Qutb orti o‘lkasining tabiati ajoyib: qish kunlari qor ustiga qor yog‘adi, ayoz avj olgan paytda tashqariga chiqqan kishining mijjalaridagi nam muzlab, kipriklar bir-biriga yopishib qoladi, hatto sharsharalar ham tilsizlanib, shu holicha muzlaydi. Tushdan so‘ng atrofga asta-sekin tuman tushib, qutb tuni borliqni o‘z bag‘riga oladi.
Fevral oyining so‘nggi tunlari. Hammayoq oppoq qor, qahraton sovuq avj olgan. Ufqdan ko‘tarilgan oqimtir-ko‘k, xiyol gunafsha rangda tovlanuvchi shimol shu’lalari somon yo‘lidagi yulduzlarni bekitib qo‘ydi, ular bir-birlarini quvgandek shiddat bilan jilvalana boshladi. Bu manzara osmonning goh u burchagida, goh bu burchagida takrorlanar, kamalak nusxa ranglar bir-biri bilan husn talashayotganga o‘xshar, so‘ng ko‘kda kishini lol qoldiradigan ajib go‘zallik namoyon bo‘lar edi.
Kechki sayrga chiqqan Bahrom do‘stlari bilan polk maydonida bu manzarani zavqlanib kuzatardi. Bir payt Xachik Abramyan degan sho‘x yigit yonida turgan aloqachilar bo‘limining komandiri, katta serjant Springlovni turtib Bahromga ishora qildi.
— Hoy, Bahrom! Sen bu yerda tentakka o‘xshab, shimol shu’lasidan ko‘zingni uzolmay qolding. Vaholanki, O‘zbekistoning hozir bundan ham go‘zal bo‘lib ketgandir, — dedi Vitya Springlov kulimsirab.
— E, nimasini aytasan, — dedi Bahrom.— Yana besh-olti kundan keyin bizning qishloqlarga bahor kiradi! Sen kallavaram ko‘klamda u yerlar qanday chiroyli bo‘lishini bir ko‘rsang edi!
Bahrom ko‘zlarini yumgancha qadrdon qishlog‘ini, bahor paytlari oppoq-oppoq gullaydigan bodom-o‘riklarni, lolaqizg‘aldoqlardan lov-lov yonadigan Jizzax dashtlarini, sochlariga tolpopuk taqib yalpiz teradigan qizaloqlarni, charaqlagan yulduzlar yog‘dusiga ko‘milgan oydin tunlarni eslab ketdi.
Do‘stlari Bahromdan bu gaplarni bir necha bor eshitgan bo‘lsalar-da, doimo maroq bilan tinglashar, o‘zlarini ajib bir xayoliy gulistonda kezib yurgandek his qilishar edi. Bahrom to‘lqinlanib hikoyasini davom ettirar, atrofda oppoq qor, uning dilida esa bahor qulf urardi.
— Bahrom, shartnomani unutganing yo‘qmi? Xizmat tugashi bilan qishlog‘ingga birga ketamiz-a? Shuncha maqtagan joylaringni bir ko‘raylik-chi, — dedi Springlov.
— Yigitlar, meni ham olib ketmaysizlarmi? To‘yib kabob yerdik-da! — deb uh tortdi askarlar «Bo‘g‘irsoq» deb ataydigan norg‘ul Misha Girfanov.
—Hey, qorning teshilsin, «Bo‘g‘irsoq!» Ovqatdan boshqa ham darding bormi o‘zi! — Springlov telpagi bilan Mishaning yelkasiga bir tushirdi. «Bo‘g‘irsoq» Springlovga javob qaytarish o‘rniga, telpakni yonida irshayib turgan Xachikning yuziga qarab otgan edi, u chaqqonlik bilan kallasini burib qoldi, telpak yuziga sal tegib o‘tishi bilan «Bo‘g‘irsoq»ni mahkam quchoqlab, qorga yiqitdi. «Qo‘ymaysan, Xachik!» — deb xaxolab kulayotgan Vityani Bahrom chaqqonlik bilan chalib ko‘kragidan itarib yubordi. Yigitlar qiyqirgancha bir-birlari bilan olisha ketishdi.
