Og‘ir sukunatni mutloq o‘ziga singdirgan qabristonning qo‘rqinchli manzarasi horg‘in nafas olgancha gunohlarga to‘lib-toshgan foniy dunyoni jimgina kuzatib mudraydi. Do‘psaygan qabrlarning u yer-bu yerida bo‘y cho‘zgan yantoq butalari bu sovuq sukunatga bardosh berolmay, yengilgina esgan shabbodaga asta-asta bosh chayqashib, bir-birlarining badanlariga tikan sanchmoqqa shaylanib qolishadi. Qabrlar yuzidagi tuproq yorilib, porsildoq bitgan lablarini yig‘ishtirolmay, dahshat soyalarini shu ko‘rinishida jamuljam etib, duch kelgan ziyoratchiga qahragancha shivirlagandek bo‘lishadi: ”Ey, inson, qachongacha yuzimni bosqilab, gunohlaringni ko‘pirtirasan?! Tanangda qaynoq joning gupirganda ko‘k sari sapchiysanu, azizgina joning hovuri bosilgach, mening bag‘rimda jasading qaqshagandan-qaqshab, dod-faryodlar ko‘tarishingga ne hojat. Bilib qo‘y, sen menikisan! Shu bilan birga bir zuvalagina loyning o‘zginasisan. Sening vujuding kamoli uchun bir hovuch pokiza jismimdan beramanu, qaytib olishimda gunohi azimlarga yo‘g‘rilgan badbo‘y balchiqni ming azoblar bilan pokizalab, bag‘rimga chaplayman. Ochig‘i, to‘yib-to‘yib ketdim senlarning dastingdan ammo. Hozirning o‘zida bir amr bahona birgina oh ursam, kuling ko‘kka o‘rlamasdan qolmas. Yaxshisi, ko‘zingni och, yo‘qsa bugina bag‘rim sening qilmishlaringdan sitilib bitishga shay…”
Qabriston o‘z sukunati bilan inson zotining vujud-vujudiga sovuq izg‘irinlarni kezdirishi barobarida unga astoydil ezgulik ham tilab qoladi. Lekin bu tuyg‘ularga bepisand kimsalar qabriston biqinidagi so‘lim soyalar tashlagan azim tollar panohidagi kaftdekkina choyxonada bir piyola choy bahona kayfu gushtorlikni o‘rinlatib, jonlariga orom ehtiyojini qondirishadi. Hazil-huzul avjiga minadi. Ammo bu mazaho‘raklikni oyoqosti qilgandek bir kimsa telbanamo nigohida yer chizgancha o‘tib qoladi. Uning ortidan choyxona sarvarlari – bir vaqtlar apoq-chapoq qaymoq yalashgan ulfatlardan ba’zilari undan ijirg‘anib, ayrimlari masxaraomuz ishshaygancha nigohan kuzatib qolishadi. Bir mahallar davra to‘rini yastantirib, barcha “do‘st“larining og‘zini birdek jilovlagan Erkin endi pista po‘choqqa aylangan. Kun, kun ora hissiz-tuyg‘usiz vujudini sudrab, shu manzil ziyoratiga oshiqib qoladi. Harqalay shu yer uning ko‘nglini ovutadimi, sim-siyoh tashrifi hech mahal kanda bo‘lmaydi.
Horg‘in qabristonning ilonizi so‘qmog‘idan tentirab borayotgan Erkin hech yon alanglamaydi. Qizig‘i yo‘q. Vujudi ta’sirotlardan holi bo‘lganidan keyin nima qiladi alanglab. Lekin borar manzilini ko‘zga ko‘rinmas zanjirlar kishanlagan oyoqlarining o‘zi hech adashmay topib boradi. Topib boradi-yu, ma’yuslik hukm surgan qabrga o‘zini tashlaydi. Yuzini qoplagan va yanayam vahimalar iz solgan qat-qat ajinlar g‘ijimlanib, qora chiziqlarni qing‘ir-qiyshiq tusda tortib qoladi. Ma’nolar o‘chgan ko‘zlari qisilib, unsiz faryodni vujudida chayqashga kirishadi. Aqalli, aqalli bir tomchigina ko‘z yoshi ham mijjalariga ilashib chiqishga hazar qilgandek bir chimdimlik turhini ko‘rsatishga erk bermaydi. Faqatgina jonli titroqning larzali silkinishi bu gumrohga hamroh bo‘lishdan bosh tortmasa bo‘lgani. O‘zga hissiyotlar, telbanamo alamlarga to‘la sovuqqina qoni bir amallab jon tomirlariga yoyiladi. Nima qilsin? Uyda o‘tirolmasa. O‘tirsa, har bir qarichi beayov ninalarga mo‘l bo‘lsa! Gir aylana minglab xunuk nigohlar, beo‘xshov tirnoqli serpanja mahluqlar tahdid solishgancha naq bo‘g‘ziga otilishsa, nima qilsin?! Bir soniyalik shayton “asali“ shunchalar zaharli “lazzat“ berishini u tush ko‘ribmidi? Shu tuban holiga bir tomchigina lazzat sharbati kifoya qildi, xolos. Nafaqat unga, jamiki o‘zi ustun bo‘lgan bir boshli ikki oilaga xiyonat guldurosini soldi-ketdi.
Erkin shu kungacha qo‘rqib, pusib kun kechirdi. Bir kun emas, bir kun bu sir ochilishi, ham otilishi mumkinligini idrok etardi-yu, ammo qay bir vaziyatda boshida qilich o‘ynalishini bilmasdi. O‘n yetti yil shu xatarli qiynoqlar iskanjasi ich-etini yegani holva ekan. Kezi kelib mana bundoq oppoq tong otib, kechga yaqin boshi uzra qiyomat ajri atalmish gurzi bilan salmoqlab ko‘tarib ursa bormi, vo, ajab, bu ko‘hna olamning o‘zi tugul tuprog‘i ham birgalashib jahannam oloviga cho‘k tushgancha yovvosh tortib qolarkan…
Erkin hikoyasi
Taqdirlar to‘zoni
Og‘ir yukni mensimagandek shitob yelib borayotgan mashina yo‘l chetidagi halqoblarni shirillatib sochgancha manzil sari oshiqadi. Oyna artgich tarsillab urilayotgan yomg‘ir tomchilarini sidirib ulgurmaydi. Qiziq, ufq tarafda quyosh charaqlab turibdi-yu, bu yerda yomg‘ir zabtiga urib yotibdi. Shunaqangi paytda tabiatgayam tan berasan-da kishi.
Endigina Konibodomga kirib borayotganimda yo‘l yoqasida bezovta qo‘l siltayotgan qizga ko‘zim tushib, yaqinroq borib to‘xtadim. Uzalib o‘ng eshikni ochdim. Qizning bejirim ko‘ylagi yomg‘irdan ancha nam tortib qolgan, qorachadan kelgan yuzi bo‘g‘riqib, lablari pir-pir uchadi.
– Jon akajon, meni ola ketmasangiz bo‘lmaydi. Ancha kechga qolib ketdim.
– Mayli, chiqa qoling!
Bu yerdagi aholini yaxshi bilaman, uzoqqa borishmaydi. Juda borsa, besh-olti chaqirim nariga borishadi, xolos.
– Ayamlarga dori izlab keluvdim. Lip etib chiqib o‘rnasharkan, yengilgina xo‘rsindi u.- O‘zimizdan topolmadim. Shu yoqni ko‘rsatishsa kelaveribman. Aksiga olib yomg‘ir ham tashlab qoldi. Bechora ayamlar ilhaq ko‘z tikib yotishgandir. Anchadan beri bir joydalar.
Haydovchi xalqi uzoq yo‘lga chiqsa, biror dilkash hamsuhbat qo‘msab qoladi. Hozirda men ham ichimdan pishib turgan ekanmanmi, suhbatlashib ketdik. Qizning ismi Yulduz ekan. Ovozi qo‘ng‘iroqdek. Boshiga turmaklab olgan qop-qora sochlari qalin, uzungina bo‘lsa kerak, ikki-uch bor aylantirib olibdi. Undan taralayotgan gunafsha atri isi tashqaridan g‘irillab kirayotgan shabadada chir aylanib, dimog‘imga yoqimli uriladi. Bunaqa atir Halimadayam bo‘lguvchi edi. Qishlog‘ida o‘sma, xinadan narisini bilmay o‘sganligi uchunmi, yo bunaqa pardoz-andozga hushi yo‘qmidi, harholda odmigina bo‘lishni istardi. Ayam o‘rgataverib izmiga arang solvolgandi. Halima tanbehning ostida qolib, ko‘pincha o‘sal bo‘lardi.
– Erkak ko‘chadan kelganda so‘roqqa tutish ham eng yomon, eng xunuk illat, bilvoling, kelinposhsha. Erning oldida xurpayib yurmasdan, mundoqqina ochilib-sochilib, o‘zingizga qarab-netib yuring. Sizning dimoq-firog‘ingizga ko‘zi uchib turmaydi erkakning. Ostonadan har xil kayfiyatda hatlab keladi. Bir chimdimgina shirin so‘zingiz ko‘nglini qanchalar ko‘tarsa, bir tilim zahar gapingiz bir zumda dilini xufton qilib tashlashini unutmang, o‘rgilay. Orasta bo‘ling, ziyrak bo‘ling. Bu o‘zingizga foyda. Pardoz-andozni ko‘cha uchun emas, er uchun qilishni biling, qoqindiq. Erning ustunligi bezak bilan, ha. Uyning ustuni qanchalar mustahkam bo‘lsa, shunga yarasha naqshiyam bejirim bo‘lishi kerak.
Ayam qattiqqo‘l edi. O‘g‘limiz Davronbek tug‘ilmasidan oldin bir necha kun isitmaga kuyib yotdi-yu, omonatini topshirdi-qo‘ydi. Buyragi azaldan og‘rib yurarkanu sira bildirmagan ekan, afsus. Shu-shu huvillagan hovlida Halima ikkimiz shumshaygancha qolaverdik. Dadamni-ku ko‘rmaganman. Chaqaloqligimda o‘tib ketishgan ekan.
Halima ayamdan ko‘p narsalarni o‘zlashtirib olgan ekan, asqotdi. Ancha pishib ham qoldi. Pazandalikdan tortib chevarlikkacha qoyillatadi. Ko‘proq ayamning bergan o‘gitlarini eslab qoladi.
– Buvamlar xo‘p topib aytganlar-da, yaxshi xotin uyida uni bo‘lmasa ham uni chiqmas, deb. Men ham shunga yarasha bir gap topib qo‘ydim.
– Qani, eshitaylik-chi, harqalay ayamning kelinisiz-da!
– Xato ketdingiz. Kelinlari emas, qizlari edim. Xo‘p, dilo‘rtar diydiyoimni ayta qolay bo‘lmasa mushtoq qilmay. Yaxshi xotin eri safarga ketsa ham sasi chiqmas.
Orziqib ketib, qiyqirib kulaman. Halima biroz tikilib turadi-da, mahzun tovushda ta’sirli shivirlaydi.
– Siz hayyo-huyt deb safarga jo‘naysizu, men esam o‘g‘lingiz bilan yolg‘izlikka yem bo‘lib, ming azoblarda tentirab tonglar ottiraman.
Ko‘nglimga g‘ashlik oralaganini sezib, yana o‘z-o‘zidan yumshaydi.
– Yaxshi bor, yomon bor, shunisidan qo‘rqaman-da, dadasi. Tong bo‘zarguncha ming tavallolar qilib chiqaman. Jon dadajonisi, yaxshisi, ishingizni almashtiring. Harholda yonimizda bo‘lasiz-ku!
Ikkilanib qolganimni ko‘rib, yana bir qadar pasayadi.
– Hech qursa yaqinroqqa qatnang. O‘g‘lingizni qarang, sizni ko‘rdim deguncha olam-jahon bo‘lib ketadi.
– Sabr qiling, bu kunlar ham o‘tib ketar. Lekin men shu ishga moslashganman. Birovlar yillab bu ishning dumini tutolmay halak. Harholda shukr qilsangiz bo‘larmidi?!
* * *
Yulduz xushxandon bo‘lganligi bilan ko‘zlarida anglab bo‘lmas bir dard yilt etib tashlanib qoladi. Lekin bu to‘g‘rida sira og‘iz ochmaydi. U o‘zining irodasi bilangina ochilmasa, ziyrak odam botinib so‘rolmaydi.
Bir mahal gapimiz uzilib, xayolga berilgan ekanmanmi, Yulduzning besaranjom bo‘lib, avzoyi o‘zgarganligidan taajjubga tushdim. U bir zum o‘zini yo‘qotgandek o‘tirdi-da, yuzini qo‘qqis changallagancha chinqirib yubordi.
– To‘xtating!.. To‘xtating, deyman!..
Mashina poshillab to‘xtadi. Yulduz eshikni shahd ochib, o‘zini yerga tappa tashladi. Jonholatda oldinga chopqillab ketdi. Tuzukroq qarasam, olti-etti hovli narida odamlar bezovta kirib-chiqib turishibdi. Yurishimniyam, turishimniyam bilolmay ikkilanib qoldim. Beixtiyor Yulduz o‘tirgan o‘rindiqqa ko‘zim tushdi. Qog‘ozga o‘rog‘liq do‘ppaygan shildiroq xaltachani qo‘limga oldim. Dori-darmon shekilli, shishachalar nozikkina shiqirladi. Hardamxayollik bilan pastga sakrab tushib, odamlar to‘pi tomon yurib bordim. Qandaydir titroq mash’um bir hisni ko‘zimga taqab, o‘z izmiga oldi. Bunaqa holat ko‘pincha dunyodan ko‘z yumgan odamning fotihasiga borilganda kishi vujudiga kishan solishi tabiiy. Nima deb borishimni bilolmay yuragim halak. Xayollar tarqoq. Ikkilanib borayotganimga daf’atan nigohi tushgan bir yigit to‘planib turganlar ichidan uzilib chiqdi-da, ro‘para kelib so‘rashdi.
– Yo‘lovchim edi. Manavi narsasi mashinada qolib ketibdi. Iltimos, shu omonatini berib qo‘ysangiz. O‘zi tinchlikmi?
– Nimasini so‘raysiz, aka. Boshida yolg‘izgina mana shu qizi edi sho‘rlikning. Bo‘ldi-bo‘ldi Yulduzga jabr bo‘ldi endi. U men uzatgan xaltachani qo‘lida qadrsizdek o‘ynatib afsuslandi. – Birdan-bir ammasi bor boyaqishning. Ilon nimayu, u nima. Yulduzning onasini shuning zahri sil qildi.
Ayam o‘tganlaridayam shunaqangi titroqqa tushgandim. Hozir ham bir nima g‘imirlab kelib, butun badanimda o‘rmalagancha vijirlay boshladi. Ko‘z oldim xiralashib biroz turdim-da, negadir sovuq seskanib ketdim. Shu seskanish bahona bo‘ldimi, yopirilib kelayotgan g‘alati uyushish asta chekindi. Qarasam, yigit mening dardimdan bexabar ko‘p valaqlaydigan. Erkak kishiyam shunaqangi ezma bo‘larkanmi?!
– Uzr, yukimni topshirmasam bo‘lmaydi. Shoshib turibman, xizmatchilik.
– Mayli-mayli. Rahmat sizga.
Qandaydir kuch qo‘limni cho‘ntagimga suqib, bir dasta pul mijiqlatgancha yigitga uzattirdi.
– Manavini oling. Marosimlariga ishlatarsizlar.
To u og‘zini ochguncha bo‘lmay, mashina tomon yugurdim. O‘y-xayolim negadir Yulduzda bo‘lib qoldi. Unga astoydil rahmim kelar, qay yo‘l bilan bo‘lsaki yordam bergim kelar edi.
* * *
Zarur yukni ertasiga ortib qaytarkanman, ko‘ngil so‘rash maqsadida Yulduzlar hovlisiga yaqinlashdim. Peshin vaqti bo‘lganligi uchun odam siyrak. Behi daraxti soyasida uch-to‘rt kimsaning ohista gurunglashib o‘tirganini ko‘rib, tomoq qirdim. Kechagi yigit shu yerda ekan, shoshib o‘rnidan turdi. Keling, dedi-yu, oldimga tushib yo‘l boshladi. Ichkarida ham ikki qariya hamsuhbat o‘tirishgan ekan. Biri uzundan-uzoq tilovat qildi. Buning ichida ko‘z qirim bilan mung ingan hovlini zimdan kuzatishga tushdim. Bu xonadonda ko‘pdan buyon erkak kishi bo‘lmaganligi shundoqqina sezilib turardi. Yana kim bilsin, balki anavi qariyalarning biri Yulduzning dadasidir. Keksayib qolganidan keyin hovli yumushlariga quvvati yetarmidi.
Fotiha o‘qilgach o‘rnimdan qo‘zg‘olarkanman, sahn o‘rtasida tortilgan guldor parda to‘sqich ortidan xotin-xalajning visirlagan, ammo tahdidli tovushlari quloqqa chalindi. Kimdir xastahol, ingichka yig‘i aralash bir nimalarni chaynaldi. Shaddodroq achitqi piching bu mag‘zavalanishni bosqilab bobilladi-yu, hammasining unini o‘chirdi.
Ko‘chaga chiqqach, izma-iz kelayotgan yigit meni to‘xtatdi.
– Aka, kechagi yordamingizni katta-kichikka yetkazdim. Rozi bo‘lasiz.
Unga bir daqiqa jinim suymay tikilib turdim-da, jadalladim. Xayolimdan sira nari ketmay qoldi, bu sho‘rlik Yulduz. Boyagi shang‘i ammasimi deyman. Shu turishi bo‘lsa, kun berarmikin jiyaniga. E, peshonasidan ko‘radi-da, boshqa nimayam qilardi?
* * *
Oradan biror oylar o‘tib, savdo do‘koni oldida Yulduzni ko‘rib qoldim. Bir ko‘nglim hol so‘rgim keladi, bir ko‘nglim esa ko‘rar ko‘zdan hayiqadi. Bechora ozib-to‘zib ketibdi. U ham ko‘rgan ekanmi, qo‘l siltab qoldi. Xayollar ta’siridan cho‘chibgina to‘xtadim. Ko‘zimga yuzi yanayam qorayib ketgandek tuyulib, xuddi o‘zimning singlimni g‘amboda qiyofada ko‘rayotgandek, uning g‘am-tashvishlariga sherik bo‘lgim keldimi, ich-ichimdan kuchli xo‘rsiniq parmalab chiqib, bo‘g‘zimda tiqilib to‘xtadi. Negadir ko‘zim sirtida yosh g‘iltillagandek, mijjalarim achishib keldi. Shosha-pisha yuzimni ishqalagan bo‘lib, ko‘zimni artdim. Rahmatli ayam aytguvchi edi: ”Shu bolam opa-akasiga qaraganda boshqacharoq-da! Yuzi jiddiy tursa-da, ko‘ngli yumshoq“, deb.
– Kechirasiz, sizga rahmat aytmoqchiydim. Shunga…
– O‘zingiz tinchmisiz? Xafa bo‘lmay o‘tiribsizlarmi? Dunyoning ishlari shunaqa ekan-da, iloj qancha.
Yulduz, hm-m, dedi-yu, labi bir tomonga xiyol burilib, ko‘zlarida bilinar-bilinmas yosh g‘iltilladi. Nazarimda bir qalqib ketgandek ham bo‘ldi. Nima deb taskin berishni bilolmay kalovlandim. Lekin hozir oralamoqda bo‘lgan g‘alati sukunatni buzib, bir shingil bo‘lsa-da yupanch bersam, achchiq yig‘iga sababchi bo‘lishimni anglab, o‘z holiga qo‘yib berdim. U titroqli lablarini qimtib, o‘zini bosib oldi. To‘shakka uzoq mixlangan bemor kabi xasta tovushda turmushini bayon qildi.
– Bir amallab o‘tiribmiz-ku!.. Shukr, harqalay ammam bor. Ayamlarning o‘rinlari baribir boshqacha ekan… Qadrlariga yetmagan ekanman. U og‘ir yutindi.– Xuddi ona zoti o‘lmaydigandek tuyularkan…
– O‘zingizni ortiq qiynamang. Hech kim bu dunyoga ustun bo‘lgan emas.
Yulduzning tovushi yanayam xastalikni ojizona qabul qildi.
– Kechirasiz, men sizni o‘zimga yaqin olib yorildim-da!..
Tilimdan beixtiyor shilingan so‘roqdan o‘zim ham toshdek qotdim.
– Dadangiz-chi?
U bir sidra ko‘z urishtirib, qizargancha yerga qaradi. Siniq shivirladi.
– Dadamlarniyam topshirganmiz… Ancha yil bo‘ldi. Jigarlari ishdan chiqib…
Ich-ichimdan o‘z-o‘zimni bo‘ralagancha ketdim. “Senga nima edi surishtirib?! Nima haqqing bor? Kimsan sen o‘zing?! Shunchaki bir yo‘lovchi sifatida mashinangga bir bor chiqqan yetti yot begonani so‘roqqa tutasan?!”
U asta bosh ko‘tardi. O‘zini majburlab jilmaygandek bo‘ldi.
– Yaxshiligingizni unutmayman, rahmat.
Uning boshini bir tomonga xiyol tashlab ketishiga bir zum qarab turarkanman, noshudligimdan ijirg‘anib gazni qattiq bosdim. U yer-bu yerdan o‘g‘rincha ko‘z ilayotgan nigohlar nima uchun ko‘chaga chiqqanliklari eslariga tushdi shekilli, borguvchi manzillariga ohista oyoq bosdilar. Kuzatuvdan to‘ymagani esa aftimni durustroq ko‘rolmaganmi, yo boshqami, ortimdan ko‘zlarini yuz ajinlari qavatlarida qisib, tirishgancha qarab qoldilar.
* * *
Yulduzni ko‘p ko‘rdim. Qandaydir kuch to‘xtashga majbur qilardi-yu, yana qandaydir quvvat oyoqlarimga ilohiy madad tilab, gaz bosqichiga bosim berdirardi. Qaysi kunligi esimda yo‘q. Yulduz ataylab kutib turgan ekanmi, yo biror yumush bilan ko‘chaga chiqqanmi, bilolmadim.
– Ammamning zahridan to‘yib ketdim. O‘tirsam o‘poq, tursam so‘poqman.
Tasalli beray desam, o‘zi yorilolmay zo‘rg‘a turibdi. Bermay desam, vijdonim qiynalayapti. Kalovlanib qoldim. Yana bir xayol ustun keladi: ”Bu senga singil bo‘lmasa, yo biror yaqining bo‘lmasa, peshonasidagini ko‘radi-da! Juda borsa tasalli berginu dumingni uz, vassalom. Ro‘zg‘oring bo‘lsa, eshitar quloqqa xunuk emasmi?!”, deydi. Dadamdan ayamga meros qolgan bir naql bo‘lguvchi edi: ”So‘z kumush, sukut oltin“ degan. Shunga amal qilgan kabi bir navi jim turaverdim. Ammo uning ezilib yig‘lashiga ko‘nglim ortiq chidolmadi. Axir u mendan yaxshi bir nasihat kutayapti, madad tilanayapti. Shunchalik dil yorib, o‘ziga yaqin olayapti-ku, degan o‘y tilimni qaldiratib junbushga keltirdi.
– Sabr qiling, Yulduz. Sabrning osti oltin, deyishadi. Bu kunlar ham o‘tib ketadi. Tinchib ham qolasiz.
U ilkis qayrilib, bosh chayqadi.
– Bittasi ayamlarmi?! Bir umr… bir umr sabrga bandi bo‘lib, qaro yerga bo‘y tikkan. Men ishonmayman sabrigayam, tillasi tugul javohirigayam. Erkin aka, iltimos, meni to‘g‘ri tushuning, anavinaqangilardan deb o‘ylamang. To‘yib ketdim to‘g‘risi. Har kimga keladi o‘zi biladi. Qish chiqib olsin, bir daqiqayam bu jodugarning peshonasida qoramniyam ko‘rsatmayman.
Rahmim keldi. Tomog‘imni bo‘g‘ib kelayotgan ichki to‘polonni bazo‘r yutib, unsiz termuldim.
– Mayli, men boray. Siz ham malomatga qolmang.
U cho‘chib tushdi.
– Uzr, Erkin aka. Men sizni o‘zimga aka sanab arzi-hol aytganim uchun. To‘g‘ri aytdingiz, quruq tuhmatgayam qolmayin tag‘in.
Yulduz tisarilib orqasiga qayrildi. G‘alvir ko‘zlar bu safar meni obdon ko‘rib olishdi chamasi, ko‘ngillari taskin topgancha ketar yo‘llariga yengilgina qadam bosdilar.
Ko‘nglimda shubha paydo bo‘ldi. Bu odamlar “oq kaltak, qora kaltak“ qilib yuborishmasin tag‘in. Yulduzdan qanchalik uzoqlashgan sarim aksi bo‘lib, o‘y-xayollarimni shunchalik band qilaverdiki, bu xayoliy changallardan bosh olib chiqishning sira ilojisi topilmadi. “Yulduzga nima bo‘ldiykin? Ammasi zug‘um qilmayaptimikin? Sho‘rlik hatto o‘ziniyam taniyolmay qolibdimi?“ deguvchi xavotirli so‘roqlar miyamni kavlashtirgani-kavlashtirgan.
* * *
Bahor bolalab, kunlar ilib qolgan mahallar. Hammayoq ko‘ngilga nozik qitiq ato etadigan darajada yashnab ketgan. Tabiat go‘zallikka yuz tutibdi-yu, afsus bu inoyatdan Yulduz bebahra qolibdi.
– Erkin aka, Qo‘qon tomonlarga bosh olib ketgim bor. U yerda ayamlarning yolg‘izgina xolalari bo‘lguvchi edi. Onam sig‘magan joyga men ham ortiqchaman shekilli.
Maslahatim kor qilmadi. Ammo zaharli zardobga ichi to‘lganligini bilib, o‘z holiga tashladim.
* * *
Dunyoda kim dangasa, yalqov, deb so‘rashgudek bo‘lishsa gar, hech shubhasiz, yuklovchilar, degan bo‘lardim. Negaki, yuk ortish boshlanadi-yu, ularning chotiga ayri tushadi-qoladi. Yo tomoqlari benihoya qichishib qoladi, yoki o‘pkalariga soatlab tutantiriq solgilari keladi. Biri hojatga o‘rdak yurish qilsa, yana biri obdon “charchab“ qoladi. Xullas, to ish maromiga yetguncha “cho‘ntak shilish“ payidam bo‘lishadi.
Peshindan ancha o‘tganda yo‘lga tushdim. Yulduz jonsarak bo‘lib kutayotgan ekan. Bir tomoni to‘xtamay o‘tib ketmoqchi ham edim. Axir odamlar nima deyishadi? Shunisidan qo‘rqdim. Lekin Yulduzning notinch hayotini o‘ylab, yana qovurilaman. Yo‘q, to‘xtadim. Yulduz qo‘lidagi zil-zambil, kattagina charm sumkani bir amallab ko‘targancha menga uzatdi. Uzatdi-yu, lip etib mashinaga chiqib olgandagina hushimni yig‘dim. Ammo vujudimda turgan yovvoyi titroq noxush kayfiyatni ruhimga qo‘qqis sanchib, chayqaltirib yuborgandek bo‘ldi. Yulduz buni payqadimi, ta’kidladi.
