEGI: Ha, a’lohazrat.
ULUG‘BEK: Qayerda u?
DEVONBEGI: Ko‘ksaroyda, amir Mironshoh navkarlari qo‘lida!
ULUG‘BEK: Oh, Abdullatif, Abdullatif, sening xato yo‘lga kirganing boshqalarni ham o‘z komiga tortmoqda. O‘rtadagi ixtilofdan har badniyat kimsa borki, fursatni g‘animat bilib, foydalanishga urinmoqda. Ammo, yoningdagi – sen ishongan kishilar munofiqlik qilsalar dahshat ekan! Axir bir ko‘krakdan men bila barobar sut emgan ko‘kaldoshim xiyonat yo‘liga o‘tgan ekan, boshqalar nima qilsinlar?! Men bila barobar bibim Saroymulkxonim dargohida tarbiyalangan, volidasi – suyukli enagam har ikkimizni oq yuvib, oq taragan bo‘lsa-yu, mana oqibati… Soch-soqoliga oq tushganda shu ishni qiladimi?! Sarhadlarda bahodirlig‘ qilayotgan o‘g‘illari-yu, nabirala-ridan uyalmadimi?..
Xoja Nizomiddin, shayxulislom bilan qozikalon janoblari keldilarmi?
DEVONBEGI: Ular amringizga muntazirlar, a’lohazrat.
ULUG‘BEK: Huzurimga chorlang!

Devonbegi chiqib shayxulislom xoja Burhoniddin bilan qozikalon Shamsiddin Muhammad miskinni boshlab kiradi. Ulug‘bek ularni ehtirom bilan kutib oladi.

ShAYXULISLOM: Podshohi zamon, dini islomning ko‘makchisi, olamni zabt etgan Sohibqiron Amir Temur Ko‘ragonning ko‘z nuri Sulton Ulug‘bek Ko‘ragon davlatlariga Alloh taolodan ravnaq tilaymiz!
QOZIKALON: Inshoollohu taolo!
ULUG‘BEK: Poyqadamingiz bosh ustiga.
ShAYXULISLOM: Silqigan ko‘zlaringizdan bu kechani ham uyqusiz, behalovat o‘tkarganingizni ko‘rib turibmen.
ULUG‘BEK: Mavlono Burhoniddin, siz bir kechani aytasiz. Butun umrni shunday farog‘atsiz o‘tkazdik-ku. Mudom tahlika, mudom jangu-jadal, mudom bemehrlik!
ShAYXULISLOM: Xudo xohlasa, barchasi o‘nglangay. Oyning o‘n beshi qorong‘i, o‘n beshi yorug‘, deydilar.
ULUG‘BEK: Peshonamizga yolg‘iz qaro bitiklar, qaro so‘zlar yozilganga o‘xshaydur, hazratim.
ShAYXULISLOM: Peshonadan shikoyat qilmoq islom podshosiga yarashmagay.
QOZIKALON: Xudoyim sizga quvvat bersun.
ULUG‘BEK: Siz menga quvvat tilaysiz, men ersam halovat istaymen, halovat…
ShAYXULISLOM: Bizni chorlagan ekansiz, shunga keldik.
ULUG‘BEK: Har nechuk so‘z bo‘lsa, iddaosiz o‘rtaga tashlab, aql va insof bilan hal etmoq uchun sizni chorlagan edim.
So‘ylangiz, gumroh farzandimiz fitnasini daf etmoq uchun ne chora buyursak ekan?
QOZIKALON: O‘z padariga tig‘ ko‘targan zurriyot, inshoolloh, Haq taoloning qahriga yo‘liqur, davlatpanoh!
ShAYXULISLOM: Mulki Movarounnahr taqdiri, saltanat ro‘zg‘ori sizning ilkingizdadur. Sizning muborak xotirangiz bu hodisalar xususida ne fikr bayon etsa, biz andin bosh tortmagaymiz.
ULUG‘BEK: Ammo men sizning muborak xotirangizda ne fikrlar bordur, bilmoqchiman… So‘ylangiz.
DEVONBEGI: Janoblariga ma’lum bo‘lsunkim, biz sultoni-mizni necha kundan buyon shahzodaga maktub jo‘natmakka da’vat qilurmiz. Ammo a’lohazratlari bunga aslo ko‘nmaslar… Vaqt esa ziq, har soniya oltinga teng.
ULUG‘BEK: Yo‘l yo‘qotgan farzandimga nima deb maktub bitaman! Qahri tahdid qilaymu, yalinaymu?.. Yo oldin unga maktub bitmagan edikmu?!
QOZIKALON: O‘z qiblagohining irodasi farzand uchun farzi ayndur. Aning irodasiga bosh egmagan farzand ustidan hukm chiqarmoq padar uchun ham farz, ham qarzdur, davlatpanoh!
ShAYXULISLOM: Eng avvalo jazoni o‘ylash emas, bu falokat oldini olmoq kerak, tokim uning dahshatli changaki davlatingizni qaqshatmasun! El-ulusga ozor bermasun!
ULUG‘BEK: Qanday qilib? Aqlli kengash bering!
ShAYXULISLOM: Aqlli kengash shulkim, Xoja Nizomiddin aytqonlaridek, Abdullatif mirzoni aqlga, insofu vijdonga chaqirasiz, uning ko‘nglida mehru oqibat uyg‘otishga harakat qilasiz.
ULUG‘BEK: Demak, siz ham maktub bitmakka da’vat etasiz?!
ShAYXULISLOM: Ore, olampanoh!
ULUG‘BEK: Demak, yurishga hojat yo‘q?
ShAYXULISLOM: Aslo!
ULUG‘BEK: Ammo noqobil farzand yaxshi tilaklarimizni qabul etmasa-chi? Unda nima qilgaymiz?
DEVONBEGI: Mehru oqibatingizni rad etsa, unda idrok etmoqdin ojiz farzand bo‘yniga tayoq urmoq otaning vazifasidur.
ShAYXULISLOM: Ammo aslo qilich urmoq emas!
ULUG‘BEK: Unda siz shahzodaga maktub bitmak chorasini ko‘ringiz.
ShAYXULISLOM: Bu savob ishni barpo qilmoq uchun kamina har qanday mashaqqatdan yuz o‘girmasman.

(Qozikalon sukutda.)

ULUG‘BEK: Qozikalon janoblari, nechun siz sukutdasiz?!.
QOZIKALON: Ish maktub bilan tuzatmoq haddidan oshibtur, deb qo‘rqaman. Shahzoda bamisoli kamondan uzilgan o‘qdur, ani to‘xtatmoqqa qog‘oz emas, qalqon lozimdur…
ULUG‘BEK: Davom etingiz…
QOZIKALON: Ma’lumingizki, men harb kishisi emasman, ammo har ikki tarafning kuchini, har yoqdagi sharoitni uzoq mulohaza etdim. Taraddudga aslo hojat yo‘q. Hayallamay zafar bayroqlarini ko‘tarishingiz lozim!
ShAYXULISLOM: Aslo bunday qilmang, a’lohazrat… Mavlono Muhammad Miskin, ilmpesha podshohimiz…
QOZIKALON: Ilmpesha podshohimiz toju taxtni ilm kuchi bila emas, qilich bila olganlar, uni yana qilich bila poyidor qilishga harakat qilmoqlari darkor!
ShAYXULISLOM: Bu yerda qilichning hojati yo‘qdur!
QOZIKALON: Ammo saltanat tamalini qulatmoqqa ko‘tarilgan qo‘llarni kesmoq zarur!
ShAYXULISLOM: Butun olam tig‘lari harakatga kelgan chog‘dayam, agar Alloh taolo xohlamasa, bironta tomir ham qirqilmagay!
QOZIKALON: Hazrati payg‘ambarimiz o‘rnatgan shariat charog‘isiz biror kishi o‘z aqliga najot ko‘chasini topar deb o‘ylamang. Xuddi shuningdek, agar sultonning haybati o‘z mulkini himoya qilmasa, bu saltanatda hech kimsa tinchlik-xotirjamlik bilmagay.
ULUG‘BEK: Chora… chora aytingiz.
ShAYXULISLOM: O‘g‘lingiz gunohini adlu avf suvi bila yuvmoq, davolamoq zarurdur. Bo‘lgusi muomalada qilichga emas, adolat kuchiga suyanmoq mirzoni gumrohlikdan qaytarar deb inonurman!
QOZIKALON: Qur’oni Karim «Urush ochganlarga qarshi urush ochmoqqa ijozat etilur, negakim ular yo‘ldan ozganlardur» deb buyurar. Yagona chorasi yo jang qilmoq, yo mirzoni dunyodan olib tashlamoq lozim!
ShAYXULISLOM: Astag‘furulloh!
ALI QUShChI: Alloh taolo bunday kunni hech bandasining boshiga solmasun!
ULUG‘BEK: Xudoyim oldida ne gunoh qilgan ekanman?!
QOZIKALON: Tojdor bo‘lmoqni tilagan bosh o‘lumdan qo‘rqmaydi, degan naql bor. Farzandingiz o‘z o‘limini bo‘yniga olgan bo‘lmasa, bunday kufr ishga – o‘z tuqqon padariga tig‘ ko‘tarishga jazm etarmidi? Yo‘q, olampanoh, yagona chorasi: yo jang qilmoq, yo shahzodani dunyodan olib tashlamoq!
ShAYXULISLOM: Ikki daf’a aytgan bo‘lsangiz-da, hanuz quloqlarimga ishonmasman. Qozikalon janoblari, nahotki sizning og‘zingizdan chiqdi bu gap?!
QOZIKALON: Balki siz boshqa chorasini aytursiz!
ShAYXULISLOM: Men chorasini aytdim.
QOZIKALON: Siz aytgan tadbir bila ish baribir bitmaydi. Saltanat taqdiri hal qilinar ekan, na gunoh ish boru, na muqaddaslik bor, na begonalik boru na ota-bolalik bor. Hazrati Rasulullohning «La arhama bayn-ul mulki», ya’nikim «Podshohlar oldida hech kimning qavmi-qarindoshligi yo‘qdur», degan muborak hikmatlarini unutdingizmu, taqsir?!. Shunday ekan, men uchinchi daf’a takrorlashdan ham qaytmasman: yagona chorasi yo jang qilmoq, yo Abdullatif mirzoni dunyodan olib tashlamoq!
DEVONBEGI: Ishni maktub bila bitirmoq haddi o‘tgan bo‘lsa, a’lohazrat jang qilishni istamasalar, o‘ylashimcha, so‘nggi choradan… albatta, hech iloji qolmagandan keyin foydalanmoq lozimdur.
ULUG‘BEK: Bu qanday so‘nggi chora ekan?
DEVONBEGI: Davlatpanoh, muborak dilingizni xira qiladigan bo‘lsa-da, aytaman. Qabul qilish, yo rad etish ixtiyoringizda…
ULUG‘BEK: Xo‘sh?!
DEVONBEGI: Shahzodani istalgan onda saranjom qilmoq uchun uning orqasiga soya ergashtirib qo‘ygan edik.
ULUG‘BEK: Nega mening xabarim yo‘q, Xoja Nizomiddin?!
DEVONBEGI: Siz bunga aslo izn bermas edingiz, a’lohazrat, ammo saltanat amalini o‘ylab, shahzoda qing‘ir yo‘lga kirayotganini sezgan mahaldayoq shu chorani qo‘llagan edik.
ULUG‘BEK: Haddan oshibsiz, Xoja Nizomiddin!.. Xufiya vazifa kimga topshirilgan?!
DEVONBEGI: Shahzoda yonidagi xos navkarlardan biriga.
ULUG‘BEK: Agar ul nobakor zarracha xatoga yo‘l qo‘ysa, o‘z imkonidan ortiq ish tutsa, siz javob bergaysiz!
DEVONBEGI: Men anga kafilmen!
ULUG‘BEK: Boshingiz bila kafilsiz! Shahzoda boshidan bir mo‘y sababsiz to‘kil­guday bo‘lsa, sizning qoningiz to‘kilgay!..
QOZIKALON: Davlatpanoh, aql bila ish ko‘radigan bo‘lsak, biz aytqon choradan bo‘lak o‘zga chora yo‘qtur!
ULUG‘BEK: Ha, aql insonlar yo‘lini yoritgan charog‘dur. Ammo ba’zan charog‘ nur sochgani bilan ovloq burchaklar qorong‘i bo‘lib qolaberadi. Yorug‘lik qanchalik urunmasin, soyani yanchib tashlashdan ojizdur. Insonning aqli ham shunday: yorqinroq nur sochgani sayin shubhalar soyasi ham shuncha quyuqlashadi. Faqat qalbdan taralgan, ishonch, mehru oqibat sochgan ziyogina bu shubhalarni tarqata oladi.
QOZIKALON: Siz rahmu shafqat timsolisiz, davlatpanoh. Biroq… Biroq siz shahzodaga hozir farzandga emas, saltanat dushmaniga qaraganday qaramog‘ingiz, shunga yarasha ish tutmog‘ingiz lozim.
ULUG‘BEK: Oh, ne savdo bu! Axir u mening farzandim-ku, Xoja Nizomiddin! Nega meni farzandimni mahv etmoqqa da’vat etasiz. Axir men ham insonman!
QOZIKALON: Biz hammamiz insonmiz, ammo siz eng avvalo saltanatu ulusning taqdiriga mas’ul podshohsiz!
ULUG‘BEK: Mayli, bizdan jabru zulmingizni ayamangiz. Adlu adolat yo‘liga jonimni fido qilmoqqa hamisha tayyorman, ammo men eng avvalo insonman, undan so‘ng podshoh!
Men sizni aql va insof bilan kengash bermoqqa chorlagan edim, aslo bunday qiynoq uchun emas!

(Sukut.)

Allohu akbar, agar yulduzlar karomati yaqin o‘rtada ro‘y bermasa, agar shahid ketmasam, farzandimga toju taxtni o‘z qo‘lim bila topshirgayman. Agar izn bersa, madrasada mudarrislik qilgayman yoxud rasadda mashg‘ul bo‘lgayman… Izn bermasa, egnimga eski palos ilgayman, darvish bo‘lub uzlatga chekingayman, bu dunyo azoblaridan xalos bo‘lgayman!
DEVONBEGI: G‘azab vaqtida aytilgan so‘zning oqibati afsusu nadomat bo‘lgay, onhazrat!
ULUG‘BEK: Butun umrim afsus-nadomat emasmu, Xoja Nizomiddin?! Yo‘q, endi men sohibi taxt emas, sohibi dil bo‘lmoqni istayman! Arosatda qolgan jonimni qutqargayman! Endi bizga bir burda non, bir qumg‘on sovuq suv bo‘lsa, kifoya. Bu toju taxt, bu dabdaba, bu fitna-yu, makr – barchasi hirs bandalariga buyursun!
ShAYXULISLOM: Davlatpanoh…
ULUG‘BEK: Yo‘q, mavlono Burhoniddin, yo‘q… Men angladim, maktub bitmak darkor emas! Agar maktub bitgan taqdirimda ham, toju taxt deb emas, rasadda yo madrasada bir hujrani deb yalingayman!
ShAYXULISLOM: Xiyonatkorlar o‘z chohlariga o‘zlari tushgaylar, davlatpanoh. Inshoolloh, tez kunlarda saltanat tahlika-yu, ofatlardan qutqarilur. Faqat siz bardam bo‘ling!

