«Il-18» tanasidagi bor quvvatini to‘rt bahaybat motoriga berib, quloqni qomatga keltirganicha g‘izillab oldinga intildi-da, devsifat zarda bilan bir silkinib ko‘kka parvoz qildi. Shundagina O‘rinboy bu ishlarning bari tushida emas, o‘ngida bo‘layotganiga tamom ishondi. Yo‘qsa, tili ajabtovur chuchuk, ba’zi so‘zlarning oxirini jo‘rttaga cho‘zib aytuvchi diktor qiz boyagina: «Diqqat, diqqat. Ikki yuz to‘rtinchi reys bilan uchuvchi-i-i, 24785 ra-qamli-i-i «Il-18» samolyotiga-a-a passajirlar chiqarish boshlandi-i-i!..» — deb e’lon qilganida ham, buni O‘rinboy o‘ziga tegishli deb o‘ylamagan, xuddi o‘sha chuchuk til hali-zamon: «Passajir o‘rtoq Temirov! Sizning ayeroport navbatchisiga uchrashingiz so‘raladi-i», deydi-yu keyin biletimni qo‘limdan tortib olib, o‘zimni kelgan joyimga qaytarib yuborishadi, degan xayol miyasida charx urgan edi.
Bu ishonchsizlik samolyotga chiqib, yumshoq o‘rindiqdan o‘z joyini olgandan keyin ham O‘rinboy dilini tark etmadi. Nega desangiz, ichi yo‘lovchilar bilan butkul to‘lgandan keyin ham samolyot eshigi yopilib, uning narvoni olinavermadi. Tashqarida saraton jaziramasi qovurib turganligidan salonning ichi birpasda hammomga aylanib ketdi. Simobday erib, ko‘ylagi badaniga chip-chip yopishib qolgan odamlar behalovat bo‘lib, o‘zlarini gazeta bormi, kitobu dastro‘molmi — to‘g‘ri kelgan narsa bilan yelpishga, bu do‘zax azobining zabtini andakkina pasaytirish harakatiga tushdilar. Soat millari biletda ko‘rsatilgan «12. 10» — jo‘nash vaqtidan allaqachon hatlab o‘tdi. Mushukdan yurak oldirib qo‘ygan tovuqday so‘nggi paytlarda bir cho‘qib atrofiga o‘n bor boqishga o‘rganib qolgan O‘rinboy buni ham o‘zicha yo‘ydi: uning nazarida go‘yo, hozir ayeroport binosining qaysi bir burchida uchuvchilarning kattalari uning nomini yuz maqomga solib takrorlayotganday, «passajir Temirovni tushirib olib qolamizmi yo yo‘qmi?» deya bir-birlar
i bilan tortishayotganday edilar…
Nihoyat trap samolyotdan uzoqlashtirildi, eshik yopildi. O‘rinboyning ko‘ngli joyiga tushdi… U umrida ikkinchi marta samolyotga chiqishi. Birinchi marta, bundan o‘n besh yilcha burun yarimi yuk, yarimi odam tashiydigan samolyotda Toshkentga shoshilinch bir kengashga kelgan edi. O‘shanda oblast qishloq xo‘jalik bankida kredit bo‘limining boshlig‘i bo‘lib ishlardi. Samolyot tog‘ tepasidan o‘tayotganda, arg‘imchoqqa o‘xshab, ust-ustiga ko‘tarib tashlab yuborgani, ko‘ngli behuzur tortib, qayt qilib yuborishiga sal qolgani hali-hali esida. «Ikkinchi bor samolyotga chiqsam…» — deb og‘ziga gap olib qo‘ygandi O‘rinboy. Lekin bo‘lmadi. Yilda kurortga borishni kanda qilmaydigan oshnasi — zootexnik Qulmatning: «Il-18» unday emas, onangning qornida yotganday tinch, uxlab ham ketasan», degan gapiga ishonib, Toshkentdan bu yog‘iga biletni samolyotga oldi u.
