Xursandbek To‘liboyev. Kuygan ko‘ngil nolasi (monolog-qissa)

Visol yo‘li yopiq ekan, imkon qadar unga yaqinlashmoq ham go‘zal bir ishdir.

Jaloliddin Rumiy.

Xudo insonni bir umr baxt izlash azobi bilan jazolagan.

Asqad Muxtor.

Seni deya sensiz yashadim.

Ulug‘bek Hamdam.

* * *

Tong edi. Quyosh tog‘ orqasidan ko‘tarilib zaminu falakni nurafshon aylayotgan bir paytda Seni o‘ylab, o‘tib ketgan olis xotiralarni eslab o‘tiribman. Miyamni g‘ovlatib, butun borlig‘imni parokanda aylagan tug‘yonni yuragimdan quvib chiqarmoqqa harchand urinmayin, befoyda! Har bir kunning o‘z in’omlari bor ekan. Menga faqat azob chekish, o‘z yog‘imga o‘zim qovurilish nasib etganidan goh faxrlansam, goho xijolat bo‘laman. Quvonganim «Xudo insonga dard berar ekan, shafqat ham qiladi» degan o‘git xotiramda manguga muhrlangandek. Mahzunligim esa, qachon men boshqalarga o‘xshab odamlar qatoriga chiqaman, ulardek yayrab-yashnayman? Azizim ana shu kabi adog‘siz savollar menga bir lahza tinchlik, huzur-xalovat bermaydi…

Xayollar ummoniga bilan g‘arq bo‘laman. O‘z hayotimni tahlil etganim-etgan. Sen oydek ruxsoringni ko‘z-ko‘z qilib, notanish chehralar bilan kulib-yayrab yurganing alam qiladi. Axir o‘zing aytganding-ku: «Men sizsiz hech qachon yashamayman va sizdan o‘zgasiga ko‘ngil qo‘ymayman! Meni kuting, iltimos!..» Qanchalar aqllisan-a? Qanchalar baxtiyorsan! Ijodxonamda o‘ltirib, kitob javonim orasidan suratingni axtaraman. Topgach, unga uzoq tikilgancha suhbat quraman. Hozir shu ko‘yi yolg‘iz o‘tiribman. Surat va siyrating: ko‘rinishingdan kuchli va aqlli, iboli va hayoli qizga o‘xshaysan. Hayotda ham shundaysan, lekin seni sevgan insonni, uning qalbini tushunishni istamaysan-da?!

Bilarding-ku, shu kungacha tortgan iztiroblarim, chekkan zahmatlarim, sening visolingga yetishmoq va jamiyatda, hayotda, umuman yaxshi-yomon odamlar orasida muqim yashamoq niyatim borligini? Va, shunday sa’yi-harakatlarimga berilgan baxtni Xudoning siylovi va marhamati deya ko‘nikib yashaganman. Ammo, sen bunday hurmatu e’tiborni, ardog‘u muhabbatni ko‘tarib bilolmading! Har vaqt suratingga tikilganimda kamondek qoshing, o‘ychan va ma’yus ko‘zingga termulib, oqibat kimsasiz oroldek huvillagan ko‘ngilga va yolg‘izlikka girftor bo‘lishimni qaydan bilibman?..

Eslayman: o‘shanda sen menga: «Men sizni hech qachon yolg‘izlatib qo‘ymayman, har doim yoningizdan jilmasdan hasratingizga sherik bo‘laman» deganding. Oqibat, ko‘nglimdagi hammadan qizg‘ongan tuyg‘ularim senga yetib-etmay havoda uchib g‘oyib bo‘ldi… «Sevaman» degan birgina so‘zni aytmoq maqsadida, uzoq yillar o‘zimni tayyorladim. Natija kutganimdek bo‘lmadi. Eslagin: sen-menga, men-senga suyanardik. Ko‘nglingni to‘ldirgan dardu hasratingni aytmasang ham, yuz-ko‘zlaring aniq ifoda qilib turardi. Hayotda bo‘lsin, do‘stu dushmanlar orasida yurib, har xil xunrezliklarni, xiyonatlarni ko‘rib tursam ham, ko‘nglimga gard, yuragimga dog‘ tushirmadim… Chunki u yerda faqat Sengagina bo‘lgan muhabbatim yashardi… Endi-chi? Endi o‘sha ishq aylagan makonda – bo‘shliq hukmron! Shu sabablimi yoki boshqa asrori bormi, qo‘lim ishga bormaydi, boshim aylanadi, aniq fikrlardan chalkashganim-chalkashgan…

Men xuddi o‘rmonda uzoq vaqt yolg‘izlik va telbalikda umrguzonlik qilib, yillar o‘tgach odamlar orasiga kelib qo‘shilgan, ko‘pchilik orasida tamomila begona kimsaga o‘xshayman. Bularning bari taqdiri azalning peshonamga katta harflar bilan muhrlab ketgan qismat yozug‘i. Har gal qishlog‘imga bormoq uchun yo‘lga chiqqanimda, beixtiyor ko‘z oldimda sen paydo bo‘lasan. Otam, onam, aka va ukalarimni, do‘stu birodarlarimning holidan xabar olgani, ularni ziyorat etgani borayotgan bo‘lsam ham, yuragimning tub-tublarida birinchi seni uchratsamu o‘tli nigohlaringga to‘yib-to‘yib boqsam, shamolning allasida uchayotgan uzun sochlaringni silasam, degan xayollar og‘ushida yuraman… Va, bunga xos ism topgandekman – ORZU! Bu foniy dunyoda orzusiz inson yo‘kdirki, bir dam sevgilisining diydorini istamagan bo‘lsin. Har qanday ezgu niyatlarimiz orzular bag‘rida yetiladi, pishadi. Xuddi daraxt tukkan mevasi pishgani kabi…

Ko‘zlarim yo‘lingda parishon edi. Suratingga termulganimcha senga maktub yo‘llayapman. Majnun bir umr «sevish» qismatiga duchor bo‘lib va shunday jazolangan ekan, men ham xuddi majnunlar kabi «oh-fig‘on» chekkuvchi oshiqlar xilidanman. «Insonni inson tushunmog‘i kerak», deb bitilgan muqaddas o‘gitlarda. Nega endi sevgi-muhabbatni «hisob-kitob»lar orqali hal etishni ma’qul topasan. Axir ko‘ngil misli daryo, borliq, Xudoning uyi bo‘lsa, shunday yashashni o‘zingga ep ko‘rsanmi? Men hozir sendan olis bir yurtda, xonamda o‘tirib, oq qog‘oz yuzini dil izhorim bilan bezamoqdaman. Qo‘limga qalam tutishga birdan-bir sabab – SOG‘INCh! Sog‘inch ko‘zga ko‘rinmas, qo‘lga ilinmas botiniy dard ekanki, meni o‘z komiga butunlay asir etdi. Ipsiz bog‘ladi. Shu sababdan to‘lgan yuragimni, og‘riqdan zo‘riqqan qalbimni bo‘shatayaman. Vodarig‘! Yurak, ko‘ngil va borlig‘im, kimsasiz oroldek huvillab yotsa-yu, shuncha so‘z va nidolar buloq yanglig‘ qaydan toshayotgan ekan-a? Ajabo, hayronman. Yaratganning inoyati ila shunday arosat botqog‘iga botib qolgan bo‘lsam, Tangrimdan so‘rayman, meni bunday azobdan xalos et! Qilgan gunohim bo‘lsa, o‘zing kechirgil! Yolvoraman…

Tashqarida yoqimli shamol esmoqda. Va, bir maromda daraxtlar shovullashiga yana quloq tutaman. Tashqridagi hayot esa menga unchalik muhim emas. Ichimdagi ishq isyoni eson-omon qutilib chiqmoqni istayman. Bu isyon esa o‘z-o‘zimni tahlil qilishga, muvozanatimni saqlab yurishga qaratilgan bo‘lsa, ming roziman!.. «Har nafas bir imtihon aylaydi Haq», degan hikmatga yuzlanaman. Har lahza, har bir o‘tayotgan kunimda imtihon etilayotgan inson mening o‘zimdirman. Shunday fikrga kelishimga asos ham topgandekman. Bularning barchasi sen va men o‘rtasidagi masofaning uzoqlashuvi, sinishi oqibatidir.

Qishloq. Hali-veri tuzalmaydigan dardimning onasi. U yerga borganimdan, bormaganim afzalroqmikin? O‘ylanaman: ko‘rimsiz va aftoda holda, xuddi ko‘chadagi tilanchilardek siniq va so‘lg‘in yuz bilan qanday boray? Menga tanish va notanish kimsalar ko‘rsa nima deb, o‘ylamaydi. «Orzulari sarobga aylanibdi, qushning parvozi sinibdi, holiga voy», deya gap-so‘z qilishmaydimi? O‘zlarini jamiyat va hayot tartibotlarini sidqidildan bajarayotgan odamdek tutib, falsafa to‘qishmaydimi? Nahotki, o‘z tug‘ilib o‘sgan, kindik qoning tomgan yurtingga borishga yuz bo‘lmasa? Yo Bobur Mirzorga o‘xshab, «Hind sori» bosh olib ketmoq kerakmi?

Men esa javobsiz savollarim mohiyatiga sho‘ng‘ib, taxminlarim to‘g‘ri chiqajagini fahmlagandekman. Har bir bosgan qadamim xatolarning uyasiga o‘xshab tuyuladi. Esimni tanibmanki, mislsiz azoblar iskanjasida siqilaman. «Azob nima?» degan savollar bir dam tinchlik bermaydi. Javob esa hech qanday shaklu ko‘rinishga ega emas. Ichimdagi alam tezroq senga yetishmoqqa chorlaydi, ammo natija kutilgandek bo‘lib chiqmaydi…

Xonamdagi chiroqni yoqaman. Ichkari nur ila yorishadi. Bu yorug‘lik xonadagi buyum va kitoblarni ko‘rsatish uchun bir vosita, xolos. Ko‘nglimni nurafshon aylaydigan, tobora toshga aylanib borayotgan yuragimni qutqaradigan – SEN yo‘qsan! Faqat birgina surat olislarga tikilgan ko‘zim ovunchog‘i, ko‘nglim yupanchi, dil suyanchig‘i, uni xursand aylaydigan – Insonimni izlayman. Surat va xotiradan bo‘lak hech vaqo yo‘q! «Yolg‘izlik halokatga olib keladi. Zero, inson o‘ziga kerakli narsalarni faqat jamiyat yordamida qo‘lga kiritishi mumkin», degan Ibn Sinoning vaqtida aytib o‘tgan hikmatining mag‘zini chaqib va shunday jarlik botqog‘idan xalos bo‘lish chorasini izlaydigan bo‘lsam – qayerdasan?..

Har bir o‘tayotgan kun yolg‘iz boshimga talay muammolarni soladi. Bir-bir odimlayman. Harakatlarim zoye ketmasligi uchun qaddimni adl ko‘taraman. Keng va ozg‘in yelkalarimni kiyim vositasida boshqalardan panalayman. Ko‘chaga chiqarkanman, bugun nima bo‘lishi, kim va qanday chehralarga ro‘baro‘ kelishimni oldindan sezgandekman… Qaniydi, seni uchratib kolsam. Tasodifan ro‘y bergan hodisalar ko‘pincha insonga baxt keltirishi, ayni haqiqat-ku? Axir ilk bor aytilgan izhoridil tinglovchini – ro‘barangdagi insonning chehrasini oydek yoritgan bo‘lsa, tasodif tufayli qo‘lga kiritlgan boylik ham shular xilidan emasmi?