(Sukut.)

ULUG‘BEK: Ali, rasadni ziynatlagan usta bobo tirikmu?
ALI QUShChI: Bobo Qambar olamdan o‘tganlariga uch yil bo‘lubtur, o‘g‘illari usta Abdulg‘affor barhayot.
ULUG‘BEK: Odam yuboring, huzurimizga chorlang! Rasadni ta’mir etmoq uchun nimaiki zarur bo‘lsa, aytsun, shoshilinch ish boshlasun!
ALI QUShChI: Bosh ustiga, ustoz, bugunoq odam yuborurman.
ShAYXULISLOM: Hozir rasadni o‘ylaydurgon zamonmu, a’lohazrat?!
ULUG‘BEK: Fursat g‘animat!
ShAYXULISLOM: Haqqast rost, a’lohazrat, fursat g‘animatdur! Yong‘in oldi olinmasa, butun yurt zarar topgay. Siz yolg‘iz o‘g‘lingizni g‘alamislik yo‘liga kirgan deb o‘ylaysizmu? Yo‘q, a’lohazrat, aslo bunday emas!..
ULUG‘BEK: Nega to‘xtadingiz, davom etingiz…
ShAYXULISLOM: Sizning g‘animlaringiz g‘imirlab qoldilar. Ayrim munofiqlar turli-tuman yerlarda gap sotib, sizga g‘oyat vahm gunohlar taqmoqdalar.
ULUG‘BEK: Biz qanday gunohlar qilgan ekanmiz?
QOZIKALON: Agar ijozat bersalar, aytamen. Illo, men bu xususda siz, a’lohazratlariga aytmoqni qasd qilgan edim.
ULUG‘BEK: Ayting, Muhammad Miskin janoblari, ayting.
QOZIKALON: Davlatpanoh, aytaman bu so‘zlarni aytmoq mening burchimdur. Yashirmayman, o‘sha gapni tarqatayotganlar atrofingizda, ham madrasalarda saboq beraturgon mudarrislar dinimizga rahna soluvchi, musulmonlarning e’tiqodiga shubha tug‘diruvchi ilmlarni tarqatmoqdalar, qani dinu diyonat, demoqdalar!
ALI QUShChI: Ig‘vo bu, ig‘vo!
ULUG‘BEK: Bas, Ali, bas!.. Qozikalon janoblari, yolg‘iz alar shunday demoqdalarmu yoki o‘zingiz ham shu xulosadamisiz?!
QOZIKALON: Alarning gaplarida ozmu ko‘pmu haqiqat bordur.
ULUG‘BEK: Aflotun, Arastu, Ibn Sino, Beruniy kabi donishmandu hukamolar fikrlarini talqin etish dini islomiyaga shakkoklik deb bilinsa, madrasalarda ilm nomiga nima qolur?
ALI QUShChI: Ilmparvarligi bilan shuhrat chiqargan bir podshoh poytaxtida bu qadar jaholat!
QOZIKALON: Tiyiling, mavlono, hali sizga gapirishga izn berilganicha yo‘q! Qolabersa, o‘sha gaplarning chiqishiga siz ham sababchidursiz!
ULUG‘BEK: Bu holatga toqat qilib bo‘lmaydi! Ilmning, hikmatning haqiqiy durlarini johillar mufsid fikrlar deymishlar! Men ilmi diniya bilan bir qatorda mantiq, hikmat, ilmi hay’at, riyoziyot kabi inson zakovatining muborak ne’matlari-la toliblar ko‘ngillarini tafsiya etmoqni istadim, xolos!
QOZIKALON: Inson ko‘nglini yolg‘iz Xudoning kitobi tafsiya etajak!
ULUG‘BEK: Haq gapni aytdingiz! Inson ko‘nglini sof etgan o‘sha kitob-da: «Albatta, Allohdan olim bandalarigina qo‘rqadilar!» oyati bitilmaganmi? Iymon ilmi inson zakovati yo‘lini to‘smaydi. Inson zakosi, u tufayli yuzaga chiqqan ilmu taraqqiyot Alloh taolo yaratgan olamdagi mo‘jizalarni kashf etadi!
QOZIKALON: Kamina adab doirasidan ortiq gapirgan bo‘lsam, uzr… Ammo aytmoqchimankim, islom davlatida, dinimizning istinodi bo‘lgan sizdek podshoh zamonida majusiylaru butparastlar tomonidan yozilg‘on kitoblar o‘qitilayotganiga izn bermaslik kerak!
ULUG‘BEK: Axir Payg‘ambari islom: «Garchi Xitoyda bo‘lsa ham ilm olishga intilinglar!» deganlarini unutdingizmu? Yo bu hadisi muborakni ham rad etasizmu?! Jaholatning timsoli bo‘lmish ayrim kimsalar har qanday ilmni mufsid derlar…
Men noqobil farzandim isyonidan ko‘proq jaholat isyonidan qo‘rqamen. Johillar o‘z zaharlarini obi hayot deb ko‘rsatadilar, xalqni chalg‘itadilar, millatni chohga sudraydilar. Ammo ilm ham, haqiqat kabi loyamutdur.
ShAYXULISLOM: Zamon, davlatpanoh, hamma illat zamonda!
ULUG‘BEK: Yo‘q, ayb zamonda emas! Hamma illat jaholatda! Insoniyat paydo bo‘libtikim, inson yuragi uchun ikki kuch: ma’rifat bilan jaholat jang qiladi.
ShAYXULISLOM: Bu tuhmatlarni tarqatayotganlar shatranj taxtasidagi piyodalardur. Orqada qudratli donalar bordirkim, qazoi-qadar singari beomondurlar!
ULUG‘BEK: O, Iblis ko‘zlari!
QOZIKALON: Davlatpanoh, padaringiz xoqoni sayid Shohruh Sulton bag‘oyat shariatparvar, taqvodor podshoh edilar. Saltanatdagi barcha ishlar haddan oshmagan edi. Siz esa darvozalarni katta ochib qo‘ydingiz.
ULUG‘BEK: Ochgan bo‘lsak, adolat, ilmu urfon eshiklarini ochdik, jaholat tambalarini olib tashladik.
Dini islomiya ilmni ulug‘laydi, olimning qadrini ko‘taradi, ilmni Allohni tanimak yo‘li deb biladi. «Mavtul olimi – mavtul olami», – olimning o‘limi olamning o‘limidur! Bu islomning buyuk hikmati emasmu?! Ilmni, olimni bundan ortiq qadrlash bormu, ro‘yi ochunda?! Musulmon uchun bundan oliy, bundan sharafliroq vazifa yo‘qtur. Inson zakosi yengilmasdur!
QOZIKALON: Ammo siz yengilib o‘tiribsiz!
ULUG‘BEK: Men hali yengilganim yo‘q!
QOZIKALON: Ammo bunday kayfiyat bilan g‘olib bo‘lolmassiz!
ULUG‘BEK: Agar o‘g‘lim meni mag‘lub etsa, podshohni, otasini yenggan bo‘ladi, minba’d ilmni emas!
QOZIKALON: Ammo sizning mag‘lubiyatingiz baribir ilmning mag‘lubiyatidur. Axir, ul qanday ilmki, sohibiga ko‘mak berolmasa, qudrat berolmasa. Siz zij tuzib, ming o‘n sakkiz yulduz holatini mutammakkin etdingiz. Ammo hozir sizga ular emas, ming o‘n sakkiz navkar foydaliroq, yolg‘iz ular ko‘mak bera olgay!
ULUG‘BEK: Haq gapni aytdingiz! Hozir menga na yulduzlar, na kitoblar yordam bera oladi. Ammo baribir olamda adolat, ma’rifat, haqiqat qaror topgusidur! Alloh insonni ulug‘ qilib yaratmish, bunga misol: maloiklarning unga ta’zim qilganlari. Ammo bugun ham johillar bamisli Iblis yanglig‘ inson oldida, uning tafakkuri oldida bosh egishni istamaslar! Ular yolg‘iz Iblis ko‘zlaridan taralgan sovuq shu’lani tan olurlar!
QOZIKALON: Davlatpanoh, bu yerda turib aytilgan so‘zlar davlatingiz mustahkam bo‘lsun degan niyatda aytildi. Ani qabul qilish ham, rad etish ham humoyun haddingizga havola!
ULUG‘BEK: Mavlono Muhammad Miskin, agar bizning haddi-mizda bo‘lsa, bilingiz: terimni shilib olsalar roziman, ammo haqiqatni, ilmni badnom etmoqqa rozi emasman!
QOZIKALON: Bu gaplarni aytishdan murod saltanatni sizga olim deb emas, podshoh deb berib qo‘yilganini unutmaslikni eslatmoqdur, a’lohazrat.
ULUG‘BEK: O Xudoyim, yelkamdagi bu yuk qachon yengillasharkin? Qachon?!
Ko‘kaltoshim… amir Vafodor menga xiyonat qilmish… O‘tgan tunda Abulxayrxon huzuriga qochib borayotganida sarhadda turgan navkarlar tomonidan qo‘lga olinmish…Xoja Nizomiddin!..
DEVONBEGI: Hozir Ko‘ksaroy zindonidadur. O‘z aybini ochiq bo‘yniga olibdur.
QOZIKALON: Vafosizliq qadar qabih badnomlik yo‘qtur!
ShAYXULISLOM: Tangri bir – ahdu paymon bir! Ahdga vafosizliq qilganni jazosiz qoldirmang.
QOZIKALON: Tuz haqini unutganni Allohning o‘zi ham jazosiz qoldirmagay…
ULUG‘BEK: Jazo ham, hukm ham sizlardan… Agar u baxtiqaroga najot yo‘li bo‘lsa, o‘sha yo‘lini; agar najot chorasi yolg‘iz jazo bo‘lsa, o‘sha chorani ham aytingiz.
ShAYXULISLOM: Siz o‘zungiz ko‘kaltoshingiz bila so‘zlash-dingizmu?
ULUG‘BEK: Yo‘q, men unga yuzma-yuz bo‘lmoqni istamaymen. Ko‘z-ko‘zga tushganda uni ayayman deb qo‘rqamen. Shul sababdan hukmni ham siz aytingiz. Sizning hukmingiz adolatli bo‘lgay!
QOZIKALON: Isyonchining ham, xiyonatchining ham jazosi hamisha o‘lim bo‘lgan! Shariati Mustafoning talabi shu!
ULUG‘BEK: Demak hukmingiz: o‘lim!
QOZIKALON: O‘lim!
ULUG‘BEK: Xoja Nizomiddin, siz ayting!
DEVONBEGI: Sohibqiron bobongiz: «Yolg‘iz xiyonatnigina kechirmang!» deganlarini unutmang, demishlar, davlatpanoh.
ULUG‘BEK: Shayxulislom janoblari, siz nima deysiz?
ShAYXULISLOM: Men ham bobongiz hikmatini ayturmen. Ulug‘ sohibqiron aytganlarki: «Biror kishiga nisbatan qanchalik qahrlanma, yuragingda uni avf etmoq istagi bo‘lmasa – sen podshoh emas, oddiy jallodsan, xolos. O‘ldirish yo jazolash emas, podshohlarning kasbi avf etmoqdur».
ULUG‘BEK: Naqadar dono so‘zlar!
QOZIKALON (Shayxulislomga): Bu hikmatni qay maqsadda aytganingizni angladim, taqsir. Ammo Abdullatif mirzo isyoni-yu, amir Vafodor kirgan vafosizlig‘ yo‘lining oldini olish uchun avf lozimmu? Amir Vafodorni qatl etmak bila shahzodani insofga chaqirishni o‘ylaylik! Hammaning ko‘z o‘ngida osib o‘ldirish kerak, tokim har badniyat ko‘rub dahshatga tushsun!
ULUG‘BEK: O‘g‘limnimu yoki amir Vafodornimu?
QOZIKALON: Davlatingiz qonun-qoidalari oldida shohu gado barobardur, a’lohazrat!
ShAYXULISLOM: Ma’lumingizkim, Ibrohim sallollohu alayhi Alloh yo‘lida farzandi bo‘lmish Ismoil alayhissalomni qurbon qilmoqchi bo‘lganlarida Alloh taolo uning tig‘ini qaytargan.
QOZIKALON: Taqsir, bu ishni Xudo yo‘lida emas, saltanatning barqarorligi uchun qilmoq joizdur. Agar shunday bo‘lmasa, saltanat ham, raiyat ham ofat changalida qolgusidur.
ShAYXULISLOM: Har narsa Allohga ma’lum, har narsa Alloh taolo ilkida!
QOZIKALON: Hal qilishni Allohning o‘zi sizu bizga topshirgan ishlar ham bor!
ShAYXULISLOM: Haqqast rost, taqsir. Ammo siz aytganingiz bo‘lmaydi. Islom podshohiga o‘g‘il o‘ldirgan, ko‘kaltosh o‘ldirgan degan dog‘ tushadi.
QOZIKALON: Davlatpanoh, shunday yo‘rig‘ topmoq kerakkim, saltanatingiz parchalanmasun, farzandingiz isyon yo‘lidan chekinsun! Ammo amir Vafodorni baribir jazosiz qoldirib bo‘lmaydi.
ULUG‘BEK: Nima qilay?.. Ayting!
QOZIKALON: O‘limga topshiring!
ShAYXULISLOM: Taftish qilmoq kerak!
DEVONBEGI: O‘lim!
ULUG‘BEK: O‘lim?!. Ha, o‘lim!.. Men bu hukmni tasdiq etaman va minba’d o‘zgartirmasman! Agar o‘zgartirsam, podshohlik og‘ochiga o‘zum bolta urgan bo‘laman, yana bir karra o‘z ojizligimni tan olgan bo‘laman!..
Menga bunday qarama, Ali. Sen meni amir Vafodorni o‘limga buyurdi, deb o‘yladingmu? Yo‘q, Ali, men xiyonatni o‘lumga buyurdim, xiyonat yo‘liga kirgan nodon farzandimni insofga chaqirmoq uchun shunday qildim!
ALI QUShChI: Ammo siz hamisha «Men zolim emas, olim podshoh bo‘lmoqni tilaymen!» der edingiz-ku, ustoz?!
ULUG‘BEK: Ammo taxt olimniki emas, zolimniki ekan, Ali! Men yengildim, Ali, yengildim. Zolimlik olimlikni mag‘lub etdi. O‘limni najot deb bilganim uchun mag‘lub bo‘ldim, Ali!
Sen menga bunday qarama… Munglig‘ ko‘zlaringni yerdan uz, mendan-da uz, osmonu falakka tikil, Ali… Yulduzlarga tikil. Bo‘lmasa sening yuraging ham xuddi menikidek tosh qotadi, shunda sen ham o‘limni najot deb o‘ylaysan. Yo‘q, ket bu yerdan, ket, Ali… Munglig‘ ko‘zlaringni olib ket…

(Ali Qushchi chiqib keta boshlaydi.)

