Tashqarida yovvoyi shamol chiranib guvillaydi. Derazaga yaqin bo‘y cho‘zgan qora gilos shoda-shoda mevalarini hovuchida siqimlagancha shoxlarini olib kelib, oyna yuzlariga urmoqni ko‘zlaydi. Shashtidan qaytadimi, ketiga bosh olib, kaftlarini keng yozadi. Mevapari marvariddek tovlanib ketadi. Shu daf’a yeru ko‘kni bir-biriga urgudek vajohatda qarsillatib chaqmoq o‘t chizadi-da, chol-kampirning ezg‘iq o‘y-xayollarini to‘zitib, uy ichiga olovdek oqib kiradi. Oqib kiradi-yu, tokchadagi gulli patnislarga mungli nolalarini tezgina chertib, ojizgina so‘nadi. Aksiga olib, yomg‘irning ham o‘pkasi to‘lib ketadi. Oyna sirtiga cho‘tir-cho‘tir un to‘kib birpas turadi-da, birdan shoshqator yosh to‘kib, tashqari manzarani qing‘ir-qiyshiq tasvirlarda chizmoqqa kirishadi. Xuddi o‘chakishgandek chiroq ham o‘chib qolgan. Asr vaqti bo‘lganligi bilan tashqari tugul uy ichi ham noxush nimqorong‘ulikni o‘ziga singdirgan. Bu esa chol-kampirning ko‘ngliga allaqanday g‘amginlikni, g‘ashlikni indirib qo‘yganmi, vazmingina o‘yga tolishgan. Bir navi ichki kechinmalarini bir-birlariga sezdirib qo‘yishdan cho‘chishadi. Bir-birlarini zimdan avaylashadi. Ikkisining xayoliy nigohlari katta qizlarida. Tong sahar kuyovlari rov kirib, Shamsiyani tug‘ruqxonaga eltib qo‘yganini, boya esa ul-bul olib, o‘sha yoqqa ketayotganligini aytib o‘tgandi. Kampiri ergashmoqchi bo‘lgandi, chol ko‘nmadi. Havoning avzoyi buzuqligini, urinib qolishligini pisanda qildi. Kampirning dili og‘ridi. Choliga bir-ikki norozi qarab qo‘ydi-da, joyiga cho‘kkancha jimgina qoldi.
– Onasi, dorda kir-piring yo‘qmidi ishqilib. Yana shamol uchirib tashlagan bo‘lsa, yomg‘irda loyga belanib, shiltasi chiqib ketmasin. Yo o‘zim bi-ir tashqarilab kelayinmi? Belini yostiqdan uzgan chol hamon devorga suyanib, bir hovuchgina bo‘lib mung‘aygan kampiriga ko‘ngil ochib, atay chalg‘itmoqchi bo‘ldi. Eh, xomkalla, kuyoviga qo‘shib jo‘natvorsa nima edi-ya? Mana endi qizining tashvishida ko‘milib, ichdan ezilib o‘tiribdi sho‘rlik.
Kampir ko‘z tikkan nuqtasidan nigohini asta uzdi. Choliga entikibroq mo‘ltiradi.