Ular yana bir necha oydan so‘ng burchlarini o‘tab, uylariga qaytishadi, har biri o‘shanga necha kun qolganini sanab, o‘tgan kunlarni yonidagi kalendardan o‘chirib qo‘yadi. Bahrom har tong kalendarni qo‘liga olardiyu totli xayollarga cho‘mib qolardi. U asli Jizzaxning Ravotlik qishlog‘idan bo‘lib, maktabni bitirgach, mexanizatorlar kursida o‘qidi. So‘ng cho‘ldagi «Paxtakor» sovxozida mexanizator bo‘lib ishladi. Birinchi yili yuz tonnadan oshirib paxta terdi. Bo‘lim boshqaruvchisi Yo‘ldosh aka: «Yanagi yil o‘zingga yangi «O‘zbekiston» mashinasidan olib beraman», deb va’da qilgan edi, lekin bu va’da amalga oshmay qoldi: ko‘klamda Bahrom harbiy xizmatga chaqirildi. Yo‘ldosh aka Bahrom bilan xayrlashayotib: «Seni shu yerda kutamiz. Eson-omon kelsang, bitta «O‘zbekiston» seniki», deb qolgan edi.
Bahrom shularni o‘ylarkan, yuragi entikib ketdi. Keyingi paytda uydan, o‘rtoqlaridan kelayotgan xatlarni qayta-qayta o‘qir, qishloqdagi yangiliklar uni juda qiziqtirar edi: axir, ikki yilda ozmuncha o‘zgarishlar bo‘lmaydimi? O‘rtoqlaridan biri o‘z xatida Yo‘ldosh akaning yangi sovxozlardan biriga direktor bo‘lib tayinlanganligini yozibdi. Bu xabarni o‘qib Bahrom juda quvondi, xizmat tugashi bilan to‘g‘ri shu sovxozga borishga ahd qilib qo‘ydi.
U bo‘linmaning mexanik-haydovchisi edi Rota komandiri: «Sening yoningda hatto qil-ko‘prikdan o‘tayotganda ham qo‘rqmasdan o‘tirsa bo‘ladi!», derdi. U mashinasiga qarashdan erinmas, hamma ishni zavq-shavq bilan puxta bajarardi. Lekin xizmatning so‘nggi oylari nazarida juda sekin o‘tayotgandek… Na iloj, vaqt tizginini hech kimga tutqazmaydi! Shunday bo‘lsa-da, kunlar ketidan tunlar o‘tib, may oyi boshlanishi bilan qorlar batamom erib ketdi, qutb orti tabiati ham bahor hukmiga bo‘ysundi: qirlarda dastlab moxlar, o‘tgan yildan qolgan xazonlar nish urdi, so‘ng asta-sekin boshqa o‘simliklar ham yam-yashil tus olib, atrof go‘zallashib ketdi. Ayniqsa, qutb tunlari juda ajoyib-da! Kechasi soat uchda qarasangiz ham quyosh charaqlab turadi, tun bilan kunduzni hech farqlay olmaysiz! Tun va kunni faqat soat bilangina belgilash mumkin, xolos.
Bahrom dam olish kuni nonushtadan so‘ng hech kimga sezdirmasdan qirga chiqib ketdi. Bu chog‘darda qirlarda sayr qilish g‘oyat gashtli, uyg‘ongan tabiat kishi diliga orom beradi. Bahromning sayrga yolg‘iz chiqishiga boshqa sabab ham bor: u qadrdon yurtiga qaytish, hayajonli uchrashuvlar haqida tanho xayol surar. Bashoratdap kelgan xatni qayta-qayta o‘qir edi.