ULUG‘BEK: Yo‘q, to‘xta… To‘xta, Ali, meni yolg‘iz qoldirma! Hazrat Sa’diy «Yo podshohlik qil yoki odamlik» deganida haq ekan, jigarim! Haq ekan!

( Tashqarida shovqin ko‘tariladi.)

ULUG‘BEK: Nima gap? Nima shovqin?

(Devonbegi tashqariga chiqadi.)

ULUG‘BEK: Nahot bizdan meros bo‘lib avlodlarga yolg‘iz adovat qolg‘ay?! Nahot podshohlar hayotining tub mag‘zi – toju taxt hirsi, zindon, kishan, fitna, quvg‘in, qatag‘on bo‘lsa?! Nahot sohibqiron bobom yaksarhad etgan mamlakat bizdan keyin yana parcha-parcha bo‘lgay?!
ShAYXULISLOM: Mamlakatni bahodur o‘g‘lonlar to‘kkan qonlar birlashtirgay!
QOZIKALON: Mamlakatni ayovsiz to‘kilgan xiyonatkorlar, qo‘rqoqlar, fitnachilar qoni, shu tufayli yuzaga chiqqan dahshatu qo‘rquv birlashtirgay, shunda uni na o‘t, na suv buza oladi!
ULUG‘BEK: Mamlakatni adolat, yolg‘iz adolatgina birlashtirgay!

(Devonbegi qaytib kiradi.)

ULUG‘BEK: Nima gap, Xoja Nizomiddin?
DEVONBEGI: Amirlar keldilar. Avzoyilari buzuq, kayfiyatlari sovuq… Amir Vafodorning volidasi ham huzuringizga kirmoq tilaydi.
ULUG‘BEK: Sho‘rlik enagam!
ShAYXULISLOM: Enagangiz xiyonatkor farzandiga imdod tilab kelgan ekan, hukm aytildi! Amirlar ra’ini biling, ularning arzini tinglang.
ULUG‘BEK: Sho‘rpeshonaga nima deyman?!
QOZIKALON: Xiyonati uchun o‘lumga buyuruldi, deysiz, davlatpanoh, xiyonati uchun!
DEVONBEGI: Amirlar kelsunlarmu?
ULUG‘BEK: Yo‘q, enagamni olib kiringiz… Meni yolg‘iz qoldiringiz…

( Hamma chiqib ketadi. Amir Vafodorning onasi kiradi.)

UChINChI KO‘RINISh

MIRZO ULUG‘BEK VA ONA

ULUG‘BEK: Poyqadamingiz bosh ustiga, ona…
ONA: Alloh sizni panohida asrasun, podshohim!
ULUG‘BEK: Podshohim demangiz, bolangizman. Omon bormusiz, ona?
ONA: Yurt tinchmu, shoh o‘g‘lim?
ULUG‘BEK: Tinch, ona, tinch… Faqat…
ONA: Yurt tinch – onalar tinch, shoh o‘g‘lim… Ishonchim sizdan, yolg‘iz umidim sizdan… U dunyoyu, bu dunyo sizdan roziman…
ULUG‘BEK: Axir, siz hali… Nega bu yaqin orada saroyga kelmadingiz?
ONA: Podshoh bolam, men endi saroyga zinhor qadam bosmayman. Balki bu so‘nggi kelishimdur…
ULUG‘BEK: Yo bizdan ko‘nglingiz qoldimu? Garchi bunga sabab ham bordur.
ONA: Sizdan emas, hokimiyat deb atrofingizda tunu kun zahar sochgan ilonlardan ko‘nglimni oldirib qo‘ydim. Sizni tez-tez ko‘rgim keladi, ammo bezovta qilishga haddim sig‘maydi.
ULUG‘BEK: Qadamingiz hamisha boshimiz ustiga, ona!
ONA: Podshoh o‘g‘lim, bobongiz xizmatini qilgan ne-ne bahodurlar, bibingiz dargohini to‘ldirgan ne-ne oqilalar olamdan o‘tdilar. Ulardan yolg‘iz men qoldim… Yoshim saksonga yetganda, umrimning eng taxir davri boshlangay deb o‘ylamagan edim…
ULUG‘BEK: Nechun, ona, nechun?
ONA: Shuncha yil umr ko‘rganim avval xudoyimdan, soniyan sizning farzandlik mehringizdandur. Lekin endi boshingizga tushgan falokatni eshitib qon yig‘layman. Axir, bolam, ota-bola xusumatida g‘olib taraf bo‘lgaymu? Qaysi tomon yengilsa, qaysi tomon g‘olib kelsa ham baxtsizlik keltirmagaymu?
ULUG‘BEK: Axir, bu noqobil o‘g‘il muomalaga ko‘nmasa, nima qilay?
ONA: Noqobil o‘g‘il… Noqobil o‘g‘il haqida gapirib bag‘rimni kuydirmang, ular haqida keyin aytamen… Hozir men siz haqingizda gaplashishga keldim, bolam.
ULUG‘BEK: Men haqimda?.. Men haqimda hamma gapni bilasiz-ku, ona!
ONA: Bilaman, podshoh bolam, bilaman. Chap yelkangizda qaro xol borligini bilaman. O‘ng qoshingizda bilinar-bilinmas chandiq izi – qilichbozlikdan nishona borligini bilaman… Aql-idrokingiz el-ulusga nima berganini bilishni istaymen!.. Bibingiz bilan sizni mudom zolim podshoh emas, olim podshoh bo‘lishingizni niyat qilar edik… Bibingiz niyatlarini ko‘rolmay, olamdan o‘tib ketdilar, shukur, men ko‘rdim… Ammo, shoh o‘g‘lim, ko‘nglimning bir chetida sizning kamolingizdan faxrlanish hissi bo‘lsa, bir chetida…
ULUG‘BEK: Gapiring, ona, gapiring… Bir chetida nima?
ONA: Bir chetida mana shu kamolot yo‘lida siz bergan, berayotgan, berishga majbur bo‘lgan qurbonliklar haqligiga shubham bor!
ULUG‘BEK: Shubha?! Nega, ona?.. Siz qanday qurbonliklar haqida gapirasiz?
ONA: Osmonni kuzataman deb yerda bo‘layotgan ko‘p narsalardan bexabar qolmadingizmu, bolam?.. Yana bilmoqchiman, onalar yuragi iztirobdan ingraydi-yu, nega hokimiyat hirsidan mast farzandlar yuragida rahmu shafqatdan asar yo‘q? Aytingiz, podshoh bolam, nega sizga xiyonat qiladilar – podshoh bo‘lganingiz tufaylimu yoxud olim bo‘lganingiz uchun?
ULUG‘BEK: Ular menga emas, insoniylikka xiyonat qiladilar. Ular jaholat bilan chiqisholmaganim, vahshiylikni rad qilganim uchun, insonga ato etilgan ilohiy aql tuhfalari ila el-ulusni bahramand qilmoqchi bo‘lganim uchun xiyonat qiladilar.
ONA: Bunday tuban g‘arazga toju taxt sabab emasmi, bolam?
ULUG‘BEK: Ha, ona, haqqast rost!
ONA: Shunday ekan, toju taxt deb o‘zingizni qurbon qilishingiz ravomu?
ULUG‘BEK: Oh, onajon, bu toju taxt yuki yelkamni qanchalik ezayotganini bilsangiz edi! Uni xoinu johillarga topshirsam, balki o‘zumni qutqarurman… Ammo el-ulus, butun mamlakat jaholat domiga tushishidan qo‘rqaman. Bostirib kirgan yog‘iyni haydab chiqarmoq uchun yillar kerakdur, ammo jaholatni yengmoq uchun necha zamonlar lozim bo‘ladi. Taxtda o‘tiribmankim, tinim bilmay g‘araz bilan, jaholat bilan, zulmu adovat bilan olishaman, jang qilaman! Ammo dahshati bu emas… Eng dahshati zulmga qarshi zulm qilmoqdur!
ONA: Men ham shunday qildim, bolam, men ham…
ULUG‘BEK: Siz nima qildingizki, zulm bo‘lsa… Siz mehrdan yo‘g‘rilgansiz…
ONA: Oh, bolam…
ULUG‘BEK: Yillarkim, mana shu mehru oqibat, muhabbat panohida orom olmoq bo‘lamanu bahramand bo‘lolmayman… Muhabbat ham, sadoqat ham qon bilan bo‘yalgan, otaning ham, farzandning ham yuragiga ana shu shafqatsizlik changali botgan…
ONA: Onaning ham…
ULUG‘BEK: Yo‘q, onajon, yo‘q, ona yuragi hamisha beg‘ubor, hamisha shafiqu mehribon… Men nima qilishimni bilmay qoldim, onajon… Bunday ro‘yisiyohliklarni ko‘rishdan jangu jadalda izzatona o‘lim topsam yaxshi emasmidi?
ONA: Unday demang, bolam, unday demang! Siz avval mening yoshimga yeting… Keyin o‘limni o‘ylaysiz…
ULUG‘BEK: Bu o‘tkunchi dunyoga hech kim ustun bo‘lolmagan. Dorulbaqo chorlamoqda meni, ona!
ONA: Niyatni yaxshi qiling, shoh o‘g‘lim!.. Ilohim, ota-bola ikkovingiz ham ketimda qolingiz, dog‘laringni ko‘rgulik qilmasun… Mening dog‘im o‘zumga yetarli… Mening dog‘im yuragimning ich-ichida. Farzand dog‘i sizni emas, meni o‘ldursin. Hammasini o‘zimga oldim, bolam, o‘zimga oldim…
ULUG‘BEK: So‘zlaringiz g‘alati, ona, anglamoq mushkul…
ONA: Anglamaganingiz, yaxshi, bolam, anglamaganingiz… Balki mendan nafratlanarsiz, mendan yuz o‘gurarsiz…
ULUG‘BEK: Nechun unday deysiz? Siz menga qilgan yaxshiliklar uchun nafratlanaymu? Sizga doim farzanddek oqibat ko‘rsatish niyatidaman…
ONA: Menga qilgan inoyatlaringiz bir farzand oqibatidan ustun. Bergan oq sutimdan mingdan-ming roziman. Ammo o‘g‘lim…
ULUG‘BEK: Vafodor…
ONA: Vafodor… men undan judo bo‘ldim.
ULUG‘BEK: Vafodor hali zindonda… Uning jazosi o‘lim deb topildi… Ammo men… bergan oq sutingiz hurmati…
ONA: Yo‘q, bolam, yo‘q!.. Bergan oq sutimni xiyonatga almashmang. U qaro etgan sutimni o‘rtaga solmang…
ULUG‘EK: Hali taftish qilurman… Aybi bo‘lmasa, isbot keltirsa, ozod qilurman…
ONA: U ozod bo‘ldi…
ULUG‘EK: Kim ozod bo‘ldi? Kim, ona?
ONA: U ozod bo‘ldi… O‘g‘lim ozod bo‘ldi…

(Ona yig‘lab yerga cho‘kadi. Xuddi shu palla Devonbegi hovliqib kiradi.)

DEVONBEGI: Davlatpanoh, mudhish xabar!
ULUG‘BEK: Tag‘in nima bo‘ldi?
DEVONBEGI: Amir Vafodor…
ONA: Oh, bolam!..
ULUG‘BEK: Amir Vafodorga nima bo‘ldi?
DEVONBEGI: Xudo rahmat qilsin!
ULUG‘BEK: Vafodor…
DEVONBEGI: Uni zaharlabdilar…
ULUG‘BEK: Kim? Qachon? Kim bu ishga jur’at etdi! Shoshilinch taftish boshlang! Soqchilarni qiynoqqa solib ersa-da, bu ishni kim qilganini aniqlang!

(D yevonbegi onaga tikiladi, nima deyishni bilmay taraddudda qoladi.)

ULUG‘BEK: Nega turibsiz? Amrimni eshitmadingizmu? Boring, yer tagidan bo‘lsa ham qotilni topib bu yerga keltiring!
ONA: Shoshmang, podshohim… shoshmang, bolam… Soqchilarni qiynoqqa solishga shoshilmang! Vafodorni… bolamni… men o‘zim… o‘zim…

(Ulug‘bek unga ajablanib qaraydi…)

ULUG‘BEK: Nima?.. Nima dedingiz, onajon?!.
ONA: Vafodorni… men o‘zim o‘ldirdim. Mana shu qo‘llarim bilan unga ovqat pishirdim, mana shu qo‘llarim bilan zahar soldim.
ULUG‘BEK: Yo Allohi Karim, bu qanday yozug‘ing bo‘ldi?!.
ONA: Yolg‘iz tilab olgan o‘g‘lim… Bag‘rimdan ko‘chgan bolam… Bu azobga davo bormu, bolam?.. Bibingizga qay yuz bilan ro‘para bo‘lgayman?!. Nahotki zulmning jazosi faqat zulm bo‘lsa?!.
ULUG‘BEK: Nechun?.. Nechun bunday qildingiz, ona?
ONA: Nima qilay edim, bolam? Og‘asi bo‘lmish sizga, yurtiga, tuz-namak bergan xonadonga xiyonat qilgan, ota-bobosi tuprog‘ini yog‘iyga sotmoqchi bo‘lgan farzand jonini tilab yalinay edimu?
ULUG‘BEK: Bu ishni qilmang edi, ona!
ONA: Bilaman, bolam, bilaman, hatto ilonlar ham bolalarini o‘lumdan qutqarmoq uchun oyoqlar ostiga sudralib boradilar. Hatto yirtqich bo‘ri ham o‘z bolasiga o‘lim tilamaydi. Ammo men… men… men…
ULUG‘BEK: Bu qandoq hol, qandoq ahvol bo‘ldi, onajon?
ONA: Nabiralarim saltanat sarhadlarida jonfidoyilik qilib turibdilar. Ular otalari qilmishini bilmasinlar, betlari qaro bo‘lib turmasinlar deb shunday qildim! Bolam sharmanda bo‘lmasun, jallod qo‘lida o‘limdan qo‘rqib talvasaga tushmasun, hech bo‘lmasa o‘lumini qo‘rqmay kutib olsun deb shunday qildim, bolam! Axir, hayot yolg‘iz nafas olishdan iboratmu, sharmandalikdan o‘lum afzal emasmu?!. Ammo men qilgan ishni siz qilmang… O‘g‘lingizni avf eting… avf eting… Oh, bag‘rimdan ko‘chgan bolam!

IKKINChI PARDA

TO‘RTINChI KO‘RINISh

Birinchi ko‘rinishdagi manzara. Sahnada shahzoda Abdullaziz paydo bo‘ladi, ko‘zlari bezovta chaqnaydi, ruhi parishon.

