Fantastika – yozuvchining xayolot dunyosi ekanligini hamma biladi. Bu yozayotganlarimning esa aslo lof-qofi yo‘q. O‘sha voqealarni men qatori ko‘rganlar ancha-muncha topiladi…
Bir kino qahramoni boshqa davrga borib qolganini ko‘rgansiz-ku. Shunga o‘xshash g‘aroyib hodisa yuz berdi. Charx teskari aylandimi, boshqami, ishqilib, yoshligim o‘tgan davrga borib qolsam, deng.
Ko‘zimni ochsam, Qibray tuman gazetasi tahririyati eshigi oldida turibman… O‘sha bo‘yog‘i ko‘chgan eski darvoza, devorlari nuragan ikki qavatli bino, birinchi qavati bosmaxona, tepasi – tahririyat. O‘ydim-chuqur yo‘laklarga, bosmaxona direktorining ko‘kimtir “AZLK” rusumli eski mashinasiga boqaman. Mashina g‘ildiraklaridan birining dami chiqib ketganidan qiyshayib qolibdi. Egasi qayerga ketishidan qat’i nazar “yig‘ilishdaman” derdi. Yig‘ilish ustiga yig‘ilishning cheki ko‘rinmay yotgan zamonda bu gap xuddi aksioma (isbot talab qilinmaydigan gap)ga o‘xshardi.
Yig‘ilishlarda bot-bot takrorlanadigan gaplar ham yod bo‘lib ketgan: “diniy sarqitlarga qarshi kurashamiz”, “milliy biqiqlikka va milliy mahdudliklarga yo‘l qo‘ymaymiz”, “sovet turmush tarziga mos kelmaydigan urf-odatlarga barham beramiz”, “dohiy Lenin ko‘rsatgan yo‘ldan olg‘a” va hokazo safsatalar…
Yoshlik shuurimga muhrlanib qolgan shu ajib manzaralarni birma-bir kuzatarkanman, o‘sha davr gaplari ham quloqlarim ostida yana bir bor jaranglab ketgandek bo‘ldi…
Qaysi davrga kelib qolganimni ichkarida bildim. Sovuqdan etim junjikib, binoga kirsam, derazalariga turli ranglar bilan “Yangi – 1987 yilingiz muborak bo‘lsin!” deb yozib qo‘yishibdi. Demak, roppa-rosa o‘ttiz yil ortga qaytib qolibman…
Eshigi tepasiga “Muharrir qabulxonasi” deb yozilgan xonachada kotibamiz Gulbahor mashinkada chaq-chuq etkizib qo‘lyozmalarni oqqa ko‘chiryapti. Hozir ko‘zimga “almisoqdan qolgan matoh”dek ko‘ringan bu yozuv mashinkasi o‘sha davr uchun ajib mo‘jiza hisoblanardi!
Kotiba qizning ertalabdan-kechgacha qiladigan ishi shu: har bir xodimning ruchkada yozgan aji-buji qo‘lyozmalarini mashinkada ko‘chirib beradi. Muharrir chizib-bo‘yab tahrir qilgach, boshqatdan ko‘chirarkan, “tuzukroq yozsalaring bo‘lmaydimi?” deya xodimlardan noliydi. Koshki, bu gaplar biror muxbirga kor qilsa?! Qozonda bori cho‘michga chiqadi-da.
Kotiba bo‘yalgan maqolalarni qaytadan ko‘chirayotganida qanchalik jig‘ibiyron bo‘lishini ko‘rsangiz… Mashinkalangan yozuv top-toza bo‘lmasa, bosmaxonadagilar qabul qilmaydi. Linotip mashinasida harf teruvchi Katya opadan injiqroq odam bo‘lmasa kerak; birorta harf qalamda tuzatilgan yoki “marachka” (mashinkada harflar usta-ust yozilib, chaplangan) bo‘lsa, qaytaradi va qayta yozib berishni talab qiladi. Maqolalarni mashinkada bexato yozib bosmaxonaga o‘tkazguncha onadan emgan suting og‘zingga keladi…
Tahrirga hojat qolmaydigan darajada yoza oladigan odamni bu tahririyatdan topa olmaysiz. Yozgan taqdirida ham (aytaklik, men mukammal yozishga intilaman) injiq muharrir baribir u yer-bu yerini bo‘yaydi. O‘zini ko‘rsatish uchun ham atay shunday qiladi.
Bir gal uni bopladim. Nomini eshitganda yurak qalqib tushadigan bir rahbarning qishloq xo‘jaligiga oid nutqidan ko‘chirib, gazetaga mos keladigan maqolaga aylantirdim-da tagiga familiyamni yozib qo‘yib, kotiba orqali kiritib yubordim. Buni qarangki, muharrir uni (aynan nutqdan olingan jumlalarni) ham bo‘yab tashlabdi. “Letuchka”da ko‘z-ko‘z qilib, “Jurnalistika fakultetini tamomlab kelgan yosh kadrning ahvolini ko‘ring…” desa bo‘ladimi?!