– Boya shamol tutoqmasidan Zulfiyangiz yig‘ishtirib olgandi,-dedi siniqqina tovushda. So‘ng noligan bo‘ldi. – Chiroqning bemavrid o‘chganiyam dardisar bo‘ldi. Shamolning tobora quturishi undan. Ayni shu kunga kelib o‘chakishganini qarang. Yaxshiyam yomg‘ir aralashib turibdi shashtini qaytarib, yo‘qsa…
Cholning xayoli Zulfiyaga ketib, yuragi uvushdi. Shu qizigayam jabr bo‘ldi. Sho‘rlikning bag‘ri sira bola quchoqlamadi. Bir kam dunyo ekan-da! Shu topda sobiq qudasining ta’nalarini eslab, dili battar vayron bo‘lib ketdi. “O‘g‘lim tirnoqqa zor bo‘lib besh yil yashadi, quda. Bas-da endi. Ayb qizingizda ekan-ku axir. Bu yog‘iga xafa bo‘lmaysizlar. Teng-tushlari allaqachon bag‘ri bozor bitgan, bu esa…” Na iloj, har kimning ham o‘ziga yarasha orzu-havasi bor. Mayli, boshga tushganni ko‘z ko‘radi. Er-xotin o‘rtasida zanjir bo‘lmaganidan keyin qiyin-da! O‘zlarining boshlaridan ne kunlar kechmadi-yu. Bir emas, ikki emas, yetti dilbandni birin-ketin tuproqqa berishdek yo‘qotishlikdan o‘zga azoblar bor ekanmi bandasi uchun? Chalajon tug‘ilsa epini qilib bo‘lmas ekan-da. Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, deganlaridek, qishloqlaridagi keksa tabib kampir xayollarigayam kelmagan ekan. Shunga ixlos bilan boqtirishgach, mana shu ikki qizlari bag‘rilarini opichishdi. Hayyo-huyt, bungacha ko‘rgan kunlari… Ta’nali, ma’noli nigohlarga qalqon bo‘laverib, ado bo‘lganlari…
Mana, shu kenja qizining ko‘ch-ko‘ronini ko‘tarib kelinganigayam oy to‘libdi. Shundan beri bir mundoq qovog‘i ochilmaydi sho‘rlikning. Rangi bir ahvolda. Go‘yo kundan-kunga so‘lib borayotgandek mahzun. Ishiga boradi-keladi. Uy yumushlariga unda-bunda aralashgan bo‘ladi-yu, xonasiga kirib ketgancha ko‘miladi-qoladi. Chol-kampirning bundan damlari ichiga uradi. Ko‘ngil ovlaydigan biror so‘z topolmay, kalovlanishadi. Ha, taqdiri azal shu ekan-da! Undan qochib, qaygayam borardi bandasi. Iloj tang.
Yomg‘ir tinib, shamolning jazavasi battar qo‘pdi. Allaqayerda nimadir qattiq taraqlab, nimadir qarsillab sindi. Ko‘cha eshigining bir qanoti zulfidan bo‘shab, g‘iyqillab g‘ashga tega boshladi. Iltijolarga xayolan ko‘milgan kampir beixtiyor hazin shivirladi.
– Ko‘pning qatorida eson-omon qutulib olsin-da iloha. Ichki kechinmalarini oshkor qilib qo‘yganidan ilkis hushini yig‘ib, cho‘chibgina choliga mo‘ltiradi. Uning bee’tibor o‘yga tolganini payqab, chuqur tin oldi. Mung‘ayib o‘tiraverishi o‘ziga malol keldimi, inqillagancha o‘rnidan qo‘zg‘oldi. – G‘iyqillamay qolgurga bir nimani tirab kelmasam bo‘lmaydi shekilli. Yo‘l-yo‘lakay govmishgayam xashak tashlab o‘taman.
Cholning xayoli bo‘linib, bosh qayirdi.
– Tambalab qo‘ymagin tag‘in. Kuyoving kelib qolgudek bo‘lsa, ranjib yurmasin har xayolga borib. Yuziga ters yopgandek gap-da!
– Tambalab esimni yebmanmi, dadasi.
– Mayishib, tob tashlagan eshigingga biram joning achiydiki. Ishqilib, shamol chirt uzib, varrak qilmasa edi.
– Unaqa demang, dadasi. Bu eshik muqaddas men uchun. Shu eshikdan paranjiga chirmalib qadam qo‘yganim kechagidek esimda. Ostonasi barakali, xosiyatli, bilsangiz. Tilim qichigan paytda bilib-bilmay bir nimalar deb qo‘yaman-da, dadajonisi.
– Zap topib gapirasan-da, onasi. Sen, yaxshisi, ovqatingga unna! O‘zim uddalab kelaman aytganlaringni!..
Chol o‘rnidan qo‘zg‘olib-qo‘zg‘olmay, hovlidan allakimning achchiq hayqirig‘i quloqqa chalinib uzildi. Chol-kampir quloqlariga ishonolmay, sergak tortishdi. Bir-birlariga ranglari o‘chgancha mo‘ltirab olishib, derazadan tashqariga alanglashdi. Shu lahza xona eshigi shahd ochildi-yu, avval shamolning etni junjiktiruvchi sovuq izg‘irini aralash yomg‘irning namxush isi yopirilib kirib, uy ichini qo‘porgudek xunukkina kezdi. So‘ng sochlari to‘zg‘igan, ko‘zlari dahshatdan baqraygancha dag‘-dag‘ qaltiragan Samig‘jon ostonada paydo bo‘ldi. Alamli tupuk sachratgancha o‘krab yubordi. Mushtlari tugilib, og‘riqli hayqirdi.
