Ozod esankirab qolayozdi. Qaynotasining bunchalik tuban ketishi, hatto ko‘zining paxtasi chiqqudek olayib, qo‘lini bigiz qilgancha o‘shqirgani uning izzat-nafsini junbushga keltirib, ayovsiz sanchiqlarga belab tashladi. Nahot bir oilaning taqdirini shunchalik sayoz, shunchalik yengil hal etayotgan bo‘lsa? Nahot ikki norasida tirik yetim bo‘lib qolaversa?..
– O‘v, kuyov bola, juda mard bo‘lsangiz, qani, qizimning ko‘ch-ko‘ronini opkelib qo‘ying-chi! Ana shunda ko‘ramiz erkakligingizni!
– O‘ylab gapiring, dada. Axir go‘daklar taqdiri…
– Dada demang meni! Qani tursinlar! Bugundan boshlab bu uy sizga begona.
– A?… Axir…
Qaynotasi, gap tamom, degandek dast o‘rnidan turdi-da, supadan ildam tushib, ichkari uyga kirib ketdi.
Ozodning joni o‘ziniki bo‘lmay qoldi. Najot izlagandek atrofga olazarak boqadi. Lekin kimdan panoh izlayotganini o‘ziyam bilmaydi, bilolmaydi. Supaning bir chetida boshi yerga tekkudek mung‘aygan qaynonasidan najot tilanayaptimi, yo ayvon ustuniga orqa berib yum-yum yig‘layotgan anavi Qumridanmi? Kimdan?! Axir shu chigal azoblarga giriftor qilgan shu Qumrining o‘zi-ku! Shundan shafqat izlayaptimi? Vo, ajab, nega u yig‘layapti? Nima uchun bunchalik kuyunib ko‘z yosh to‘kayapti? Ozod unga angrayib qoldi. O‘zining pushti kamaridan bino bo‘lgan qorako‘zlarini ko‘rsatishmadi. Alam qildi. Alam qilganda ham yomon alam qildi. Qani ular? U bolalarini orziqib qo‘msadi. Ko‘rgisi, bag‘riga bosgisi keldi. Axir bir haftadan beri ko‘rganicha yo‘q. Sog‘inch o‘ti butun jismini qoplab, cho‘g‘ga tashladi. Og‘zini ochdi. Ochdi-yu, so‘rolmadi. Boya so‘roqlaganida ham hech kim javob qilmagandi. Alami battar toshdi. Bazo‘r nafas yutdi. Namuncha nafas olish ham qiyin bo‘lmasa, a? Shunda uning tinmay gupurayotgan qonining har bir tomiriga shaytoni la’in vas-vas solib, miyasiga qadar tepchitdi-yu, bir zumda aqlini kishanladi-qo‘ydi. “Ie, hali men nomardmanmi?! Hali men birgina mashinaga yuk bo‘ladigan ko‘ch-ko‘ronini keltirib tashlashga qurbim yetmay qoldimi?!“ Uning tinmay titrayotgan oyoq-qo‘llariga to‘lib kirgan shaytoniy quvvat qaynotasining hovlisidan kutilmaganda o‘qdek uchirib chiqardi. Mashinasini yeldek uchirib uyiga jo‘nadi. Mashina qanchalik tez yursa, unga shunchalik imillayotgandek tuyuladi. Diqqati chandon oshadi. Asabiylashgancha gazni chiranib bosadi. Yo‘l-yo‘lakay Sharifning avtobazasiga sim qoqdi. Yuk mashinasida tez yetib kelishini tayinladi. Sharifning og‘ziga urgudek telefon go‘shagini taraqlatib joyiga tashladi. Shaxsiy uy telefonining ko‘cha xizmatidan tuzukkina foydalanayotgan xonadon sohibasi achchiq gezardi-yu, qaytimsiz tashlangan yirik pulni ko‘rgach, tili kesildi.
Mana hozir mardlik boshlanadi-da! Yana qanaqa mardlik – erkakcha mardlik! Hali qaynotasi qarab tursin! Dunyoga kelib ko‘rmaganini ko‘radi! Tilini g‘archcha tishlab qolmasa Ozod yurgan ekan.