Bunday payt o‘zimni bosishga ming urinmay, baribir “portlab” ketaman. O‘sha nutq chiqqan gazetani muharrirning oldiga tashladim-da, sinash uchun atay shunday qilganimni aytdim. Muharrir oqarib emas, ko‘karib ketdi… “Maqolam”ni g‘ijimlab uloqtirarkan, menga “siyosiy g‘o‘r, xavfli odam ekansiz”, deb o‘shqirdi. Noqulay holga tushganini sezdirmaslik uchun katta stolidagi qandaydir qog‘ozlarni titkiladi. So‘ng g‘alati tirjaygancha past tovushda shunday dedi: “Men ham o‘z usulim bilan sizni atay sinovdan o‘tkazdim…”
Shu-shu, u yozganlarimga qalam tekkizmaydigan bo‘ldi.
Yig‘ilishlarda ham bo‘lar-bo‘lmasga kamsitmaydi.
Biroq, zimdan boshqa harakatga tushganini keyinroq sezib qoldim. O‘ynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan, deganlaridek, ish vaqtida bir daqiqa ko‘rinmay qolsam “tushuntirish xati” yozadigan, ortidan “vigovor”, keyin kattaroq jazo oladigan bo‘ldim… Mukofot, ustama haq olishlardan tamomila mahrum etildim, “puf” desa ishdan uchib ketadigan darajasida “jar yoqasi”ga keltirib qo‘yildim…
Kunora chiqadigan gazeta materiallarini mashinkada ko‘chirishdan bo‘shamaydigan Gulbahor bilan gurunglashgim, tasalli bergim keldi. Vaqti kelib kompyuterlar paydo bo‘lishini, mualliflar maqolasini bosmaxonaga tayyor holida (ya’ni, elektron variantini) topshirishini, mashinistkaga ish qolmasligini aytib bersam bormi! Yo‘q, tasavvuriga ham sig‘dira olmasa kerak boyoqish…
Hozir kotibaning tepasida qaqqayib turgan tepakal kishi qog‘ozga ko‘z tikkancha matnni o‘qib (“diktovka” qilib) turibdi. Yozuvini tushunib bo‘lmaydigan darajada xunuk yozadiganlardan Gulbahor shundoq o‘qib turishini talab qilardi (boshqa iloji ham yo‘q-da).
Ularga yaqinlashib, razm solsam, radiomuxbirimiz Obodiy ekan. Tepakal boshining tevaragidagi bir tutam sochigacha oqarib ketganidan yoshi bir joyga borgani ko‘rinib turibdi. U tuman partiya tashkilotida o‘zini faol qilib ko‘rsatishni boplaydi. Tepada o‘tirganlarga ustalik bilan ta’zim bajo aylab, pastdagilarga g‘o‘ddayadigan “samimiy” odam. Maqolalarimni o‘zimga maqtab, majlislarda esa “loy chaplab” kattalarni, ayniqsa, muharririmizni qoyil qoldirishni o‘rniga qo‘yardi. Davralarda pand-nasihat qilgan bo‘lib, so‘ng, qulog‘imga pichirlab uzr so‘rashini tushunmasdim. “Sizni podderjka qilishni ham bilamiz, o‘sadigan odamsiz” derdi sekingina. Keyin fahmlashimcha, mabodo kelgusida raykomga ishga o‘tib qolsam, uning “podderjka”sini unutmasligim kerak… (Yangi asrda ko‘p narsa o‘zgargani, faqat, shunaqa kimsalar aslo o‘zgarmaganini ko‘rib goho yoqamni tutaman…)
Ularga xalal bermay ro‘paradagi qiya ochiq eshikdan mo‘raladim.
Xona to‘rida biz “dohiy” deb ko‘klarga ko‘targan Leninning gazeta o‘qib o‘tirgan ulkan surati. Bir yonida “Gazeta – kollektiv targ‘ibotchi, kollektiv tashviqotchigina emas, ayni paytda kollektiv tashkilotchi hamdir” degan shior yozilgan plakat, ikkinchi yonida qip-qizil bayroq. Maktabda ashula darsida: “Bu qizil bayroq, Lenin bayrog‘i. Ko‘taramiz biz, doim yuqori!” deya jo‘r bo‘lib qo‘shiq aytganimiz yodimga tushdi. Charx aylanishini qarangki, “dohiy”ning haykallari olib tashlangan kuni unga qo‘shilib o‘sha matohlari ham, shunaqa “qo‘shiq”lar ham daf bo‘lgan!..
O‘sha davr odamlariga “bir kuni “dohiy”ga qo‘shilib qizil bayrog‘i ham uloqtiriladi”, deb ko‘ring edi… Boshingiz baloga qolardi. Bunaqa gapni odamlar hatto eshitgani ham qo‘rqishardi…
Rutubatli xona ichini qandaydir rang (kraska) hidi tutgan. Eh-ha, bo‘yoqlari qotmagan gazetaning muattar bo‘yi! Ko‘p jurnalistlarning dimog‘iga “o‘tirib” qolgani uchun qadrli bo‘lib qolgan antiqa hidlar… Yoshlik xotiramga muhrlangan manzaralarni qaytadan ko‘rish naqadar maroqli edi. Tushimmi yo o‘ngim, deb o‘tiraman. Bunaqa voqealarni hatto tushda ko‘rsang ham bir olam zavq olasan.