– Ayrilib qoldim, ayrilib… Endi-i nima qilaman, dada-a!..
– A?.. Kimdan?..
* * *
To‘lg‘oq azobi Shamsiyaning tinkasini anchayin quritib tashlagan. O‘qtin-o‘qtin turgan zo‘riqishli og‘riqdan arang nafas yutoqib, og‘ir entikkancha shivirlaydi.
– Ayajon, vo-oy jonim… Qiynalib ketayapman-ku, ayajon, qiynalib… Quruqshagan lablarini qattiq qimtib, tishlarida bosadi. Go‘yo shu bilan og‘riq cheklangandek tuyuladi. Biroz o‘tib, bu ham qanoatlantirmaydi. Yana iltijolarga og‘iz ochadi.- Qayerdasiz, ayajon…
– Sabr qilgin, qizim. Hozir hammasi o‘tib ketadi. Oz qoldi. Faqat o‘zingni qo‘lga olsang bas. Bunaqangi savdolarni ikki bor boshingdan kechirgan ekansan-ku!
Doyaning daldasi Shamsiyaning qulog‘iga kirmaydi. Qo‘rquvdan katta-katta ochilgan ko‘zlari najot izlagancha atrofga iltijoli alanglaydi. Do‘xtirlar bekorga aytishmagan ekan-da, o‘zingizni ortiq qiynamang endi, deb. Yurak xuruji bunaqangi qaltis paytda pand berishini ishora qilishgan ekanu, orzu-havasi ustun kelib… Mana endi ming azoblarda o‘zining joni tilimlanib yotibdi. Doyalarning harakatlaridagi va ko‘zlaridagi besaranjomlik ham uni yanayam sarosimaga solib qo‘ydi. Qani edi manavi savil qolgur og‘riqlar tugul yurak xuruji ham bir zum bo‘lsa-da tinim topa qolsa ekan. Qaytangga zo‘r berib avjiga minayapti.
Bir mahal tashqarida o‘tli chiziqlar tortib, kuchli shamol yeru ko‘kni boshiga ko‘targudek vahima solgancha qarsilladi-yu, Shamsiyaning yuragini yorvorayozdi. Qiyomat qo‘pgan kabi ko‘rindi ko‘ziga. Shu sabab bo‘ldimi, u qattiq cho‘chib, og‘ir to‘lg‘ondi. To‘lg‘ondi-yu, birdan jon achchig‘idagi chinqirig‘i ojiz nolalarga qorishib xonani tutdi. Peshonasi jiqqa terga botgan Shamsiyaning ko‘zlari cheksiz quvonchdan bir porlab, yuziga iliqqina shukronalik tabassumini balqitdi. Shu hayajonli entikish uning vujudini bir lahzagina chulg‘ab turdi-da, negadir so‘nishlikka yuz tuta boshladi. Uning tomir urishini muttasil kuzatib turgan hamshiraning ko‘zlari jiddiy xavotir – ro‘y berishi mumkin bo‘lgan ayanchli hodisani oldindan sezgandek katta-katta ochildi. Rangi qum o‘chgancha sarosimaga tushib qoldi.
– Nima bo‘ldi? Hamshiraning nigohi nuqtasiga, so‘ng esa Shamsiyaning so‘nib borayotgan yuziga bosh doyaning ko‘zi tushgach, o‘zini dadil qo‘lga oldi. Hamshiraning hushini yig‘dirish maqsadida uning bilagidan siltab tortdi, -Hushyor bo‘l! Yurakni ishga solish kerak, yurakni!..
