Bir qishloqdan o‘n besh o‘g‘lon harbiy komissariatga chaqirildik. Harbiy okrugdagilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishiboq, ertaga xurjunlarimiz bilan xuddi shu yerda taxt turishligimizni qat’iy tayinlashdi. Aytishlaricha, temir yo‘l stantsiyasidan jo‘natilarkanmiz.
Tomir-tomirlarimizda ko‘pirib oqqan qon dushmanga qarshi intiqom o‘tida yongandan-yonadi. Tezroq, tezroq urush ketayotgan janggohga yetib borsag-u, fashistlarni bitta qo‘ymay qirib tashlasak. Xayolimda xuddi mendan oldin urushga otlangan dadamni o‘sha yerda uchratib, diydorlashadigandek ichim yonadi.
Kechagina Jo‘raqulning otasidan qora xat kelgan. Uning vajohatiga tik qarashning o‘zi bor. Nuqul tishini g‘ichirlatadi, ko‘zlarida allaqanday kishi chidab bo‘lmas sovuq o‘t yiltillaydi, otasining qotilini g‘ippa bo‘g‘zidan olgisi keladi. Shomamatning amakisidan ham… U yarim yetim qolgan beshta jiyanini o‘ylagan sari yuragi mushtga aylanadi. Azamatjonning tog‘asi gospitalda. Kecha shu haqda xabar keldi. Onasi eshitishi bilanoq kelinini olib, chirqillagancha Toshkanga jo‘nadi. Egizaklarning bir-birisiz chidolmasligini, biriga bir nima bo‘lsa, biri xuddi o‘shanday holga tushishini eshitgandek edim, hayratda qoldim.
Urush olovi baralla yongan janggoh Jo‘raqulning otasini otib o‘ldirgan qotilniyam, Shomamatning amakisiga o‘q uzgan fashistniyam, mana, o‘chingni ol, deb shundoqqina ro‘para qilib qo‘ymadi. Men esa kimga qarasam, xuddi otamga o‘xshataverib, oxir borib tinchib ham qoldim. Go‘yo bu siltovchi sovuq hissiyotlar dushmanning barisidan qasd olsakkina hovurimiz pasayishini uqtirib qo‘yayotgandek edi.
Hamqishloqlar barimiz harbiy tayyorgarliklardan keyin o‘qchi diviziyada jang qilishga kirishib ketdik. Rus tiliga uquvim bo‘lganidan qisqa muddatli kursda radistlikka o‘qitishdi. Bir yelkamda yigirma kilolik ratsiya, birida avtomat, belimda granata va patron to‘la magazin bilan lo‘killab yugurish nihoyatda og‘ir. Xandaqlarda chopqillash ham, o‘nqir-cho‘nqirliklarda turtinib- munkishlar ham borib-borib hech nima bo‘lmay qoldi. Urushda jonni o‘ylash emas, intiqom olovi g‘ayritabiiy kuchga aylanib, butun jismingni egallab oladi-da, faqat va faqat shaxdga suyanasan, xolos. Go‘yo hamma dahshatlar tushingda bo‘layotgandek ko‘rinadi. Birov o‘zini ovutish uchunmi, yo kayfiyatni ko‘tarish uchunmi, biror hangoma aytib sharaqlab kulgudek bo‘lsa, bir tarafdan esi og‘ib qolgandek tuyuladi, bir tomondan samimiy kulgusiga beixtiyor qo‘shilging kelib ketadi.
Elkalarim archilib ketganiga qaramay, zil-zambil ratsiya qutisini bag‘rimga bosgancha goh u tomonga chopqillab ma’lumot beraman, goh bu tarafga zing‘illab xabar olaman.