Mo‘ralab turganganimni ko‘rmasdan katta stolda gazeta maketini chizayotgan kishini tanib, qiyqirib yubordim:
– Ey-y, Qo‘zivoy aka! O‘zingizmisiz! Assalomu alayku-um!
O‘rta bo‘yli, qorachadan kelgan chehrasi mayin kulib turadigan mas’ul kotibimiz boshini ko‘tardi. Nechundir yuzi tundroq. Yozuv-chizuv qilayotgan paytidagina taqadigan ko‘zoynagini qo‘liga olib, g‘alati qaradi. Kiring, degan ma’noda im qoqdi.
Jahli chiqqanidagina tirishadigan peshonasi battar taram-taram bo‘lganidan bildimki, qandaydir noxush gap aylangan. Odatiga ko‘ra, vazminlik bilan so‘rashgach, o‘tiring ishorasini qilarkan, menga bir zum termulib qoldi. So‘ng, bosiqlik bilan so‘radi:
– Tolibjonning akasimisiz?
– O‘xshaymanmi? – Hazillashgim kelib shunday dedim. – Yaxshilab qarang-chi…
– Ovora bo‘libsiz-da, – dedi Qo‘zivoy aka boshini sarak-sarak qilib. – Ukangiz Matbuot boshqarmasining Bekobodda o‘tkazilayotgan ko‘chma yig‘ilishiga ketgandi. G‘alvani o‘zimiz amallab tinchitdik…
– O‘zi nima gap? – Hayron bo‘lib so‘radim Qo‘zivoy akadan.
– Ukangizning ustidan yozishganini eshitib kelgandirsiz, deb o‘ylabman… Ilgarigi xat ham oxiri yaxshilik bilan tugagan, – dedi mas’ul kotibimiz gapni uzoqdan boshlab. – O‘shanda, bo‘ydoq bolaga kvartira berilmasligi kerak, deb rayispolkomga yozganida qancha g‘alva bo‘lgan. Bir yomonlikning bir yaxshiligi, deganlaridek, shu bahona ukangizning to‘yi tezlashib ketgandi. Mana, ajabtovur oila bo‘lib yashayapti. Bitta qizchali bo‘ldi! – Navbatdagi ig‘vogarlik haqida gap ochganida Qo‘zivoy akaning yuzi biroz tundlashdi. – Endi “Ulug‘ Lenin tilini uncha yaxshi bilmaydigan yosh jurnalist bo‘lim mudirligiga tayinlangani noto‘g‘ri bo‘ldi” deb raykomga (o‘sha davrdagi tuman partiya qo‘mitasining nomi) yozishibdi. Tolibjonning qalami o‘tkir-u, rus tiliga biroz no‘noqligi pand beryapti-da. Rus tilini bilmasdan hech kim ko‘karmaydi. Bugun kattalarga amallab tushuntirdik, baribir, o‘rganmasa bo‘lmaydi…
Daf’atan yodimga tushdi. Rosa xunob bo‘lgandim o‘shanda. Matbuot boshqarmasi boshlig‘ining tavsiyasi bilan bo‘lim mudiri bo‘lganim bosh muharrirga ham yoqmaganini sezgandim… Ustimdan yozgan ig‘vogar bu bilan muharrirga ham yaxshi ko‘rinishini bilgan. Keyinchalik o‘sha imzosiz xat “muallif”ini aniqlaganimda taxminim to‘g‘ri chiqqaniga qoyil qolgandim.
Qo‘zivoy akaning gaplari endi naqadar ibtidoiy yoki g‘irt cho‘pchakka o‘xshardi. Hozir ularni “razbor” qilib o‘tirishga hojat qolmagan. Endi “karta”ni ochsam bo‘ladi. Aziz ustozni, betakror yoshligim o‘tgan ajib damlarni qayta ko‘rayotganimdan yuragim hapqirib, qalbim buyurganini qildim. Quchoq ochgancha Qo‘zivoy aka tomon bir qadam tashladim:
– Turing ustoz, sizni bi-ir bag‘rimga bosay!
Ilkis harakatimdan hayron bo‘lgan mas’ul kotibimiz o‘rnidan qo‘zg‘oldi. Yosh xodimning akasini xafa qilib qo‘ydimmi, deb xijolat chekdi, shekilli. Savol nazari bilan yuzimga termuldi. Men hayajon ila ustozni bag‘rimga bosarkanman, ko‘zimga shashqator yoshlar quyildi. Bir dam nafasim bo‘g‘ilib, zo‘rg‘a o‘zimga keldim. So‘ng, u kishini joyiga o‘tirishga da’vat etdim. Yoniga stulni surib, bafurja o‘rnashib olgach, yotig‘i bilan tushuntirishga harakat qildim:
– Meni tanimadingiz-a? Tolib Erkinovning xuddi o‘ziman! Sizdan ko‘p yaxshiliklar ko‘rgan shogirdingizman!
