Xoliyor Safarov. «Yomg‘ir yog‘masaydi…» (hikoya)

Bahorning ilk kunlari. Daraxtlar kurtak urib, chinbarglar nishon bera boshlagan. Tabiat ajib bir go‘zallik kasb etgan. Qir-adirlar yam-yashil ko‘rpaga o‘ranmoqda. Havo salqin, namxush. Kechga yaqin shitirlab yomg‘ir yog‘a boshladi. Havoning avzoyini, qop-qora bulutlar qibladan bir tekis «osilib» kelayotganini ko‘rib, Sobirning yuragi hapriqib ketdi.
«Agar meni sevsangiz, yomg‘ir yoqqan oqshomda keling… Derazamiz oynasini sekin uch marta chertsangiz, bu siz ekanligingizni bilaman va albatta, chiqaman. Chunki men yomg‘irni judayam yaxshi ko‘raman…»
Bu jonbaxsh so‘zlarni o‘tgan yili o‘n birinchi sinf¬ni bitirgan, paxta terimi tugagandan beri uzun qish xolasining uyida yashab, chevarlikni o‘rganayotgan Gulmira yozgan. U lo‘ppi yuzli, qoshlari qop-qora, bodomqovoq, do‘ndiqqina qiz. Qalin, uzun sochlarini doim ikkita o‘rib yuradi. Sobir kuzda onasi tiktirgan xalatni olib kelishga borganda uni lolarang ko‘ylak-lozimda ko‘rdi-yu, halovatini yo‘qotdi. Shundan keyin tikuvchi ayolning eshigini ko‘p poyladi, biroq qiz bilan yuzma-yuz bo‘la olmagach, ikki enlik xat yozib, tavakkal uyiga kirdi va «Siz yigitlar uchun ham ko‘ylak tikib bera olasizmi?» deb so‘radi. Uning niyatini anglamagan xola bopladi: «Yigitlar bozordan oladi-da, Sobirjon. Bo‘ying terakday bo‘lsayam shunga aqling yetmadimi?». Bu gapdan qiz piq etib kuldi va xonadan chiqib ketdi. Sobir ham «kechirasiz, men tikasiz, deb o‘ylabman», deya tashqariga yo‘l oldi. Xola ichkaridan turib buyurdi: «Gulmira, darvozani yopib qo‘y».
Bu Sobir uchun ayni muddao edi. U katta yog‘och darvozani hatlab o‘tayotib, Gulmiraning qo‘liga maktubni tutqazib ketdi. Qiz esa kaftiga cho‘g‘ tushganday pitirlab qoldi, ammo birdan xatni xalati cho‘ntagiga yashirdi.
Ertasi kuni Sobir kechqurun ishdan qaytayotib, o‘z izhori dil maktubida yozgan joy — tikuvchining og‘ilxonasi burchagidan chiqib turgan bolor tagiga qo‘l suqib ko‘rdi. Uchburchak qilib buklangan qog‘oz chiqdi.
— Xudoga shukur-e! — dedi quvonib. — E’tiborsiz emas ekan…
Uning uygacha sabri yetmadi. Sattor do‘¬konchining «budka»si oldida maktubni yoruqqa tutib o‘qidi.
