Tohir Malik. Qasos (hikoya)

Nomussizlik gar ilashsa nikoh ipiga
Ayol qalbi shu qadar ham qonsiragayki,
Topolmaysiz yer yuzidan bunaqasini!
(Evripid. “Medeya”. Asqar Qosim tarjimasi)

Dugonasi xushxabar aytib, suyunchi so‘radi.
Latifa buni eshitib, quvonishi lozim edi. Chunki, shu hol yuz berishini istab, Xudoga necha bor munojot etdi. Allohga iltijolarim yetib borarmikin, niyatimga yetmay o‘lib ketmasmikinman, deb qo‘rqib yurgan kezlari ham bo‘ldi. Nihoyat… ohlari Yaratganga yetib boribdi. Shu hol yuz bersa armonim qolmaydi, quvonchlarim dunyoga sig‘may ketadi, deb o‘ylardi.
Xushxabarni eshitib nimaga quvonmadi? Vujudiga nima uchun afsus to‘r yoya boshladi? Ko‘ngilga shodlik baxsh etishi lozim bo‘lgan yangilikni yetkazgan dugonasiga nima uchun javob qaytarmay, jimib qoldi? Bu holati suyunchilab telefon qilgan dugonasigagina emas, hatto o‘ziga ham noma’lum edi.
-Latif, eshityapsanmi?-dugonasi go‘shakning garang qulog‘ini ochmoqchi bo‘lgandek, bir-ikki qattiq pufladi.
-Eshityapman,-dedi Latifa siniq ovozda.
-Ering qo‘l-oyoqsiz, shol bo‘lib qolibdi. Tili ham aylanmasmish. Xotini uyiga olib kelmay, kasalxonadan to‘ppa-to‘g‘ri qariyalar uyiga olib borib tashlabdi. Voy tavba-ya! O‘ttiz besh yoshli yigitni ham qariyalar uyiga olaverishar ekanda-a? Eshityapsanmi?
Latifa eshitar, ammo dugonasining so‘zlarini durust anglamas edi. Go‘shakni asta joyiga qo‘ydi. Barmoqlari titrayotganini o‘zi sezmadi – derazaga orqa qilib o‘tiruvchi Ma’suma sezdi. To‘g‘rida o‘tiradigan, Latifaga tez-tez o‘g‘rincha qarab qo‘yadigan Sodiqjon ham sezdi. Latifa haykal holiga kirgan edi. O‘ziga dam-badam qarab qo‘yayotgan nigohlarni sezmasdi. Uni chuqur o‘yga botdi, deb ham bo‘lmaydi. U hech nimani o‘ylamas, boshi g‘ovlab, bo‘shab qolganday edi. Sodiqjon “Ahvolini so‘rab, bilsangiz-chi?” degan ma’noda Ma’sumaga ko‘z tikdi. Ma’suma bu qarash zamirida qanday maqsad yashiringanini sezsa-da, sezmaganday o‘tirdi. U beg‘amligi uchun semirganmi, yo semirib so‘ng beg‘am bo‘lib qolganmi – bunisi Yaratganga ma’lum, har holda hech bir ishda shoshilmaydi. Mana shu odati ba’zan kulgiga sabab bo‘lardi, ba’zan esa hamxonalarining yuraklari tars yorilib ketay derdi. Sodiqjon hozir shu holga tushdi. Tomog‘ini qirib, yana unga qarab qo‘ydi. Ma’suma qog‘ozlarini titib, nimadir qidirdi. Shundan so‘nggina Latifaga qaradi:
-Latifa, oldingi oyning hisobotidan sizda qolmaganmi? Qurib ketgurni qayoqqa qo‘yganimni bilolmayapman.
Bu savol Latifani karaxtlik domidan ozod qildi. Lekin Ma’sumaning gapini darrov anglay olmadi. Ma’suma esa uning ahvolini sezmagandek gapiraverdi:
-Bugun mudirimiz chap yoni bilan turganmi, ertalabdan beri menga ming‘irlaydi. O‘tgan oy hisobotini qayta ko‘rib chiqing, deydi. Bir nushasini sizga bermabmidim?