Qattol urushning eng katta sarhadi – Kursk jangiga kirgan mahalimizda dushman to‘satdan hujum boshlab qoldi. Ko‘z ochib yumguncha hammayoq olatasir jahannamga aylanib ketdi. Hozirgina havasimizni qo‘zg‘ab turgan ko‘m-ko‘k osmon yerdan ko‘pchib otilayotgan tuprog‘u tutunlar ichida qolib ketdi. Dod-voy, baqir-chaqir avjiga mingani yetmay, maydonni yoppa egallagan qurbaqasifat tanklarning gurillagan motorlari, tinimsiz otayotgan snaryadlarining dahshatli chiyildoq tovushlari-yu, gumbur-gumbur portlashlari quloqni qomatga keltirib, hech nimani anglatmaydi. Ko‘z nimani ko‘rsa, faqat shundan xulosa chiqarib olasan. Pulemyotlarning tinimsiz tarillashiyam, avtomatlarning do‘ldek o‘q yog‘dirishiyam bir zum bo‘lsin tinim bilmaydi. Bir payt kutilmaganda oyog‘im tomondan qo‘qqis qo‘pgan zilzila qulog‘imdan ratsiya quloqchinini shaxd yulib olgancha, bor gavdamni chirpirak qilgudek uloqtirib yubordi. “Tamomman!” degan sovuq o‘y karaxt qotgan miyamni bir yorishtirib, o‘chdi. O‘zimni yo‘qotdim. Ajab, hushim o‘chgandeg-u, ammo achchiq is dimog‘imda aylanadi. Qo‘rquvdan baqraygan ko‘zlarim quyuq tutun va tuproqlar gupirayotgan osmonga qattiq qadalgancha qolgan. Go‘yo dahshatli suronlar tomoshabiniga aylanib olgandek, atrofni mahzun kuzatib, hushsiz cho‘zilgandekman. Nahot, odam dunyodan ko‘z yumsa, o‘z-o‘zini shunaqangi kuzatib yotsa, degan o‘y miyamda bir zum aylandi-yu, nordon bir ta’mni dimog‘imda ilkis tuygandek bo‘ldim. Achchiq o‘qchib yubordim. Iyagimda iliq bir hovur o‘rmalab kezindi. Qon!.. Shu vujud to‘lqini bir bosh ko‘targancha, zimiston ichra qaytib sho‘ng‘itdi…
Bir mahal qattiq siltovli og‘riqdan jonim simillab, achchiq ingrab ko‘z ochdim. Atrofimda g‘ira-shira xurpaygan sharpalarni ilg‘ab, xuddi mato qirqilayotgandek, qirt-qirt etgan tovushlar bir zum qulog‘imga kirgandek bo‘lib turdi-yu, qaytib xush yig‘ishga kuch topolmadim. Yana ko‘z o‘ngimni qora zulmat qopladi…
Qishloqqa qaytganimda atrofimni o‘rab olgan qishloqdoshlarimning hayratlari, umidvor tikilishlariga toqat qilolmay, ko‘zlarimni chirt yumgim kelib ketdi. Ko‘z oldimdan birga urushga otlangan do‘stlarim bir-bir o‘tib, yuragim qiymalanadi. Qay birini aytishim kerak o‘zi, a, qay birini? Sunnatillani o‘z qo‘lim bilan o‘zga yurt tuprog‘iga qo‘yganligimni aytaymi? Jo‘raqulning dushman o‘qiga uchganini dunyoni boshimga ko‘tarib so‘zlaymi? Amirqulni razvedkaga borganida dushman qo‘lida vahshiylarcha osilganinimi, qay birini?! Qanday aytay, qandoq aytay, Shomamatning qurbaqadek o‘rmalab kelayotgan dushman tanklariga qo‘lidagi so‘nggi granatasini otguncha bo‘lmay, qildek jussasini o‘nlab o‘q izlari potirlatib titib o‘tganini? Yosh kelinchak, o‘zimning sinfdoshim Ruqiyaning intizor tikilgan ko‘zlariga qandoq qaray, qandoq? Do‘stimiz Orziqulning shu zavjasi, bir haftalik kelinjonga qanday aytay Dneprni kechib o‘tayotganda…
Poyezdma-poyezd qaytayotgan mahalimda jonim omon qolganiga ming shukrlar aytib kelganimga endi ming pushmonlar yedim. Atrofimni xotin-xalajlar o‘rab olishganida esa, o‘zimga-o‘zim ta’na toshlarini ota boshladim. Nega men, faqat men tirik keldim. Bir oyoq, bir qo‘limni o‘sha yerlarga tashlab kelganim ortiqchadek tuyulib ketdi.