«Hali meni hech kim sizday maqtagani yo‘q edi. Men haqimdagi chiroyli so‘zlaringiz uchun rahmat, juda xursand bo‘ldim. Ammo kecha xolam bilib qolishiga sal qoldi. Bilsa, naqd o‘ldirardi. Onamgayam aytib berardi. Siz endi xolamnikiga ko‘ylakni bahona qilib kelmang. Ketganingizdan keyin xolam yana ustingizdan kuldi, hech narsa deyolmadim… Biror gapingiz bo‘lsa, xat yozib, o‘sha yerga qo‘yib keting…
Siz aytgan Qoraqosh…»
Bu so‘zlar ikki yildan beri oliygohga kirolmay, onasini yolg‘iz qoldirib ketolmay, bir-ikkita tengqurlari bilan qishloqaro mardikor ishlab yurgan Sobirning muhabbatga tashna qalbiga halovat, otash yuragiga taskin bo‘ldi. U endi qoraqosh Gulmiraga tez-tez xat yozar, maktublar maktublarga ulangani sayin ularning qalblari ham yanada jip¬sroq bog‘lanib borardi. Sobir qizdan uchrashuvga chiqishini so‘rar, Gulmira esa negadir bir xil javob yozardi:
«Agar meni sevsangiz, yomg‘ir yoqqan oqshomda keling… Derazamiz oynasini sekin uch marta chertsangiz, bu siz ekanligingizni bilaman va albatta, chiqaman. Chunki men yomg‘irni judayam yaxshi ko‘raman…»
Bunday javobni olganidan beri uch marta yomg‘ir yog‘di, ammo uchrashish nasib etmadi. «Balki bugun ko‘risharmiz…» degan umidda turgan Sobirning xayollarini onasining ma’yus, o‘kinch va iztiroblar qorishiq ovozi buzib yubordi.
— Bolam, yomg‘ir yog‘aversa, yuragim jizillayveradi. O‘tin olib kelib, pechkani yoqqin. Yana mazam bo‘lmayapti… Oshxonadan xabar ol, tomchi o‘tayotgan bo‘lmasin. O‘tgan safargiday yog‘ochga kleyonka mixlab, bir joyga tushadigan qilib qo‘y. Tog‘oraga oqsin, tez-tez almashtirib turasan. Bu ahvolda birorta yog‘och sinib ketmasa, deb qo‘rqaman…
— Mayli, ona. Siz kiravering, hozir pechkani yoqa¬man.
Sobir tandir ayvonga qarab yo‘l oldi. Tandir, o‘choq, qishga g‘amlangan quruq o‘tin, tarasha, tutandiriq, barchasi shu yerda. U to‘rt-beshta tarasha, mayda o‘tin ko‘tarib kelayotib, yana osmonga qaradi. Yomg‘ir tinadiganga o‘xshamaydi…
To‘qsonda havo to‘qson turlanadi. Imoratlarning soyasidagi qor erimasdan, yana yog‘ingarchilik. Yo‘qchilik qursin. Bunday paytda yo‘g‘on cho‘ziladi, ingichga uziladi. Sobir o‘tgan yili yozda shiferlashga imkoni yetmagani uchun amakilari bilan hashar qilib, oshxonaning tomiga kleyonka to‘shab, loysuvoq qilgandi, sichqon teshdimi, yana suv o‘tyapti. Kamiga onasining bodi bor. Osmonga bulut chiqsa, bas, beli bilan oyog‘ida zirqirab og‘riq boshlanadi. Ayniqsa, oxirgi paytda juda qiynayapti. Kuzda davolatgandi, lekin qishda yana qo‘zg‘ab qoldi. Dori-darmon qildi, ammo bekor. Sobir bunday sovuqqa pechkani yoqib, uyni isitib, onasini tashqariga chiqarmay o‘tiradi. Biroq Gulmiraga ko‘ngil qo‘ygandan beri arosatda qoldi. Onasiga qarasinmi, uchrashuvga borsinmi?