– Erkin aka, cho‘chimang. Qo‘shnilarimizga aytib qo‘yganman. Yelkamning chuquriyam ko‘rmasin bu yalmog‘izning eshigini!
G‘alati bo‘lib ketdim. Bu menga kim o‘zi? Hatto kuzatuvchilarning ori kelib orqamizdan quvib yetishsa-yu, oyoq-qo‘ldan chimillatib chilvir changaklashsa, undan keyin xumorlaridan chiqquncha anjirga ayri qilishsa… Kerakli joyga oborib tiqishsa. So‘ng bir quloch arznomani to‘ppa-to‘g‘ri ishxonamga yo‘llashsa. Ham ish joyida obro‘ to‘kilib, xayr-ma’zurga yo‘liqaman, ham ro‘zg‘orda… Yo‘q-yo‘q, bu nayranglar menga o‘tmaydi. Hadik aralash chuqur iztirobga bandi bo‘lgan Yulduzga xavotirlanib javdiradim. Ajab, uning ko‘zlaridan milt-milt yosh tomchilari sizib chiqayotganiga nigohim qadalib, yanayam o‘ng‘aysiz holga tushdim. Nazarimda Yulduz xayolan ota-onasining ruhlari, kindik qoni to‘kilgan go‘shasi, tanish-bilishlari, ayniqsa, bolaligi muhrlanib qolgan aziz kulbasi bilan yurak-yuragi ezg‘ilanib xayrlashayotgandek edi. Quvonch bilan chiqqanda ehtimol qo‘l silkib xushxandon xo‘shlashgan bo‘larmidi? Og‘ir so‘lishlik bilan yuziga elas-elas qaraganimni payqab, ko‘z yoshlarini ro‘molchasiga shimdirarkan, yana o‘zini tutolmay yelkalari silkina-silkina yig‘lashga tushdi. Nimalarni o‘ylayotganimni ham eslolmay, yuragim allanechuk ezilib ketdi. Nima bo‘lsa bo‘ldi, dedim-da, mashinaga bosim berdim.
Konibodomdan chiqishimiz bilan entikib chuqur nafas oldim. Xuddi havoni terib yutoqayotgandek, og‘zimni kappa-kappa ochib qo‘yaman. Xayriyat, hech kim ketimizdan ta’qib qilmadi. Nazarimda Yulduz ham chuqur-chuqur nafas simirdi. Lekin yuziga tepchigan iztirob qandaydir armon izlari aralash kezinib qoladi. U shu ezg‘ilanishlarni yashirish maqsadida mashina yon oynasidan biroz bosh chiqarib, lipillab o‘tayotgan manzaralarga dardini to‘kayotgandek ko‘rinadi ko‘zimga. Zeriktiruvchi sukunat ikkimizniyam ko‘nglimizni tor oldi shekilli, gapimiz endigina qovushib, suhbat qurib ketdik. Yarim yo‘lda mashina bir tomonga og‘irlashib qolgandek enkaydi. To‘xtab tushdim. Qarasam, orqa qo‘sh g‘ildirakning chap tarafidan biri teshilibdi. Yuk bo‘lmaganda-ku bemalol ketaversam bo‘laverardi-ya, yuk bor-da!
Quyosh qontalash tusga kirib, ufqqa asta yonboshlay boshlagan. Tezroq sozlab olmasam, qorong‘iga qolib ketishim tayin. Yaxshiyam tayyor g‘ildirak bor edi. Yo‘qsa ish pachava bo‘lardi-da zulmatda nina izlagan kabi. To uni almashtirguncha boshimdan oyog‘imgacha jiqqa terga botib ketdim. Bahorning iliq shabadasi tanga rohat beradi. Ko‘nglimni ko‘taradi. Yo‘l bo‘yida yakkam-dukkam bo‘y cho‘zgan jiyda daraxtlarining endigina ko‘z ochgan gul shodalari shabadada asta tebranib, intiq qitiqlovchi isini yetaklab keladi-da dimog‘imga uradi. Boshim g‘uvillab aylanib ketayotgandek bo‘ladi. Huzur topgandek bo‘laman.
Yulduz aytilgan hajmdagi kalitlarni birma-bir saralab, vaqtida yetkazib turibdi. Nihoyat, ish bitdi. Qorong‘i cho‘kib, barkashdek oy asta bosh ko‘tarib, to‘lishib kelayotibdi. Hov naridagi ko‘lmakda baqayu qurbaqalarning kim o‘zarga tomoq yirtishlari quloqni patir qilib tashlaydi. Beton ariqchada yuz-qo‘limni chayib, ortimga qaytdim. Qoramtir soyasi oy yorug‘ida yerga uzala tushgancha bezovta tortib turgan Yulduz horg‘in qadam bosishimdan o‘zini dadil tutishga urinsa-da, ichki isyonini baribir bosolmadi shekilli, yalinchoq tovushda shoshirdi.
– Erkin aka, tezroq ketaylik. Kechga qolib ketdim juda.
U men tomon qayrilib, oy yog‘dusidan yuzini o‘girgan paytda qoramag‘iz chehrasi yanayam qorayib ketgandek ko‘rindi. Yuzimga sinchiklab termuldi-yu, birdan qiqirlashga tushdi.
– Voy, anavi kishimni, toza haydovchi ekansiz-ku! Chakkangizga qoramoyni surtib olibsiz, afandi aka.
O‘ng‘aysizlandim. Shoshib chakkamni kaftimda siypaladim.
– Ey, sidirib battar suvadingiz. To‘xtang, men hozir.
O‘chakishgandek ishqor kukuniyam sob bo‘lgandi. Ichimdan toshgan bo‘g‘riqish endi bo‘g‘zimni tutayotganda Yulduz kabinaga chaqqon sakrab chiqdi-yu, o‘rindiq suyanchig‘iga tashlangan momiq sochiqni yulqib, sug‘urib oldi.
– Hay, aytmoqchi, benzinda artsa ketadi chog‘i, Erkin aka. Ozgina shimdirib oling.
Bakning qopqog‘ini shaqirlatib ochib, u uzatgan sochiq chetini yonilg‘i sathiga biroz tutgach sug‘urib oldim-da, chakkamni shoshib artdim.
– Ketdimi?- so‘radim hamon bezovta tipirchilab, o‘zini qo‘yarga joy topolmayotgan Yulduzga qayrilib.
– Qani! U yaqinroq kelib, chakkamga sinchiklab razm solarkan, sochiqni qo‘limdan oldi.- Quloq sho‘rlikniyam boplabsiz-ku! Sabr qilib turasiz endi.
U chakkam aralash qulog‘imni tozalashga kirishdi. Shunda… shunda dimog‘imga avval benzin, so‘ng qandaydir is kelib urildi. Unga jiyda gulining o‘tkir bo‘yi qo‘shilib, boshim g‘uvillab ketdi. Qulog‘im supralarining astoydil ishqalanishi vujudimda mayin titroqli qitiq uyg‘otib, qo‘limni negadir ilkis ko‘tardimu, ko‘tarilgan qo‘l Yulduzning dikirlab turgan ko‘kragiga bexos tegib ketdi. Tegib ketdi-yu, o‘zimni boshqarish quvvati allaqayoqqa gum bo‘lib, hushimni yo‘qotayozdi. Oyoqlarimdan bir zumda jon uzildi, qoldi. Yulduzning qo‘llaridan qanday ushlaganim ”Voy, nima qilayapsiz, qoching. Voy, ayajon…”, deguvchi iltijolariyam qulog‘imga allanechuk sirli entikish berib chalindi-yu, idrok etish hissi o‘zligimdan chekindi. Go‘yo bu ovozlar, bu qarshilikning zorlanishlari uzoq-uzoqlardan allaqanday yovvoyi bir mavjudotning alahsirashga o‘xshash g‘ayritabiiy hayqiriqli qiliqlaridek ta’siri totli, go‘yo adoqsiz kayfiyat baxsh etgandek edi. Ko‘pirib kelayotgan uzluksiz quvvatdan xayolda jonlangan sifati ta’rifsiz – benihoya go‘zal qaqajonlarning basma-basiga uzatayotgan billur qadahlardagi sharobning o‘ta latif lazzatlaridan jon rohatda, hislar ishratda. Junbushga kelgan vujudning tarangligi sho‘x bir navoning jilvakor raqsiga monand kuchli tebranishga tushdi shu topda. Tushdi-yu, qarshimdagi hirom aylayotgan parilar guruhi jarangli qarsaklar silsilasini daf’atan boshlab yubordilar. Ko‘zim oldi go‘yo qip-qizil gullar chamani qurshovida yongandan-yonadi… Bir mahal bu gulshanga gulduros solgancha bir chaqmoq qarsillatib ikki-uch bor o‘t tashladi-yu, turli yo‘sinda tebranayotgan qizlarxonlar bir-birlarini safsiz quvalashgancha ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar. Kimdir talvasaga tushgandek achchiq qichqirdimi, og‘riqli ingradimi, ilg‘olmay bir muddat toshdek qotdim. Tasira-tusir “chaqmoq“dan hushim yozilib, ko‘zim yarq ochildi. Yuzim o‘tdek lovullab yonayotganini his etdim.
– Nima qilib qo‘ydingiz?! Sho‘rim quridi-ku!..
Yulduzning alamli ingrashidan bir qadar ezilib ketdim. Bir vaqtlar ariq vazifasini o‘tagan chuqurlikda xarsillagancha dag‘-dag‘ titrarkanman, haliyam qilib qo‘ygan xudbinligimning tagiga idrok kuchi bilan yetib, aql ko‘zi bilan ko‘ra olmasdim. Aqlim yetganida esa, boshimni qay toshga urishni bilolmay, jon tomirlari yorilgudek bo‘g‘riqdim. Nima qilib qo‘yding, nomard. Eh-h, hayvon!.. Halimaning yuziga oyoq tirading-ku, ablah! Xotiningni nima gunohi bor ediki, sen iflos, shu ko‘rnamaklikni unga qasddan ravo ko‘rgan bo‘lsang. O‘g‘lingni o‘ylamadingmi hech qursa. Qayerdan chiqdi o‘zi bu kasofati?! Manavi ajinasifat qaydan ilashdi o‘zi? To‘xta-to‘xta, sen kasofatimi, yoki umi? U-ku senga ishonib, o‘zini o‘ta yaqin tutib chiqdi. Jahannam labidan sidirilib, tinchini zo‘r umidlar, cheksiz ikkilanishlarda orziqib, izlab kelayotgan bir chorasiz bo‘lsa! Sen-chi? Sen nima karomat ko‘rsatib qo‘yding, betavfiq. U o‘zi hayotning berahm siltovlaridan xo‘rlanib, ham zorlanib na ota va na ona diydoridan oziq olgan bo‘lsa?! Yetim boshini xam qilib qayoqdagi qarindoshchilikning bir tutami ko‘ringan ayasining allaqaysi xolasinikiga ming sarg‘ayib yo‘l solayotgan bo‘lsa! Ko‘z tikkan qarindoshi hali qanday vaj-karsonlar ko‘rsatarkin, bu noma’lum. Bu zimiston orzu. Shirin jonini o‘ylashgayam qo‘ymay, hayotdan bezdirgan serzarda ammasi u yoqda kaftdekkina hovliga vujud bosib, ko‘krak kersa! Buning bosh olib chiqqanini allakimlardan eshitib, yurak-bag‘ri zavqlansa-da, sir boy bermay, g‘iybat toshini jiyanining gardaniga do‘qillatib bosib, huzur topsa! Qay chigallikni ko‘tarsin buning tutday to‘kilgan bir misqolgina joni! Hayotning beshafqat o‘mrovidan tortib olish o‘rniga undan-da tubiga itqitding sodda Yulduzni. Hali sendek benomusdan hayotning o‘zi bir qadar o‘ch olmasa edi xonumoningni qaqshatib. Nomardlik tamg‘asi osildi sening haromi bo‘yningga!..
– Kim degan odam bo‘ldim-m, kim?.. Yomg‘irdan qochib, do‘lga tutildimmi,a?!
Yulduzning ingroqli, siniq tovushini ilg‘ab, unga astoydil rahmim kelib ketdi. Qanday ovutishni bilmasdim. Qilar ishni qilib qo‘yib, yana boshini silashga imkon qidirasanmi, xezalak. Qandaydir kuch qo‘limni uning boshi tepasida to‘xtatdi. Lekin bir quvvat g‘olib kelib, beixtiyor to‘zg‘ib ketgan sochlarini siladim. U jirkanib, qo‘limni yulqib tashladi.
– Qoching!.. Keting bu yerdan!.. Nodon bo‘lmasam sizga ishonarmidim. Men kaltao‘y sizni odam deb o‘ylab… U birdan jonni birdek tilimlovchi uvvos tortib yubordi.- Ayajon, jonim onam… men baxtiqaro qizingizni kechiring. O‘zingiz bo‘lganingizda meni shu isqirtlarga tashlab qo‘yarmidingiz, ayajon. Jonimdan kechib chiqqandim, nomusimni armonlatib qo‘ydim-ku, jonim onam. Endi nima qilaman? Bu isnodlarga qanday chidayman, qandoq.
U achchiq nolalar qildi-yu, men cho‘chinqirab kutganchalik ay’yuhannos solmadi. Sochlarini yulmadi. Yaydoq kabirada kimgayam dod solardi, tanho mengami? Menga-ya?!
Yulduz sudralib o‘rnidan bazo‘r qo‘zg‘oldi. Beton ariq ortidagi ko‘lmak tomon ketdi. Ko‘nglim vahimalar g‘alayonlariga bearmon bandi bo‘lgan. Bunda o‘ta dahshatli xayollar ham kezinadi, ham sovuq manzaralar bolalagandan-bolalaydi. Shayton istagan ko‘yiga ham ruhiyatimni, ham kayfiyatimni jilovlab o‘yin tushirayapti. Shu topda xayolimga sovuq bir o‘y keldi-yu, sapchib o‘rnimdan qo‘zg‘oldim. Yana o‘zini bir balo qilib yurmasin alam ustida, bilib bo‘ladimi? Xayriyat, Yulduzning sal naridaggi butalar soyasiga chatishgan qorasi ko‘rindi-yu, chuqur tin oldim. Ammo yuragim og‘ir qalqib ketdi. “Yurakmish! O‘zi senda sof yurakning biror misqoli bormi, nomard. Sen hali o‘zingni odam qatorida sanab o‘tiribsanmi, sen-a?! Sadqai sar senga odam degan ulug‘vor nom. Birozgina g‘urur, or-nomus bo‘lganidayam mayli edi. Qani o‘sha fazilatlardan nishona? Shumi?! Pis, degin, ha, balli! Endi bir umr mushukdek muloyim tortib, pusib yashaysan. Hatto oyoq olishingniyam birov sezib qolishidan hadiksirab kun kechirasan. Xavotirlik senga umrbod yo‘ldosh bo‘ldi. Tashvishlanma, bir bor shaytoni la’inni zavqlanib opichladingmi, bas, endi u seni istagancha minib chopadi…” Qo‘rqib ketayapman, bu nidoli xayollar qayoqdan kelayotir? Muncha qo‘rqinchli bo‘lmasa?..
Yulduz boshini solintirgancha hiqillab o‘tdi-yu, mashina eshigiga yopishdi…
Yulduz hikoyasi
Aldamchi so‘qmoqlar
Esimni taniganimdan buyon uyimizda tinchlikdan ko‘ra, to‘polon-janjalning kuli ko‘pirgani ko‘proq bo‘lardi. Bir yoqdan eridan ajrab, yeru ko‘kka ishonmaydigan tantiq qizchasi bilan ko‘ch-ko‘ronini ko‘tarib kelgan serzarda ammam, bir yoqdan singlisining uydirmasiga uchib, sho‘rlik ayamni tinimsiz kaltaklaydigan dadam. Yuz-ko‘zini ko‘rib bo‘lmaydigan ayam bilan qo‘shnilarnikida tunagan kechalarimiz. Tong otguncha boshimni ohista, ammo titroq bilan silab, mahzun o‘yga tolgan ayamning ingichka, nimjon barmoqlari. Xastagina, mayin yupanchlaridan entikib, ko‘p narsalarga aqlim yetmasa-da, ich-ichimdan toshib kelib bo‘g‘zimdan bo‘g‘ishga shaylangan qiynoqlar changali. Ayamning o‘ta xo‘rlanishlariga chidolmay, bir burchakka tiqilgancha o‘ksib-o‘ksib yig‘laganlarim… Hamma-hammasi hamon ko‘z oldimda ayanch bilan jonlanib aylanadi. Xotira qatlarida bosiriqqan bemor kabi achchiq to‘lg‘ontirib, hanuz tinchimni oladi.
Shu ammam hovlimizdagi bor-yo‘g‘i ikki xonadan iborat pastakkina uyimizning bir hujrasiga ko‘chib keldi-yu, go‘yo fayz-baraka birdan ko‘tarilgandek bo‘ldi. Tavba, bir shapaloq nur tushirmaydigan quloch yetmas yong‘og‘imiz o‘z-o‘zidan qovjiradi-qoldi. Har yili boshini yeb, hosil tutadigan o‘rigimiz ham shig‘illab yotgan g‘o‘rasini allakimdan qizg‘ongan kabi bitta qo‘ymay to‘kib tashladi. Har doim sharqirab, lim-lim oqadigan arig‘imiz esa, suvsizlikdan badbo‘y balchiq ko‘ptirib, ko‘ngilni ozdirishga tushdi. Uning ustiga muloyim kuchugimiz negadir tajanglashib, nuqul bezovta akillaydigan odat chiqarib qoldi. Ammamning kosov o‘qtalib quvlashidan bezib, allaqayoqqa bosh olib qochdi-ketdi. Shu tahlit hovlimiz qandaydir mungga ko‘milgandek mung‘ayib qoldi.
Dadam, yolg‘izgina singlim qayoqqayam borardi, deb joni obdon achigandi. Men ham ammamning tashrifidan toza suyungandim, rosti. Qizchasi ovunchoq bo‘ladi-ku, deb o‘ylagandim. Unday bo‘lmadi. Ammo ammam tuzliqqa tuflab qo‘ydi. Dadam bo‘lsa negadir ichkillikka ruju qo‘yib, bor alamini ayamdan oladigan qiliq chiqardi. Ichsa, o‘zini hech bilmasdi. Ammam esa bunaqa paytda yo eshigining ichidan mahkam tambalab olardi, yoki qorasiniyam ko‘rsatmay, allaqaysi dugonasinikiga g‘oyib bo‘lar edi. Janjal so‘nib, idish-tovoqlar, unga qo‘shilib deraza oynalari chil-chil singan, hammayoq ost-ust bo‘lib yotgan mahalda osmondan tushardimi, yo yerdan chiqardimi, paydo bo‘lardi. Qoshi zulukdek chimirilib, ko‘zlari sovuq yiltillagancha ayam bechorani gap bilan uzib-uzib olardi.
– Voy-bo‘, bu yana nimasi?! Nima balo, zilzila qo‘pdimi bu hovlida?! Hoy, qanaqangi ivirsigan xotinsiz, kennoyijon. Manavi zormandalarni supurib-sidirib olsangiz, bo‘yningiz kundaga tushadimi,a? Ko‘rar ko‘zga, eshitar quloqqa uyat bo‘lsa kerak, adashmasam. Qani, turing, chaqqon-chaqqon qimirlang-chi bir mundoq. Shu ketishingizda akam sho‘rlikning ajalidan besh kun oldin jonginasini o‘chirasiz-ku! Anavi til o‘lgurni salgina tiysangiz, biror joyingiz kamayib qolarmidi?! Lo‘lining uyi ham bunchalar xarob bo‘lmas. Hoy, Yulduz, qimirla, sen ham chaqchaymay.
Ayam ham, men ham indolmasdik. G‘ing desak, dadamning qulog‘iga boshqacharoq yo‘sinda yetib borardi-yu, butun “maza“sini ayam sho‘rlik totardi. Keyin-keyin o‘z arzini akasiga shubhasiz o‘tkiza olishga ko‘zi yetgan ammam tantiq qizining og‘irligini ham bizga ortib, bu tomondan ham eza boshladi. Meniyam shu g‘alvaning ichiga tiqdi. Ayniqsa, dam olish kunlari mayda-chuyda yumushlari qaynab qolar, arzandasining kir-chirini chayish ham mening zimmamga tushgandi. Ulgurmay qolsam, dashnomning ostida qolib ketardim.
– Hoy, Yulduz! Nega aytganlarimni bajarmading?! Anavi yalmog‘iz ayachang o‘qitayaptimi, sen zumrashani! Hali shoshmay tur, dadang kelsin, bir ta’ziringni berdirmasam yurgan ekanman.
Yuragim shig‘illab, qo‘rqib ketardim. Ko‘z oldimdan mening dastimdan ayamning kaltaklanishi o‘tib, sovuq titroq vujudimni bir zumda qoplay qolardi.
– Darslarimni tayyorlab olay, amma, keyin bira yo‘la chayib qo‘yaman. Bo‘lmasa muallimamiz urishib beradilar.
– Voy-voy, o‘zi sen qiltiriq nusxadan o‘g‘niqroq odam chiqarmikin bu yorug‘ dunyoda? Nima, o‘qib olam-jahonni oberarmiding menga! Bor, ishni bajar!
Noiloj uning buyurgan yumushlarini qilmasdan qolmasdim. Faqat, faqat ayam qaqshamasa bas. Ertasiga esa o‘qituvchimdan dakki yeb, past baho olardim-da, bo‘zraygancha uyga qaytardim. Uy burchagiga tiqilib olgancha to‘yib-to‘yib yig‘lardim. Gap bundayam emasdi, gap dadam zug‘umining ro‘kach qilinib, cho‘chitilishida edi. Ayniqsa, ba’zi-bir naynov bolalarning, piyanistaning qizi, deguvchi masxaralarini ham hech o‘zimga sig‘dirolmasdim. Yurak-yuragim o‘yilib bitardi bu kabi kamsitishlardan.
Necha marotaba mahalla-ko‘y aralashgandek bo‘ldi. Go‘yo ammam ham, dadam ham insofga kelishgandek bo‘lardilaru, hech qancha o‘tmay, yana o‘sha ahvol badbin basharasini ko‘rsatib takrorlanardi.
Dadam to‘shakka mixlanishidan oldin bir bor, omonatini topshirishidan avval yana bir marta ro‘zg‘or boylab qaytgan ammam o‘zining inson degan muqaddas tuyg‘udan ancha yiroq tushganligini hech-hech tan olmas edi.
Mening xayoliy istaklarim hech ko‘z ocha qolmasdi. Ammamni tag‘in “so‘roqlab“ kelishsa-yu, tinchimizni topa qolsak, derdim orzulanib. Bu kabi tilaklarimga qo‘shnimiz Rokiya opa xotima berdi-yu, borki hafsalam havoga uchdi-ketdi.
– Bu dardisarning yaqiniga odam tugul it ham yo‘lamaydi sirayam. Kun yorishganda uyqudan arang ko‘z ochsa, er sho‘rlikni oyog‘i uchi nari tursin, naq burnida ko‘rsatsa. Bu nimasi axir. Erni er qilgan ham xotin, qaro yer qilgan ham shu. Qaysi bosh og‘riqqa darmon ekan bunaqangilar, hayronman. Qachonki, erning ko‘nglini topadi, undan keyin umidi ustun, turmushi durkun bo‘ladi xotin kishining. Bu tentak esa, osmondagi oy, pichoqdagi moy. Farosatda toyib ketayotgani parvosigayam kelmaydi. Oyning yuzidagi dog‘i bahona bundaylarga. Ammo-lekin dunyoning bir qadar teskariligi ham bor: bu kabi devor mingan sochi pahmoqlar hammadan o‘tib ketgan baxtli-taxtli.
Qo‘shni ayol to‘g‘ri aytgan ekan. Hech kim eshik turumini buzishni xayoligayam keltirmasdi hatto. Ammam esa ko‘ziga surma, qoshiga o‘sma chaplab, oyjamolgina bo‘lib janjalning iniga kosov tiqishdan sira tolmasdi. Ko‘ngil huzuri maishatida edi.
Bir narsaga hayron qolardimki, ayam dadamni hech vaqt yomonotliq qilmasdi. Do‘pposlab kaltaklaganida ham qo‘shnilarning gap olish uchun tashlagan pinhona ilmoqlariga parvo qilmas, ohista javob yo‘llab qo‘ya qolardi.
– Oyning o‘n beshi qorong‘u bo‘lsa, o‘n beshi yog‘du bilan, deyishadi-ku, aylanaylar. Bir kun insof tug‘ib, vazmin tortib qolsa, ajabmas. O‘zi sira yomon emaslar, jahllari chakki xolos. Har kimdayai o‘ziga yarashasi bor-da…
* * *
Dadam biqinida kuchli sanchiq turishi bahona, borib-borib to‘shakka qapishdi. Oylab shu tahlitda jon hovuchlab qoldi. Borgan sayin og‘irlashib borardi. Bir kuni kechga yaqin meni chaqirib olib, yonidan bir qarich ham siljitmadi. Ko‘krak qafasi bosqondek chiqib-tushadi. Yuzidagi ajinlari g‘ijimlanib, rangi zaxillashib qolgan. Qo‘l panjalari akashak tortib, paylari turtib chiqqan. Jon tomirlari esa ingichkalashib xunuk ko‘kishrang olgandek edi. Tirnoqlariyam bir g‘alati sarg‘ishtob tusga kirgandi.
Chiranishidan qattiq qiynalayotganligini sezgan ayam bir nimalarni ohista, ammo nimadandir hadiksiragandek pichirlab, qayta-qayta takrorladi-da, dadamning jiqqa terga botgan peshonasini dokaga shimdirarkan, lablari pirpiragancha o‘krab yubordi.
– Dadajonisi, bizdan rozi bo‘ling… Biz ham sizdan rozimiz, mingdan-ming rozimiz…
Shundan keyingina dadamning xavotirli yuz-ko‘zlarida mamnunlik balqib intiq angraydi-yu, uzun nafas pufladi. Yumilib qolgan kaftlari asta yoyildi. Uy ichini birdan ayamning achchiq o‘kirigi tutib, oyoq-qo‘llarimda qaltiroq turib qoldi. Nihoyatda qo‘rqib ketgan ekanmanmi, bir haftaga yaqin hud-behud yotib qoldim. Ayam tinmay zorlanadi.
– Jon qizim, ko‘zingni och. Sendan boshqa kimim qoldi bu yorug‘ dunyoda.
Shifoxonada davolanib, hech qancha o‘tmay yaxshi bo‘lib ketdimu, lekin yuragim muttasil titrab turadigan bo‘lib qoldi. Issiq haroratni ko‘tara olmasdim. Sovuqqa esa chidolmasdim.