Qo‘zivoy aka yuzimga razm soldi. Bu odam ichib olmaganmi, degan o‘yga bordi, shekilli, sekingina hidlab ko‘rdi. Yo‘q, hech kim mast-alast emas. So‘ng peshonasini tirishtirgancha boshini sarak-sarak qilarkan, e’tiroz bildirdi:
– Hozir hazil-huzulning paytimas…
– Hazillashayotganim yo‘q,– dedim ustozning yelkasiga qo‘l tashlab, tushuntirishga harakat qilarkanman. – Fantastik kitoblar o‘qigansiz-ku, tuvrimi? Ularning ba’zilari rost ekan. Men hozir 2017 yildan qaytib keldim! Xudoning karomati bilan roppa-rosa 30 yil oldingi hayotimni – yoshlik davrimni, sizdek aziz ustozlarni ko‘rib turibman!..
Qo‘zivoy akaning nafasi ichiga tushib ketdi. Nima voqealar sodir bo‘layotganini anglolmay, yelkasini qisgancha sham qotib turaverdi.
O‘rtaga sukunat cho‘ktirmasdan gapni davom ettirdim:
– Ishimizga oid xohlagan savolingizni berishingiz mumkin. Men Tolib Erkinov ekanligimga ishonch hosil qilasiz. Undan ko‘ra mendan ko‘rgan-kechirganlarimni so‘rang! Besh, o‘n, yigirma, o‘ttiz yildan keyin nima voqealar yuz berishini eshitsangiz, fantastik asarlar yo‘lda qolib ketadi!..
Bunaqa gaplar yetti uxlab tushiga kirmagan soddadil suhbatdoshim sham qotib turaverdi. Vazminlik odatiga ko‘ra ortiqcha so‘z aytmay, yana qisiq ko‘zlari battar qisilib, ovozi bo‘g‘ilib chiqdi:
– Tolib Erkinovman, deysizmi? Bekobodga borib-kelguncha shuncha o‘zgarib qoldingizmi? Semirib, sochlaringizga ham oq oralab qolibdi. U emassiz, desam, gaplaringiz o‘sha-o‘sha. Bunaqa fokusni ko‘rmagandim.
– Xudo xohlasa, fokus-mokuslardan ziyodrog‘ini ko‘rasiz, – dedim hayajon bilan. – Hayotga munosabatingiz tamomila o‘zgarib ketadi hali!
– Aljiramang, – dedi Qo‘zivoy aka rangi gezarib. – Redaktsiyada “xudo” so‘zini baralla aytyapsizmi? Shantaj qilayotganga o‘xshaysiz-a?! Undan ko‘ra, ustingizdan yozilgan o‘sha xatni biryoqlik qilaylik. Xafa bo‘lmang. Lenin tilini bilmaslik shunchalik aybmi, degan gapingiz chatoq bo‘lgan. Kep-kep raykomning zavotdeliga (bo‘lim mudiriga, demoqchi) shunaqa deysizmi? Redaktsiya xodimiga yarashmaydigan gap! Bunaqada sizni kompartiya safiga hecham qabul qilishmaydi. Kerak bo‘lsa, komsomoldan o‘chirishadi. Undan keyin redaktsiyada ishlashga haqqingiz bo‘lmaydi…
– Jon ustoz, gaplarimni eshiting, – dedim o‘zimni kulgidan zo‘rg‘a tiyib. – Kommunist, komsomol degan gaplar hademay chippakka chiqib, barham topadi! Gapni kattalar boshlab beradi, keyin odamlar sarob partiyasidan g‘ijinib yurishadi. O‘zbekistonimizda milliy partiyalar paydo bo‘ladi, ular faqat millatga, xalqqa xizmat qiladi!
Qo‘zivoy aka yana sapchib tushdi. Ko‘zoynagini qayta taqib yuzimga qaradi. Oq oralagan sochlarini kafti bilan silarkan, boshini sarak-sarak qilgancha, pichirladi:
– Sizga nima bo‘ldi, Tolibjon? Hazil ham evi bilan-da…
– Xay, siz hazil deb qabul qiling, – dedim uni tinchlantirishga urinib. – Faqat, bitta gapimni yaxshilab eshitib oling. Hozir moziyga qandoq qaytganimni tushuntira olmayman. Bizning zamonda taraqqiyot shunchalik tezlashyaptiki, hademay istalgan davrga qaytib borib keladigan mashinalar ishlab chiqilsa ajabmas. “Ivan Vasilevich kasbini o‘zgartiradi” degan filmni ko‘rgansiz-ku. Shurik ixtiro etgan vaqt mashinasi esingizdami? Shunaqa mo‘jiza yaratish hech gap bo‘lmay qoldi… Hay, u mashinani qo‘ya turaylik. Sizga yolg‘on, menga va Yaratgan egamga chin bo‘lgan…
– Iltimos, – dedi bo‘g‘ilib Qo‘zivoy aka. – “Xudo”, “egam” demang. Meni ham partiyadan o‘chirib, ishdan haydashini istayapsizmi?! Qiyin vaziyatga tushsangiz, sizni o‘zim qutqaraman, a, meni kim qutqaradi?
– Xo‘p, aytmaganim bo‘lsin, – dedim u davrning dahshatlarini bilganim uchun tilimni tiyishga harakat qilib. – Bu yog‘ini eshitsangiz, mazza qilasiz!