Ha, o‘shanda u armiya xizmatidan bo‘shab kelib, bankda ishlardi. Qanday tinch, sokin, beozor edi-ya o‘sha ishi! Redaktsiyadagiga o‘xshab, «bo‘l-bo‘l, agar yarim soatda ellik satr material tayyorlab bermasang, osmon uzilib yerga tushadi», degan tiqilinch ertalab ishga kelganingcha, ochin-to‘qin qolib, yarim kechagacha granka ustida ko‘zingning nurini to‘kib o‘tirishlar, dalama-dala, qirma-qir chang yutib, oftobda kuyib sanqishlar yo‘q. Tayinli vaqtda ishga kelasan, soat birdan bir minut nari-beri qilmay, tushlikka chiqasan, kechqurun yana tayinli vaqtda uyga qaytasan. Tagingda quling o‘rgilsin izvosh. Oyda bir kolxoz-polxozga chiqib qolsang, «keling, keling»ga it boqmaydi, tovuqning sutidan bo‘lak narsalarni topib, dasturxonga qo‘yishadi. Qaynatasining ham, «bizning o‘g‘il-kuyov xo‘p boobro‘ yigit-da, aql yoshda emas, boshda bo‘lishiga shu kishining o‘zi naqd misol», deb uzzukun og‘zi qulog‘ida. Xotini-chi? «Menikidaqa er hech qaysingda yo‘q, shaharning manaman degan amaldorlaridan biri u», deb teng-to‘shlarig
a so‘z bermaydi.
Qayoqdan ham N. rayon davlat bankining boshqaruvchisi Boltaboyev haqida oblast gazetasiga feleton yoza qoldi-ya?
Lekin yozmasayam bo‘lmasdi-da! U vaqtlarda g‘alati qoida bor edi: kolxozlarning puli ikki bankda saqlanardi. Bo‘linmas fondga ajratilgan mablag‘lar qishloq xo‘jalik bankidagi 308-hisobga o‘tkazilar, qolgani davlat bankidagi 101-joriy hisobda turaverardi. Ammo har ikki hisobdagi mablag‘ ham davlat bankida saqlanardi. Faqat 308-hisobdan pul olishga qishloq xo‘jalik banki vakilining ruxsati kerak edi. Buning uchun davlat banki boshqaruvchisi har kuni ertalab shu vakil ixtiyoriga falon mikdorda naqd pul ajratib berishi lozim edi. Plansiz ish bo‘lmaydi degandek, vakilga oblastdan kapital mablag‘lar hisobiga pul to‘plash haqida topshiriq berilardi. Shuning uchun vakil o‘z ixtiyoridagi naqd pulni — ana shu topshiriqni bajarishni ko‘zlab — ya’ni 308-hisobga ko‘proq mablag‘ o‘tkazgan kolxozlarga taqsimlardi. Ammo N. rayonida davlat bankining boshqaruvchisi qishloq xo‘jalik banki vakilidan bu huquqni tortib olibdi. U vaqtlarda aksariy kolxozlar iqtisodiy jihatdan kamquvvat bo‘lib, bahorga chiqqanda 101-joriy hisobda ay
tarli puli qolmas, kam-ko‘sti uchun 308-hisobda qo‘r bo‘lib turgan kapital mablag‘dan ishlatishga majbur edi. Boltaboyev degan noinsof hech qanaqa qonun-qoida bilan hisoblashmay, kapital mablag‘niyam o‘zi bevosita taqsimlaydigan bo‘lib olibdi. «Buning uchun har o‘n ming so‘mdan ming so‘m juz’a berasanlar», deb, qattiq taqsa ham kesib qo‘yibdi. Oqibatda, qishloq xo‘jalik banki vakilining sariq chaqalik e’tibori qolmabdi. Shunda O‘rinboy «Jig‘ildon bandasi» degan feleton yozdi.
Boltaboyev-ku, feletondan keyin bitta qurttakkina hayfsan bilan suvdan quruq chiqib oldi-ya, ammo qiyin bo‘lganda O‘rinboyning o‘ziga qiyin bo‘ldi: feleton uning hayotini tamoman boshqa izga solib, taqdirini bir yuz sakson gradus o‘zgartirib yubordi.