Ozod shu topda nimagadir onasini ko‘rgisi kelib ketdi. Dunyoda insondan o‘tguvchi nodon zot bo‘lmasa kerak. Negaki, yaxshi kunlaringda yodingga kelmagan onaizor yomon kuningda birdek beminnat suyanchig‘ingga aylanadi. Shunday paytda ko‘zingga to‘tiyo kabi ko‘rinib ketadi. U rul chambaragini qishlog‘i tomon burdi. Hovlilari eshigi oldida chiyillatib tormoz bosdi. Hovliga otilib kirdi. Qo‘y-qo‘zilarga xashak tashlab qaytayotgan onasiga qo‘qqis yo‘liqdi-yu, og‘ir-og‘ir entikdi. Entikish uning vujudini battarroq kuydirib tashlagandek bo‘ldi.
– Voy, qaysi shamol uchirdi seni, o‘g‘lim. Hozirgina ko‘zimdan o‘tib turuvding-a. Kelishing ekan-da bu. Sora aya uning avzoyiga sinchiklab tikilarkan, sergak tortdi. – Namuncha bezovtasan, bolam. Tinchlikmi ishqilib. Qumrixonlarni opkelmadingmi?
– Aya!.. Ozod betoqatlandi. – Hozir ko‘chiga mashina boradi uyga.
– A?.. Nimalar deyapsan, o‘g‘lim. Nimaga endi ko‘chiga mashina borar ekan? Yo boshqa uy berilib ko‘chayapsizlarmi, a?
Ozod onasining soddaligidan ranjib, og‘ir yutindi. Gapiga yamoq solgandek, to‘xtalib-to‘xtalib tushuntirdi. Sora ayaning yuragi potirlab o‘ynashga tushdi.
– Jon bolam, qaynotang achchiq ustida aytgandir. Bu mardlik emas, tushun o‘zing. Shaytonga hayf ber. Turmushda nimalar bo‘lmaydi-ya. Tur musht deganlari shu-da! Axir, dadam qani, deya so‘roqlaydigan jujuqlaringga sho‘rlik Qumri nima deydi? Sen erkak kishisan, og‘ir bo‘l. O‘zi ukangning to‘yigayam hech qancha qolgani yo‘q. Bor-yo‘g‘i ikki haftagina, xolos. Ko‘zingni och, jon bolam. Mahalla-ko‘y nima deydi? Bu yoqdan kelin tushirayapman deb suyunsam, u yoqdan sen huvillab qolasanmi? Yo‘q-yo‘q, aslo kalta o‘ylama!
– Aya, men ham ajralib ketishni sira istamayman, lekin u hovlida qaynotamning gapi-gap, so‘zi-so‘z. O‘zingiz ham bilsangiz kerak axir.
– Har kim o‘zining uyida poshsho! Sen og‘ir bo‘lsang bas…
* * *
U paytlarda Ozodning o‘ziyam baland dorga osilganini bilgandi-yu, lekin ishqning ayovsiz otashi ko‘zlariga parda tortib, qalbida tug‘yon ura boshlagan qaynoq his-tuyg‘ularga bandi bo‘lganidan qalbiga quloq solishdan boshqasini tan ololmasdi. U xo‘jalik mollari bazasida yuk mashinasini haydar, ko‘p mahallarda shaharning shundoqqina kindigidagi katta savdo do‘koni omboriga yuk tashir, ana o‘sha yerda shu Qumri bilan tanishib qolgandi. Qumrining cho‘rtkesarligi, quvnoqligi Ozodga yoqib tushgandi. Bora-bora uni ko‘rmasa halovatini topolmaydigan hijronlikka ro‘baro‘ bo‘ldi. Qumri esa uning mo‘min-qobilligidan havaslanibmi, ko‘ngli o‘tli hislarga belangancha diydor haroratiga oshiqa boshlaganini sezdi. Sezdi-yu, muhabbat oshiyoni qanchalar hukm chiqarishi oldida lol qoldi. Keyin-keyin ikkisining ko‘ngil bo‘stonida ko‘z ochmish latif hayajonlar birdan alanga oldi-yu, bu ichki tuyg‘ularni bir-birlariga izhor etmoqlik mushkulligi ko‘ndalang bo‘lib, qiynoqqa soldi.
