To‘xtamurod Rustam. Pifagor teoremasi (hikoya)

Hammasi mana shu sho‘rtumshuqdan chiqdi. Iboddan.

Dog‘-dug‘i, maza-masallig‘i — barcha-barchasi soz, do‘stu dushmanning ishtahasini qitiqlagancha bir chiroyli dimlanib turgan maslahatli oshga nuqul birov aytsa-aytmasa burnini tiqib, itgayam solib bo‘lmaydigan qilavergach, sho‘rtumshuq bo‘lmay kim bo‘lsin axir bu Ibod afandim?!

Mana, bu safar ham xuddi shundoq bo‘ldi: juda unaqa behishtnikidek emasa-da, har qalay og‘izga olishga yaraydigan ovqatga hali dam yemasidan Ibod tumshug‘ini suqdiyu…

Yo‘qsa tinchgina o‘tib ketishayotgan edi-ya. Manavi bozoring singur qovoqxonani ziyorat qilish xayollarida ham yo‘q, kayfiyatlari ham ko‘ngilxushlik tusaydigan darajada emas — xufton; hazilmi, axir, naqd davlat imtihoni turibdi-ya quchoq ochib kutib, porloq 2000 yilda ham, kelgusi besh yillikda ham, hech bo‘lmasa indinga ham emas, ertaga; yuqoridagiga o‘xshash hu zulmatli 1913 yilni yodga soluvchi tushunchalar («qovoqxona», «ziyorat»…)ga sig‘inish esa hech qachon yaxshilikka olib kelmagan, ha; tongdan shomga qadar hatto itlar ham: «Ertaga — imtihon», deb akillayotgandek tuyulayotgan bundayin kunda-ku asti qo‘yaverasiz, yo‘lingni mushuk kesib o‘tishi bir chekkada tursin, tirikchilik g‘amida pirr etgan chumchuqqa ham shirr etaverganidan keyin yurak, bu boshog‘riq kun ta’rifiga bo‘lak izohning hojati bo‘lmasa kerak, so‘ng kim ham buni izohlardi, kimning holiyu toqati bor ekan bunga, axir ertaga imtihon-ku, imtihon-a ertaga; bu ertaning eshik qoqishiga ham hm… hozir o‘n to‘qqizu ellik to‘rt, demak, bir, ikki, uch… u-u, hech qancha qolmabdi-ku!..

Jimgina, bir yaxshi ketishayotgan edi-ya, uning dilida hatto: «Xayriyat-e, jilla qursa kunning nihoyasini o‘zim istagandek o‘tkazadigan bo‘ldim-a», degan umid ham uchqunlovdi. Shunaqa olamshumul, amalga oshishi mushkul narsani istagan ekan-da u: ilk marta, yana o‘z ixtiyori bilan ikki soat, atigi ikki soatni kuni kecha, shunda ham dadajonisining o‘sha ruh bag‘ishlovchi va’dasidan so‘ng, oila a’zolari ko‘magida izlab topilgan muqovasini sichqon kemirgan darslik ustida o‘tkazishni…

Maktabdan chiqib, odatdagidek, ilma-teshik taxta devor bilan panalangan «og‘irkarvon» qurilishni kesib o‘tuvchi qisqa yo‘ldan yurishdi. Shundoqqina qurilishga kelib tutashgan tashlandiq non do‘konini aylanib o‘tib, odatdagidek suvi qaynagan choynak misol g‘uvillayotgan katta, serqatnov ko‘chaga burilishgan ediki, ko‘zlari kema shaklida qurilgan haybatli bino bilan «kema» tumshug‘idagi tilla halda bitilgan, yiltirab nigohni olayotgan «Malikai Qurbaqa» degan tanish yozuvga tushdi. «Kema» odatdagidek gavjum, yuqoridagi rango-rang bayroqchalar bilan bezatilgan keng sahnga olib chiquvchi charxpalak zinalarda odam qaynamoqda edi. Musiqani ham bor bo‘yi varanglatib qo‘yishibdi, ko‘chaga endi burilishganida bazo‘r chalinayotgan edi quloqlariga, «kema»ga yaqinlashganlari sayin kuchayib, ko‘chaning kar qiluvchi «g‘uv-g‘uv»ini ham yamlab yubordi-ku hatto.

Mana, yaqinlashib ham qolishdi ulkan «kema» ostonasiga ular, atigi bir necha odim va uzoqlasha boshlashadi undan, uzoqlashganlari sayin musiqa sadosi ham pastlab boradi o‘z-o‘zidan, pastlab, pastlab oxiri so‘nadi-da, olam uzra hokimlik yana o‘sha bema’no «g‘uv-g‘uv» changaliga o‘tadi… Hozir… hozir… mana, u o‘tdi charxpalak zinalar qoshidan go‘yoki beparvo, o‘z xayollari bilan band; maktabdan chiqqanlaridan beri yonida boshini ham qilgancha churq etmay kelayotgan Sevara uning Sevarasi ham o‘tdi; ammamning buzog‘idek hammadan keyinda sudralib kelayotgan Ibodni imlab chaqirgancha ularning ketidan tez-tez qadam tashlayotgan Shahnoza ham oshdi bu ko‘z ilg‘amas sarhaddan; bitta o‘sha mazasini tatib ko‘rilmagan ovqat qidiribmi, yoki bir-biriga zarpechakdek chirmashib ketgan yuqoridagi past-baland qoralarga suqi kelibmi, ortda qolgan Ibod, ha, o‘sha tumshug‘ingni yel uchirgurgina qoldi. Hozir, hozir u ham…

— Qayoqqa?

Hatto musiqani ham bir lahza garang qilgan bu qichqiriqdan sakrab tushdi u. Ortiga o‘girildi: Ibod, bo‘lak kim ham bo‘lardi. Chopibdilar oyoqlarini qo‘llariga olib, tillari yerga tegay-tegay deb osilib qolibdi.

— Ha, qayoqqa? — deya takrorladi Ibod harsillab.

— Qayoqqa ekan?! — dedi zarda bilan u. — Bilmadik! Siz yuragingizni sug‘urib, oldinga o‘tib yo‘limizni yoritarmikansiz, deb ketayotuvdik o‘zi!

— E, qo‘ysang-chi, To‘lqin! Bo‘ldi-da, yetar endi shuncha motam tutganimiz. O‘ylab ko‘r o‘zing. Uyga borganimizdan foyda yo‘q-ku baribir, nimayam kirardi kallaga shu tobda? Yaxshisi, birpas o‘tirib, charchoqni yozib…

Voy, qanaqa odam o‘zi bu, birov o‘laman desa, kulaman deydi-ya! Yurakka qil sig‘may turibdi-ku, qanaqa xursandchilik to‘g‘risida gap bo‘lishi mumkin?!

— Viy, rostdanam, nima qilamiz hozir uyda? Muzqaymoq yeb, muzika eshitib, ozgina dam olib keta qolaylik. Hech bo‘lmasa anovi kinoning hissasi chiqadiku. A? Bolalar!..

