Xolmuhammad Karimiy. Chorva odami (hikoya)

Agar o‘lim-jitimsiz to‘l tushsa, cho‘ponning murutini bolta kesmadi degani. Haydarqul ham suruvi chiqitsiz boyib yelkasidan tog‘ ag‘darilgandi, kayfi chog‘. Kiyim-boshini almashtirib, yo‘lga otlandi. Qizilning darasidan chiqib kelib, Katmanning hovariga yetganda oti adirga tirsaklab ketdi. Darhol selga tomon jilovini burdi. Namgarchilik juda zo‘r-ku, deya mamnun jilmaydi. Toshloqqa chiqqach, yilqi yana yo‘rg‘aladi. Soya betlarda hali qor erib bitmagan, chuvoq betlar esa yam-yashil tus olgan. Bunday havoda odamning yurgan sayin yurgisi keladi. Iliq-iliq kelsa hut, kadi-kadi bo‘lar sut, degancha cho‘pon xirgoyi qilib, bir maromda qamchi bilan bo‘rboyiga tirs-tirs urib kelmoqda. Qish adog‘i iliq kelganidan og‘zi qulog‘ida, xudoyim bahorini bersa, marra bizniki deb qo‘yadi. Ot jilovini bo‘sh qo‘yib shirin xayollar og‘ushida qishloqqa tushib borayapti. Ko‘cha-ko‘ydagi ko‘ringanga bosh irg‘ab salomlashadi. To‘xtash hamsoyasi bel-ketmon ushlagan bolalari bilan bog‘ida ivirsiganiga ko‘zi tushgach, qiziqsinib ot jilovini tortdi.
– Salom berdik. Salom berdik. Ishlar unsin, hamsoya, – deya cho‘pon bepisandlik bilan egarning boshiga o‘mgan tashlab, ko‘zlari katta-katta ochilgan ko‘yi bir chuqurga, bir To‘xtashga qaradi. – Bunisi nimasi endi, tuppa-tuzuk bog‘ni juvonmarg qilib?
To‘xtashboyning ikki o‘g‘li bir-bir qator daraxtning tagini bosh-adoq kovlab borayotgan edi. Bularning ishi cho‘ponga daraxt¬larni qiyratayotgandek ko‘rindi. To‘g‘ri-da, buytib tomiri ochilgan daraxtning beliga arqon solib sal siltasa yoki andak shamol tursa yiqiladi, keyin bir to‘da o‘tin bo‘ladi qoladi. Mevador daraxt boshqa nimaga ham yarardi?
– Astag‘furullo deng-a, hamsoya, – dedi belga iyak suyagan To‘xtashboy, – daraxtlarni yiqitayotganimiz yo‘q, qaytaga, bog‘ni yashnatish uchun sahardan tipirchilab yotganimiz.
Cho‘pon ishonqiramayroq o‘sha holatda bo‘rboyini ohista qamchinlab chuqurlarga uzoq tikilib qoldi. Hech narsaga aqli yetmadi. Hayron bo‘lib, meni mazax qilyapsanmi degandek, o‘mganini ko‘tarib, rostlangach irjaygan ko‘yi To‘xtashboyga tik qaradi. Xiyol jiyrilgan lablari chetida nafrat ajinlari paydo bo‘ldi.
– Qandaygasiga?
– Go‘ng solamiz, bir-ikki changaldan dori ham sochamiz; azotmi, fosformi, shunga o‘xshash, – dedi u cho‘ponning dimoq-firog‘ini sezmagandek, chuqurlarga qo‘li bilan ishora qilib, – ustidan tuproqlab avvalgidek tekislaymiz-da, jo‘yak olib suvlaymiz. Qarabsizki, bog‘ gurkirab turibdi-da.
– Men bo‘lsa, tomiri bilan qo‘poryapti degan xayolga boribman-e.
– E-e hamsoya-ey, o‘zingizni bilmaslikka olasiz-da, – dedi To‘xtashboy pixillab kulib, keyin belning dastasini qo‘ltig‘i ostiga olib, cho‘ponga tik qaradi. – Makkayi bo‘lsa ekan, ustidan sochsak. Tomirlarning bitta-yarimta yuzakisi ochilgani chin, asli, kuch beradigani yerning ostida, ana o‘shalar yil – o‘n ikki oy go‘ngning zardobini so‘rib yotadi.