Yaxshiyamki, hayotda bayram degan turli udumlar bor ekan. Yangi yil arafasi yaqinlashib, sovg‘a-salomlar izga tushganda bu ikki yosh ham shu bahona dil topishdilar. Kezi kelib, Qumrining mahallasigacha ilk bor kuzatib borgan Ozod ularning savlatdor hovlilarini ko‘rdi-yu, hayratdan yoqasini topolmay qolayozdi. Qizning badavlat oiladan ekanligini fahmlab, yuragiga vahm oraladi. Ko‘z oldida o‘zlarining pastakkina bo‘y tashlagan uylari, guvalakdan tikkalangan devorlar jonlanib, nazdida juda g‘arib ko‘rinib ketdi. Go‘yo kindik qoni to‘kilgan go‘shasi tashlandiq mozordek edi bu hashamdor hovli qarshisida.
Payti kelib, sovchilikka borgan Sora ayaning rang-quti o‘chib qaytdi-yu, chuqur o‘yga tolib qoldi.
– Gapirsang-chi bir mundoq. Nima, og‘zingga talqon solganmisan?!
Erining dag‘dag‘asidan cho‘chigan ona noiloj ming‘irladi.
– O‘zlariga o‘ta tinch odamlar ekan, dadasi. Bizning qurbimiz zinhor-bazinhor yetmaydi-yov…
– Nima, sen ularning davlatiga uchib boribsanmi?! Yo qizlari osmondagi oy ekanmiki, uzaman desang oyog‘ing osilib qolayozsa?! Sen, xotin, kalta o‘ylama! O‘g‘ling o‘sha qizga ko‘ngil qo‘yibdimi, tamom-vassalom.
Qumri ham u yoqda oyoq tirab turib olgan ota-onasini qayirib qo‘ydi. Kenja qizning qaysarligiyam, erkaligiyam otaning tosh kabi qattiq bag‘rini mumdek eritdi. To‘y bo‘ldi. Ozodlar tomonida qarz katta ko‘tarildi. Shunday bo‘lsa-da, Sodiq aka o‘g‘liga zinhor bildirmadi.
Kelin-kuyov osuda turmush kechirayotgan kezlarda oilaga zimdan sovuq shabada esa boshladi. Qumrining oddiy oiladagi oddiy taomlarga, odmi kiyinishlarga ori kelib, eriga oshkor arz aytishga o‘tdi.
– U uyingizdagi muhitni unuting, Qumri. Bizning sharoitga ko‘nikmasangiz bo‘lmaydi. Boriga qanoat, shukr qilib kun kechiradigan oilamiz.
Qumrining qoshlari zulukdek chimirildi. Ko‘zlari asabiy porladi.
– Go‘shtsiz ovqat bo‘lsayam yeysan, demoqchimisiz? Bekorginalarning beshtasini aytibsiz agar shunaqa o‘ylagan bo‘lsangiz. Mening dadamlar bunaqangi noqislikka o‘rgatmaganlar. Bo‘sh qop tik turmasligini harholda bilarsiz, yo shuniyam fahmlab ololmaysizmi?!
Ozod kalovlanib qolayozdi. O‘ylay-o‘ylay ro‘zg‘orni but qilmoq uchun chora izladi. Hordiq kunlari mardikorlikka chiqib, pul topib kela boshladi. Lekin qancha aqcha topsang, dahmazasi shuncha ko‘p bo‘larkanmi, Qumrining kamchiligi ham taxlanib ketdi.
– Dugonalarimning oldida yer bilan bitta bo‘layapman sep-sidirg‘amdagi kiyimlarni egnimga qayta-qayta ilaverib. Uning ustiga odamlarning ko‘zi oldidaman. Bilasiz-ku axir, sotuvchi degani tuzukroq kiyinmasayam bo‘lmasligini.
– Qumri, men oilada to‘ng‘ichiman, bilasiz. Mendan keyin qatorlashib to‘rttasi turibdi. Axir ularniyam vaqti-soati kelib uylash-uzatish bor.