O‘-o‘, buni u Shahnozadan ho‘v Ibod gapga og‘iz juftlagan chog‘dayoq kutgan edi. Bo‘lmasa-chi, kimsan — Ibod afandim o‘rtaga taklif kiritarkanlar-u, Shahnozaxon og‘izlariga mum solib, jim tursinlar ekanmi? Hammadan burun bu taklifga u kishi ovoz bermay, kim ovoz bersin tag‘in?! Xayriyatki, Niagara sharsharasimi yo Gxo‘r botig‘imi duch kelmadi yo‘llarida. Aks holda, Ibod afandim so‘zsiz: «Kelinglar, tashlaymiz o‘zimizni pastga», degan taklif kiritgan bo‘lardilar va shu zahotiyoq, o‘ylab ham o‘tirmay: «Viy, rostdanam! Qanday yaxshi-ya!», deya sakrardilar bu jahannamga Shahnozaxon. Chunki, biladilar: qanot bog‘lab uchib keladi baribir orqalaridan Ibod afandim, havoda ilib oladi va ular ikkovlon parvoz etishadi osmonu falakka, bulutlar bag‘rini sitib jilva qilayotgan oftob tomonga; birgalik hamda parvoz zavqidan mastu mustag‘riq, qanotlar issiqqa notob saqich bilan biriktirilganini ham, bu to‘g‘rida ogohlantiruvchi mashhur afsonani ham unutishadi…

— To‘lqin, nega jimib qolding? Gapirsang-chi, nimaga kelishdik? Sevar, o‘zing ayt?

Uch juft nigoh boshini bir tarafga xiyol solintirgancha jim yer chizib turgan Sevaraga qadaldi. Nechog‘lik umid, nechog‘lik ishonch bilan tikildi unga To‘lqin — tilga o‘ng‘ayroq biror ibora topish mushkul buning ta’rifiga! Albatta, albatta uni yoqlaydi-da Sevar, «O‘ylab gapiryapsanlarmi shuni? Yo‘q, uyga ketamiz, imtihonga tayyorlanish kerak hali», deydi biror kim yoki biror narsadan norozi bo‘lgan paytlaridagi kabi chiroyli chimirilib; aynan shunday demasa-da, shunga yaqinroq gap qiladi, lekin chimirilishi aniq — faqat unga, uning timqora ko‘zlarigagina mos qalin qoshlarini kamon kabi tortib, sutga chayilgandek oppoq chehrasiga zeb bo‘lib tushgan ingichka lablarini xiyol cho‘chchaytirib… Bo‘lakcha bo‘lishi mumkin ham emas! O‘zidan ham yaxshi biladi-ku To‘lqin Sevarani — uni so‘zsiz tushunuvchi dunyodagi yagona odamni! Shunday ekan, hammasi Sevar aytgandek bo‘ladi, ha, ha, faqat Sevar istagandek!.. Ibod kim bo‘libdi, Shahnoza kim bo‘lib qolibdiki juda, ularning gaplariyu tumshuqlaridek bemaza takliflariga quloq solib?.. Mana, Sevar… Sevar…

— Menga baribir… Mayli, roziman.

— Viy-y, Sevar!—dedi Shahnoza chapak chalib. — Qanday yaxshisan-a!

— Ura!—deya g‘o‘ldirab irg‘ishladi ko‘kka Ibod ham. — Olg‘a, inson qulochi yetmagan sohillar sari!..

Xayollari chalkashib, Sevaraga angrayib qaragancha xuddi bo‘yniga arqon solib sudrashgandek ergashdi ularning ketidan To‘lqin. Charxpalak zinalardan yuqoriga qanday ko‘tarilishganini ham, o‘zlarining baxtga qarshi bo‘sh turgan burchakdagi o‘sha doimiy joylariga qanday borib o‘tirishganini ham bilmaydi. Fikri ravshan tortib, qulog‘i atrof g‘ala-g‘ovurini farqlay boshlaganida Ibod Shahnozaga ro‘parasida hadeb bir balolarni chug‘urlar, Shahnoza bundan Ibodning pinjiga kirib ketgudek engashib piqir-piqir kular, shundoq yonginasida esa yuqoridagi suhbatga miyig‘ida jilmaygancha taqsimchadagi muzqaymog‘ini cho‘qilab Sevara o‘tirardi.

— To‘lqin, o‘zing aytsang-chi bunga, — deb qoldi Ibod xuddi uning o‘ziga kelishini poylab turgandek. — Sira ishontirolmayapman buni ho‘v uzoq yili kolxozga yordamlashgani borib, bitta eshakdek xo‘tikning jinnisini chiqarganimizga. Esingdami? Eh, qiziq bo‘lgandi-a rosayam!..

Uh, bu Ibod, Ibod!.. Endi esiga tushdi: kunning harom bo‘lishiga ham asl sababchi shu ekan, ha, xuddi mana shu Ibod! Axir yo‘lni maktabga burish fikri aynan undan chiqqan edi-ku? To‘g‘ri, boshda erish tuyulmagan edi unga bu taklif sira ham, aksincha, yoqib tushuvdi hatto, Ibodning topqirligiga tahsinlar o‘qigandek ham bo‘luvdi ichida: «Miyangga qoyilman!», deb. Ahmoq bo‘lmasa… Demak, asl ahmoq uning o‘zi ekan-da? Asl ahmoq o‘zi bo‘lgach, hozir mana bunaqangi qovoq-tumshug‘i osilib o‘tirishiga ham… Yo‘g‘-e, unchalik emasdir-ov. Mana, o‘zingizga havola: shanba emasmi, kichikdan kattagacha — hamma uyda, yakshanbada imtihon ekanligi ham, imtihon arafasi muallimlar odatdagidek «maslahat oshi» o‘tkazishlari ham ma’lum barchasiga, baribir qo‘yishmaydi uyda bemalol oyoqni uzatib cho‘zilib yotishingga, ming: «O‘qiyman, tayyorlanaman», deya qasam ichgan taqdiringda ham baribir haydashadi: «Maktabni tartibi o‘yinchoq bo‘libdimi senga», deb, shu bois kelishishgan edi o‘tgan kuni «Malikai Qurbaqa»da, aynan mana shu stol atrofida shanba ertalab to‘rtovlon bir yerga yig‘ilishga, tayinki, maktabga borib boshni og‘ritish uchun emas, albatta; lekin peshonalariga shunday qismat yozib qo‘yilganligini kim sezibdi, deysiz?! «Baqahovuz»da ketayotgan yangi hind filmiga olib tushishning va’dasini Ibod qilgan edi o‘sha kuni, u ham kelib-kelib tushdan keyingi tomoshaga olibdi pattani, nima qilarlarini bilmay garangsirab qolishdi. Soat endi o‘n yarim, bir dunyo vaqt bor hali tomosha boshlanishiga. Biror joyga kirib o‘tira turaylik, deyishsa aksiga olib hammayoq yopiq, tushga yaqin ochiladi muzqaymoqxonalar ham. «Balki borganimiz durustdir-a maktabga? — deb qoldi tuyqus Ibod. — Vaqtniyam o‘tkazardik, keyin anavi ibn Xitobning ko‘ziga yaxshi ko‘ringanimiz ham qolardi. Mana ko‘rasanlar, to‘rttalamizdan bo‘lak hech kim kelmaydi, tushdan keyingi tomoshaga olmagandir hamma biletni… Yaxshi bo‘ladi o‘zimizga ertaga imtihonda».