Feleton oblast gazetasining redaktori Qodirjon Qobilovga haddan ziyod ma’qul tushib, O‘rinboyni huzuriga chaqirtirdi. Bu feleton uning ijod bobidagi ilk mashqi emasligini, ilgari ham she’r-pe’r yozib yurganini, umuman, adabiyotga havasi zo‘rligini eshitgach, «shunday qobiliyatli odam bankdek diqqinafas joyda bo‘g‘ilib yotasizmi, tezda bizga ishga o‘ting, binoyidek, iqtisodchi ekansiz, qishloq xo‘jalik bo‘limining tasarrufini qo‘lingizga beraylik», deb turib oldi. Matbuotning muqaddas dargohida ishlashni yuragining ich-ichida ko‘pdan orzu qilib yurgan O‘rinboy bu taklifga darrov ro‘yxushlik berib qo‘ya qoldi.
Ammo oblast qishloq xo‘jalik bankining boshqaruvchisi Fuad Gareevich O‘rinboyni osonlik bilan qo‘ldan chiqargisi kelmadi. U O‘rinboyni bankda olib qolish uchun necha martalab obkomga qatnadi, hatto birinchi sekretarga ham uchradi. Hammalari unga: «Ixtiyor o‘rtoq Temirovning o‘zida, redaktsiyaga o‘tib ishlashga moyil ekan, biz buni faqat tabriklashimiz mumkin, bir chekkasi, gazeta bankka qaraganda obkomga yaqinroq, o‘z organi», deyishibdi. Shunda Fuad Gareevich O‘rinboyning o‘zini avrashga tushdi: «Sening oldingda hozir ikki yo‘l ochilyapti: biri — o‘la-o‘lguncha bank xodimi bo‘lib qolish, bu muassasaning hamma mansab pillapoyalaridan tepaga ko‘tarilib, o‘zingni izzat-hurmat cho‘qqisida ko‘rish. Ikkinchisi — muxbirlik, uzzukun zahmat chekish, chobuk qalam hasadgo‘ylar bilan non talashib, shuhrat talashib o‘tish. Ikkalasidan birini tanlab olishing kerak. Meningcha, senga birinchi yo‘l ma’qul. Yaqinda Leningraddagi Moliya akademiyasiga bitta o‘rin keladi. Shunga seni yuboraman. U yoqdan ikki yilda biron oblast b
ankiga boshqaruvchi bo‘lib qaytasan. Xohlasang, men o‘z o‘rnimni bo‘shatib berishim ham mumkin», dedi. Fuad Gareevich — xushfe’l, qo‘li ochiq, oq ko‘ngil odam edi-yu, lekin bitta qusuri bor edi: dunyoda bank xodimligidan bo‘lak kasbni tan olmasdi. Ayniqsa, muxbirlik uning nazarida odamning kosasini oqartirmaydigan ish edi. O‘rinboyning Fuad Gareevichga e’tiqodi qanchalik baland bo‘lmasin, o‘shanda uning ra’yini qaytarishga majbur bo‘ldi. Balki noto‘g‘ri qilgan ekanmi? Tag‘in Fuad Gareevichning qarg‘ishiga uchrab, shuncha malomatlarga qolgan bo‘lmasin? Rost-da, Fuad Gareevichning gapiga kirib, bankdagi issiq o‘rnini sovutmaganida, majburiy xizmatga kesilgan odamdek ikki yil kanal qurilishida temir-tersak changallab qo‘lini qadoq, yog‘och-to‘sin ko‘tarib yelkasini yag‘ir ham qilmas edi, guldek ikki farzandidan, ko‘hlikkina xotinidan ham ajralmas edi.
…O‘rinboy atrofiga qaradi. Samolyot xiyla baland ko‘tarilgani uchun salondagi boyagi issiqdan endi asar ham qolmagan, odamlar o‘zlarini yelpishdan qutulib, bir-birlari bilan qovoqqa qamalgan arilardek g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir qilib ketishyapti. Tashqarida samolyot motorlarining bir maromdagi guvillashiga quloq solib turib, O‘rinboy beixtiyor o‘z qishlog‘idagi tegirmonning aylanishiga qiyos qildi buni, qish paytlari g‘alla tortuvchilar ko‘payib ketganda, tegirmonning ichi ham mana shunaqa olag‘ovur bo‘lardi, odamlarning gapi xuddi uyqu aralash kelayotgan ovozga o‘xshab eshitilardi. Tegirmonni eslashi bilan O‘rinboy ko‘z oldida darrov ikki siymo paydo bo‘ldi. Biri — tegirmonchi Salmonmirza aka uning diqqatini uzoq band qilmay, lip etib o‘tib ketdi-yu, lekin ikkinchisi — tegirmonchining qizi Lobar devorga mixlangan suratday qarshisida qotganicha qoldi.