ABDULLAZIZ: Qayerga bormayin, hamma: «Podshoh bo‘lasanmi? Podshoh bo‘la­sanmi?» deb shivirlayotganday… Yolg‘iz qolsam ham kimdir «Sen podshoh bo‘lasanmi?» deb aytganday bo‘ladi. Qulog‘imga tinmay shu so‘zni aytadi. Hadeb shu gapning o‘zi takror bo‘lgani bo‘lgan:
Yo‘q, men valiahd bo‘lishni ham istamayman, podshoh ham… Qo‘rqaman… Abdullatif baribir terimga samon tiqadi. Sog‘ qo‘ymaydi…

(Ulug‘bek kiradi, bir muddat o‘g‘lining holatini kuzatadi. )

ULUG‘BEK: Abdullaziz! Nelarni pichirlaysan? Nechun rangingda rang yo‘q?
ABDULLAZIZ: Padari buzruk!

(Abdullaziz yugurib kelib, tiz cho‘kib otasining‘ etagini o‘padi. Ulug‘bek uni ko‘tarib, ko‘zlariga tikiladi.)

ULUG‘BEK: Nechun buncha titraysan? Nechun yuragimga dahshat solasan?
ABDULLAZIZ: Padari buzruk, men valiahdlikni minba’d istamayman! Abdullatif valiahd bo‘la qolsun! U baribir meni o‘ldiradi! U sizni ham sog‘ qo‘ymaydi…

(Ulug‘bek jahl bilan Abdullazizni o‘zidan itaradi.)

ULUG‘BEK: Ne deding, badbaxt?!. Aqling mahzunligini bilardim… Ammo bunchalik ojizligingni bilmagan ekanman!
ABDULLAZIZ: Otajon, tavallo qilaman, Abdullatif valiahd bo‘lsun!.. Shunday qilmasangiz, u baribir payt poylab…
ULUG‘BEK: U senga og‘a bo‘ladi-ku, padarqusur!
ABDULLAZIZ: Valiahd deb tan olinganini eshitsa, balki yo‘lidan qaytar, padari buzruk?!
ULUG‘BEK: Evoh, peshonam shunchalar qaromu?!.
ABDULLAZIZ: Har safar Hirotdan Samarqandga kelganda, mendan ko‘z uzmay, bigiz qilib sanchgani-sanchgan edi. Valiahd bo‘lganimdan keyin esa ko‘zlaridagi bigiz xanjarga aylandi. Bu xanjar tunu kun qonimni tilaydi.
ULUG‘BEK: O‘zungni tut, shahzodai valiahd!
ABDULLAZIZ: Men undan qo‘rqaman, padari buzruk!
ULUG‘BEK: Besh o‘g‘lonimdan ikkingiz qoldingiz. Ammo netaykim, biringiz xiyonatkor, biringiz qo‘rqoq! Bir-biringizga suyanib ish ko‘rasiz degan umidim bor edi!
ABDULLAZIZ: Meni valiahdlikdan xalos eting, otajon! Mendan rahmu shafqatingizni ayamang… U meni o‘ldiradi!..
ULUG‘BEK: Adashgan ekanman! Zaifliging tufayli erkalay-erkalay seni shu holga solgan men o‘zum! Abdullatif mendan uzoqda o‘sdi… Mehru e’tiborni o‘zgalardan oldi va o‘zi ham o‘shalarniki bo‘lib qoldi. Buni angladimu seni… qanchalik muruvvat qilsam, shunchalik meniki bo‘lasan deb yonimdan jildirmadim. Ammo, netaykim, bu safar ham adashibman!
ABDULLAZIZ: Men sizni jonimdan ortiq yaxshi ko‘raman, otajon!
ULUG‘BEK: Agar shunday bo‘lsa, o‘zingni tut! Mening yonimda tur, shijoatli bo‘l!
ABDULLAZIZ: Ammo Abdullatif…
ULUG‘BEK: Abdullatif ham insofga kelar, o‘g‘lim.

(Devonbegi kiradi.)

DEVONBEGI: Shayxulislom bilan qozikalon sizga muntazir. Kelsinlarmu?
ULUG‘BEK: Chorlang.

(Devonbeg‘i chiqadi.)

ULUG‘BEK: (Abdulazizga) G‘aribligingni ko‘rmasunlar. Bor, ularning ko‘ziga ko‘rinma…

(Abdullaziz shoshib chiqadi. Devonbegi Shayxulislom, Qozikalon, Ali Qushchini boshlab kiradi.)
BEShINChI KO‘RINISh

Ulug‘bek, Shayxulislom, Qozikalon, Devonbegi, Ali Qushchi

ShAYXULISLOM: Shunday qaltis vaziyatda bir qari xotun bilan bebaho vaqtingiz hayf ketmadimi, a’lohazrat?
ULUG‘BEK: Siz qari xotun deganingiz bibim Saroymulkxonim bila meni tarbiya qilgan, oq sut bergan enagam bo‘ladi. Men uning idroki, uning jasorati qarshisida ojizligimni sezdim, so‘zlaridan hikmat uqdim.
QOZIKALON: Ammo sizning bu tadbiringiz amirlarni ranjitganga o‘xshaydi. Alarni emas, xiyonatkor amir Vafodorni tuqqan xotinni tinglaganingiz amirlarga og‘ir botdi, a’lohazrat!
ULUG‘BEK: Dini islomiya payg‘ambari: «Avval onangga javob qil» deganlar. Shu sababdan men dastavval onaga javob qildim, qozikalon janoblari! Siz aytmoqchi, bu qari xotin eng avvalo Onadur. Yolg‘iz xiyonatkor o‘g‘liga emas, menga ham onadur! Yana angladimki, u jasoratga ham onadur! Siz aytgan o‘sha diydiyolar, uning ko‘zlaridan oqqan achchiq ko‘zyoshlar shul Vatan diydiyosi, shul Vatan ko‘zyoshlaridur… Ko‘ksidagi og‘riqlar shul Vatan iztiroblaridur, uning tilidan ko‘chgan la’natlar shul Vatan qarg‘ishlaridur, duolari esa shu yurt duolaridur! Amir Vafodor menga xiyonat qildimi, yo‘q, eng avval mana shu onaga xiyonat qildi! Shu sababdan ham uni shu ona jazoladi!
DEVONBEGI: Ammo… ammo amirlar bag‘oyat ranjidilar, biz kerak bo‘lmay qoldikmu, dedilar!
ULUG‘BEK: Yana nima dedilar?
DEVONBEGI: Ular kengashu mashvarat qilishning vaqti o‘tdi, endi ishning natijasi yolg‘iz qilich bilan bo‘lgay, deb siyosat qilmoqdalar.
ULUG‘BEK: Sohibqiron bobomizning «Davlat ishlarining to‘qquz ulushi kengashu tadbir, qolgan bir ulushi esa qilich bilan bajo keltirilgay» degan hikmatlarini unutdilarmu?
QOZIKALON: Davlatpanoh, ammo hozir davlat ishining to‘qquz ulushi xavf ostida, qolgan bir ulushi ham qilich himoyasig‘a muhtojdur!

(Oraga sukunat cho‘kadi. Nihoyat Ulug‘bek «chorlang» degandek Devonbegiga ishora qiladi. Devonbegi chiqib, amirlar: Bobo Husayn Turkistoniy, Sultonshoh Barlos, Shoh Vali, Mironshoh qavchinlarni boshlab kiradi.)

OLTINChI KO‘RINISh

Ulug‘bek, Devonbegi, Shayxulislom, Qozikalon, Ali Qushchi, Amir Bobo Husayn Turkistoniy, Sultonshoh Barlos, Amir Shoh Vali, Amir Mironshoh Qavchin

ShOH VALI: Yaratgan egamdan Iskandari zamon bo‘lmish sultonimiz Ulug‘bek Ko‘ragon hazratlariga inoyatlar, davlatlariga omonlik tilaymiz!
ULUG‘BEK: Amir Shoh Vali, muddaoga o‘tingiz…
ShOH VALI: Biz, bizning ota-bobolarimiz ulug‘ jaddingiz sohibqiron Amir Temur Ko‘ragon hazratga, ul beqiyos zot avlodlariga, shul qatorda sizga, eng avvalo sizga sadoqat bila xizmat qilganlar, xizmat qilyapmiz. Saltanat istinodi ham…
ULUG‘BEK: Maqsad, amir shoh Vali, maqsad?!.
ShOH VALI: Bosh ustiga, olampanoh!.. E’zozu ikromning, siylashlarning ham cheki bor. Mirzo Abdullatif haddidan oshdi, ko‘ngli taxt tusab qoldi, fikri buzuqliqqa yuz tutdi. Siz esa unga pandu nasihat, maktub yo‘llashdan boshqa chorani ko‘rmaysiz… Ikkilanasiz!
SULTONShOH: Ikkilanish bo‘lajak mag‘lubiyatdur, podshohim!
MIRONShOH: Tuqqon otaga qo‘l ko‘targan farzand farzandmi, a’lohazrat? Andoq farzand bahridan o‘tgan yaxshi, boridan-yo‘g‘i durust!
ShOH VALI: Fikri buzuq shahzoda shiddat bila bostirib kelmoqdadur. Qo‘lida qilichi yalang‘och. Qilich ko‘targan odam esa bahona qidirmaydi. Yo o‘ldirsalar, yo bandi etsalar, to‘xtaydi, xolos…
QOZIKALON: Mirzo Abdullatif ehtiyotkorlikni bilmaydigan, serzarda, dag‘al yigit, or-nomusi ham o‘ziga yarasha. O‘ylamay-netmay ish tutadi. Necha marta ani Balxdan ixroj etmak lozimligini goh ishora, goh ochiq, yashirmay fahmingizga yetkurgan edik. Tinglamadingiz! Hatto raqiblaringiz bila yashirin til biriktira boshlaganini bilib ham, ko‘rmaganga oldingiz!
ShOH VALI: Emdi shuncha gapdan keyin ham bizning qo‘l qovushtirib o‘ltirganimiz to‘g‘ri kelmas, podshohim!
MIRONShOH: Sizning taraddudingizni ojizlik alomati deb bilgan ayrim amirlar Samarqandni xufiya tark etib, shahzoda huzuriga ketmoqdalar.
ULUG‘BEK: Nima qil deysiz?
ShOH VALI: Gumroh shahzodani to‘xtatmoq, adabini bermoq kerak!
ULUG‘BEK: Xoja Nizomiddin, siz ayting…
DEVONBEGI: Maktubni kecha jo‘natmoq zarur edi. Endi…
QOZIKALON: Yana maktub! Pandu nasihatning vaqti o‘tdi, davlatpanoh!
SULTONShOH BARLOS: Quturgan sher kabi bosib kelayotgan shahzodag‘a so‘z kor qilariga inonurmisiz!
ULUG‘BEK: Agar adolat bila ish tutsak kor qilgay!
MIRONShOH: Quturgan daryoni band bilan, quturgan tuyani kamand bilan, quturgan dushmanni jang bilan to‘xtatarlar, adolat bilan na daryoni, na dushmanni, hatto na tuyani to‘xtatib bo‘ladi. O‘g‘lingizni ham yolg‘iz qilich to‘xtatishi mumkin!
ShOH VALI: Huzuringizga davlatingiz omonligi deb keldik, podshohim! Oqpadar shahzoda…
ULUG‘BEK: Men hali o‘g‘limni oq qilganimcha yo‘q…
ShOH VALI: Abdullatif mirzo sizni toju taxtdan soqit qilib, o‘zi podshoh bo‘lmoqchi! Ota tirik ekan, qachon o‘g‘il podshoh bo‘lgan? Biz bunga aslo yo‘l qo‘ymasmiz! Biz sizning sadoqatli amirlaringizmiz. Shundoqmu?!
MIRONShOH: Ha, taqsir, shundoq! Biz bu yerga sizni deb keldik, podshohim!
ULUG‘BEK: Meni deb kelgan bo‘lsangiz bilib qo‘yingiz: men farzandim qonini to‘kishni istamasman! Yaxshisi toju taxtdan voz kechaman!
ShAYXULISLOM: Podshohim, achchiqqa erk bermang.
QOZIKALON: Aslo bundoq so‘ylamang a’lohazrat!
ULUG‘BEK: Minba’d menga bu haqda gapirmang! Agar siz…

(Ulug‘bek amirlarga yaqinlashib, ularga qattiq tikiladi.)

Agar siz o‘g‘lim bilan jang qilishni istasangiz, boringiz, jang qilingiz! Ammo meni farzandimga tig‘ ko‘tarishga majbur qilmangiz!..
Yo‘q, yaxshisi, boringiz, qochqin munofiqlar ortidan shahzoda oldiga boringiz, birgalikda boshimga kelingiz! Axir sizni bilmaymanmi? Mana siz, amir Shoh Vali, Sulton Ulug‘bek podshohliqqa yaramaydur, yo podshohlik qilsun, yo yulduz sanasun, deb suxandonlik qilganingiz yolg‘onmu?! Yoxud siz, amir Sultonshoh, o‘z farzandlarini eplolmagan kishi qandoq podshohlik qilsun, deb aytganlaringiz-chi?!
SULTONShOH: Astag‘furulloh! Podshohimizga ravshan bo‘lsunkim, bundoq majzum so‘zlar bizga tamoman yotdur. Sizning ham hukm-farmoliqda, ham ilm bobida yaktoligingiz hamisha boshimiz ustida bo‘lgan!
ShOH VALI: Sizga bunday ig‘voni yetkurgan kimsalarning niyati sodiq qulingizga tuhmat qilmoqdan o‘zga narsa emas!
ULUG‘BEK: Sizga men emas, mulk talashadigan, qilichini qiniga solmaydigan pod­shoh kerak! Maqsadingiz jangu jadal bahona davlat orttirish, hamyoningizni qap­paytirish!
ShOH VALI: Onhazrat, asossiz nadomatlar qilmang!
SULTONShOH: Allohga ming qatla shukurkim, qilichimiz zo‘ri bilan davlatingizni saqladik, xazinangizni to‘ldirdik!
ShOH VALI: Siz, podshohim, xazinani rasad xarjiga, madrasa-yu, toliblarga sarflaysiz. Saltanat asosi bo‘lmish qo‘shinni unutasiz! Oqibatda mudom talofotdasiz!
SULTONShOH: Abulxayrxon yag‘mosi tufayli mamlakatingiz vayron, xazinangiz cho‘g‘i past. Bu yoqda nomard farzand isyoni… Shunga qaramay, rasad ta’mirini o‘ylaysiz, Qohira-yu Bag‘doddan, Hindu Xitoydan qimmatbaho anjomlar, kitoblar xarid qilish bilan ovorasiz!

(Ulug‘bek yalt etib, Ali Qushchiga qaraydi.)