– O‘g‘lim, o‘rtog‘ing sog‘-salomatmi? Qachon keladi u, ayt, jon bolam.
Shomamatning onasi quchgancha duv-duv bo‘zlaydi. Bir yoqdan ona isi boshimni aylantirsa, bir yoqdan yig‘isiga chidam topolmayman. Ichimdan og‘riqli faryod o‘rlolmay qiynaydi. Oh, noming o‘chgur urush hech kimni, hech kimni ayab o‘tirmadi.
Kelib-ketuvchilarning qadami uzilmaydi. Qo‘shni qishloqlardan ham o‘g‘linimi, qarindoshinimi, erinimi so‘roqlab kelguvchilarning keti ko‘rinmaydi. Go‘yo ularning nazdida urush o‘chog‘ida hamma bir-birini uchratib, bir-biridan xabari bordek tuyuladi. Dod devoray deyman. Atay ko‘kragimdagi nishonlarimni yo‘ldayoq yulib olganman. O‘z do‘stlaridan ayrilib, bir o‘zi gerdayib kelibdi ko‘kragini temir taqalarga to‘ldirib, degan nigohiy ta’nalarga toqatim kelisholmasligini bilganimdan shundoq qilgandim. Hatto poyezd derazasidan uloqtirib yuborishimga yo‘l bermagan Dmitriyniyam yomon ko‘rib ketdim, rosti. Kerak bo‘larmish, ona vatan ozodligi uchun kurashibmizmish. He, o‘sha rag‘batidan o‘rgildim. Undan ko‘ra, bola do‘stlarim bilan yarim majruh bo‘lib birga qaytganim afzal emasmidi? Ko‘kragimga mushtlab bo‘zlayman: “Nahot, onalar atay shu navnihollarini urush uchun, urushda shahid ketishlari uchun tuqqan bo‘lsalar, a?!”
Tuni bilan to‘lg‘onib chiqaman, alamdan yer mushtlab-er mushtlab yuborganimni bilmay qolaman. Men urushga jo‘nagach, otamdan qora xat olib, qayg‘usi ichiga sig‘magan onam, bir g‘ujumgina gavdasi yelga yelpig‘ich bo‘lgancha, chirog‘i o‘chmagan dahlizdan otilib chiqadi-da, cho‘k tushgancha bo‘zlashga tushadi.
– Jon bolam, joning omon qaytdi-ku, shukr qil, bolam. O‘zi otangdan ayrilib, bag‘rim bir umr huvillab qolgani yetmaydimi? O‘zingni qo‘lga ol, taqdirdan qochib qutulib bo‘lmas ekan-da bandasi, na iloj. Jon bolajonim, hammasi o‘tib ketadi. Hech bo‘lmasa sen menga dalda bo‘lib tur, o‘g‘iljonim.
Onam, bilaman, ukamdan xavotirda. Bo‘yi tortilib qoldi. Urushga olib ketishlaridan qo‘rqadi. Biroq ukamning ko‘ngillilar qatori ariza berib kelganidan bexabar. Ukam tengilar shunaqa qilishayapti. Uning niyatidan o‘zim ham qo‘rqib ketgandim. Yuragida o‘chirib bo‘lmas qasd bor, qasos bor. Qancha jon kuydirib ahdidan qaytarmay, quloq solmaydi. Urushga besh-olti aravada yo‘lga tushishgandan keyingina onam olamni buzgudek dod soldi.
– Bir jonimni mingga bo‘lding-ku, bolajonim. Urush ochmay, ko‘zingga tuproq to‘lgurlarning qora niyati o‘ziga urmasa, rozimasman. Urush o‘ylab topganning uyi kuymasa, rozimasman….