Latifa endi unga ajablanib qaradi – ertalab ham shuni so‘rovdi. “Esi og‘ib qolganmi, nima balo?” deb o‘yladi-da, qisqa qilib: “yo‘q”, dedi. Ma’suma Sodiqjonga qaradi. Uning beg‘am boquvchi ko‘zlaridan: “Farosatingiz bormi, chiqib tursangiz-chi”, degan ma’noni uqqan Sodiqjon qo‘liga ilingan bir varaq qog‘ozni olib, o‘rnidan turdi. U chiqib ketishi bilan Ma’suma Latifani savolga tutdi:
-Tinchlikmi, Latifa, yomon gap eshitmadingizmi, ishqilib?
Latifa unga yalt etib qaradi. “Qanday sezdi, bu beg‘am? Birdan o‘zgarib ketdimmi?”
-Tinchlik… dugonam sal hovliqmaroq… Bir tanishim kasal ekan… shunga…
-Ha-a… Endi issiq jon, bir kasal bo‘ladi, bir tuzaladi. Choynakni qo‘yib yuboring, choy ichadigan vaqt bo‘ldi.
Elektr ulagich kitob javonining panasida, Latifaning shundaygina yon tomonida edi. Shu sababli xonada choyxonachilik vazifasini hammavaqt beminnat bajarsa-da, bu safar malol keldi. Choynakni tokka ulab, o‘rnidan turdi-yu, dahlizga chiqdi. Ma’suma uning izidan ma’nodor qarab qoldi.
Dahlizdagi deraza oldida Sodiqjon bir varaq qog‘ozni buklab ushlagan holda turardi. Latifaning chiqishini kutmagani uchun nima deyishini bilmay, taraddudlandi.
Sodiqjon bilan Latifa tengdosh, institutda birga o‘qishgan. Talabalik yillaridayoq bir-birlariga mayllari bo‘lgan, lekin taqdir yo‘rig‘i degandek, turmush yo‘llari ayri-ayri tushdi. Ular bir-birlarini yoqtirar edilar. Ammo bu yoqtirish ota-ona istagiga qarshi isyon ko‘tara oluvchi qudratga, aniqroq aytilsa – muhabbat darjasiga yetmagan edi. Oldinma-keyin bo‘lib o‘tgan to‘ylaridan so‘ng, ayniqsa, oilalarida noxushliklar yuzaga kelgan damlarda bir-birlarini qo‘msardilar. Biroq, bu qo‘msash kapalak umri misol uzoqqa yetmas edi. Har ikkovi bir-biriga bo‘lgan munosabatni ko‘p o‘ylashardi: “Uni yoqtirganim holda nima uchun hamma narsadan shartta voz kechib, U bilan birga bo‘la qolmayman?” degan uncha murakkab bo‘lmagan savolga qariyb o‘n yildan beri javob topisha olmas edilar. Yoshlik hislari asta so‘nib, turmush nomli daraxtning achchiq mevalaridan to‘yib-to‘yib yegach, bu savol chigali yechila boshlanadi. Oralaridagi tuyg‘u to‘shakka yetaklovchi muhabbat emas, balki turmushning tikanli yo‘llarida madad berguvchi mehr ekanini anglab yetadilar. Unga qadar esa bu tuyg‘u nima ekanini bilmay qiynaladilar, atrofdagilar esa ularning munosabatlarini boshqacha talqin qilaveradilar. To‘g‘ri, Latifa eri bilan ajralishgach, Sodiqjon uni bir-ikki marta kinoga taklif qildi. Latifa o‘n uch yoshli qizaloq emaski, bu takliflarning ma’nosini anglab yetmasa. Avval gapni hazilga burdi. Taklif takrorlanavergach:
-Siz meni ersiragan shaloq xotin deb o‘ylayapsizmi?-deb dangal aytdi.