Shamsiya hozirgina yuz-ko‘zida balqigan ajib bir tabassumni qayta jonlantirishga uringan kabi lablarini asta juftlab yoymoqqa hozirlangandek tusda yengil tin oldi… Chaqaloq esa zulmat qa’ridan qayoqdagi serg‘alva dunyoga yuz tutiboq, beshafqat hayotning achchiq zarbasiga duch kelganini idrok etgandek zardali, ammo dardli zorlanishga tushgandi…
* * *
Go‘dakning ko‘z ochishi, onaning ko‘z yumishi o‘rtasidagi topish va yo‘qotish masofasi Samig‘jonni qo‘qqis esankiratib qo‘ydi. Oppoq matoga yo‘rgaklangan o‘g‘ilchasining, ayajonimni topib bersanglar-chi, degandek tinimsiz chirillashlariga dosh berolmay qoladi. Oppoq kafanga o‘ralgan Shamsiyasi ko‘z oldidan sira nari ketmaydi. Shunda jon-joni azoblarga yo‘g‘rilib qiynaydi. Yonib-kuyib iltijolar qiladi. Shamsiyaning bosgan izlarini izlaydi. Qidirgan sayin topolmaydi. Topolmagach, yurak-bag‘ri ezilib-ezilib ketadi. Bu yolg‘onchi dunyoning achchiq qismatlaridan og‘rinib noliydi.
Chaqaloqqa-ku shu qishloqning o‘zidan enaga topila qoldi. Yormat tandirchining ayoli ko‘payishgan ekan. Umring ziyoda bo‘lgur, taysallamay rozi bo‘la qoldi. Endi qo‘shni ayolning kun-tun aytadigan allalari ko‘kaldoshlarning quloqlariga mayin quyilib, orom berishga tushdi. Shunaqa mahalda qo‘shnining jon qo‘shniligi bilinib qolarkan-da. Bo‘lmasa Yormat tandirchining qo‘li qisqaligidanmi, birov unchalik mensish muomalasida bo‘lmasdi. Farishtali odamlar ekanu! Faqir odam panada, deganlari shumikan?
Ammo manavi ikki norasidasi uzukkun ayalarini izlab, murg‘ak yuraklari elakka tushgandek ko‘zlarida mung betinim izg‘iydi. Samig‘jon dod deb yuboray deydi. Ko‘p ko‘rdi, juda ko‘p ko‘rdi qizchasining Shamsiyaning ko‘ylaklariga bosh qo‘ygancha zorlanib-zorlanib bo‘zlashlarini. Yig‘lab-yig‘lab mudrab qolganligini. Shunda yupatmoqlikka o‘zida na quvvat topa oldi va na jur’at. Qizchasi-ku endigina maktabga qatnab qolgan, lekin undan keyingi o‘g‘ilchasi hali bog‘cha bolasi. Hammasidan shunisiga qiyin bo‘ldi. Uyqusidayam onasini tinimsiz izlaydi, o‘ngida ham. Hovli ostonasidan beri kelmaydi. Hanuz yo‘l poylaydi. Borib-borib bog‘chasidan ham oyoq uzdi-qo‘ydi.
– Dada, ayamlar qachon keladilar? Aldab ketmadilarmi ishqilib? Ayta qoling, jon dadajon, – deydi o‘pkasi to‘lgancha xo‘rligi kelib.- Yuring, o‘zimiz olib kelaylik bo‘lmasa. Ayamlarni sog‘inib ketdim, yuring!..
Samig‘jon esankiraydi. Taqdir sinovlarining bu qadar shafqatsizligiga daf’atan duch kelganidan hanuz o‘zini tutib ololmaydi. Go‘yo bu yo‘qotish uni bir qadar ulg‘aytirib, ham bir qadar yosh bolaga aylantirib qo‘ygandek edi. Boshiga musibat tushgan odam yaxshi gapning gadosiga aylanib qolarkanmi, Samig‘jon ham noxush xabarlardan, sovuq gaplardan tamom yuragini oldirib qo‘ygandi. Hatto bundayin taqdir dushmanining ham boshiga tushmasligini istaydi. Hordig‘i kuni edi shekilli. Katta ammasi jo‘yali o‘yini uning oldiga ko‘ndalang qildi-yu, battarroq dovdiratdi-qo‘ydi…
* * *
Dasturxonga fotiha o‘qilgach, Zulfiya yig‘ishtirishga tutindi. Chol o‘rnidan qo‘zg‘olarkan, kampiriga qovoq uyib, ma’noli im qoqdi-da, mol-hol qarovini vaj qilib, og‘ilxona tomonga yo‘naldi. Kampir qizining harakatlariga zimdan ko‘z tashlarkan, ich-ichi ezilib ketdi. Og‘ir so‘lish olib entikdi. Qanday aytadi? Qandoq tushuntiradi? O‘zining tashvishi ortib turganida bu iltijolarini, bu yukni ko‘tara olarmikin? Ehtimol, manavi norasidalarning taqdirlarini o‘ylab rahmi kelar, yuragi achir. Aslidayam shularning g‘amini yeb, shularning tashvishlarini tortib, shu yo‘lni tutishayapti-da tavakkal qilib. Kuyovi Samig‘jonning ammasi shu gapni topib kelmaganida bu ishlar yetti uxlab tushlarigayam kirmagandi. Hatto xayollarigayam kelmagandi. Axir, bu sho‘rliklarga ona kerak-ku, ona. Ona bo‘lganda ham… Kampir og‘ir xo‘rsindi. Endigina oshxonaga yo‘l olayotgan qizini cho‘chibgina to‘xtatdi.