Onam ko‘kragiga mushtlagancha dod solar, hali qo‘ltiqtayoqqa o‘rganmagan vujudimni muvozanatga sololmay, o‘rnidan turg‘aza olmay qiynalardim. Ona yig‘lamasin ekan. Onalar bo‘zlamasin ekan. Onalarning ko‘ngliga dod in qurmasin ekan. O‘g‘lonlarini kuzatayotgan onalar bormi, opa-singillar bormi, yosh kelinchaklar bormi, yorini kuzatayotgan bo‘y yetgan qizlar bormi, hamma-hammasi qora urushni qarg‘ar, ot aravalarda o‘zlaridan uzoqlashib borayotgan yigitlarga tilanib-tilanib oq tilaklar bildirishardi. Ko‘zlarida duv-duv yosh emas, duv-duv qon edi. Men jo‘ralarim bilan urushga ketayotgan mahalimizni eslab, titrab-qaqshayman. Intiqom o‘tida onamning, onalarning bizdan-da ortiq yuragi kuyib bo‘zlashlarini bunchalik tuymagan ekanman o‘shanda. Ukamning ortidan yurak-yuragim uvushgancha kuzatib qoldim.
Hovlimizga kechki payt rais buva kirib keldi.
– O‘g‘lim, – dedi salqigan qovoqlarini mahzun ishqalab, – kelganinggayam bir oy bo‘p qoldi. Dalaga chiq desam, nima deysan? Tabelchilik qo‘lingdan keladi harqalay.
Bir chetda mung‘aygancha turgan onam gapga qo‘shildi.
– Rais buva, tabelchilikni Rizvonoydan opqo‘ymang. O‘zi uddalab turipti. Eridan ayrilganidan beri o‘ziga kelolmay yuripti, harqalay ish ovuntirib turipti. Qo‘ying, bir dardi ikki bo‘lmasin, sho‘rlikni. O‘g‘limga boshqa ish bo‘lsa, mayli.
Rais buva piyoladagi olmachoyni bir ko‘tarishda ichib, ko‘zlarini qattiq tikdi.
– Bo‘lmasa, bundoq qilamiz, o‘g‘lim. Hozircha pochtani yuritib turasan. Masha opayam shahariga ketib qoldi. Vitya bittayu-bitta o‘g‘li edi-ya, sho‘rlikning. Hamma birdek yaxshi ko‘rardi-ya. Ayriliqqa chidolmagan keliniyam urushga ketib qopti. Kecha xabar keldi. Hah, bu la’nati urush chang solmagan biror xonadon qolmadi o‘zi. Qaniydi, meniyam urushga olishsa-yu, dushmanning giribonidan shundoq olsam, hovurimdan tushsam.
Rais buvaning aytganini qilib, guzardagi eski, bir xonali pochtada ishlay boshladim. Boshida-ku ko‘p ham bilinmadi. Biroq keyin-keyin odamlarning ko‘zidagi so‘nik umid, xavotir, iltijo, intizorlik, alam, iztiroblarni ko‘raverib, ro‘para bo‘laverib bir siqimgina uyqumdayam alahsirab chiqadigan bo‘lib qoldim. Tushlarimda nuqul shahid ketgan do‘stlarimni, qonxo‘r fritslarni ko‘raman, boshqalarni emas.
Ish kunimning ikkinchi haftasida qishloq chetidagi G‘afur akadan qora xat keldi-yu, jahannamning onalar, ayollar dunyosida qanchalar vahshat solishiga shunda duch keldim. Oyog‘imdagi og‘riqlar, dilimdagi azoblar hech nima bo‘lmay qoldi. O‘g‘lidan ayrilgan Xanifa ayaning avval bir muddat ko‘zlarimga hissiz, ammo sovuq termulib turishi, xatni tutgan qo‘llari jonsizdek qotib qolishi oldida kalovlanib, javdiragan joyimda birdan otilgan faryod yuragimni yulqib olgandek, ilkis titrab ketdim.
– Voy-do-o-od!..
Xanifa aya gursillab yerga yiqildi. Boyadan beri menga xirillab, tahdid solishga urinayotgan kattagina ko‘ppak qo‘qqis jiddiy tortdi-da, chopib kelib ayaning yuziga tumshuq urib, uzun uv tortib yubordi. Uning ulishi yuragimni sovuq g‘ijimlab, ko‘z oldimni xiralashtirib tashlaganidan hech nimani aniq ilg‘olmay qoldim. Nahotki, nahotki, tilsiz jonivor ham g‘amni uqsa, odamzot tashvishiga sherik bo‘lsa?