Qumrining yuzi birdan sovuq tus oldi. Og‘zining ochilishi oson bo‘ldi-yu, yopilishi qiyin kechdi.
– Hali men sizga ukacha-singilchalaringizni uylab-joylagani kelgan ekanman-da! Tuzuk-quruq ovqatlanmasam, bir mundoq odamlarga o‘xshab kiyinmasam. Axir qachongacha otamnikidan tashiyman.
Tortishuv ustiga Sodiq aka kelib qoldi-yu, o‘sha kuniyoq ularning ro‘zg‘orini ajratdi-qo‘ydi. Birinchi farzandlari tug‘ilganida ularga qo‘shaloq qutlug‘lik keldi. Ozodning ish joyidan ikki xonali uy berib qolishdi. Shu bilan turmushlari tinchigandek bo‘ldi-yu, ikkita farzandli bo‘lganlarida ro‘zg‘or yana ostin-ustin bo‘lib ketdi.
Hordiq kuni edi. Ozodning singillari mehmonga kelib qolishdi. Sora aya ularni qo‘yarda-qo‘ymay jo‘natgan edi, akanglardan xabar olib kelinglar, nimagadir qovog‘im betinim uchayapti-da, deb. Anchadan beri Ozodning o‘ziyam ishidan ortib borolmagandi. Qaytanga yaxshi bo‘ldi. Shu kunlarda u yuk mashinasidan yengil mashinaga o‘tgan, xo‘jayinning sodiq haydovchisiga aylangandi. Shunga xos fe’liyam, kiyinishiyam, muomalasiyam harholda o‘zgargandek edi. Shu boisdanmi, yo boshqa vajdanmi, singillarining ko‘ziga boshqacharoq ko‘rindi. Gaplari unchayam qovushavermadi. Oshxonada kapgirni qozonga tars-turs urgancha ovqatga shunchaki unnagan Qumriyam qizlarning yuragiga allaqanday vahm solib qo‘ygandek edi. Lekin buni sezdirmaslikka urinishdi. Jiyanlarini o‘ynatishgancha o‘tiraverishdi. Katta jiyanlari Elyorbek erkalanib yotoqxonadan olib chiqqan mo‘jazgina qutichani ammalariga ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘ldimi, pildirab borayotib qo‘qqis munkib ketdi-yu, qutichadagi bor narsa otilib, har yon sochildi. Bu Qumrining pardoz-andoz qutichasi edi.
– Voy, manavi uzukni qaragin, Shirmonoy. Go‘zal shoshib barmoqlariga bir-bir solarkan, labini tishladi.- Kattaroq ekan, barmoqlarimda o‘ynab qolayapti.
Ozod ne qilarini bilolmay dovdiradi. O‘g‘lini urishay desa, singillariga ayil botadi, indamay desa, yana bo‘lmaydi. Lekin kalovini topdi. Tilyog‘lamalikka o‘tdi.
– Unaqa emas-da, polvonjon. Zeb-ziynatlarni qalban tez, ammo amalan imillayotgandek yig‘ishtirarkan, qo‘shib qo‘ydi. – O‘yinchoqlaring yetib ortadi-ku axir, o‘g‘lim.
Elyorbekning ko‘zlari hayratdan katta-katta ochilib, lablari ajabtovur cho‘chchaydi.
– Bu ayamning o‘yinchoqlarimi, dadajon.
Xonani shodon kulgu bosdi. Aka-singillarning o‘rtalaridagi o‘ng‘aysizlik shu bahona ko‘tarilgandek bo‘ldi. Oshxonadan bexos chiqib kelgan Qumri eshik kesakisiga yelka bergancha ularga biroz razm solib turdi-da, to‘ntarilib yotgan quticha, ayqash-uyqash buyumlariga ko‘zi tushib, zardasi birdan qaynab ketdi. Tilla uzugini nozik barmoqlariga solib, tomosha qilayotgan Go‘zal kennoyisining chimirilib turganiga ilkis ko‘zi tushib, qo‘rqib ketdi. Uzukni shosha-pisha qutichaga soldi. Akasiga ko‘maklashayotgan Shirmonoy ham Qumrining gezargan avzoyiga nigohi qadalib, yuragi orqaga tortib ketayozdi. Qumri lom-lim demadi. Do‘qillagancha iziga qaytdi.