Har qursa ayam dadamni yaxshi ko‘rishlarini sezib qoldim. Ko‘pincha dadamning suratini oldiga qo‘yib, ma’yus tikilib o‘tirganining ustidan chiqib qolaman. Shunda ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lganligidan bir xil bo‘lib ketaman.
* * *
Dadamdan ayrilgach, ammamdan yana bir qadar yurak oldirib qo‘ydim. U suyaksiz tiliga zeb berib, ayamni hech hol-joniga qo‘ymadi. Uning niyatini hech tushunib bo‘lmasdi. Bu vaqtda tirrancha qiziyam maktabga qatnab qolgan, tiliyam durustgina chiqib, onasi yordamida burro charxlanardi. Kezi kelsa qo‘shqanotlik ham qilib qolardi. Ming afsuski, shu ammamning zug‘umi sira tiyilmadi. Ammo ba’zi mahallarda ruhiyatiga xos inoqlashib qolar, topgan matohi hasratning uyasi edi. Shunda uning fe’l-atvori naqadar chigal ekanligini anglab yetardim.
Hammasidan ham alam qiladigan joyi – bechora ayam bu dunyoning og‘ir zahmatidan kechib, ko‘z yumganda oldilarida bo‘lolmadim. Vasiyatlarini va hatto so‘nggi so‘zlarini ham eshitolmadim. Ammamning zug‘umi menga qaratilgach, boshim uzra og‘ir tosh og‘ayotgandek titroqqa tushardim.
Rahmatli ayam bir kuni bir sirni aytib, ammamning kimligini bildirib qo‘ygandi.
– Qizim, ammangdan xafalanib, ortiq o‘zingni qiynama. U kishimga yo‘rgakda tekkan kasallik bu. Qaynota va qaynonamlar ham shuning tashvishida jigar-bag‘rilari kuyib o‘tib ketishdi. Ammang ayozda to‘g‘namas, issiqda erimaslardan.
Shu qadrdon hovlimizdan dadam bilan ayamning ruhlarini chirqillatib uzilishlik istagi hatto xayolimgayam kelmagan edi-yu, ammamning bir gapi nashtardek sanchilib, ich-etimni tilib tashladi.
– Yulduz!- dedi bir kun muloyimlashib.- Seniyam bo‘ying yetib, silliqlashib qolding. Axir shundoq yurishing… endi-i… chiroyli bo‘lmasa kerak. Baribir bir kun kelib tuyasanda erkak taftini. Bilsang, ishxonamizda shun-naqangi kelishgan bir yigit borki, oh, ko‘rsang qaytib-qaytib boqqing kelaveradi. Eh-h, shunaqa paytda qaytadan bokiralikka aylanib qolsangu… U shaloq og‘zini to‘sgancha behayo suzilib qiqirladi.- Nima deding, qaqajon. Ha, bir nima degin endi odamning ko‘nglini lanj qilmay.
Avval unga angraygancha qotib qoldim. Bir zum shu kepatada kalovlanib turgach, hushimni yig‘dimu jonholatda qichqirdim.
– Niyatingiz o‘zingizga siylov, bildingizmi?!
Boshqa gap topolmaganimdan alamim toshib, o‘krab yubordim. Ich-ichim tirnalgandan-tirnaladi. Ajab, nima uchun u yuzsizning betiga durustroq sapchiy olmadim, nimaga? Yo qo‘rqdimmi? Rostdan ham qo‘rqqandirman. Ehtimol, janjalning qo‘pishidan ko‘proq bezib ketganimdandir. Nima bo‘lgandayam o‘zimning bu qadar zaifligimdan, erksizligimdan va yana qo‘rqoqligimdan nafratlanib-nafratlanib ketdim.
* * *
Insonda shundayin bir ojizlik mavjudki, birov alamingni qo‘qqis qo‘zg‘otgan vaqtida bosh ko‘tarmagan achchiq-tizziq gaplar janjal so‘ngach, har yondan qiynab, isyon ko‘tarib qoladi. Shunday alam qiladiki… Xayolan biram olishib qolasanki raqibing bilan, asti qo‘yaverasan. Xumoringdan chiqqandek bo‘lasan, lekin baribir noshudligingdan ich-ichingdan kuyib-kuyib kul bo‘laverasan, bo‘laverasan. Hozir men ham shu girdobda ezg‘ilanib, qiymalanardim. Ayam bo‘lganida bu sho‘rtumshuqning gapi zig‘ircha ham ta’sir qilmagan yoki gapirolmagan bo‘larmidi? Yakkalanganimdan foydalanib siylagan gapi shu bo‘ldimi? O‘shaning bilan o‘zing qo‘shmozor bo‘lmaysanmi menga desa! Ana, juda kerak bo‘lsa polopon “ajinagul“ingni birozgina ulg‘aytirib, istagan “ko‘z kuyar“ingga “hadya“ qilaver. Nechta er, nechta chimildiq yuzini ko‘rgan sendaqangi ergadolarning qadr-qimmating bir chaqaligini kim bilmabdi ekan?! Go‘yoki bejirim, yiltiroq qog‘ozga o‘rog‘liq sifatli qanddek bilishadi o‘zlarini bunaqangilar. He, kepatang bundan battar qurisin, sen yuzsizning.
Shu sabab bo‘ldi-yu, xayolimga faqat iffat pardasini yo‘qotgan shu hovlidan bosh olib chiqish istagi tug‘ildi. Tug‘ildi-yu, shu xohish sira tinchlik bermay qo‘ydi. Shuni rejalashtirib turganimda lop etib Erkin aka ko‘z oldimga keldi-yu, jonlanib ketdim. Ko‘narmikin? Bosh chayqab qolsa nima qilaman? Tavakkalliga aytib ko‘rganimda esa, bir-ikki maslahat solgandek bo‘ldi. Qarorim qat’iyligini bilgach, yo‘rig‘ini topolmadimi indamay qoldi. Zarur narsalarimni, ayniqsa, dadam bilan ayamning sarg‘ayib ketgan suratlarini oldimu, yaxshilab joylab qo‘ydim. Sahar turib, qabristonga yo‘l oldim. Ayam bilan dadamning qabrlarini birma-bir quchib yig‘lagancha diydiyoimni to‘kib soldim.
– Menginani qaylarga tashlab ketdilaring, dadajonim, jonim ayajonim. Kimlarga somondek sarg‘aytirib qo‘ydilaring mendek sargardon yetimchani?! Sizlardan o‘zga kimgayam keragim bor edi, kimga? O‘zlaring bilan ola ketsalaring bo‘lmasmidi? Ammamning zulmidan to‘ydim, dadajon. Arvohlaring chirqillamasin bosh olib ketishimga. Boshqa ilojim ham yo‘q, ayajon… Rozi bo‘linglar, rozi…
To‘yib-to‘yib yig‘lagancha oyog‘imni bazo‘r sudrab qabristondan chiqdim. To‘g‘ri ishxonamga yo‘l oldim. Harholda anchayin keksayib qolgan ferma mudiri paysalga solib o‘tirmay, arizamga imzo chekib bera qoldi. Lekin ishdan butunlay ketib chakki qilayotganligimni, ayamning izlari shu yerda qotganini, har qadam ruhi kezib yurganligini kuyungancha gapirib o‘tdi. Qandaydir kuch esa sabrimga tosh bosgudek yuragimni tiladi, onangning ruhini azoblama, deydi. Ich-ichimdan unsiz bo‘zlayman. Negadir birga ishlagan sut sog‘uvchi dugonalarimdan sira-sira ayrilgim kelmaydi. Xuddi shu dargohning oddiygina tuyulgan tuprog‘igacha mung‘ayib kuzatib qolayotgandek orziqib ketaman…
Yo‘l-yo‘lakay qo‘shni kampirnikiga kirib bordim. Sadbar xola oftobro‘ya yerga eski sholcha to‘shab, ko‘rpa qaviyotgan ekan. Menga ko‘zi tushishi hamono aylanib-o‘rgilib ko‘rishishga oshiqdi. Niyatimni aytganimda esa, avval ham hayratlanarli, ham sovuq angraydi. So‘ng maqsadimning qat’iyligini anglagach, xiralik aks ura boshlagan ko‘zlarida yosh qalqib, hirqiroq ohangda ovuta boshladi.
– Voy, sen tentakkina-ya, meniyam g‘alati holga tushirib qo‘yding. Bu xayollaringning barisi behuda. Esingni yig‘masang bo‘lmaydi, bolam. Ota-onangning arvohini o‘yla, ruhlariga beadad tilovat qilishni bil. Bittayu-bitta chiroq yoqquvchisi o‘zing-ku! Qiz bola boshing bilan qayerga ham borasan, jonim bolam. Rahmatli Jamila bo‘lganida seni shu ahvolda ko‘rarmidim-a?! Qo‘y, o‘zingni bos. Shaytonga hayf ber. Yaxshigina joydan chiqib qolsa, ro‘zg‘orga o‘ralashib, tashvishgayam ko‘milib ketasan, qizim.
– Yo‘q, xolajon. Meni tushunmadingiz. To‘g‘risi, to‘yib ketdim. Borgan joyimda xor qilib qo‘yishmas. Ammamni ko‘rayapsiz-ku!.. Es-es bilaman, ayamning Qo‘qon tomonlarda allaqanday xolalari bor. O‘sha yoqqa boraman. Bolaligimda ko‘p borganmiz. Bordi-keldimiz yaxshi edi. Keyinchalik ortmadikmi, bir-birimizdan uzilib qoldik. O‘zlariga to‘q oilaligini bilaman. Harqalay, qarindoshchilik – ming yilchilik, degan gap bor-ku.
– Ko‘p ham o‘zingga olaverma. Kalta o‘ylama ham. Birovning eshigiga sarg‘ayib borishning o‘zi bor, jon qizim. O‘z joying o‘lan to‘shaging. Yo‘qchilik mahali emas-ku axir, tirikchilikni vaj qilib sargardonlikni boshdan kechirishga majbur bo‘lsang… Bir kun kelib ammang ham insofga kelib qolar, shundoq qotib qolmas. Yomonning kuchi yapaloqqa, deganlar, sabr qil. Mag‘zava odam ko‘piklashaveradi-da.
Sadbar xola ovunchoq bisotidan boshqa o‘rinli dalda topolmadi shekilli, qaviyotgan ko‘rpasiga ninasini betartib botirgancha uzoq o‘yga toliqdi. Go‘yo boshi suyagi turtib chiqqan ozg‘ingina yelkalariga omonat o‘rnashgandek kilkilladi. Qoramag‘iz yuzi yengil uchib, quruqshagan lablari tamshandi. Bo‘yin terisiga ilashgandek qatlangan yupqa ajinlar esa to‘r solib, beo‘xshov osilib tushdi. Shu holat uni mening taqdirimga astoydil achinayotganligidan darak berganidan g‘alati bo‘lib ketayozdim. Biroq yuragimdagi alanga tafti bu bilan ham bosilmadi, so‘nmadi. Sadbar xola, bekor qilayapsan-da, jon qizim, degancha chirqillab qolaverdi.
* * *
Huvillagan hovlimizga kirgach, ko‘nglim bir qadar bezillab, uzoq turib qoldim. Birdan bo‘g‘zimga tiqilgan ichki dard o‘z kuchini ko‘rsatib, to‘lib ketdim. Shoshib uyga kirdimu, achchiq o‘krab yubordim. Uy devorlarini, ayam qavigan ko‘rpa-to‘shaklarni ko‘zlarimga to‘tiyo surtib, o‘zimni hech tiya olmasdim. Ichimdan toshayotgan achchiq xo‘rsiniqlardan qiynalib, tomog‘im chandon bo‘g‘riqib achishadi. Duvillab quyilayotgan yoshlar ko‘z oldimga xira parda tortgan, boshim chidab bo‘lmas darajada og‘rir, bu aziz va qadrdon xonadondan mutloq bosh olib uzilishlik qanchalar og‘irligini shu paytda chuqur anglab, yuragim ezilgandan-eziladi. Nima qilay, qandoq qilay? Ayam, dadam bo‘lganlaridayam mayli edi. Mayli edi, janjalning uyasi bo‘lgandayam. O‘z otang, o‘z onang bo‘lmaganidan keyin qayergayam sig‘arding? O‘g‘il bola bo‘lganimdayam bir navi edi. Qiz bolaning sha’ni nozik. Yomon gap bir bor gardaningga yozilmasin. Muhrlandimi, tamom, ming bor o‘zingni oqlashga urinma, chiranishlaringning barisi befoyda. Belingning singani qoladi, xolos.
Yana har bir jihozni, devor gardlarini ko‘zlarimga qayta-qayta surtib, yum-yum yig‘ladim. Haqiqatan ham o‘z kulbangdan ajralish bunchalar og‘ir. Nahot, shu kichikkina vatanning o‘ziyoq qanchalar aziz, qanchalar qadrli, qanchalar sirli-sinoatli. Shunchalar bag‘ri qaynoqmi vatan tuyg‘usining? Go‘yoki bir dunyo tilsim yashirinib yotgandek o‘ziga bunchalar tortmasa. Tavba, shunaqa paytda odam sezgir bo‘lib qolarkanmi, hatto manavi jihozlar ham, bari-barisi “ketma-ketma!” deyayotgandek tuyuladi. Go‘yo hovlimizning har bir qarichi zor-zor qaqshayotgandek achchiq to‘lg‘onadi…
Ayamning izini izlab uzoq tentiradim. Yuragim to‘lib keladi. Bo‘g‘zimni yirtgudek bo‘ladi. Titroq vujudimni o‘z izmiga oladi. Ming bo‘zlab ko‘nglim sira yorishmaydi. Bir kuch yopirilib keladi. Oyoq-qo‘llarimni shafqatsiz kishanlaydi, ketmaysan, deydi qat’iy. Yana bir kuch achchiq alam yoshlarini yetaklab keladi. “Bu yerdan keta qol, bu yerda sening hech kiming bo‘lmasa endi” deydi kuyungandek. Behol bo‘lgancha o‘tirib qolaman. Ayamning devor sirtidagi qoziqda ilingan qora baxmal nimchasiga bexos ko‘zim tushib, o‘rnimdan sapchib tavof qilishga tushaman. Yig‘idan yana boshim aylanadi. Ko‘nglim behuzur bo‘ladi. Ming azoblarda qadrdon, kindik qoni to‘kilgan, bolalik chog‘larimni devorlariga, shiftlariga sanchib muhrlagan, sho‘x qiyqiriqlarimni osmonga otgan, xarxashalarimni deraza oynalariga singdirgan muqaddas xonadonimni, hamon mening taqdirimni zor-qaqshab kuzatayotgan ota-onamning ruhiy nazarlari qarshisida armonlarga to‘lgan vatanimni o‘zim bo‘zlab, uni bo‘zlatib tashlab chiqarkanman, tark etishlik inson ruhiyatidagi zanjirlarning og‘rib uzilishligining bittasi shu ekanligini anglab yetdim. Ba’zan qulog‘imizga kutilmagan pallada birorta qo‘shnining uyi sotilayotganligi haqidagi xabar chalinib qolsa, beparvo quloq tutamiz. Yuragimiz jiz etib qo‘ymaydi hatto. Titroqli hislar ham ro‘baro‘ kelmas ehtimol. Chunki bu tashvish bizning taqdirimizda emas, o‘zganiki-da. Qachonki boshimizga tushgandagina bilamiz bu savdolar qanchalar chigal yoki og‘irligini. O‘sha kimsa uyini sotib bo‘lgach, sobiq qo‘rg‘onini boshi egik holda ko‘zi qiymay tashlab chiqayotgani sababini bilmaymiz, bundan mosuvomiz. U faqat bu aziz kulbasida kechirgan mas’ud kunlarini xotiridan chetlatolmay qadam uzadi. Bu yerdan ketishiga kimdir, yoki nimadir chigallik tashlaganidan dili og‘rinib, xotiriga jamlar ehtimol…
Hozirda men o‘zim boshqacha hodisaning ichida ming azoblarda kalovlanib yotibman. Go‘yoki ammam dunyoda birdan-bir mehribon kishimdek. Go‘yo u mengayam, ayamgayam hech qachon zug‘um qilmagandek. Zug‘um qilgan taqdirdayam go‘yo shunday bo‘lishi kerakdek tuyuladi. Shu payt bir nima o‘qdek uchib, ko‘z oldimda yuz ko‘rsatdi. Dadam jigarlari xastalanib, to‘shakka mixlanganida menga iltijo qilib, ko‘ziga yosh olgandi. Afsus-nadomatlar qilgandi. Negadir ko‘nglim to‘liqib, unsiz yig‘lagandim o‘shanda. Erkak kishi yig‘lasa ham xunuk, ham g‘alati tuyularkanmi, ehtimol shu ta’sir qilib yig‘laganmanmi, yo boshqami hozirgacha bilolmayman. “Jamila,- degandi ham menga, ham ayamga og‘ir yutoqib.- Seni… sizlarni ko‘p qiynadim. Kechiringlar meni… Men, nodon, o‘z turmushimga o‘zim sho‘r to‘kibman o‘ylab qarasam. Singlimni ko‘chirib kelib, chakki qilgan ekanman. Meni deb qizimiz ham ancha jabr ko‘rdi sho‘rlik. Senga vasiyatim: biz o‘qiyolmadik, jilla qursa shu qiz o‘qisin, bilimli bo‘lsin. Orzum shu. Jamila, Yulduzning yo taqdirini o‘ylashga, yo otalik mehrini berishga o‘zimda idrok topolmagan ekanman. Hamma ayb o‘zimda ekan, hammasi, afsus…”
Og‘ir xayolga cho‘mib, uzoq o‘tirib qoldim. Hech-hech ketgim kelmaydi. Biroq qolib ham bo‘lmaydi. O‘rnimdan beholgina qo‘zg‘olib, so‘nggi bor uy ichida ma’yuslik ingan nigohim kezib, ko‘nglim bir qadar o‘ksigancha tashqariga mung‘ayib yo‘naldim. Hovlimiz sahnida ham og‘ir nafas yutoqib turarkanman, alamim yanayam toshib, hiqillab yig‘lab yubordim. So‘ritok ustuniga suyangancha atrofni sovuqqina kuzatdim. Boshimni xam qilgancha aziz va qadrdon kulbamni, suyukli qo‘rg‘onimni tark etdim.
* * *
Yo‘ldagi hamroh do‘st bo‘lmas ekan. Bu benomuslikdan ko‘ra o‘lganim ming karra yaxshi emasmidi?! Nima qilib qo‘ydim, men tentak. Iffatimni, or-nomusimni yer bilan bitta qildim-ku! O‘zimni sudrab kelib shu gadoytopmas jahannamga tashladimmi? Ha, Sadbar xola to‘g‘ri aytgan ekan. Sabr qilsam bo‘lmasmidi? Bir umr o‘sha ammamning zulm qonini ichsam ham o‘lib qolmasdim shekilli. Shu kepatada qanday boraman endi ayamning xolasinikiga? Hali u meni tanirmikin, eslarmikin? Har nechuk hayotmikin? Nahot, bu to‘g‘rida endi fikrlab turibman. Nega endi aynan boshimga kulfat yog‘ilib turgan on fahmim charxlanib qoldi? E, voh, bu dunyo bunchalar teskari, shunchalar chigalmi? Keyingi pushmon, o‘zingga dushman, deb bejiz aytishmagan ekan-da! Mana senga o‘zboshimchalikning davosi. U yog‘iga o‘tsang ham dardingga shifo topasan, bu yog‘iga o‘rgilsang ham. Shu mahalda anavining yuziga chang solgim, xumor tortgan jonini sug‘urib olgim kelib ketdi. Lekin aynan shu zaylda kildirab turishimda hech nimaga kuchim yetmaydi, bilaman. Aslida esa yetmaydi ham. Ammo hamma ayb o‘zimdaligini keyin to‘la fahmlab, o‘zimning jonimni sug‘urgim kelib ketdi. Qay iffat, qay vijdon bilan jur’at etdim uning chakkasidagi qoramoyni artishga? Voh, shu nodonligim oqibatida taqdirimga o‘chmas alam tamg‘asini bir umrga totigulik tarzda bostirib oldim-ku! Vo, ajab, aqlimni kishanlab, meni bu yoqlarga iblisi la’in ta’qib etib kelgan ekan-da! Oh, bu alamlar iskanjasida bir umr qiynalib yasharkanman-da endi.
Bu unutilmas mudhish tun nomusimga dastak bo‘lgan “kimsa“ning yalinib-yolborishi bilan o‘tdi. Men nodonginayam nima qilardim endi? O‘lganimning kunidan uning poyma-poy va’dalariga noiloj ko‘ndim. Hozir qonunga yopishsam, hamma ayb o‘zimda bo‘lsa. Boz ustiga bu isnod ammamning teshik qulog‘iga yetib borgudek bo‘lsa bormi, tamom, sevinganidan terisiga sig‘may, umri uzayadi. Uning childirmasiga men o‘yin berib, u pokiza ayolga aylanadi-qoladi. Nima dedim? Pokiza dedimmi?! Men o‘zim pokizamanmi? Men-a?! Shu sovuqdan-sovuq o‘y yurak-yuragimni tirnab-tilimlab, kuydirib o‘tdi. Nima bo‘lgandayam peshonamdan ko‘rdim. Bir tasalli ko‘nglimni ham achchiq ezib, ham og‘ir ovutgandek bo‘ldi. “Endi sen juvonlik libosidasan. Qizlik izzatingni o‘z qo‘ling bilan to‘ysiz-chimildiqsiz, orzusiz-maqsadsiz, o‘yin-kulgusiz haqoratli tusda “hadya“ etding. Iffatning ko‘ziga cho‘p tiqding. Uning chil-chil singan ming qirra parchalari qo‘lingda xotirot sifatida muallaq qoldi. Uni saqlab qo‘y, asqotib qoladi. Gohi-goh termulib, o‘tmishingni eslab turarsan. Xotiringni charxlab ham olarsan va hatto aqlingniyam jamlab yurarsan. Harholda tilingning qisiqligi bukik bo‘yingni birovlarga ko‘rsatmay turar. Istasang xafa bo‘l, xohlasang quvon. Bu sening xohish-irodangga bog‘lik, biroq anavi nafsi buzuq yovvoyi senga bedavo er bo‘ldi, sen kaltabin esa allaqanday ma’shuqa xotin. Boshqa yo‘l ham yo‘q. Tanangga boqib ko‘rsang gar: undan o‘zga yaqining ham yo‘q. Faqat sabr qil, o‘lmaysan. Lekin bir tomoni bor: suv kelsa simirasan, tosh yog‘sa kemirasan. Ammo hadik va xavotir bir umrlik hamrohingga aylandi… “
* * *
Erkin aka ijaraga joy topib meni qoldirdi-yu, o‘zi aytgandek bir haftadan keyin keldi. Ungacha shaytonning jonli o‘yinchog‘iga aylanib, uning ming tur ko‘chalarida sarsari kezdim. Yo‘q, men o‘ylaganchalik u nomardlik qilmadi, aro yo‘lda qaqshatib tashlab ketmadi, shunisiga shukr. Lekin shu hovliga ega bo‘lguncha ijara egalarining qosh-qovog‘iga termulaverib, zahar-zaqqum achitishlarini eshitaverib, jonimda darmon qolmagandi. Yayrab qoladigan kunimiz ham bor ekan. Erkin akam chog‘roqqina bo‘lsayam shu hovlini qarz-havola qilib olib berdi-yu, ko‘cha-ko‘chdan qutuldim. Go‘zalning echkidek irg‘ishlashini ko‘rib, yig‘lab yuborayozdim. Bolayam bilarkan-da o‘z vatanida erkin yayrab-quvnashni.
Go‘zal bo‘y cho‘zgan sari ham suyunar, ham ming xavotirga bandi bo‘lib qo‘rqardim. O‘zimning taqdirim bunaqangi bo‘lganiga uni har balo-qazodan asrashga intilardim. Kechayu kunduz betinim tavallolar qilib chiqardim. Uning ko‘ngliga qarab, Farg‘onaga borib o‘qishi uchun o‘zim izn berdimu, o‘zimning bag‘rim huvillab qoldi. Uning ustiga dadasi ham safaridan hech ortmaydi. Yaxshiyam qo‘shnilar bor, bir-birimizdan xabardor bo‘lib turamiz. Lekin uyning ustuni muqim bo‘lmasa qiyin ekan. Nimayam qilardim, o‘zimning sho‘rgina sho‘rvam o‘zimga siylov…
Go‘zal hikoyasi
Ishqning uchquni
Bolaligimda juda ko‘p narsalarga qiziqardim. Tabiat shaydosi edim. Ayniqsa, tog‘larga chiqqim, gullar tergim, ko‘m-ko‘k o‘tloqlarda quvnab-o‘ynagim kelardi. Nimaiki istasam, o‘sha narsa muhayyo bo‘lishini jon-dilimdan tilanib, orzular qilardim. Ayam o‘ta injiq bo‘lganligi uchunmi, unga ichimdagini botinib aytolmasdim. Urishib berishi tayinligini bilganim uchun ham indolmasdim. “Undan ko‘ra, uylarni sarishta tutishni o‘rgan. Mening qo‘limdan yumushimni ol“, deb damimni kesardi. Dadam o‘zi aytmoqchi “mehmonxona“siga safaridan qaytib kelganida zorlanishga tushardim.
Oltinchinimi, yettinchi sinfnimi tamomlab, yozgi ta’tilga chiqqan kunlarimiz edi. Har tong, har tun bir xil kechaverganidan zerikib, safaridan qaytgan dadamga yana yolvordim.
– Dadajon, meni yana Farg‘onaga olib boring. Shohimardondagi oromgoh juda ma’qul edi. Mazza qilgandim.
– Xo‘p, qizim, xo‘p. Seni oboramanu, lekin anavi vahimachi ayang tag‘in yuragini hovuchlab o‘tirmasmikin. Bilasan-ku zambarak to‘piga nishon qilishini. Bir hafta tugul ikki kun bo‘lmay, qaytarib keling, deb qistalang qilib qoladigan odati borligini ham juda yaxshi bilasan shekilli.
– Endi demaydilar. Katta qiz bo‘lib qoldim-ku axir.
– Katta bo‘lgan saring menga tashvish tushayapti-da, tentak qiz. Bir chetda sabzi kertayotgan ayam gapimizga aralashdi.- Sen qiz, nimaniyam o‘ylarding?! Yaxshi bor, yomon bor…
Ayam shunday deb o‘zining gapidan o‘zi qattiq ta’sir oldimi, duv bo‘zargancha yerga mixlanib qolgandek bo‘ldi. Lablari bilinar-bilinmas pirpirab qo‘ydi. Dadam ham negadir mulzam tortgandek og‘ir qimirlab, chuqur tin oldi. Ma’lum bir vaqt zerikarli sukut va sukunat hukm surganidan ichim toshdimi, jimlikni buzdim. Sabrim chidamasa nima qilay axir.
– Dadajon, nega bu uyimizni “mehmonxona“ deysiz?
Jim bo‘lib qolgan dadam qoshini g‘alati chimirib, qizarinqirashlik olgandek bo‘ldi. Yana ayam aralashdi.