– Zuli, shoshma qizim. Biroz o‘tirsang-chi bir mundoq.
Zulfiya ayasining yuzidagi iztirobga taajjublanib tikildi. Qiziq, ayasi nima uchun ko‘zlarini bu qadar olib qochmasa? Yo yana har galgidek dalda bermoqchimikin? Eh, to‘yib ketdi-ku axir bu kabi xilma-xil tasallilardan. Yetar endi! Nima, yosh bolamidiki angraygancha tinglab o‘tiraversa! Peshonasining sho‘rligi oz emasmi?! Bu kabi dalda, tasallilar bir nimani o‘zgartirib, do‘ndirarmidiki, qayoqdagi nasihatlarni yelkalab kelishaversa ekan. Nahot anglashmasa bu urinishlari bilan ko‘ngliga darz berayotganliklarini?! Zulfiya ayasining yer suzib, mahzun boqishidan qandaydir yashirin ma’no yotganligini uqdi. Yuragi achidi. Sho‘rlik onasigayam oson emas. Bir yoqdan musibat, bir tarafdan g‘am-tashvish. O‘zining baxti ochilmaganligi ham ota-onasining rangini so‘ldirdi. Bu rost. Mana endi chol-kampir bir-birlariga termulib o‘tirishibdi.
Kampir quchog‘iga bosh qo‘ygan nevarasining sochlarini avaylab silarkan, hamon o‘zi tomon bezovta tikilib qolgan qizini go‘yo unutgandek, og‘ir sukutda yana bosh solintirdi. Ammo ichki isyonlardan yana qiynalib, qaddini rostladi. Ko‘zlari yer uzra javdiragancha hazin shivirladi.
– Boshga tushganni ko‘z ko‘rarkan-da, qizim…
Zulfiya sergaklandi.
– Biror nima bo‘ldimi, aya.
Ona bu xavotirni kutmaganidan bir seskanib oldi. Gapni nimadan boshlashni bilolmay, yana xayollari chuvalandi. Qanday tushuntirsa ekan? Ishqilib, o‘z yog‘iga qovurilib turgan bu qizginasi to‘polon ko‘tarib qolmasmikin? Hah,a, biror yaqinlarini o‘rtaga solsa bo‘lmasmidi-ya! Onaning tili aylanmasa-da, biroq dildan iltijolar qilib, qizining ko‘nglini ortiq yaralamaslikka urinadi. Ammo-lekin oldidan bir o‘tmoq darkor. Manavi jujuqlarga qiyin bo‘lmasin zinhor.