Sodiqjon bu javobni eshitib, dovdiradi. To‘g‘ri ko‘ngilda ekanini aytib, o‘zini oqlamoqchi bo‘ldi. Shunisi ortiqcha edi. Chunki juvonning javobi taklifga yarasha bo‘lgan edi. Sodiqjon shundan so‘ng o‘zini tiydi. Lekin: “Ro‘parangga qara, bu mahliqoning eri yo‘q, o‘zi yoshgina bo‘lsa, ersiz qiynaladi. Senga o‘sha gapini bir aytdi-qo‘ydi-da. Unga qarab-qarab, ko‘zingni uzma. Ko‘zlaring bilan uni o‘zingga rom qilib ol!” deb vasvasaga soluvchi shaytonni haydab yubora olmas edi. Ba’zan esa o‘yga tolardi: “Shuncha paytdan beri ersiz yurib ko‘nikdimi yo bitta-yarimta bilan pinhona don olishib yurganmikin?” Shu fikr uyg‘ongan damdayoq tomog‘iga g‘azab o‘ti bostirib keladi. Xayolidagi o‘sha mavhum xushtorni bo‘g‘ib o‘ldirgisi keladi. O‘zicha “Kim bo‘lishi mumkin u maraz?” deb, tanishlarini bir-bir ko‘z oldiga keltiradi. Latifa jilmayib gaplashib turgan erkaklarni shubha ostiga olaveradi. Xullas, Latifa eridan ajralishganidan keyin necha yil o‘tgan bo‘lsa, shuncha yil Sodiqjon shu holda kuyadi. Hozir dahlizga chiqib turganida ham xayoli shu tomonga bir og‘di. Latifaga gapirolmay qolgani ham shundan. Latifa uning nima uchun chiqib turganini bilsa ham, o‘zini bilmaganga oldi:
-Choy qo‘ydim,-dedi hotirjam ovozda.
-Yomon xabar eshitdingizmi?-dedi Sodiqjon, uning ko‘ziga tik qarab.
“Yomon xabarmidi?-deb o‘ziga o‘zi savol berdi Latifa.-Chindan ham nima bu – yomon gapmi yo xushxabarmi? Nima uchun o‘zgarib ketdim. O‘zgarganimni bular ham sezishibdi…”
-Nimaga yomon xabar? Shunchaki bir gap,-dedi Latifa osoyishta ohangga ko‘chib.
-Birdan g‘alati… bo‘lib qoldingiz?
-Boshim og‘riyapti. Magnit bo‘roni kuni emasmi bugun? Men keta qolay, choyga o‘zingiz qararsiz.
Latifa shunday deb ichkari kirdi-da, stoli ustini yig‘ishtirishga ham toqat qilmay, Ma’suma bilan xayrlashib, sumkasini olib chiqdi.
Xonaga qaytib kirgan Sodiqjonni Ma’sumaning ma’nodor qarashi qarshi oldi.
Latifa xayolini chalg‘itish uchun bir oz piyoda yurmoqchi bo‘ldi. Xarid qilish niyati bo‘lmasa-da, yo‘lida uchragan do‘konlarga ham kirib chiqdi. Yonma-yon yurgan er-xotinni ko‘rdi deguncha, ko‘z oldida eri gavdalanib, yuragi siqilaverdi. Bunday noxush holatdan chiqishning birdan bir chorasi – uyga borish edi.
Qo‘shni imoratlarga nisbatan ko‘rkamroq qilib solingan, bolaligi o‘tgan, baxt ilinjida “yor-yor” bilan tark etib, so‘ng ikki o‘g‘il bilan qaytib kelgan uy bu onda ko‘ziga shumshuk bo‘lib ko‘rindi. Akasi kuyovining xarom-xarishdan qaytmas odam ekanini bilib, uni sharmanda holida o‘z ko‘zi bilan ko‘rgach, Latifani o‘sha kuniyoq ko‘chirib kelgan edi. O‘g‘lining kattasi endigina atak-chechak qilayotgan edi. Kichigi tug‘ilib, tug‘ruqxonadan uyga ketish uchun ijozat tekkan kun edi. Kuyov bo‘lmish Tolib ularni ancha kuttirdi. Kelavermagach, akasi, yangasi Latifani uyga boshlab borishdi. Borishdi-yu… Tolibning maishati ustidan chiqishdi. Latifa ostona hatlab ichkari kirmadi. Ajrashayotgan paytda sud uch xonali uyning ikki xonasini unga xatlab berganda ham haqqidan voz kechdi. Aniqrog‘i, akasi oldirmadi. “Nahs bosgan uy o‘ziga buyursin”, dedi. Ana o‘shandan beri Latifa shu uyda. O‘g‘illari tog‘asini “opoqdada” deyishadi. Latifaning baxtiga “adam qanilar?” deb so‘rashmaydi. Otadan olishi kerak bo‘lgan mehrni tog‘adan olgani sababli so‘ramasalar kerak. Ba’zan Latifa “nega so‘rashmaydi?” deb achchiqlanadi. Hozir bo‘lmasa ham keyinroq borib so‘rashlarini biladi. Oradan yillar o‘tib, so‘rashganida nima deb javob beradi? “Otang xotinboz edi, shaloq edi, shuning uchun ajrashib ketganmiz” deydimi?.. Latifa kelajakda sodir bo‘lajak mana shu manzaradan qo‘rqadi. Ota-onaning qilmishiga farzand bir kunmas-bir kun hukm chiqaradi. Qanday bo‘ladi bu hukm? Kim aybdor deb topiladi? Er-xotin ajralishib ketaverishadi. Unisi boshqaga uylanadi, bunisi boshqasi bilan turmush quradi. Bola esa o‘zicha ulg‘ayaveradi. Bola ulg‘ayib kim bo‘lib yetishganidan qat’i nazar, hukmni o‘qiydi. Xudo o‘z jazosini ana shu farzand hukmiga jo qiladi. Latifa shu jazodan qo‘rqadi.