«Inson o‘z ehtiyojlarining yonida yashaydi», deydi Rumiy. Mening birdan-bir zarur ehtiyojlarimdan eng zaruri – SEN! Men xayolda uchkur ot kabi, uchmoqni ko‘zlayman. Birgina shirin so‘zing yolg‘izlik azobida zada bo‘lgan dilimni kelajak sari safarbar etsa, ovutsa deyman. Lahza sayin minglab orzular og‘ushida kezinaman. Goho sevinsam, zum o‘tmasdanoq siqilaman. Huvillab qolgan qalbimni, bo‘shliqdan iborat hayotimning bir maromga tushib olishini sendan bo‘lak kim ham eplardi deysan?.. Hech kim! Keyin dilimga malhami dori izlab kitob titkilayman. Muhabbat ilk bor qo‘limga qalam tutqazganidek, butun borlig‘imni parokanda aylamoqni kasb etdi. Jamiyat va men o‘rtasidagi muvozanatimga putur yetdi. Qalbimdagi jarohatdan sizib oqayotgan qon esa ko‘zlarimga aks urdi. Barchasi sening tufaylidir… barchasi sensizlik oqibatidir. Sensiz yashashga ko‘nikolmay, ming azob ichra eshilib-to‘lg‘onayotgan dilimni parvarish ayla! Mashrabi Oshiq kabi yonib-yashashimni bir ko‘rsang edi…

Har kuni kitob varaqalyman. Ma’noli va ma’nosiz hayotimni kitob vositasida iziga tushurmoq chorasini izlayman. «Yolg‘izning yori Xudo» deya o‘zimga falsafa to‘qiyman. Yolg‘izning yori kitobdir. Bir menmi minglab, millionlab insonlar ichra shunday yashamoq qismati bilan jazolangan odam? Menga o‘xshaganlar juda ko‘pdir. Ular men kabi maktub bitishni, birovga sir aytishni sira istamaydi-da! Oshiqlik ayb emas, yolg‘izlik ham, shunday bo‘lsa-ad, shu kungacha barcha ko‘rguliklarni bir-bir mushohada etgancha, qog‘oz yuziga soyachpman. Birov o‘qisin, qalbiga taskin, dardiga malham topsin uchun qog‘oz qoralayotganim yo‘q, aslo! Faqatgina to‘lib ketgan yuragimni bo‘shatayaman… Kunlarim shu zaylda o‘taversa, bunday siniq-siniq holim, oftobda nurab ado bo‘lgan tosh kabi sob bo‘ladi-ku? Shuni sezib, his kilib turgan esam-da, baribir bilganimdan qolmayman…

Umr – oqarsuv ekan. Qog‘ozga tushgani haqiqatning soyasi emas – o‘zidir. Umrning o‘tkinchiligini, dunyoning bevafoligini ko‘rib turgan esam ham, taqdirdan nimadir kutganim-kutgan… Xuddi mening ko‘z yosh to‘kishimga o‘xshab ketadi kun-tun almashinuvi. Barchasi sokinlikda, sukunat quchog‘ida ro‘y beradi… Sukunat doim yolg‘izlikning yonidadir, uning ishongan hamrohidir. Yolg‘izlik sukunatga jim gapiradi. Ular so‘zsiz bir-birlarini anglamoq bo‘ladi. Mohiyatan bir nuqtaga birlashib, yana ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Bularning bari bir oniy lahzada o‘tib ketadi, lekin izi koladi – QALB jarohati. Keyin turib-turib ko‘ngil nidosiga, hayqirig‘iga aylanadi. Vidoga cho‘mgan xayollarni uyg‘otmoqchi bo‘ladi. Qaniydi imkoni, topilsa, senga eltar yo‘llar ham sudrab boshqa tomonlarga olib boraveradi… Bir inson umri xazon, ayriliq va sog‘inch azobida to‘lg‘anadi, ingranadi, eziladi… Shu ko‘yga tushishimga ham sababchi – SEN! Sen tufayligina kelajakka maktub bitmoqdaman. Kelajak esa, bugunim va ertamning ko‘zgusi. Kelajak haqida o‘ylaganim sayin, goh yuksakka qush kabi uchib, evrilib boraman. Bu oraliqda esa sening yo‘qliging avval zaminga so‘ngra g‘arib kulbamga qaytaradi. Mendirman shundaylar xilidan bittasi? Adog‘siz savollar miyamni g‘ovlatgani–g‘ovlatgan. Shular xususida tinimsiz o‘ylanaman… Yana ko‘nglimga qaytib, u yerda bo‘shliqqa duch kelaman. Balki o‘sha bo‘shliqdir meni to‘xtovchiz ta’qib kelayotgan. Tasavvurimda sen iboli, hayoli, oqni-qoradan, yaxshini-yomondan ajrata oladigan insonsan. Faqat ishqiy iztiroblardan o‘zing xalos aylashingni so‘rayman, istayman.

Mushtdekkina vujudning bir paytlardagidek, naq yigirma yoshlarida nimalarga qodir ekanligini  hozir tasavvur ham etolmayman. Tasavvur etganimda ham, o‘zimdan uyalib ketaman, bo‘ralab haqoratlagim keladi… Hozir yigirma olti yoshdaman. Ko‘rinishimdan xuddi qirqni qoralagan odamga o‘xshab qolganman… Ishonasizmi, ko‘zguga qarashga ham yurak betlamaydi. Ko‘zguni jahlning zo‘ridan chilparchin qilib otib yuborishim tayin. E, vohki! Xudo bu ezgin va zabun holimni ko‘rib-kuzatib turibdi. Har bir qadamim ta’qib ostidadek go‘yo. Hatto soyam ham ba’zan sinchkov nazoratchiga aylandi. Yolg‘izligim uchunmi yoki sening «xayr»siz tashlab ketganing sabablimi, aniq mantiqni topolmay sarson-sargardon kezaman. Eh, shunchalar ojizmanmi? Bir paytlardagidek «shiddat-la yonib», ko‘chalarni to‘ldirib, u yoqdan bu yoqqa shamoldek yelib yurgan quvvatlarim, kuchu g‘ayratlarim qaylarga uchib ketdi?..

O‘zim yaxshi ko‘rgan soham – nafis san’atdan voz kechib, his-tuyg‘ularga asir bo‘layozgan ko‘nglimning jarohatini bitiradigan, o‘ylab siqilmaydigan qaytamga qalbu yuraging orzulariga sira-sira dahl kilmaydigan boshqa bir kasbning jilovini tutsammi deyman. Lekin yozish avvaldan qismatiga muhrlangan ekanmi, bu og‘riqdan tamomila voz kechmoqning ham iloji topilmaydi… Haqir holimga kim ham meni o‘z chorbog‘ida yashashga qo‘yardi. Tiriklik atalmish ehtiyojimni qondirishga ko‘nardi, rag‘bat berardi. Telba-teskari hayotimni ajdarho dunyoning talato‘plarida toblab, chiniqtirib, hali nurafshon yashamoqchi bo‘lamanu, ammo kayfiyat zum vaqt o‘tmasidanoq sengina xayolimga kelishing bilan undan asar ham qolmaydi… Fikru yodim senda, botinimdagi umidda, umid bag‘ridagi tug‘yonlararo kezinadi… Bugun tongni yorug‘ yuz bilan qarshi olarkanman, sahargi kayfiyat uchun misralar tilimda aylanadi. Bu she’r kimniki, kimning botiniy asrori? U yog‘i bilan qiziqmayman. Faqat she’rgina seni menga, meni-senga ro‘baro‘ qilishga qodir. U bilan suhbatim oshkor bo‘lgani uchungina yurakdan chin haqiqatlarni aytib sirlashamiz, hasratlashamiz. Haqiqat yuz karra yuz ochadi o‘sha paytlar.

Derazadan qarayman – tun. Shaharning ola–g‘ovur suronlari qayerlargadir berkinib olgan. Osmonni to‘ldirgan jimir-jimir yulduzlar, shubhasiz Mirzo Ulug‘bekni shaydo etgan, tunlari o‘ziga mahliyo aylagan meni ham o‘ziga tortmoqda. Sukunat quchog‘ida kechayotgan umrimdan xabardordek sinch nazar soladi. Mening ohu-fig‘onimni sevikli ayolimga shivirlab bermoqadmikin? Dunyoning yolg‘onchi ekanligini bilib tursam ham, sening kelmasligingga nechun ko‘nikolmayapman? Bilmayman. Yana biroz tin olgach qaboqlarimni ochaman…

Tag‘in yulduzlar! Ular ham biz kabi tirikchilik tashvishi deb jimir-jimir etsa-da, bir-birlarini hech qachon inkor etmaydi. Inkor faqat insonning qaltis fe’liga singib ketgan. Inkor ham balo kabidir. Qaysidir qaltis razilliklar uning bag‘rida yetiladi. Koshki qutilib bo‘lsa!

Uch yilcha vaqt o‘tsa hamki, yana sening rad etishingga yuzlanib turibman. Sokin sukunat quchog‘ida fikrlarim tiniqlashgani o‘rniga alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib, betartib holatga tushadi. Xonamda sochilib yotgan va o‘z egasidan saranjomlikni kutib turgan buyumlarga o‘xshaydi. Bunday paytda dilga ingan iztiroblar ko‘zga sira uyquni yo‘latay demaydi.

Insonning tug‘ilishi – azob! Yashashi undan besh battar azob. Ko‘ngil va yurak xatosi kishini devona aylaydi. Foniy dunyoning karvonlarida o‘yinchoq kabi surilasan, bemaqsad kezinasan… Yurakni bo‘shliqqa safarbar etadi, shunday yashashga undaydi. Umring arosat botqog‘ida qoladi. Mislsiz og‘riqlar makoniga chirpirak qilib uchiradi. Chidash mumkin bo‘lmagan lahzalarda joningni jabborga berishing tayin. Men ham o‘z-o‘zimni nazorat etish o‘rniga ich-etimni yeb, borlig‘imni parokanda etdim. O‘zimga qarab jangga otlandim… Goh yutgan bo‘lsam, goho yutqazdim… Hammasi sensizlik tufaylidir, yolg‘izlim…

Kuz… yana o‘zimni tahlil qilish fasli. Daraxtlar og‘ir silkinadi. Yaproqlar bemador to‘kiladi. Havoda qush kabi darbadar uchadi. Borliq sariqqa aylanadi. Kuzning namxush, salqin havosi dimog‘imga uriladi. Bir nimani sezgandek bo‘laman. Mohiyatan o‘zimni kimsasiz orolda yurgandek his etaman. Nima bo‘lgan taqdirda ham sening diydoringni sog‘inaman. Garchi visol yo‘li yopiq ekan, intizoru ilhaklik bilan yashayveraman…

Men uzoq yillardan buyon o‘zimni aldaganim–aldagan. Sening oy kabi ruxsoringni ko‘rmoq ilinjida uzun xayollar og‘ushida kezinaman. Dilim yorishadi. Atrofimda istak va mayllarini qondirmoq maqsadida yelib-yugurayotgan insonlar nazdida men juda ojiz, hech kimi yo‘q, musofir odam bo‘lib ko‘rinsam kerak-da! Lekin men undaylar xilidan emasman, o‘zimga yarasha boshponam bor. Tanish-bilish, do‘stu birodarlarim, ustozlarim bor, ammo sensizlik qiynaydi, bilsang yolg‘izim… Hali hayot oldinda deyman. Umidvor bo‘laman…

Dunyoning asl mohiyatini, tilini, qalbini, borlig‘ini tushunganim sari o‘zimning kim ekanliginimni anglay boshlayman… Nega shunday? Buning qanday asrori borligini bilmayman. Men – men emasdek go‘yo. Ichimga kimdir berkinib olgan va o‘shaning nayrangiga o‘ynab yurgandekman..

Dunyo ham inson qalbi kabi sirli. Umuman sen sirli mavjudot ekanligingdan xabaring bormi o‘zi? Shunday aftoda holimda o‘zimga qarayman – MEN kim? Sen kimsan? Sabolar yanglig‘ saharmardonda kezingan xayolmi? Qalbingdagi shuhratparastlik va boylikdan voz kechmoqni o‘ylaganmisan o‘zi? Vatan va oilang, kelajak xususida-chi? Meni ana shunday bejavob savollar qiynaydi…

Sabrning kosasi haqiqatan ham oltin bo‘lganida mening butun borlg‘im oltinga do‘nardi… Dard, u ko‘rinmasdir, ammo botiningni kalamush kabi kemiradi. Tunda uyquga ketgan chog‘ingda ham, tushingda oromingni o‘g‘irlaydi. Borlig‘ingni nurafshon aylab, saodat sohiliga yetkazish o‘ringa, zulmat quchog‘ida erkalaydi, qayraydi… yillar zahmatidan oqargan sochlaringni yelvizak kabi uchiradi… Bir paytlardagidek silliq, g‘ubor inmagan yuzlaringda ajinlar zohir qiladi. Kechagi o‘tgan kunlaringga bir qaytib, barcha og‘ir ko‘rguliklar uning tufayli sodir bo‘lganiga sira shubha qilmaysan! Magar men osiy banda bo‘lsam, gunohsiz kim? Senmi yo men. Sevganmi? Sevilganmi? Sen mayda tashvishlar bilan ko‘p-da, qiziqmaysan. O‘z o‘lchoving, hisob-kitoblaring, boylik va manfaating bilan sarson-sargardonsan… Vaholanki, turmush so‘qmoqlarida ketayotibsan, ammo kun kelib butun borlig‘ing bilan YoLG‘IZLIK sohilidan chiqishingni nahotki bilmaysan? Shu sababli miyangni dunyo va olam, inson va jamiyat o‘rtasidagi tenglik rishtalarini o‘ylashdan voz kechmoqqa puxta tayyorlaysan. Koshkiydi ko‘nikib bo‘lsa, shunday yashashga erishgan Xudoning bandasini topib ber menga?!