Qizlar birdan “ketamizga“ tushib qolishdi. Ketishmasayam bo‘lmasdi. Xayollarida bu uylar havosizdek siqiq, o‘tirgan ko‘rpachalari ninalarga liq to‘la, tayyorlanayotgan taom zahar-zaqqumdek edi go‘yo. Ular Ozodni mashinasida eltib qo‘ysa kerak, degan xom taxminga borishgandi. Lekin akalari garaj tomon yurmaganligidan bu hol ham ularga qattiq ta’sir qildi.
Ozod singillarini kuzatib, ostona hatlagan zahoti Qumrining olatasir hujumiga ro‘para keldi. Uy ichi qiy-chuv. Bolalar uvvos solib yig‘lashadi. U esankirab qolayozdi.
– Uzukning bittasi yo‘q! Qani!
Ozod, bilmasam, degandek yelka uchirdi.
– Singilchalaringizning qo‘llarida ko‘ruvdim. Yo‘q, mana qarang! Qumri qutichani zardalanib ag‘dardi. Boyagi narsalar yana yerga to‘kildi. -Yo‘-o‘q! Yo‘q! Boring, qaytaring o‘sha pahmoq sochlaringizni! Hoziroq topib berishsin! Yo‘qsa, yomon bo‘ladi. Aytdim-a bu nimaga potirlashib, “ketamizga“ tushib olishdiykin deb. Hamma gap bu yoqda ekanu!..
– E, og‘zingizga qarab gapiring! Singillarim siz o‘ylaganchalik, siz aytganchalik emas. Hali bunaqangi matohlarga aqlilariyam yetmaydi. Maktab bolalari-ku axir.
– Maktab bolasi?! Buni qarang-a! Bilmagan ekanman, men nodon. O‘g‘rilik ham yosh tanlar ekan-da! Ammo–lekin hamma balo shunaqangilardan chiqayapti. Aka bo‘lib tulkiliklarini bilmas ekansiz-da bundan chiqdi. Voy, men o‘lay. Zo‘rg‘a qutuluvdim-a, tag‘in ostonamga yetib kelishibdi! Qumri birdan alamli uvvos soldi. – Mum tishlab turishim kerak edimi?! Axir u uzuk enamning enalaridan qolgan yodgorlik edi…
Janjal katta bo‘ldi. Singillar o‘z-o‘zidan o‘g‘riga chiqdi. Titilmagan, ko‘z urilmagan biror joy qolmadi. Qumri Ozodni qistaydi, topib berishsin, deb. Erkak boshi bilan qanday borsin singillarini shubhaga olib. Axir ular ming yillik jigarlari-ku! U og‘ir ahvolda qoldi.
Yumshoq divan chetida pusgancha o‘tirgan Elyorbek dam alamzada ayasiga, goh bo‘g‘riqqan dadasiga o‘g‘rincha javdirab qo‘yadi. Uni ko‘rib Ozodning yuragi achishib-achishib ketadi. Sho‘rlik bola yig‘lagani uchunmi, ko‘zlari qizarib, qovoqlari shishinqirab chiqibdi. Negadir stol ustidagi toshbaqa kosasidan ishlangan kuldonga qo‘l cho‘zib o‘ynagisi kelgandek, bir-ikki talpinib qo‘yadi-yu, ayasining achchiq avzoyidan cho‘chibmi, o‘zini orqaga oladi. Karavotchasida boya akasining uvvosiga jo‘r bo‘lgan Muqima ham ko‘z yoshini bas qilib, do‘mboq qo‘lchalarini o‘ynatgancha o‘z tilida g‘udranishga tushgan.
Ozod bir amallab tong ottirdi-yu, barvaqt ishiga jo‘nadi. O‘chakishgandek xo‘jayini bilan qo‘shni viloyatga o‘tib ketishgancha bir haftaga yaqin o‘sha yerda bo‘lishdi.