Uy ichidan shoshib chiqqan kelini Olima opa kela solib, qaynonasiga yopishdi.
– Onajon, nima bo‘ldi? Ko‘zingizni ocha qoling, jon onajon, qo‘rqitmang.
Olima opa mening qaqqayib turganimni endi ko‘rgandek, g‘alati qaradi. Ammo qaynonasining qo‘lidagi xatga ko‘zi tushdi-yu, shoshib qatini ochdi. Xat sirtida yugurgan ko‘zlari g‘azabdan, alamdan qisilib ketdi.
– Voy-dod!.. Dadajonisi, da-da-a…
Qaynonasining yoniga shilqillab tushgan muallima opaning qarshisiga qanday yurib borganimni bilmayman. Tuproqda tangadek iz qoldirib borayotgan qo‘ltiqtayog‘imni bir yonga kergancha engashdim. Ko‘ppak cho‘kkalab olgancha hamon tumshuq cho‘zib uvlaydi. Beixtiyor bir muddat ko‘z tashladim. Ko‘z tashladim-u, itning ko‘zlaridan shoshqator oqqan yosh tomchilariga dovdirabroq tikildim. Xayolimni og‘ir xirillagan tovush chalg‘itib, qaynona-kelinga achinib qayrildim. Bo‘ynimdagi og‘ir sumka qirg‘og‘i bo‘ksamga silkingancha qattiq urilganigayam parvo qilmay, yolborishga tushdim.
– Opa, o‘zingizni qo‘lga oling…
Qulog‘im ostida qo‘qqis qiy-chuv turganidan gangsib, birpasda qaydan paydo bo‘lib, chirqilashga tushgan shuncha xotin-xalajga javdiragancha qoldim.
– Voy, qora xat jo‘natgan qo‘ling sinsin-a…
Muzdek bir nima vujudimni tilimlaganidan qaltiragancha o‘rnimdan qanday qo‘zg‘olganimni, har yerimdan bo‘zlagancha chopqillab o‘tayotgan yosh bolalarni qanday oralab, yo‘limga shoshib tushib olganimni bilolmay qoldim. Ammo qulog‘imga “shumqadam” degan ta’nali hayqiriq chalinganidan yuragim o‘yiqlarga to‘lib ketdi. Shu tahlitda bir muddat o‘rnimda qotib turdim-u, qo‘ltiqtayoqni yerga qattiq-qattiq urgancha uzoqlashdim. Xatlarning biri quvonch tirikligini bersa, biri motam soyasini yoppa yopaverishi jonimni o‘tmas pichoqda birdek tilimlaydi.
Eshikdan xavotirli mo‘ralab chiqayotganimni, odamlarga allaqanday yoqimsiz ko‘rinayotganimni zimdan ilg‘ay boshlaganimdan beri, go‘yo belim bukchayib, ko‘zlarim hissiz boqayotgandek tuyuladigan bo‘lib qoldi. Go‘yo yelkamning birida xushxabar, birida g‘am-anduh tashiyotgandek bo‘laman. Xuddi odamgarchilikdan uzoqlashib, faqat odamlarga tashvish ulashayotgandek sezaman o‘zimni. Rosti, odamlar mendan hurkiydigan, qo‘rqadigan bo‘lib borayotganini keyinroq angladim. Meni uzoqdan ko‘rishlari bilan oyoq-qo‘llari shalvirab, go‘yo balo-qazo qarshisida qaltiroqqa tushib qolgandek iyaklari muttasil titrayotganiga ko‘zim tushgan chog‘, mung‘ayib qoladigan bo‘ldim.