Bulbul chamanzonrini qanchalik sevsa, men ham o‘z Vatanimni shunchalik sevaman. Mening vatanim ham orom va taskin beruvchi Sening qalbing va yuragingdadir! Vatan men uchun o‘sha nuqtadan boshlanadi… Bir og‘iz shirin so‘zingni, bir paytlardagidek siniq jilmayishingni eshitsam, ko‘rib, kuzatsam edi… Borliq va yo‘qlik xususida o‘ylayverib ezilib ketgan yuragimni oq qog‘ozga emas, o‘ychan ko‘zlaringga qarab aytolsam edi… Dilimdagi hech kimni qiziqtirmaydigan, o‘ylab-o‘ylantirmaydigan «oh-fig‘onlar» kimga ham kerak? Men faqat yozish azobidan qutulmokdaman. Taskin va shifo ham, yolg‘iz kunimda hamrohim, ham tabibim, ham najot farishtam qog‘oz va qalamdir. Qalam olarkanman, bir ipga marjondek tizilgan so‘zlar o‘z-o‘zidan buloqdek toshib kelaveradi! To‘kilganing bilan sira-sira tugamaydi ekan!

Tashqariga razm solaman. Oltinrang tovlanayotgan kuzning jamolini ko‘rishni, ko‘rib kuzatishni Tangrim menga nasib ayladi. Kuzga yetmoqlik tantanasining naqadar orombaxsh ekanligini uzoq o‘lkalarga «xayr-xo‘sh» kuyini chalib, goho pastlab, goho yuksaklarda parvoz etayotgan turnalarni kuzatib his etdim. Ularni nima va qanday hayot o‘ziga maftun etsa, bizni ham shunday hayot o‘z chiroyiga chorlasa edi… Ular sening umuman qaytib kelmasliging xususida pichirlayotgandir yoki meni umuman qiynalib yashashimni bas qilmoqqa chorlayotgandir, kim bilsin? Dunyoning o‘zgarmas qonuniyati – o‘tkinchi ekanligimizni, mehmonligimizni o‘rgatayotgandir? Yo‘qsa, nechun bu mahzun kuyni doim chalgani-chalgan… Shunday ekan, sening menga bo‘lgan muhabbating, avvalgidek ishonching qayda?.. To‘g‘ri sening istak va orzuing boylik va shuhratparstlikdan o‘zga narsa emas! Har bir qadamni pul bilan o‘lchaysan, idroklaysan. Shunday ekan, nega senga ishim tushaveradi… Men nega seni sevib shunday xo‘rlangan, aftoda holda yashayapman. O‘z aybim, nuqsonim ko‘zimga ko‘rinmas bo‘lsa, sengagina bilinar, faqat sen mening nuqsonlarimni bilguvchisan. Ilk bor umid osmoniga parvoz etishga chorlagan ham o‘zingsan. O‘sha kuni tasodif falokat bo‘lmaganida, balki menga yana kutmoq va sevib yashamoq fursatini taqdim etgan bo‘larding. Nega jimsan?. Boshim og‘rib, tez-tez betob bo‘lib qoladiganimni eshitib, shu qisqa, ayriliq, yo‘lini tanladingmi? Ko‘ngil sirli javhari muhabbat inson tug‘ilishdan, to so‘nggi ketar jafosigacha bo‘lgan masofadagi yolg‘iz hamrohi ekanligini nahotki unutgan bo‘lsang?!

Yillar o‘tdi…

Hamon yolg‘izman. Bugunimdan mo‘jiza kutib, qaboqlarimni ochdim. Miyamda kechagi tushimning tafsillari aylanadi. Ko‘zlarim yoshlandi… Falokat! Qandaydir jarlik oldida turganmishman. Zulmat! Zulmatni parchalab olisdan nur oqib kelarmish. O‘sha nur bilan men tomonga harakatlanayotgan SEN emishsan. Meni bosib kelayotgan falokat – jarlik botqog‘idan qutqarmoq maqsadida nozik qo‘llaringni uzatarmishsan. Men shu ko‘yi ko‘zlarimni yumganimcha minglab, millionlab odamlar orasidan senga talpinarmishman. Ikkala kaft bir-biriga tegishi hamono meni tubsiz jarlik oldidan tortib olganmishsan… Bu mudhish tasodif oniy bir lahzada ro‘y berganmish… Tushlarimda… faqat tushimda umidvorlik bilan yashayotgan ko‘zimga nur, qalbimga, borlig‘imga yashash saodatini baxsh etding… Men o‘ng va tush aro arosat botqog‘ida qoldim.

Tag‘in tush aro uyg‘ondim. Avval ko‘z oldimda yillar osha ta’qib etib kelayotgan «vaznsizlik». Xayol dunyomga sho‘ng‘iyman: sensizlik, yolg‘izlik! Xuddi tush ichra ko‘zguga tikilgandekman. Maqsad – o‘zni ovutish! Yuragimga xotirjamlik baxshida etish. Beadog‘, ismsiz iztiroblardan voz kechish. Senga bu yozganlarim barchasi oddiy tuyulishi, mayda yumush bo‘lib ko‘rinishi mumkin, ammo mening hayotimda bular juda katta mavqe kasb etadi.

Ko‘nglimning istaklarini bajarish maylidan tamomila voz kechib ketmoq uchun necha bor urindim. Befoyda! Xonamga qandaydir nafislik, ko‘rk bag‘ishlab turgan kitoblarni varaqlayman. Xayolimda shoir nidolari yangray boshlaydi. Turib-turib butun borlig‘imni egallagan qismatdoshim hayqirig‘ini baralla ovoz chiqarib ayta boshlayman…

 

…Uch yildirki, hamon o‘sha-o‘sha men. Sendan na sado keladi, na bir xat-xabar. Arosat olamida yashayotganimni bilmaydigan ko‘rinasan. Botinimda sengagina bo‘lgan buyuk muhabbat bor! Men uning kechayu-kunduz ibodatini qilib, mehribon Allohga yolvorganim-yolvorgan. Xumori tutgan nashavanddek alahsirab kezinman. Dunyodagi mayda tashvishlar ham katta muammolar ham o‘zimga… Oila qurish, boshqalar qatori yashaydigan vaqt kelgandir. Ammo sensiz, mehringsiz men kim edim va kim bo‘lardim?

Umr bo‘yi izlaganim ko‘ngilning istagi va orzusi – muhabbatim bilan birga bo‘lishlik, uning vasliga erishish edi. Na chora! Balki sen o‘z xatoingni tushunib bir kun qaytib kelarsan, balki umuman kelmassan? Shunday bo‘lsa ham, meni bu dunyoga aniqrog‘i zaminga bog‘lab turgan birdan-bir vosita nimaligini bilishga ming urinmayin, unga munosib ism ham topolmayman… Qiynalaman. Kechagina tuproq ko‘chaning changini osmonga chiqarib, chirparak qilib yurgan hali pishmagan – g‘o‘r bola edim… Bugun esa holimga maymunlar yig‘laydi. Inson dunyoga bir marta keladi. Men sendan ko‘p narsa so‘rayotganim yo‘q, faqatgina jindek mehr va muhabbatingni, shirin so‘zingni istayman, xolos!..

 

…Bugun o‘zimning hayotimni kundalikka yozib qo‘ymoqqa ilk bor jur’at etdim. Kundalik – ko‘ngilning sirlari… Men umr bo‘yi, naq yigirma olti yoshimgacha seni baxtli qilish orzusi bilan yashadim. Bundan keyin nima bo‘lishi birgina – Yaratganga ayon! Shiddat bilan turlanib borayotgan dunyoda men nimalar qilib yuribman. Daho ruhshunos yozuvchi Dostoyevskiyga o‘z rafikasi qanchalik mehribon va rahmdil bo‘lganligini bilasanmi? Dunyoda yor diydoridan, uning visoliga erishmoqdan o‘zga yuksak orzu bo‘lishi mumkinmi, ayt? Mumkin bo‘lsa, nima ekan u? Senga bu yozgan narsalarim ham qiziq tuyulmasa kerak-a? Nihoyat, «inson go‘zallikka o‘ch bo‘ladi» degan gapga iqror bo‘ldim. Go‘zallik deganda tashqi ko‘rinishingni nazarda tutayotganim yo‘q. Men uchun birlamchi go‘zallik – QALB! Qalbingda muhabbat bormi – INSONSAN! Bo‘lmasa-chi? Aytishga uyalib ketaman…

Birinchi sahifasini yozib bo‘lgach, boshimni qog‘ozdan ilkis ko‘tardim. Qo‘llarim shunday qaltirar ediki, tilimga kelgan nimaiki bo‘lsa baqirib aytardim. Ming la’ant o‘qidim… qismatimga.

To‘kildim, nuradim, borlig‘im ado bo‘ldi. Ey Gul! Ko‘zlaring shunchalar o‘ychan va ma’yuski, ruxsoring shunchalar tiniq va chiroyliki, ko‘rgan ko‘zimga uyat! Xuddi senga begona nigoh termulgani kabi men ham qarashga jur’at etdim. Aslida ko‘rish ko‘ngilning taskin va shifosi ekanligini bilib turgan bo‘lsam ham, nega senga qaramay, axir! Umrimda ilk bor topganim va yo‘qotganim, visolingga erisholmaganim ham sen! Senga bir haqiqatimni aytmaymi, o‘zga bir ko‘nglining bo‘liq siynasiga bosh qo‘ymayman, dil izhorimni aytmayman, unga uzoq tikilmayman, qalbiga orom, yuragiga tasalli bermayman. O‘zga bir inson bilan yostiqdosh bo‘lmayman, tushunyapsansmi?! Mayli meni «devona» desin, «ko‘chadagi gadoga»  chiqarsin, «telbalik kasaliga mubtalo bo‘libdi» desin, ammo nima uchun birovlarning nazar-xotiri uchun o‘z istak va mayllarimdan voz kechib yashashning etagini tutishim kerak? Men bir narsaga qaror qildimki, umrim davomida KUTIB yashayman. Menga taskin va tasalli, hayotga ishonch shudir. Irodamni turmushning achchiqma-achchiq ziddiyatlarida toblay boraman. «Charxning men ko‘rmagan jabru jafosi qolmagunicha» azob va azob bilan yashayman. His-tuyg‘u nimaligini bilasanmi? Bilganingda meni biron marta, yo‘q umuman umring bo‘yi tushunarding. Kimning so‘ziga kirdingu bilmadim, ammo senga so‘z o‘rgatgan insonning shapaloqdek tilini kesiblar tashlagim keladi. Inson yolg‘iz dunyoga keladi. Yolg‘iz ko‘ngilning buyruq va amriga bo‘ysunib yashaydi. Yolg‘iz bitta inson bilan yostiqdosh bo‘ladi. Oqibat dunyodan ham yolg‘iz ketadi. Shunday ekan, sen nega o‘z ko‘ngligga, qalbingga, yuragingga quloq solmading? Nechun biron marta o‘z bilganingni qilishga kirishmading? Nechun?!

Men shu ko‘yi xotiramning qa’r-qa’riga singib ketgan ishq tarixini titkilayman. O‘zimga mos va xos jihatlaridan ovozim boricha baqirib, she’r o‘qiyman. She’r – sen ilohsan! Sen qudratli dengiz kabi toshasan. Goho uchqur ot kabi pishqirasan, olamga jar solasan! Birgina yurakdan chiqadigan ovozing – she’r bo‘lsa voajab? Tangrim qudratingga tasanno! Boshimni egib, ming tashvish va alam ichra to‘lg‘onib yashasam ham DARD sari talpinaman. Undan ayro yashasam xuddiki eng kerakli buyumimni yo‘qotib qo‘ygandek tipirchilayman…

Men ko‘ngil xotirjamligi uchun kurashdim, befoyda! Shoshqaloqlik qilsang ham, sekin yursang ham qismat ekan! Ne tadbir va tadorig qilmagin, baribir orzung sarob ekanligini bilib qolasan… «Shunga monand harakat qilsang bo‘lmaydimi», deguvchi bir banda yo‘q? Bor, balki o‘zimdirman eng ishonchli habib. O‘z qo‘llarim bilan yaratgan taqdir qanday bo‘lardi…

* * *

Dunyolar o‘zgarmoqda. Inson tiynati ham torayib-kichrayib borayotgandek. Men barcha nomidan gapirishga umuman haqqim yo‘q, faqat anglab yetganim, tushunganimga iqror bo‘ldim… Sen meni toshga aylantirib yubording. Muzlab qolgan ko‘ngilni endi kim ham eritardi. Kim ham yordam qilardi, so‘ngra inson o‘laroq yashay boshlasang?! Ota-onam, tuqqan, tug‘ishganlarim, mendan bir mo‘jiza kutib yashaydi… O‘zimdek hayotdan nimadir kutganim kabi…