Zulukdek payvasta qoshlar. Shoirlar nayzaga nisbat bergan uzun kipriklar. Tepa labning ustidagi tugmachadek xol. Yurganda belga uradigan kokillar. Ayniqsa, bir juft xumor ko‘zlarni aytmaysizmi! Har tikilganida, yurak-bag‘ringizni o‘yib yuborgudek bo‘ladi, dilingizga zilziladek larza soladi. O, taqdir otliq yozuvning yuzi qursin! O‘rinboy Lobarni qanday sevardi-ya! Usiz yorug‘jahon qo‘ziga zimiston ko‘rinardi. Tegirmon boshidagi xuftongi uchrashuvlar, uzun va ingichka barmoqlar bilan chekkasiga qora ipdan popuk tikilib, galdagi visol chog‘ida O‘rinboyga hadya qilingan shoyi dastro‘mollar… Ular gapni bir joyga qo‘yishgan edi. O‘rinboy uch yillik harbiy xizmatni o‘tab kelgandan keyin to‘ylari bo‘ladigan edi. Ammo… Ikki beg‘ubor yurakning billurdek tiniq sevgisiga shum taqdir tosh urib, uni chil-chil etdi. O‘rinboy harbiyda yurgan paytida, Lobarga selpo mudiri Nizomning «ishqi» tushib qolibdi. Salmonmirza aka uning harom-xarishdan topgan vaqtinchalik mol-dunyosiga uchib, Lobarni sotib yubordi. Ha, aynan sotib
yubordi! Buni boshqacha so‘z bilan atab bo‘lmaydi. Oradan hech vaqt o‘tmay, Nizom kamomad qilib qamaldi, o‘n besh yilga kesildi. Qishloq yigitlarining yuragida gulxan yoqib yurgan Lobar tiriklay beva qoldi!
Bordi-yu taqdir bir marta o‘g‘il bolalik qilib, O‘rinboy bilan Lobarni bir-biriga qovushtirganida, ehtimol, O‘rinboyning boshiga shu kunlar tushmasmidi? O‘rinboy qishloqtsan ham ketmas edi, kolxozda hisobchi bo‘lib ishlayverardi. Balki shu choqqacha u o‘z kolxoziga rais bo‘lib qolarmidi? Ha, nima, qishloq bolasi, dehqonchilikda ko‘zi pishib qolgan, raislikka saylansa — buning hech ajablanarli yeri yo‘q. Ana, hisobchilikda birga ishlagan oshnalaridan Hamidjon, Nosirjonlar raislikni tuppa-tuzuk eplashyapti-ku! O‘rinboyning ulardan qayeri kam?..
Mixail Vasilevichning «Fatalist ekansan!» degan gapi O‘rinboyning yodiga tushib, beixtiyor jilmayib qo‘ydi. O‘rinboy u bilan dastlab uchrashganda mana shunaqa «bor-di-yu, keldi-yu» deyavergan edi, Mixail Vasilevich shartta o‘rnidan turib, «e uka, fatalist bo‘p qopsan, bilasanmi, hamma ishni taqdirga topshirib qo‘yib, o‘zi bir chekkada qo‘l qovushtirib turadigan, butun vujudi bilan kurashga sho‘ng‘ib ketmaydigan, loqayd, o‘sal odamlarni fatalist deyishadi. Sen fatalist bo‘lma, senga yarashmaydi», deb ketidan G‘afur G‘ulomning «Taqdirin qo‘l bilan yaratur odam, g‘oyibdan kelajak baxt bir afsona…» degan she’riy bandini o‘qib bergan edi…
Shu payt, O‘rinboy o‘tirgan qatorning narigi chekkasidan bamisoli qattiq narsaga urilgan jonon chinnining ovozidek jarangdor qah-qah eshitildi. O‘rinboy yalt etib o‘sha tarafga qaradi. E, tavba, odam ham shunaqa o‘xshash bo‘ladimi! Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, illyuminator yonida shundoqqina Lobarning o‘zi o‘tirardi! Qoshlari o‘shanday uzun, hatto labidagi xoli ham o‘shaning o‘zi. Faqat yuzi sutga chayib olganday oppoq. Tabiat ismli usta rassom ishqibozlikka asar yaratayotganda, avval Lobarni chizganu keyin undan aynan nusxa ko‘tarib, bunisini oqqa ko‘chirgan. Qiz yonidagi ikki sherigiga zo‘r berib bir narsalarni uqtirar, gap orasida boyagiday jarangdor ovoz bilan qah-qah urib qo‘yardi. O‘rinboy bu yigitlarga havasi keldi. Kiroyi kurortga borganga yarasha, yoningda mana shunday go‘zal, dilbar, dilkash hamrohing bo‘lsaykan!