* * *
Uyga qaytganida xonalar negadir besaranjom, sovuq bir nimadan dalolat berib turardi. Ozod bezovtalanib, xonalarni birma-bir aylanib chiqdi. Go‘yo bir nima uning ketidan ta’qib qilayotgandek etlari junjikdi. Shunda Qumrining ketib qolganiga amin bo‘ldi. Amin bo‘ldi-yu, tomog‘iga achchiq bir nima tiqilgandek og‘ir nafas yutoqdi. Namuncha endi nafas olish ham qiyin bo‘lmasa? U qaynotasinikiga yo‘l oldi. Bordi-yu, ahvol sovuq tus oldi.
– Uzuk qani?! Qaynotasi istamaygina qo‘l uchini berarkan, o‘tli nigohini Ozodga sinovchan qadadi.- Sizdan so‘radim shekilli, kuyov bola.
– Bilmadim. Yelka uchirdi Ozod yuragi sovuq uvushib. -Bir haftadan beri ish bilan bo‘lib…
– Topasiz! Yerning ostidan bo‘lsayam topasiz! Tahdidli visirladi qaynota. – U uzuk onamning onalaridan yodgorlik edi. Asl tilla nimaligini bilasizmi o‘zi?! Qadriga yetasizmi?! Singillaringiz o‘g‘irlab, juftakni rostlashibdi-ku vaqtni paysalga solishmay. Yaxshisi, borib opkeling! O‘zim borgudek bo‘lsam… xunugini chiqarib kelaman ammo.
– Dada, singillarim unaqa emas. Bilib-bilmay o‘g‘ri sanamanglar! Vujud-vujudi qaltiradi Ozodning.- Bo‘hton bu! Tuhmat bu!..
– O‘zi asli, teng tengi bilan, tezak qopi bilan, deganlaricha bor ekan!
Bu achchiq uchiriq Ozodning qulog‘idan kirib, miyasini o‘pirgudek alpozda chayqadi-yu, oyoqlarigacha zirqiratib chiqdi-ketdi. Shu hovlida tez-tez bo‘lib turadigan ba’zi-bir marosimlarda qo‘li kaltaligidan Ozod bojalari oldida ko‘pincha mung‘ayib qolar, tushkun kayfiyat yuragini tinimsiz tirnardi. Lekin Qumriga bo‘lgan mehri qaynota-qaynonasiyu bojalarining harakatlaridagi kamsitishga o‘xshash holatlardan ustun kelib, o‘zini bosishga izn topardi…
– Nahot bitta arzimas uzukni deb…
– Nima-a?! Arzimas?! Qaynotasi o‘tirgan o‘rnida asabiy chayqalib ketdi. Lunji pirpirab uchdi. Ko‘zlarida zahar uchqunlab, tahdidli qisildi. Qaynonasi bosh egib qoldi. Qumri ayvon ustuniga suyangancha qotdi.
– Arzimas emish-a?! Arzimas emishmish-a?.. Beli og‘rimaganning non yeyishini ko‘r!
– Men erkak kishiman! Bitta uzuk ekan, jonimni sug‘urib bo‘lsayam topib beraman. Faqat… faqat singillarimning yuziga qora surtmanglar!..
Shundan keyin qaynotasi boyagi zahrini sochdi…
* * *
Ozod ayasining kuyunib bo‘zlashiga dosh berolmadi. Yuragida alam bilan yonayotgan qaysi bir dardga ho‘ng otib yig‘lasin? Shu o‘g‘limniyam uylantirib olay deb qishin-yozin daladan bo‘shamaydigan otasining ezilishlariga bo‘zlasinmi? Uka-singillarining mehridan uzoqlashib ketganligi uchun ko‘z yosh to‘ksinmi? Yo Qumrining dahmazalariga chidolmaganidan dod solsinmi? Yoki qaynotasining bepisand muomalalaridan to‘yganligidan fig‘on ko‘tarsinmi?!
– Jon bolam, agar meni desang sabr qil. Erkak kishining toshi og‘irroq bo‘lmasa, pand yeb qoladi. Ammo bu tashvishlaringni zinhor dadanglar bilib qolmasinlar. Yo‘qsa, yomon bo‘ladi. Bilasan-ku axir yuragi dosh berolmasligini.