– Shoshmang, – dedi mas’ul kotibimiz so‘zimni bo‘lib. – Devorning ham qulog‘i bor…
Shu so‘zlarni aytayotib, o‘rnidan turdi, ortimdan aylanib o‘tib eshikni zichladi. Menga g‘alati tikildi. Mastmi, desa, ichmaganman! Qo‘l ostimdagi o‘sha xodimmi, desa, ancha o‘zgarib (ulg‘ayib!) qolganman. O‘ttiz yildan buyon qiyofam o‘zgargan bo‘lsa-da hovliqibroq gapirishim o‘sha-o‘sha. Kalovlanib qolgan Qo‘zivoy aka oxirigacha eshitishga qaror qilgani horg‘in chehrasidan ko‘rinib turardi. U sekin joyiga o‘rnashdi-da, qulog‘im sizda degan ma’noda qaradi. Hang-mang bo‘lib o‘tirgan ustozga yotig‘i bilan tushuntira boshladim:
– Aqlga sig‘dirib bo‘lmaydigan voqealarni ko‘rib kelyapman, ustoz! Hatto, ertaklarda ham bunaqasini eshitmagansiz…
– Nima gap? – Qoshlarini chimirdi Qo‘zivoy aka. – Tezroq aytsangiz yaxshi bo‘lardi. Raykomda bo‘lgan plenum (o‘sha davrdagi yig‘ilishning bir turi) materiallarini Obodiy o‘zbekchaga o‘giryapti. Vaqt ziqligi uchun birato‘la diktovka qilyapti. Tezroq bermasak, bosmaxonadagilar to‘polon qilishadi…
– Hademay tarjimaga hojat qolmaydi, – dedim ishonch bilan. – Yig‘ilishlar, majlislar o‘zbek tilida bo‘ladi! O‘zbekiston rahbaridan tortib raykomgacha, boshqa tashkilotlarning mutasaddilari ham faqat ona tilimizda ma’ruzalar qiladi! O‘zbek tili – davlat tili bo‘ladi! Bu borada alohida qonun ham qabul qilinadi!
Qo‘zivoy aka sapchib ketdi:
– Hay-hay, odamni qo‘rqitmang, – dedi duduqlanib. – Bu gapingizni eshitib qolishsa, ikkimizni ham millatchiga chiqarishadi-ku…
Suhbatdoshimni amallab tinchlantirib, davom etdim:
– Hozir siz eshitishga ham qo‘rqadigan gaplar 1991 yillarga borib oddiy voqelikka aylanadi! O‘sha yili 31 avgust kuni O‘zbekistonning davlat mustaqilligi e’lon qilinadi! Dunyo xaritasida O‘zbekiston deb atalmish mustaqil davlat paydo bo‘ladi! U mustahkam chegarasiga, milliy armiyasiga ega bo‘ladi! O‘zbekiston Respublikasi Moskvadan emas, Toshkentdan boshqariladi! U hech kimga qaram bo‘lmaydi! Mustaqil yurtimizni Prezident boshqaradi! O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotiga mustaqil davlat sifatida a’zo bo‘ladi! Respublikamiz rahbarlari AQShning Nyu-York shahriga emin-erkin borishib, BMT minbaridan nutq so‘zlaydilar! BMTning rahbari vaqti-vaqti bilan O‘zbekistonga kelib, tan beradi! Toshkentda deyarli hamma davlatning elchilari faoliyat ko‘rsatadi, o‘sha mamlakatlarda O‘zbekistonning elchixonalari bo‘ladi, shu tariqa milliy bayrog‘imiz dunyo uzra hilpirab turadi! O‘zbekiston rahbari AQSh, Rossiya, Xitoy va boshqa davlatlarning rahbarlari bilan teppa-teng maqomda gaplashadi!
– Haddingizdan oshib ketmayapsizmi? – Suhbatdoshimning ovozi titrabroq chiqdi. – Sal pastroq tushing…
– Xo‘p, ana, pastroqda biz o‘qigan Toshkent davlat universitetidan Leninning nomi o‘chirilib, buyuk bobomiz Mirzo Ulug‘bekning nomi beriladi va u O‘zbekiston Milliy universitetiga aylantiriladi! Toleimni qarangki, kamina hozir o‘sha dargohda dotsentman, fan nomzodiman! Ona tilimizga davlat maqomi berilganidan so‘ng ilmiy ishni bemalol o‘zbek tilida yozdik! Dissertatsiyamizni himoya qilish uchun begona shaharga bosh urib bormadik. Ona shahrimiz Toshkent ulkan ilmiy markazga aylandi! Jonajon poytaxtimizning o‘zida fan doktori, professor, akademik bo‘lishimiz mumkin! Xullas, oradan o‘n besh-yigirma yilcha o‘tib, yangi avlod voyaga yeta boshlaydi. O‘sha paytda talabalarimga mana shu siz bilan ko‘rib turgan davrimiz haqida aytsam, ishongilari kelmaydi… Nahotki, shunchalik qo‘rqinchli tuzum bo‘lgan?! Odamlar qanday dosh berganlar, deb so‘rashadi. Bizning davr yoshlarini hayratga solayotgan hodisalarni 1987 yilda yashayotganlar tasavvuriga sig‘dira olarmidi…
– Gaplaringiz xuddi afsonaga o‘xshaydi-ya, – dedi Qo‘zivoy aka.