Boshqalar nimani o‘ylashdi — bilmaydi-yu, lekin To‘lqinning yodiga shu tobda lop etib dadajonisining tunov kuni bergan va’dasi tushdi: «Agar shu yilgi imtihonlarda yerga qaratmasang yuzimni… O‘sha orzuim ushaldi, deb hisoblayvergin!..»

Shu kuni oiladagi kattayu kichik oyoqqa turg‘azildi, vannaxona, qaznoq, oshxona, karavotu xontaxtalarning tagi ilma-teshik qilinib, sirtini ikki enli chang qoplagan, sahifalariga suvaraklar «dastxat» qo‘yib tashlagan darsliklarning barchasi jamlandi. Hazilmi axir, ilk daf’a qo‘l uzatsa yetgudek joyda turibdi To‘lqin o‘zining qitmir orzusidan. Hech bo‘lmasa shu safar «taklif» etishmasa bas muallimlar dadasini maktabga va qarabsizki, yilt yangi, moyi artilmagan mototsikl gijinglab turibdi-da uning tagida! Buning uchun esa… ha, o‘sha — o‘qish, tayyorlanish… Koshki, bir martadayoq miyangga yopishib, o‘rnashib qolsa ekan o‘qiganing. Salkam bir soat o‘zini majburladi kecha, uch yarim sahifalik bobni o‘qib tushirdi, xo‘sh, miyasida nima qoldi? Qaysi kitobni o‘qigani ham yodida yo‘q-ku hozir. Lekin Ibodning gapida jon bor-ov. Kim bilsin, ertaga imtihon savoliga miq etolmasa-da, «maslahat oshi»da qatnashganiga himmat ko‘rsatib, bahoni unga salgina oshirib qo‘ysa ibn Xitob? A? Tavakkal-da!..

Borishdi. O‘-ho‘! «To‘rttalamizdan bo‘lak hech kim…» emish! Qayoqda. Tumonat odam. Hoynahoy ular ham: «O‘zimizdan bo‘lak hech kim…», deya xayol qilishgan-da, ibn Xitobning marhamatini band etishni o‘ylashgan. Ha, chilparchin bo‘ldi so‘nggi umidi ham. Lekin na iloj, ortga yo‘l yo‘q endi, allaqachon to‘sgan uni jamoat jam bo‘lgani hamon mushti bilan og‘zini bekitgancha «o‘ho‘‑o‘ho‘» qilib, sinfga kirib kelgan ibn Xitob, to‘sib, boshlab yuborgan tergovni, ha, ha, tergovni, zero, bo‘lak so‘z topish mushkul bu munofiqlik ta’rifiga! Nima emish, sog‘inib qolganmishlar ularni shuncha kundan beri ko‘rmay, ovozlarini eshitmay, qo‘msaganmishlar ularning biri-biridan burro javoblarini, yana ularning o‘ylashicha, o‘tgan bir hafta vaqt yetarli emish butun boshli qomusni yodaki qilishga ham, lekin bugun ular o‘ng yonlari bilan turganmishlar uyqudan, shu bois bitta, bor-yo‘g‘i bittadan savol berarmishlar ularning har biriga, kimki javob bersa… Bitta imtihon bo‘lsa shunchalik bo‘lar-da, e! Koshki biror inson qoyillatib tashlagan bo‘lsa javobni shu «bor-yo‘g‘i bitta» savolga ham. Mana, nihoyat o‘tib-o‘tib To‘lqinga ham yetib keldi tergov navbati.

— Qani, bir Pifagor teoremasini ta’riflab yuboring-chi, — dedi ibn Xitob ikki qo‘lini qorni uzra qovushtirgancha kursida yastanib.

— Hm, tushunarli… Hanuz o‘sha-o‘sha, hech bir o‘sish yo‘q. «Ishqi yo‘q eshak — dardi yo‘q…» Jim! Nima kulgi! Boshqalarga ham taalluqli bu gap. O‘sha Pifagor ham senlarga o‘xshagan odam bo‘lgandir axir. Mayli, u o‘ylab topibdi-ku, nahot shu ikki qator narsani birbiriga urishtirib aytib berish o‘limdek qiyin bo‘lsa? Hozir darslik opkelib tarqataman, kimki o‘qib javob bersa — yo‘li ochiq, — dediyu eshikni ustlaridan qulflab, chiqdi-ketdi ibn Xitob.

Shundan so‘ng nimalar sodir bo‘ldi sinfda — buni tasvirlash uchun kamida hind kinochilariga xos iqtidor lozim. Ushbu betakror, ajabtovur tomoshada eng ko‘p olqishga loyiq rolni o‘ynagan shu Ibod bo‘lsa kerag-ov. Oh, uning ming mashaqqat ila topilgan, endilikda kuyishi aniq pattalarni tavof etib, to‘kkan ko‘zyoshlari! Mana, endilikda shu odam xuddi hech narsa bo‘lmagandek, og‘zi qulog‘ida iljayib, hiringlatib o‘tiribdi qarshisidagilarni. Qoyil-e!.. Hozirgina og‘zini to‘ldirib bir balolarni valdirayotgan edi-ya, nogoh ovozini o‘chirdi-da, tikkaga tikilgancha haykaldek qotdi. Shahnoza ham sergaklandi. Sevara o‘tirgan joyida orqasiga o‘girildi. Orqa o‘girib o‘tirgan esa-da, sezdi To‘lqin: oq ko‘ylak, kapalaknusxa bo‘yinbog‘li qo‘ng‘izmo‘ylov yigit paydo bo‘lgan davrada, hozir u: «G‘oyib She’rxon hamda «Taka-tum» gruppasi!», deya e’lon qiladi tantanavor va butun kemani quloqni kar qiluvchi bo‘g‘iq musiqa sadosi qoplaydi, zum o‘tmay bu musiqaga eshikning g‘iyqillashiga o‘xshash hirqiroq ovoz ham jo‘r bo‘ladi:

Tun… Tun… Tun… Tun
Ohista qo‘ndi bizning hobgohga, he-e-ey!

— He-e-e-ey!!! — deya oyoqqa qalqib qo‘shildi G‘oyib She’rxonga butun «kema», bir-birining yelkasiga qo‘lini tashlagancha turgan yerida to‘lqindek chayqalar ekan.

Ibod, Shahnoz, Sevar ham baravariga qo‘zg‘alishdi o‘rinlaridan, tumshug‘ini stolga tiragancha beparvo o‘tirgan To‘lqinga angrayib qarashdi.

— Senga nima bo‘ldi? — dedi Ibod ko‘zlari g‘alati olayib.

— Nima bo‘pti? — deya jahl bilan boshini ko‘tardi To‘lqin uning savolidan ensasi qotib.

— O‘zing aytuvding-ku, G‘oyibni «buyuklarning buyugi», deb…

— Qachon? Qayerda?

To‘lqinning gap ohangidan o‘zini yo‘qotdi Ibod.

— Q-qachon bo‘lardi… — dedi duduqlanib. — O‘-o‘tgan kuni-chi, x-xuddi mana shu joyda-da.