– Hech nima bo‘lgani yo‘q. qizim. Tabassum qilmoqqa urindi kampir. Biroq labi bir tomonga tortib ketganidan ichki hissiyotlarning alomati qayta mahzunlik indirdi. Og‘ir yutoqqancha yana siniq shivirladi. – Shu jiyanlaringning g‘amini yeb… Hozir bularga boshlarini silaydigan onaizor kerak-da, qizim. Rahmatli opangning umri qisqa ekan-a, qisqa ekan. Uchala polaponini tashladi-yu… U ortiq chidolmadi, uv tortib yubordi. Shu alpozda yig‘i aralash davom etdi. – Sho‘rliklarning ahvolini qaragin. Manavi go‘dakni bugun pochchangning ammasi qoldirib ketdi. Bularni ko‘rgan, o‘ylagan sayin yuragim ezilib-ezilib ketayapti, Zuli qizim. Keksaygan chog‘imizda bu mushkulotlar peshonamizga yozuqlik ekan. Bandasi bilmas ekan-da ne bitilganini… Biroq bir nimadan qo‘rqaman, qizim. Bu norasidalar begonaning qo‘liga o‘tib qolsa, hollari ne kecharkin? Shu bizni qiynab yotibdi, shu! Opangning ruhi chirqillab qolayozdi busiz ham. Har kun kapalagi bezovta tortib kelayapti. Dilbandlarining diydoriga to‘ya olmay, xonalarni gir aylanmb-aylanib betoqat bo‘layapti… O‘ylay-o‘ylay dadang bilan maslahatlashib, sening roziligingni olaylik deb…
– A?! 3ulfiya ilon chaqqandek sapchib ketdi.- Esingizni yedingizmi, aya.
U chirt o‘girildi-yu, jonholatda xonasi tomon otildi. O‘zini to‘shakka tashlagancha o‘krab yubordi. Bu nimasi, o‘lganning ustiga tepganmi?! Eshitgan quloq nima deydi? Yo shuncha ko‘rgan achchiq kunlari kammidi?! Erining ko‘zlaridagi ma’yusliklarga dosh beraverib qiynalganlari ozmidi?! Qaynona-qaynotasining ilmoqli ta’nalariga qalqon bo‘laverib, har tongni zahar yutgandek qarshilaganlari yetmasmidi?! Har bandaki o‘z boshidan kechganlarini o‘zi bilarkan, xolos. O‘zga uning zahrini totmaganligi uchun ham tandard bo‘lolmas ekan. Hatto ota-onang ham, yaqin jondoshlar ham hech qachon malham bo‘lolmasligini anglab turibdi-ku! Qolaversa, o‘zi ham birovga ruhan, ham jismonan madad bo‘lolmasligini bilib turibdi. Mana, opasining dardiga malham bo‘lolmadi-ku axir. Nima uchun bu hayot deganlari bunchalar chigal bo‘lmasa? Kimlar uchun yaralgan o‘zi bu dunyo? O‘z onasining tilidan uzildimi shu gaplar? O‘z pochchasiga-ya?! Yo‘q-yo‘q, undan ko‘ra o‘lgani yaxshi emasmi? Nahot, hali opasining tuprog‘i sovumay turib… Kerak emas, sira kerak emas. Mayli, juda ortiqchalik qilayotgan bo‘lsa, bosh olib chiqib ketaveradi. Boshpanasiz qoladigan zamon emas. Tavba, kattalar ham g‘irt ahmoqqa aylanadigan paytlar ham bo‘larkan-a!..
Zulfiya yum-yum bo‘zlagancha achchiq azoblarda to‘lg‘onarkan, bir mahal dahliz tomondan jiyanining hiqillagan yig‘isi qulog‘iga chalingandek bo‘ldi.
– Xolajon, tirsagim yomon og‘riyapti, qarang.
Zulfiya achchiq qilib yotavergisi keldi-yu, negadir shu jiyanini jonidan ortiq suyganligidan beparvo bo‘lolmadi. Yostiqdan bosh uzib, dahliz tomonga qaradi. Qaradi-yu, sapchib oyoqqa qalqdi. Ilgakdagi dokani apil-tapil yulqib, hamon tirsagini ko‘kragiga bosgancha piqillayotgan jiyani sari shoshdi.
– Nima bo‘ldi? Kim urdi seni?! U cho‘kkalagancha Asilbekning tirsagidan silqib oqayotgan qonga dokani bosdi.- Kim urdi deyman?! Qaysi iymonsiz shu zaylga soldi, sen norasidani?! Kelib-kelib sendek yetimchaga kuchi yetdimi?..
“Nima-a?! Nima dedi?! “Etimcha” dedimi?! Kim yetimcha? Nimalar deyapti o‘zi?! O‘z jiyanini shunday deyaptimi, nahot?! Yo‘q-yo‘q, tavba keltirmasa bo‘lmaydi. Namuncha og‘riqlar bermasa ekan shu birgina mudhish so‘z! Birovlar tomonidan aytilgandayam bir navi edi. Mana endi u anglab yetib turibdi ayasi nima uchun shu qorako‘zlarning taqdirini begonaning qo‘liga topshirib qo‘ymaslikka tirishayotganligini. Nahot taqdirida hayot hazilining shu kabi qirrasi ham peshonasiga bitilgan bo‘lsa? Nahot, shu bolajonga o‘zi…”
Asilbek uning jon kuydirishidan battar xo‘rligi keldi. Entikib-entikib kulcha yuzidagi yosh tomchilarini mitti kaftchalari keti bilan sidirdi.