Bahrom engashib, so‘qmoq bo‘yida sap-sariq gullab yotgan ayiqtovonni uzib oldi-da, pilotkasidagi yulduzcha yoniga qadab, keyin pilotkasini tuzatib qo‘ydi. Qo‘lidagi Bashoratning oxirgi maktubiga yurib ketaturib yana bir bor tikildi: «Xayr, ko‘rishguncha!» Bu so‘z yuragini orziqtiradi. U xayol og‘ushida so‘qmoqdan odimlab borarkan, to‘qay yaqinida boshdan-oyoq zangori kiyim kiygan, yelkasiga safar xaltasi osib olgan bir kishiga ko‘zi tushdi. Begona kishi ham Bahromni ko‘rib, bir qarab qo‘ydi-da, so‘ng bamaylixotir yo‘lida davom etaverdi. «Bu g‘alati odam kim ekan?», deb o‘yladi Bahrom va o‘zicha: «Qo‘ziqorin terib yurgan shu yerlik kishilardandir-da!», deya tusmolladi-yu, lekin taxminidan o‘zi qoniqish hosil qilmadi. Qo‘lidagi maktubni gimnastyorkasining cho‘ntagiga solib, kamarini bir oz bo‘shashtirdi, sekin yo‘lida odimlayverdi. Begona kishi to‘qayga kirib ko‘zdan yo‘qoldi.
Bahrom qirga ko‘tarilar ekan, hadeb ko‘z oldiga zangori kiyimli kishi kelaverdi. Xayolini boshqa yoqqa burishga harchand urinmasin, bo‘lmadi. «Nega u zangori kiyinib olgan? Chegarachimikan? Chegarachi bo‘lsa, avtomati, durbini qani?! Undan keyin menga qaraganda nega ko‘zlari bejo yiltillab ketdi? Qayerga shoshilayotgan ekan? Balki ovchidir? Qim bo‘lsa ham, har holda, harakatlari shubhaliroq. Qismga borib xabar qilsammikin? Agar u rostdan ham ovchi bo‘lib chiqsa, uyatga qolmaymanmi? Yigitlar mazax qilishmaydimi? Yaxshisi, o‘zim kuzatsam-chi? Agar u ovchi bo‘lsa, qismga yaqin ham yo‘lamaydi».
Bahrom shunday xayollar bilan qirdan oshib tushdi-da, shosha-pisha iziga qaytdi.
Soqchi o‘z postida xotirjam aylanib yurardi. Bahrom ko‘zdan panaroq bir joyga o‘rnashib qirni kuzata boshladi. U yoqda hech narsa ko‘rinmas, faqat qayinlar shamolda shovillab turardi. Mana, soqchilar ham almashishdi. Uzoqdan baraban tovushi va saf bilan oshxonaga borayotgan askarlarning qo‘shiqlari eshitila boshladi. Bahrom shundagina qorni ochganini sezdi.
«Boyagi kishi qayoqqa ketdi ekan? U shu paytgacha qo‘ziqorin terib jo‘nab qolgandir. Axir, mensiz ham josuslarning ta’zirini berib qo‘yadiganlar bor-ku! Men bo‘lsam, bema’ni shubhalarga borib, yo‘lovchidan gumonsirab yuribman-a!», deb o‘yladi u.
Bahrom endi o‘rnidan turmoqchi bo‘lgan edi, ko‘z o‘ngida bir zumda ro‘y bergan voqeadan qotib qoldi. Quyosh nurida nimadir yarq etdiyu soqchining kuragi ostiga qadaldi. Soqchi «Ayy!..» deya yiqilib tushayotgan paytda, uning yonginasidan, qutb tollari orasidan zangori kiyimli boyagi kishi otilib chiqdi-da, tikanli simlarning bir nechtasini nima bilandir qirqib tashladi, emaklab postga o‘tdi. Soqchiga sanchilgan xanjarni sug‘urib olib, yana qayta sanchdi, so‘ng uning sumkasidagi o‘qdonni, avtomatni olib atrofga olazarak boqqancha omborning darvozasi tomon yurdi.
Bahrom bir lahzada ro‘y bergan bu voqeadan o‘zini yo‘qotib qo‘ydi, lekin qotilning qo‘lida nimadir alangalanishi bilan yarq etib ko‘zi ochildi.
«Olov! Hozir omborga o‘t qo‘ysa… Bu o‘q-dorilar portlasa…»
Bahromning xayolida shu fikr chaqmoqdek chaqnadi. Yana bir necha daqiqadan so‘ng omborga o‘t ketishi, dahshatli portlash yer-ko‘k ni titratishi mumkin. Nima qilish kerak?! Bahrom to‘satdan tikanli simlar orasida, soqchi turadigan joydagi simyog‘ochda signal knopkasi borligini esladi. O‘sha yerdan qorovulxonaga signal berish kerak! Faqat tezroq! Tezroq! Tezroq!