Cho‘pon parishon bo‘ldi. Lekin hamsoyasining ishiga ham, tushuntirishiga ham qoyil qoldi. Keyin men ham shunday qilsam-chi, degan fikr xayolida jonlandi. Birdan tusi o‘zgarib, yuvosh tortdi. Haydarqul onda-sonda elning to‘y-ma’rakasida ko‘rinib qolmasa, ha deganda qishloq oralamasdi. o‘ayrati ichiga sig‘maydi, ishini bilib qiladi. Mehnati orqasidan kun ko‘rishiga aniq ishonadi. Juni quruq odam. Aqlini tanibdiki, birovning eshigiga bosh urib borganini eslolmaydi. Bolaligidan tog‘u toshda ko‘p yurgani boismi, fe’lida yovvoyilik ham yo‘q emas. Gap ko‘tarmas, dimog‘dor bo‘ladi bunday odamlar. Anchayin og‘zi polvon, qashshoq yashaydigan kimsalarning o‘zini ayblaydi. Odam qatoriga qo‘shavermaydi. Gapning lo‘ndasini aytsak, o‘zim bilaman deydigan toifadan, ammo ichida kiri yo‘q, mardligi ham bor. Har qanday ishni qoyillatgan odamni ko‘rsa darrov tan beradi, qoyil qoladi ham. Hamsoya¬sining ishiga qiziqqanining ham sababi bor. O‘n yillar burun ikki qo‘zili qo‘y berib tomor¬qasiga oltmish tup yong‘oq ektirgandi. Nihollarni bir-ikki yil parvarishlab berishni ham o‘sha ko‘chatchining gardaniga yukladi. Ko‘chatlar tutib ketdi. Bu yog‘iga o‘z bilganicha parvarishlab kelayapti, lekin ko‘ngildagidek emas. To‘xtash bo‘lsa qop-qop yong‘oq qoqib oladi. Gap bu yoqda ekan, degan xayolda cho‘ponning chuqur botgan ko‘zlari porlab ketdi.
– Ay hamsoya, siz toza bilgirsiz-ey, bilgirsiz. Shu yoshga kirib daraxtga go‘ng solgan yo bo‘lmasa dori bergan odamni ko‘rganim ham, eshitganim ham yo‘q. Lekin bebaho odamsiz.
– A, endi, yegan yashashga yaraydi deyishadi-ku, hamsoya, – dedi u kulib, cho‘ponning fe’lini bilganidan dili yayrab ketdi. – Yem-emish, yaylov bilan suruv qatoridan kamaymaganidek, boqqa ham vaqtida qarashsangiz, qopingiz to‘lishi tayin gap.
U ish ko‘zini bilgan hamsoyasiga besh ketdi. Hatto otdan tushadigan darajaga bordi-yu, endi noqulay deb o‘yladi. Qiziqishi tobora ortib borarkan, ham gapda, ham xatti-harakatida qoyil qolganligini bildirib, ich-ichida paydo bo‘lgan maqsadini tiliga chiqardi.
– Hamsoya, ishingizga qoyilman lekin-e, qani, ayting-chi, go‘ngni qanchadan solyapsiz, dori ham sochaman dedingiz.
Hamsoyasi ham cho‘ponni mahtal qilmay lo‘nda qilib tushuntirib qo‘ya qoldi:
– Har tupiga ikki aravadan, chamalab dorini ikki piyoladan sochsa bo‘ldi-da. Kattarog‘iga ko‘proq, qolganlariga o‘ziga yarasha. Do‘xtirlarga o‘xshab grammlab o‘lchab o‘tiramizmi?
– Shu bilan bo‘ldimi?
– Yana nima qilish kerak? Bitta-yarimta keraksiz shox-shabbasini butab tashlaysiz, tamom. Qolgani yengil-elpi ishlar-da.