– Xuddi shunday! Biz afsonalar ichra yashayapmiz!
– Afsonami yo safsata?
– Ishonmasangiz ham aytaveraman, – dedim hayajonimni bosolmay. Shunda aytish mumkin bo‘lmagan bir gap bexos og‘zimdan chiqib ketdi. – Ko‘rmasangiz ham eshiting…
Xayriyat, Qo‘zivoy aka gapimning ma’nosini uncha anglolmay qoldi. Yo‘qsa, “shu gaplar rost bo‘lib chiqsa, nega men uni ko‘rmas ekanman?! Yo meni o‘ladiga chiqarib qo‘ymoqchimisiz?” deb xafa bo‘lishi mumkin edi.
Shu lahzada bir mudhish hodisa yodimga tushib, yuragim shuv-v etdi. Unga bir haqiqatni ayta olsam koshki edi. Ming afsuski, hech qachon aytib bo‘lmaydigan haqiqat. Ya’ni, hozir menga tikilib turgan Qo‘zivoy aka ikki oydan keyin yurak xurujidan qazo qiladi, uni qishlog‘idagi qabristonga dafn etamiz…
Yarim yil o‘tmasdan Qahramon ismli hamkasbimizdan ajraymiz.
Gazetada bir xatolik uchun muharririmiz Hakimovga raykomdan vigovor e’lon qilinadi, buyam yetmagandek partbiletini yo‘qotib (aniqrog‘i, kabinetida o‘g‘irlatib) qo‘yadi va yuragini changallagancha qaytib ko‘zini ochmaydi…
Ko‘p o‘tmay Obodiyning qismati ham shundoq xotima topadi. O‘zi qulluq qilib yurgan raykom yig‘ilishida qattiq gap eshitib, miyasiga qon quyuladi…
Yarim yildan keyin “isyonkor” muxbir Sobirov sirli ravishda ko‘z yumadi…
Uning go‘ri sovimasdan ortidan bosmaxona direktori Oripovni so‘nggi manzilga kuzatamiz…
Jurnalistlar o‘zi kam-u, muncha ko‘p o‘lmasa?..
Tuman tahririyatidagi barmoq bilan sanarli xodimlar shu tariqa birin-ketin ketvorishsa-ya…
To‘g‘ri, Qahramondan boshqalari harqalay yoshini yashab, oshini oshaganlar, yetmishga yetmasa-da oltmishdan oshgandilar.
Qahramon esa o‘ttizga ham kirmagan edi… Otasi ikkinchi jahon urushida qahramonlik nishonini taqib qaytgach, o‘g‘liga shunday ism qo‘ygan…
Otasini omonsiz janglarda fashistlarning o‘qi yiqita olmagan. O‘g‘lini esa mustabid tuzum davri “desantchi”larining mafkuraviy o‘qi yiqitdi. O‘zbekistonda “paxta ishi”, “o‘zbek ishi” deya elimizni ayovsiz tahqirlayotgan zamonda jurnalistlarni majruh qilish uchun atay attestatsiya o‘tkazildi. Unda ochiqdan-ochiq nohaqlik qilishgach, sho‘rlik Qahramon yuragini changallab qolgan, shundan o‘ziga kelmagandi…
O‘sha attesstatsiyaga birga borgandik.
Navbati bilan nayzalar menga qaratilgandi.
Ularga bas kela olmasam-da, amallab chap berishning uddasidan chiqqandim. Nomardlarning kurakda turmaydigan savolini eshiting: “Bitta makkajo‘xorida nechta don bo‘ladi?” emish…
Aqli raso, nasli toza odam shunaqa savol berarmidi?..
O‘zimni ovsarlikka solib, bir qo‘lim bilan ikkinchi bilagimning belidan ushlab ko‘rsatdim: “makkajo‘xorining kattaligi mundoq bo‘lsa, mingtacha doni bo‘ladi, qishloqda atay sanab ko‘rganman” dedim.
To‘rda o‘tirishgan attesstatsiya komissiyasi rahbarlari kulishgani – taqdir tabassumiga yo‘l ochdi, shekilli, kaminani shartli ravishda o‘tkazdilar.
Taqdiri qismatni qarangki, o‘sha attestatsiyada g‘o‘ddayib o‘tirgan, jurnalistlarni qon qaqshatgan korchalonlar (partiya tashkilotlaridan turib matbuotga xo‘jayinlik qiladiganlar) ham ko‘p o‘tmay birin-ketin o‘tib ketganlarini ko‘rib yoqamni ushlaganman…
Ularning ortidan “qarg‘ish urdi” degan shivir-pichirlar bo‘lgani ham qulog‘imda qolgan…
Keyin, ancha paytgacha xayolimda bir fikr aylanib yurgan. O‘shanda umri poyoniga yetib qolgan ana shu kimsalar hademay o‘lishini bilgan taqdirlarida qandoq yo‘l tutishardi? Bir-birlarining dilini vayron qilishdan, yomon ishlardan loaqal o‘zlarini tiyisharmidi?.. Ayniqsa, ba’zi amal otiga minganlar o‘zini abadiy o‘sha mansabda muhrlanib qolaman, deb xomtama bo‘lsa kerak. Vaholanki, mansab tugul hayot ham omonat ekan-ku…
Tanish-bilishlaring birin-ketin ketavergach, xuddi navbat senga ham kelayotgandek tuyular ekan ba’zan. Shu bois, o‘sha savolni o‘zimga ham ko‘p bora berganman. Unga javoban tilimdan va qo‘limdan hech kim zarar ko‘rmaydigan insonga aylanishga intilaman… O‘lim haqligini tan olib yashash esa chin musulmonga xos fazilat ekanini eshitganman.