– Shuniyam bilmaysanmi, qizim,- dedi salmoqlab.- Dadangga ko‘cha uy, bu katalak mehmonxona, bilib ol.
Hech nimaga tushunmay yer ostidan dadamga qaradim. U bo‘lsa endi bazo‘r kulimsirab, chap ko‘zini ohista qisib qo‘ydi. Ayam sabzini to‘g‘rab bo‘ldi shekilli, o‘rnidan asta qo‘zg‘oldi. Uvushgan oyoqlarini og‘ir sudragancha oshxonaga yo‘naldi. Ajab, dadam qachonki safardan qaytsa, albatta, osh damlanadi, yoki bo‘lmasa sergo‘sht chuchvara tugiladi.
O‘shanda dadamni hol-joniga qo‘ymay tajangligim oshgandi, oromgohga oborasiz, deb. Biroq dadam aytganimni bu safar bajo keltirmadi.
– Qo‘y endi, qizim, avval maktabni bitirib ol. So‘ng bira yo‘la o‘sha yoqqa o‘qishga borasan. Bosh omon bo‘lib nasib qo‘shsa, o‘zim yordam qilaman. Undan ko‘ra ayangga dastyorlik qil. Sho‘rlik qiynalib ketdi. Meni ko‘rib turibsan-ku axir, har doim ham bo‘sh emasman.
* * *
Suyunib ketgandim o‘shanda. Bolalik qiziqishlarim biroz chekinib, o‘y-xayolimni faqat yaxshi o‘qish istagi egallagandi. Maktabni bitirganimda esa, dadam negadir o‘zini orqaga tashlab qoldi.
– Qiz bolaga musofirchilik yarashmaydi, qizim. Qiynalib qolasan. Nima, Farg‘onaga borishing shartmi? Shu yerdayam o‘qisang bo‘laveradi-ku!
– Yo‘q! O‘sha yoqqa ko‘nglim chopayapti. Axir o‘zingiz ham aytgandingiz-ku, o‘zim yordam qilaman, deb. Mayli, shu tarafidan o‘ylanayotgan bo‘lsangiz xavotir bo‘lmang, dadajon. Men o‘zimning bilimimga to‘la ishonaman. Mana qarab turasiz, men, albatta, imtihonlarni a’lo baholarga topshiraman. Dugonalarim ham o‘sha yoqqa otlanishgan. Hujjatlarini tayyorlashayapti. Farg‘onaning bahavo, so‘lim joylar ekaniga qiziqtirib qo‘yganman. Shuncha ta’riflarim, tavsiflarimdan keyin o‘zim birgalashib bormasam bo‘lmaydi-da! Jon dadajon, xo‘p, deya qoling.
Bu safar ayam negadir yumshab qoldi.
– Mayli, men-ku o‘qiyolmadim. Hech qursa qizimiz armonda qolmasin, dadajonisi. Borki orzu-umidlarimiz shundan.
Ayam gapirayotib dadamga ilmoqli nazar tashladi. Dadam bo‘lsa mahzunlik ilashgan nigohida negadir yer chizib qoldi. Hayron bo‘ldim. Ba’zida ayam bilan dadamning o‘rtalarida bo‘lib turadigan shunaqangi tagdor qochirim yoki uchirimlarga bexos ro‘para kelinganida qandaydir uqib bo‘lmas chigallik ustunligining uchi ko‘ringandek bo‘lardi-yu, g‘alati ahvolga tushib qolayozardim. Ming o‘ylasam ham baribir aqlim yetmasligini anglab, qaytib bu to‘g‘rida o‘ylamaslikka urinardim. Shunaqa paytda negadir dadamga ich-ichimdan achinib ketar, negaligini esa o‘zim ham bilmasdim.
Ammo-lekin hozir ayamning iltifotidan dunyoga sig‘may ketayozdim. Quvonmay bo‘larkanmi?! Farg‘onaga boramanu, sevinmay qayoqqa?!
Ayam o‘zi Farg‘onaga birga borib, to hujjatlar topshirilib, imtihonlar natijasi aniq bo‘lgunga qadar biz dugonalar bilan birga bo‘ldi. Talabalik quvonchi yuragimni yoray deydi. Mendan o‘zga baxtiyor odam yo‘qdek go‘yo. O‘zimni qayerga qo‘yishni, yana kimlar bilandir sevinchimni bo‘lishishni bilolmay sarxushman. O‘qish vaqtini bilgach, xursand uyga qaytdik.
Dadam safaridan qaytganida bo‘yniga chippa osilib, suyunchilaganimdagi manzarani hech-hech ko‘z o‘ngimdan ketkizolmayman. Dadamning ko‘zlaridagi sovuq horg‘inlikka qorishiq sarosimalik mittigina chaqin chizib, bir zumda so‘ngandek bo‘lgandi o‘shanda. Tilidan arang shilinib uzilgan, qulluq bo‘lsin, qizim, izhorini qandaydir soxtalik, majburiylikka o‘xshash g‘alati taraddud va allaqanday lanj kayfiyat hissi egallagandi. Shunda ko‘nglimning bir cheti behuzur achishib, “Nega?“, “Nega endi?”, deguvchi og‘riqli savollar qamrab olgandi. Ehtimol, dadamning ra’yiga qarshi chiqqanligimiz bois, shunaqa qilayaptimikin, degan tasalli bu savollarni biroz quvalagandek bo‘lgandi-yu, baribir, baribir ko‘nglim g‘ash tortib qolavergandi.
* * *
Qishloq xo‘jalik oliygohi yon-veridagi qavatli uylardan ijaraga qo‘nim topilgach, ayam yo‘lga otlanib qoldi. Ketar mahalida qulog‘imni pishirib qo‘ydi.
– Bilib qo‘y, qiz bolasan. Guldek nozik mahaling. Uning ustiga begona joy. O‘zingga mahkam bo‘l! O‘zim tez-tez xabar olib turaman. Dadanggayam tayinlab qo‘yaman.
O‘qish faoliyatini ming entikishlar, cheksiz hayajonlar bilan boshlab yubordik. Bu daqiqalar butun vujudimni o‘z izmiga olgan, ajib hissiyotlar va shirin xayolotlar borliq sari go‘yo o‘tdek sochilgandek tuyuladi.
Xonada to‘rt qizmiz. Oy to‘lar-to‘lmas paxta yig‘im-terimiga karvon bo‘lib yo‘lga tushdik. Davron bilan esa o‘sha yerda tanishib qoldik. Chunki kursdoshlar bu paytgacha yaqinroq tanishib ulgurmagandik. Birimiz u yoqdan, birimiz bu yoqdan bo‘lganligimiz bois, yotsirabroq yuruvdik. Bu yerda go‘yo bir oilaga aylanib qolgandekmiz. Terimdan horib qaytganimizda kechki ovqatni tanovul qilgach, hordig‘imiz yozilishi uchun o‘yin-kulguga berilib ketamiz.
Davronning o‘yinga tushishini ko‘rib, rosti, og‘zim ochildi-qoldi. Biram sakraydi, biram harakatlari o‘ziga yarashadiki. Biram… Shu o‘tli ko‘rinish yuragimda qandaydir qizg‘onish hissini cho‘g‘lantirgandek edi. O‘zim o‘zimning vujudimda, dilimda kechayotgan ajib bir o‘zgarishga lol qolgan kabi g‘alati ahvolga tushib qolayozdim. Kimningdir tilidan Davron to‘g‘risida biror iliq gap uchsa, negadir yuragimni bir nima g‘ashlantirib qo‘yayotganga o‘xshayveradi. Men shu iskanjadaman desam, Davron ham shu o‘tli, ammo yoqimli to‘lg‘onishda kuyayotgan ekan. Buni keyin bildim. Bildimu, vujudimga o‘tlar battar tutashdi.
* * *
O‘sha kuni kuchli shamol turib, dala shiyponida uzoq qolib ketdik. Ustiga-ustak sovuq kuchaygandan-kuchayadi. Ertalab havoning iliqligiga ishonib, issiq kiyimlarimni olmagandim. Tushlikdan so‘ng, birdan ko‘tarilgan shamol jazavali quyunga aylandi-yu, hammayoqning to‘zonini chiqarib tashlashga kirishdi. Etlarimiz junjikib, dir-dir titraymiz. Go‘yo quyun tashqarida emas, xuddi ichimizda faryod solayotgandek qaqshaymiz. Keng dala ham go‘yo mung‘aygancha ilojsiz qolgan. G‘o‘za butalari kirpining tikanlaridek quyun tarog‘iga bosh tutgan kabi bir tomonga qad bukib, qorayib ko‘rinadi. Ko‘rimsiz, keng xonada qunishib o‘tiribmizu, oynalari siniq, u yer-bu yeriga shunchaki shildiroq qog‘oz yopishtirilgan derazalardan guvillagan achchiq izg‘irin badan-badanlarimizni teshib o‘tgudek achishtirib, qaltiroqqa ko‘mgancha xonani obdon izg‘iydi. Shildiroq qog‘ozlarni dami qaytayotganida lablarida pirpiratgancha masxaraomuz hushtak chalib qo‘yadi. Sovuqdan anchayin o‘zimni oldirib qo‘yibman shekilli, buni payqagan Davron egnidagi pidjagini yechib, qo‘lma-qo‘l uzattirib yuboribdi. Uning iltifotiga imo bilan e’tirozli bosh chayqadim. Uning yuzi qizarinqirab, so‘ng bo‘zargandek bo‘ldi. Xafa qilib qo‘yganimni bilib, kamtarlikni yig‘ishtirdim.
Burchakka yelka berib o‘tirgan muallima opamiz uning himmatini kuzatib o‘tirgan ekanmi, tasdiqlagandek bo‘ldi. O‘ziga yarashib tushgan yupqa ko‘zoynagi ortidagi chiroyli, aqlli ko‘zlari ma’noli chaqin bergandek bo‘ldi.
– Davron to‘g‘ri qildi. U o‘zingni ehtiyot qilishingning tarafdori ekanligini uqmadingmi? Bu beg‘ubor irodaviy tuyg‘uning silsilasi.
Entikib ketdim. Hamma menga qaraydi. Pidjak esa rostmana olovga yo‘g‘rilgan kabi badan-badanimga allaqanday qaynoqlikni singdirishga kirishgandek taft beradi. Undan anqiyotgan ajib bir bo‘y paxta hidi bilan qorishib, boshimni g‘ir aylantirayotgandek bo‘ladi. Shunda ayamning kechagina bergan o‘giti esimga tushib, ich-ichimga muz talqonlari daf’atan sochilgandek, sovuq seskanib ketdim. “Qizim, endi oqu qorani ajratadigan bo‘lib qolding. Hayotda bo‘ladigan xoh vujudiy, xoh tabiiy bo‘lsin yuz berguvchi har neki hodisaga aql ko‘zi bilan yondoshishni o‘rgan. Insonda muhabbat degan pok tuyg‘u yuragining tub-tubida yashaydi. Ana shu o‘tli hislar qarshisida yanglishib, uning ostonasida o‘zingni, o‘zligingni yo‘qotib qo‘yma. Aytmoqchi bo‘lganim, yolg‘on ishqqa aldanib qolma. Hamma ham bu hislarni o‘zicha tushunadi. Shuni yodda tut!”
Qizarib o‘tirgan ko‘yi ko‘z qirida Davronga qaradim. Qiziq, xuddi uning ko‘z qiri ham menda ekan. Yuragimda mayin qitiqlar yanayam jonlanib kezinarkan, ajabtovur qitiqlovchi hislar jimir-jimir etadi. “Yomon odamlarning bolasiga o‘xshamaydi-ku! Gaplariyam mag‘izli. Anavi yuqori kurs yigitlariga o‘xshab huda-behudaga yaltoqlanavermaydi. Lekin bu xislatlari uning yuzaki ko‘rinishi. Ko‘nglini bilish uchun nima qilish kerak? Bilmadim, balkim buni vaqt ko‘rsatar. Ungacha yurakda talpinish hissi uyg‘onib qolsa-chi?..” Yuragim shuv etib ketdi. Xuddi ichki kechinmalarimni sezib, obdon kuzatish istagiga shaylangandek Davron yalt etib qaradi. Ko‘zlar bir muddat to‘qnashdilar. To‘qnashdilar-u, nigohlardan intiq o‘tlar sachrab, yuzlar qirmizi lola yanglig‘ lov-lov yonmoqqa tutindi. Xayolimdan, muncha chiroyli bu ko‘zlar, munchayam intizor bu nigoh, deguvchi o‘ylar o‘tib, o‘z xayollarimdan o‘zimni-o‘zim koyigan bo‘ldim. “Egningga do‘stona kayfiyatda kiyim ilib qo‘yganiga shuncha ko‘kka uchishmi?! Qiz bola bosiq bo‘lmasa, o‘tli xayoldan dili qisiq bo‘ladi, bilib qo‘y. Yana o‘ldim-kuydimga bel bog‘lab qolma, tentak qiz”.
Ko‘zlar beixtiyor urishganda poygakda taltayib o‘tirgan ikkinchi kursdagi Marat kuzatishga ulgurgan ekanmi, o‘ynoqi ko‘zlarini ma’noli suzib, yirtilib tushgan lablarini yig‘ishtirolmay ishshaydi. Voy, o‘l, har baloni ko‘radi, bu olako‘z. Anavi, soyamizga nuqul yakandoz to‘shab, dovdirab yuradigan G‘ulom bo‘lsa chaqchaygancha ko‘z nishonini menga qadab olgan. Chuvak yuzi zuvillab urilayotgan izg‘irindanmi, yo o‘zining behuda mehri sehridanmi bo‘zrayib, uqib bo‘lmas tusga kirgan. Yonidagi ko‘chma oshpaz Qiyomiddin (asli ismi Qayumjon) sovuqdan muzinqiragan burnini nuqul shildiratib tortib qo‘yadi. Shu kesak kepatada tag‘in o‘qdek tikilishiga balo bormikin?! Ha-a, sadqai oshpaz ket-a! Har kuni shuning qo‘lidan ovqat yeb, bizning ham esimiz og‘gan o‘zi. Bittagina yapasqi burunni eplolmasa endi, qanaqangi talaba bo‘ldi bu.
Kechga yaqin qishloq chetidagi maktabning biz uchun ajratilgan sport zali – qadrdon yotog‘imizga tomi ochiq yuk mashinalarda diydirab, arang yetib keldik. Quyun quturgandan-quturadi. O‘chakishgandek chiroqlar ham o‘chgan ekan. Hammamiz zudmat qo‘ynida og‘ir mung‘ayib qoldik. Ustiga-ustak xonalar muzxonaga aylangandek etni battar junjiktiradi. Kechki ovqatni quydirib, paypaslanib to joyimni topib olgunimcha bo‘lmay, shipintiragan makaron ham muzxonadan olingandek sovidi-qoldi. Och qoringa achchiq somsa, deganlaridek suyuq makaronni ichib-ichmay yig‘ishtirildik-da, yaxlab yotgan ko‘rpa orasiga g‘ujanak bo‘ldik. Bir vaqt kimdir burchakdan vahimali pisilladi-yu, hammaning dami ichiga urib ketdi. Biroq zum o‘tmay, tahdidli dashnomlar do‘li ostida qolib, uni o‘chdi. Topgan gapini qarang, qizlar, bo‘ron qurg‘ur go‘ristondayam shunaqangi guvillarmikinmish. Vujudimni sovuq ter bosib, jismimning borki tomiriga qo‘rqinchli qaltiroq indi. Ko‘z oldimni allambalo qora-qura sharpalar egalladi. Dildorani mahkam quchgancha qapishib oldim. Tishim tishimga tegmaydi. Bu nafasi sovuqning onasi qayerda tuqqan ekan o‘zi? Muzlatgichdamikin?! Shu payt o‘zimning ham xayolim qochib, bir mahallar qo‘limdan qo‘ymay o‘qigan Abdulla Qahhorning “Dahshat“ hikoyasi yodimga tushdi. Shu ondayoq Unsin obrazining achchiq qismati hukmona gavdalandi. Oyoq-qo‘llarim negadir akashak tortdi. Ehtimol, anavi qiz ham shu asarni xayoliga keltirib, beixtiyor muddaosini aytgandir, yana kim bilsin.
Hech kim miq etmay, hamma ich-ichidan ming tavallolar iskanjasida ko‘milib yotgan mahalda to‘rdagi eshik qo‘qqis taqillagandek bo‘ldi. Poygakka yaqin yotadigan qiz potirlab o‘rnidan turdi shekilli, yig‘ma karavoti ayanchli g‘ichirlab ketdi. Yalinchoq tovushda “Kim u?”, “Nima kerak?”, “Nega indamaysiz?..” kabi so‘roqlarni bodrata boshladi. Tashqaridagi kimsa esa aksiga olib g‘iring demaydi. Ahyon-ahyonda zarb berib eshik qoqadi. Ba’zida quloqqa chalinib qoladigan mubham mish-mishlar miyamni chulg‘ab, battar qo‘rquvga soladi. “Alvasti-palvasti bo‘lsa-ya? Kimnidir esini og‘dirib qo‘ygan bo‘lsa, tamom“. Dildora ham bu safar hech qanday panoh bo‘la olmadi. Xayoliy isyon vujudimni chandon chulg‘aganidan nafasim ham chiqmay qolgandek bo‘ldi.
Quyun sira tinim bilishni istamaydi. Qaytangga kuchayib, yuraklarga battar qutqu ulashadi. Qayerdadir ulkan daraxt qo‘porilib quladimi, dahshatli qasira-qusir quloqqa chalindi. Shundan ko‘ra shivalab bo‘lsa-da yomg‘ir yoqqani afzal edi. Mayli edi, hammayoqni zaxlatib tashlaganda ham. Uzukkun hordiq chiqarsak nima qipti?! Biroq paxtaga ziyoni ko‘p-da yomg‘irning ham.
Eshik bu safar qanotlari singudek zardali taqilladi. Boyagi qiz qattiq qo‘rqqan shekilli, o‘zini o‘rniga tappa tashladi. Uning shaxtidan karavoti og‘ir g‘ichirlab ketdi. Qizlar bir-biridan o‘zadigan darajada qo‘rqinchli gaplar aytishib, battar o‘takani yorishga tushishdi.
– Yon qo‘shnimizni kuppa-kunduzi birov chaqirgandek bo‘libdi. Chiqsamish, hech zog‘ yo‘qmish. Qaytishga taraddud ko‘rib burilgan mahal kimdir yengidan asta tortqilagandek bo‘libdi. Cho‘chib qarasa, tag‘in hech kim ko‘rinmasmish. Ko‘rinmasmishu hirqiragan tovush qulog‘iga shundoqqina chalinarmish. Qattiq qo‘rqqanidan bir kechada shaytonlab, og‘zi bir tomonga tortib ketgandi…
Yana biri gapga aralashdi.
– Anavi eshik qoqayotgan ham ajina-pajina bo‘lmasin tag‘in.
Hammaning nafasi ichiga tushib ketdi. Dildorani yanayam mahkam quchib oldim. U ham menga chippa yopishdi. Eshik esa yana bir-ikki taqillab, asta ochilgandek bo‘ldi. Kimdir o‘ta hurkkanidan bexos qichqirib yubordi. Nazarimda hamma birdek tosh qotdi. Ba’zi mahallarda mahalliy bo‘z yigitchalarning bemavrid nayranglari, surbetona tashriflari yuragimizni obdon olib qo‘ygan. Ayniqsa, ataylab uyushtirgan dahanaki janglari yigitlarimizning ham asabini anchayin taranglashtirib, tajang holga olib borgan. Shuning uchunmi, ziyrakligimiz oshib, eshikni bir necha jihozlar bilan suyab, mahkam tambalab qo‘yardik. Bu safar manavi jazavali quyundan qunushib, uni tambalash xayolimizdan tamom ko‘tarilibdi. Hozir ham o‘shalardandir deb o‘ylagandik.
Kimdir tashqaridan bosh suqib, xijolatli, ammo xavotirni bosadigan tovushda o‘zini tanishtirgan bo‘ldi.
– Qizlar, qo‘rqmanglar, bu men Davronman. Sham keltiruvdim. Shunga…
Burchakdan gaddodroq qiz ovoz berdi.
– Voy, sizmidingiz? Boyadan beri “Eshik qoqqan kim bo‘ldi?” deb yotibmizu, siz bo‘lsangiz o‘takamizni yorib… Bilasiz-ku axir qiz zotining joni ipakdek ingichkaligini.
– Uzr, qizlar. Tashqaridan ichkari tamom eshitilmas ekan. Quyunning guvillashida shu tovushlaring ham arang quloqqa urilayapti. Uyg‘oq ekansizlar-ku, nega ochmaysizlar?! O‘ylabmanki, “Farg‘ona zulmat qo‘ynida“ni hafsala bilan mutolaa qilib yotibsizlarmi, deb. Hay, mayli, endi uzrimizni qabul qilasizlar-da!
Kimdir aralashdi.
– Aytdik-ku axir boyadan beri sichqonning ini ming tangaga qimmat tushib yotganligini. Zulmat qo‘ynida kitob o‘qib bo‘larkanmi? Qiziq ekansiz-ku!
Davron eshitmadimi, yo kesatiqqa parvo qilmadimi, sovuq yegan ohangda xitob qildi.
– Mana endi cho‘chimasalaring ham bo‘ladi. Aslida hayhotdek xonaga bittagina sham urpoq ham bo‘lmaydi, lekin bir dalda-da harqalay. Mana, olinglar!
O‘rnimdan zarb turib, Davronning oldiga qanday yetib borganimni bilmay qoldim.
– Menga bera qoling!..
Biroq o‘zimning bu qaltis shashtimdan o‘zim uyalib ketdim. Go‘yo tushimda kechayotgandek hayratlanib ham qoldim. Sham uzatilgan Davronning qo‘lini bexos ushlab olibman. Uning qo‘li ham paypaslanib, mening qo‘limni ehtiyotlab qisdi. Qisdi-yu, vujudimdan bir zumda jon chekingandek bir muddat karaxt qotdim. Davron ham, men ham guvillab yonmoqqa oshiqqan o‘tli hislarimizning bandisiga aylangandek edik. Go‘yo qo‘llarimiz jipslashib, sira ajralgilari kelmaydi. Sovuq izg‘irin go‘yo biz uchun o‘z ta’sirini yo‘qotgandek. Go‘yo bizning qalblarni birlashtirish uchun ataylab bosh ko‘targandek edi.
– Eshikni yopasizlarmi, yoki yo‘qmi?! Bo‘ldi-da endi!
– Tashqaridan urayotgan quyun ko‘rpalarimizni ko‘tarib, kapalak qilib tashlayapti-ku! Hoy, barno yigit, tashqaridan berkitarsiz eshik jonivorni. Shamning bahosi shunchalik qimmatmi?!
Qo‘limni yulqib shamni sug‘urdim-da, izimga qaytdim. Yonoqlarim lov-lov yonadi. Yurak shunchalik zarb berib potirlaydiki… Bu qandayin sehrli sirki, kishi aqlini bir zumda jilovlab ulgursa. Badanimda yoqimli titroq mayin qitiq berib jimirlaydi. O‘rtanish azobi shumikin? Munchayam ajoyib bo‘lmasa ekan? Munchalar ehtirosli bo‘lmasa ekan?..
Qo‘lma-qo‘l gugurt uzatildi. Shamning yorug‘ligi keng xonani unchalik yorita olmasa-da, yuragim olam-jahon charog‘onlashib ketgandi. Go‘yoki o‘zga dunyo sarhadida yurgandek sezaman o‘zimni. Devorlar yuzida, goho pastak shiftning zulmat ilashgan sirtida shamning zaif nuri jonsiz kezinadi. Beo‘xshov bahaybat soyalar qalqiydi. Bu soyalarning egalari qorong‘ulikdan toliqib, bir joyga to‘planishgancha qunishib olishgan. Qat-qat ko‘rpalarga ko‘milishganidan quchoqlari o‘rkach ko‘targandek do‘ppayib, o‘zlari xurpayib ko‘zga tashlanishadi. Vaqti chog‘likka mavzu topildi shekilli, allaqaysi yigitni maqtab, allaqaysisining ustidan miriqib mag‘zava to‘kishadi. Ularning sho‘x qiyqiriqlaridan xona gumburlab, shumshaygan soyalar har yon titroqli qalqib-qalqib ketadi. Izg‘ib yurgan kuchsiz shabada shamning piligini har tomon bosh oldirib seskantiradi.
– Anavi Do‘stmatvoyni bugun ertalab tozagina chuv tushirdim.
– Voy, qanday qilib, Gulnoz. Tezroq ayt, yo‘qsa yorilib o‘laman hozir.
– Shoshiltirmasang-chi, Zulish. Yaxshisi, jimgina quloq tutinglar! Xullas, bopladim. Mahallaga tutash yerda paxta terayotgandik. Mundoq qarasam, pastakkina guvalak devor ortida chaynakday-choynakday keladigan anorlar ko‘zni qamashtirib, yorilib-yorilib yotibdi-ku! Yirik-yirik donachalari naq dur to‘kib, ko‘z yosh qilayotgandek ko‘rinib ketdiki, asti qo‘yaverasiz. Oh, og‘zim shu zahotiyoq suv ochib ketsa bo‘ladimi! Bir totmasam go‘yoki gunohning ostida, savobning ortida qoladiganman qarasam. Og‘zim suv olganini uqqandek har doim etagimga yopishgudek ergashadigan Do‘stmatvoy akamlar o‘ylab ham o‘tirmadi, bir nimadan tap tortib ham qo‘ymadi. Bo‘yintiriqdek etagini bandidan bo‘shatdi-da, devlardek na’ra tortib enasining chorbog‘iga oshiqqan bolakay kabi bir sakrashda anorga liq to‘la hovlida qora ko‘rsatsa bo‘ladimi. Og‘zim lang ochilganidan qotibman-qolibman. Shundayin mag‘rur, masrur yigitimiz borligidan, ochig‘i, g‘ururlanib ham ketibman. Shu degin, besh-oltita anorni devor oshirib uzatishini bilaman, birdan oyog‘i birov ataylab tortgan kabi tasira-tasir bo‘ldi-yu, nosvoy chekkandek turshayib boqadigan chuvak yuzi ayanchli burishib ketayozdi. Shu burishishi asnosida aksa urgudek vahima qilib yuborsa bo‘ladimi. Keyin… Yo‘q-yo‘q, u yog‘ini aytolmayman…
Qizlar ichaklari uzilgudek bir-birlarini sho‘x shapatilashib qah-qah otishadi. Ichlaridan qaysi biridir sozlanmagan surnay kabi uzun chiyillab kulishi dugonalarni yanayam junbushga keltiradi. Shift uzra yoyilgan bahaybat soyalari lopillab chayqaladi.
– Chiroq o‘chmaganida ko‘ppak bilan mardlarcha olishgan botir akangning ishtoniga yamoq solib o‘tirgan bo‘larmiding, Gulnoz.