ULUG‘BEK: Ali, usta Abdulg‘afforni da’vat etdingizmi?
ALI QUShChI: Usta Abdulg‘affor zarur narsalar ro‘yxatini tuzmakdalar. Soniyan amringizga binoan kotiblar ham bosqin paytida o‘t ketgan kitoblarni jadal ta’mir etmoqdalar…
SULTONShOH: Yana kitob?!. Kitob bitmak, kitob o‘qimak kishini ojiz qiladur, ko‘nglini yumshatadur. Toju taxt, saltanat esa abadul-abad kuch kimda bo‘lsa, o‘shanga musallamdur. Jahongir bobongiz «Kuch adolatda!» deb aytganlarining hikmati ham shul emasmu?
ULUG‘BEK: Shon-shavkatli bobomning aytganlari kuch emas, adolat haqidadur. Har qanday kuch adolatsizdur, har qanday adolat qudratlidur – mana bobom o‘gitining asl hikmati!
Yana shuni bilingkim, amir Sultonshoh, odamlar uchun eng faxrli ish kitob bitmak, kitob o‘qimakdur. Illo, qalam yodgorligi o‘lmasdur, abadiydur! Biz ham, siz ham kun kelib bir hovuch tuproqqa aylanamiz, lekin kitoblar abadiyan odamlarga hayotni o‘rgatuvchi murabbiy bo‘lib qolajaklar!
QOZIKALON: Murabbiy deysiz… ammo, siz necha ming jild kitob o‘qigan podshohning ustiga eng dono hukamolar sabog‘ini olgan, kitobxon shahzodaning bostirib kelayotganiga nima deysiz? Yo uning murabbiysi kitob emasmu? Kitob, albatta! Ammo, boshqa kitob – mana shu zamon kitobi! Mana shu zamon aning murabbiysidur!
ShOH VALI: Davlatpanoh, dunyoning jilovi kuchning qo‘lidadur. Osmondagi yulduzlarni o‘rnidan qo‘zg‘atib bo‘lmaganidek, bu nizom ham o‘zgarmasdur! Joningizni qurbon qilgan taqdirdayam, bu dunyo, bu davr qonunlarini o‘zgartirolmaysiz!
ULUG‘BEK: Men buni anglab yetganman, amir Shoh Vali. Azal-abad kuch kimda bo‘lsa, kim inson qonini daryo-daryo oqizsa, boshqalarni qul qilsa, xo‘rlasa – o‘shani maqtaydilar. Jangu jadallarni shijoat deb biladilar, ota o‘g‘ilni, bobo nevarani o‘ldiradi, odam-odamni xo‘rlaydi, tiz cho‘ktiradi, bandi etadi – moziydan to hanuzgacha tiriklikning mazmuni, hayotning lazzati mana shunda degan hikmatlar to‘qiladi.
ShOH VALI: Aslida ham shundoq emasmu, davlatpanoh? Bularning barchasini qoralab, la’nat tamg‘asini bosishga urinish, hamma joyda xayru baraka, hamma ishda adolat bo‘lishini istamoqdan manfaat bormu? Axir, bu inson vahshiy maxluqot ekanligini, urush esa uning hayot tarzi ekanini unutgan kishilarning kasbi emasmu?
ULUG‘BEK: Demak, sizningcha haqiqiy kuch-qudrat zo‘ravonlikdami? Lekin dunyoda boshqa kuch ham bor: bu yaxshilik, bu adolat kuch-qudrati! Bunga erishish qiyinroq, murakkabroq! Ezgulik uchun, adolat uchun urushdan ko‘ra ko‘proq matonat hamda sa’i-harakat lozim.
Men kuch-qudratni, adolatni ilmda ko‘raman. Ha, amir janoblari, ilm ham adolatdur. U o‘z adolati bila so‘qir ko‘zlarga ziyo bag‘ishlaydi, johil dillardan zulmatni quvadi, xastaga davo, adashganga najot beradi.
SULTONShOH: Siz ilmu urfonda yagonasiz, shuhratingiz yetti iqlimni tutgan. Ammo shu ilmingiz, o‘zingiz aytgan kuch-qudratli, adolatli ilmingiz shahzoda qo‘shuni yo‘lini to‘sa oladimu?
ULUG‘BEK: Mening ilmim, bobolarimiz ilmi insoniyatni falokat yo‘liga boshlagan jaholat, qon va istibdod yo‘lini to‘sadi!
SULTONShOH: Onhazrat, bu gaplarni anglamoq bizlarga bag‘oyat mushkul!
ULUG‘BEK: Sizning aqlingiz faqat qilich ko‘tarmoqqa yetadimi, amir Sultonshoh!
SULTONShOH: Yetti otam haqqi, bu nadomatni kutmagan edim, davlatpanoh! Agar qilich ko‘targan bo‘lsam, davlatingiz shavkati uchun qildim. Aqlim shunga yetibdimi, Allohga shukurlar bo‘lsun! Aytmoqchi emas edim, ammo aytishga majburman: davlatingiz ravnaqi mana shu qilich zarbiga bog‘liq!
ShOH VALI: Unutmang, podshohim, tarix ham avval tig‘ bilan, keyin esa qalam bilan yoziladi. Qilichlarimiz soyasida kitoblar bitdingiz, zij tuzdingiz, rasad tikladingiz. Nafaqat siz, saf tortsalar, bir qo‘shun bo‘lg‘usi hukamolaringiz, toliblaringiz, qolaversa saltanatda bir xas borkim, barchasi mana shu qilichlar panohidadur!
Ulug‘bek butun suhbat davomida sukut saqlagan Amir Bobo Husayn Turkistoniyga qaraydi
ULUG‘BEK: Siz nechun sukutdasiz, nega kelganingizdan buyon og‘iz ochmaysiz, amir Bobo Husayn? Nega siz jimsiz, nega qilichingizni madh etmaysiz?
BOBO HUSAYN: Men qilichim zarbasini yaxshi bilaman, shahriyor!
ULUG‘BEK: So‘ylangiz, sizdek mardi maydon gapirmasa, kim gapirsun?!
BOBO HUSAYN: Amirlar qilichni ayturlar, ammo yurakni, idrokni unutib ayturlar.
ULUG‘BEK: Qilich va yurak… Qilich va idrok! Qiziq?!. So‘ylang, amir, so‘ylang…
BOBO HUSAYN: Ha, shahriyor, saltanatning xoru xasi shu qilichlar panohida, ha, tarix avval qilich bilan, keyin qalam bilan yozilgan, ha, madrasalar ham, rasad ham shu qilichlar qudrati tufayli bunyod bo‘lgan. Ammo saltanat yolg‘iz qilichlar zo‘rligi bila emas, aqlu zakovat bila barakot topajak! Qilichni ham yaratgan shu zakovat, shu tafakkur. Ammo u qilichni o‘zini himoya qilish uchun yaratgandur!
Yana shu narsa ma’lum bo‘lsunkim, qilichim yuragim amriga tobe bo‘lganidek, men ham sizning idrokingizga bosh egurman. Men Sulton Ulug‘bek Ko‘ragon davlatigina emas, uning tafakkuri ham himoyaga muhtojligini yaxshi bilaman!
ShOH VALI: Maqsaddan chalg‘idik, podshohim. Ikki yo‘ldan birini tanlamog‘ingiz shart! Yo qo‘l qovushtirib, qismatingizni o‘g‘lingiz ixtiyoriga topshirmoq. Yoinkim qilich birlan shahzoda yo‘lini to‘sgaysiz. Shu yo‘lni tutsangiz, biz sizga sadoqat bilan xizmat qilgaymiz, amringizdan zinhor bosh tortmagaymiz, nimaiki buyursangiz, «Bosh ustiga!» deyishdan nariga o‘tmagaymiz.
ULUG‘BEK: Yo bosh egib, changu g‘uborga qorishib yotmoq, yo g‘azablangan iblis ko‘zli ilon yang‘lig‘ ayovsiz nish urmoq – taqdirimda ko‘ringani shumi? Ikkisidan birini tanlashim kerakmi?
ShOH VALI: Ha, olampanoh!
ShAYXULISLOM: Podshohimizning istagi qayergacha yetsa, biz ham o‘sha yergacha borurmiz.
ULUG‘BEK: Quloq solingiz. Barchamizga dahshat solayotgan bu xavfdan men aslo chetda qolmoqchi emasman. Ha, men podshohman. Ammo men o‘sha badbaxtga otaman…
QOZIKALON: Saltanat ishida ko‘ngli bo‘shlik yaramaydi, olampanoh?!
ULUG‘BEK: Nahotki maktub jo‘natmak bilan ish bitmasa? Qalamning ishini qilich qilolmas, deydilar.
QOZIKALON: Ha, davlatpanoh, qilich kesmaganini qalam kesadi. Ammo endi kech, shahzoda daryoni kechib o‘tdi.

(Ulug‘bek Devonbegiga qaraydi. Devonbegi ham «endi kech» degandek bosh chayqaydi.)

ULUG‘BEK: Nahotki, kech… Nahotki?!.
ShOH VALI: Lochinning ucharga madori qolmasa, chumchuqqa masxara bo‘lgay. Davlatpanoh, haddidan oshgan shahzodaga kuch-qudratingizni ko‘rsatib qo‘ying. Hali qilichingiz o‘tkir.
ULUKBEK: Qilichim o‘tkir bo‘lsa-da, o‘z sopini kesolmagay, amir!
MIRONShOH: Ammo bir qinga ikki qilich sig‘mas, a’lohazrat!
ShOH VALI: Yarani silab-siypamaslar. Tig‘ bila kesib tashlaydilar. Shunday qilmasalar, u butun vujudni zaharlashi mumkin. Shahzodaga so‘z kor qilmas, tig‘ kifoya!
SULTONShOH: Xalqning «Shamol kuni chaqirma, zoye ketar ovozing» degan hikmati bordur. Endigi pandu nasihat zoye ketgan ovozingiz bo‘lgay!
ULUG‘BEK: Axir, butun umrim shamol ichida kechdi-ku, amir Sultonshoh! Shamol to‘xtaydigan kun bormu o‘zi bu zamonda?!. Siz ham shu fikrdamisiz, amir Bobo Husayn?!
BOBO HUSAYN: Men ham jang qilmoq fikridaman, ammo yolg‘iz Abdullatif mirzo adabini bermoq maqsadida emas, bundoq isyonlarga yo‘l qo‘ymaslik, Vatanni qaro kunlardan asrash maqsadida!
ULUG‘BEK: Butun tarix oldida, butun el-ulus oldida, do‘stu dushmanga masxara bo‘lub, sharmandaligu tavqi la’natni bo‘yinga olib, ota-bola toju taxtni deb maydonda yoqa bo‘g‘ishamizmu? Xusumat, adovatu ta’ma deb bu muborak zaminni qonga bo‘yaymizmu?
ShOH VALI: Xiyla nohaq qon to‘kilur, ammo iloj yo‘q!
BOBO HUSAYN: Behuda qon to‘kmakdin gunohi azim yo‘q! Ammo jang qilib isyon yo‘lini to‘smasak, qo‘l ostida miltirab turgan boshqa buzg‘unlik gulxanlari ertaga yong‘inga aylanur!
ULUG‘BEK: Xiyla nohaq qon to‘kilur deysiz, amir Shoh Vali?! Siz uchun bu mardonalik, qahramonlik, ammo men uchun yuzsizlikdur. Vaqt g‘animat deb butun yomonliklarni namoyon etishga oshiqmangiz! Adolat uchun hali muddat bor! O‘g‘limning qilichi bo‘ynimga urilguncha muhlat bor!
ShOH VALI: Xiyla qon to‘kilur deganimni malomat qilmang, olampanoh! Axir, dunyoning o‘zi qatli om maydoni-ku?! Har bir daqiqada o‘nlab, yuzlab, minglab odamzot abadiyan ko‘z yumib turishini nahotki bilmasangiz?! Buning uchun kim aybdor? Arsai ofoqning har bir siqim tuprog‘i qotillik qonini shimgan, saltanat, podshohlik borkim, devori qon… inson qoni bilan qorilgan! Bu oqsoch dunyo qismat daftariga o‘z hikoyalarini qon bila uzluksiz yozib turadi. Butun olam bo‘ylab yugurgan qon daryolari siqilgan anor suvlari yanglig tomchi-tomchi bo‘lib hayot kosasiga to‘xtovsiz quyulib turadi.
ULUG‘BEK: O, amir Shoh Vali, so‘zlaringiz butun fikru xayollarni, butun atrofni qonga bo‘yaydi! Inson o‘z qoniga botgani sayin, iblisning dahshatli qahqahasi, istehzoli kulgusi shunchalik ortar, shunchalik avjiga minar!..
O‘g‘limni qaytar menga, qaytar, iblis ko‘zi!
Nega daryodan o‘tding, Abdullatif, nega o‘tding?
MIRONShOH: Yo‘lini hech kim to‘solmaydiganday vajohat yasab kelmoqda!
ShOH VALI: Dovul haydagan bulutlar kabi hirs, adovat haydagan odamni ham to‘xtatib bo‘larmikan?!
QOZIKALON: O‘g‘lingizning qilichi yalang‘och!..
ULUG‘BEK: O‘g‘lim emas, jaholat… Jaholat ustimga bostirib kelmoqda! O‘`limning emas, jaholatning qilichi yalang‘och!..
Daryoning bu tomoniga o‘tishga haqqing yo‘q edi, nega o‘tding? Nega?!.
Qayerdasan, Abdullatif? Qulog‘ingning bir chekkasi bilan bo‘lsa ham bu bepoyon kecha quchog‘idagi iltijolarimni eshitayotgan bo‘lsang, menga sado ber, «Ota, men shu yerdaman!» deb ayt!

(Ulug‘bekdan boshqa hammani qorong‘ilik yutadi va sahnada Abdullatif Mirzo paydo bo‘ladi.)