Qo‘rqishiga esa sabab bor. Ularning idorasida Zebi kampir degan farrosh bo‘lardi. Chetdan qaragan kishi supurgini ko‘tarolmay yiqilib tushsa kerak, deb o‘ylardi. Zebi kampir qorni ochligi uchun emas, uydan nariroq – odamlar orasida yurish uchun ham ishlardi. Boshqa farroshlar ishlarini barvaqt bajarib ketishardi. Zebi kampir esa kechgacha idorada bo‘lardi. Bir kuni Zebi kampir Latifaga xasrat dasturxonini ochgan edi. Uning birinchi eri mamlakatda quloqlarga qarshi kurash boshlanganida bola-chaqam sarson bo‘lmasin menga qo‘shilib, degan maqsadda xotiniga taloq xati bergan edi. Zebi ikki o‘g‘li bilan qolgan edi o‘shanda. Eri dom-daraksiz ketdi. O‘ldimi yo boshqa oila qurdimi, hech kim bilmaydi. Bu orada ocharchilik boshlandi. Zebi ikki go‘dagini boqolmas edi. Ochlikdan o‘lib qolishmasin, deb ularni yetimxonaga berdi.So‘ng insofli bir odam bilan turmush qurgach, o‘g‘illarini yetimxonadan qaytarib oldi. Ikkinchi eri bolalariga o‘gaylik qilmadi. To urushga ketguniga qadar ularga ola qaramadi. Taqdir ekan. U ham urushda izsiz ketdi. Zebi boshqa turmush qurmadi. Ammo “sen bizni yetimxonaga topshirgansan”, degan la’nat tamg‘asi bir umr ko‘kragiga urildi. Bu tamg‘a shu kungacha ketmaydi. O‘g‘illari nabira ko‘rishgan bo‘lishsa-da, onaning o‘sha qilmishini kechirishmaydi. Zebi kampirning nabiralari ham unga nisbatan bemehr bo‘lib ulg‘ayishdi.
Kampir shundan kuyar edi. U xasrat qilardi, ammo o‘g‘illarini ayblamasdi. Hamma aybni o‘ziga olardi. “O‘shanda ahmoqlik qilganman. Bolalarimning rizqini Xudoning o‘zi berardi!”-deb o‘ziga la’nat o‘qiydi. Zebi kampir tamom kuchdan qolgach, idora ahli bamaslahat holda uni qariyalar uyiga olib borishdi. Kampirning o‘g‘illari bu tadbirga monelik qilmadilar. O‘tgan yili Zebi kampirning qazosi yetganida uni idora ahli dafn etdi. O‘g‘illariga xabar berishni lozim topishmadi.
Latifa Zebi kampirni ko‘p eslaydi. Eslaganda yuragi g‘alati bo‘lib ketadi. Dugonasi: “Shunday yuraverasanmi, o‘g‘illaringni akang boqmasa, bolalar uyiga berginu boshqa erga teg!” deganida tanasidan joni chiqib ketay dedi. Bir necha kun davomida yursa ham, tursa ham Zebi kampirning mungli nigohi uni ta’qib qildi. Rostdan ham bolalarini yetimxonaga topshirganday, o‘g‘illari chirqillab yig‘layotganday tuyulaverdi. Tushlariga Zebi kampir kirib: “Men nima uchun senga o‘z dardimni aytgan edim? Mening taqdirimdan ibrat olmadingmi?”-deb savolga tutaveradi.
Hozir uyi ostonasiga qadam qo‘yayotganida nima uchundir yana o‘sha holni esladi.