Yana kuchli qiyqiriq qo‘pdi. Men esam sham kabi titrab, ishqning ilk uchqunidan tutab, ajib xayollarga g‘arq bo‘lgancha sarxush o‘ylar suraman. Ko‘z oldimdan Davron sira nari ketmaydi. Quyun shabadasi yuzini yalab, sochlarini besaranjom to‘zg‘itgancha qo‘limni tutib turishini sira o‘ngimga almasholmayman. Go‘yo tushga, shirin tushga o‘xshaydi. Anavi chekka-chekkadan qochirim qilgan qizlarni shu paytda o‘lgudek yomon ko‘rib ketdim. Eshikni tashqaridan berkiting, shamning bahosi muncha qimmatmish. He, o‘l, boshqa gap topolmagan bo‘lsang, mum tishlab o‘tiravermaysanmi? Ataylab sen g‘urrakning g‘amini yeb, allaqaysi teshik-tervakdan sham topib kelsa-yu, burning bichilib nozi-firoq qilsang! Ana, shumshayib ko‘rpasiga ko‘milganlar endi ko‘nglilariga nur inib, qiyqirib o‘tirishibdi. Shu xayoliy tanbehlar dilimni tilib o‘tayotib, o‘zimga nisbatan nomusli dakkini sha’nimga qaratib otdi: ”Namuncha o‘zligingdan kechmasang! Jilla qursa iffat, ibo bormikin, sen nodonginada. Qayoqdagi tashlandiq hislarga bandi bo‘lib, shunchalar ham nozlanib o‘rtanasanmi?! Sinalmagan ot har tomonga yo‘rg‘alaydi. O‘ziga og‘dirib olgach, ortidan chopqillatib yurmasin tag‘in. Ko‘zingni och, tentak qiz. Yengillik yaxshilik keltirmaydi, aksincha chigallikka bog‘laydi-qo‘yadi“.
O‘zimni Davrondan qanchalik uzoq olib qochsam, olovga yo‘g‘rilgan jizg‘anak hislar shunchalik u tomon tortqilaydi. Tinimsiz yetaklaydi. Bu qandayin sehrli tilsimki, o‘zligingni bor quvvati bilan band etgan bo‘lsa? Davron ham men kabi xushxayol ekanmi, nigohini mendan sira uzolmaydi. Mening nigohim esa o‘z nuqtasidan chekinib, atrofda sarsari kezib qoladi. Bir nuqtaga jamlashga qanchalik urinmayin, hech bo‘y bermaydi. Ilk bor visol chashmasiga qalb qulf urganda, ishqning pilpillab tutayotgan uchquni pov etib o‘t oldi-yu, vujudimda dahanaki hissiy olishuvlar tug‘yoni tinimsiz titroqqa tushgancha bosh ko‘tardi. Sinalmagan otning sag‘risiga qamchin urib qo‘yganimdan lolu hayronlikda qoldim. Ishq o‘tining qaynovi rashk tig‘ining poyida hamisha mute, hamisha ta’zimda ekanini boshidan o‘tkazgan kimsagina biladi, xolos. Davronning ismini biror qiz zinhor va zinhor tiliga olmasa. Biror qiz iloji boricha ko‘z urmasa. Shu hol yuz bergudek bo‘lsa bormi, yuragim alamli o‘tda qovurilib, jismim qilich damida tilka-pora bo‘lishga tutinadi…
Erkin hikoyasi
Azoblar changali
Mashinani garajga qo‘yib uyga qaytarkanman, ko‘chamiz muyulishidan burilishim hamono darvoza oldida qaysidir qo‘shni dugonasi bilan xushxandon chaqchaqlashayotgan Halimaga nigohim tushdi. U meni ko‘rdi-yu, suhbatini qisqa qilgancha ildam peshvoz kelib salom berdi-da, qo‘limdagi liq to‘la to‘rvani avaylagancha oldi. Qulfi dili ochilib-sochilib, yo‘l-yo‘lakay suyunchiladi.
– Dadasi, bu Davroningiz judayam didli chiqib qoldi-ku! Voy-y, kechagina ko‘ylagini chayib qo‘yish ilinjida cho‘ntagini kavlashtirsam, manavi surat lop etib chiqib turibdi-yu! Oymisan oy! Qoshlarining payvastaligini-chi qaqajonning. O‘g‘lingiznikiyam shunaqangi-da,a, dadajonisi. Bir-birlariga biram quyib qo‘ygandek yarashiqliki. Siz ham bir ko‘rib boqing, qoyil qolmasdan ilojingiz yo‘q.
Darvozadan kirarkanmiz u cho‘ntagini titkilab, kaftdek hajmdagi bir qizning suratini entikkancha uzatdi. Suratga intizor tikildim-u, kuchli bir qalqishdan esxonam chiqib ketayozdi. E, voh, axir bu… Tushimmi, o‘ngimmi? Ko‘zlarimga ishonmay bor ko‘z nurimni zo‘riqtirib, yana va yana tikildim. Beixtiyor ortini o‘girdim. “D qo‘shuv G“. Bir nima chiyillab kelib qulog‘imga zarb berib urildi. Gangib ketdim. Taqdir zarbasi shunchalik ham chigal to‘siqlarga ro‘baro‘ qiladimi?! Po‘kak misoli tubsiz bir girdobga tashlab, ayovsiz aylantirarkanmi?.. Halima bo‘lsa hamon jonsarak. Og‘zidan muttasil bol tomib maqtanadi.
– Chiroyli qiz ro‘zg‘orniyam chiroyli tutadi, erniyam. Menga juda yoqdi. Nima dedingiz, dadajonisi. Namuncha endi suqlanib qolmasangiz? Yoqib tushdi shekilli,a? Aytganimcha bor ekanmi?
Qaniydi, qaniydi, sen aytganchalik bo‘la qolsa ekan, jon onasi. Bo‘lmaydi-da! Bo‘lolmaydi-da! Axir… Eh-h, endi qandoq qildim, men nodon, nima qilay endi? Tog‘ tog‘ bilan uchrashmas ekan-da! Ko‘z oldimda allaqanday ayqash-uyqash o‘tli chiziqlar, viqirlab qaynayotgan allambalolar uchib, yuragimga o‘ynoqi bexushlik huruj qila ketdi. Boyagi chiyillash asta-sekin tovush balandlatib, to‘s-to‘polon ko‘tarishga tushdi. Ichimdan bir nima uzilib, tashqariga qo‘qqis otilgandek bo‘ldi. Dov-daraxtlar, uylar, Halima, barcha-barchasi chirillab aylana boshladi. Ko‘zimni chirt yumdim. Yumdim-u, yorug‘likdagi aksning zulmat tomirlari miyamgacha chandib, zirillatib tashladi. Mana, mana, o‘sha mash’um kunning zaharli yalovi. Shundan ko‘ra, shundan ko‘ra yer yorilib yutsa bo‘lmaydimi meni! Oyoq-qo‘llarim dag‘-dag‘ titraydi. Kimdir qo‘limga ilon kabi chirmashib yopishdi. Ko‘zimni behol ochdim. Halima qo‘lidagi to‘rvani tashlab, menga qalqon bo‘layapti.
– Voy-y, dadajonisi, birpasning ichida sizga nima bo‘ldi,a? Hay, mengina o‘lay…
Halimaning tovushi uzoq-uzoqlardan eshitiladi. Nahotki, nahotki shu rost bo‘lsa? Endi nima bo‘ladi? Odam bo‘lib… Men hali odammanmi, otamanmi?! Shundan ko‘ra o‘lganim ming bor afzal emasmidi,a?! Ich-ichimni bir nimalar kemirgandek achchiq kavlashtirib, tomir-tomirlarimni yulqilab-yulgancha jon sug‘ura ketdi. Qaniydi, qaniydi-ya, jon-jonimni tezroq sug‘urib olsa! Qaniydi, tezroq qutulsam shu keti ko‘rinmas azoblardan. Bu og‘riqlar, bu azoblar nima bo‘pti?! Menga desa narigi dunyoga borguvchi abadiy atalmish ruhim parcha-parcha bo‘lib ketmaydimi?! Qora kunga ko‘milgan nomim o‘chib, nari bo‘lmaydimi?! Bo‘g‘zimni bo‘g‘ayotgan allaqanday sirtmoq erinmay nafas to‘sadi. Undan ham yaxshi. Yanayam mendek rasvoni shu kungacha yelkalab, hatto turli balo-qazolardan ham asrab-avaylab kelayotgan zaminning paqqa yorilib bitmaganiga ming afsus. U yog‘iga jahannam qa’riga tashlashsayam kam.
Halima bir amallab ayvonga olib kirib yotqizdi-da, zum o‘tmay allaqanday achchiq dorini og‘zimga tiqishtirdi. Shundan ko‘ra zahar yutsam bo‘lmasmidi, zahar?! Kuli ko‘pirgan dardimdan bexabar sovuq choy tutarkan, o‘zini-o‘zi koyiy ketdi.
– Mengina o‘lay, charchab kelgan odamni oyoqqa turg‘izib qo‘yib valaqlamay. Xotin kishining gapi qursin achchiq ichak bo‘lmay. Shu payt tashqaridan g‘o‘ldiragan ovoz eshitilib, Halimaga jon kirdi.- Voy, keldingmi, Davronbek, bolajonim. Namuncha endi hayallamasang? Dadang keldilar. Aksiga olib mazalari qochib qoldi. U o‘rnidan dast qo‘zg‘oldi.- Sen dadangning yonlarida bo‘lgin, men hozir. Qani, ichkari kir. Boya mastava solgandim. Achchiqqina qilib suzib kelaman.
Shoshib kirib kelgan Davronbek yonimga tiz cho‘kib, qo‘limni mahkam ushladi.
– Tuzukmisiz, dada. Nima bo‘ldi? Do‘xtir chaqiraymi?
Oh, bu ovozlar! Oh, o‘g‘lim! Senga qandoq tushuntirsam ekan yurak dardimni, jon o‘g‘lim. Men battolni kechirarmikansan, Go‘zal-chi? Men-ku shaytonga bir umr bandi bo‘ldim. Sen-chi? Sen-chi, o‘g‘lim, sen nima qilib qo‘yding? Go‘zal-chi?..
Davron hikoyasi
Og‘riqlar tuguni
Qiziq, dadamga nima bo‘ldi? Ko‘zlarida yosh g‘iltilladimi? Hech bundoq bo‘lmasdi-ku! Do‘xtir chaqiray, desam, ko‘nmadi. Ehtimol, ishxonasida biror-bir dilxiralik bo‘lgandir. Shuni ko‘tarolmadimikin? Yo biror joyi og‘rib, shuning ta’siriga dosh berolmay qoldimikin? Axir tanasi dard chekkan odam biladi azob neligini!..
Bugun kayfiyatim juda sarxush edi. Go‘zalning ko‘nglidagi istagini qoyilmaqom qilib, avval kinoga, so‘ng esa muzqaymoqqa yo‘l oldik. Miriqib “hordiq“ chiqardik. Uyga kelsam, bu ahvol. Umrim bino bo‘lib dadamning og‘rib, ko‘rpa-yostiq qilib olganini endi ko‘rishim. Rosti, ko‘zlarimga ishonmadim. Chunki har doim bir xilda ko‘raverib, ko‘zim ko‘nikib ketgan ekanmi, xuddi bunday bo‘lishi mumkin emasdek g‘alatiroq tuyuldi. Bir tomoni achinib ham ketdim. Bizni deb sira tinim bilmaydi. Qachon qarasang, yo safarda bo‘ladi, yo ta’mirda. Esimni tanibmanki, biror marta bo‘lsin mehnat ta’tilini tin olib o‘tkazganligini bilmayman. Doim ish bilan band. Shunaqa odam og‘rib tursa, ochig‘i g‘alati bo‘larkan.
Dadamga tikilib o‘tiribmanu qanday dalda berishimni, ne qilarimni, qay yo‘l bilan ko‘nglini ovlashni bilolmay dovdirayman. Shu topda nigohim dadamning labi ustidagi bo‘rtibroq qolgan qoramtir xoliga tushdi-yu, lop etib Go‘zal ko‘z oldimni chizib o‘tdi.
Soyning bo‘yidagi majnuntollar soyasida u menga, men unga unsiz, ammo mayin jilmayib, xumorli tikilishib turibmiz. Go‘zalning doimgidek quvligi tutdi shekilli, o‘rtadagi jimlikni buzib, qiqirlagancha endigina sabza urayotgan mo‘ylabimni maysaning ingichka novdachasi uchida sidirib qitiqladi.
– Mening dadamlar hecham mo‘ylov qo‘ymaydilar. Bilasizmi nimaga?
– Bilmaganimizni to‘ydan keyin bilib olamiz-da, yaxshi qiz,- dedim quvligim tutib.- Yo ko‘salarmi Sariveyga o‘xshab.
Sarivey kursdoshimiz. Iyagida bir dona bo‘lsin tuki yo‘q, qirg‘iz yigiti. Yana biri bor, Qayumjon. Sariveyning tamom aksi. Biror kun soqol qirtishlamasa, maymun nima, u nima, sira tanib bo‘lmay ketadi. Ammo-lekin u bilan adashib hammomga kirib qolgan kimsa, albatta, qattiq sarosimaga tushib qolishi shubhasiz. Qarshingda jundor ibtidoiy odam turganidan keyin, qaytib boqishga cho‘chiysan-da kishi. U yana qirg‘iz do‘stimizga: ”Onang qayda tuqqan?”, “Qanday qilib?”, “So‘rab boq-chi qanday tuproqlaganini”, deb sira hol-joniga qo‘ymaydi.
– Hay, yo‘g‘-ey! Go‘zal o‘ng labim teparog‘ini ko‘rsatkich barmog‘i bilan erkalabgina qirtishlab qo‘ydi.- Shu yerlarida moshdekkina xoli bor. Mo‘ylab qo‘ysalar xurpayibroq qoladi. Shuning uchun qo‘ymaydilar, bildingizmi?
– Ha, ana endi bildim. Shunaqangi odamni qayerda uchratsak, bemalol, dadajonim ekansiz-ku, deb quchaveramiz-da endi.
Go‘zal qiyqirib kuldi. Shu topda ko‘z oldimda negadir dadam jonlandi. Ie, bu echki qiz dadamni ko‘rvolib, boshni aylantirayotgan bo‘lmasin tag‘in. Meniyam shumligim battarroq tutib qoldi.
– Xonim, mabodo dadangizning chap qoshlari chetida andakkina chandiqlari topilmaydimi,a?
Qiziq, Go‘zal menga bir zum g‘alati angrayib boqarkan, chiroyli kipriklari pilpillab qolayozdi.
– Voy, anavi bolani! Qayerdan bildingiz?
Qizishib ketdim. U hayratdan yanayam qotdi.
– Ko‘zlari qop-qora. Yuzi esa bug‘doyrang. Sochi menikidaqangi sip-silliq, ham tekis. Gajaklanib bo‘yinlarini qitiqlamaydi demoqchiman-da, momo qiz. Burni harqalay qirraliroq. Lekin o‘ziga chippa yarashib tushgan. A, gavdasiga kelsak, ikkimizni birlashtirgudek yo‘g‘onlikda desam, yanglish bo‘lmas. Ammo baxtga qarshi qorin solishga ulgurmagan. Aslida yoqtirmaydilar. Shundaymi, yo davom etaverayinmi?
– Ana xolos, bu yog‘idan surishtirilsa, toza avliyo ekansiz-ku! Hay, to‘xtang, voy, ayyor-ey. Dadam ijara yotog‘imizga kelganlarida qizlar ko‘rishgandi, shular ta’rif berishgan. Shundaymi? Mug‘ombirlik qilmay, chinini ayting!
– Bekorlarning bemazasini aytibsiz! O‘zim bilaman. Hali diydorlashmay turib, qaynotaning qiyofasini bilmagan, tasavvur qilmagan yigit kuyovlikka da’vogarlik qila olmasligini ajdodlarimiz meros qoldirishgan bo‘lsa ne ajab, xonima janoblari.
– Hozirgi kuyovlarning qarshisidan uyat deganlari paranji yopinib o‘tsa ne tong, begim.
– Agar istasalar, nechanchi hajmda tufli ilishlarigacha aytib berishim ham qiyin emas. Faqat, faqat ming hayrat va cheki yo‘q qiziqishda nazr-niyoz qilib yurmasinlar tag‘in. Kamina bundan begonamen.
– Xo‘sh, bashoratlariga bajonidil takalluf bildirmasak, gunoh bo‘lg‘ay chog‘im.
– Tuflilarikim, biroz shoshinqiramay tursalar, tasavvurimda chizgi topmish dalolatlarni bayon qilmoqqa jazm etishga hozirlik ko‘radurmen. Shu desalar, hushimda ermas, tushimda ko‘rmish chog‘imda, gar adashmasam, muborak oyoqlariga-da dadilroq razm solmaganimdin ming bor afsusdamen, muhtarama Go‘zalina oliyalari. Kamina do‘styordir, g‘anim kabi-i oyoqqa qaramaydur. Ammo-lokin tasvir topmish tasavvurim pand bermasa magaram, ul qaynotai buzrukvorimiz…
Go‘zal birdan jonlanib, qiqirlagancha chapak chalishga tushdi.
– Topolmadi kal-kal! Topolmaydi kal-kal! Hozir borib chaqimchi Dildorani uzib-uzib olmasam yurgan ekanman. U mening uzoq o‘yga tolganimdan bir qadar quvonarkan, mazaxomuz sharaqlab kuldi.- Voy, o‘lmasam, bu nima Topqirvoy bo‘lib qoldilar desam, soyning bo‘yida turganligimiz foydaga hal bo‘layotgan ekan-da! Essiz, suv parilari quloqlariga neni shivirlasalar, shuni ko‘z yummay valdirayverish ham yigit kishiga o‘ng kelaverar ekanmi,a? Yo sertakallum munozaralariga halaqit berib qo‘ydikmikin, janob.
Parvo qilmagandek javob yo‘lladim.
– Umrlari uzoq bo‘lgusi qaynotamiz bejirim poyafzallarini-da katta ham ermas, o‘taketgan kichik ham ermas, roppa-rosa qirq ikkinchi hajmda tabarruk oyoqlariga-da poyqadam sanar ermishlar.
Go‘zal, voy, degancha kaftlarida og‘zini to‘sdi. Gaplarim pichingga o‘xshab tuyuldimi, birdan qovoq uydi.
– Birinchidan “qaynotamiz“ deb uzoqlardan o‘tlab kelmasinlar. Ikkinchidan esa, dadamlarning oyoqlari panshaxa emaski, tufli ilsalar ekan. Tushundilarmi, mulla yigit. Lekin odamgarchilik yuzasidan, garchand allakimlarning shipshishlariga bandi bo‘lib bergan axborotlari uchun o‘z tashakkurimni bildirib o‘tmasam insofdan sanalmasa kerak.
Tusmolim to‘g‘ri chiqqanidan bir tomoni mamnun edim. Ajabtovur alpozda sharaqlab kulib yubordim, biroq Go‘zalni yumshatish uchun biror jo‘yali so‘z topolmay kalovlandim. Bir zum hushimni yig‘olmaganga o‘xshab turgach, kulgumni arang bosib, o‘zimni o‘ngladim.
– Hozir boring-u sho‘rlik Dildorani shunaqayam chimchilangki, toki qaqimchilikni bas qilmaguncha. Ertaga o‘zim ko‘kishtob yara-chaqalarini boqtirish uchun to‘ppa-to‘g‘ri do‘xtirga olib boraman. So‘ng kelsa-kelmasa o‘n besh qabilida ash’or o‘qigim kelib ketdi:
Jarohatdin tana bo‘lsaki pora,
Tabib malham bo‘lur, xoh u devona.
Suyaksiz til erur, jahonda mutloq,
Asramas ekansan, dildir vayrona.
Ma’qulmi, malikam.
Go‘zal kekdan kechib, sochilib-sochilib kuldi.
– Shoir bo‘lib keting-e, mavlono. Essiz, bu oliygohga adashib oyoq urgan ekanlar-da! Zar qadrini bilmagan noshud zargar.
– Aslida-ku, zardan ham, zargarlikdan ham olisdamizku-ya, biroq imkoni tug‘ilsa shoir bo‘lishgayam to‘g‘ri keladi-da, azizam. Agarkim, qovoq-tumshuqlariga qulf osmasalar.
U shodlanib kuldi.
– O‘-o‘! Toza navo aylarkansiz gulin ko‘ribon,
Ishqida qad rostlab, vaslin so‘ribon.
– Eh-he, bizlar ham yurgan ekanmiz-da tayoqni ot bilib, ko‘cha changitib. Qoyil-e, qoyil!..
* * *
…Dadamga hardamxayollikda termulib o‘tirarkanman, uning og‘riqli ingragani qulog‘imga chalinib, hushyor tortdim. Yanayam yaqinroq cho‘kkaladim.
– Dori ichasizmi, dada.
U og‘ir bosh chayqadi. Shu payt oshxonadan ayam chiqib keldi. Qo‘lidagi guldor patnisda xushbo‘y hovuri ko‘tarilgan mastava har chayqalganda paxta gulli chinnilarning labini yalaydi.
– Dadajonisi, qaynoq-qaynoq ichib oling, darmon bo‘ladi. Charchog‘ingiz ham yoziladi. Ataylab qora zirk, murch solgandim. Achchiqqina qalampiri ham bor. Sen, Davronbek, ovqatlanib, darslaringni tayyorlayver. Dadanglardan tashvish qilma. Yo‘l azobi yomon-da, kishining tinkasini tarashadek quritib tashlaydi.
Darsimni qilayapmanu ko‘zlarim achishib, yumilib-yumilib ketayapti. Xuddi qovoqlarimga tosh donachalari bostirilgandek, horg‘inlik kuch berdi. Eshilib o‘rnimdan turdim-da, borib joyimga yotdim. Ukam kelmasidan uxlab olmasam, qayoqdagi xorij to‘polonchilarining olatasir qo‘shiqlarini qo‘yvolib, uyquning beliga tepadi. Yana bir-ikki “dum“ini yig‘ishtirib kelishiga nima bor ekan? Boz ustiga jazavali qilpanglab, diskoteka uyushtirib ham qolishadi. Vey, hunaringdan senlarni!
Tavba, hozirgina do‘lday bostirib kelgan uyqu allaqayga gum bo‘lgandek sira shira boylamaydi. Gadoy ham istamaydigan qayoqdagi telba-teskari xayollar chuvalanib o‘z iskanjasiga oldi-yu, uzluksiz qiynoqqa sola ketdi. Bemaza o‘ylardan zerikib, ko‘zlarimni chirt yumdim. Harholda miskin xayollar g‘alayoni ipirilgancha iz yo‘qotdi-yu, o‘rnini Go‘zalning entiktiruvchi qiyofasi egalladi. Hozir nima qilayotibdi ekan? Ehtimol, men haqimda xayol surib o‘tirgandir. Balkim yulduzlarga sir bo‘ylayotgandir. Oy bilan shirin suhbatlar qurayotgandir ehtimol. Yana kim bilsin.
Ajab, boyagi taxminim haqiqatan ham to‘g‘rimikin? Qovog‘ini uyushini-chi, bu suluv dilbarning. Yanayam bo‘y tortib ketarkan lekin. Hayotda o‘zingga yoqadigan kishingni uchratsang, yuraging bir qadar tosharkan-da. Shunda bilarkansan hali bu vujudda uyg‘onmagan his-tuyg‘ular bisyorligini. Nima uchun kurashayotganligingni ko‘nglingga ishqning iliq nafasi tekkanida, keyin esa bu iliqlik hayajonli qaynoqlikka yo‘g‘rilib, bor-budingni anglab bo‘lmas ajibliklarga to‘ldirib tashlaganda bilarkansan o‘zligingni. Yuragingga joylagan dilbarni ham qalban, ham xayolan o‘zga nigohlardan asrab-avaylaganingda ming tur ko‘chalarga sudrab qo‘ymaydigan berahm rashk changallarida goh hardamxayol, gohi dunyoga sig‘maydigan holatga tusharkansan. Go‘yo hamma sendek suyulgan, sen kabi qiynoqdadek o‘tli ko‘rinib ketarkan. Hammayoq go‘zal, fusunkor, hamma narsa sen uchun yaralgandek rohatbaxsh. Shularni o‘ylab yotib, ko‘zim asta uyquga ilinganini sezmay qolibman. Tushimda bir balolarni ko‘rib, qo‘qqis baqirib yubordim shekilli, cho‘chib uyg‘onib ketdim. Divanda uzala tushgan ukam norozi g‘ingshib, ko‘rpasini boshi qadar tortgancha g‘ujanak bo‘lib oldi. Qafasida potirlagan yuragim battar zabtiga olib, tomog‘imgacha kelib uriladi. Nafasni qaytartib, og‘ir entiktiradi. Og‘zim batamom quruqshab ketganidan yutinsam tomog‘im chippa yopishib, xunuk taqillaydi. Boshimning qattiq sirqirashiga chidolmay, ingrab o‘rnimdan turgandim hamki, bo‘g‘zimni yorgudek achimsiq bir nima ichimdan toshib kelib, qayd qilar darajada tepchidi-yu, ko‘nglimni battar behuzur qilgancha dimog‘imga qo‘shib, ko‘zlarimniyam yirtib tashlagudek zarb berdi. Enkaygancha oshxonaga yo‘naldim. Tashqaridan tushib turgan chiroqning yorug‘ligi ham negadir g‘ashimni tepkilaydi. Sovuq choydan piyolaga quyishgayam sabrim chidamay, choynakning chumagidan qulqillatib so‘ra qoldim. Harqalay tashnalik va behuzurlik bosilib, bir muddat kalovlangancha tebranib turdim-da, hushimni biroz bo‘lsin jamlagandek bo‘ldim. Bosh og‘rig‘iyam harholda pasaydi. Hovliga tushdim. Yuzimga gup etib sovuq shabada urildi-yu, vujudimga g‘alati titroqlar solib o‘tdi. O‘rik daraxtining ostida bandidan barvaqt to‘kilgan ko‘m-ko‘k g‘o‘ralar har yonda besaranjom sochilib yotibdi. Ularni g‘arch-g‘urch bosgancha borib, sovuq suvda yuz-qo‘limni chayarkanman, tanam yayrab, erkin nafas ola boshladim. Qiziq, dunyoga kelib ilk bor tong qay tusda otishini ko‘rdim. Oppoq tong kumush kokillarini bir chimdim, bir chimdimgina yoygancha asta oqib kelayapti. Shu payt bu kuzatuvimni chars-churs etgan tovush buzganidan qayrilib, tandir tomonga qaradim. Tinib-tinchimagan ayam saharmardonlab non yopish uchun o‘t qalayotganini ko‘rdim. Demak, har doimgidek qaynoqqina varaqi somsayam yopiladi. Bu tayin. Yana qanaqa somsa, ichida kilkillab turgan yumshoqqina go‘shtli, momiq dumba yog‘li. Dadam shuni xush ko‘rganidanmi, qachonki safaridan qaytib kelsa, ayam, albatta, shu udumni unutmaydi.