Bular kimlar ekan? Hamsaboq talabalarmi? Yo, anavi qizning berigi biqinida, o‘rtadagi o‘rindiqda o‘tirgan kallasi katta, labi tirtiq, baqaloq yigit qizning qaylig‘imikin? Yo‘q, o‘libdimi, shunday chiroyli qiz shu pandavaqiga tegib? O‘rinboy umrida hech ko‘rmagan, tanimagan odamini o‘ylamay-netmay «pandavaqi»ga chiqarib qo‘yganiga dabdurustdan uyalib, ichida izza tortdi.
Qiz O‘rinboy tikilib turganini payqadi shekilli, shu tarafga muloyim bir nazar tashlagan edi, ularning ko‘zlari ko‘zlariga tushib, O‘rinboyning yurak choki shir etib so‘kilib ketdi. Yaxshiki, qiz nazarini darrov burib oldi, yo‘q esa O‘rinboy bechoraning holi nima kechardi?
O‘rinboy qiz tarafga qaramaslikka tirishib, yumshoq o‘rindiqqa suyanganicha ko‘zini yumdi-da, o‘zini boshqa xayollar bilan alahsitishga harakat qildi.
Dunyoning ishlari qiziq-da. Avval kuni ertalab ham kurortga borish uning xayolida yo‘q edi. Ishga keldi, sekretar xonasida navbatdagi sonning maketini bo‘lim mudirlari bilan boshqatdan qo‘rib, pishitib olishgach, matn yozish bo‘limida yem-xashak jamg‘arish oyligiga bag‘ishlangan bosh maqolasini aytib, yozdira boshladi. Maqola yarim ham bo‘lmagan ediki, muvaqqat redaktor kirib: «O‘rinboy Temirovich, ishingizni yig‘ishtirib, tez obkomga boring, moliya — xo‘jalik bo‘limining mudiri sizga ilhaq bo‘lib o‘tiribdi», dedi. U yerda qo‘liga mana shu yo‘llanmani topshirishdi. «E, o‘rtoqlar, o‘zim yaqindagina ishga tiklandim,orqa-oldimni yig‘ishtirib olay, menga hozir kurortga borishni kim qo‘yibdi», desa, «biz bunisini bilmaymiz, yo‘llanma Toshkentdan, ataylab sizning nomingizga kelgan, borishga majbursiz»,— deya koyib berishdi.
Shu bilan bosh maqolani chala qolgan joyidan apil-tapil davom ettirib, ustidan ko‘rmasdanoq sekretarga topshirdi, hisob-kitobini tugatdi-yu biletga yugurdi. Qulmatning maslahatiga ko‘ra dam olish uchun yaroqli ba’zi bir mayda-chuyda narsalar xarid qilishni ham unutmadi.
Kechqurun butun redaktsiya yig‘ilib, vokzalga uni quzatgani chiqdi. Perronda poyezd jo‘nashini kutib turishganida yana bir alomat hodisa ro‘y berdi: soqchilar Yusufali Hamroaliyev bilan uning hamtovoq sheriklarini shundoqqina O‘rinboylarning yonidan poyezdning oxiriga tirkalgan panjarali vagonga haydab o‘tishdi. «Do‘stingiz» ham sizga o‘xshab «kurort»ga ketyaptilar», deb tegishishdi kuzatgani chiqqan odamlar.