Darvoza ochiq, ammo hovlida hech kim yo‘q edi. Latifa hovli etagidagi oldi peshayvon uyga qarab yurdi. U eri bilan ajralishgach, ota-onamning jonlari uzilgan joy, deb shu uyda yashash istagini bildirgan edi.
Ostona hatlab ichkari kirishi bilan sal yengilroq tortganday bo‘ldi. Kiyimini almashtirmagan holda taxmon poyiga to‘shalgan ko‘rpachaga yonboshladi. “Menga nima bo‘ldi o‘zi?-deb o‘yladi u.-Unga achindimmi? U kim menga? Shiltasi chiqib yura-yura shu taqdirni topibdi. Battar bo‘lmaydimi? Nega g‘alati bo‘lib ketdim?..”
Latifa bu savolining javobini yaxshi bilardi. Bilsa-da, tilga chiqarish u yoqda tursin, xayoliga keltirishni ham istamasdi.
Ikkinchi o‘g‘liga boshqorong‘i bo‘lib yurgan kezlari eri bilan g‘ijillashib, “uyimga ketaman”, deb po‘pisa qilganida Tolib: “ketsang ketaver”, deb osongina javob bergandi. Latifa to‘ng‘ichini olib, uyiga keldi. Erini ikki kun kutdi. Arazlab kelganini akasidan yashirdi. “Kuyovingiz safardalar”, deb aldadi. Uchinchi kuni uyiga borsa, Tolib bittasi bilan hiringlashib o‘tiribdi. “O‘zing ketding, nima, men pensioner cholmanmi indamay o‘tiraveradigan”, deb aybni Latifaning o‘ziga ag‘darib qo‘ya qoldi.
Latifa alamini yig‘idan oldi. Dardini sovuq devorlarga aytdi. Uyiga o‘t qo‘ygisi keldi. Bir oz ovungach, ular yotgan o‘rin-ko‘rpani yig‘ishtirdi. Qo‘llari najasga tekkandek irgandi. Bu ko‘rpani onasi rahmatli o‘z qo‘llari bilan qavib bergan edi. Shuni bulg‘anishiga sira chiday olmadi. Yarim tunda ko‘rpa, choyshab, yostiqlarni olib, to‘rt qavatli uy etagidagi axlatxonaga olib borib, yoqib yubordi. Nazarida o‘t butun iflosliklarni kuydirib yuborganday bo‘ldi. Afsuski, hatto olovning ham bunga qurbi yetmas ekan.
Ana o‘shanda dilida bir alam vulqoni portlagan edi. Ana o‘shanda ilk marta Yaratganga yalingan edi: “E Xudoyim, xaromdan qaytmagan bu baloyingning qo‘l-oyoqlarini shol qilib qo‘ygin. Ana o‘shanda men bir erkakni boshlab kelayinda, uning shundaygina ko‘z o‘ngida gunohlarga botayin. Bu gunohim uchun keyin qanday jazo bersang ham roziman!” deb edi. Alam ustida xayoliga kelgan bu nidoni eslaganida ba’zan o‘zidan o‘zi uyaladi, ba’zan esa nafratlanadi. “U past ketsa, men ham past ketayinmi?” deb o‘ylaydi. Lekin bu qasos nidosidan butunlay voz kechkisi ham kelmaydi.
Mana, nihoyat, u shol bo‘libdi. Endi nima qiladi? Qasamini amalga oshiradimi?
Shu fikr xayoliga urilib, vujudi kirlanib ketganday bo‘ldi. Xuddi o‘sha o‘rin-ko‘rpani yig‘ayotganda irganganday o‘zidan o‘zi irgandi. Qaddini ko‘tarib, o‘tirib oldi. Quloqlari shang‘illadi. Ikki chakkasiga kaftlarini bosib, ko‘zlarini yumdi.
-Latifaginam, senga nima bo‘ldi?