Dadam uzoqlarga qatnaydigan yuk mashinasini haydaydi, muzlatgichiyam zo‘r lekin. Shu paytgacha ish rejimini hech tushunib yetolmayman. O‘zi aytmoqchi, bizning uyimiz aslan “mehmonxona“. Go‘zalning dadasiyam shunaqangi mashina boshqararkan. Shu yoqlarga qatnaydi, degandi birda. Ehtimol, dadam uni tanir. Eh, qaniydi, qaniydi bir-birlarini tanishganda. Ammo-lekin zap ish bo‘lardi-da o‘ziyam. Go‘zalga shunaqangi qoyilmaqom syurpriz tayyorlardimki, ammo o‘ziyam hayratdan ushlashga yoqasini topolmay ham qolardi, yoki kula-kula qotardi.
Bir zum tandirdan yog‘ilayotgan qizg‘ish olov shu’lasiga, so‘ng tuynukdan burqsib o‘rlayotgan seruchqun qop-qora tutunga termulib turarkanman, daf’atan ko‘rgan tushim xotirimga yopirilib, yuragimni g‘ash torttirdi. Boya eslolmagandim. Hozirda negadir sovuq tus olib, ko‘z oldimni qorong‘ulashtirdimi, yo dahshatli tasvirlar o‘z aksini berib o‘tdimi, anglolmadim. Tavba, tushga nimalar kirmaydi-ya. Bulutlar ustidayam ucharkanmi odam degani. Men kezgan bulut oqmidi, qoramidi, eslolmadimu, ammo momiqqina narsaning ustida ucha borganimni aniq bilaman. Suzib borayotgan paytimda birdan shiddatli bir kuch to‘zon kabi to‘zib, chirpirak qilgancha allaqaygadir uloqtirib tashladi. Shunda nafasim uzun cho‘zilib, pastga sho‘ng‘iganimni ilg‘adim. Shuvillab tushayapmanu, yer yuziga hech yetolmayman. Ajab, men nima ahvolda-yu, yer bag‘rini olovrang lolazor qoplab, diqqatimni o‘ziga chunon tortadi. Umrim bino bo‘lib, bunaqangi ajoyib manzarani endi ko‘rishim. Yanayam yaxshi. Bir quchoq terib Go‘zalga beraman. Xursand bo‘ladi. Entikib qulochimni ochishim barobarida damim qaytib, yurak-yuragimga bezovta o‘ynoqilik indi. Bazo‘r tipirchiladim. Jon qiynog‘i bilan pastga qaradim. Qaradim-u, lolazor chetida Go‘zalni ko‘rib hayratim oshdi. U nima qilayapti bu yerda? Shuncha baqiraman hamki, qani endi eshita qolsa ekan. Men tomonga aqalli bir qur bo‘lsin qiyo boqish xayoligayam kelmaydi. Xomushgina kayfiyatda lolazorga ma’nosiz termulib turibdi. Bir mahal uning oldida kuchli shamol ko‘tarilib, lolazor o‘zidan biror asar ham qoldirmay, allaqayga bosh olib ketgandek bo‘ldi. O‘rnini ko‘z ochib yumguncha vaqt ichida to‘zonli manzara egalladi. Tuzukroq qarasam, allaqanday turli rusumdagi mashinalarning pachoqlangan tuslari aralash allambalo suyak qoldiqlariga to‘lib-toshgan o‘ydim-chuqurliklar ko‘zga tashlandi. Yuragim birdan qalqib, orqaga tortib ketdi. Esim og‘ayozganidan ortiq qarashgayam botinolmay turganimda boshim uzra kuchli chaqin qarsillab, osmon surpasini bemavrid qoqqandek bo‘ldi-yu, na o‘tli chiziqlar tortdi va na bir sidra olov purkadi. Faqat zulmat chandilgan soyaga o‘xshash shu’lalar o‘qdek uchib o‘tib, yerga sanchildilar. Jon-ponim qolmadi. Jonholatda Go‘zalni izlashga oshiqdim. Biroq shafqat tuyg‘ularidan bexabar qandaydir qo‘l ich-ichimdan ichagimni shahd titkilab, sug‘urib olgandek bo‘lganida jon achchig‘ida baqirib yubordim shekilli…
Og‘ir o‘yga tolgan ekanmanmi, ayamning bexos bergan so‘rovidan cho‘chib tushdim.
– Turdingmi, Davronbek.
– …A? Ha-a!.. Dadam tuzukmilar?..
– Shukr. Ammo kuyunishlarimgayam quloq osmay, ishga jo‘nadilar. Shu ahvolda nima qilarkanlar, qanday ishlab olarkinlar, hayronman. O‘zi enang dadanglarni o‘sha ishxonalarida dunyoga keltirganlar. Tanglayini o‘sha yerdagilar ko‘tarishgan. Ayam ma’yus tortgan yuzini darhol o‘zgartirib, ta’naomuz kulimsiradi.- Sal bo‘lsa esimdan chiqay debdi. Sen shayton ham bir og‘iz ochmaysan, o‘taketgan dimsan. Aytmasang ham ko‘rib bildim. Nima, dard yorsang, tilingni cho‘qilab olarmidik?! Seniyam siring ichingda hazm bo‘laveradi dadangga o‘xshab. Ammo-chi, menga juda yoqdi. Istarasi issiqqina ekan. Istarali odamning didi ham o‘tkirgina bo‘ladi, o‘g‘lim.
Shamdek qotdim. Angrayib qolganimni payqagan ayam nimchasi cho‘ntagini kavlashtirib, bir nimani avaylab uzatdi. Oldimu, yuragim orziqib ketdi, ham ichki talvasada o‘zimni yo‘qotib qo‘yishimga bir bahya qoldi. Axir bu Go‘zalning surati-ku! Uyatdan duv bo‘zargancha shoshib o‘zimni uyga urdim. Ayam ortimdan hazil dashnom bergancha qoldi.
– Tumshug‘ing solinmay qolsin. Bir kunmas-bir kun baribir bilardim-da, jinnivoy.
Ayam qayerdan topib oldi ekan? Titkilaydigan odatlari yo‘q edi-ku! To‘xta-to‘xta, tunov kuni ertalab ko‘ylagimni almashtirganimda, ayam chaymoqchi bo‘lib… Eh, kallavaram!.. Hamma sir oshkor bo‘ldi-ku endi. Qay ko‘z, qay yuz bilan ayamning ko‘zlariga boqaman?! Suratga nochor nigoh bilan boqib turarkanman, xayolimni yana boyagi ruhiy g‘alayonlar egalladi. Egalladi-yu, yana tushimdagi o‘sha gullarga xomush tikilgan Go‘zalning qiyofasi bostirib keldi. Titrab ketdim. O‘zimni chalg‘itish bahonasida sochimni tartibga keltirish uchun toshoyna qarshisiga bordim. Og‘ir xayolda soch tararkanman, shu on nigohim toshoyna tokchasidagi qing‘ir-qiyshiq tusda yozilgan bir parcha qog‘ozga tushib o‘tdi. Qiziqsinib qo‘limga oldim. Yana manavi uyquchi ukaxonimizga qizaloqlar tomonidan yo‘llangan sirli maktublardan biri bo‘lmasin ishqilib. Arining iniga kosov tiqib yurmayin tag‘in. Yo‘q, bu kaminaga tegishli ekan nazarimda. Ko‘zim o‘zimning ismim bitigiga tushib, yuragim g‘alati noxushlikni sezgandek kuch bilan o‘rnidan qalqib, o‘ynay ketdi. “Davron, meni kechir, jon o‘g‘lim. Senga keyin hammasini tushuntirib beraman. Go‘zal sening singling bo‘ladi…”
– Ni -ma-a!!! Singlim!.. Qanaqasiga?..
Ko‘ksimdagi boyagi g‘ashlik otilib, olatasir chaqmoqlar chaqa ketdi. Ko‘z oldimni qorong‘ulik bosdimi, hech bir nimani idrok etolmay qoldim.
– Muncha baqiravermasangiz?! Boring, ko‘chaga chiqib baqir-chaqir qiling!
Ukamgayam parvo qilmay, jonholatda hovliga otildim. Yopib bo‘lgan bo‘rsildoq nonlarni savatga saranjomlayotgan ayam meni ko‘rdi-yu, qattiq talmovsirab qolayozdi.
– Voy, bolajonim, saharmardonlab senga nima bo‘ldi? “Eshak“ chaqdimi?!
– … Dadam… dadam qani?.. Ovozim xirillab, yig‘loqi ohangda cho‘zilib uzildi. -Nega angrayasiz, aya, sizdan dadamni so‘rayapman?!
– Tavba qildim-ey! Ayam ko‘krak burmasini ko‘tarib, tuf-tufladi. – Ha, boya ham so‘rovding shekilli, bolajonim. Ishga ketganlar, degandim-ku! Qulog‘ing o‘zingdami ishqilib?! Qaysi tomoning bilan turding o‘zi?!
Chirt o‘girilib, garaj tomon yugurdim. Yo‘l-yo‘lakay ayvon ustunining qozig‘idan kalitni sug‘urib oldim-da, ko‘cha darvozasini lang‘illatib ikki tarafga ochib tashladim. Tepasi bolaxonali garajdagi mashinaga potirlab yopishdim. Qo‘lim asabiy titroqqa to‘lgani uchunmi, kalit tig‘ini qulf tirqishiga tiqolmay, toza jig‘ibiyron bo‘ldim. Ajab, shu payt qandaydir ko‘rinmas yengil sharpalar qo‘limdan asta tutishib, tortqilashga tushishdi. Go‘yo, mashinani o‘t oldirma, deyishayotgandek bo‘lishadi. Og‘irligimni yelkam qadar bosib ezg‘ilashayotgan qora ko‘lankalar to‘dasi esa, hayda, haydayver tezroq, deya hol-jonimga qo‘yishmay, qistalang qilishadi. “Jiguli“ni ko‘chaga qanday haydab chiqqanimni bilmayman. Shuni bilamanki, yon ko‘zgudan ayamning hay-haylagancha chopib chiqqanini yaqqol ko‘rdim. Ichim achib ketsa-da, endi to‘xtashning sira ilojisi yo‘q edi. Esim og‘gan ko‘yi chirangancha gazni bosdim. Ko‘zimga qon to‘lganday, faqat nigohim ostidagi g‘izillab o‘tayotgan asfaltning achchiq ichakdek cho‘zilgan oq hoshiyalari uzilib-uzilib ko‘rinib qoladi, xolos. Gazni batamom bosaman. Mashina go‘yo, voy, joni-i-im, degandek ingraydi. Hech qancha o‘tmay, bu tezlik ham toshbaqasifat bo‘lib qoldi. Mashina chiranib bo‘kirishga tushdi. Qulog‘im ostida esa hamon “singling… singling…” deguvchi alamli, ham dahshatli, hamki zorlanishli ta’kidlar basma-basiga sado beradi. Qanaqasiga singlim bo‘lsin. U qayoqda-yu, men qayoqda! To‘xta-to‘xta, axir o‘zim kechagina Go‘zalga hazil yo‘sinida “fol“ ochib, dadamning tusini uning dadasi qiyofasiga chandiganimda tang ketdi-ku! Nahot, nahot shu rost bo‘lsa? Nahotki, men o‘z singlim bilan ahdu paymon qilgan bo‘lsam?! Yo‘q-yo‘q!!! Bo‘lishi mumkin emas, bo‘lishi sira mumkin emas. Dahshatli xayollar ichimni o‘pirgudek kuch yig‘adi. Jonimga ayovsiz changal tashlaydi. Jon achchig‘ida yana gazni bosaman. Go‘yo mashina itoat etmayotgandek tuyulib, bo‘g‘ilib ketaman. Tezroq, tezroq yetib borsam edim “dadajonim“ning ishxonasiga. Tezroq anig‘ini eshitsam edim…
Ie, anavi bekatdagilar namuncha hayron boqib qolishdi? Kimdir chiranib hushtak churillatayaptimi? Menga desa uzukkun churillatmaydimi esi og‘guncha. Svetofor qizil yondi shekilli-da, anavi mashinalar birining ketiga biri burun urgudek chirillab to‘xtashdi. To‘xtashadi-da, ildamlab ko‘rishsin-chi qani, taloniga naq baqaning ko‘zidek teshik tushib, “aji-aji“ qilib yurishadi keyin. Qiy-chuv bo‘lib ketdimi? Kimdir yon tomonimdan chiyillatib tormoz berdimi? Shunaqa, cho‘chitib turmasam haddidan oshib ketishadi, bu pandivaqilar. Menga desa jahannamning tub-tubiga qulashmaydimi! Yana bir-ikki chaqirim yursam bas, dadamning ishxonasi peshonasidan chiqib boraman. Keyin, keyin hammasini tushuntirib beradilar “dadajonimiz“. E, anavi yuk mashinasining haydovchisi qarib-qurtiganmi, nima balo, qadamini sanab bosayotgan toshbaqaga o‘xshaydi-ya! Ustiga-ustak bir uyum armaturani yuklab olibdi. Gajak dumini goh u yoqqa oladi, goh bu yoqqa. Oyog‘i ostidagi yastangan yo‘l katta xolasining mahriga tushgan bo‘lsa kerak, istagancha shakl ko‘rsatib ketayapti… I-i, tormoz berdi-ku, ahmoq. Qani tormoz?! Shuvillab ketidan yelib borganimni bilaman, aks-sadoga yo‘g‘rilgan kuchli chiyillash va qarsillashlar qulog‘imni chippa tom bitirdi. Kutilmagan dahshatdan otilgudek bo‘lgan ko‘zlarimga avval armaturalar shodasi… so‘ng temir bortning zanjiriga ilingan yastangan to‘sqichi… qo‘sh g‘ildiraklar… g‘izillab o‘tgan ayqash-uyqash manzaralar… har yon sochilgan oyna parchalarining kumushdek tovlangan zarralari… jon talvasasida qichqirgan achchiq hayqirig‘im (ajab, shu mening qichqirig‘immi?) ostida chidab bo‘lmas darajadagi tan og‘riqlari butun vujudimni sanchiqlarga belab tashladi. Ie, bu nima ko‘kragimga sanchilgan?.. Qip-qizil qon-ku! Yo… Tushimdagi lolazor manzarasini kimdir ko‘zimga yaqqol taqamoqdami?.. Shu on pachoq mashinalar tasviri ko‘z oldimni so‘nggi bor chizib o‘tdi…
– Aya-jo-o-on-n!.. Voy-y, jo-on-ni-im… ay-y-y…
So‘nggi bor quyosh shu’lasini ko‘rib qolmoq istagida to‘yinib nafas olgim kelib ketdi. Chiranib entikdim. Lekin ichak-ichaklarimni yulib-yulqib chiqqan nogahoniy o‘kirik ko‘m-ko‘k osmonni qip-qizil tusga bejab tashladi. Ko‘z oldimdagi kumushdek tovlangan yorug‘likni surbetlarcha yamlab yopirilayotgan zulmat chimmatidan ozorlanib og‘iz ochdim. Vo, ajab, nimagadir hozirning o‘zida avval ayamni, so‘ng esa dadamni juda-juda ko‘rgim, aqalli bir soniya bo‘lsin aziz diydorlariga to‘ygim kelib ketdi. Qandaydir taskin berguvchi kuch mening tilka-pora vujudimni astagina avaylab ko‘targandek bo‘ldi. Nazarimda borki mavjudot bilan uzil-kesil vidolashish lahzalari edi bu taskinlik. Shunda bir nimalar dupirlab chopa keldilar. Bundoq qarasam, boya garajda yelkamdan og‘ir bosgan qora kiyimli badbashara mahluqlar qiy-chuv ko‘tarib yotishibdi. Seskanib ketdim. Namuncha qo‘rqinchli bo‘lmasa bular? Nimadan, nimamdan umidvor? Shu payt mashinamni yurgizishga yo‘l qo‘ymagan yengil sharpalar oppoq, ko‘rkam simobi liboslarda paydo bo‘lishib, qora kiyimlilarning urinishlarini keskin kesib chiqishdi. Yuzlaridan ta’rif etib bo‘lmas mayin, ammo o‘tkir nur muttasil yog‘iladi. Savlatlari havasmand, barkamol.
– Tega ko‘rmanglar! Bu bandai mo‘min bizlarga qarashlidir.
Ajab, anavi dahshat oralagan qora kiyimlilar ay’yuhannos solishgancha ketlariga tisarilishdi. Xunuk, ammo nihoyatda qo‘rquv tug‘diruvchi unlari tobora ingichka tortib, allaqayga g‘oyib bo‘ldilar. Oppoq libosdagilar esa atrofimni gir o‘rab, avaylabgina parvarish qilishga tushishdi. Muncha shirin is, buncha totli bo‘lmasa ekan bu bahavolik. Bunchalar momiq bo‘lmasa ekan bu mehribon qo‘llar. Bunchalik sarxush ovozni ilk bor totib, vujudim yengil tortib ketdi…
Erkin hikoyasi
Chirpirak sirtmoq
Davronga bekor xat yozib qoldirdim. O‘tirgizvolib yotig‘i bilan tushuntirishim kerak edi. Ammo, ammo nimagadir til bilan bayon etishga cho‘chidim, rosti. Ehtimol, o‘g‘limning ko‘zlariga botinib qarolmasligimdan hayiqqandirman. Ehtimol, uning oldida gunohlarga to‘la vujudimning titrab-qaqshab bo‘y berishidan qo‘rqqandirman. Ehtimol, mendayin otadan nafratlanib qolishidan tahlikaga tushgandirman. Nima bo‘lganida ham baribir qo‘rqoqlik qildim. Juda katta xato qildim.
Yarim tunda o‘g‘rilikka tushgan mushukdek bolalar xonasiga yengil, sharpasiz qadam bosib kirarkanman, avzoyi badanimni o‘z-o‘zidan jiqqa ter bosdi. Yurak qurg‘ur tinimsiz potirlaydi. Hatto tomog‘imgacha tepchib uradi, nafasni keskin qaytaradi. To‘rida kichik o‘g‘lim divanga yastangancha qattiq uyquda. Ko‘rpasining yarmi polga g‘ijimlangancha oqib tushgan. Davron deraza oldidagi divanda mayingina nafas yutib, orom olayapti. Usti ochiq. Uning xushbichim qomatiga, tiniq bug‘doyrang yuziga biroz termulib turdim-da, xo‘rligim bexos kelib ketdi. Ho‘ng otib yuborishimga bir bahyagina qoldi. O‘zimni arang tutib oldim. Qandaydir kuch uning yuziga qaytadan qarattirdi. Bir zum ichki titroqda tikilib turdim-da, bu yerda bundayin ahvolda ortiq turolmasligimni anglab, stol yuziga enkaydim. Hatto tungi chiroqniyam yoqishga jur’at topolmadim o‘zimda. Tashqaridan tushib turgan chiroqning zaifgina shu’lasida pala-partish o‘ksik yozuvlarni bir parcha qog‘oz sirtiga qalashtirgudek bitib, ko‘zgu tokchasiga asta tashladim-da, yov quvgan kabi xonadan shoshib chiqdim. Davron hozir o‘qigan bo‘lsa, qay ahvolga tushgan ekan, sho‘rlik. U ham qaydan bilibdi, axir. Bilganida shu yo‘lni tutarmidi?..
Ikki toshqin daryoning o‘zaniga tosh bostirib bo‘lmas ekan-da! Hali bu ikkovi birga o‘qisharkan-da! Go‘zalning bu yerga kelib o‘qishiga harchand qarshilik ko‘rsatmayin, Yulduzning, mayli, men o‘qiyolmadim, jilla qursa qizimiz o‘qisin, degan afsusli ishorasidan lom-lim deyolmay, ichim bir qadar sidirilgancha rozilik bildira qolgandim. Bu yoqda esa Davron hujjatlarini allaqachon topshirib bo‘lgan ekan. Ikki o‘t orasida qanchalik qiynoqlarga tushib, o‘zligimni yo‘qotgandim. Lekin bir o‘y meni o‘z tinchimga tashlagandi. Biri kirib, biri kirolmay qolsa-chi. Shu tasalli jonimga ora kirib, harna yengil tortgandek bo‘lgandim. Biroq omad ikkisiga birdek quloch yozdi-yu, mendek nodonga qiyo ham boqib qo‘ymadi. Yo‘q, men farzandlarimning orzulariga g‘ov bo‘lishni sira-sira istamayman. Faqat ikkisining qarshisida shuncha yillar ezg‘ilab, oromimni olayotgan mash’um sirning ochilib qolishidan qo‘rqardim. Hech bir bandasining boshiga tushmasin bunaqangi chigal savdolar. Mana, mening taqdirimda sirtmoq kabi boshim uzra osilib turibdi qilgan gunohlarim. U yondan o‘tsam ham boshimga uriladi, bu yoqdan o‘tsam ham. Xuddi ajal misol jonim uzra kaft yozadi.
Yana bir o‘y bu vujud g‘alayonlarini bosqilab qoladi. Maqsad teskari aylanib, xat Halimaning qo‘liga tushib qolsami! Shu tilimlovchi xayoliy isyon ich-ichimni zirqiratib o‘tdi-yu, qovog‘im tinmay ucha boshladi. Balkim Davronning o‘zi o‘qib, ayasiga to‘polon ko‘tarayotgandir. Yo‘q-yo‘q, o‘g‘lim unaqangi yuzga sapchiydigan, ko‘zga ters qaraydigan bola emas. O‘z tasallimdan chalg‘ib, ko‘z oldimga alamli g‘azab, cheksiz nafratga mingan Davron va bu sirlardan ogoh bo‘lib, hushini tamoman yo‘qotgan Halima keldi-yu, yuragim ayovsiz yulindi. Go‘yoki o‘z zarbasini nafaqat ko‘z oldimga taqash bilan, balkim yuragimni muttasil yulayotgan intiqom zimdan ezishga chog‘langan kabi avval o‘y-xayollarimni, so‘ng esa bor-budimni izg‘irin o‘yinining dahanaki hujumiga ro‘para qildi-yu, arosatda bitgan azoblarda qovurishga tushdi. Shayton ming tur ko‘chalariga bosh suqtirishga tutina ketdi. Bexos ingrab yuborganimni sezmay qoldim.
Endigina shahar hududidan chiqqanimda ketimdan shuvillagancha bostirib kelayotgan sutdek oppoq “Moskvich“ga yon oyna orqali nigohim tushib o‘tdi. Ko‘zgudan ko‘zimni olishim bilan u o‘zib o‘tayotib ishorali signal bergancha yo‘limni kesib, chetroqqa shitob to‘xtadi. Men ham to‘xtashga majburiyat olgandek, tormozni qattiq bosdim. Yengil mashinaning tormoz izlari qorayib, uzun chiziq tortdi. Ketidan quyuq changni sudrab, o‘zining ustidan oshirib yoydi. Orqa eshik shahd ochilib, qorovulimiz Shoqosim aka yerga oyoq qo‘ydi. O‘zini o‘nglab olgach, lapanglagancha qarshimga kela boshladi. Tinib-tinchimayotgan yuragim bir noxush xabarni avvaldan anglab yetganini bildirmoqchidek bor jismimni qaltiratishga tushdi.
– Erkinjon, o‘g‘lim, seni boshliq so‘rayapti. Nazarimda kechagi topshirgan molingda kamomad borga o‘xshaydi. Lekin tag‘in bilmadim. Ammo o‘zingni bos, hovliqma! Mashinangdan esa xavotir bo‘lma, yigitlardan birortasi yetib kelguncha o‘zim qarab-netib turarman. Sen esa anavi mashinaga o‘tir. Zudlikda bormasang…
Hech nimaga tushunmay, angraygancha qoldim. Bu Shoqosim aka meni yosh bola sanab, tulkining iniga ro‘para qilayaptimi? Hech-da!
– Yolg‘on gapirishni eplolmas ekansiz, aka. To‘g‘risini aytavering. Nima bo‘ldi o‘zi? Faqat chinini ayting. O‘ziyam ertalabdan beri ko‘nglim yorishmayroq turibdi.
Shoqosim aka qalqib ketdi. Lekin o‘zini tez o‘nglab, teskari qaradi. Shu turishida g‘ing demay turib qoldi. Birdan yelkalari uchib, aytolmayman, aytolmayman, degandek boshini sarak-sarak chayqadi. Yuragim qinidan chiqayozdi. Jonholatda o‘zimni mashinadan yerga otib, “Moskvich“ga yugurdim. Haydovchi yigit ham shay turgan ekanmi, mashinasini shitob yarim doira burib, iziga qayrilgancha uchib ketdi. Miyamni har tur shubhayu vahimalar ezg‘ilab, ko‘pirgudek mijg‘ovlanadi. Ko‘z oldimdan jon sug‘uruvchi dahshat tasvirlari tizim tortib o‘tadi. Tilim karaxt qotgandek bir so‘z kelmaydi. Garajga yaqinlashganimizda notinch urayotgan yuragim battar zabtiga oldi. Jon tomirlarimni yanayam shishirib tashladi. Haydovchi yigit to‘xtashni xayoligayam keltirmay, yo‘lni tikka soldi. Shundagina g‘azabdan chaqnagan ko‘zlarim asabiy olayib, tilga kirdim.
– Hoy, uka, ishxonadan o‘tib ketdik-ku!
Yigit go‘yoki eshitmagandek, eshitsayam parvosiga olmagandek gazni qattiq bosib, chuqur xo‘rsinib qo‘ydi. Nazarimda bu shunchaki xo‘rsinish emas, qandaydir achinish hissini anglatuvchi alomatdek edi. Ichimda bir nima shuv etdi-yu, o‘qtin-o‘qtin titroqqa belay ketdi.
Mashina g‘izillagancha borib chorrahaga yaqin joyda ilkis to‘xtadi. Yo‘lning chap yuzida odamlar nimagadir tartibsiz kuymalanishayapti. Bezovta harakatlaridan nazarimda biror falokat yuz berganga o‘xshar edi. Haydovchi yigit mashinadan chaqqongina tushib, tezgina aylanib o‘tdi-da, men o‘tirgan tomonning eshigini shahd ochdi. Buning tili bormi o‘zi, yo zabonini hakka cho‘qilab olganmi, tavba. Uning o‘rnida bo‘lsam, bir daqiqaning o‘zida yorilib ketsam kerak. Hozir esa bu to‘g‘rida o‘ylab, maydalanib o‘tirishning mavridi emas. Tushdim. Yigit eshikni qarsillatib yopib, qo‘ltig‘imga kirdi. G‘ashlanib qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘lgandim, bilagimni yanayam qattiqroq siqimladi. Nima, men saksonga kirgan cholmanmiki, qo‘ltiqlatib olsam, yarashsa. Hech-da! Yo‘q, men o‘ylaganchalik emas ekan, harqalay ravongina zaboni bor ekan barno yigitchaning.
– Uzr, aka, aybga buyurmaysiz, ishimiz shunaqa. Yo‘ldan bir amallab o‘tib olaylik hech bo‘lmasa.