Ularning uyi ikki xonaligina. Bir uy va dahliz. Pechka dahliz bilan ichkari uy devoriga o‘rnatilgan. Asosiy qismi va mo‘risi ichkarida. Uy yaxshi isishi uchun mo‘rini burchak qilib, derazadan chiqarilgan. Shiftda yog‘och tagidan zich qilib terilgan taxta qishi bilan yoqiladigan pechka isidan to‘rga qarab qoraygan. Ichkari uyning eshigi yoniga shkaf qo‘yilgan, bir tomonida onasining, bir tomonida Sobirning kiyimlari shalvirab osilib turadi. Yerga to‘shalgan uchta qoqma gilam ustidan «P» shaklida ko‘rpacha to‘shalgan. To‘rda ikki qator taxmon. Birida onaning marhum eri, Sobir tug‘ilgandan bir yil o‘tmay og‘ir xastalikdan vafot etgan turmush o‘rtog‘i bilan kechgan umri xotiralari va g‘ussalari singib ketgan ko‘rpa-to‘shaklar. Bir tomonda Sobirga atab qavila boshlagan uch-to‘rt ko‘rpa-yostiq, besh-oltita ko‘rpacha. O‘rtada bir oynali, guldor-naqshli tumbochka. Uning yuqori qismiga bo‘yoqda «Baxt to‘yingiz muborak bo‘lsin», deb yozilgan. Bu er-xotinning to‘yidan esdalik. Ustiga yostiqlar terib qo‘yilgan. Uyning to‘rdagi derazasiga tashqaridan kleyonka mixlangan, ichkaridan esa eski chopon yopib qo‘yilgan. Qishda ochilmaydi. Mo‘ri chiqqan derazaning esa bir raxi ochiladigan qilib qoldirilgan, uning ham tash¬qi tomoniga kleyonka urilgan. Derazalar tagidan to‘shalgan o‘rinda onasi ko‘rpaga o‘ranib yotibdi.
Sobir pechkani yoqib, ustiga choydishni qo‘ydi. Pechka gurillab yonar, uyni issiq harorat bilan birga o‘tinning achimtir hidi tuta boshlaydi.
— Bolam, pechkada o‘tin yonaveradi. Sen oshxonadan xabar ol.
Sobir derazani ochdi. Etni junjiktiradigan so¬vuq havo ichkariga urildi.
— Bolam, yop-e. Uy yaxlab ketdi.
— Sal is hidi ketsin.
— Uy ham, o‘tin ham, is ham o‘zimizniki, bolam. Indama…
Ular bunga ko‘nikib ketishgan. Pechka yoqildimi, is chiqadi. Sobir derazani yopib, oshxonaga qarab yo‘l oldi. Oshxona bilan tandirayvon yonma-yon. Kirsa, to‘rt-besh joydan tomchi tomayapti.
— Obbo… — dedi u. So‘ng idish-tovoq so‘risi tagidan o‘tgan yomg‘irda ishlatgan kleyonkani olib, stol ustiga chiqdi-da, ikki uchidan to‘rdagi bolorga mixladi. Qolgan ikki tomonini bo‘sag‘a tomonga mixlagach, osilib qolgan kleyonkaning o‘rtasini mo‘l¬jallab tog‘ora qo‘ydi. Birdan tim-chik-tak qilib tog‘oraga suv tusha boshladi.
— Pul bo‘lsaykan hammasini shiferlab tashlasam…
Sobir chiqib, tandirayvonga qaradi. U yerda ham bir-ikki joydan tomchi o‘tib, o‘tinlarning ustiga, o‘choq yoniga tushyapti. Tomchi og‘illarda ham bor, ammo yigitning qo‘li kalta. Yozi bilan mardikor ishlab topgan puli ro‘zg‘orga, onasining dori-darmonlariga ketadi. Ona ro‘zg‘or ishlariga yaramayapti, ko‘p og‘rib qolyapti. Sobir ham onasini yolg‘iz qoldirib yaxshi ishlolmayapti. Qayerda bo‘lmasin, har kech uyga kelishga majbur. Sobir bunday paytlarda, ayniqsa, ro‘zg‘orda muammo ketidan muammo chiqaversa, onasi ketma-ket og‘rib qolaversa, xo‘rligi kelib ketadi. «Otam hayot bo‘lsaydi…» deydi.
U shunday xayollar bilan onasining yoniga kirdi.
— Bolam, — dedi onasi, — shkafning ustida tovuqmoy bor. Shundan olib, belimga surkab qo‘y…
Doim shunday. Yomg‘ir yog‘sa, onasi og‘riqqa chidolmay, ming istihola bilan o‘g‘lidan belini tovuqmoy bilan uqalab qo‘yishni so‘raydi. Sobir onasi uchun ham o‘g‘il, ham qiz. Avvallari uyalardi, endi tortinmaydi, shundoq ko‘rpa tagidan qo‘lini suqib, onasining belini uqalab qo‘yaveradi.