…Tavba… tag‘in tush, tag‘in holsizlik aro uyqudan turdim. O‘tgan ikki sotalik vaqt ichida kimlar bilan suhbat qurganimni, kimning dunyo mashaqqatlaridan tolib, jimirilib qolgan qo‘llaridan chanqog‘imni qondirganimni nahotki bilishni istamasang? Senga eltar ko‘chadan o‘tarkanman, uyingning oldida muzdek chashma qaynab oqarkan. Toshib chiqayotgan suvni ko‘ribmanu unga o‘ljasini topgan sher kabi tashlanibman, bu chanqoqning zo‘ridan bino bo‘lgan ehtiyoj ekan. Ko‘z o‘ngimda oying turarmish. Men u kishini ko‘rganim zahoti o‘zimdan – nafsimni qondirmoq uchun yuzma-yuz kelganimdan juda-juda uyalibman. U kishi mening siniq holimni oldindan bilgan ko‘rinadi va «siqilmagin, men senga qizimni bermoqchi edim. Bilasiz bir tashvish bo‘lib, mahalla ko‘y oldida boshim egilishini istamaganim uchun senga bermayman, boshqasini topaversin degandim. Ustiga-ustak, qizim hali yosh. Endigina o‘n to‘qqizdan oshayapti… uni o‘qitishim, ertaga mening kabi mashaqqat chekmasligi uchun shunday o‘ylab edim… Afsus, birovning, ya’ni o‘z farzandimning ko‘nglini ovlash uchun senga ziyon yetajagini qaydan bilibman… Chanqadingmi, uka?», dedi meni ovutish va eng zarur ehtiyojim nimada ekanligini bilib. Men esa «Ha, juda-juda badanim qurib ketyapti. Bir piyola suv bering, iltimos» dedim. O‘sha nozik qo‘llari bilan menga suv uzatib, «oling, iching» dedi. Bir piyola suvni «g‘ilq» etganimcha ichdim. Bo‘lmadi chog‘i. Tag‘in qo‘l cho‘zdim. Yana quydi. Yana bir simirishda bo‘shatdim. Endi mening butun borlig‘imni timdalayotgan chanqoqlik hirsi qayerlargadir uchib g‘oyib bo‘ldi. Shu tobdagi ikkinchi istak va maylim esa sening jamolingni ko‘rish va qaro ko‘zlaringga uzok tikilish edi. Oying uyingga chorladi. Kirdim. Sen esa uy supurayotgan, qandaydir uyum-uyum har xil mayda buyumlarni bir joyga supurging bilan yig‘ayotgan ekansan, egilgan boshingni ilkis ko‘tarib, meni xuddi oying kabi so‘roqqa tutding: «Nima qilib yuribsiz, shu paytlarda birovning uyida, sizni kim chaqirdi o‘zi?», deding yuzingga qizillik toshib… Men esa «hech kim, o‘zim keldim» dedim. Xullas, seni ko‘rishim bilanoq yana bir ehtiyojimni qondirdim. Balki ko‘rish va kuzatish ham ko‘nglingga yorug‘lik baxsh etar. Tushundimki, ko‘rish ham insonni mahv etayotgan «nimadir»ning barham topishiga zamin hozirlarkan. Keyin qayerdandir dadang kelib qo‘shildi. Mendan tuzuk hol so‘rashdi. «Bormisiz, yaxshi yuribsizmi?» dedilar. Hayotda ham xuddi shunday so‘rashardi. Mana tushdagi hayotimda ham hech bir o‘zgarishni deyarli ko‘rmadim.

– Rahmat, o‘zingiz yaxshi keldingizmi, dedim. Axir, uzoq safarga chiqib, bir necha oydan keyin qaytib kelishganini yaxshi bilardim-da! O‘shanda oilangga ilk bor, ya’ni tushimda qadam qo‘yib, suhbatlashganim ekanligi uchunmi, negadir bu ishimni men juda yoqtirib qoldim… Sevindim. Yillar bo‘yi ko‘rmagan, uchratmagan odamingni, jism va qalbing bilan olislarda yashayotgan odamingni tushlaringda ko‘rsangu, u bilan diydorlashsang, sirlashsang, bundan ortiq baxt yo‘q ekan dunyoda. Umidli dunyo-da, axir…

Shunday qilib, men yana o‘zimning huvvillab qolgan yolg‘izxonamga qaytib keldim. Yo‘l yuribman, juda charchagan ekanman, tush aro dunyolarni kezsang, kezib dilingga ingan og‘riqlarni – chanqoqni bosib olsang, bu kabi evrilishlar tez-tez bo‘lishini, xuddi mo‘jiza yanglig‘ ro‘y berishini istab qolarmishsan… men esa, ana shunday istak va mayl, ya’ni ORZUlar olamida kezina-kezina, axiyri senga ro‘baro‘ bo‘ldim. Qarshingda turib, juda kam daqalarda bo‘lsa ham suhbatlashdim. Bundoq jiddiy mushohada etib ko‘rsam, shu ekan baxt…

Derazamni xiyol ochib, qo‘ygan edim. Tashqaridan bir maromda shabada esib turardi… Bir payt har zamon, har zamonda mashinalarning «shuv» etib o‘tayotganidan to‘lqinlanib ketdim. Obbo! Har kuni shunday ochiq deraza qarshisida o‘tirib, kitob o‘qirdim, qog‘oz qoralardim. Mashinaning shiddatli oqimida «paq» etgan ovoz yuragimni bir seskantirib ketdi. Turib tashqariga razm soldim. Yo‘l. Va, yo‘lning qoq o‘rtasida jon talvasasida tipirchilayotgan mushukka ko‘zim tushdi. Bechora uzanasiga tushib shunday «uvlardi»ki, to‘rtinchi qavatdaligimdan, hamda yarim tunda men yashayotgan binoni aylanib chiqib, unga yordam berish, ayni paytda mushkul ish ekanligini bilib tursam ham, unga juda-juda achinib ketdim… So‘ngra yo‘lning u tomonidan bir sherigi sekin yurib kela boshladi. Eh o‘shanda birinchi bor ko‘rishim, o‘lganning ustidan tepganni… Hayvonlar ham musibat tushsa, qolaversa mushuk aqlli jonivor (Payg‘ambarimiz(s.a.v) suyib erkalaganlar), bir-birini tashlab ketmaydi ekan, qaytamga azob berarkan. Mashina urib ketgani yetmaganidek, boshqa birisi kelib, unga na’ra tortib, tashlanayapti… U tirik qolgan ko‘rinadi, yarim jon holatda bo‘lsa ham, yashash uchun o‘z qavmi bilan olishayapti… Bir payt atrof sukutga cho‘kdi. Yana bitta mashina qolgan umriga ham yakun yasadi. Bechora mushuk temir g‘ildiraklar orasida yana bir bor hayot tegirmonida butun jismu joni bilan chavaqlandi… sherigi esa yo‘l chekkasidagi daraxtga chiqib, qo‘llarini qashiy boshladi…

Mana yarim tun: tush va o‘ng aro ma’lum vaqt ichida kechgan hodisani ham yumshoq qog‘oz yuziga qora siyoh bilan bitib chiqdim. Bu bilan nimani anglaganimni o‘zim ham tuzukroq bilmagandekman. Faqatgina «o‘lganning ustidan tepish» insonga xos xislatmikin deb, o‘ylardim, afsus hayvoniy hirs ekan aslida. Tabiatga taqlid qlishimizning ham boisi shundandir, balkim.

Soatimga qarasam naq beshning ustida ekan kichkina tili. Chiq-chiq etgan ovozdan bo‘lak hech qanday tovushni eshitmadim, chog‘i, xullas mening borlig‘imda bir soat oldingi tush tafsillari kezinardi. Xayolim o‘sha-o‘sha sen zavq bilan supurib-sidirayotgan jarayonning ichkarisiga qarab chopardi. Men undan ayrilishni istamasdim. O‘ylanaman: nimaga inson o‘ngida ko‘rmagan, ko‘rib diydorlasholmagan insoni bilan tushida yaqin suhbatlar quradi. Bu juda ko‘p o‘ylayverganlikning asrorimi yoki boshqa bir sababi bormi? Bilishga harchand urinmayin, qiynalaman! Hatto psixologiya fani ham hanuzgacha turli qarashlar bilan talqin qilib, keladi, ammo bu hali yetarli emas! Hammasi hali oldinda deyman, turib-turib. Ruhiyatdagi kashf etilmagan hadsiz insoniy kechinmalar ko‘pki, buni bizning avlod ilmiy tekshirib, izohlay olmasa, kelajak avlod aniqlashi tayin. Chunki vaqt degan oliy hakam hammasini to‘g‘irlab, joy-joyiga qo‘yib boraverishiga sira shubha qilmayman…

Oradan qancha suvlar oqib o‘tdi, kunlar almashindi, hodisalar ro‘y berdi, lekin avvalgidek mo‘jiza sodir bo‘lganicha yo‘q. Nega, nima uchun? Men fasllar almashinuviga ham jiddiy e’tibor qiladigan bo‘lib qolibman. Hozir kuzni kuzatib, qishni kutib olyapman. Roppa-rosa ikki daqiqadan keyin, qishning birinchi kuni boshlanadi. O, bir paytlardagidek qalin qor ustida yaxmalak o‘ynaganimizni sog‘indimmikin? Yoki qishning ham o‘zgacha ziynati bormi? Bobomning aytib bergan afsonaviy qorbobo haqidagi ertakda bola kabi sovg‘a olib zavqlanishimni istayapmanmi? Bilmadim, xilma-xil rejalar shu fasl kirishi bilanoq yana boshqatdan bahorgi boychechak kabi avval botinimda so‘ng xayolimga unib chiqadi…

…Qish. Kunlar ham soviy boshlagan edi. Lekin osmonni qoplagan oppoq bulut qor yog‘ishidan darak berolmasdi. Sababi havoda qorning hidi yo‘q edi. Demak, hid sezilmaydimi, yog‘ishi mumkin emas! Men qorning yog‘ishini ilhaq kutardim. Qorni «g‘ichir-g‘ichir» qadam tashlab bir-bir bosganimcha yurishni istayman. O‘sha sohir xayollar bolaligimga sudrab ketaverardi. Ammo men o‘z bilganimdan qolmay borliqni burkagan «bir oppoq siyna»ga yuzimni bossam edi. Qaniydi, imkoni bormi buning? Tag‘in telbalik, tag‘in yolg‘izlik. Esimda ekan, bola edim, rahmatli buvining iliq taftini so‘nggi bor, atigi so‘nggi lahza ushlaganimni xotirladim. Sog‘ingan ekanman, o‘shanda xotiramning «qa’r-qa’riga» singib ketgan o‘tmishni, bundan yigirma yil avvalgi kunni esalarkanman, hayotim nega shu kungacha sira-sira o‘zgargani yo‘q? Nega men o‘z borlig‘im va botinimni zabt etgan orzularim yonida bo‘lsam ham, uning ushalishiga o‘zimda na kuch, na bir rag‘bat topmadim…

Ey, Sen! Bugun o‘z boringni o‘zgartirishni nechun tadbir qilib, ertangi kuning uchun eng zarur ehtiyojlaringni qondirishga urinmading? Yoki kirishmading?.. Hammasi bir maromda xuddi ko‘z-ochib o‘tguncha vaqt iskanjasida bo‘lib o‘tishini nahot unutgan ko‘rinasan? Axir erta bugundan boshlanishini bilarding-ku?! Shunga monand ish qilganingda xomushlikdan so‘z ochmoqqa ne naf? Inson ming bor urinib-surinmasin, qalbining istak-mayli ro‘barasida ojiz va notavon kimsa bo‘lib qolaverarkan. Mana men. Mana sen! Ikki daryoning jo‘shqin toshib hayqirishlari bu bir kam dunyoga sig‘masa?  Sig‘ib o‘z istagi kabi yashay olmasa? Inson o‘ziga tegishli ruhiy xotirjamlikni birgalikda hal qilishi isbotlangan-ku?..