O‘tgan kuni?! To‘nka-ey! O‘tgan kuni aytgan bo‘lsa — aytgandir, balki chindan ham buyuk bo‘lgandir o‘sha kuni G‘oyib. Lekin bugunga kelib o‘zgardi-ku vaziyat, Pifagor egalladi-ku buyuklik mehrobini o‘sha o‘zining teoremasi bilan. Haqiqatan ham, juda g‘alati-da, o‘zlarinikidek ko‘z, quloq, burunli odam bir peshonasini tirishtirishda o‘ylab tashlagan narsani ular shuncha o‘qib ham yodaki qila olishmasa. Faqat buyuklarning buyugigagina xos-ku bu!.. Kim bilsin, ertaga imtihonda bitta bo‘lsayam savolga javob berib, hech bo‘lmasa «uch»ga ilinsa, shunday buyuklik tojini To‘lqinning o‘zi kiyarmidi… Ha, nima, qo‘lidan kelmas ekanmi? To‘g‘ri burchakli uchburchak… haligi,.. ha, gipotenuzasining kvadrati haligi… hah, oting qursin, nima edi… Ishqilib-da. Mana, marhamat, yarmi bo‘lsayam qolgan yodida. Agar manavi jinbazmga kirmay, uyga borib tayyorlanganida… O‘h-o‘!.. Eh-h, hammasiga, hammasiga mana shu… Iy-e, qani Ibod? Shahnoza ham ko‘rinmaydiku? Qay go‘rga g‘oyib bo‘lishdi ular bir zumda?

To‘lqin xayoli chuvalashib, atrofga alangladi. Shunaqasiyam bo‘larkan-da, a, hozirgina turishuvdi-ku ikkalasiyam qarshisi… Eh, ha, mana qayerda ekan ular! Balli, balli. Tushinglar, tushib qolinglar-a o‘yinga bearmon! Ha, sakranglar, sakranglar! Ko‘ramiz, ertaga imtihonda ham shunaqa dikirlarmikinsizlar ibn Xitob sozini qo‘liga olganda. Ko‘ramiz, qanaqa…

— To‘lqin… — degan past ovoz bo‘ldi nogoh uning fikrini. Ovoz kelgan tarafga o‘girildi. Sevar. Nigohi — yerda, qo‘lidagi qoshiqchasi bilan likopidagi erib suvga aylangan muzqaymog‘ini chuqilayapti hanuz. — To‘lqin, — deya takrorladi qiz va ko‘zlarini yerdan uzib, unga tikdi. — Yur, tushaylik o‘yinga.

Ertalabdan beri tuz totmagan esa-da, tuyqus bir narsa kelib tiqildi To‘lqinning tomog‘iga. Tiqildiyu… birdan esiga tushdi: mana, mana kim aybdor shularning hammasiga — To‘lqinning buyuklik tojidan quruq qolishiga ham, tomog‘iga tuyqus bir narsa kelib tiqilishiga ham, ertalabdan bu yog‘iga tuz totmaganiga ham! Qo‘ydek yuvosh Ibodni ayblab o‘tiribdi-ya, voy, nomard!..

— O‘yin? — deya o‘qrayib qaradi To‘lqin Sevarga. — Qanaqa o‘yin? Muzqaymog‘ingni yesang-chi. — Shunday deb, ko‘zini qizdan olib qochdi.

Eh, Sevar, Sevar! Nahot, bir og‘izgina «Yo‘q», deyish shunchalik qiyin edi? Ibod, Shahnozalar o‘z yo‘liga, lekin sen… Qanaqa ishongan edi-ya senga To‘lqin! Ne-ne orzularga borgan edi-ya sen uchun. Faqat seni, seni o‘ylab! Axir, orzusi ushalib, qo‘liga mototsikl tegsa kimni uchirardi unda, toqqa, qir-adirlarga kimni olib chiqardi? Axir, sening ham orzuing emasmidi tabiat quchog‘iga safar etish, qir-adirlar bag‘rida yayrab o‘ynab, gul-chechaklar bo‘yidan bahra olish? Axir…

— Yaxshi qiz, taklif qilsak bo‘ladimi o‘yinga?

Uf-f, namuncha bo‘lishdi bugun To‘lqinning fikrini?!

Shundoqqina tumshug‘i tagida Sevaraga qo‘lyni cho‘zgancha tirjayib turgan po‘rimga norozilanib tikildi u. Ha, o‘zi sen yetishmay turuvding shu tobda!

— Xonim tushmaydilar raqsga! — deb qizning o‘rniga javob berdi To‘lqin xiyol uvishgan oyoqlarini stol tagiga uzatarkan.

Yalt etib qaradi unga Sevar.

— Rostdan-a? — dedi qoshlarini g‘alati uchirib. So‘ng o‘girilib, hanuz qo‘lini cho‘zgancha to‘rsayib turgan po‘rimga kyoftini tutdi: — Marhamat!

Po‘rim yig‘lamoqdan beri bo‘lib, kursiga mixlanib qolgan To‘lqinga ola qarash qildi-da, Sevarning qo‘lidan ushlab, tavoze’ bilan davraga boshladi.

Davraga qanday tushishdi, raqsni qanday boshlashdi ular — orqa o‘girib o‘tirgani bois ko‘rolmadi buni To‘lqin. O‘zicha tasavvur qilmoqchi bo‘ldi. Lekin qancha urinmasin, Sevarning o‘zidan bo‘lak odam bilan raqs qilishi… tasavvuriga ham sig‘madi. Chidayolmadi, ming sir boy bermaslikka harakat qilmasin, baribir qiziqish hissi ustun keldi. Ustiga ustak, o‘t olib, tobora gurillab borayotgan alam… Shartta o‘rnidan turdi-da, stolning narigi tarafidagi kursiga o‘tib o‘tirdi. O‘tirdiyu.. Nimagayam o‘tdi o‘zi, a? Ko‘zlari oqib tushgani behtar emasmidi bu sharmandalikni kuzatgandan ko‘ra?! Voy, namuncha tortmasa o‘ziga Sevarni bu so‘tak?! Yana tishining oqini ko‘rsatib, tinmay bir balolarni valdirayotganiga o‘lasanmi? Sevar-chi, Sevar, parvosiga ham keltirayotgani yo‘q po‘rimning taltaygandan taltayib borayotgan… tuf, quchog‘ini, boshini orqaga tashlab qotib‑qotib kulayotgani-chi uning har og‘iz so‘zidan so‘ng?!

Ko‘zini olib qochdi davradan To‘lqin. Yo‘q, qaramaslikka harakat qilish kerak, xayolni bo‘lak narsaga chalg‘itish… Nima, shundan bo‘lak tashvishi yo‘q ekanmi uning. Ertaga imtihon buning ustiga… Ha, anavi teoremani takrorlash lozim, yo‘qsa o‘sha zo‘rg‘a yodlagan yarmiyam chiqib ketmasin esidan. Hm, shunday boshlanardi, shekilli: to‘g‘ri burchakli uchburchak… gi-po-te-nu-zasining… nima edi… Hoy, hoy, nima qilyapti anavi so‘tak! Voy ko‘ppag-ey! Hozirgina qo‘li… Yo‘-o‘q, barham berish kerak bu behayolikka. Zudlik bilan!

Dast turdi o‘rnidan To‘lqin. O‘yin qilayotganlar safini yorib, o‘tib bordi-da, shartta Sevarni qo‘lidan tutib o‘ziga qaratdi.