— Boringga shukur, bolam. Bu kunlarimiz ham o‘tarda… — Onaning ko‘zlaridan ikki tomchi yosh dumalab, g‘ussalari va goh quvonchli, goh iztirobli xotiralari singib ketgan yostiqqa tushadi. — Iloyo, tuproq olsang, oltin bo‘lsin, bolam. Taqdir ekanda, otang rahmatli hayot bo‘lganida, hammasi boshqacha bo‘lardi…
Sobirning ham qalbi o‘rtab ketadi. Otasi hayot bo‘lganida, bunday chorasiz o‘tirmasdi. Oliygohda o‘qirdi. Bahorda yerning tafti ko‘tarilgandan boshlab, to qor tushguncha mardikor ishlamasdi. Balki, hozir Gulmira bilan uchrashib turgan bo‘lardi.
— Sobir, doim senga bir gapni aytay deman-u, og‘riq bilan chalg‘ib ketyapman. — Ona go‘yo o‘g‘lining ko‘nglini ko‘rib turganday ma’yus so‘z boshladi. — Qishning qora kunlariyam o‘tay deb qoldi. Nasib bo‘lsa, hademay begim kunlar keladi, tishimiz ko‘kka tegadi. Shu yil seni uylantiraman, bolam.
— E, ona… — Sobir bu gapni kutmagan edimi, bir qalqib ketdi.
— Ahvolimni ko‘rib turibsan… Ko‘nglingda biror qiz bo‘lsa, ayt. Kunlar isisa, tog‘alaringni olib, sovchilikka boraman.
Sobir duv qizardi. Onasidan ko‘zlarini olib qochdi.
— Necha tipirchilab qolding, bolam? Adashmasam tikuvchining jiyanida ko‘ngling bor-a?
Go‘yo ilkis boshidan sovuq suv quyib yuborilganday Sobirning eti jimirlab ketdi.
— Yo‘g‘-e, ona, men u qizni tanimayman… — Sobir o‘r¬nidan turib, pechkaga tarasha soldi. Yana derazani ochdi. Yomg‘ir hamon shivalab yog‘ardi. Qorong‘i tushyapti. Uning quloqlari ostida Gulmiraning maktubda bitgan so‘zlari jaranglab ketdi: «Agar meni sevsangiz, yomg‘ir yoqqan oqshomda keling…»
Sobir derazani yopib, onasiga dedi:
— Qorong‘i tushib qolibdi. Men mollarga yemish solib kelay.
— Mayli, bolam. Qaytishda oshxonadan yana xabar ol. Tog‘ora to‘lib ketgandir. Uy orqasidagi novdan bir xil suv tushishiga quloq solib yotibman, yomg‘ir tinadiganga o‘xshamaydi. Ha, Sobir, oshxonadagi kadida tuxum bor. To‘rttagina qovurib kel, ovqat ham qilganim yo‘q. Choyni shu yerdan damlaysan. Keyin, tovuqlarning katagi ham ochiq qolib ketmasin.
Oshiq yigitga shuncha tashvish. Sobir tashqariga chiqib, yana ko‘kka boqdi. Yomg‘ir zabtiga olgan. Novlardan sharillab suv oq-moqda. «To‘lib ketgandir…» deb birinchi oshxonaga kirdi. Tashvishlanganicha bor, tog‘ora to‘libdi. Chiqarib suvni to‘kib, yana qo‘ydi. Mol-holdan xabar oldi, yemish soldi. Og‘ilxonaning eshigi ustidan ham tomchi o‘tyapti. Sobir qo‘lidagi fonar bilan shiftlarga boqdi, qolgan joylar quruq ekan. «Xudoga shukur». U qo‘yxonani ham ko‘rdi. Quruq. Faqat shu oshxona muammo. Qaytishda tovuqlarning katagini yopdi. Oshxonaga kirib, tog‘oraga tushgan suvni tashqariga to‘kib, tag‘in tog‘orani joyiga qo‘ydi. Primusni yoqib, alyumin qozonda to‘rt¬ta tuxum qovurdi va onasining yoniga qaytdi.