Sokinlik bugun deraza oldidagi daraxtlar shivirda ham akslanib turardi… Go‘yo osmonning qay burchagida sokinlikdan so‘z yuritardi yulduzlar. Faqat dilga ingan va bir umrga muhrlangan qismating kabi jimirlardi, ular… negadir, jism va aqlimni tarbiya qiladigan, qilgach ovutadigan biror yumushning etagini tutmayapman nega? O‘zimda shunga ehtiyoj sezarkanman, fasllar o‘tishi va yangisi kelishi bilanoq seni eslayman… Sen nega mening botinimni, umidlarimni bilishni istamaysan, nega? Hammasi hali oldindami? Yoki o‘tib ketgan bulut kabi endi ko‘z yoshlarimga hamroh bo‘lmaydimi? Savil o‘tkinchi tuyg‘ular sening kelishingdan nechun so‘z ochmaydi? O‘ylanaman: tush va o‘ng aro kechayotgan, kechib birorta mo‘jiza tuhfa etmayotgan taqdirimdan xafaman! Xolimga maymunlar yig‘lagani yetmagandek, boshqlar, masalan do‘stu birodarlarim ham kulib ketmoqda… Talpinaman! Kimga? Bilishni istayman. Bilolmay, karaxtman. Balki bilganim uchun ham menga juda oddiy tuyulayotgandir? Kimga yor edimu kimni yor dedim? Oraliqdagi inson kim? Senmi yo men? Aytolmaysan… aytishga yurak ham kerakdir. Bu ketishda ich-etimni yeb bitiradigan insonga o‘xshab bormoqdaman! Sening vasl-diydoringni istab, izlab yursam ham bunga erisholmaslikdan juda-juda xijolatliman…

Qish edi u paytlar. 1993-yil, dekabr. Endigina esimni tanib, maktabga borganimga ham bir yildan oshgandi. Yanglishmayman, ikkinchi sinfda o‘qisam kerak. Buvimning bevaqt vafot etishi, mening hayotimda chuqur iz qoldirdi. Yo‘qotish nima ekanligini o‘shanda his etgan edim… Ammo buvim mening ingichka bilaklarimni ushlarkan, «ko‘p o‘qigin, bolam, katta odam bo‘lgin» degandi… Birdan-bir ishim buvim va bobom, so‘ngra ota-onamning orzularini ro‘yobga chiqara boshladim… O‘qidim, izlandim, pishdim… Lekin sening yo‘qliging shuncha orzularning zinama-zina ushalishiga to‘sqinlik qilajagini endi aniq-tiniq sezib qoldim. Dunyoni sig‘dirguvchi yuragimga endi qil ham sig‘may qoldi…

O‘ylab qarasam, sen o‘sha yili ikki yoshar, hali dunyoni tanimagan chaqaloq ekansan. Men maktabga borib alifbodan savod chiqarayotganimda sening ko‘chang yonidan va uying oldiginasidan o‘tardim. Onang seni ko‘tarib yurganlarigacha aniq-tiniq eslayman! Xotirlayman… xotiramga singib ketgan o‘sha bolalik, beg‘uborlik bilan yuzma-yuz qolarkanman, senga ko‘ngil qo‘yishimgacha bo‘lgan oraliqdagi kunimgacha sarhisob – mushohada yuritarkanman, men juda baxtli ekanman…. Hayotdan mastu alast ekanman. Baxtli lahzalar ekan u paytlar. Ayniqsa, beshinchi sinfgacha katta sinfga qadam qo‘yganimcha baxtiyor edim… Bechora rahmatli bobomdan ayrildim. U kishi meni juda-juda yaxshi ko‘rardilar. Birga to‘ylarga, katta-katta davralarga olib borardilar… ertaklar, afsonalar, latifalar aytib berardilar… Endi men faqir va haqir holimda nima deb, valdirab o‘tiribman Senga? Yalang‘och fikrlarim – yurak sirlarim ekanligini bilsam ham nega shapaloqdek tilimni tiyolmayapman… Nega?

…O‘z hayotim – o‘zimning tashvishim! Do‘stlarim ham tashlab ketdi. Birinchi sevib, aqlimni tanigan, yuragimdagi eng go‘zal tuyg‘ularni hadya etgan insonim ham tashlab ketdi. Mana kuz! Mana xazon fasli. Istak va imkoning yetmasligini bilib tursang ham visolsiz eshik tomon talpinaverar ekansan! Negadir o‘limni yaxshi ko‘rib qoldim. Unga o‘zimni jiddiy tayyorlashim ham kerakka o‘xshaydi. Balki inson butun umri bo‘yi qilgan amallari bilan o‘lim sari borayotganini bilmas, bilsa ham bee’tibor eshik qoqshidan cho‘chib o‘lsa kerak-da! Negadir menga shunday tuyulmoqda! Tanangdagi biror azong og‘risa, jon shirin ekanligini his etarkansan, lekin hayot undan ham shirin ekan… Eslayman o‘rtog‘im A.ning uyidan chiqmas edik. Rahmatli otasi ham yaqinda qazo qildi. Tong sahardan o‘yinga kirishib, to kunni kech qilib uyga qaytardik. O‘sha baxtiyorlik lahzalarning qadri naq yigirma olti yoshimda juda-juda bilinib turibdi. Nega? Hali qirqni ham qoralaganim yo‘q-ku? Xudo bilan sirlashaman. Tillashaman. U ham meni tushunadi. Men ham unga tobora yaqinlashayotganimni his etib turaman… Xudo mening yuragimdagi muhabbatim ekanligini ham aytishim mumkin! Bilarsan-a? Men seni Xudo deb, sig‘indim. Senga ibodatim, senga toatim ekanligidan ham boxabardirsan-a? Nega yana yerga boshing egib qolding! Axir sen mag‘rur va masrur eding-ku? Men senga hech qachon yomonlikni ravo ko‘rmaganman! Faqat va faqat sevganman…

Otam ham juda saxiy, saxovatli insondir. Onamni-ku bag‘rikengligini aytib ado qilmasman! Har ikkisidan ham yaxshilik ko‘rganman. Yomonlik ko‘rmadim. Bola edim, maktabdan qaytardim, issiq ovqat pishirib oldimga qo‘yardi. Bir dam yonimdan jilmasdi, yeb-ichib bo‘lganimdan keyin o‘z o‘rnimga o‘tib yotishimgacha qarashardi… Qani o‘sha lahzalar, men ularni tashlab ketdimmi yo ularmi?! Qaniydi, o‘sha davringga qaytsang, qaytolsang edi. Muhammad(s.a.v) payg‘ambarimiz muborak hadislarida aytib o‘tganidek «onamga yaxshilik» qildim. Bu esa burchdir. Farzandning onasiga qilishi mumkin bo‘lgan ham farzi, ham qarzidir. Shunga aytsa kerak-da, ey insonim, yaxshilik yerda qolmaydi u yurakda qoladi deb. Men qilgan amallarim bilan o‘zimni tahlil qilarkanman, botinimda kuchimga-kuch, g‘ayratimga-g‘ayrat qo‘shayotgandekman… Lekin ming urinmayin hamon arosatdaman, hamon yolg‘izlik, hamon ko‘nglim hech narsadan to‘lmaydi…

Derazani bugun kattaroq ochdim. Tashqari mo‘raladim. Katta shaharning tinimsiz shovqinlariga mening ham yurak bag‘rimning sasu sadosi, hayqirig‘im ularga qo‘shilib ketdi. Ichim to‘la iztirob, ichim to‘la holsizlikka o‘xshash bir narsalar… Tag‘in bexushlik… Nega shunday ekan-a? Nega mening xayotimda mo‘jiza ro‘y bermaydi. Cho‘ntagimda yeyishga-ichishga pulim bor bo‘lsa ham borlig‘im kemtik va yupun, aftoda va behol! Nega? Balki buni bilguvchi sendirsan? Aytishga iymanasan-a? Yoki o‘zgalardan uyalasanmi, ey g‘ururi yuksak qiz? Dodimni eshitgan biror kimsa bormi, deyman daraxtlar shovullashiga yuzimni tutib. Yaproqlar to‘kilaveradi… Ularga o‘zimning holim bir najot kutib turgan esa ham achinaman… Bas qil, shamol. Ha deb, uchiraverma. Sen tegmasang ham to‘kiladi-ku? Kuni bitmasidan jonini sug‘urib olganing nimasi? Qanday jur’at etasan-a, o‘lganning ustidan tepib?..

Sening diydoringni sog‘inaman. Qaniydi qaro ko‘zingga termulib, yashay olsam… Bugun men ana shular haqida: tun quchog‘ida erkalanayotgan yaproqlar shivirlariga quloq tutib, seni esladim… Nega seni eslayveraman… Axir hammasi tugab bitgan bo‘lsa? Oxirgi nuqta bittamidi? Yoki uchta… «Demak, to tiriksan, hali hayot bor» degin, ey Sen! She’r aytib bersam tinglar eding, jim tinglarding… Mening yuragimdan–yuragingga ko‘chib o‘tgan tuyg‘ularimni shunchalar sevardingmi?! Sog‘inib qolgandirsan, o, bir vaqtlardagi kabi… Tag‘in she’r aytaman, faqat sening quloqlaringga yetib boradi, aksu sado beradi, tog‘u-toshlar uzra yangraydi, o‘z mustaqilligini tantana qildi…

Olis osmon bag‘rida sochilib yotgan yulduzlar jimir-jimiri ko‘zlarimga tushadi. Uzoq tikilaman. Kimni axtardim shu paytda? Kim edi u? Balki sen yoki do‘stim A.ni? Birdaniga talabalik paytimdagi hech esimdan chiqmas bir voqea o‘yimga keladi. O‘shanda oyim N.ning markaziy ko‘chalarida meni o‘qish joyimga izlab kelganidan xabaring bormi? Aytib bergandirman-a? Onam lablari sovuqda ko‘karib, sovuqqa qasdma-qasd qadam tashlab izlab kelgan ekan. Mening holimdan xabar olgani kelganidan juda-juda xijolat chekdim. Qo‘llari sovuqda qotgan ko‘rinadi, dir-dir titrardi… So‘z-so‘zga qo‘shilmay, lablari qaltirardi… Men o‘zimni o‘sha payt juda yomon ko‘rib qoldim. Qachon oyimning bu kabi yaxshiliklarini qaytararkanman deb, o‘ylaganim-o‘ylagan… Axir oyim men uchun jonini jabborga berib, uzoq yo‘l yurib, nihoyat mendek baxti yarim o‘g‘lidan xabar olgani kelganini qanday tushuntirib beray?.. Onamning umrim davomida barcha qilgan yaxshiliklarini qaytarishimni ko‘ksimga jo qilib qo‘yibman! «Buni bir men va bir malak bilar…» Ko‘ngilning istagani doimo bo‘lavermas ekan, seni yo‘qotganimdan buyon shunga ishonib qoldim…

Har qancha tadbir ko‘rsang ham oqibat istak va mayl eshigini qoqishingga to‘g‘ri kelar ekan. Men seni istayman, xolos! Bir paytlari gulning hidi dimog‘imga urildi. Yana derazani kattaroq ochdim. Sokinlik tun bilan xonamgacha kirib kela boshladi. Men diqqat bilan kuzatdim… Faqat bunda yolg‘izligim halaqit berardi. Kitobimni ochdim. Senga o‘qib bergan, sen eshitgan satrlarni xushbo‘y gul hididan may kabi simirganimcha botinimdan – tashqariga socha boshladim…

Xastaman gohida yod ayla meni,
Maktub ham yuborib shod ayla meni.
O‘limga parvom yo‘k, seni o‘ylayman,
Bir kelib baxtiyor zot ayla meni.
* * *
Yuzingni ko‘rmasa ko‘zlar ne kerak?
Sen tinglab turmasang so‘zlar ne kerak?
Yil o‘tdi, yuzingni bir bor ko‘rmadim,
Gul fasli bahoru yozlar ne kerak?
* * *
Bir kuni ketaman izlab topmaysan,
To‘rt tomon chopasan, bo‘zlab topmaysan.
Yomon deb boshimga buncha mushtlading,
O‘sha kun hattoki sizlab topmaysan…*

Bugun erta uyg‘ondim. Turishga madorim bo‘lmasa ham o‘rnimdan turdim. Doimgi ishim – derazaning ikki qanotini ham ochdim. Sahargi mayin shabada yuzimga kelib urildi. Salqin havodan to‘yib-to‘yib nafas oldim. To‘rtinchi qavatda ekanligim uchunmi o‘z ishlari bilan ketayotgan odamlar ko‘zimga juda mayda-mayda bo‘lib ko‘rindi. Ular kabi qachon hayotdan ko‘nglim to‘lib ko‘chalarda kezinaman ekan. Nahotki, endi hammasi o‘sha tush ichra kechsa. Tush ham uzunmikin shunchalik? Balki sen bilib turgandirsan, poyezdning izidan chiqib, sochilib ketgani yanglig‘ hayotimni. Nega sahardan boshlab senga ishim tushaveradi. Yana sog‘inch. Yana iztirob ichra yolg‘izlik. Tag‘in  behollik. Vujudimda qandayin bir iztirob yashiringanki, kasal bo‘lib kasal emasman, bu badanning og‘rig‘i nima ekanligini bilolmay o‘ylanaman. Boshim ham aylanadi. Yuragim urishi tezlashadi. Hammasi sen esimga tushishing bilan boshlanadi. Hamma og‘riqlar sengina tufaylidir. Daraxtlardan to‘kilayotgan yaproqlarga o‘xshab to‘kilaveran-to‘kilaveraman, sira-sira ado bo‘lmasmi? Kim qanday o‘ylaydi – ishim yo‘q. Umrim bir arosat botqog‘ida qolib ketgan bo‘lsa, tag‘in sensizlik olamida yashasam nima ham derdim… Xudo meni nega bunday jazoladi ekan, axir baxtli bo‘lish edi-ku orzu? Kulib-kulib yurmasmidim boshqalar kabi. Yig‘lasam ham ko‘zimdan quvonch yoshlari oqmasmidi? Borlig‘imdan behollik hukmini kanday daf qilay! Sen bir bora qaramaysan ham. Egilgan boshni qilich kesmas ekan, mening borligim timdalanib ketdi-ku? Shunchalar azob chekdimki, endi bu azob mendan ketsa yuragim urishdan to‘xtab qoladigandek. Ko‘nikib ham ketarkansan odam. Eng irodali, boriga ham yo‘g‘iga ham ko‘nikib, yashab ketadigan birdan-bir majudot Inson ekanligini angladim. Inson nomini ko‘tarib yurganimdan mag‘rurlanaman. Chunki seni yaxshi ko‘rishim kerak. Sensiz ayro yashash ham farog‘at va baxt ekanligini gohida bolalikdagi suratlaringga qarab fahmlayman… Ikkinchi qavatdagi hamshira opamga uchrashib, qon bosimimni o‘lchataman. «Saksonga-bir yuz yigirma» deydi, siniq jilmayib. Unga sen haqingda hikoya qilib bergandim bir paytlar. Har gal uchrashib qolganimda menga achinib ketibmi, seni so‘raydi. Ayni shu paytda yana sen ko‘z o‘ngimda zohir bo‘laverasan. Men aytman: u ham yuribdi, meni eslab deyman. Gaplarimiz faqat seni eslash va yodga olish bilan boshlanadi. Nega shunday? Sen buyuk bir xilqatmisan! Senga sog‘inganim uchun ham shunday iqror bo‘ldim. Minglab xayollar, yuzlab iztiroblar ichra kechayotgan umrimni sarhisob qilsam sening nurli chehrangni topaman. Uzoqdan termulaman. Sen Yulduzsan! Ha, ha, qo‘lim yetmas yulduz! Senga eltar yo‘l bormikin bu dunyoda? Bo‘lsa menga ko‘rsatgin ey, Tangrim! Qush yanglig‘ qanotimni yozay-da, uning yoniga parvoz aylay. Bugun borsam edi… Uni uchratsam edi. Afsus, eh!..