Ozod ikki o‘t orasida qoldi. Turli o‘ylar iskanjasida yongancha uyiga jo‘nadi. Qaynotasining oldida kim degan odam bo‘ladi endi. Hali nomardlik tamg‘asi bosilmasa edi gardaniga. Beburd bo‘lib qolmasa edi bir umr boshi xam kepataga tushib.
Yo‘lagi ro‘parasida Sharifning yuk mashinasiga uzoqdan ko‘zi tushib, nima qilarini bilolmay qoldi. Yetib borgach, vazmingina qo‘l olishdi. Sharif uning mashinasi eshiklarini qulflayotganini kuzatib turarkan, ikkilanib so‘radi.
– Tinchlikmi o‘zi?
– Tinchlik-tinchlik. Ozod chuqur xo‘rsindi. – Tinchligiga buyursin.
– Turishingdan bir nima bo‘lganga o‘xshaydi-da, og‘ayni.
– Senga shunday tuyulayotgandir. Ochig‘i, ham ruhan, ham jismonan rosa toliqdim. Namuncha baqraymasang! Boshqa joyga ko‘chayapmiz desam, balkim ishonarsan. Yaxshisi, qaralashib yubor. Savobi tegadi harqalay.
Sharif, hech nima tushunmadim, degandek yengil yelka qoqqancha unga ergashdi. Ozod negadir ko‘chadigan odamga sira o‘xshamasdi. Ko‘chadigan kishi uch-to‘rttasini ko‘makka chaqirardi shekilli. Bu esa, mung‘ayib… Hatto qadam olishining o‘zi g‘alatiroq. Yengil-elpi tugun-tersagini hozirlab turguvchi Qumrining o‘ziyam ko‘rinmaydi negadir. Tavba, bu qanaqasi endi?
Uyga kirganlarida Ozodning avzoyi battar buzilib, tomog‘iga bir nima ko‘ndalang turib qoldi. Dadajon, deb bag‘riga otiladigan, qiyqirib “ot-ot“ qilib minadigan Elyorbegi, ko‘zlarini katta-katta ochgancha qo‘lchalarini o‘ynatib kutib olguvchi Muqimalari endi yo‘q. Yo‘q! Ularsiz bu uylar, bu dunyo bira yo‘la huvillab qolgan. Qumrisiz yuragi bo‘m-bo‘sh sahrodek ayovsiz izg‘irinlarga to‘lgan. Eh, hayot, hayot!..
Ular to‘g‘ri zalga o‘tib, divanga cho‘kishdi. Hozir Ozodning to‘yib-to‘yib yig‘lagisi, ko‘nglini zardoblardan bo‘shatgisi kelib ketdi-yu, Sharifning oldida o‘zini bazo‘r bosdi. Sigareta olib do‘stiga uzatdi. Tinimsiz titrayotgan labiga o‘ziyam sigareta qistirarkan, shoshilmay gugurt chizdi. Uzun simirib, kulini kuldonga qoqdi. Qoqdi-yu, hafsala bilan toshbaqa kosasidan ishlangan kuldonga ajablanib tikildi. Shoshib qo‘lini cho‘zdi. Kulning ichidan yiltiragan narsani olarkan, yuragi birdan toshgudek o‘ynoqlab ketayozdi. Axir, axir bu boshiga ayanchli balolarni yog‘dirgan o‘sha tilla uzuk-ku! Shunda xayolini chirmagan achchiq alamlar birpasda shubha ostiga olingan singillarining xomush qiyofalarini ko‘z oldiga qadadi. Endi u tamom esankirab qoldi. Ketma-ket yopirilgan o‘ylar iskanjasida uzluksiz qiynoqqa tushdi. Qumriga olib borsamikan? Ishonarmikin?! Yo singillaring oxir-oqibat topib berishibdi-ku, dermikan? Axir jigarlarining yuzini yorug‘ qilmog‘i zarur-ku. Hammasidan ham qaynotasining sharti nima bo‘ladi? Onasining zor-zor bo‘zlashi-chi?..
Ozod nomardlikning shaytoniy vas-vasi o‘tlarida betinim qovurilsa, mardlikning cheki yo‘q quvvatiga dosh berolmay, ikkilanib qiynalardi…
1998 yil