ETTINChI KO‘RINISh

Ulug‘bek, Abdullatif Mirzo

ABDULLATIF: Men shu yerdaman, padari buzruk!
ULUG‘BEK: Nima qilib qo‘yding, nodon farzand?
ABDULLATIF: Men daryoni kechib o‘tdim, qiblagoh!
ULUG‘BEK: Ortingda qolgan ko‘hna daryo kabi o‘rtamizda adovat to‘foni! Xuddi shu daryodek kuchga to‘lgansen, beasovsan, xuddi shu daryo kabi yo‘lingni to‘sishlarini istamassan.
ABDULLATIF: Qaydan bu adovat, ota? Nechun bu beomonlik? Nechun bu alam, bu uqubat, ota?
ULUG‘BEK: Men bilmasmen, o‘g‘lim.
ABDULLATIF: Bilmaymen, demang, padari buzruk, bilasiz, yaxshi bilasiz! Siz bu yo‘lga oldinroq kirgansiz, men endi qo‘l urgan ishlarga siz oldinroq jazm etgansiz!
ULUG‘BEK: Men padarimga tig‘ ko‘tarmaganmen, Abdullatif!
ABDULLATIF: Siz emasmi Mirzo Abubakrni qatl ettirgan, Boyqaro mirzoga og‘u ichirgan, Amirak Ahmad mirzoni badarg‘a etgan?
ULUG‘BEK: Men bu ishlarni qilgan bo‘lsam, saltanat omonligi, el-ulusning tinchligi uchun qildim. Shunday qilmaganimda, ular boshlagan g‘avg‘olar yurtni xonavayron, saltanatni parokanda qilgan bo‘lardi.
ABDULLATIF: Siz emasmu rasadu madrasa panasida xayol surgan, oqibatda bobomdan qolgan mulkni yag‘moga tashlab, yog‘iy oldiga tushib qochgan, ammo mag‘lubiyat sababini o‘zidan emas, mudom o‘zgalardan qidirgan, boshqalarni xiyonatda ayblayotgan, ayting, padari buzruk?!
ULUG‘BEK: Men kimga xiyonat qildim, vafosizlik qildim, Abdullatif?!. So‘zlaring ayovsiz, g‘azabing qazoi-qadarday qat’iy va cheksiz!.. Sen juda g‘ururlisan, o‘g‘lim!
ABDULLATIF: Axir, men sizning o‘g‘lingizman, qiblagoh! Siz menga ilmi falak, riyoziyotni, g‘azal, kuy bitmakni o‘rgatdingiz. G‘ururni ham sizdan o‘rganganman, xiyonatda ayblashni ham faqat sizdan o‘rgandim!
ULUG‘BEK: Men senga otang boshiga qilich ko‘tarib bor, deb o‘rgatmagandim-ku! Bu odat qaysi tuzukda bor, o‘g‘lim?!.
ABDULLATIF: Lekin qaysi tuzukda birovning g‘alabasini boshqaga bermoq bor?!. Tarnob jangida jonbozlik qilgan kim? Men emasmu, padari buzruk?!. Ammo g‘oliblik nishoni kimga berildi? Suyukli o‘g‘lingiz – qo‘rqoq Abdullazizga!
ULUG‘BEK: Abdullaziz o‘z jigaring. Men dunyodan ketar bo‘lsam, unga ota o‘rnida ota bo‘larsan.
ABDULLATIF: Sizning xohish-irodangiz ota-bobolar nizomidan zo‘rroqmiki, sharmanda Abdullazizni valiahd ataysiz?!. Qaysi tuzukda yozilgan, aka tirik ekan, ukaning valiahd bo‘luri?!.
ULUG‘BEK: Shuning uchun tuqqan otangni jarga itarasanmi, o‘g‘lim?
ABDULLATIF: Sizni jarga itargan men emas, o‘sha mal’un o‘g‘ling‘iz! Valiahd bo‘ldum deb hirsga berildi, amirlaringiz haramini bulg‘adi. Qo‘lida qilich emas, jom tutmoqni odat qildi. Yigit yolini harb maydonida emas, maishat to‘shaklarida sarf etdi. Nomingizni qaro etgan, sha’ningizni yerga urgan o‘shal murtad emasmu, padari buzruk?!. Yo‘q, men Amir Temur xonadoni sha’nini bulg‘ashlariga hech kimga yo‘l bermasmen!
ULUG‘BEK: Jismi zaif, aqli mahzun iningga rahm-shafqatingni darig‘ tutma, o‘g‘lim!
ABDULLATIF: Siz hali unga shu sababdan muruvvat qildingizmi? Shu sababdan uni valiahd etdingizmi?
ULUG‘BEK: Ha, o‘g‘lim, ha! Bu qarorga kelgan chog‘imda Abdullaziz og‘ir xasta edi. O‘yladimki, shunday qilsam, hayotga ishonchi ortar, zaiflashgan vujudi munsarif bo‘lgay. Tabiblar muolajati bilan emas, mening shu ahdim bila mahzun yuragi quvvat­li bo‘lgay…
ABDULLATIF: Kimga xiyonat qildim, deysiz! Axir bu xiyonat emasmi?!. Saltanatni zaif, mahzun kishiga bermoq saltanatni ham zaifu mahzun qilmoq emasmi, padari buzruk?!
ULUG‘BEK: Sening sohibi ilm bo‘lganingga ishonib, farosating bu narsalarga yetsa kerak deb o‘ylagan edim. Inchunin, sen mashaqqatlarni ko‘p chekkansan, zindonu quvg‘inlar azobini tortgansen… Aqling pishgan deb o‘yladim. Og‘a-ini etu tirnoq bo‘lib ketasizlar degan umidim bor edi…
ABDULLATIF: Yolg‘iz shularni o‘ydingizmu? Yo‘q, aslo… aslo… Siz valiahdlikka meni emas, Abdullazizni ko‘rmoqni xohlagan, bu maqsadda mening haqimda turli bo‘htonlarni tinmay qulog‘ingizga quygan badniyatlar gapiga uchdingiz! Ular Abdullatif qiziqqon, Abdullatif o‘ylamay ish tutadi, Abdullatif unday, Abdullatif bunday deb aytaverib, oxir-oqibatda meni yomonotliq qildilar. Oraga g‘araz soldilar. Men jangu jadal kechgan paytimda Abdullaziz Bog‘i bihishtda kanizaklar bilan maishat qilganini ko‘rib, ko‘rmaganga oldilar. Chunki, ular valiahd shahzodaning zaifligi, maishatga o‘chligi – kelajakda ularga keng imkoniyatlar berajagini yaxshi anglardilar.
ULUG‘BEK: Iningni qilmishlarini ko‘rib, ko‘rmaganga olgan o‘sha kimsalar hozir sening yoningda-ku, o‘g‘lim!
ABDULLATIF: Ha, ular mening yonimda. Erta-indin amirlaringizning hammasi mening yonimda bo‘ladi! Nima uchun, bilasizmi, padari buzruk?.. (Ulug‘bek jim) Siz podshohsiz, ammo o‘zingizni himoya qilishga majbursiz – bu esa zaifligingiz belgisidur!
ULUG‘BEK: Adolat men tomonda, o‘g‘lim, men tomonda!
ABDULLATIF: Shuning uchun ham yengilasiz, padari buzruk! Sababi, men tomonda kuch-qudrat dag‘dag‘asi! Mening qo‘limda kuch-qudrat qilichi, sizning ilkingizda adolat qalqoni! Amirlar hech qachon adolatni himoya qilmaganlar, ular kuch-qudrat timsoli – saltanatni hifz etganlar. Kuch men tomonda, demak adolat ham men tomonda deb o‘ylaydi, ular.
ULUG‘BEK: Sen-chi, sen nima deb o‘ylaysan?
ABDULLATIF: Men o‘ylamayman, men hujum qilaman. Men daryodan kechib o‘tdim – mana shu mening o‘ylaganim, mana shu so‘rog‘ingizga javobim!
ULUG‘BEK: Sharmandalikdan qo‘rqmaysanmi, Abdullatif?
ABDULLATIF: Bu zamonda mag‘lublar sharmandadur, g‘oliblar emas.
ULUG‘BEK: Shahzoda, unutma: kimki bir narsaga ortiqcha hirs qo‘ysa, u o‘sha narsadan halok bo‘lajak! Yana yodingda bo‘lsinkim, kim g‘olib bo‘ladi, kim yo‘q – buni yolg‘iz Xoliqi olam biladi!
ABDULLATIF: Ha, Parvardigori olam barini biladi.
ULUG‘BEK: O‘limdan shunchalik qo‘rqmaysanmi, shahzoda?
ABDULLATIF: Yo‘q, padari buzruk, qo‘rqmayman!
ULUG‘BEK: Hayot o‘tkinchi, o‘lum esa muqarrar. O‘limga tik boqmoqlik – yo nodonlik, yo donishmandlikdur, ammo yolg‘iz izzatli o‘limgina saodatdur.
ABDULLATIF: Siz-chi, siz, padari buzruk, o‘limdan qo‘rqmaysizmi? Qo‘rqasiz! Odam o‘ldirishdan ham qo‘rqasiz. Yo‘q, yo‘q, siz… siz o‘z o‘ljasini kamon bilan ovlashni suygan sayyodga o‘xshaysiz. O‘q uzasizu o‘ljangizning o‘lim talvasasini ko‘rishni istamaysiz!
ULUG‘BEK: Bas, Abdullatif, bas!.. Men hamisha agar biror inson hayoti nohaq qurbon bo‘lishini bilsam, jonimni tikib bo‘lsa ham uni qutqazib qolar edim!
Taqdirni o‘zgartirishga urinma, o‘g‘lim. Axir ikkimiz ham qismatimiz intihosini bilamiz-ku? Yulduzlar nimalarni bashorat qilganidan xabardorsan-ku?!. Ali!

(Qorong‘ilikda Ali Qushchining‘ yuzi yorishadi.)

Esingdamu, Ali, Buxoroda keksa darvesh aytgan so‘zlar? O‘shanda men qachondir shahid ketajagimdan xabardor edim. Ammo bu chol bundan bexabar, uning ko‘zlari so‘qir – yulduzlarni ko‘rolmasdi… Chol aytdiki:
ALI QUShChI: Chol aytdiki: «Sen shahid bo‘lajaksan!» Siz so‘radingizki: «Meni kim o‘ldirur?» Ul so‘qir darvesh aytdiki: «Sheruya!»
ULUG‘BEK: O‘shanda sen hali tug‘ilmagan eding Abdullatif… Sendan oldin uch o‘g‘il ko‘rdim. Ikkisi erta nobud bo‘ldi. Keyin Abdurahmon…
ABDULLATIF: Sho‘rlik Abdurahmon o‘n ikki yil umr ko‘rdi. O‘n ikki yil shubha ostida yashadi. Keyin men dunyoga keldim. Men ham shubha ostiga qoldim…
ULUG‘BEK: Yo‘q, o‘g‘lim, yo‘q, bunday emas!
ABDULLATIF: Bechora Abdurahmon olamdan o‘tganda, uning boshida o‘kirib-o‘kirib yig‘ladingiz. Siz yulduzlar bashorat qilgan jinoyat Abdurahmondan bo‘lmasligiga uning o‘limi tufayli ishongach, juvonmarg bolangizdan mehru muhabbatingizni ayaganingiz uchun yig‘lamadingizmu, otajon?
ULUG‘BEK: Yo‘q, bolam, yo‘q, bunday emas… Men Abdurahmonni behad suyardim!
ABDULLATIF: O‘shanda men murg‘ak go‘dak edim. Ko‘p narsaga fahmim yetmasdi. Ammo siz sho‘rlik inim jasadi ustida yig‘lar ekansiz, menga boqqan ko‘zlaringizda vahima ko‘rib, murg‘ak yuragim dahshat tuygan edi… Keyin Abdullaziz dunyoga keldi. Abdurahmonning o‘limi sabab bo‘ldimi, siz undan mehr-muruvvatingizni ayamadingiz.
ULUG‘BEK: Yo‘q, o‘g‘lim, unday emas… unday emas…
ABDULLATIF: Tug‘ilgan onimdan qaro bashorat la’nati ostida yashadim. Bolaligimdayoq qismatimdan o‘kindim. Keyin meni onangizga topshirdingiz, huzuringizdan uzoqqa – Hirotga jo‘natdingiz. Taqdirning qaro yozug‘ini qarangki, sizni tuqqan volidangiz, mening bibim kechayu kunduz meni sizga qayradi.
ULUG‘BEK: Oh, malika onamiz Surayyo yulduzidek beomon edilar!
ABDULLATIF: Ammo men sizni behad suyardim, bor vujudim ila sizga intilardim! Inimning boshini silagan qo‘lingiz bilan mudom mani ko‘ksimdan itardingiz!
ULUG‘BEK: Men ham seni suyardim, o baxtiqaro farzandim!
ABDULLATIF: Munajjimlaringiz tinmay qulog‘ingizga shipshidi: «Sizning kushandangiz shu o‘g‘lingiz!» «Zinhor yaqin yo‘latmang!» deb shipshidi folchilaringiz! Kechir kufrimni, ey Xudoyim, oxir men o‘zim bu so‘zlarga ishona boshladim. O‘zimni ishontira boshladim bu so‘zlarga, siz meni ishontirdingiz bu so‘zlarga!
ULUG‘BEK: Hasrating menikidan ham og‘ir ekan-ku, bolam!
ABDULLATIF: Ixtiyoriddin qal’asidagi xazinamni tortib olg‘an chog‘ingizda o‘rtanmadim, Tarnob jangida nusrat tug‘ini menga emas, Abdullazizga berganingizda o‘rtanmadim, mudom shubha ostida yashaganimdan o‘rtandim. Nishopurda xastalanib to‘shakda yotganimda, siz Abdullatif ayyorlik qilyapti, menga qarshi fitna tayyorlayapti, deb yana shubha qildingiz. Zudlik bilan huzuringizga kelishimni talab etdingiz. Meni xasta holimda zambilda ko‘tarib borganlarida o‘rtandim. Shunda men dunyo shubhadan iborat ekanligiga imon keltirdim, hamma narsani shubha ostiga oldim!
ULUG‘BEK: Shubha bor joyda takabburlik bor. Takabbur bo‘lma, o‘g‘lim. Dunyoda adolat, mehru shafqat, ezgulik borligiga ishon.
ABDULLATIF: Shu narsalarga ishonib oqibatingiz nima bo‘ldi? Men sizga achinaman, padari buzrukvor. Siz umr bo‘yi ishongan ilmu urfon, siz sadoqat qilgan adolat, qoida ojiz bo‘lib chiqdilar. Ular mening qilichim, amirlaringiz xiyonati oldida ojiz qoldilar.
ULUG‘BEK: O‘g‘lim, oyog‘ing ostiga qara, minglarcha ko‘zlar termiladi. Sen ularni toptab o‘tma, ko‘zlaring toju taxt shuuridan ko‘r bo‘lib, ularni xor etma! Bilib qo‘ykim, ikkimizning boradigan joyimiz bir, nasibamiz bir hovuch qaro tuproq! Kun kelib, ikkimiz yonma-yon yoturmiz, o‘shanda ko‘zlarimga qandoq qaraysan? O‘shanda menga nimalar deysan?
ABDULLATIF: Ha, padari buzruk, borar joyimiz ham, qismatimiz ham bir. Ammo men endi yo‘limdan qaytmayman. Xudo bir – ahdu paymon bir! Endi peshonamizga ne bitilgan bo‘lsa, o‘sha bo‘ladi. Men sizga qarshi bosh ko‘targan ekanman, ne qilaykim, qismatim shu ekan. Men ila jang qilasizmu, qonimni oqizasizmu, bu sizning ixtiyoringiz! Men daryodan kechib o‘tdim, men yo‘ldamen, ota!

( Abdullatif g‘oyib bo‘ladi.)

ULUG‘BEK: Abdullatif! O‘g‘lim…

(Sahna yorishib yana oltinchi ko‘rinishdagi manzara paydo bo‘ladi.)

SAKKIZINChI KO‘RINISh

Ulug‘bek, Shayxulislom, Qozikalon, Devonbegi, Ali Qushchi, Shahzoda, Abdullaziz, Amir Bobo Husayn Turkistoniy, Amir Shoh Vali, Amir Sultonshoh Barlos, Amir Mironshoh Qavchin.