Kunlar shu zaylda, silliq va bemo‘jiza o‘tar edi. Ammo men shuncha chekkan azoblarim, qiynalishlarimni borlig‘imdan daf qilmoq chorasini topgandek bo‘ldim. Yolg‘izxonamga bir talaba qiz kitob so‘rab keldi. Unga ko‘zim tushishi bilanoq, sen esimga tushding. Ko‘rinishdan xuddi sening o‘zing kabi, iymanib, uyalib, tortinib turardi… «Sizga qanday kitob kerak?» so‘radim men. «O‘zingizga yoqqan, qiziqarli biron-bir kitobingiz bo‘lsa berib turing», dedi ko‘zlari kulimsirab. Men javonimdan «Yolg‘izlik»ni olib berdim. «Rahmat, sizga, erta-indin yana kelaman, o‘qib bo‘lgach», – dedi va xonamni tark etdi. Men uning tiniq yuziga, bo‘liq qaddi-qomatiga termulib, uzoq tikilib, qarab qoldim. U shunchalar chiroyli ediki, ko‘rgan erkakning hirsi qo‘zib, «Qaniydi bir kecha, atigi bir marta shu bilan bo‘lsam edi», deyishi tayin. Men ham xuddi shunday ehtiyojmandlar xilidanman. Uning vasli-diydoriga mushtoqlik tuydim, borlig‘imda. Tushunayapsanmi? Yaqinlik qilmasam ham, qovun tilimidek, so‘lim lablaridan to‘yib-to‘yib o‘pgim keldi. Eh, senga xiyonat qilishimni hech bir o‘ylamabman. Seni shunchalar seva turib, boshqa ko‘hlikkina qizlarni, ularning shirin bo‘salarini istayapman, nega? Axir inson ham o‘z shahvoniy hirslarini vaqtida qondirib bormasa, borlig‘i parokanda bo‘lishi tayin. Bu instinkt faqat erkaklarga xosdir. Masalan mendek nodon kimsalarga. Chunki sen bo‘la turib, qalbida muhabbatim bo‘lsa ham, o‘zga insonning vasliga oshiqaman. Bu ketishda o‘zimni ushlab turolmay qolishim hech gap emas!

Oradan uch kun o‘tdi. Hammomga borib yuvindim. Jismu jonim bilan poklanib chiqarkanman, o‘sha jononning diydorini qo‘msay boshladim…

…Ertasi saharmardonda yana eshigim taqqilladi. Uch yildan buyon meni so‘rab keluvchilar umuman yo‘q edi. Va, nihoyat ikkinchi marta eshikni taqqillashi qulog‘imga qandaydir yoqimli musiqa kabi ta’sir etdi. Sevindim. Kim ekan, deya eshikning kalitini buradim. Ochdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, uch kun ilgari kelib, kitob olib ketgan oppoq yuzli, sochlari ikki qilib o‘rilgan qiz turardi ostonamda…

– Kiring ichkari, dedim.

– Mumkinki, o‘zi? deya mayda qadam tashlab, xonamga kirdi. Qo‘lidagi sumkasini yelkasidan sirg‘altirib oldi-da, stol ustiga qo‘ydi. O‘tiring dedim. Yumshoq karovatimning bir chekasiga omonatgina cho‘kdi. Suhbatlashdik. Ancha vaqtgacha, hayot, adabiyot, umuman ko‘ngil… muhabbat xususida tillashdik. Keyin ko‘nglim yumshab, choy qo‘ydim. Choyni simirib icharkanmiz, u shunday hirs bilan termulardiki, qo‘lidagi piyola «dir-dir» titrardi…

– Sizga ko‘nglim tushdi, dedim.

– Mening ham, – dedi u. Shu on qo‘lidagi piyolasini stol ustiga olib qo‘ydim-da, yumshoq qo‘llaridan tortib, bag‘rimga bosdim…

 

Zerikardim, kunlar o‘tmasdi. Seni sog‘inardim. Nega imkonsizman-a, derdim o‘zimga-o‘zim. Ba’zan, o‘zimni notavon va nodon bir kimsaga chiqarardim… «Inson baxtini ko‘chadan toparkan, o‘zida esa shunga ehtiyoj va istak bo‘lsa…». Kim aytdi ekan bu gapni? Haqqirost! Yigitning baxti va baxtsizligi ham uyda emas, ko‘chada ekan. Men birgina ko‘nglim va istagimning ketidan quvib, unga ergashib, qanday gunoh ish qilishimni o‘zimcha «to‘g‘ri, halol», deb dilimni yupataman… Chiroyli, xushro‘ygina qizning yuzlariga qarab sira to‘ymasdim… Tasavvurimdagidan ham ortiq darajada hayot shunchalar shirin ekan. Shunchalar shirinligini bilib turib, nega odamlar orasiga chiqib, qo‘shilmayman? Nega ular kabi yashay olmayman.

Hayotim bir maromda shunday kechardi. Ustozning iltifoti bilan menga notanish, ustozga tanish kimsaning to‘yiga bordim. Borsam «kazo-kazo»larning bari shu yerda yig‘ilgan ekan. Odamlar. Qizlar. Mehmonlar. Go‘yo o‘zlarini dunyoning ustuni kabi tutishadi. Xayolparast emasmanmi, ustiga-ustak botinimda qandaydir falsafa yashiringan, ularning nafsiga qul kimsaligini ko‘rib kulgim qistaydi. Bor ovozimcha kulgim keladi-yu, o‘zimni tentak qilib ko‘rsatishdan tiyilaman. Sababi ustoz bor. Iltifot yuzasidan bir-ikki non burdasini tishlayman, dasturxon to‘la-to‘kis yegulik, noz-ne’mat. Shu payt ichim ochiqqanini his etdim. Oradan qancha suvlar oqib o‘tgan bo‘lmasin, mushtdekkina qornimni to‘yg‘azmasam, moddiy o‘lchovlar xususida tayinli xulosalar chiqarishga qiynalishimni his etdim. Banan, anan’nas, kivi, o‘zimizning behiyu anor, olmayu uzumlar… Eh, nimasini aytasiz, «to‘yga borsang, to‘yib bor» naqli esimga tushadi. Otam, onam xam meni o‘ylab siqilib o‘tirgandir. Nima uchun biror joyga borsang inson o‘z «men»ini, hayoti va shonu shuhrati bilan ikkinchi «men»ni tarozi pallasiga tortadi yoki tenglashtiradi? Axir bu xildagi solishtirish hamma vaqt ham muvaffaqqiyat keltiravermaydi-ku? Chunki xom sut emagan bandaning ojiz va qudratli tomonlari bo‘ladi. Oyda ham dog‘ bor-ku? Shunday emasmi? Chalg‘idim. To‘yda edim, to‘yib yedim. Yeb-ichish uchun qo‘yishmasa nima uchun kerak bunday dasturxon bezash? Shunchaki «reklama»mi? Kim o‘zarga o‘xshagan bir nimarsalarmi bu odat? Bilish qiyin. Nima bo‘lsa ham botinimga bir zumga bo‘lsa-da, yengillik kirdi. To‘ydan keyin xonamga kelarkanman, qaniydi men ham shunday to‘y bersam, taniqliyu, notaniqli hammasini taklif etsam, degan o‘y kechdi miyamda. Aslida inson doim boshqasiga taqlid kilib umrining o‘tganini bilmay qolarkan. Mana men, shuncha yashaganim bir taraf bo‘ldiyu, bir to‘y ko‘rib, xulosam bir taraf bo‘ldi. Go‘yo men ikkiga bo‘linib ketdim. Birinchi bo‘lagim to‘y ichkarisida qoldi, ikkinchi qismim hamon o‘zimni tushunolmay, izimga yetolmay AROSATda.

 

* * *

 

Birmartalik umringni sarhisob qilsang ellik yil yashasang, shuning yigirma besh yilini uyqu bilan o‘tkazasan ekan, qolgani tirikchilik atalmish tashvishning temir iskanjalarida qovurilib, sob bo‘larmish… Hozir yigirma olti yoshdaman. Bor yo‘g‘i shumi? Tirikchilik deb, g‘imirlagan ekanman. Ayniqsa, bolalik lahzalaring juda boshqacha taassurot qoldirar ekan. Uning o‘rni ham, muhri ham o‘zgacha bo‘larkan… Ey, Hayot! Shirin-shirin jonimga buncha tashvishni qaydan berayotirsan? O‘zing juda shirinsan-ku? Bergan ne’matlaring ichida eng go‘zali o‘sha pariro‘y qiz edi… Atigi bir lahzalik diydor edi… Yana sersavolligim tutib, o‘zimga falsafa to‘qiyman.

Eslayman: oyim tug‘ruqxonaga ketayotganida yomg‘ir shunchalar quyib yoqqan ekanki, mening birgina «yig‘lab» yorug‘ va dag‘al dunyoga ko‘zimni ochganimda osmon, butun borliq, koinotdagi mayda zarralar ham tomchi bo‘lib to‘kilgan ekan! Oyim menga o‘sha qish adog‘idagi sovuq kunlarda hikoya qilib bergan edi. Yomg‘ir! Hatto ko‘chamizga mashina kirishga bo‘lmay qolgan emish. Tuproq ko‘cha, yomg‘irning suvlarida erib, loyga qorilib, tizzagacha botqoqlik hosil qilgan emish… Men ayni tug‘ilgan faslim – bahorda yomg‘ir yog‘ishini orziqib kutadigan odat chiqardim. Yomg‘irpo‘shsiz, loy ko‘chalarda yurishni o‘zim juda istardimki, lekin bu yili kam yomg‘ir yog‘di… Shu sababli borlig‘imda kayfiyatsiz-kayfiyat o‘z hukmini o‘tkazgani-o‘tkazgan… Ruhing nimalarni orzu etishini bir o‘ylab ko‘rgan edingmi? Men seni, sen meni sog‘inib yashash istagida bo‘lsak, qaniydi… Afsus! Sen o‘zing avvalgidek muzsan! Ayol kishiga yarashmaydi toshbag‘irlik, axir kun kelib, sen ham ona bo‘lasan-ku? Onalik sening ham orzungdir. Shunday ekan, nega kerak bu kabi havoiy xislatlar…

Taqdir menga nima uchun adabiyot va uning iztirobli qo‘ynida yashashni ravo ko‘rdi ekan, bilolmay karaxtman, hayronman… Yozuvchilik mening yetti pushtimga yot narsa bo‘lsa, qanday qilib yozish kasaliga yo‘liqdim. Men yozmaslik kasali emas, yozish kasali qiynaydi… Shunday bir kitob yaratsangki, butun insoniyat tafakkuringga bosh egib, ko‘zlariga surkab o‘qisa? Shunday mo‘jizani yozsangki, dini, tili, irqi, millatidan qat’i nazar sening so‘zlaringni sog‘insa, sevib mutoala qilsa?! Hamishalik bezovta yuraging nimalarni qo‘msayotganini bir fahmlab ko‘rayapsanmi? Idrokingga sig‘yaptimi men aytayotgan narsalar? Yana siqilman. Baribir foydasiz, deyman.. Chunki hammasi endi shu zaylda, xuddi shu kabi kechadi. Tugaydi. Boshqa orqaga qaytishga yo‘l yo‘q. Taqdirning ming tur in’omlari bo‘lishidan qat’iyan peshonangga muhrlangan qismatdan voz kecholmassan ekan! Men shuni anglab yetdim…

Qishloq. Odamlari biram mehribon, biram saxiyki, shunday iqlim va muhitda, mahallada yashayotgnimdan faxrlanaman! Yashaganing sayin, yashaging keladi. Kechagina to‘p surib yurgan chang ko‘chalarda, bugun qadrdon akalaringni farzandlari chopqillab yurishibdi. Ularning mehrga tashna yuzidan shuni anglab yetdimki, bu hayot sensiz ham, sen bo‘lmasang ham o‘taverar ekan. Sening boring nimayu, yo‘g‘ing nima? Ular ham hayotda yashash, oila, sevish uchun kelganini yurak-yurakdan his etarkansan… Qalb va yuragingda ovuldoshlaringga nisbatan mehr uyg‘onadi. Chetdan kuzatganda, ular ham o‘zlaricha yashashadi. Men borib, ular bilan soatlab gaplashishni, mehnatdan qotgan qo‘llaridan ushlab salom bergim keladi… Lekin ular ichimdagi istagimni sira-sira bilishmaydi. Yuzaki iltifot deb tushunishadi… Aslida yuzaki iltifot yo‘q menda. Shunchaki hol so‘rashmayman. Sevinchim ichimga sig‘maganidan keyin, kimgadir aytish, uning ham so‘lg‘in yuzida tabassum hosil qilish kerak-ku, deyman.