— Bo‘ldi, tugat o‘yiningni. Ketamiz!

Sevarning qoshlari chimirildi, kipriklari g‘alati pirpiradi.

— Qayoqqa? —dedi bir harakat bilan To‘lqinning qo‘lini siltab tashlar ekan. — Nima, meni senga bog‘lab qo‘yishganmidi? Ketaver!

Shunday dedi-da, orqasini o‘girdi unga.

— Menga qara, Sevar! — Bu gal yelkasidan ushlab o‘ziga qaratdi uni To‘lqin.

— Mana, qaradim! — deya dast o‘girilib, yuzini uning tumshug‘iga tiradi qiz. — Bo‘ldimi? Qani, gapir-chi endi gapingni.

Yuziga Sevarning qaynoq nafasi urilib, gangiradi To‘lqin. Nafaqat aytmoqchi bo‘lgan gapi, hatto tili ham tanglayiga chippa yopishdi.

— Ho‘v, odam, menga qara! — deya Sevarni chetlab, oraga suqildi po‘rim. Chekkadagi stolda muzqaymoq yeb o‘tirgan ikkita ajdahodek azamat ham joylaridan turib, shu tarafga qarab yurishdi. — Ezib tashlaymi hozir pashshadek?! — deya davom etdi po‘rim qo‘lini paxsa qilib To‘lqin tomon cho‘zarkan.

— Kerak emas! —deya jonholatda o‘zini otib, ilib oldi Sevar havodayoq uning qo‘lini va davra tomon sudray boshladi: — Yur, o‘yinga tushaylik! Hozir muzika tugaydi bo‘lmasa. Yur!..

Po‘rim To‘lqinga: «Hap, sanimi!», degandek o‘qrayib qarab, Sevarning izidan yurdi.

To‘lqin nigohi bilan qizni davragacha kuzatdiyu o‘zini eshikka urdi. Tik charxpalak zinalardan qanday tushganini ham, ko‘chaga qanday chiqqanini ham, hatto anavi po‘rimning ikkita devdek shotiri izidan qanday tushishganini ham sezmadi. Biror narsani sezgudek ahvolda emas edi-da, o‘zi shu tobda. Kimsan — Sevar shunday qilishini birov tush ko‘ribdi, deysizmi?! Umuman, kimning rejasida bor edi kunning bunday bemaza xotimalanishi, To‘lqinning shundayin xo‘rlik chekishi? Eh-h!.. Lekin baribir sezdi. Kaftdek tep-tekis yerda he yo‘q-be yo‘q qarshingizdan Asqartog‘ o‘sib chiqarkan, orqa tarafdan esa Ko‘hiqof o‘zining metindek ko‘kragini yelkangizga botirarkan-u, sezmas ekansizmi? Xayolingizdagi kimsaning ham kapalagi uchib ketar!..

— Ho‘v, chekishdan bormi? — deya darrov maqsadga ko‘cha qoldi Asqartog‘ ham.

Ancha o‘ziga kelgan, lekin hanuz xayoli parishon To‘lqin shimining orqa cho‘ntagidan sigaret chiqarib tutdi unga, so‘ng bo‘sh qo‘li bilan timirskilanib gugurt izlay boshladi.

Asqartog‘ undan bunchalik xotamtoylikni kutmagan edi chog‘i, o‘zini yo‘qotdi.

— I-i, nima bu? — deya olayib qaradi To‘lqinning o‘zi tomon uzatilgan qo‘liga. — Nima cho‘zyapsan menga? O‘zi zo‘rg‘a tashlagandimu chekishni kecha. Ol-e, naryoqqa! — Shunday deb ikki qo‘lini beliga tiragancha To‘lqinning ustiga yurdi.

Shundagina esladi To‘lqin bu ikki nusxaga qayerda ko‘zi tushganini.

— Boshida shunday demaysanmi, — dedi xayoli ravshan tortib, qo‘lidagi sigaretni nari itqitarkan. — Topgan bahonangni-yu! Nima, bitta odamni ikki kishilashib do‘pposlashga yetarkan-da shu?

— Ah-a… ih-i… — deb talmovsiradi Asqartog‘ kipriklari pirpirab.

— Baqahovuzdagi qumloq esingdami? — deb suqildi oraga Ko‘hiqof. — O‘tgan shanba-chi, kunga qornimni tutib yotganimda oyog‘imni bosib o‘tib ketuvding? Esingdami?

— Attang… attang… — dedi bosh chayqab To‘lqin. — Bunaqaligini bilganimda… sal yuqori olgan bo‘lardim mo‘ljalni o‘shanda, ming kaltak yesam ham alam qilmasdi…

— Xo-o, shunaqami? Mana hozir-da! — deya kaftini mushtlab, havoga sermadi qo‘lini Ko‘hiqof.

— Uh, ko‘zim…

— Mana yana, mana!

— Ih-h… h-hali shunaqami?..

— I-i, qayoqdan ushlayapsan?! Hoy, galvars, qarashsang-chi, mundoq!

— Ho-ozi-ir…

— M-mana! Mana, mo‘ljalga olish!..

— Ih-h… ah-h… u-uh-h…

— Bo‘ldi. Tayyor!

— Qochdik!..

Im-m… Tuf… T-tay… Tay… tayyor-a, tayyor… Qovog‘i ko‘kardi, burni qon yig‘ladi — demak, tavbasiga tayandi, ekan-da. Eh, nodonlar-a, nodonlar! Bilishmaydiki, holva bu do‘pposlaganlari yarim soat avval u bir qiz boladan yegan tarsaki oldida. Tarsakilash gapmi, pichoqsiz so‘ydi-ku uni Sevar! Shishgan qovoq, pachoqlangan tumshuq — bitib ketadigan yaralari-ku bu odamning. Lekin so‘yilsa-chi u, shu damgacha unga manavi hilvat nimqorong‘i ko‘cha, yulduzlari mastona miltillayotgan badqovoq osmon, bir amallab o‘rnidan turib, cho‘loqlangancha belini ushlab istab ketayotgani — ho‘v o‘sha muyulishdagi bozorcha, — barcha-barcha narsani anglatib kelgan joni-jahonidan judo etilsa-chi?..

Bozorcha kimsasiz edi. Allaqachon yig‘ishtirishibdi bozorni, mayda-chuyda po‘choq, danak, qog‘oz parchalariga to‘la atrof. Faqat gazsuv do‘konchasi yonidagi peshtaxta ortidagina kuymalanyapti boshiga do‘ppi qo‘ndirgan, soqol-mo‘ylovi oppoq allaqanday chol. Peshtaxtadagi olmalarni erinmay bitta-bittalab artib, orqasidagi chog‘roqqina qog‘oz qutiga joylayapti. Peshtaxtaning old tomonida, shundoqqina cholning oyog‘i tagida junlari o‘siq bir it g‘ujanak bo‘lib yotibdi.

To‘lqin stakanga gazsuv oldi-da, engashib yuz-qo‘lini chayishga tutindi. Bu aft-angor bilan qaytib boradi-a, endi uyga? Aksiga olib, imtihon ertaga… omad bir ketsa, qo‘shqo‘llab ketaverar ekan-da! Ishonmas edi avval odamlar shunday deyishsa. Mana, endi boshidan o‘tkazdiyu mulla bo‘ldi…

— Hoy, bola, menga qara! — degan ovoz qulog‘iga chalindi shu dam ortidan, To‘lqin o‘girilib, muloyimgina tabassum bilan unga olma cho‘zib turgan cholni ko‘rdi.