Ona-bola qarama-qarshi o‘tirib ovqatlanishdi, choy ichishdi. Dasturxonga endi duo qilishuvdi hamki, chiroq o‘chdi.
— Uyi kuysin, shu svet o‘chmasa nima qilarkan-a… Bolam, dahlizda moychiroq turibdi. Shuni olib kelib yoq. Ko‘r-chi, o‘zi kerosini bormi?
Sobir dasturxonni yig‘ishtirib, dahlizdagi stol ustiga qo‘ydi. Moychiroqning shishasini chiqarib, avval paxta tiqib, yaxshilab artdi-da, keyin gugurt chaqib yoqdi. Uy ichi g‘aribning ko‘ngliday yorishdi. U moychiroq bilan ichkariga kirdi va biroz pilikni ko‘tardi. Xira nurdan onaning yuzi qorayib ko‘rindi. U yana to‘shakka yotib olgandi. Sobirning yuragi shig‘ etdi.
— Ona, yaxshimisiz? Og‘riq picha qoldimi?
— Ancha yaxshi… — Onaning ovozi arang chiqdi. Ammo birdan ko‘zlarini yumib oldi.
«Yana mazasi bo‘lmayapti… Yo, xudoyim. Tonggacha onamni sog‘-omon saqla. Ertalab do‘xtirga olib boraman…»
— Ona, belingizni uqa¬lab qo‘yaymi? — Sobir borib onasi yoniga o‘tirdi.
— Indama, bolam. Yaxshiman… Seniyam ko‘p qiynab yubordim. Qizdaygina bo‘lib xizmatimni qilib o‘tiribsan. Ba’zan senga o‘zim qilishim kerak bo‘lgan ishlarni buyuraman-u, ona bo‘lmay o‘layin-a, deyman.
— Unday demang, ona. Hammasini to‘g‘ri tushunaman…
— Seni bergan Xudoyimdan aylanay… Iloyo, baxting butun bo‘lsin, bolam. Yaratgan egam sevgan bandalariga avval sinov berib sinarkan, keyin o‘zi suyuntirarkan. Iloyo, o‘zi suyuntirsin.
Ona qismatidan kuyinib so‘zlar ekan, yelkalari titrab ketar, ko‘zlarini tez-tez yumib olardi. Ona-bola suhbati yarim kechagacha davom etdi. Sobir bir necha marta oshxonaga borib, tog‘oradagi suvni to‘kib, qaytishda tarasha olib kelib, pechkaga soldi. Yom¬g‘ir ham tinmadi, onaning og‘riqlari ham qo‘ymadi. Sobir tashqariga chiqsa, Gulmirani o‘ylaydi, ichkariga kirib, onasining ahvolidan kuyunadi. «Yomg‘irda uchrashmasam uchrashmasman, u xafa bo‘lsa bo‘lar, lekin onam sog‘ bo‘lsin. Baxtimga onam bor bo‘lsin. Onam sog‘ bo‘lsin…» Sobirni xayollar olib ketar, onasining belini uqalaganda esa g‘ussaga botar, tezroq yomg‘ir tinib, tong otishini kutardi…
Tong otdi, yomg‘ir ham tindi. Onasi turib, go‘yo hech gap bo‘lmagandek ishlariga unnab ketdi.
— Sizni bugun do‘xtirga olib bormoqchi edim, — dedi Sobir nonushta vaqtida.
— Qo‘y, bolam. Meniki shunday betayin dard. Osmonga bulut chiqsa, yomg‘ir yoqsa bodim qo‘ziydi. Boshqa vaqtda otdayman. Hozir ilik uzildi payt. Pul ham yo‘q. Yozda kelin olsam, keyin davolanaman.