Shu tobda Qo‘zivoy akaga ana shu haqiqatni aytgim kelardi. Koshki edi, o‘sha (bo‘lajak marhum) hamkasblarni, hatto, attestatsiya o‘tkazgan kimsalarni to‘plab, shunday desam: hoy baraka topgurlar, yaxshi yashab qolishga ham ulguring, bir-biringizni ranjitmang, dilingizga aslo ozor bermang… deb har birining qismatini: qachon nimalar bo‘lishini dangal ayta olsam…
Ming afsuski, buning iloji yo‘q…
– Qulog‘im sizda,– dedi Qo‘zivoy aka xayolimni bo‘lib.– Qani, keyin nima bo‘lar ekan?..
Bashoratchiga o‘xshab gapimda davom etdim:
– Rayon – tuman, oblast – viloyat, posyolka – shaharcha deb ataladigan bo‘ladi. Kechirasiz, hozir rayonimizning nomini ayting-chi?..
– Orjonikidze rayoni ekanligini hamma biladi-ku.
– Men aytayotgan davr yoshlari mana shu so‘zingizga tushunmaydi! Ular bu yerni – Qibray tumani deb bilishadi. Orjonikidzening haykali o‘rniga…
– Hay-hay-hay. – Suhbatdoshimning ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketdi.– Har ne kelsa – tilimdan, deb yurmang tag‘in…
– Ey-y, Toshkentda Leninning haykali olib tashlanganida bu yerda Orjonikidzesiga balo bormi? Poytaxt shahrimizdagi Lenin maydoni – Mustaqillik maydoniga aylanadi! “Dohiy” haykalining o‘rnida go‘zal sayyoramiz globusini, uning bag‘rida hur O‘zbekistonimizni ko‘rasiz! Maydon boshida baxt-iqbol timsoli bo‘lgan ezgulik arkasi, buyuk ona haykali qad rostlaydi. Bu maydonda odamlar yayrab dam oladigan so‘lim bog‘ barpo etiladi! Undan beriroqdagi Karl Marksning katta kallasidan iborat byusti o‘rnida Amir Temurning ot ustida o‘tirgan mahobatli haykali o‘rnatiladi. O‘sha bog‘ – Amir Temur xiyoboni deb ataladi! Toshkentdan taralgan nur butun mamlakatni munavvar qiladi, Qibray tumani markazida o‘zganing haykali emas, mustaqillik monumenti qad rostlaydi!
Qo‘zivoy aka ko‘rsatkich barmog‘ini labiga bosdi:
– Chush-sh. Muharririmiz Hakimovning yuragi yomon bo‘lib qoladi…
– Mustaqil O‘zbekistonda hech kim muharrirlikni talashmaydi. Xohlagan kishi yangi gazeta tashkil qilishi mumkin. Matbuot erkinligi, so‘z erkinligi jurnalistlarning jonini kirgizadi. Televideniyeni ham aytaymi? Hozirgidek ikki-uchta kanal bilan cheklanib qolmaydi. O‘zbekistonning viloyatlari bilan qo‘shib hisoblaganda ellikka yaqin telekanallari va radiokanallari kecha-yu kunduz efirga ko‘rsatuv va eshittirishlar uzatib turadi. Teleko‘rsatuvlarimizni Amerikagacha butun dunyo ko‘rib hayratga tushadi! Yana kompyuterlar paydo bo‘ladi!
– U nima degani? – Peshonasi tirishdi Qo‘zivoy akaning.
– Mashinkadan tortib butun bosmaxonaning deyarli hamma ishini o‘zi osongina bajaradigan texnologiya! Yozayotgan matnlaringizni ekran orqali bemalol kuzatib, xatolarini birato‘la tuzatib ketaverasiz. Qo‘rg‘oshinni eritib, linotipda matritsa tayyorlash, suratlarni kleshche qildirish kabi katta hajmdagi ishlarni bitta kompyuter orqali yuz chandon tez, soz va sifatli bajarasiz. Har bir muallif maqolasini birato‘la bosmaxonaga tayyor holida topshirishi mumkin. Siz bunaqa maket chizib o‘tirmaysiz, kompyuterda birato‘la sahifalab, suratlar joylab qo‘yaverasiz.