— Ma, ushla!

To‘lqin ohista borib, cholning qo‘lidan olmani oldi.

— Rahmat…

— Osh bo‘lsin! — Shunday deb, chol yana o‘z ishiga tutindi.

Boshda uncha nazariga ilinmagan chol To‘lqinning ko‘ziga boshqacha ko‘rinib ketdi. Soqol-mo‘ylovi, boshidagi do‘ppisi, nigohi — hamma-hammasida go‘yo bir sir bordek. Yetti yot begona, ustiga ustak, omadsiz bir yo‘lovchini chaqirib, qo‘liga olma tutqazishi… Qiziq, judayam qiziq… Nogoh nigohi olmadagi tangadek zahani ilg‘adiyu fikri yorishib ketdi. To‘xta-to‘xta, anavi… Nyutonmidi… ha, o‘shaning boshiga tushgan olma bo‘lmasin bu tag‘in? Ha. O‘sha olma xuddi, aniq bu! Mana, boshiga tegib, lat yegan yeri!.. Bu Nyutonning boshiga tushgan olma bo‘lsa, demak, anavi chol… Anavi chol… Buvisi aytardi-ya doim. Agar… u chindan ham o‘sha bo‘lsa, allaqachon yo‘qolgan ko‘zdan kuchuk-puchugi bilan. Hm, tekshirib ko‘rish kerak buni…

To‘lqin ko‘zlarini chirt yumib, boshini chol turgan tarafga o‘girdi. Eh, ishqilib shunday bo‘lsin-da! Sekin-asta ayirdi kipriklarini bir-biridan… Qayoqda! Qanday turgan bo‘lsa — shunday turibdi, bir tuki ham g‘oyib bo‘lgani yo‘q. It ham o‘sha-o‘sha, g‘ujanak bo‘lib uryapti uyquni. Lekin baribir ishongisi kelmadi. Kim bilsin, balki g‘oyib bo‘lishga ulgurmagandir hali? Balki unaqa ko‘zdan yo‘qoladigan hizr emasdir? Muhimi, berdi-ku olmani, ko‘zdan yo‘qoladimi endi, yo‘qolmaydimi — uning ishi nima? Olmasini yegin, bog‘i bilan necha pullik ishing bor?

To‘lqin chol bergan olmaga ochko‘zlik bilan tikildi. Mana, nihoyat amalga oshadi endi uning orzusi!.. Hatto aks etgandek ham bo‘ldi olmaning yoqut sirtida qip-qizil, gijinglagan «Xonda», aniq sezdi u. Mana, To‘lqin unga sakrab mindi-da, gazni bosdi. Ketdi-ku uchib osmono‘par imoratlar, maydonu ko‘chalar osha! Hasad va havasdan dillari kabob bo‘lib, qolib ketaverishdi Ibodu Shahnozalar. Barmog‘ini tishlagancha ma’yus tikilib qolgan anavi qiz — Sevar…

— Voy-do-od, yordam beringla-ar!

Nogahoniy bu qichqiriqdan kapalagi uchib, atrofga alangladi To‘lqin. Hech zog‘ yo‘q. Qaysi tarafdan keldi o‘zi ovoz? To‘lqin cholga qaradi. Parvosiga ham keltirmay, hanuz olmasiga alag‘da edi u. Hoynahoy, eshitmagan, qulog‘i og‘irroq, shekilli. Rosa nuroniy hizrlardan ekan-da o‘ziyam. Iti yoshroq ekanmi undan, hartugul eshitibdi. Qulog‘ini ding qilib, yapaloq tumshug‘ini oldinga cho‘zib turibdi. Aksiga olib, ovoz ham bo‘lak yordamga chorlamadi. It yana birpas shu taxlit tumshug‘ini cho‘zib, atrofga alanglab turdi-da, boshini oyoqlari orasiga suqdi tag‘in.

To‘lqinning badanida chumoli o‘rmalagandek bo‘ldi. O‘zicha ovoz kelgan yoqni tusmollab, bozorchadan uzoqlashdi.

Ovoz bundan qanchayin burungi bir qichqiriqqa, bu qichqiriqqa sababchi hodisa esa To‘lqinning ayni damdagi ahvoliga hamohang edi. Ayni bahor chog‘i edi o‘shanda, ko‘chalaridagi o‘rtabo‘y odamni beligacha zo‘rg‘a ko‘madigan ariq to‘lib oqayotgan edi. Shunday kunlarning birida dadasi safardan keltirgan yangi dengizchilar ko‘ylagini kiyib, yasanib ko‘chaga chiqdi To‘lqin. Mahalladosh churvaqalar jimjiloqdek qo‘ng‘irtob bir mushukbolani dumidan tutib, suvga bo‘ktirishmoqda, qizlar esa odatdagidek hovlidagi qum to‘shalgan maydonchada o‘zlarining hech tugamas «ro‘zg‘or» tashvishlari bilan band. Tayinki, To‘lqin bittasiga ham qo‘shilmadi ularning. Qo‘shilsa, o‘yin bilan bo‘lib hech kim tuzukli e’tibor bermaydi uning yangi, chiroyli libosiga. Hech kim e’tibor bermagach, yangiligiyu chiroyliligi nima bo‘lardi bu libosning? Shu bois ariq yoqalab cho‘zilgan yo‘ldan u yoqqa, bu yoqqa borib kela boshladi. Ohista, go‘yo atrofidagi hamma-hammaga befarq. Hanuz o‘sha mushukbolaga halak mahalladosh churvaqalar yonidan o‘tayotib, jo‘rttaga «o‘ho‘-o‘ho‘»lab qo‘yadi. Shu taxlit necha marta o‘tdi — esida yo‘q, bir mahal ortiga qaytayotib, ko‘chaning u boshidan o‘zi tomon shoshilmay yurib kelayotgan to‘rxalta ko‘targan tanish kampirga ko‘zi tushdi. Ko‘zi tushdiyu quvonib ketdi: hozir yonidan o‘tayotib, har galgidek: «Assalomu alaykum!», deydi; kampir, albatta, sevinib ketadi, to‘xtatib, peshonasini silaydi, «Vuy, namuncha chiroylisan-a, bugun!», deydi. Mana, hozir… Ho-ozir…

Kutilmaganda qo‘lidan to‘rxaltasini tushirib yubordi kampir, ko‘zlari kosasidan chiqqudek bo‘lib: «Voydo-od, yordam beringla-ar! Oqib ketadi birovning bolasi!», deb dod soldi. To‘lqin cho‘chib ortiga o‘girildi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, ariqda… anavi mushukbolani boshi uzra ko‘targancha… bo‘g‘zigacha suvga ko‘milib, bir qiz turibdi!.. Birov bormikin, degan ilinjda atrofga alangladi. Yuz odimcha joyda tiraqaylab qochib borayotgan mahalladosh churvaqalaru turgan yerlarida olamni buzib: «Voy, Seva-ar!», deb bo‘zlayotgan qizlardan o‘zga hech kim ko‘rinmadi. Nima qilarini bilmay qoldi: kimga qo‘shilsin — ho‘ngrashi yeru ko‘kni titratayotgan anavi yig‘loqilargami, yo… Shunisi ma’qul-ov. Kim bilsin, qilg‘iliqni birovlar qilib, aybni unga tirkashsa-ya hali? Yo‘q, juftakni rostlamasa bo‘lmaydi. Qancha tez «quyon» bo‘lsa, shuncha…