Cho‘pon hayrat bilan jilmaydi. Ko‘zlari qitmirona chaqnadi.
– E-ha hamsoya, buni qarang-a. Cho‘pni yerga suqsang, o‘zi daraxt bo‘ladi deb yurganmiz-da. Chorva odami shunday go‘l bo‘ladi, bilsangiz. To‘g‘ri-da, tog‘-toshga birov bog‘ qilganmi? Xudoning bergani o‘z erkicha o‘sib, o‘rmon bo‘lib yotibdi. – Haydarqul cho‘pon nimadandir ko‘ngli to‘lmay olazarak boqdi. Shu choq qidirgan narsasini topgandek loyga qorilgan aravaga tikilib qaradi. – Munov turgan arava bilanmi? Ikki to‘ldirib-a?
– Ha-da, keyin ikki-uch yil solmasa ham bo‘ladi.
Suvlug‘ini chaynab, boshini selkillayotgan otning tipirchilashidan norozi bo‘lgan cho‘pon drr-drrr, tak-tak jonivor deya otning yolini silab-silab, qamchini ozod ko‘tarib xo‘shlasha boshladi:
– Hay, mayli, hamsoya, xudoyim quvvat bersin. Jonivor betoqat bo‘lyapti, ayilini bo‘shatay.
Yilqining boshi qadrdon makoni tomon burilgach, yo‘rg‘alab jo‘nadi.
Cho‘pon shu kunning o‘zida barcha tayyorgarligini ko‘rdi. Ertasi saharlab o‘g‘il-qiz, kelin-kepchik — barisini ishga soldi. Doimo ota ra’yiga qarab o‘rgangan bolalari ajablanib-ajablanib daraxtning tagini kovlab chiqishdi. Go‘ng solishga kelganda to‘ng‘ichi Berdimurod otasiga maslahat soldi:
– Shu deyman, ota, hamsoyani chaqirib, yo‘l-yo‘riq so‘rasak, qanday bo‘larkan? Ming qilsa ham bog‘ning nonini yegan odam.
Berdimurodning gapi og‘zidagisi og‘zida, bo‘g‘zidagisi bo‘g‘zida qoldi. Yovvoyi fe’li qo‘zigan Haydarqul cho‘ponning ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketdi.
– Hoy shalpangquloq! Eshak miya yeganmisan? O‘ylab gapiryapsanmi o‘zi?! – ota qo‘lini dastak qilib o‘dag‘aylashda davom etdi. – Kelib-kelib men shundan maslahat so‘raymanma? Umrida ot minib ko‘rmagan, otning nimaligini bilmagan bir yalangoyoqdan-a?!
Berdimurod ming pushaymon yedi, uka-singillari oldida, eng yomoni, xotini ko‘z o‘ngida yosh boladan battar dakki eshitgani alam qildi.
– Men ham bir aytdim – qo‘ydim, o‘zingiz bilasiz, – dedi-da, boshini eggancha indamay aravani sudrab jo‘nadi.
Haydarqul cho‘pon g‘azabdan gezarib ketdi. Turgan joyida depsinib, tishlarini g‘ijirlatar ekan, yirtqichlarga xos yiltirayotgan ko‘zlarida yovvoyi nigoh yolqinlanardi: zoti pas, baribir, qoningga tortding-a, deya so‘kingan ko‘yi qo‘l siltab o‘z-o‘zicha ming‘irlashga tushdi. Har doimgidek bolalarining lapashang¬ligidan kuyinib, yozg‘irishni boshladi.
O‘zicha kuyinib-kuyinib hovuridan tushgandan so‘ng qo‘ra oldiga borib, har biriga uch aravadan solasanlar, deb buyruq berdi. O‘zi ishning boshida qadalib turib aytganidek bo‘lgachgina, ko‘ngli taskinlab uy tomon yurdi.
Shomga yaqin ishni saranjomladilar. Haydarqulboyning ko‘ngil g‘ashligi hamon tarqagani yo‘q, tosh chaynagandek tishini g‘ijirlatadi: bolalarim g‘ayratli bo‘lganda bu ishlarni o‘zidan bilib qilishi kerak edi, deya yana yuragi achishadi.