– G‘aroyib-ku, – dedi Qo‘zivoy aka bosh chayqab. – Aqlga sig‘maydigan gap…
– Bunisi hali holva, – dedim hayajon bilan. – Andijon va Samarqandda zamonaviy mashina zavodlari bunyod etiladi! “Neksiya”, “Tiko”, “Damas”, “Matiz”, “Lassetti” kabi turli rusumdagi yengil mashina va “O‘zotoyo‘l” degan mikroavtobuslar to‘lib ketadi! Ko‘chalarimizga yengil mashinalarimiz sig‘may ketadi!
Ming kommunist bo‘lmasin, shu tobda suhbatdoshimning lablari unsiz pichirlaganini angladim. Chamasi, u kishi ham chin dildan “xudo xohlasa!” derdi!
Gapimni hayajon ila davom ettirdim:
– …Hozir bu gaplar qo‘l yetmas orzudek tuyulyapti, ajoyib tushga o‘xshayapti, to‘g‘rimi? U davrda esa siz ko‘rib turgan kunlar qo‘rqinchli tushga aylanadi…
– O‘zbekistonni dunyo taniydi, deng. Fantastik asar yozsangiz bo‘larkan, – dedi kutilmaganda Qo‘zivoy aka boshini ilkis ko‘targancha qandaydir falokatning oldini olishga urinib. – Hammasi xayoliy gaplar-a?
Bu gapga javob ortimdan eshitildi.
Eshikdan mo‘ralab turgan Obodiyni chalg‘itish uchun suhbatdoshim atay shunday degan ekan. Teskari qarab o‘tirganim bois u kishini ko‘rmay qolibman… Chamasi, eshik ortida ancha gaplarimni eshitganga o‘xshaydi. Xonaga bostirib kirarkan, uning luqmasi qiziq bo‘ldi:
– Aslida fanat bolaning loflari! Shu gaplarni endi raykomda ham aytib berasiz, hi-hi-hi…
U bugun raykomning ideologiya bo‘limiga yetkazishga arzigulik gap topilganiga o‘zida yo‘q xursand edi. Bu unga qanchalik katta “ochko” olib kelishini bilib, masrur turardi.
Obodiy tilida bo‘lmasa-da dilida aytgan gapini ham angladim: “keyin momongizni ko‘rasiz…”
. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .
Gangib qoldim…
Obodiyning tovushi juda uzoqlardan eshitilgandek bo‘ldi.
Bunaqa tahlikali tovushlar chindan ham olis-olislarda qolib ketganiga shukr qildim…
Aslida, hozirgi oltmish yosh nari-berisida yurganlarning katta baxti – ikkita asr voqealarini, mustabid tuzum dahshatlari-yu yurt mustaqilligi ne’matlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rganliklaridadir. Yigirma birinchi asr avlodlarining undan-da ulkanroq baxti – o‘sha biz ko‘rgan qora kunlarni ko‘rmagani va butun umrlari faqat charog‘on zamonga to‘g‘ri kelganidadir. Ular dunyoviy bilimlar, xalqaro tillar, zamonaviy texnologiyalarni mukammal bilgan holda eng rivojlangan davlatlardagi zamondoshlari bilan bo‘ylashib yashaydilar!
Hozir o‘z zamonamga qay tarzda qaytib kelganimni anglay olmay qoldim. Tush ko‘rdimmi yoki…
Shaxsiy ijodxonamda kompyuterimga termulib o‘tirarkanman, shirin xayollar aslo tark etmasdi!..
Xayolan bo‘lsa-da, bir daf’a borib kelgan davrim haqida xayol surish nechundir maroqli edi!
Agar shu voqealar chindan yuz bergan bo‘lsa, Qo‘zivoy akaning yuragi bekorga yomon bo‘lib qolmagandir, degan o‘y kechdi ko‘nglimdan…
Bir paytlar ustimdan yozilgan “yumaloq xat”larga jig‘ibiyron bo‘lib yurgan kezlarim kelajakdan bir mehmon kelib, o‘sha gaplarni menga aytib berganida nima bo‘lardi? Balki, shu zahoti yuragim tars yorilib ketarmidi…
Xo‘sh, hozir shunday mo‘jiza yuz bersa-chi?
Aytaylik, bir odam “2047 yildan o‘ttiz yil ortga qaytib keldim”, desa qandoq qabul qilardim?
U “O‘zbekistonda har bir kishining shaxsiy vertolyoti bor, siz o‘zga sayyorada ham uy qurasiz”, desa dovdirab qolmasmidim?
Yo‘q, endi bizni hech kim dovdirata olmaydi!
Axir, so‘nggi o‘ttiz yil ichida hayotimizda shunchalik o‘zgarishlar yuz berdi-ku! Uni o‘tgan asr odami aqliga ham sig‘dira olmasligi aniq edi! Demak, taraqqiyot deganlari shunchalik shiddat bilan ketayotgan ekan, biz ham kelajakdan qaytib kelgan odamning gapiga shubha qilmasak bo‘laveradi… Hech bo‘lmaganda yaxshi niyat sifatida qabul qilamiz.
Bir mashhur qiziqchimiz “XXI asr – o‘zbeklar asri bo‘ladi!” deganida yuz bora haq ekan!
O‘z zaminini zabt etganlarga o‘zga sayyoradan uy qurish nima bo‘pti!..
«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 1-son