Borib-borib yomon bir qiliq chiqardim. Bilmadim, bu yaxshilikkami, yomonlikka edimi, yo o‘zimni shumqadam sanashlarini istamay qildimmi, xullas, bilishniyam istamasdim. Bir nechta qora xatlarni yashirib qo‘yganim, go‘yo atay ko‘zlarimga biroz iliqlik ilintiradigan g‘alati qat’iyatlikni paydo qilgandek edi. Biroq, biroq bu bilan kimni, kimlarni, yo o‘zimni aldayotganimni farqlolmasdim. Ammo…
Ammo qishdan bir amallab chiqilgan paytlar, odamlarning tut pishig‘iga intizor ko‘z tikkan pallalari edi. Shu kungi xat-xabarlarni charm sumkaga saralab solayotgan joyimda yuragimni zirillatgan qora xatga ko‘zim tushdi-yu, shoshib ko‘z yugurtirdim. Birdan hayqirib yuborganimni o‘zim ham bilmay qoldim. Bu achchiq hayqiriq go‘yo yurak-yuragimni ildiz-pildizi bilan sug‘urib olgandek otilib chiqdi.
– Ah, ukajon, ukajonginam-a!..
Birgina omon qolgan oyog‘im pol ustida paxta bosgandek bir-ikki siltanib, qadamini topolmadimi, muvozanatimni tutolmay qoldim. Gursillagan tovush qulog‘imga elas chalinishi asnosida boshim bir nimaga qarsillab urilganini keyinroq sezdim…
Bir mahal ko‘zlarim xiyol ochilgandek, hushimga biroz kelgandek bo‘ldim-u, qayerda yotganimni angladim. Chang bosgan derazadan tushib turgan shomgi zulmat chog‘roqqina xonaga hukmronlik qilgandek hech nimani ilg‘atmas, faqat ko‘kka endigina ko‘tarilishga tushgan olisdagi oyning bir tutam nurini kaftida g‘ira-shira tutgandek edi. Rosti, turgim kelmas, nafas olishniyam istamas, nuqul piqillab yig‘lardim, xolos. Bo‘g‘iq yig‘i bo‘g‘zimni yirtgudek to‘liqtirib-to‘liqtirib tovush uradi. Go‘yo bir ko‘rpa ostida katta bo‘lgan ukamning, ukajonimning bo‘yini dimog‘imga uradi.
– Ukajon, ukajonim-a… Onamga, onamga nima deyman? Onamning chidolmasligini, ko‘tara olmasligini bilarding-ku!..
Qayerga qarsillatib musht urdim, bilmayman. Ammo eski stol ustidagi shisha dovot ichidagi peroli ruchka bir qalam siqqulik gardishida uch-to‘rt bor qitirlab aylangancha, dirillab to‘xtagani qulog‘imga chalinganini angladim, xolos.
Yo‘lda ketayapman-u, xuddi zulmat qo‘ynidan bosh ko‘targan qora xat olgan bir to‘p odamlar g‘amgin boqib turgandek, yurak-yuragimga og‘riqlar sanchildi. Qo‘ltiqtayoqni mahkam siqimlagan qo‘lim musht tukkan. Qaniydi, qaniydi o‘sha mal’un fashist yonimda bo‘lib qolsa-yu, istehzoli kulib turgan basharasini yanchib tashlasam. Nimadir ich-ichimdan qo‘qqis toshib keldi-yu, tun zulmatini yorib atrofga taraldi.
– Hah, gazanda fashist!.. O‘ldiraman! O‘ldiraman hammangni!..
Hovliga kirib kelayapman-u, gimnastyorkamning ichki cho‘ntagida bir qorindan talashib tushgan ukamning, ukajonimning taqdiriga qo‘yilgan nuqta – qora xatning changali yuragimni qattiq siqimlagan, sira qo‘yvormas edi. “Yo‘q, – deyman o‘zimga-o‘zim. – Onamga o‘la-o‘lgunimcha bildirmayman. Mayli, bir umr ukamni kutib yashasin, umidi so‘nmasin”.
Shu payt kimdir zorlanib shivirlagandek bo‘ldi. Shoshib atrofimga alangladim. Hech kim yo‘q. Bilsam, o‘zim ekanman.
– Onajon, jon onajon, meni kechiring, shumqadam o‘g‘lingizni kechiring…
2020 yil, 18 aprel