Uch-to‘rt kun dam oldi. Ko‘rdiki, hamsoyasi boqqa suvni kecha-kunduz uzmay oqizdi. Toqqa o‘rlayotgan kuni Berdimurodni suv ochib kelish uchun quloqqa jo‘natdi:
– Uyqungni och, bola! Daraxtning ostidan kecha-kunduz suvni uzmaysan. Mayli, qancha zaxlasa ham teginma. To‘rtinchi kunga borib quloqni yopasan. Aytganimdek bo‘lsin, bilib qo‘y, bola.
Berdimurod quloq qoqmay eshitdi va ma’qulladi. Bo‘yin egib turgan o‘g‘liga nafrat bilan tikilgan Haydarqul cho‘ponning basharasi qahrdan burishib ketdi. Jahl bilan ot jilovini tog‘ taraf burgancha achchiq-achchiq qamchi bosdi.
Haydarqul cho‘pon bolalaridan nolisa ham, cho‘liqlaridan ko‘ngli to‘q. Ikkisi ham biri-biridan epchil, ko‘ngildan chiqadi. Cho‘pon orzu qilganidek, bahor seryog‘in keldi. Cho‘pon-cho‘liqning kuni tug‘di. Kun sayin emas, soat sayin o‘t o‘sadi. Yomg‘irga cho‘milgan qo‘y-qo‘zi yetilib pishgan shaftolidek yaltiraydi. Yog‘ingarchilikning tashvishi ham o‘ziga yarasha, daralardan sel kelishi to‘xtagani yo‘q, tez-tez tosh ko‘chadi. Suruvni bir lahza ham qarovsiz qoldirish mumkin emas, kechayu kunduz ko‘z-quloq bo‘lib turilmasa bo‘lmaydi. Eng yomoni, kuppa-kunduzi ham suruvga bo‘ri oralashi mumkin.
Yomg‘ir sekinlab, suruvga xavf-xatar pasayguncha oradan yetti-sakkiz hafta o‘tib ketdi. Haydarqul cho‘pon cho‘liqlariga bosh bo‘lib oyog‘i tinmagani hisobiga talofat ko‘rmadi hisob: bir bolali sovliqni tosh urdi, uni ham halollab ulgurdi. Qo‘tonidan chiqsa ham, qozonidan chiqmadi. Haydarqul cho‘ponga o‘xshab kasbi-koridan mag‘rurlanib yuradiganlarning bahor seryog‘in kezlari himmati jo‘shadi. Kunlar isib, xatarlar ortda qolgach bir to‘qlini bo‘g‘izladi-da, bo‘jalab xurjunga joyladi. Tog‘lar bag‘riga kun yoyilganda yo‘lga tushdi.
Haydarqul daradan chiqib kelib, qirning uchida bir dam oyoq ildi. Peshonasiga qo‘lini qo‘yib razm soldi. Ko‘k yuzida zarracha g‘ubor yo‘q. Chilvirdek yo‘l qishloqning bo‘yi barobar cho‘zilgan. To‘ba-to‘bada qurilgan uylar angishvonadek bildirab ko‘zga chalinadi. Quyoshning o‘tkir nurida bor narsa yaltirab ko‘zni toliqtiradi. Shundoqqina oyog‘i ostida gulli kigizdek yoyilib yotgan Katmanning hovariga qarab-qarab mehri tovlanib ketgan cho‘pon zavq bilan voh-voh, ota makonim deya hayqirdi. Hayqiriqdan kishti kelgan jonivor ham jaranglatib kishnadi. Shu choq chavandoz jilovni bo‘shatdi, ot tikka nishabdan tashladi. Lak-lak qo‘shinni olg‘a boshlagan qo‘mondon kabi u yeldek quyilib kelayotgan tulpor ustida engashib, qiyqirib qamchini silkitib borardi…