Men o‘qigan eski maktabning devorlari nurab, qandaydir ko‘rimsiz holga kelib qolgan. Bir qadam narisida yangi maktab, sport zal qad rostlagan. Uzoqdan qaraganingda bu ham afsonaviy bir mo‘jiza kabi qishloq suvratiga ko‘rk bag‘ishlab turibdi. Lekin men eski maktabni, unda savod chiqargan paytlarimni sog‘inaman. Axir o‘sha bolalik va beg‘uborlik emasmi menga juda ko‘p narsalarni o‘rgatgan, dilimni beadog‘ orzularga limmo-lim etgan. O‘sha paytlardagi iztirobsiz bolalikning lahzalari qaytib kelmasligini har gal shu imorat yonidan o‘tayotganimda iqror bo‘laveraman…

Sog‘inch. Mening sog‘inchlarim qishloqdagi bitta insondir. Menga bahor ham, izg‘rinli qish ham uning yuragidan boshlanadi. Uning yuragidagi hayotda yashagim kelaveradi. U meni sog‘inadi. Lekin ayta olmaydi. Oyisi, otasi, dugonalari hammasidan juda-juda uyaladi. Uyat bizning oramizdagi masofaga rahna solib turadi. Shu sababli biz bir-birimizga nima uchun kerakligimizni tushuntirib berolmaymiz! Hayotda yashagandan keyin, mehr va muhabbat bilan yashash kerak! Menda borlig‘im ham, yo‘qligim ham muhabbatim. Bilaman, mendan, sevgan insonimdan ikkimizning sevgimizdan hech bir nasl qolmasligini. Shunday bo‘lsa ham umid bilan yashayverman!!!

 

* * *

 

T.shahrining markaziy ko‘chalarida bir o‘zim kezarkanman, xayolimga Sen tushib ketding. Kelayotgan avtobuslarning biriga chiqib o‘tirdim-da, Sen ta’lim olgan P. bilim yurtining naq darvozasi yonida tushib qoldim. Ajabo, hayronman! Qanday kelib qoldim bu yerlarga, axir avval manzilimni tuzukroq bilmasdim-ku? O‘rtog‘im K.dan so‘rab bilsam ham umuman bu joylarga sira kelmagan edim. Avtobus shu yerdan o‘tarkan, baxtli tasodifni qarang? Atrofga alanglayman: hamma yuzida sevinch va tabassum. Ishdan, o‘qishdan qaytib borishayotir. Ikki qo‘lim ham band – kitoblarim. Oldimdan chiqqan o‘tkinchi yuzimga emas, to‘g‘ri ikki qo‘limga – kitoblarimga qarashadi. Xuddiki egizakmonand salafan sumkachada turli xil adabiyotlar. Ularni mahliyo etdi-qo‘ydi. Bu holning tirik guvohi o‘zim ham yoqtirib qoldim shu ishni. Bundoq sirtdan qarasam, biram yarashiqli ekanki, xuddiki turistlarga o‘xshab qolibman. Soatimga qaradim: besh yarim. Hali yotoq joyimga yetib borishga ancha vaqt bor. Ungacha nima qilish kerak, degan savol boshimda giryon aylanadi. Sen shu bilim yurtida naq uch yil ta’limu tahsil olgansan. O‘quv binosi oldiga kirishda bir safga o‘tqazilgan turfa gullar kishining diqqatini tortadi. Bahor emasmi, sumkalarni bir chekkaroqdagi o‘rindiqqa qo‘ydim-da, erinmasdan atirgulning muattar hididan mastu alast bo‘lgani gulzorga yaqinlashdim. Shundoq boshimni egishim bilan sal nariroqda baqiriq ovoz yangradi. « – Hoy, uka? Nima qilib yuribsan bu yerlarda? Gul hidlagani boshqa joy qurib qolganmi senga?», dedi. «Aka, musulmonmiz-ku? Insof qiling, shu gullarni bir zum tomosha qilayin», dedim. «E, ket. Senga bu yer istirohat bog‘imi, o‘zi shundog‘ ham direktorning kayfiyati yo‘q. Hozir chiqib qolsa bormi…», dedi qoravul ota. Men otaga jabr qilmayin, ya’ni so‘z tegmasin uchun tezda bu yerni tark etdim. Katta ko‘chaga chiqarkanman, xayolimda sen kelayotibsan. Qo‘limdagi sumkani tashlab senga talpinaman. Lekin ko‘cha Robinzon Kruzoning oroli kabi kimsasiz, huvillab yotibdi. Odamlar bahorda ham uy-uylariga qamalib olishgan. Hattoki daydi itni uchratish ham amrimahol. Bir o‘zim. Yolg‘izman. Xayol – hamrohim. Botinimdagi iztirobli kayfiyatdan asar ham qolmadi. Bahor, bahora-da! Tabiatning go‘zalligini his etishning o‘zi ham katta baxt ekan bilsam.

O‘sha kuni ikki sumka kitob va bir dunyo zavqu shavq bilan yotoqxonamga kirib keldim. Geologiya ilmiy tekshirish instituti talabalari turadigan binoga kirdim. Avval meni qo‘yishga ko‘nishmadi. Pasportimu hujjatlarimni bergach, keyin rozi bo‘lishdi. Mas’ul shaxs o‘zimizning qo‘shni X.viloyatining G.tumanidan ekan. Kamgina suhbatlashdik, oz qoldi og‘a-ini chiqib qolishga. Ayol kishi emasmi, tinmay savol-javob qilardi. Xushro‘ygina ekan, shu bir lahzalik suhbatimizda men uni organ xodimi – tergovchiga chiqarayozdim. Aytdim:

– Adashib bu yerlarga ishga kelib qolibsiz? Aslida tergovchi bo‘lib ishlashingiz kerak edi?

– Hech qisi yo‘q, aslida yuristman. Vaqt bor. Zamonlar o‘tar, yana avvalgi ishimga qaytarman, – dedi.

Hayron qoldim. Keyin menga berilgan xonani izlab yuqoriga ko‘tarildim. T.katta shahar, salobati bosarkan… Uchinchi qavatda edim. Doimgi ishim – derazani kengroq ochdim. Bahorning xushbo‘y havosi dimog‘imga urildi. Kun kech tushib, ko‘kda oy xiyol yarim ko‘rinib turardi… Biroz tashqariga – qorong‘ulik kirib kelayotgan tunga tikilib turdim. Keyin xarid qilingan badiiyat javharlarni titkilay boshladim. Nima bor ekan? O‘zi nima izlayotgandim? She’rmi? Yana she’r! Topdim. Nihoyat bahorgi kayfiyatimga juda-juda mos ekan bu she’r:

Sen umrimga bahor olib kel,
Qaytib ketmas bahor bo‘lsin u!
Tinib qolgan alyor bo‘lsin u,
Sen umrimga bahor olib kel!..
Ko‘p bo‘lsinu unda gulzorlar,
Xushbo‘ylari olamni tutsin.
Boshlarimga yog‘masin qorlar,
Hijronlarni bag‘rim unutsin.
Sen umrimga bahor olib kel,
Ko‘zlarimda kuzlar erisin.
Gul atrin ol, sabo bo‘lib yel,
Yuragimda muzlar erisin…
Sen umrimga bahor olib kel,
Qishning qotil qilichi sinsin,
Ko‘zlarimdan oqib turgan sel
Seni ko‘rib manguga tinsin.
Sen umrimga bahor olib kel,
Hamda o‘lmas umid va najot!
Senga qarab yashay olay men,
Senga qarab kuylay umrbod!..*

Shunday qilib, ikki kunlik safarim ham o‘z nihoyasiga yetdi. Olam-olam zavqu shijoat, g‘ayratu matonat bilan S.shahriga qaytib keldim. O‘ylanaman: hayotim T. va S.ning orasida AROSATda kechsa nima qilaman? Mushohada – javobsiz. Taskin ham birgina yuragimdan. Sig‘ingan Ka’bam – Allohning uyidan. O‘z ko‘nglimdan… Boshqa chora yo‘q. Sening ketmas bo‘lib ketganligingni bilaman-ku? Yana mo‘jizalar bo‘lishini ikki ko‘zim intizorlikda – kutaman!

Yaxshi-yomon odamlar orasida o‘z orzularim bilan yashayotib, sarob tuyg‘ularning iskanjasida beadog‘ yemrilayotgan esam ham, senga bo‘lgan muhabbatim borligi uchun naqadar baxtliman! Baxtliman deymanu aslida bu o‘zni ovutishdan o‘zga narsa emas… Ming yillik chinor kabi ko‘karish va to‘kilish qismati peshonamga muhrlangani kabi yashayotirman. Tug‘ilaman, yangi bir inson bo‘lib ulg‘ayaman. Yana o‘laman, o‘laverman…

 

Kuz. Sentyabr boshlari. Suyumli jiyanim Yu. kutilmaganda og‘ir betoblikdan vafot etdi. Uning bir parchagina eti ko‘tarolmadi boyagi og‘riqni. Sabab: ko‘z tekkan emish… Ich-ichimdan bo‘ralab so‘kdim… Kimning ko‘zi tekkan bo‘lsa ham teshilib oqsin! Xudoga soldim. Hali dunyoni tanimagan kichkina norasidaga shunchalik suq bilan qarashadimi? Odamlarga hayronsan. Qiz bechorani olib ketdi ko‘z suqining kasofati… Axir, uzoq yil kutilgan ilhaqlikdan so‘ngra tug‘ilgan farzand edi u… Opam lablarini tishlab-tishlab yig‘ladi. Oyim juda kuyindi. Umuman hammamizni esankiratib, telba qilib ketdi, bu tasodif, ayriliq! Men o‘shanda N.shahrining markaziy ko‘chalaridan birida bir-ikki kursdosh do‘stlarim bilan sayr qilib yurgan edim. Ertasi kuni qishloqqa bordim. Jiyanimning vafotini poyafzal tikuvchi yigitdan eshitganimda, o‘zimni qo‘yarga joy topolmay, to‘g‘ri opamning uyiga qarab chopdim… Borib hamdardlik bildirdim. Endi nima ham qilmiz. Xudo bergan jonni Xudo olganidan keyin! Ana ko‘rdingizmi, do‘stim! Hayotda hamma narsa omonat ekanligini… Taqdiring shirin joningga ham hayot, ham najot, ham iztirob, ham g‘aflat, ham muhabbat, ham ayriliq taqdim etajagini his etdingizmi? Sevuvchi ham kuyuvchi ham o‘z ko‘ngling ekaniga tan berdingizmi? Shayton aralshgan ishning xayri yo‘q deydilar. Shayton qoningda yashaganidan keyin nima ham bo‘lardi…

…Men bu dunyoga kelib bitta insondan mehr ko‘rdim – onamdan!

…Men bu dunyoga kelib bitta narsadan najot topdim – o‘z yuragimdan!

…Men bu bunyoga kelib bitta insondan xiyonat ko‘rdim – sevgan ayolimdan!

…Men bu dunyoga kelib bitta insondan qarzdorman – otamdan!

 

Boshqacha bo‘lishi mumkin emasdek endi. Na orqaga yo‘l bor, na bir oldinga! Axir barcha yo‘llar bir manzilga boshlashi haq gap-ku?! Hayotimni o‘zgartirishga ahd qilgan ekanman, qani tadbirga hasratdosh? Qani men kutgan inson? U bor edimi o‘zi?!!