Bahrom o‘rnidan irg‘ib turdiyu to‘qayzordan yugura ketdi. U qotil sim to‘siqni kesib ochgan joydan postga o‘tdi-da, simyog‘ochga qarab intildi. Qotil dastlab hech narsani sezmadi, biroq Bahrom simyog‘ochga yetay-etay deganda nimagadir qoqilib ketdiyu yiqilib tushdi.
Qotil qo‘lidagi olovni tashlab, keskin burilgancha avtomatga yopishdi, yiqilgan joyidan irg‘ib turgan Bahromni ko‘rib, sovuq tirjaydi-da, avtomatni chap qo‘liga oldi, o‘ng qo‘lida esa yana xanjar yarqiradi. Bahrom jon-jahdi bilan oldinga yugurdi. Qotil xanjarini changallagancha: «To‘xta, otaman!», deb xirilladi. Lekin Bahrom to‘xtamadi! Mana, nihoyat knopkali joyga yetib keldiyu yog‘ochni quchoqlab signal knopkasini bosdi! Bu vaqtda qotil ham unga yaqinlashib qolgan edi, u yugurib kelayotib xanjarni zarb bilan Bahromga otdi. Bahrom knopkani mahkam bosib turarkan, kuragidan pastda kuchli og‘riq sezib yuzini burishtirdi. Lekin knopkani qo‘yib yubormadi. Xuddi shu payt qism tomondan trevoga tovushi yangradi. Qotil birdan joyida qotib qoldi, so‘ng keskin burildiyu tikanli simlar orasidan o‘tib qirga qarab qochdi.
Bahrom esa yog‘ochni quchoqlagancha tebranib turardi. Boshi orqaga oqqanda ko‘zi osmonga tushdi: «Atrof buncha jimjit! Quyosh buncha pirpiraydi? U quyoshmi yoki shimol shu’lasimi? Qo‘klamda ham shimol shu’lalari bo‘ladimi?» — Bahromning xayolidan shu fikr o‘tdiyu ayiqtovon taqilgan pilotkasi yerga tushdi, boshi borgan sari og‘irlashib, qo‘llaridan majol ketib orqasiga quladi.
* * *
Maydonda qism askarlari saf tortishgan. Polk komandirining tovushi yuraklarda aks sado berardi:
— Kecha qora niyatli bir josus N-postdagi soqchini o‘ldirib, omborga o‘t qo‘ymoqchi bo‘lgan. Agar bu ombor portlasa, qismimiz va aholi boshiga katta falokat tushishi mumkin edi! Qotil ana shu mudhish niyati orqali bizni sarosimaga solib qo‘ymoqchi, chegarani buzib o‘tmoqchi bo‘lgan. Ammo u qora niyatiga yeta olmadi. Sovet soldati hamisha dushmanlarini dog‘da qoldirib kelgan. Oddiy askar, o‘zbek yigiti Bahrom Berdiyev siz uchun, biz uchun, Vatan uchun hayotini xavf ostida qoldirib qorovulxonaga signal berdi… Bugun poytaxtdan xabar oldik. Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tibdi. Jasur do‘stingiz sog‘-salomat!
Oldingi safda turgan Springlov yengil tortib: «Xayriyat!», deb yubordi. U Bahromni samolyotga birga olib chiqishgan, do‘sti ko‘p qon yo‘qotganidan iztirob chekar, Bahromdan xabar kutardi. Polk komandirining ishonch bilan aytgan gaplari Vityaning qalbini sevinchga burkadi, u orqaroqda turgan «Bo‘g‘irsoqqa» qarab:
— Misha! Endi chinakamiga kabobxo‘rlik qiladigan bo‘ldik! — dedi.
«Bo‘g‘irsoq» so‘zsiz jilmaydiyu lablarini yalab qo‘ydi.
Shu choq Xachik Vityani bir turtdi. Vitya «Safda turibsan!», degandek, unga qaragan edi, Xachik tek qotdi. Springlov ham jilmaygancha poshnalarini bir-biriga urib, qad rostladi.