Hansirab qishloqqa kirib kelgan Haydar¬qul cho‘pon jilovni ilkis tortib otni bir uyurib to‘xtatdi-da, yo‘rg‘alatib yana yo‘lga solib yubordi. Og‘zidan ko‘pik sachratib, suvlug‘ini shaqirlatib chaynagan jonivor qattiq pishqirib, shashtimni qaytarding degandek o‘ynoqlab-o‘ynoqlab, mayda-mayda qadam tashlab yurib ketdi. O‘t-o‘lan mavji bilan, dov-daraxt avji bilan tomorqa bormi, tom-tosh bormi, barini panasi olgan. Zardoli dovuchchalari danakdek-danakdek shig‘illagan, sir¬g‘a¬dek tizilgan olchalar kumush tangadek yarqiraydi. To‘xtashning hovlisiga yetganda cho‘pon o‘rnidan bir qo‘zg‘olib qo‘ydi. U o‘z bog‘ining qanday yashnaganini ertaroq ko‘rmoqchi, bo‘ja hidi taratib go‘sht qozonda qovurilayotganida tomorqa oralab tomosha qilmoqchi…
Tomorqasiga yetganda seskanib tushdi, ko‘zlari olayib ketdi. Beixtiyor otning jilovini tortdi. Daraxtlarga qayta boshdan singalab qaradiyu qishda bexosdan suvga yiqilib tushgandek qaltirab ketdi. Yong‘oq daraxt¬lari barg chiqarishi bilan qurib qolgan, qabriston singari sukut qo‘ynida qilt etmay turibdi. Supaning oldidagi tollar bahor yelida ot yolidek selkillab, ko‘zni o‘ynatar chog‘da bu nimasi?! Achinish bilan boshini ozod ko‘tarib uf tortdi. Shu choq hamsoyasining bog‘iga ko‘zi tushib hayratdan qotib qoldi: uning yong‘oqlari gurkirab o‘sgan, shig‘illab hosilga o‘tirgan.
Hamsoyasining qitmirligi Haydarqul cho‘ponning miyasida yashindek chaqnadi.
– Ha onag‘ar-a, onag‘ar To‘xtash! Bepichoq so‘ydi-ya, ukkag‘ar tulki! Elga ermak bo‘libmiz, go‘l bo‘lmay o‘layin avvali, hamma gapiga chippa-chin ishonib o‘tiribman-a, – dedi u qamchi dastasi bilan boshiga nuqib, – go‘shingni quzg‘unlar yegur, qasding bo‘lsa, o‘zimdan olmaysanma? Bunday ish qilguncha boshingga ro‘mol o‘ra-e, sendeklarga hayf erkaklik.
Qo‘sh qanoti singan qushdek qo‘llari shalvirab tushdi. Jilovi bo‘shashgan jonivor o‘zining qadrdon oxuri sari yo‘rg‘aladi. Ot dupurini eshitib bolalari yugurib chiqishdi. Gapirishga ham holi yo‘q, jilovni kattasiga uzatdi. Uydagilar churq etmay ota qo‘liga suv quyib, yo‘l bo‘shatib turishdi.
Qanchalik sog‘ingan bo‘lishmasin, kichkinalar otasining vajohatidan qo‘rqib oldiga yo‘lashmadi. Misoli kar va ko‘r bo‘lib olgan cho‘pon hamon qahrini bosolmay titrardi. Choy ichishga ham holi kelmay bolishlarni qo‘shshalab yonboshladi-da, qattiq “uf” tortdi.
Berdimurod bunday yoqimsiz sukunatni buzishga o‘zida kuch topdi:
– Hamsoya podaning go‘ngini solgan ekan, biz bo‘lsa qo‘yning go‘ngini solganmiz. Buning ustiga, ikki barobar ko‘proq. Yong‘oqlar so‘lib jo‘nagandan To‘xtashboy kelib, go‘ngni oldirtirib tashladi-da, tinimsiz suv quydirdi. Foydasi bo‘lmadi, zaxlab bo‘lgan ekan.
Haydarqul cho‘pon ko‘zlarini katta-katta ochib, hayrat bilan o‘g‘liga qaradi. Bolishdan yonboshini olib:
– Podaning go‘ngi ekanmi?.. – deya ingrandi-yu, manglayiga shapatiladi.

“O‘zAS”, 2019 yil, 13-son