U meni odamlar qurshovi tomonga yetakladi. Indamadim. Ko‘nglim qandaydir noxushlikni sezgandek o‘z izmiga yanayam bo‘ysundirgancha jimjit bo‘ldi-qoldi. Yaqin qolganimizda bizga tumshug‘ini ko‘rsatib, yo‘lning o‘rtasida turgan “KamaZ“ yuk mashinasiga ko‘zim tushdi. Militsioner yigit tinmay yo‘l o‘lchayapti. Hayron bo‘ldim. Bu yigit meni bu yerga nima uchun olib keldi? Menga bu yerning nima dahli bor? To‘xta, bu axir tanish mashina-ku! Yaqindagina Nizomjonga berilgandi shekilli. Nima bo‘lgan ekan o‘zi? Odamlar orasini yorib o‘tganimizdagina og‘ir ahvolda qolgan hamkasb do‘stimga nigohim tushib, ichim achishib ketdi. U yerdan bosh uzmagancha ko‘z yoshlarini bot-bot artib qo‘yadi-da, allanimalarni kuyunib pichirlagandek bo‘ladi. Ajab, nega endi u bunchalik qaqshamasa? Mashinasi omon-ku axir. Erkak kishining ham ko‘ngli shunchalik bo‘sh bo‘larkanmi?
Yuk mashinasining ortiga o‘tdimu jonim uzildi. O‘zimning yengil mashinam yuk mashinasining ketiga g‘ijjak bo‘lgancha sanchilib qolgani, atrofiga esa qip-qizil quyuq qonlar sachraganini, sal narida oq mato yopilgan jasad, matoning ham ayrim chetlari ostidan sizgan qonni ko‘rdim-u, nogahon sapchib tushdim. Chuvalanib urilgan sovuq xayollar dahshatidan quloqlarim shang‘illab, ko‘z oldim ayqash-uyqash siniq manzaralarga to‘lib ketdi. Ich-ichimdan bexos otilgan o‘kirikdan yeru zamin o‘tga tutashib, baravariga larzaga keldi.
– O‘g‘lim-m!.. Dav-ro-on-n!..
Oq mato ostidagi o‘g‘limning ustiga o‘zimni otdim. Meni mahkam qo‘ltiqlab olgan boyagi yigit baravar qalqidi shekilli, bo‘sh qolgan qo‘llarini bir-ikki qattiq qoqib, muvozanatini o‘nglagancha ortimda qolib ketdi.
– Nima qilib qo‘yding, jon bolam… O‘g‘limning ko‘zlari ochiq qolgan, go‘yo, men nima qilgandim, dada, deyayotgandek ko‘kka mahzun tikilib qolgan edi. Yuragimdan kuchli bir nido otilgancha o‘g‘limning yuzidan yulqigan oq matoni alam bilan g‘ijimladim.- Meni kechir, o‘g‘lim, gunohkor otangni kechir!..
Ajab, jon talvasasida to‘lg‘onib, o‘g‘limni mahkam quchganimda uning nursiz ko‘zlari asta yumildi. Achchiq qiynoqlikni totib, qimtilgan lablari ham bo‘shashdi.
– Davron!.. Jon, o‘g‘lim… meni tashlab ketma, ketma-a!.. Sening o‘rningga mana men boray… Men boray-y!..
* * *
Ko‘nglim yarimta bo‘lib qoldi. Men o‘lsam bo‘lmasmidi? Nega endi o‘lim ham men kasofatidan shunchalik yuz o‘girsa, hazar qilsa! Nima uchun shunday, a? Nahot o‘lishgayam loyiq bo‘lmasam?..
Sho‘rlik Halima ham birpasning ichida esini yo‘qotdi-qo‘ydi. Bir kunning o‘zida to‘zib ketdi. “Tez yordam“ning keti hech uzilmaydi. Hammasiga, hammasiga o‘zim aybdorman, o‘zim. Sham kabi pilpillayotgan gunohlarga to‘la vujuddan jon quvvati tezroq uzilsa-yu, tezroq jahannam qa’riga ravona bo‘lsam. Lekin bu zorlanishlar qum bitgan quloqqa visirlagandek sassiz, sadosiz jon-jonimni ezadi. Go‘yo kimlardir: ”Qayoqqa shoshasan, hali bu holvasi. Sen uchun ko‘p ko‘rguliklarning adovati urchib yotibdi, ko‘rmasang bo‘lmas“ deyishayotgandek bo‘laveradi. Uning ustiga allanimabalolar bo‘y tashlab yopirilib kelishadi-da, qing‘ir-qiyshiq “husnu jamol“larini namoyishkorona qiltillatishib, o‘zliklarini tanishtirmoqqa urinishadi. Etlarim yupqa muz qatlami chirsillab uqalangan kabi sovuq seskanib ketadi. Bu seskanishlar do‘zax o‘tida o‘tin misol qalanib, tikka yonishim oldida nima bo‘libdi? Bu telbanamo kalovlanishlar jahannam sanchiqlarining olovli qamchinlari ostidagi dod-faryodlar qarshisida nima bo‘libdi?..
Bu ko‘rguliklar yetmagandek tomir-tomirlardan erinmay, chuvalib qaynoqlik berayotgan ming tutam hadikning keyingi mash’um zilzilasi sho‘rlik o‘g‘limni qaro tuproq bag‘riga qo‘yib qaytgan qora kunning ertasiga yuz berdi-yu, qilgan gunohlarim yanayam oshkor bo‘ldi-qoldi.
Oftob yoyilganda ko‘cha muyulishiga “Laz“ avtobusi kelib, zadalangan kabi voshillab to‘xtadi. Undan avval domlalari bo‘lsa kerak, sipo kiyingan erkaklar, ortlaridan esa yigit-qiz aralash talabalar birin-ketin tushib to‘planishdi. So‘ng domlalari ketidan turnaqator tizilishib, biz tomon kela boshlashdi. O‘rnimdan arang qo‘zg‘olib, muvozanatimni topolmay kildirayman. Yonimdagi Sadriddin akam buni payqab, qo‘ltig‘imdan qo‘l o‘tkazib tutib turibdi. Ko‘ngil so‘rovchilar darvoza ostonasiga yetar-etmas, qizlarning ichidan kutilmaganda olamni baralla buzgudek achchiq faryod bo‘y tortib qoldi. Uvvos solgancha “voy, akajon“lab to‘pdan ajralib chiqdi-da, jonsarak qalqiy ketdi.
– …Voy, akajon!.. Shunchalik ham tor ko‘rdingizmi bu dunyoni, akajo-nim-a!.. Qaro yerni afzal bildingizmi-ya, akajonim-o…
Ie, bu Go‘zal-ku, qizim-ku! “Go‘zal, qizim!“ Bu ichki nido hushimni birpasda oldi-qo‘ydi. “Kechir meni, jon qizim. Baxtingga zomin bo‘lgan nodon dadangni kechir“. Nima? Otang, dedimmi? Men hali otamanmi, men-a?.. Shu lahza kimdir og‘zimga piyola tutgandek bo‘ldi. Muzdek suv, go‘yo hovuri qaynoq, misoli zaqqum. Ichsang ham ichasan, ichmasang ham, degandek og‘zimga zo‘rlab tiqishtiradi. Tomog‘imdan bazo‘r bir qultum suv o‘tdi-yu, ortiq yutoqolmay qattiq o‘qchidim. Dimog‘imga og‘ir urilgan yutim qoldig‘ining zarbasi bo‘g‘zimni shishirib, achishtirib tashladi. Mijjalarimda yosh qalqidi. Ko‘zimni arang ochib, hovli ichkarisiga zorlanib nazar tashladim. Ruhiy qiynoqlar busiz ham ich-etimni o‘yib, tinimsiz kavlashtirishi yetmagan ekan. Og‘riqdan ingradim shekilli, akam bilagimdan yanayam mahkamroq ushladi. Ichkarida Halimayu yangalarimga qo‘shilib, ayolu qizlarning aytib bo‘zlashlari boshim ustida sirtmoq solib, chirpirak qila ketdi. Shuncha yil ko‘zimga ko‘rinmay, xayollarimda, tushlarimda chuvalashgan bu sirtmoq endi o‘z asl nuqsini ko‘rsatishga oshiqdi. Sirtmoq menga tegishli edi-yu, ammo uning qay yo‘sinda o‘z halqasiga solishi noma’lum edi. Mana endi…
Fotiha ado etildi shekilli, avval domlalar, so‘ng yigitlar tizilib kelib, quchoq ochishgancha ko‘ngil so‘rashga tushishdi. Oyog‘imda yerga arang ilashib turibman. Hech bir a’zoyim bo‘y egmaydi. Go‘yoki jonsiz murdadekman. Tilim esa muz qotgan.
Bir mahal ichkarida yig‘i tovushi ko‘tarilib, uzoq turib qoldi. So‘ng darvoza sahnida qizlar qorasi ko‘rindi. Ikki dugonasiga o‘zini tashlagancha yig‘idan yuzi shilingan Go‘zal chiqib keldi-yu, biz – qo‘l qovushtirib turganlarga bir qur sinchkov, ammo mungvor ko‘z yugurtirib o‘tdi. Yuragimda bir nima chirt uzilgandek bo‘ldi. Sho‘rlikning ko‘zlari qizarinqirab, qovoqlari bo‘rtib ketibdi. Oh, qizim, qizginam-a, shu kunlarni ko‘rsatguncha o‘lib ketsam bo‘lmasmidi-a?..
Go‘zal bir-ikki odim tashladi-yu, biz tomonga negadir yana mahzun nigoh tashladi. Jonsarak nigohi ilkis menga qadaldi. Qo‘rqib ketdim. Go‘yo yer ostiga singib ketgandek bo‘ldim. U bu mudhish ahvolimni tushida ko‘rayotgandek o‘rnida qotdi. Suyanch dugonalarini ikki yonga asta qalqitib, mendan bir soniya ko‘z uzmagancha qadam tashladi. Dugonalari ne qilarlarini bilolmay, o‘ng‘aysizlanib javdirashdi. Sim-sim sanchilayotgan yuragim og‘ir qalqib, xo‘rligim kelib ketdi. Ortiq chidolmadim. Qandaydir kuch oldinga surdi. Beixtiyor oldinga intilganimdan kalovlanib qoldim-da, ich-ichimdan toshayotgan alamli g‘alayondan suyaksiz zabonim ham endi junbushga kelgandek jonlandi.
– …Qi-zim-m!.. Vujudimni o‘pirgudek bo‘lgan g‘alati nidodan ko‘z oldimni zulmat pardasi bir bahya qoplab o‘tdi-yu, tentirab ketayozdim.
– Da-da!.. Dadajon!..
– Go‘zal, qizim-m…
Bu siniq tovushlardan hislar tark etmoqda bo‘lgan vujudim qattiq larzaga keldi-yu, bo‘g‘zimga zarb bilan urilib, tashqariga parmalagudek eshilib otildi.
Go‘zal yana ikki qo‘ltig‘iga kirgan dugonalaridan sirg‘alib chiqib, mendan ikki-uch qadam narida taqqa to‘xtadi. Ko‘zlariga ishonmagandek suqlanib tikildi. Lablari pir-pir uchdi. Bir zum shu tusda turib qoldi.
– Dada, bu… o‘zingizmi?..
Ko‘zlarimdan duvillab yoshlar quyildi. Go‘zal bag‘rimga o‘zini otarkan, esi og‘gan kabi mahkam quchgancha asabiy siltar, nazarimda ro‘y-andishani butkul unutgandi. Bel bog‘lab turganlar serraygancha ne qilarlarini, ne deyarlarini bilolmay jim qotishgan. Hamma hayron, hamma taajjubda. Bu nigohlar achchiq taqdirlarning asl kaliti menda ekanligini hali-veri bilishmaydi. Bilishganda esa, birvarakayiga toshbo‘ron qilib yuborishlari, yoki juda nari borsa, benomus sha’nimga adoqsiz la’natlar yog‘dirishlari tayin.
Qizlar ortidan bel bog‘lashib chiqqan bir to‘da ayollar ichidan sug‘urilgan Halimani ko‘rdim-u, telbalardek og‘zim bir tomonga tortib ketgandek bo‘ldi. Go‘zal ham hushini jamlashga urindi shekilli, bejo kezayotgan nigohini bir muddat muqim nuqtada ushlab, iltijoli tikildi.
– Dadajon!.. – dedi motamsaro kiyimlarimga bir sidra ko‘z urarkan, siniq shivirlab.- Siz… siz ham eshitib kelganmidingiz?..
Vujudimda yana dahanaki oqim ko‘pchib, behisob sanchiqlarga belab tashlaganidan og‘rinib, og‘riqlardan xalos bo‘lmoqchidek lablarimni qattiq qimtidim. Biroq bu urinishim zoye ketib, azoblarning ta’siridan ingrab yuborishimga bir bahya qoldi. Go‘yo boshimga eng so‘nggi quvvat zarb bilan tepchidi-yu, tilimdan sovuq jumlalar uzilib tushgandek bo‘ldi.
– …Akangdan bevaqt ayrilib qoldik, qizim…
Ko‘z oldimni to‘s-to‘polonga to‘ldirgan bu dunyoning borki bisoti ko‘kka sapchidi. Yer yorildi. Cheki yo‘q o‘tlar halqasi lovullab yona ketdi. Shaytonbachcha mahluqlar o‘zlariga tobe bo‘lmish kimsalarning burunlaridan ip o‘tkazishgancha shafqatsiz siltab tortib, oyoqlarigacha og‘ir zanjirlar chandishgan kepatada uchib o‘ta boshladilar. Suv desa asal, asal desa zahar, zaqqum qo‘msasa ajal tutib siylashga tushdilar. Allaqaydan hoziru nozir bo‘lmish qora sharpalar dahshatli qanotlarini qarsillatib qoqishgancha chir aylanayotgan shayton bandilariga behisob o‘tkir tirnoqlarini vahshiyona vajohatda sancha ketdilar…
Go‘zal hikoyasi
Bedavolar bozori
Endigina ertalabki nonushtani qilib yig‘ishtirilayotgandik hamki, yotog‘imizga kimdir sim qoqib qoldi. Uy egasi dimoq-firoq qilgancha chiqib kelib, uzib olgudek ming‘irladi.
– Hoy, qizlar, mayli, bu safar ham indamayman. Lekin bilib qo‘yinglar, agarkim yana bezovta qilishgudek bo‘lishsa, ko‘rpa-to‘shaklaring o‘zlaringga siylov. Kim ko‘p, ijaraga zoriqqanlar ko‘p. Uning ustiga sendaqalarning qorangni endiyam ko‘rayotganim ham yo‘q. Gapim tushunarlimi? Boringlar, birlaring go‘shakni ko‘taringlar. Kavalerlaring kuyib, kulga aylanib ketmasin tag‘in. Aysh-ishratlaring ko‘chada bo‘lsin. Mening uyim peregovorniy dom emas. Qo‘ng‘iroq qilishning ham o‘ziga yarasha vaqti, madaniyati bo‘ladi…
Qotib qoldik. Bir yog‘i darsga kech qolishimiz mumkin. Ertalabdan kimga zarur bo‘lib qoldi ekan suhbat qurish? Shu dahanaki savol har birimizning xayolimizdan behuzurgina o‘tdi shekilli, bir-birimizga cho‘chinqirab tikilishdik. Dildora har birimizga sinovchan javdirab oldi-da, uy sohibasining xonasiga mung‘aygancha kirib ketdi. Yig‘ishtirilib, endigina yo‘lakka to‘planganimizni bilamiz, ichkaridan ranglari o‘chgancha Dildora otilib chiqdi-da, yuzini asabiy changalladi. Birdan telbalardek chayqalib, o‘krashga tushdi. Uchchov qiz unga yopishdik.
– Nima bo‘ldi, tinchlikmi?
– Aytasanmi bir mundoq. Qon qilib tashlading-ku odamni.
Dildora keskin bosh chayqadi.
– Aytolmayman!.. Yo‘q, sira iloji yo‘q buni aytishga!.. Jon dugonajonlar, iltimos meni majburan qiynamanglar!..
Zahroning ham jahli chiqqanidan tovushi asabiy chiyillab uzildi.
– Nimani aytolmaysan?! Shunchalik aytib bo‘lolmaydigan gapmi?!
Birpasning ichida boshqa odam tusiga kirib qolgan Dildora holsiz bosh liqillatdi.
– Mayli, aytaman, ammo…
U o‘zini tutolmas, har birimizni bir-bir bag‘riga tortgancha achchiq yig‘isini bas qila olmasdi. Biroq tilidan o‘smoqchilangan so‘zlar quloqqa ilinib, qandaydir mudhishlikni anglagandek bo‘ldik.
– Davron… G‘iyos aytdiki…
Davronning ismini eshitib, yuragim bezovta ura ketdi.
– Nima Davron! Dildorani siltab o‘zimga qaratdim.- Chaynalmasdan gapirsang-chi!
– O‘rtoqjon, Davron mashinasida…
Dildora beo‘xshov bo‘zladi. Yuragini changallagancha o‘tirib qoldi. Qizlar unga yordam ko‘rsatish uchun yopisha ketishdi. Qandaydir zarb qo‘qqis boshimga urilib, vujudimni sovuqdan-sovuq g‘alayon egalladi-da, ayovsiz tirnay ketdi. Nima deydi? Mashinasida deydimi? Qanaqa mashina?!
Qizlar ming sarosimada oliygohga chopishdi. Ishqilib, anglashilmovchilik bo‘lsin-da! Ishqilib, hammasi yolg‘on bo‘lib chiqsin-da! O‘z qonimga o‘zim qaynab, o‘z yog‘imga o‘zim qovurilib yotganimda qizlar shumshayib kirib kelishdi-yu, javdiragan, cho‘chinqiragan nigohlaridan mudhish xabarning rostligini anglab, Zahroning quchog‘iga o‘zimni otdim.
– Davronga nima qilibdi, dugonajon. Jilla qursa sen chinini ayt!..
Zahro piq-piq yig‘lagancha yuzini ters burdi. Vujudi silkinib-silkinib ketdi.
– Nahotki!.. Nahotki, Zahro!.. Yo‘q, bunday bo‘lishi sira mumkin emas. Davron behudaga o‘ladiganlardan emas!.. Nima gunohi, nima aybi bor ediki…
Zahro hushini yig‘ib oldi shekilli, quchog‘iga mahkam tortdi.
– Bardam bo‘l, Go‘zal. O‘zingni bos!..
* * *
Shu kuni hud-behud bo‘lgancha ming azoblarda tong ottirdim. Zaharli tong. Mash’um tong. Shu mavhum tasodif rostligiga sira-sira ishongim kelmas, ishonish tugul hatto bu haqda o‘ylashniyam istamas edim. Davronsiz bu dunyo men uchun chinakam do‘zaxning o‘zi emasmi axir.
“Laz“ avtobusiga arang oyoq qo‘yib, ich-ichimdan toshay-toshay deb tinchlik bermayotgan alamli dard birdan otildi. Qizlarning bag‘rida to‘lg‘onarkanman, ularning daldasi qulog‘imga kirmas, achchiq alamlarni dunyoimga sig‘dirolmay qiynoqda edim. Nima qilay, nima qilay achchiq ayriliq savdosi shu qadar bizga bir umr hamroh tushgan bo‘lsa? Nima qilay, bu yuragim qiymalab-qiymalab tashlayotgan bo‘lsa, a? Ko‘z oldimdan esa Davronning miyig‘ida mayin tabassum bilan mehribonona tikilishi sira nari ketmay o‘rtaydi. Qiynoqlarga belaydi. Endi nima qilaman? Davronsiz behuda yashamoqning nima zaruriyati bor endi?.. Buncha imillaydi, bu yer yutkur avtobus.
Etib borganimizda ko‘cha chetida bel bog‘lab tizilgan odamlarga nigohim tushdi-yu, nimagadir kechadan beri vujudimni ezayotgan sanchiqlar kuch yo‘qotib, allaqayga g‘oyib bo‘ldi. Ichim nechukdir bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoldi. Bilmadim, bilmadim nimagadir hech nima xayollarimni, ko‘nglimni ovlashga quvvat topolmay qoldimi, yo taqdirimga ko‘tarib bo‘lmas tosh bosilganiga tan berib qoldimmi, yuvvosh tortdim. Lekin… lekin bu jimjit vujud fotihaga yo‘l olgan ma’yus tizim safida taqdirning ayovsiz alamlariga dosh berolmay, birdan vazminlikdan bosh tortdi. Ich-ichimdan otilgan yovvoyi o‘kirik boshim uzra uzluksiz sanchiqlar yog‘dira ketdi.
– Voy, akajon!.. Shunchalik ham tor ko‘rdingizmi bu dunyoni, akajonim-a!.. Qaro yerni afzal bildingizmi-ya, akajonim-o…
Ruhiy bo‘zlashlarda to‘lg‘onib, o‘zimni dugonalarim qatori begona ayollar ichida ko‘rib, bo‘g‘iq yig‘i battar avj oldi. Kimdir meni quchib olgancha telbanamo chayqala boshladi.
– Voy, o‘n gulidan biriyam ochilolmay ketgan bolam-a!.. Qandoq qilay endi, jonim qizim, sho‘rgina peshonamda shundayin yozuqlar bitilgan bo‘lsa?.. Qanchalar suyungandim-a!..
Kimdir tinchlantirishga urindi.
– Bo‘ldi-bo‘ldi! Erkaklar kutib qolishdi.
E, menga nima! Menga desa kunlab, oylab kutishmaydimi! Men nimaga zormanu, ular nimaga mushtoq. Meni quchib olgan ayol Davronning onasi ekanligini darrov sezdim. Yuragim ham hapriqib, ham orziqib ketdi. O‘kirib bo‘zlashga tushganimda ayasining o‘zi yelkalarimni ohista silab-siypab ovutishga tutindi.
– Bo‘ldi, qizim. Boshga tushganni ko‘z ko‘rarkan. Qandoq qilaylik endi… Oddiygina bir banda bo‘lsak…
U meni avaylab o‘rindiqqa o‘tkizarkan, o‘ziyam yonimga astagina cho‘kdi. Hozirda uni quchgim, yuragim bo‘shaguncha to‘yib-to‘yib yig‘lagim, Davronning bo‘yini shu onasidan izlagim keldi. Lekin to‘yib yig‘laganim bilan yuragim butkul bo‘shab qolarmidi, aksincha daryo kabi to‘lib-toshishi tayin. Shishgan qovoqlari ostidan qayg‘uli boqayotgan ko‘zlari biroz nam olganu, afsuski bir qatragina ko‘z yoshi halqalanib ham qo‘ymaydi, sho‘rlik onaizorning. Farzand dog‘ida bir kunning o‘zidayoq butkul quribdi. Bu dog‘ naqadar kuyuk ekanligini, shu bilan birga ishq sohibidan ayrilish dog‘i bir umr yuragingga alamlar isyonini shafqatsiz tarzda joylab ketishini shu lahzalarda chuqur anglab, sovuq seskanib ketdim. Go‘yo yuragingda asrab-avaylab, ardoqlagan niholingni beayov kuch ildiz-pildizi bilan sug‘urib tashlagan mahal joning ham birga yulingandek bo‘larkan. Bolaligimdan Hamid Olimjonning asarlarini sevib o‘qirdim. Qayta-qayta mutolaa qilgan sarim har gal ajoyib manzaralarga duch kelib, sehrlanib qolardim. Go‘yo o‘sha asar olamida yashayotgandek bilardim o‘zimni. Qandaydir rohat topardim ham. Keyin esa sadoqatli kishisining kuyugida bir umr kuyib-yonib yashagan Zulfiyaning she’rlaridan boshimni sira ko‘tara olmasdim. Ba’zan to‘yib-to‘yib bo‘zlardim. Ancha vaqtgacha o‘zimga kelolmay yurardim. Ikki shoirning yuraklaridagi mehr-muhabbat bulog‘ining qanchalar sof, qanchalar ardoqli ekanligini anglab yetgandim o‘shanda. Lekin taqdir to‘zonida Zulfiyaning bir umr bor dardini ijodiga singdirgani meni nihoyatda lolu hayronlar qoldirgandi. Shoiraga cheksiz tahsinu ehtiromlar o‘qigandim o‘sha paytlar. Bilaman, bilaman men Zulfiya bo‘lolmayman, lekin hozirda taqdir chigalliklarining changalida shoiraga qanchalar og‘ir bo‘lganligini endi-endi tushunib yetdim.
Dugonalarim qo‘ltiqlab chiqishayotganida Davronning ayasi achchiq uvvos tortib, meni yana bag‘riga quchdi. Yuzini yuzimga bosib, biroz qalqib turdi. Men esam hushimdan batamom kechgandek inon-ixtiyorimni unga berib, karaxt qoldim. Qandaydir kuch yana bir bahya turishni istaydi. Qaysidir kuch esa, Davronsiz bu xonadondan tezroq ketishni ko‘zlaydi.
Davronning ayasi ko‘zlarimga bir muddat lablari tinimsiz pirpirab, g‘am-tashvishdan chuqur botgan nursiz, serqayg‘u nigohida zorlanib termularkan, yuzimga lab bosgancha nafasi tiqildi.
– …Sen o‘zingni ko‘p ham qiynama, jon qizim. Hayot o‘zi shunaqa teskari yaralgan shekilli. Mayli, sabr qil, xo‘pmi, opoq qizim…
U ortiq chidam topolmasligini sezdimi, lablari alamli qimtinib ketdi. Yelkalari silkinib-silkinib, majolsiz gavdasini asta uzdi. Qiziq, boya aqalli bir tomchigina yosh sizmagan ko‘zlaridan endi duvillab yoshlar quyildi. U bir odim o‘zini orqaga tashlab, bir hovuchgina bo‘lgandek mung‘aydi-qoldi. Dod solib yuboray dedim. Shafqatsiz hayot hukmi ko‘zimga zulmat chodirini qoplab qo‘ydimi, e, voh! Nahot, taqdirim bunchalar chigal bo‘lmasa? Nahot, ayriliq dog‘i mening boshimni shunchalar barvaqt “silab-siypalagan“ bo‘lmasa?! Bu cheki ko‘rinmas qayg‘ularga qandoq chidayin, qandoq?..
Dugonalarim ikki yonimdan qo‘ltiqlab olishdi. Ostonadan hatlayotib ko‘zlarim bel bog‘lab turganlar qatoriga bir sidra qochoq nigoh solib o‘tdi-yu, kimdir ko‘zimga o‘tdek ko‘rinib, yana qayta qarashga majbur qilgandek bo‘ldi. Shu bilan birga bir xolis niyat: Davronning dadasini uzoqroqdan bo‘lsa-da bir qur ko‘rib qolish ilinji ham ko‘nglimdan o‘tdi. Suyanch dugonalarimni beixtiyor ikki yonga asta qalqitib, bir soniya o‘sha tomondan ko‘z uzmagancha qadam tashladim. Dugonalarim ne qilarlarini bilolmay, o‘ng‘aysizlanib qolishdi. Sim-sim sanchilayotgan yuragim og‘ir qalqib, xo‘rligim kelib ketdi. Ortiq chidolmadim. Shu topda, qizim, degan naqadar tanish, ham qadrdon, ammo hurkak ohangli xitobdan seskanib, o‘zim tomon kildirab qadam tashlashga intilgan – nigohimni bir qur zanjirlagan kimsaga javdiradim. Xiralik indirayotgan bir qatragina yosh halqobini bir ko‘z yumib sitib chiqardim-da, olg‘a talpindim. Tovushim xastaholgina uzildi.