ShOH VALI: Necha-necha avlodlarning kuch-g‘ayrati bilan ravnaq topib, o‘sib kelgan saltanat buyukligi bir beburd tufayli, bir hirs tufayli halokatli quyunlar girdobida kulday sovrulajakmu?! Tanlang, podshohim, yo bizni jangga boshlang, yo bizning javobimizni bering!
ULUG‘BEK: Nima siz ham hozirgina o‘zingiz xunini tilab turgan shahzoda huzuriga borasizmu?
ShOH VALI: Yo‘q, aslo! Biz boshqa biron dargohga bosh urgaymiz… Agar shahzoda dorussaltanani ilgiga kiritsa, yolg‘iz bizni emas, farzandu ayolimizni ham sog‘ qo‘ymas. Bul ham shar’iy hukmdorga sadoqatimiz uchundur! Shuni bila turib, qo‘l qovushtirib turmoqdan ko‘ra, o‘zgalar huzuriga borib bo‘lsa-da, farzandlarimiz hayotini asrash bizning vazifamiz emasmu?!
ULUG‘BEK: Bu nima yozug‘?.. Hazrati Sohibqiron tuziga xiyonat qilgaysizmu?!.
ShOH VALI: O‘zga choramiz yo‘q, davlatpanoh.
ULUG‘BEK: Xiyonatdan o‘zg‘a chorang‘iz yo‘qmu?.. Ota-bobolarimiz Sohibqironga, biz esa sizga sadoqat bila xizmat qilganmiz, toabad shunday bo‘lub qolgay, deganlaringiz qayda qoldi?!. Munofiqlik qilasizmu?
SULTONShOH: Munofiqlar o‘g‘lingiz oldiga qochdilar. Biz esa hanuz dargohingizda bosh egib turibmiz. Ammo siz xizmatimizni, sadoqatimizni rad etmoqdasiz!
ULUG‘BEK: Men yuzsizlikni, adovatni rad etyapman, amir Sultonshoh!.. Siz ham ketasizmu, amir Bobo Husayn?
BOBO HUSAYN: Aslo, shahriyor, aslo! O‘zgalar egri bo‘lsalar, biz ularga ergashmaylik, amir Shoh Vali! Arazu adovatlardan balandroq turaylik. Agar Abdullatif mirzoga xusumatingiz bo‘lsa, buning uchun Vatan ustiga, el-ulus boshiga begonalarni boshlab kelmoq kerakmu?
ShOH VALI: Agar shahzodaga xusumatim bor bo‘lsa, bu uning o‘z otasiga, shar’iy sultonimizga qarshi yovboshlik qilgani tufaylidur!
BOBO HUSAYN: Bizning vazifamiz mamlakatni parchalamoq orzusida bo‘lganlarni ayamay yo‘qotmoq, podshohimizga sadoqat bilan xizmat qilmoqlik, ahdimizni halol, bir tomchi qonimiz qolgunga qadar o‘tamoq!
ShOH VALI: Biz hali ahdimizdan kechganimiz yo‘q!
BOBO HUSAYN: Alhamdululloh! Zulm tig‘ini ushatmoqqa bel bog‘laylik. Bugun kudurat, yo mashvarat pallasi emas, bugun shijoat pallasi. Bugun kim shijoatli bo‘lsa, o‘sha podshohdur!
ULUG‘BEK: Farzand bilan jang qilmoq shijoat emas!
BOBO HUSAYN: Vatanni saqlamak, uni parchalanishdan hifz etmoq shijoatdur!

(Sukut.)

ULUG‘BEK: Nechun yana jim qoldingiz, Bobo Husayn, gapiring…
BOBO HUSAYN: Men omuzgor emas, sodiq bir qulingizman! Biroq, shu narsa muhaqqaqkim, shahzodaga yurtni bermaslik kerak! Jang qilmoq kerak!
ULUG‘BEK: Siz ham farzandim qonini oqizmoqni tilaysizmu?
BOBO HUSAYN: Ishonchim komil, agar siz toju taxtni o‘z ixtiyoringiz bilan topshirib, evaziga marhamat kutsangiz, adashasiz. Shahzoda bakovullari oxir-oqibat joningizga qasd qilmay qo‘ymaydurlar.
ULUG‘BEK: Nelarni so‘zlamoqdasiz? Bunga minba’d ishonmasman! Farzandim ayrim munofiqlar ig‘vosiga uchib yovboshlik qilmoqdadur. Ammo u hech qachon o‘z padari joniga qasd qilish jur’at etmas! Bunday shubhaga yo‘l qo‘ymangiz!
BOBO HUSAYN: Bu shubha emas, shahriyor, shubha emas!
ULUG‘BEK: O‘rtadagi bu g‘avg‘olar, to‘s-to‘polonlar bois bizning yuraklarimiz bir-biri uchun tilsimotdek maxfiy qolgandur. Ammo biz bu gina-kuduratga xotima berurmiz. Kerak bo‘lsa, unga o‘z ahdimiz bila taxtni ham topshirurmiz! Hech bo‘lmasa, qarigan chog‘imizda halovatda bo‘lurmiz…
BOBO HUSAYN: Sizdan jafo ko‘rdum deb yurganlar ozmi? Shahzoda taxtga o‘tirishi bilan ular sizdan xun talab qilmasmilar?!. Ulardan yaxshilik kutmak, yerdan turib yulduzlarga qo‘l uzatmak kabi imkonsizdur.
ULUG‘BEK: Bu gaplaringiz barchasi shubhayu andishadan o‘zga narsa emas. Yana aytamen: dunyoda diyonat, vijdon, shariat, oqibat degan narsalar ham bor! Ularni hatlab o‘tish osonmas!
BOBO HUSAYN: Ular daryodan hatlab o‘tgandek, siz aytgan narsalar ustidan ham hatlab o‘turlar! Ularning o‘z adolatlari, o‘z diyonatlari bor! Vijdon deysizmu? Vijdonlari bo‘lganida edi, ular shar’iy podshohga tig‘ ko‘tarib kelarmidilar? Shariatmu?!. Ular shariatni ham, dini islomiyani ham o‘zlaricha talqin ettirib, manfaatlariga xizmat qildirurlar… Mana bu yerda o‘tirgan shayxulislom bila qozikalon janoblarini ham o‘limingizga fatvo berishga majbur etarlar.
ShAYXULISLOM: Bizga tuhmat qilmang, amir! Shakkoklikning ham haddi bor!
QOZIKALON: Men umrim bo‘yi adolatga xizmat qildim. Bundan keyin ham, inshoolloh, shunday bo‘lgay! Majbur qilsalar ham, bo‘ynimga qilich ursalar ham, nohaq qon to‘kilishiga xizmat qiladigan hech qanday qog‘ozga muhrimni bosmasman!
BOBO HUSAYN: Ular bolalaringizni o‘rtaga qo‘yurlar! Ko‘z oldingizda ularga azob berurlar va (Qozikalonga qarab) siz… (Shayxulislomga qarab) siz ham muhringizni bosishga majbur bo‘lgaysizlar!
QOZIKALON: Minba’d! Terimni shilsalar ham men do‘zax azobiga eltuvchi yo‘lga kirmasmen! Kamohuva haqquhu!
BOBO HUSAYN: Shayton Odam Atomizni ham aldab o‘z yo‘rug‘iga solgan edi. Orada shaytonlar yo‘qmu?!.
ULUG‘BEK: Bas, yetar, Bobo Husayn, g‘azabimni qo‘zg‘amang! Ortiq bunday gaplarni aytishdan tiyiling!
BOBO HUSAYN: Bosh ustiga, shahriyor, bosh ustiga! Ammo so‘nggi bir gapim bor. Eshitsunlar, shahzodaning bu yerdagi quloqlari ham eshitsunlar: agar u sizning joningizga qasd qilsa, Parvardigor haqi aytamen, men uni sog‘ qo‘ymasmen! Ul nobakor Nizomiy hazratlari aytgan hikmatni unutmasun:

Shoh bo‘lmas otani o‘ldirgan odam,
Oshmas olti oydan, agar bo‘lsa ham…

Ont ichamankim, shahzoda agar qoningizni oqizsa, aning podshohligi olti oyga ham yetmas!.. Men uni mana shu qo‘llarim bilan o‘ldirurman! Va kallasini siz tiklagan madrasa peshtoqiga ilgayman!
ULUG‘BEK: Joningizdan qilcha umidingiz bo‘lsa, endi tiyiling! Tilingizni kesing, tamom gung bo‘ling!

(Oraga sukunat cho‘kadi.)

ULUG‘BEK: Bu mash’um hodisa qarshisida yana mash’um voqealarni bashorat qilasiz… Qonga-qon deysiz, amir Turkistoniy, qonga-qonning javobi halokatdur!
Badniyat kimsalarning maqsadi ravshandur… Agar mening o‘limim yurtimga xayru baraka bersa, jonimni berishga ming qatla roziman. Ammo qo‘rqamanki, mening o‘limimni istaganlar saltanatga o‘lim tilamoqdalar…
BOBO HUSAYN: Davlatpanoh, biz bu yerga vidolashmoq uchun kelganimiz yo‘q. Biz bu yerga sizga sadoqat bilan xizmat qilmoqqa keldik. Agar ishonsangiz, agar sadoqatimizni rad etmasangiz, dunyoning qay nuqtasini orzu etsangiz, o‘sha yerga qadar itingiz bo‘lub borurmiz…
ULUG‘BEK: Fikran asrlarning uzoq qa’riga nazar tashlasangiz, tarixning o‘zgarmas mantiqini ko‘rasiz. Buyuk, shijoatli qahramonlar bir mash’umlig‘ tufayli xarob bo‘lganlar, ular tiklagan oliy saltanatlar oddiy bir xatodan halokatga uchraganlar, xato yo aldanuv bois to‘kilgan bir tomchi qonga g‘arq bo‘lganlar.
BOBO HUSAYN: Ammo, shu on, shu lahza bir haqiqat ayonki, ona yurtning qismati qora quvvat changalida qolgan ekan, saltanatning, ilmu urfonning, ezgulikning qismati sizning qo‘lingizdadir. Agar Vatan zulm, saltanat adovat, ilmu urfon jaholat changalida qolmasun desangiz, qora quvvatni bo‘g‘ovga solmoq kerak.
Agar siz tarki amal qilsangiz, bu bo‘g‘ovlar uzilur, elu yurt, xudo ko‘rsatmasun, ne kunlarga qolur!
ShAYXULISLOM: Yurtning falokatli kunlarida alamangiz xayollarni yoddan chiqaring, falokat oldini oling. Amir Bobo Husayn haq gapni aytganini fahmlang, a’lohazrat!
BOBO HUSAYN: Siz bu haqda gapirmoqni man etdingiz. Ammo qandoq chiday, shahriyor, qandoq jim o‘tiray? Shahzodaning asl niyati toju taxtni olishi bilan sizni o‘ldirmoq. Buning uchun ko‘p odamlar ishga solingan.
QOZIKALON: Amir janoblari, siz bu gaplarni xuddi o‘z qulog‘ingiz bilan eshitgandek so‘ylaysiz. Agar biror gapdan xabaringiz bo‘lsa, ayting…
ULUG‘BEK: Men bu bo‘htonga minba’d ishonmasman. Abdullatif nima ishga qodirligini yaxshi bilaman… Yo‘q, amir Bobo Husayn, siz bundoq so‘zlamang mehru shafqatni la’nat bilan tahqirlaman!
BOBO HUSAYN (qo‘ynidan qog‘oz chiqararkan): Mana, sizga shahzoda niyatining dalili!
ULUG‘BEK: Nima bu?
BOBO HUSAYN: Bugun tunda Kesh yo‘lida qo‘lga olingan chopar etigining qo‘njidan topildi. Ming afsuskim, qo‘lga olingan chopar Ko‘ksaroyga yetmay o‘ldirilgan… Shu bois maktub kimga atalgani sirligicha qoldi.
ULUG‘BEK: Choparni kim o‘ldirdi?
BOBO HUSAYN: Noma’lum. Bog‘i Shimol yonidan o‘tayotganda panadan turib otilgan o‘qdan nobud bo‘lmish…

(Ulug‘bek Bobo Husayn qo‘lidan maktubni olib, diqqat bilan o‘qiy boshlaydi.O‘qigani sayin hayajonlanadi.)

ULUG‘BEK: Hayhot! Maktubda mabodo Sulton Ulug‘bek shahardan tashqariga chiqsa, qaytib kirishiga yo‘l qo‘yilmasun, deb yozilibdi. Evoh…
DEVONBEGI: Maktub qalbaki bo‘lmasun tag‘in?!.
ULUG‘BEK: Yo‘q, aslo, o‘g‘limning muhri bosilgan.
SULTONShOH: Bu maktub tasodifan qo‘lga tushmasa, ehtimol siz hamon gaplarimizga ishonmas edingiz.
ULUG‘BEK: Men hozir ham ishonmasman.
ShOH VALI: Astag‘furulloh!
ULUG‘BEK: Yana bir ko‘z tashlay… Ha, bu Abdullatif dastxati, muhr ham uniki! Ammo… ammo o‘g‘limning bunday yozishi mumkin emas. Nahotki, u saltanatni tanazzulga boshlagan g‘avg‘olarga meni aybdor sanasa?!. Bu o‘g‘limning gaplari emas!.. Amir Bobo Husayn, nechun bu maktubni bizdan pinhon tutdingiz?
BOBO HUSAYN: Shubhayu gumon battar ortmasun, dedim, davlatpanoh.
DEVONBEGI: Maktub dorussaltanadagi amirlardan biriga yozilganiga shak-shubha yo‘q. Siz, amir Mironshoh, bu holga nima deysiz? Shahar dorug‘asisiz, kim shaharga kiradi, kim chiqadi – barchasidan boxabarsiz.
MIRONShOH: O‘lumdan xabarim bor, ammo bu gapdan xabarim yo‘q! Men podshohimga sidqidil xizmat qilganman, bundan keyin ham ahdimni buzmasman!
ULUG‘BEK: Men amir Mironshohga inonurman!.. Afsus, chopar o‘ldirilgani chatoq bo‘libdi, xiyonatkor kimligini bilmaymiz.
QOZIKALON: Esi bor odam hech vaqt ilonga o‘z ko‘ksidan joy bermas! Ammo maktub shundoq munofiqlar oramizda ham borligiga ishoratdur.
ShAYXULISLOM: Ishorat emas, ayni haqiqatdur! Andishani qo‘yub ayturman: jinoyatning bosh ildizi shu yerda, dorussaltanada ham bo‘lmog‘i mumkin.
ULUG‘BEK: Agar o‘g‘limga bo‘lgan so‘nggi ishonchimni ham yo‘qotsam, o‘sha zahotiyoq hayotim iplari uzilajak!
BOBO HUSAYN: Hayotingiz iplarini shahzodaning o‘zi kesmoqqa qasd qilganiga haliyam ishonmaysizmu?!.
ULUG‘BEK: Yo‘q, yo‘q… Nahotki, mehru muhabbatning javobi riyokorlik bo‘lsa? Oqibat, shafqat bo‘lmagan gapu yolg‘izgina berahmlig‘ dunyoda hukmronmu? Issiqdan lovillagan yerning bag‘riga obi rahmat bo‘lub qo‘yilgan yomg‘irdan so‘ng nechun toshdek qotgan zamindan chechaklar unadi? Nechun quyosh tufayli tikanli novdalarda atirgullar ochiladi?
ShOH VALI: Olampanoh, endi barchasi ayon: yo jang qilmoq, yo umr bo‘yi attang qilmoq… Afsuskim, a’lohazratga so‘z uqtirish imkonsiz ekan. Shuncha shikoyatlarimiz yelga uchdi.
BOBO HUSAYN: Unday demang, amir Shoh Vali, aslo unday demang. Adolatparvar podshohimiz g‘oyatda to‘g‘ri tadbir topishlariga ishonurman.
ShOH VALI: Shoyad shunday bo‘lsa!
ShAYXULISLOM: Shunday to‘g‘ri tadbir topishlari uchun Alloh taolodan muruvvat tilaylik. Inchunin, as-salotin zillallohu fil arz, deganlar Mustafo alayhi vasallam hazratlari.