– Tandir ustidan yiqilib tushdim. Tomga chiqmoqchiydim…
Zulfiya og‘riqli o‘ylarini kesib ajablandi.
– Voy, u yerda nima bor ekan, bolajon. Qaragin, oyog‘ing ham shilinibdi. Ishqilib yomon yiqilmadingmi?
Bolaning o‘pkasi to‘lib ketganidan nafasi qaytdi. Najot kezingan ko‘zlarini xolasiga tikdi. Uning nigohidagi chuqur mungni ilg‘agan Zulfiyaning yuragiga behisob sanchiqlar yog‘ildi.
– Ayamlar kelmayaptilar-ku, xolajon. Bola endi o‘krab yubordi.- Tomdan ularni qaramoqchiydim…
– A?! Zulfiya esankirab qolayozdi. –Mittigina joning namuncha ezilmasa ekan-a?..
Shu topda Asilbek ortiq chidolmadimi, uning bilagidan tortqilagancha kuch bilan siltadi.
– Yuring, xolajon, ayamlarni olib kelaylik. Yura qoling!..
Zulfiya dod deb yuboray dedi. Jonholatda jiyanini bag‘riga yanayam mahkam tortgancha to‘lib-to‘lib, o‘ksib-o‘ksib ko‘z yosh to‘kishga tushdi. Nima desin? Qanday ovutsin? Bolakayning “ayajon“lab og‘riqli zorlanishlari namuncha yurakni o‘yib-o‘yib tashlamasa? Shunda u bu norasidalarga haqiqatan ham ona zarurligini yurak-yurakdan yanayam chuqur idrok etdi. Idrok etdi-yu, dimog‘iga go‘dak isi aralash ajib bir taft urilib, boshi bexos aylanib ketayozdi. Oh, bu bo‘ylarni, bu iliqbaxshlikni yillab kutmaganmidi? Orzular qilmaganmidi? Ming malomatlar iskanjasida azoblanib, achchiq-achchiq xayoliy hasratlarga ko‘milmaganmidi? Bunchalar yoqimli bo‘lmasa ekan bu go‘dak diydori. Namuncha jonni o‘rtamasa, huzur bermasa ekan?..
Zulfiya Asilbekni bag‘ridan bo‘shatgisi kelmay, uzoq turib qoldi. Shu topda ko‘z o‘ngida erining qiyofasi jonlandi. Uning ko‘zlaridagi qahrni uqqan Zulfiyaning qulog‘iga go‘yoki kechagidek aytilgan tarsaki so‘zlar jaranglab aylandi: “Boshim bir umr xam bo‘lishini sira istamayman…” Zulfiyaning ko‘z oldi birdan qorong‘u tortib ketdi. Ichki isyon tomog‘iga bir nimani qadagancha to‘lg‘ontirib yubordi. Bexos og‘riqli ingradi. Yuragi bu achchiq tug‘yonlarga ortiq chidam topolmadimi, o‘z bo‘zlashlarini mijja qatlariga yo‘lladi. Xayolan opasining ruhiga iltijolar qilmoqqa tutindi: “Yurak-bag‘rim kuyib ketayapti-ku, opajon. Nahot, bu taqdirlarimiz bunchalar chigal tushmasa ekan? Ne-ne orzu-umidlarimiz bor edi-ku! Ayt o‘zing, nima qilay, nima qilay? Chorasiz qoldim, jon opajon…”
– Ayamlar bu yerdayam yo‘q ekanlar-ku, xolajon. Katta ammam meni aldab qo‘yib ketibdilar-da,a? Yuring, yura qoling, o‘zingiz ayamlarga obora qoling…
Zulfiya Asilbekni bag‘riga yanayam mahkam bosdi. Bexos uv tortib yubordi.
– Men borman-ku!.. Mana, men borman-ku, bolajon…
2001 yil