She’rlarim mening dilim ovunchog‘i, ko‘nglimga malhami dori ekan, buni endi-endi to‘la his etayotirman… She’rning ilohiyligi shunchalar qudratliki, Ollohim deb, ibodat qilaman… Muhammad (s.a.v)payg‘ambarimiz shoirlarni ulug‘lab, «so‘zini qilichdan ham keskir», deb shunchaki tahsin bermagan…

Mening she’rim: borlig‘im va yo‘qligimdir…

Mening o‘zimga najot yuragimdan, yuragimdagi she’rdan – so‘zdan keladi. Mehribon onamni sog‘inaman. Mehribon insonim deb, seni sog‘inaman! Mehribon hasratdoshim do‘stim A.ni sog‘inaman!!! Yana kimni sog‘inaman?! Kimni? Allohim yuragimda bo‘lsa ham uni sog‘inman! Ko‘ngilni yupatgan satrlar… Men shulardan PANOH IZLADIM!!!

 

* * *

 

Qishlog‘imni sog‘inardim… Oyim ham meni o‘ylab yurgandir, deya o‘zimni yupataman. Otam-chi? Hali mendan «o‘g‘lim kuchli odam bo‘lib, mening ushalmagan orzularimga erishadi, vaqtida qilolmagan ezgu amallarimni bajaradi», deb ko‘nglida qoniqish hissini tuyib yurgandir. Ha, shunday. Axir moddiy va ma’naviy o‘lchovim – baxtim va baxtsizligim kabi ikki qutbga ojralib ketmaganida kim bilsin, otamning behad orzularini bajarishga kirishgan bo‘lardim. Ularni sevintirgudek, yillar osha diliga o‘rnashib qolgan iztiroblarini bir dam unutgudek ish qilmadim… Barchasi sening tufaylidir. Men hech kimga o‘xshamaslik uchun borlig‘im bilan sevgi atalmish xayoliy orzuga asir bo‘lib o‘tiribman. U bor ekan, nega mening holimdan bir marta bo‘lsin xabar olmaydi? Savollarim kechagi ko‘rgan, kechirgan hodisotlarim kabi turfa ohanglarda jaranglaydi. Naq qulog‘im tagiga kelib-a. Sevgi xayoliy ekan, bu oraliqda mening jamiyatdagi mavqeim juda pastlab, balchiqqa belanib yotibdi. O‘sha yuksak orzular va xayollar nega baland minbarlarga, yuksaklarga olib chiqmadi… Balchiqqa belanib, tuproq bilan bitta bo‘lib yotgan odamni bunchalar xo‘rlamasa, azoblamasa bo‘lmasmidi?! Yana hechsizlik. Shunday deymanu yuragimdagi o‘zimga oltin lahzalarni tuhfa etgan daqiqalarni, voqealarni, bilganim – inson atalmish sirli mavjudodligimni boshqalardan panalayman, darig‘ tutaman, qizg‘onaman… Kimga kerak bo‘lardi «oh-fig‘on», kim ham DARD bilan bir umr o‘rtanib yashashni istardi… Yana adog‘siz mushohadalarimni qo‘ltiqlab, Xudoning yoniga qarab chopaman. Muhabbatimni avragan jononlarni yomon ko‘rib qolganim uchun ham ulardan senga bo‘lgan cheksiz tuyg‘ularimni yuragimning eng chuqur joyida ko‘z tumordek asrayman. Xudoga ming shukurki, MEN atalmish jism va ruhni dag‘al dunyoning nayranglaridan asraydi. Avvallari do‘stlarim telefon qilishsa, quvonardim. Endi ustimdan mag‘zava ag‘darishgacha tayyor bo‘lganlari uchun ularning yo‘qlashini javobsiz qoldiraman. Bir paytlar mening soddaligimdan foydalanganlari uchun ularni juda yomon ko‘rib qoldim. «Do‘sting mingta bo‘lsa ham oz» naqlning mag‘zini endi-endi fahmiga yetgandekman. Chunki A.dan bo‘lak do‘stim yo‘qligini bir yil ilgari qishloqqa borganimda bildim. Shungacha xom, pishmagan mevani yeb, sevingan bola kabi osmonlarda yurgan ekanman… A.dan bo‘lak hech kimga sir aytmasligim kerakligi xususida o‘z yuragimga Xudoning oldida qasamlar ichdim…

Tush va o‘ng aro kechayotgan umrimga – zerikarli kunlarimga boshqa tadbir bilan o‘zgacha ma’no kiritmoqqa necha bor urindim. Bo‘lmadi. Kuzning bir paytlardagi kabi yoqimli shabadasi derazamdan kirarkan, havodan  to‘yib-to‘yib simirardim va dilimda boshqacha sog‘inch hissini tuydim. Yaproqlar sekin shamolning sokin allasida yerga yumalab tusharkan, ko‘zimni uzmasdan ularga achinardim, o‘zimning ichimda minglab xazonga aylangan orzular yig‘ilib yotganini o‘ylasam, bu ishimni unchalik xush ko‘rmay qolardim. Xudoga tomon eltuvchi yo‘l ekan – YaShASh! Lekin hamma ham bu yo‘lda osonlikcha yetishib borolmasligini bilmaydi chog‘i, o‘z nafsining quliga aylanib, gunohga botib qolganini kech tushunadi, boshi devorga urilgach – umri xatolar girdobida OMONAT chayqala boshlaganidan so‘nggina fahmlaydi. Men shular xususida o‘ylanaman va Xudoning uyiga qarab borarkanman, har bir olayotgan nafasim lahza sayin kamayib borayotganini his etib, kayfiyatim ko‘tarilardi… «Xudoni izlab yurgan odam ham odam bo‘libdimi?» degan masxara gaplar to‘kib solishingiz mumkin? Bilaman Uning yuragimda ekanini. Ammo Men botinimdagi ishonch va e’tiqodim shuni istasa, shuni xohlasa nima qilay?!

Hamma xatolarim sen uchun! Hamma yaxshiliklarim ham sen uchun! Gunoh ish qilib, bilmay o‘zga bir insonning yonida yashagan bo‘lsam ham barchasi sensizlik tufaylidir… «Ey, yigit oldi-ortingga qara, qaysi asrda yashayotganingni, nimalar qilib yurganingni to‘la idrok qilib, aql tarozusiga tortib ko‘rdingmi?» deguvchilarga ham javobim tayyor. Men hamisha ko‘nglimning amri bilan yashayotirman. Balki bu xatodir. Aqlimning amri bilan yashaganimda nima bo‘lardi. Kimga aylanardim. His-tuyg‘usiz yurakka Insonlik ma’nisini yuklab bo‘larmi, ayting? Sizning bunday AQL xususidagi fikrlaringiz, o‘ylaringiz mening ham ichimda yillar osha yashab kelyapti, toki esimni tanibmanki, moddiy va ma’naviy dunyom muvozanati uchun kurashaman, mag‘lub bo‘lgach tuzoqqa tushgan ohu yanglig‘ tipirchilayman…

O‘zimga savol beraman, balki javob esa hech qanday shaklu ko‘rinishga ega emasdir, nima bo‘lgan taqdirda ham aniq mantiqqa quloq tutaman. Yashash nima o‘zi? Hayotga tashnalik, bolalik va birinchi ko‘z ochib ko‘rgan dunyoning totli bag‘rida – ko‘ngil istagini bajarib yashashmi? Sevgan insoning bilan bir yostiqqa bosh qo‘yib, ushalmagan orzular xususida bahslashish va suhbatlashishmi? Pushti kamaringdan bo‘lgan farzandingni ko‘zida toshib chiqqan bir tomchi yoshni ko‘rish baxtimi? Ayting? Yashash shumi? Oylik maoshingni xarj qilib onangga bir parcha matohdan ko‘ylaklik olib bergan lahzalarmi? Bunday mulohzalar botinimda yillar osha uyum-uyum bo‘lib kelyapti. Bir turtki bo‘lsa bas, botinim va borlig‘im vulqondek bodrashi tayin. Chunki men qariyb o‘n yillardan buyon tishimni-tishimga qo‘yib, mum tishlab, bedor sukut qo‘ynida umrguzonlik qilib kelayotirman.

Muhabbat insonni har qadamda mahv etarkan. Seni sevgan – ko‘ngil qo‘ygan kunimdan boshlab shu hol. O‘shanda 20.. yil 31 dekabr edi. Sanoqli daqiqalardan keyin – yangi yil. Hamma hayajonda, hamma sevinchda. Qishloqda emasmanmi, sinfdosh jo‘ralarim uyushtirgan bayram dasturxoniga ham bormadim. O‘sha kuni senga bo‘lgan muhabbatim avval borlig‘imda uyg‘onib harakatlarim sen tomon boshlayotganini anglab yetdim va senga telefon qildim. Shunda sen «Allo, assalommu alaykum, kimsiz?» deding. Men esa bir zum sukutda qotdim. Tilimda so‘z aylanridyu, tashqari chiqishga botinim yo‘l bermasdi. Oxiri qo‘l telefon go‘shakini ko‘yib qo‘yding. Keyin zum o‘tmay yana chiqdim. Olding, shu payt «E, kimsiz ayting, nimaga o‘yin qilyapsiz?» deding. «-Men qishloqdagi X.bo‘laman. Siz bilan tanishmoqchiman. Maqsadim jiddiy, o‘ylab ko‘ring. Bayram muborak, yangi-yangi omadlar, orzular olib kelsin!» dedim. O‘shanda ovozingdan sevinch hissi toshib kelayotganini sezdim. Seni quvontirganimdan o‘zim ham sevindim. «-Rahmat, sizga ham o‘sha tilaklar hamroh bo‘lsin, Siz rostdan ham ovulagi X.misiz?» deding ishoninqiramay.

«-Albatta», dedim. Sen esa keyin ko‘nglingni to‘q qilding. Biroz gaplashgach vaqting yo‘qligini ayting. Men ham tushundim. Sababi T.shahrida tog‘angning uyida ekanligingni bilardim… Bizning ilk tanishuvimiz juda oddiy va mazmunli kechdi.

Kunlar o‘tib, ichimdagi ishq dardi kattalashib, ulg‘ayib borayotganini his eta boshladim. Men endi sen bilan bir umr birga bo‘lishlik nasib etadimi yo‘qmi, bular bilan hechda qiziqmasdim. Chunki yuragimda baxtli edim. Endi bilsam, baxt o‘sha nuqtalarda botinimda, xayolimda ORZU bo‘lib qolib ketibdi… Umrimning, aynan yoshlikka xos shijoatli damlari AYRILIQ va ALAMZADALIKDA, xorzu zorlikda o‘tishini endi-endi tushunib qoldim…

20.. 19 Avgust. Sen tug‘ilgan kuningda meni kutar eding. Bunga sira shubha qilmasman. Oying oramizga katta Xitoy devorini o‘rnatib, «bir dam nariga qarab yursang TAMOM» degan shartini qo‘yganidan keyin, senga achinaman. Ilojsizsan. Ixtiyoring – taqdiring o‘zingda emasdir. Sabab sen juda aqlli va kuchli, iboli va odobli qizsan. Men sendan voz kechmoqqa o‘zimda kuch-iroda topolmayman. Jismu jonim bilan senga bog‘liqman. Shu yili avgustda to‘lib-toshib ijod qildim. Kasbim fizik bo‘lsa ham adabiyotni hayotim ma’nisi deb bilaman. Men badiiy adabiyotsiz yashaylomasligimni o‘zingga ham necha bor aytganman. Sen o‘sha paytlari tushunarding. «– O‘zingiz, sevgan kasbingizdan qanday ayro yashaysiz. Axir sizni kelajakka safarbar etadigan, orzularingizni ushalishi uchun OLTIN KO‘PRIK bo‘ladigan sevimli mashg‘ulotingizdan ayriliqda yashab bo‘ladimi, ayting?!» deding. Men shu lahzada bag‘rimga bosib seni quchgim keldi. Tilim-tilim lablaringdan o‘pgim keldi. Qora ko‘zlaringga qarab ertamni o‘ylayman. Orzular olamiga g‘arq bo‘laman. Ko‘nglim osmonlarda kezinadi. Xayolim yulduzlar bag‘rida uchadi. Jismimda qandaydir yengillik sezaman. Kayfiyatim ko‘tariladi. Sochlaringdan to‘yib-to‘yib hidlar edim… xullasi baxtli edim. Minglab oshiqlar kabi hayotdan mast edim.

Umr ham o‘tganday…
go‘yo bir kunda
nastarin guliday ochilib so‘ldik,
go‘yo bir nafaslik ravshan quyunda
qalbi so‘qirlarga afsona bo‘ldik,
qushlarni yig‘latgan qora buyuqda
soyamiz qo‘shilib devona bo‘ldik*.

Tamom.

Samarqand, 2009-2011 yillar.

 


* Rahijon Rahmat she’rlari

* Ulug‘bek Hamdam she’ri.

* Shavkat Rahmon she’ri.