(Hamma duoga qo‘l ochadi. Shayxulislom du qiladi)

ULUG‘BEK: (duodan so‘ng) Hammaga ruxsat! Tongga qadar javobimni olursiz!
ShOH VALI: Tongga qadar otdan tushmay amringizga muntazir turgaymiz!

Hamma chiqadi. Shahzoda Abdullaziz paydo bo‘ladi, otasiga qarab turib, bir zum ketish-ketmasligini bilmay taraddudda qoladi. Ulug‘bek ham bir dam o‘g‘liga so‘zsiz tikiladi.

ULUG‘BEK: Bor, Sohibqiron bobong mozorini ziyorat qil! Tiriklar so‘zi senga ko‘mak berolmasa, zora marhumlar bilagingga quvvat, yuragingga shijoat baxsh etsa… Faqat yig‘lama, mardona bor!

(Shahzoda Abdullaziz chiqadi. Devonbegi kiradi.)

DEVONBEGI: Davlatpanoh, nechun shundoq qaltis vaziyatda amirlarni ranjitasiz, bir umr sizni qo‘llab kelgan qozikalon bilan tortishasiz, alarga nomaqbul so‘zlarni aytasiz, malomat qilasiz? Qismatingiz, saltanat omonligi shul umaroyu ulamo ilkidadur!
ULUG‘BEK: Xoja Nizomiddin, ular so‘yladilar, men ersam o‘yladim. Jonimga g‘alayon tushdi! Qarshimda nihoyasiz choh paydo bo‘lgandek tuyuldi. Chohning bir yog‘ida amirlarim, bir tomonida farzandim turganini ko‘rdim. O‘zumni esa choh ichida ko‘rdim, Xoja Nizomiddin, choh ichida!
DEVONBEGI: Davlatpanoh, yana bir noxush xabar yetdi.
ULUG‘BEK: Ayting, xoja, ayting.
DEVONBEGI: Keshdan chopar keldi…
ULUG‘BEK: Xo‘sh?!.
DEVONBEGI: Kesh qal’asi shahzoda ilkiga o‘tibtur… Qal’a dorug‘asi Kesh kalitlarini qarshiliksiz topshiribdi!
ULUG‘BEK: Biz ko‘makka jo‘natgan qo‘shinchi?
DEVONBEGI: Jangga kirmay dovon tomon chekinibtur…
ULUG‘BEK: Ha, la’nati Iblis ko‘zlari!

(O‘rtaga sukunat cho‘kadi.Ulug‘bek o‘yga botib, bezovta yuradi.)

DEVONBEGI: Onhazratlari farmonlariga muntazirman!
ULUG‘BEK: Nima?.. Ha! Amirlarga amrimni yetkazing: tong otishi bilan yo‘lga chiqurmiz… Jang qilurmiz! Iblis bila jang qilurmiz!
DEVONBEGI: Qaroringiz muborak bo‘lsun, sultonim. Inshoolloh, g‘ayratingiz samarasiz qolmas. Shu paytgacha dilingiz zim-zimiston tun edi. Endi uzoqda umid shami yondi…
(Devonbegi shoshib chiqadi.)

ULUG‘BEK: Yo‘q, endi uzoqda qon, qilich, o‘lum shamchirog‘i yondi… Yer yorilib, uning qa’ridan, Piri Turkistoniy bashorat qilgan Qarish ilon bolalari chiqqanga o‘xshaydi. Yer ostidan sudralib chiqqan yovuz kuchlarning tantanasi boshlanganday – to‘rt tomonimda yovuzlikning vishillashi eshitiladi…
Nahotki, amir Shoh Vali aytganidek, bu oqsoch dunyo qismat daftariga o‘z hikoyalarini qon bilan uzluksiz yozib tursa?!. Yo‘q, yo‘q, ming daf’a yo‘q!
Mening yo‘lim olis. Men yulduzlarni hamroh qilib yo‘l bosaman. Yulduzlar bilan tongotar sarhadigacha – hayot bilan mamot tutashgan yergacha yo‘l bosaman. Alamlarim, xayollarim, shubhalarim o‘sha yerda tarqalib ketajaklar. Mashaqqatlardan iborat hayotimni qora tuproqqa hadya qilaman. O‘zligimga qaytaman. Ozmi-ko‘pmi ko‘rgan shodliklarimni, nihoyasiz hasratlarimni, qalbimning najotsiz umidlarini, tiriklikka bo‘lgan mehru muhabbatimni poyonsiz zamonlarga, o‘lchovsiz abadiyatga qaytaraman…

(Ali Qushchi paydo bo‘ladi.)

TO‘QQIZINChI KO‘RINISh

Ulug‘bek, Ali Qushchi, To‘yjon

ULUG‘BEK: Shu yerdamisan, Ali? Men seni ranjitdim, ko‘nglingga ozor berdim. Sen bo‘lsang, sahroda adashgan yo‘lchi qalbidagi nursizgina najot orzusiday, mendan uzoq ketmay yuribsan…
Haqiqat bilan yolg‘on o‘rtasida qanday farq borligini bilasanmi, Ali? Yolg‘onni biz yuraklarimizda mehr bila ardoqlab yuramiz, uni saqlab qolishdan ojizmiz, haqiqatni esa qancha nafrat bila quvib haydamaylik, u yana qaytib kelaveradi.
Kel, suyukli farzandim, yonimga o‘tir. Kecha uzoq… Daraxtlar orqasida shikasta oy ko‘tarilmoqda. Butun borliq uyquga cho‘mgan. Balki Abdullatif ham uxlamayotgandir, balki u ham mana shu oyga boqib turgandir.
ALI QUShChI: Bu yog‘i nima bo‘ladi, ustoz?
ULUG‘BEK: Bu yog‘i yolg‘iz Allohga ayon… Yulduzlarga qara, Ali, qanday chaqnab porlaydilar!.. Badniyatlarning ezgulik yo‘lini to‘sishga urinishlari yulduzlarni o‘chirishga urinishdek bir gap. Ular o‘chgan yulduzdan nom-nishon qolmaydi, o‘chgan yulduz nurini falak qa’ridan qidirishni qanchalik ixtiyor etma, befoyda, deb o‘ylaydilar. Yulduz o‘chsa, nuri-shuuri ham o‘chadi deb xayol qiladilar.
Ular bilmaydilarki, hatto yulduz so‘ngan taqdirda ham, uning shuuri ming yillar davomida to yerga singib ketmaguncha, porlab, charaqlab turaveradi. Balki kaftimni yoritib turgan mana shu shuur Batlimus, yo Beruniy hazratlari zamonidan yetib kelgandir…
ALI QUShChI: Necha kundan buyon Alg‘ul ko‘rinmaydur. Bu hol nimadan darak beradi, bilmayman.
ULUG‘BEK: Alg‘ul… Alg‘ul o‘g‘limning ko‘zidadur. Goh nafrat, goh g‘azab o‘tini sochib porlaydur…
Ali, senga aytadigan bir tilagim bor…
ALI QUShChI: Ne tilak bo‘lsa, bosh ustiga, ustoz!
ULUG‘BEK: Tangri taolo shafoatidan umidim yo‘q emas, ammo… agar achchiq gumonlar haqiqatga aylansa, rasaddagi kitoblarni asrab qolish yo‘lini tutgil.
ALI QUShChI: Xudo xohlasa, bu safar ham sizdan o‘z inoyatini darig‘ tutmas.
ULUG‘BEK: Biz bilmaymiz, farzandim, Haq taoloning ixtiyorini bilmoqdan bandasi benasib… Shunday ekan, peshanamga shahidlik bitilgan bo‘lsa, kitobu qo‘lyozmalarni ishonchli joyga yashirishga harakat qil.
ALI QUShChI: Men allaqachonlar ularni eng ishonchli joyga qo‘yganman, ustoz. (Ulug‘bekning hayron bo‘lib qarab qolganini ko‘rib). Ular mening xotiramga jo bo‘lganlar…
ULUG‘BEK: Balle, Ali, balle! Ammo inson xotirasi joni uzilguncha ustuvordur. Kitoblar esa insoniyatning abadiy xotirasidur. Ular bor ekan, bu xotira abadiy… Ali, jigarim, men senga yuklagan vazifa nechog‘li xatarli ekanini fahmlaysanmu? Alqissa, bu ishda o‘ta ehtiyot bo‘lishingni maslahat beraman.
ALI QUShChI: Kamina amringizni qaytarishdan kundaga bosh qo‘yishni afzal bilurman.
ULUG‘BEK: Yo‘q, Ali, yo‘q, bu amrim emas, tilagim… balki vasiyatimdur. Kundaga bosh qo‘yish oson. Men senga bundan qiyinroq vazifani yuklagayman. Agar biz shubha qilgan voqealar yuzaga chiqsa, mendan voz kech, nomimni qoralashdan qaytma…
ALI QUShChI: Ustoz… Ustoz!
ULUG‘BEK: Ha, Ali, ha! Mendan voz kech, nomimni qorala, ammo… ammo kitoblarimni qutqar!.. Unutma, aytilgan, yozilgan so‘z haqiqatdur. Hatto bu so‘zni aytgan, uni qog‘ozga bitgan inson undan tonsa ham, voz kechsa ham, haqiqatni yo‘qotib bo‘lmaydi.
Men hozir angladim, umr bo‘yi battol zamonning qonga bo‘yalgan qo‘llarini qon bila emas, ma’rifatu avf suvi ila yuvmakka urinibman. Abadiyat yo‘lini yoritgan yulduzlar sirini bilaman deb, o‘g‘limning zulm yo‘liga kirganidan bexabar qolibman… Hamma meni o‘lim bilan qo‘rqitmoq bo‘ladi. Ammo men o‘limdan qo‘rqmayman.
ALI QUShChI: O‘lim haqida o‘ylamang, ustoz.
ULUG‘BEK: Ali, o‘limni o‘ylamoq, undan qo‘rqmoq emas, hayotni sevmoqdur. Inson «Segoh»ni yaratgan ekan, o‘lumni anglaganidur…
Ali, janozam o‘qiladigan payt, mabodo boshimda bo‘lsang, ayt, «Segoh»ni aytsinlar…
ALI QUShChI: Qazoi-qadar haqida bugun ko‘p gapirdingiz… «Segoh»ni esa hozir ham tinglashimiz mumkin. To‘yjon amringizga muntazir.
ULUG‘BEK: To‘yjon shu yerdami? Tezroq huzurimizga da’vat et!

(Ali Qushchi chiqib, To‘yjonni boshlab kiradi.)

TO‘YJON: Podshohim, omon bo‘lsunlar!
ULUG‘BEK: Keldingmu, qizim To‘yjon? Hirotdan qaytganingdan buyon xonishingni eshitishga orzumandman. Yolg‘iz qolsam, xayolan qo‘shiqlaringni tinglayman. Ammo seni yonimga chorlashga imkon yo‘q edi. Mana, nihoyat, hamma orom olgan bir paytda, seni uyqudan qoldirib, bezovta qildim. Meni avf et, qizim.
TO‘YJON: Uyquni gapirmang, olampanoh, agar jonim chiqar payt chorlasangiz ham yetib kelgan bo‘lardim.
ULUG‘BEK: To‘yjon, sen Samarqandga avval kelganingda hirotlik bir o‘g‘lon haqida so‘zlagan eding. Yodingdamu?
TO‘YJON: Podshohim, ul o‘g‘lonning ismi Alisherdur. Amir G‘iyosiddinning farzandi…
ULUG‘BEK: Ha, esladim, jussasi kichkina bo‘lganidan uni G‘iyosiddin Kichkina derlar. Yuz-ko‘zidan nur yog‘ilib turgan kishi. Bu haqda ne sababdin so‘raganim boisini bilurmisan? Yaqinda madrasada hamsaboq bo‘lgan mavlono Muhammad Olimdan kelgan maktubda ham bu o‘g‘lon tilga olinmish. Mavlono bu o‘g‘lon iste’dodi, aql-idroki charog‘onligini ta’riflab, uni o‘z panohimga olishimni so‘rabdi… To‘yjon, sen ul o‘g‘lonni yaxshi tanirmusen?
TO‘YJON: Ha, podshohim, volidasi dugonamdur.
ULUG‘BEK: To‘yjon, men ertaga urushga ketyapman… Agar qismatimda bor bo‘lsa, men amir G‘iyosiddin oilasini albatta Samarqandga da’vat qilurman. Agar qismatimda bo‘lmasa, agar bu niyatim imkonsiz qolsa, yodingda tut, qizim. Hirotga qaytsang, ul o‘g‘longa mening so‘zlarimni, mening omonatimni yetkaz. Aytgilkim, dunyoda ikki hokim bor: biri qilich, boshqasi tafakkur. Ular o‘zaro beomon, beayov jang qiladilar. Oxir-oqibatda har doim tafakkur qilich ustidan g‘alaba qozonajak. Yana bilsinkim, g‘alabaga qadar tafakkur necha martalab xo‘rlanadi, necha martalab mahv etiladi. Ammo u hech qachon cho‘chimasin, chekinmasun. Yuragini qo‘rquvdan, hirsdan, xiyonatdan asrasin. Bu zamona toshlari qalamini sindirishidan ehtiyot bo‘lsun!
Endi «Segoh»ni ayt, To‘yjon! Shunday aytki, ovozing avjida o‘sha o‘g‘lon siymosini ko‘ray! Shunday aytki, bu dunyoda zulm, hirs yo‘liga kirganlar dahshatga tushsinlar!

To‘yjon «segoh»ni kuylaydi. Qo‘shiq boshlanishi bilan kuchli bo‘ron uyg‘ongani seziladi. Qo‘shiq avjiga chiqqani sayin bo‘ron ham kuchayib boradi, butun dunyoni uning vahimasi tutadi.

T A M O M