– Dada!..Dada-jon!..
– Go‘zal, qizim!..
Siniq, ham hazin, shu bilan birga horg‘in tovushdan esankirab qolayozdim. Birovni dadamga o‘xshatayotgan bo‘lsam-a. O‘z o‘yimdan sarosimaga tushdim, biroq qandaydir kuch meni yana u tomon intiltirdi. Ikki yonimga qayta kirgan dugonalarimdan nogahon yana uzildim.
– Dada-a, bu… o‘zingizmi?..
Ichim kuyib, zirillagancha yig‘lab yubordim. Alam og‘ushida bora solib, dadamning bag‘riga o‘zimni otdim. Taqdir zarbalarini bo‘lishmoqchi bo‘lgan kabi iltijoli tikildim. Dadamning nigohini bir nuqtada ushlolmay entikdim.
– Dadajon!.. Siz… siz ham eshitib kelganmidingiz?..
Dadam nega bel bog‘lab oldiykin, yo Davronning dadasi tanishi bo‘lsa hamdardlik bildirib, yelkama-elka turibdimikin? Lekin hozirda bu besamar savollarning javobiga mahtallikning mavridi emas.
Dadam birdan chayqalganidanmi, bejo kezayotgan ko‘zlari darvoza tarafga mixlanib, rangi qum o‘chib ketganiga ko‘zim tushdi. Ne qilarimni bilolmay qoldim. Uning, akangdan bevaqt ayrilib qoldik, qizim, deganini eshitdimu, keyin nima bo‘lganligini anglolmadim. Anglaganim shuki, allakimlar chopib kelib mendan nogahon uzilib, bir tomonga yon berayotgan dadamni ushlab qolishdi. Shu lahzadayoq dugonalarim yana qo‘ltig‘imdan olishib, avtobus tomon yetaklashdi. Nogahoniy bosh o‘girishim ikki niyat bilan jonlandi. Biri so‘nggi bor Davronlar xonadonini ko‘rib qolish, biri esa dadamning ahvolidan bezovtalanish edi. Shunda dadamga jonsarak yopishib olgan Davronning ayasini ilg‘adimu, oyoqlarimni yerga mahkam tiragancha bu so‘qir ko‘zlarga ishonmagandek baqraygancha qotib qolayozdim. Davronning ayasi kimgadir yolbordi.
– Behzodjon bolam, tez dadangga suv keltir!.. Voy, sho‘rim, shuncha ko‘rguliklar kammidi?..
Nahotki, nahotki dadam… Yo‘q-yo‘q, sira bo‘lishi mumkin emas. Behuda xayollarga borma. Unda nega “dadasi“lab qoldi. Shu topda, ayamning kundoshi bo‘lmasin tag‘in, degan o‘y miyamga yashindek urilib, battar shalviradim. Bu ham yetmagandek yana bir ichki g‘alayon sovuqqina hukm surishga kirishdi. Akangdan bevaqt ayrilib qoldik, qizim, deguvchi dadamning og‘riqli nolasi ostida qandaydir ishora bordek edi. Nahot, o‘z akam bilan… Yo‘-o‘q!!! Yo‘q-yo‘q, bo‘lishi aslo mumkin emas, mumkin emas. Unda… unda nega, akang, dedi? Nahot!.. Oh, bu ne ko‘rgulik. Bu ne taqdir yozug‘iki tikka bo‘y berib, bor-budingni qasdma-qasdiga tilimlab tashlayversa?!
Shu payt bir yovvoyi chiyillash xunuk tovush bergancha kelib quloqlarim ostida portlagandek bo‘ldi-yu, Davronning dadamga bergan sifatini ko‘z oldimga tikka qildi. Qirg‘ichdan astoydil o‘tkizgan kabi qulog‘imga bir nimalarni visirlagandek bo‘ldi. Bu xayolimda sodir bo‘ldimi, yo bir kiprik qoqqulik vaqtda tush ko‘rgandek bo‘ldimmi, anglolmay qoldim. “Xonim, mabodo dadangizning chap qoshlari chetida andakkina tirtiqlari topilmaydimi?..”
* * *
Ko‘zimni ochganimda yonimda o‘tirgan ayamni ko‘rib, ko‘zlarimga ishonmagandek hayron boqdim. So‘ng esa ichki alamlar xayolimga lopillab ko‘ndalang bo‘ldi-yu, uning qayta bosh ko‘targanidan o‘krab yuborganimni bilmay ham qoldim. Ayam nazarimda bir hovuchgina bo‘lib qolgandek tuyuldi. U meni ohista quchgancha ovuta boshladi. Qizlar yetkazishgan shekilli, xastagina shivirladi.
– Qo‘y endi, qizim, jigar-bag‘ringni ezganing bilan baribir qaytib kelmaydi. Uning ruhini azoblab, qo‘p ham ko‘z yosh to‘kaverma! Bilaman, tuyg‘u savdosi juda qiyin narsa. Yaxshisi, yaxshisi, shu yerdan keta qolaylik, jon qizim. Sensiz uyim ham, bag‘rim ham huvillab qoldi o‘ziyam. Kechalari yolg‘iz o‘zim mijja ham qoqmay tonglar ottiraman. Dadangni uzukkun kutishlarim yetar o‘ziyam.
“Dadang“mish! Shu jumla orqali hushim endigina ravshan torta boshladi. Shunda alamli, chidab bo‘lmas nido tilimdan shiddat bilan ko‘chdi.
– Ayajon, nima uchun dadam uyimizni “mehmonxona“ derdi?
“Dadam“ so‘ziga ataylab alohida sanchiqli, ham ilmoqli urg‘u berib o‘tdim. Hatto tilga olishgayam hazar qilgudek kayfiyat va ruhiyatda turganligimni ayamga uqtirib qo‘ygim ham kelib ketdi.
Ayam dabdurustdan berilgan bu jumboqqa javob topolmadimi, biroz og‘ir o‘yga tolib qoldi. Hozir o‘zi nima kepatada yotibsan-u, bu dahmaza savolning nima hojati bor, degandek yuz ajinlari ma’noli tirishdi. Ko‘nglida shu savolga nisbatan gumon paydo bo‘lganini ko‘zlaridan uqib, yuzimni burib olishgayam o‘zimda jur’at topolmadim. Ana shu shubha ayamni javob berishga undadimi, endi xavotiri oshdi.
– Aytardim-ku axir, dadangning uyi ko‘cha, deb. Nima edi, jon qizim.
Qiynagim kelmadi. Bamaylixotir ayamning ohangiga xos shivirladim.
– O‘zim. Shunchaki so‘radim-da, ayajon.
O‘zimni shu xilda tutsam-da, biroq nimadir ich-ichimni achchiqqina sidirib o‘tgandek bo‘ldi. Ayamning betoqatlanib turishiga bir tomoni ichim achib ham ketdi.
– Shunchaki so‘roqlash ham har xil bo‘ladi-da, qizim. Ko‘zlarini yumgancha xitob qildi ayam.- Ochig‘ini aytaver, jonim qizim. O‘zi busiz ham tushlarimda seniyam, dadangniyam bezovta kayfiyatda ko‘raverib, yurak-yuragim laxta-laxta bo‘layozdi. Xuddi bilgandek shu yoqqa uchibman. Ammo seni bu holda ko‘rib, hushim boshimdan uchdi, jon qizim. Birgina dilbandim, yagona suyanchig‘im o‘zingsan, yana kimga yukimni tashlay. Adoyi tamom bo‘lgan onangni ortiq qiynamay, ayta qolsang-chi! Yuragim o‘zi yaproq misol xilvirab yotibdi. Ayta qol, bir nima bo‘ldimi?
Ayamga yanayam achinib ketdim. Aytaymi, aytmaymi? Qandaydir kuch og‘ir bosib, zinhor ayta ko‘rma, deydi. Yana qandaydir kuch ildam tortqilab, aytaversang-chi, axir, deydi. Shunda shiddat bilan yopirilib kelgan achchiq alam vujudimni yorgudek qilich tig‘iga to‘g‘riladi. Taqdirimni zulmatga, kechirib bo‘lmas xatoga yuz tutishiga kim aybdor? Ayammi, yo dadammi, kim? Meni bu dunyodan ko‘nglim ming qadar sovib, cheksiz chig‘iriqlar iskanjasida hissiz kayfiyatda kun kechirmasligimga kim kafolat beradi, kim? Shu kabi alamli tig‘ ostida adoqsiz xayollarga cho‘k tushgancha andishaning yuziga endigina niqob tutishga chog‘langanimda ayamning muzdek kafti peshonamga ilkis tegib, hushimni yig‘dim. Xastaligi huruj qildi shekilli, qo‘li muzlabdi. Biror nimaga siqilsa, darrov vujudi muzlab ketadigan dardi bor. Qo‘rqib ketdim. Tura solib unga yopishdim.
– Ayajon, nima bo‘ldi? O‘zingizni qo‘lga oling. Men hozir…
Oshxonadan hovuchimda suv keltirib yuziga sepdim. U bir seskanib, o‘zini biroz o‘nglagandek bo‘ldi. Yo‘q, bu mash’um sirni zinhor va zinhor aytib bo‘lmaydi. Ko‘tarolmaydi. Yaxshisi, umrbod ichimda saqlaganim ma’qul. Shu qalbiy va’da hukmona ham tilimni, hamki dilimni birdek qulfladi.
* * *
O‘qishdan chiqib kelgan qizlar mening jonlanganimni ko‘rishib, dadil tortishdi.
– Ha, xayriyat-ey, yaxshi bo‘lib qolibsan-a, dugonajon. O‘qituvchilardan tortib kursdoshlargacha seni kuyunib so‘roqlashdi.
– Rahmat. Ancha tuzukman.
Shunday dedimu, yuragimda tinimsiz g‘alayon qilayotgan gunohlarim ko‘z oldimga kelib, o‘z-o‘zimdan nihoyatda nafratlanib ketdim. Iloji boricha sirtimga chiqarmaslik uchun nigohimni yerga mahkam qadarkanman, ayamning yonida o‘tirgan Dildora og‘iz ochdi-yu, go‘yo yer pallalanib yorilgandek, ko‘z oldim ayqash-uyqash chiziqlarga to‘lib ketdi. Ko‘zlarimni chirt yumdim. Qanchalik qattiqroq yumishga urinmay, yorug‘lik izlari shunchalik yo‘l topib, singib kiraverdi. Quloqlarim tub-tubidan Dildoraning, fotihaga Erkin tog‘ayam motamsaro kiyimda kelgan ekan, degani uzluksiz ay’yuhannos solib o‘tadi. Bor vujudimni ko‘pirtirgandek ezib-ezib tashlaydi.
Arang bosh ko‘tardim. G‘azab ilashgan nigohimga ko‘zi tushgan Dildoraning uni o‘chdi. Rangi bo‘zarib, nima, men yolg‘onni gapirdimmi, degandek qizlarga birma-bir javdirab chiqdi. Keyin o‘ng‘aysiz o‘tirishni o‘ziga ep bilmadi shekilli, choyga unnash bahonasida oshxonaga yo‘rg‘aladi. Bu gapdan ayamning bezovtali shubhasi yanayam oshgandek edi. Yuz-ko‘zlarida charsillagan so‘rov alomatlari birvarakayiga yerga mixlab qo‘ygandek edi meni. Qizlarning oldida so‘roqlashni lozim ko‘rmadimi, indamadi. Ruhiyati yanayam susayib, og‘ir xayolga cho‘mdi. Men esam uning sinovchan nazari tushishidan cho‘chib, nigohimda yer chizaman. Zimdan kuzataman. Burun kataklari kengayib, lablari xiyol pirpirab turibdi. Qizlar bu og‘ir sukunatni buzishib, o‘rinlaridan qo‘zg‘olishdi.
– Savdo do‘koniga kirib o‘tish xayolimizdan ko‘tarilibdi. G‘irillab tushib chiqaylik. Sizlar bemalol…
Ularning chiqib ketishlari menda sarosimalik uyg‘otib, dilimni g‘ashlasa-da noiloj nigohimda kuzatib qolarkanman, yakka qolgan ayam sho‘rlikni astoydil ovutgim keldi.
– Birga ishlashadi shekilli,- dedim iloji boricha ichimdagi achchiq isyonni bosishga urinib.- Do‘stu birodar shunaqangi og‘ir kunlarda yordam qilmasa, tikka turib bermasa bo‘lmas.
Ayam baribir o‘zgarmadi. Ishonch hissi ham uyg‘onmadi. Bilib turibman, bu chigallikning yechimini kezi kelib mendan majburan surishtirib olishini. Ammo ungacha beradigan javobimni fikran pishitib olmasam ham bo‘lmaydi.
Tavba, menga nima bo‘layapti o‘zi? Goh yuragim zarb bilan urib, gohi hissiz-tuyg‘usiz bo‘m-bo‘shdek tuyuladi. Bir nima ich-ichimdan g‘imirlab keldi-yu, dosh berolmay vannaxonaga shoshib o‘zimni urdim. Suv jo‘mragini baralla ochib, uning sharillab quyilishi ostida bu ma’nisiz hayotning shafqatsiz o‘yinidan to‘yib ketganimdan o‘ksib-o‘ksib yig‘ladim. Dod degim, faryod urgim, yurak-yuragimni yulqib-yulqib tashlagim kelib ketdi. Nimalar qilib qo‘ydim o‘zi? Dadam-chi? Birgina o‘zi ham o‘g‘lining boshiga yetdi, ham mening dunyoimni parcha-parcha qildi. Ming alam, ming afsus. Ayam sho‘rlik bu tomonlarini bilmasa, bilolmasa, nima ham qilsin? Bilganida ham nima qila olardi bechora. Essiz, essiz!..
* * *
Dugonalarim bilan butkul xayrlashish juda og‘ir bo‘ldi. Ayam to‘g‘ri aytadi. Bu yerda bo‘lsam, o‘zimni haddan ziyod qiynab qo‘yaman. Bu turgan gap. Shu bois uning izmiga ko‘ndim. Bir umrga bu yerdan qadam uzayotganligimni o‘ylab, og‘ir entikib ham ketdim. Ammo yana gunohlar changali vujudimni chirmadi. Go‘yo bu yorug‘ dunyo zulmat qa’riga cho‘kayotgandek edi…
Yulduz hikoyasi
Isyonlar halqasi
Go‘zal ham, dadasi ham tushlarimga kiraverib halovatimni obdon olishdi. Yuragimni hovuchlagancha yetib kelsam, bu ahvol. Qizimning dardu tashvishiini dugonalaridan eshitib, busiz ham bezovta urayotgan yuragim naq yorilay dedi. Shayton ming ko‘chalarga yetaklaydi, taqdirimni poymol qilgan o‘sha mash’um kunni ko‘zimga shiddat bilan behayolarcha taqaydi. Masxaralagandek bo‘ladi. Ana, qizingniyam ko‘rib boq, qush inida ko‘rganini qiladi-da, deyayotgandek bo‘ladi. Go‘yo jon tomirlarim uzilib-uzilib ketadigandek tarang tortishadi. Yo‘q, shaytonga hayf berib, qizimga zug‘um qilmadim. O‘lganining ustiga tepmayin dedim. Ammo uning dadasi to‘g‘risidagi chigal jumbog‘i meni ancha sarosimaga solib qo‘ydi. Dugonasining, fotihaga Erkin tog‘ayam motamsaro kiyimda kelibdi, degani tamoman gangsitib qo‘yayozdi. Nazarimda Go‘zal ham o‘zini yo‘qotib qo‘ygandek edi. Shu paytda meni anchadan beri tinchimni olayotgan qandaydir shubha va chigallikning yashirin qati ko‘ringandek edi. Buning kaliti qizimning qo‘lida ekandek tuyuldi. Yo‘qsa, dadasining tilida uyimizning nima uchun “mehmonxona“ ekanligini surishtirib qoldi? Yo‘q, bu yerda chindan ham jiddiy bir nima bor. Buning sababini dugonalarining oldida surishtirgudek bo‘lsam, noayon bo‘lgan biror gap oshkor bo‘lishidan cho‘chidim ham. Uning ustiga sal diqqatpazlikdan xuruji tayin bo‘lgan yurak xastaligim tutib qolishidan qo‘rqdim ham. Shularni o‘ylab indolmadim. Biroq hamon xayolimni chirmagancha kezinayotgan “Nima uchun Erkin akam motamsaro kiyimda bel bog‘lab turadi?”, “Nima uchun bu to‘g‘rida menga indamadi, yo rostdan ham hamkasbimikin?” degan savollar tinchlik bermaydi. Jo‘nash uchun ertalabki yo‘nalishli avtobusga chipta olganimda, Go‘zalning avzoyi birdan tundlashib qoldi. Rosti, cho‘chidim. Xayolimdan dugonalaridan ayrilgisi kelmayaptimikin, yo taqdirining chigal tushganiga toqat qilolmayapti shekilli, deya tusmolladim. Yo‘q, muddaosini kechki payt bayon qilib qoldi.
– Ayajon, agar e’tiroz bildirmasangiz bir ilinjim bor edi.
– Mayli, ayta qol, jonim qizim.
Shunday dedimu tashvishlanib qolayozdim. Ishqilib, pishayotgan oshni xom atalasini chiqarib turmasa go‘rga edi. Go‘zal yer chizgancha ikkilandi. Yuz-ko‘zlarida hamon iztirob izlari kezinishining o‘zi yuragimni elakka tashlaganligidan nimani istasa, shuni ijro qilmasam bo‘lmasdi ham. Kutib qolganimni sezib, astagina bosh ko‘tardi.
– …Ayajon, bu yerdan endi tamoman qadam uzayapman. Agar rozi bo‘lsangiz Davron akamning qabrini so‘nggi bor ziyorat qilib ketsam, armonim qolmasdi. Harqalay ruhi…
Qizimning o‘ta hazin, siniq tovushidan ko‘nglim bir qadar cho‘kib tushdi. Unga hozir qanchalar og‘irligini bilib turibman. Lekin o‘zimning ham uni ko‘rib, ko‘nglim to‘liqib kelayotganligidan bazo‘r chidam topgandekman. Nimayam derdim, noilojman. Ko‘nmay qayoqqa!
* * *
Tong otishiga yaqin yo‘l tadorligini ko‘ra boshladik. Dugonalari bilan xayr-xo‘shlashish ham Go‘zalga qanchalar qiyinligini bilib turibman. Ular bir-birlaridan sira ayrilgilari kelmas, bir-birlarini mahkam quchishgancha bir qator ko‘z yoshi ham qilib olishdi. Arang uzilishib, yo‘lga tushdik. Yengil mashina bir zumning ichida qabriston biqiniga eltib qo‘ydi.
Go‘zal vazmin qadam bosadi. Meni esa yuragim tinmay bezovta dukillaydi. Qizimning ruhiyatini ko‘rib, uning izmiga ko‘na qolganligimdan o‘zimni-o‘zim koyigandan-koyiyman. Sovuq shabada esayotgan qabristonga ichkarilab borarkanmiz, mavhum xayollar vujudimni titratib, go‘yoki bir nimalar oyog‘im ostidan mo‘ralab, yo ilashib oladigandek sergak tortaman. Sahar palladagi do‘ppayib, et-etgacha uzluksiz seskantirib turuvchi qabrlar ko‘zimga yanayam bo‘y cho‘zayotgandek tuyulib, yuragim bexos orqaga tortib ketadi. Pastqamlikdan qiyalab yuqoriga ko‘tarilarkanmiz, ham nafasim qisishi zo‘raydi, ham yuragimga hurujli o‘ynoqilik kuch berib, anchayin toliqtirdi. Hansirab qoldim. Go‘zal esa oldinda horg‘in qadam tashlab, o‘z xayollariga bandi bo‘lgancha bosh egkan. O‘tirib olgim, bir nafas bo‘lsa-da tin olgim keladi. Lekin buning sira imkoni yo‘q. Qizimdan orqada qolmaslik uchun qadamimni tezlashtiraman. Go‘yo qabrlar ichidan nogahoniy qo‘l chiqib, tortib oladigandek hurkib, o‘zimni goh u yoqqa, gohi bu yoqqa olib, qadamimni paydar-pay bosib qolaman. O‘zimni obdon qiynayman.
Ilonizi so‘qmoqqa tushib olganimizda qarshimizdan bir nuroniy chiqib kelib, bizga yo‘l bo‘shatmoqchi bo‘ldi shekilli, o‘zini qabrlar orasiga ildam oldi. Ko‘rinishidan shu yerning xizmatchisiga o‘xshadi. Salom bergach, Davronning qabrini surishtirdik. U bizga javobsiz yo‘l boshlab borib, yangi qabrning bosh tomonida bag‘rini tuproqqa bergancha zorlanish yig‘isida to‘lg‘onayotgan ayol va oyoq tomonida cho‘kka tushgancha unsiz bosh egkan, bizga orqa qilgan ko‘yi yo‘g‘on gavdasiga motamsaro kiyimi xunuk xurpayish bergan erkak tarafga ko‘z imosida ishora qilib, ohistagina ortiga burildi. O‘ng‘aysizlik o‘z qamroviga olib, o‘rnimda qotdim. Qanday yaqinlashish, nima qilishlikka aqlim ojizlik qilgan pallada daf’atan ko‘tarilgan achchiq yig‘i sadosidan oyog‘imgacha muz yugurgiladi. Ko‘z oldimni xira qorong‘ulik bosib turdi-yu, zum o‘tmay xastagina tarqaldi. Yuragim to‘liqib, ko‘zlarim yoshga belandi. Idrok kuchini yig‘ib, Go‘zalning chayqalgancha borib o‘zini qabrga otganligini ko‘rdimu, battar titrab ketdim. Uning, kechiring meni, akajon, nodon singlingizni kechiring, deguvchi basma-bas zor-qaqshashlari to bu achchiq, ammo ma’nodor nolalarning nimalarga ishora qilinayotganiga hali aqlim yetmay dovdirab turganimda, qabrdan bexos bosh ko‘targan ayol sapchib o‘rnidan turdi-yu, kela solib Go‘zalni bag‘riga olgancha yig‘iga qo‘shildi. Erkak esa yalt etib avval Go‘zalga, so‘ng men tomonga bezovtalanib qaradi. Qaradi-yu, nigohlar nogoh bir zum to‘qnashdi. To‘qnashgan zahoti avval achchiq bir sanchishlik vujudimni qaqshatib o‘tdi-da, so‘ng esa ko‘zlarimga tamom ishonmagan kabi qaqqaygancha qotdim. Go‘yo boshim ustida osmon gumburlab, oyog‘im ostida yer yorildi-yu, ming bo‘laklarga bo‘linib ketgandek bo‘ldi. Endigina latif nur sochib kelayotgan oftob o‘z nuqtasida chirpirak bo‘lgancha muttasil aylana ketdi. Do‘ppaygan past-baland qabrlar, ancha naridagi quyosh nurini o‘zida jilvalantirishga uringancha savlat to‘kib turgan moviy gumbazli maqbara birdan ostin-ustunlikka uchrab, yer o‘pishga oshiqdi. Quloqlarim achchiq faryodlardan quvvat yo‘qotib, miyamni zirqiratuvchi chiyillash zohir bo‘ldi. Oh, desam og‘zimdan olov sachragudek darajada jismim yonadi. Dahshatlardan, bu hayotning achchiq zarbalaridan, aldovlaridan ezilganim, ezg‘ilanganimdan ko‘zlarimni chirt yumdim. Zulmat qoplagan nigohim naqadar tanish ko‘zlarning bejo tasviriga qarshi qalam urgandek, ayqash-uyqash chiziqlar tortadi. O‘z kosasidan chiqishga uringan “u“ ko‘zlar tasviri goh yiroqlashib, gohi bostirib kelgudek vajohatda bag‘rimni ayovsiz tiladi. Olovga tashlangan bu jon go‘yoki meniki emasdek. Go‘yo bu olamda tush kabi umr kechirgandek vujudim xilvirab qoldi. Kimdir yugura kelib mahkam quchgandek bo‘ldi. Bazo‘r ko‘z ochdimu, zulmat pardasini yirtib o‘tgan quyosh nurlaridan ko‘zlarim bexos qamashib ketdi. Qizimni arang ilg‘adim. U jon halfida chirqillab, allayoqqa kuch bilan tortqilaydi. Shunda uch-to‘rt qadam narida o‘zim tomon baqraygancha betinim qaldiroqqa tushgan, endi umrbod begonaga aylangan vujudni boyagi ayol quchgancha qaqshardi.
– Voy, dadasi, qo‘rqitmang meni!..
Bu yoqda Go‘zal meni quchgancha yalinib-yolboradi.
– Ayajon, yura qoling, ketaylik bu yerdan!.. Qo‘rqib ketayapman, aya…
Shu topda og‘ir vazminlikni yelkalab, horg‘in nafas olayotgan qabriston bo‘ylab kezgan jon hayqirig‘idagi otilgan ismim chor atrofga larza bergudek taraldi.
– Yu-yul-du-uz!..
Cheki yo‘q nafrat yuz-ko‘zimga sapchib, tovush kelgan tomonga shuursiz yuz burdirdi. Ayolning kuyib-yonishlari iskanjasida men tomon talpinmoqchi bo‘lgan, allanimani chiranib aytmoqni, tushuntirmoqni istagan “begona“ vujudning ajinlarga to‘la iztirobli yuzini ko‘rdimu, xo‘rligim chandon oshdi. Go‘zalning kuchli tortqilashidan unga telbalardek ergashib, paydar-pay odimlab ketdim. Shunda qulog‘imga ayolning (Nima dedim, ayolning, dedimmi? Axir, u kundoshim ekan-ku! Ehtimol, men unga kundosh bo‘lgandirman. Kundosh bo‘lib, xonumonini kuydirgandirman. Ehtimol, u hali mendek kundoshini bilmas) achchiq-achchiq bo‘zlagani ilashdi-yu, ketib borayotgan joyimda qattiq qalqidim.
– …Voy, kasofatning qurboni bo‘lgan, jonim bolam-a!.. Ko‘z yoshimni yuragimga to‘kkan bolam-a!..
Dod desam, faryod ursam, yuragimni yulib-yulqib tashlasam deyman. Men, nodon, o‘z xayollarimga erk bermaganimda, ehtimol, bu qo‘sha falokatlar bo‘lmasmidi,a? Nima qilay, bu gunohlarga to‘la boshimni qay devorga, qay toshga uray? Nahot, bu aldamchi hayotning chirmoviqli chigalliklari taqdirimga beshafqatlarcha boylangan bo‘lsa? Nahot, aldamchi so‘qmoqlar men uchun ataylab yaralgan bo‘lsa? E, voh, alamlar girdobi azobu uqubatlarga bunchayam to‘lmagan bo‘lsa? Bundan bu yog‘iga iymon qiynoqlari iskanjasida yashamog‘im aniq. Ruhiy qiynoqlar o‘z halqasiga olmog‘i aniq…