«To‘lqin!..», deb chaqirdi shu dam uni kimdir. Ovoz juda-juda tanish tuyuldi. Sevar-ku! U bilan bitta sinfda o‘qiydigan qiz!.. Kuni kecha uy vazifasini ko‘chirishga beruvdi-ya. Endi… O‘zini ariqqa qanday tashlaganini bilmay qoldi…

So‘ng… so‘ng odamlar yig‘ilishdi, zumda «qizim»lab Sevarning oyisi ham yetib keldi, mushukbola bilan qizchani issiqqina junko‘rpaga o‘rab-chirmab, olib ketishdi…

To‘lqin… To‘lqin, yangi egniga ilgan libosi shalabbo, bu ahvolda oyisining ko‘ziga ko‘rinishga qo‘rqib, to uydagilar o‘zlari qidirib kelib, olib ketishmaguncha…

Uf-f, bo‘ldi-da, namuncha esladi shuni?! Ko‘ziga qarasa-chi, undan ko‘ra! Qayoqqa ketyapti o‘zi? Atrof qop-qorong‘i bo‘lsa, oy ham tikkaga kelib qolibdi, yulduzlarni-ku, bamisoli sarbozorda ko‘zni o‘ynatayotgan olmalar deysiz. Ana, Sevarning yulduzi. Undan sal pastroqda — o‘ziniki… Hamma yulduz tanlagan edida o‘shanda o‘ziga. Tog‘ning hammayog‘ini ilma-teshik qilib chiqishgan, lolami, qizg‘aldoqmi — barini uzib tugatishgan. O‘chib, tutay boshlagan gulxan atrofiga turnaqator cho‘zile-eb… Sevar o‘ziga oyning yonboshidagi yulduzni tanladi. Sababini so‘rashganida, «Oyga eng yaqin yulduz bo‘lganligi uchun!», deb javob berdi. To‘lqin esa oydan xiyol pastroqdagi yulduzni tanladi… «Nega?», deb qiziqsindi Sevar. To‘lqin undan nigohini olib qochdi: « Negaki, senikiga eng yaqin yulduz — shu…»

Juda-juda maftunkor ko‘rinib ketdi oy shu dam To‘lqinning ko‘ziga. Yulduzlar-ku, asti qo‘yaverasiz. Lablari o‘sha so‘lim oqshom unga paripaykar zoti hadya etgan ilk o‘pich ta’mini tuyib, shirin tamshandi. Qulog‘iga tun har eslaganida oy va yulduzlar yanada jozibali, yanada sehrli ko‘rinuvchi so‘zlarni qayta shivirlagandek bo‘ldi: «To‘lqin… Sen… sen… yaxshi bolasan!..»

Xuddi mana shu so‘zlar hozir anavi… tuf, ha, o‘shaning qulog‘i ostida jaranglamayotganiga kim kafolat bera oladi? Kim?.. Sevar bunga qodir. To‘lqinga o‘sha so‘zlarni aytib, oradan hech qancha o‘tmay yuziga tuflagandan ham battar ahvolga soldimi, demak, bu ishga ham sig‘adi haddi. Aytishuvdi-ya, ayol zoti pirgayam do‘st bo‘lmagan, deb. Bo‘ldi. Tamom hammasi! Unutish, xotiradan butkul o‘chirish qoldi faqat. Hozir uyga borib yotadi-yu, ertaga barini unutib, butunlay bo‘lak odam bo‘lib uyg‘onadi. Xuddi onadan qayta tug‘ilgandek!..

To‘lqin atrofga alanglab, qayerga kelib qolganini aniqladi-da, yo‘lni uylari tomon burdi. Yo‘lak qop-qorong‘i. Hm, tushunarli, allaqachon urib sindirishibdi chiroqni, shumtakalar! Kuni kecha o‘rnatishgan edi-ya, uch kishi, yarim soat ovora bo‘lib, bir‑birovlarining yelkasini qadoqlab… Zina qayoqda, devor qayoqda — hech vaqoni farqlab bo‘lmaydi, qoqilib boshni yorish ham hech gap emas. «O‘zi bitta shu yetmay turuvdi!», deya chirt etkazib tufladi To‘lqin va cho‘ntagini kavlashtirib, gugurtini chiqardi. Gugurt donasi pov etib o‘t olib, torgina yo‘lak, zinaning ikki-uch pillapoyasi hamda… bo‘yog‘i ko‘chgan devorga o‘yilgan «S+T…» degan yozuv yorishdi. Darhol tortdi To‘lqinning e’tiborini bu yozuv o‘ziga. Lekin o‘qishga ulgurmasidan gugurt donasi o‘chib, yo‘lakni yana qorong‘ilik chulg‘adi. To‘lqin jonholatda qutidan ikkinchi donani sug‘urib, chaqdi. «S+T=…». Tag‘in oxirigacha o‘qib ulgurmay, yo‘lakning nimochiq eshigidan urayotgan yel gugurtni o‘chirdi. To‘lqin eshikni jahl bilan bir tepib yopdi-da, uchinchi donani sug‘urdi. Ammo chaqishga ulgurmadi — yuqoridan kelgan taraq-turuq oyoq tovushidan cho‘chib, devorga qapishdi.

Oyoq tovushi ikkinchi qavatda tindi. Qaysi bir eshikning qo‘ng‘iroq tugmasi bosildi. Zum o‘tmay, eshik sharaqlab ochildi‑da, ayol kishining nihoyatda tanish ovozi jarangladi:

— Voy, qo‘shnijon, bormisiz? Keling, kiring uyga.

— Rahmat. Uzr, bemahalda bezovta qilganimiz uchun. Mabodo, Sevara sizlarnikida emasmi?

— Yo‘g‘-a. To‘lqiningizning o‘zi qaytgani yo‘q hali. Xavotir olib o‘tiribmiz biz ham, qayoqlarda yuribdi ekan, deb.

— Shu bolalar ham balo bo‘lishdi ulg‘ayib… Mayli, qo‘shni, boraylik biz. To‘lqin ikkovi doim birga dars tayyorlashardi. Shunga…

O‘zini eshikka urdi To‘lqin.

«To‘lqin ikkovi doim birga dars tayyorlashardi»… Yo‘q, xonim, uzr! Istagan odamingiz bilan raqs qiling, shivirlashing, hirringlang, lekin qorong‘i tushguncha, shunda ham oyijon-dadajoningizning oq fotihalari bilan! Nima bo‘lgandayam, e’tirof etilmasligi lozim To‘lqin sharifi ismingiz bilan bir yonda. Ayni daqiqadan e’tiboran! Aniqrog‘i, hozir u o‘sha o‘yin qilayotgan joyingizdan oyog‘ingizni yerga tegizmay yetkazib keladi, ziyon-zahmatsiz, xuddi shildiroq qog‘ozga o‘ragandek qilib oyijon-dadajoningizga inom etadi. Ana keyin…

Jinbazm hanuz avjida edi «kema»da. Quloqni yirtuvchi bo‘g‘iq musiqa hukmron, hanuz o‘sha hirqiroq ovoz oshiq-moshig‘ini zang yegan eshikdek g‘iyqillamoqda:

Tun… Tun… Tun… Tun
Teng sheriksan bizning gunohga!..