Sobir bosh chayqab qo‘ydi. Onasi doim shunaqa. Yo‘qchilikdanmi, uni ayaganidanmi, doim davolanishni orqaga suradi. Keyin o‘zi qiynaladi…
Bahor o‘tdi, onasi do‘xtirga ham bormadi, o‘g‘li sevgani bilan ham uchrasholmadi. Ikki marta shunday xat oldi:
«Yomg‘ir yog‘ayotgan har kech sizni kutaman, ammo biror marta kelmadingiz-a?.. Yana seni sevaman, deysiz…»
Sobir ham doim bir xil javob yozdi:
«Qoraqosh, meni kechir, to‘g‘ri tushun, onamning bodi bor. Yomg‘ir yog‘sa, og‘rib qolyapti. Hech qayerga chiqolmayapman. Ammo seni sevishim rost!»
Navro‘z bayrami arafasida Gulmira xolasining uyidan ketayotgani, endi o‘zlarining uyida tikish qilishi, boshqa maktub yoza olmasligi haqida xat yozib qoldirdi. Shundan keyin ular boshqa yozisha olmadi.
Oradan bir oy o‘tdi. Sobir qishloqda bir hovlida sheriklari bilan paxsa urayotgan edi. Ishdan kelsa, tog‘asi bilan amakisi mehmonga kelgan ekan.
— Jiyan, — dedi tog‘asi hol-ahvol so‘rashgach, — opamning maslahati bilan amaking ikkalamiz bir ish qilib o‘tiribmiz.
— Tinchlikmi, tog‘a? — Sobir hech narsaga tushunmay qoldi.
— Senga aytmay o‘tgan hafta bir joyga sovchilikka borgandik. Xudo ishimizni o‘ngladi. Bugun qiz tomon rozi bo‘ldi. Qizning xolasi bizga bir xat ham bergandi. Ma, o‘qib ko‘r qani… — Tog‘asi shunday deya uning qo‘liga uchburchak maktub tutdi.
Xatni olarkan, Sobirning a’zoi badani jimirlab ketdi. Ularning oldida o‘qishga uyaldi, shart o‘rnidan turib dahlizga chiqdi va maktubning qatini yozdi.
«Assalomu alaykum, Sobir aka. Yaxshimisiz? O‘tgan hafta sovchilaringizni yuborgan ekansiz. Ota-onam, ularga «Qani, katta-kichik bir maslahatlashib ko‘raylik», deb javob berishgan bo‘lsa ham ko‘p o‘ylanishdi. Otasi yo‘q ekan, onasi sal betob ekan, boshqa qishloq ekan, deyishdi. Ammo men sezgan va men quvongan bir gapni aytishdi. «Bemor onasiga qarab o‘tirgan, kerak bo‘lsa, og‘riqqa chidolmay qolgan onasining bellarini uqalab qo‘yishni o‘zining burchi deb biladigan o‘g‘ildan ortiq oqibatli yigit bormi?» deyishdi. «Men yomg‘irni yaxshi ko‘raman, sizni yomg‘ir yoqqanda kutaman», degan yolg‘onlarim uchun meni kechiring. Bular, aslida, sizni sinab ko‘rish uchun edi. Onangiz kuzda xolamga ko‘ylak tiktirishga kelganida bodi borligini aytib, xolam bilan rosa dardlashgandi. Men ularning yonida edim. Xolamning ham bodi bor. Yomg‘ir yog‘sa, og‘rib qoladi. Hamma bolalari boshida parvona bo‘lishadi. Ularning onasiga mehribonligini ko‘rib, havasim keladi…
Sizni sinaganim uchun meni kechiring.
Onasini yaxshi ko‘rgan yigitni men ham sevaman.
Sizning Qoraqoshingiz…»
Sobirning butun vujudini yoqimli bir harorat egalladi. Maktubni qayta o‘qishga tushdi. Shu payt uning yelkasiga kimdir qo‘lini qo‘ydi. Qarasa, onasi. Ko‘zlarida yosh. O‘g‘lini mahkam bag‘riga bosdi.
— Rahmat senga, bolam. Seni bergan Xudoyimdan aylanay…
Ona-bola ko‘zlarini artib ichkariga kirishganida, amaki bilan tog‘a to‘yni qanday o‘tkazish haqida suhbatlashishardi…