Ko‘zlari olma terib, tanish qomatni qidira ketdi raqs tushayotganlar orasidan. Mana, Ibod bilan Shahnoza. Salom berdi-ik! Xayrli bo‘lsin tuningiz! To‘g‘rirog‘i, tongingiz. Allaqachon bo‘lgan-ku so‘fining azonga tahorat qiladigan vaqti. Demak, Sevar ham… Sevar ham… Ha-a, mana qayerda ekanlar! Sochining turmagidan tanib qoldi zo‘rg‘a. Qarang-a, qisilib olishibdi hilvatgina burchakka bir-birlariga yopishib, jismlari shunaqangi jipslashib ketibdiki, qorong‘ida ikkalovini bitta odam deb gumon qilish ham hech gap emas. Kutib turishgan ekan-da o‘zi uning ketishini. Yo‘q! Avf etasizlar! Buyurmaysizlar aybga halovatingizni buzishga jazm qilgan bir gustohni!..

Bordi-yu, shartta qizning yelkasiga chang solib, o‘ziga qaratdi. Qiz xuddi ichi uzilgandek seskanib, o‘girildi-da, unga og‘riqdan olaygan ko‘zlarini tikdi.

— Ha-a-a? — deya chiyilladi «kema»ni ummonga to‘nkargudek qilib. — Nega yopishasan menga?

Hamma raqs tushishdan to‘xtab, shu yoqqa o‘girildi.

To‘lqin og‘zi lang ochilib, qotib qoldi turgan joyida. Sevar deb o‘ylagan qizi… Sochining turmagi — Sevarnikidek, bo‘yi, qaddi-basti — Sevarniki misol, faqat… faqat Sevar emas, butunlay notanish, begona!

— Ho‘v, qanaqa odamsan-a o‘zi sen? — Kayfi yana buzilgan po‘rimning ko‘zlari qonga to‘ldi. — Ushlanglar meni, yo‘qsa hozir ezib tashlayman pashshadek!..

— Hoy, hoy! — deb chopqillab yetib kelib oraga so‘qildi Ibod. — Keragi yo‘q sirayam janjallashishning! Yura qol, bu yoqqa, To‘lqin. — Shunday deb uni qo‘ltig‘idan oldi-da, tashqariga yetakladi.

— Sevar… Sevar… — To‘lqinning tiliga kelgan kalima shu bo‘ldi.

— Ha, Sevarmi? Allaqachon chiqib ketuvdi-ku u. Sening izingdanoq. Nima, birga ketmuvdilaringmi?

To‘lqin boshini ko‘tarib, nigohini uning ko‘zlariga tikdi. Lekin gumon qilgan, balki istagan narsasini topmadi — chap yonog‘idagi kuldirgichi bor bo‘yi yoyilib, kipriklari pirpirab uchib turardi Ibodning har doimgidek.

To‘lqin bir siltanib uning qo‘ltig‘idan chiqdi-da, jadal yurib ketdi tikkaga qarab.

— To‘lqin! To‘xtasang-chi, hoy! — degancha qoldi Ibod…

«To‘lqin… To‘lqin…» Yo‘q, hech qanaqa To‘lqin emas u! To‘lqin — odamzodga qo‘yiladigan ism-ku. Odamzodga-ya! U-chi? Hattoki rosmana to‘lqin ham emas, bo‘tana, ko‘pik, balchiq… Ishqilib, odam emas-da. Odam…

Nogoh nigohi ko‘chaning narigi yuzidagi nimqorong‘i trolleybus bekatida o‘tirgan tanish qorani ilg‘adiyu xayoli bo‘lindi. Yuragi hapriqib ura ketdi. O‘shamikan yoki… Asta ko‘chani kesib o‘tib, bekatning shundoqqina biqinidagi sada panasiga yashirindi. Unga orqa o‘girgan ko‘yi, boshini xiyol yonga tashlab o‘tirardi qiz. Sochining turmagi — Sevarnikidek, bo‘yi, qaddi-basti… Xuddi o‘zi!

Uchta trolleybus o‘tdi bekatda to‘xtab. Odam yutdi, odam itqitdi… Birontasiga qayrilib boqmadi qiz. Qo‘g‘irchoq deysiz xuddi, qilt etmaydi-ya hatto! Nihoyat, derazasining ko‘zga tashlanarli joyiga «So‘nggi qatnov» deya muhr bosilgan shapaloqdek qog‘oz yopishtirilgan trolleybus kelib to‘xtadiyu Sevar ohista o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Qizning etagi bir hilpirab, trolleybusning oldingi eshigida ko‘zdan yo‘qolgani hamon jonholatda orqa eshikka urdi o‘zini To‘lqin.

Trolleybus bo‘m-bo‘sh edi. Oldindagi ikki kishilik o‘rinda Sevar o‘tiribdi. O‘rtaroqda — o‘rta yoshlardagi bir ayol bilan erkak. Ular ham bir bekat yurmay qo‘zg‘alib, hozirlanishdi tushishga.

Sekin oyoq uchida yurib yaqinlashdi qizga. Anchagacha nima qilishini bilmay, qaqqayib turdi tepasida. Oxiri ko‘zini chirt yumdiyu ohista cho‘kdi yoniga. O‘tirgani hamon shimining cho‘ntagidagi mushtdek bir narsa soniga qattiq botganini his qildi. Uf, shu yetmay turuvdi o‘zi! Kishibilmas Sevarga nigoh tashlab, uning butun diqqati ayni dam derazaga mixlanganligiga ishonch hosil qildiyu o‘rnidan xiyol qo‘zg‘alib, cho‘ntagidagi o‘sha soniga botayotgan narsani chiqardi. Suf-ey, anavi xizr hadya etgan olma ekan-ku, u bo‘lsa sekin ishlaydigan bombami deb o‘tiribdi-ya! Boya talato‘pda yeyishniyam unutib, solib qo‘ygan ekan-da cho‘ntagiga.

Bir nafas olmani qo‘lida o‘ynab, ushlab o‘tirdi-da, so‘ng sekin uzalib, Sevarning tizzasiga qo‘ydi. Qo‘ydiyu tok urgandek qo‘lini tortib, boshini yelkalari ichiga oldi. Uchib kelib peshonasini g‘urra qilishini kutdi «bomba»ning. Juda bo‘lmaganda trolleybusning yo‘lagida «portlar»…

— Afandi-ey! — degan ovoz jarangladi qulog‘i ostida kutilgan portlash o‘rniga. — Ishonding-a menga sendan bo‘lak odam ham yoqishi mumkinligiga…

Yalt etib qaradi qizga To‘lqin.

Sevar, xuddi hayron bo‘lishga arzigulik hech narsa demagandek, peshonasini oynaga tiragancha lip-lip o‘tayotgan simyog‘ochlarga o‘ychan termulib borardi.

“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 5son