Ovozni eshitishi bilan yuragi qinidan chiqib ketay dedi. Ko‘zlarini shart ochib, derazaga taqab qo‘yilgan karavotga qaradi. Onasi to joni uzilguniga qadar o‘sha yerda yotardi. Bu karavot hozir Latifaning yotar joyi. Onasi uni erkalaganida “Latifaginam” derdi. Latifa ota uyiga qaytib kelganidan beri onasi bilan tez-tez gaplashadi. Xayolan bo‘ladigan bu suhbatlar ba’zan tongotargacha davom etadi. Bu suhbat mazmuni faqat o‘ziga-yu, Yaratganga ayon. Ba’zan to‘ng‘ich o‘g‘li uyg‘onib qolganida o‘zi yerda o‘tirib, boshini karavotdagi yostiqqa qo‘yib olgan onasiga ajablanib qarab turadi. Bir-ikki marta cho‘chibgina “oyijon”, deb chaqirganida Latifa indamagach, “shunaqa o‘tirib uxlashni yaxshi ko‘radilar”, degan to‘xtamga kelib, e’tibor bermay qo‘ygan.
-Latifaginam, senga nima bo‘ldi?
Latifa beixtiyor ravishda karavot sari surilib keldi. Boshini yostiqqa astagina qo‘ydi xuddi onasining yuzlariga yuzini qo‘yganday bo‘ldi. Deraza darchasidan ufurgan yel sochlariga urildi – xuddi onasi sochlarini silaganday bo‘ldi.
-Nima bo‘lganini o‘zim ham bilmayman. Anavini… qarg‘agan edim… qarg‘ishim uribdi – shol bo‘lib qolibdi.
Latifa shunday deb pichirladi-da, jim bo‘ldi.
-Yuragingdagi gapni aytmayapsan?
-Yuragimdagini… Men qasam ichganman, bilasiz. Endi qasos olishim kerak.
-“Al qasosul minal Haq!” Qasos –Haqdandir. Xudo urib qo‘yibdi-ku? Shuning o‘zi kifoya unga.
-Yo‘q, yetmaydi, oyijon. Hozir uning jismi og‘riqda. Ruhi-chi? Qilgan ishlaridan pushaymon yeyaptimi? Yemaydi. Tavba qilishga uning fahmi yetmaydi. Fahmi yetganida bolalari tug‘ilgan uyga ifloslarni boshlab kelmas edi. Men uning ruhiga xanjar sanchishim kerak. Oyijon, qiynalib ketdim. Agar shunday qilmasam, yo jinni bo‘laman yo yuragim yorilib o‘laman.
-Nima qilmoqchisan?
-Oldiga boraman.
-Keyin-chi?
-Sodiqjon bilan birga boraman. U meni yaxshi ko‘radi. Nima desam shuni qiladi.
-Sodiqjonning oilasini buzmoqchimisan? O‘zingning yetimlaring kammi? Yo‘q, bolam, meni tinch yotsin, desang…
-Oilasini buzmayman. Faqat bir marta. Keyin ishdan bo‘shab ketaman. U bilan umuman ko‘rishmay qo‘yaman. Sodiqjon bilan birga bo‘lganimni u ko‘rsin. Alamdan yonsin, kuysin. Ko‘rib turib o‘lib qolsa ham mayli. Oyijon, buni faqat uch kishi biladi: men, Sodiqjon va u…
-Xudo-chi?
-Xudo yalinishimni bajardi, men uchun uni shu holga soldi, endi bu ishimni ham kechiradi.
-Kechirmaydi, bolam, kechirmaydi.
-Jon oyi, yo‘limni to‘smang. Hayotimda bir martagina o‘zim uchun qasos olay. Keyin odamga o‘xshab yashay…
Onasi javob bermadi. Og‘ir xo‘rsindi. Latifaning nazarida tepasida qora bulut to‘planayotganday tuyuldi. Bulut uni asta bag‘riga ola boshladi…
“Hoziroq Sodiqjonga telefon qilaman. Qariyalar uyiga borib tursin. Keyin birga kiramiz uning oldiga…” deb o‘yladi.
…bulut uni girdobiga chirmayverdi, chirmayverdi…
Agar hozir telefon qilmasa, ahdidan qaytib qolishi mumkin edi. Ishi o‘ngidan keldi – telefonni Sodiqjonning o‘z ko‘tardi. “Hozirning o‘zida qariyalar uyiga kela olasizmi?”deb so‘radi. Sodiqjon “xo‘p”, dedi, “nimaga?” deb lanjlik qilmadi. Uning shu odati yaxshi. Latifa nima desa ko‘nadi.
Latifa yengsiz harir ko‘ylagini kiydi. Lablarini bo‘yadi. Ko‘zlariga surma tortdi. Kam ishlatadigan o‘tkir hidli atirni sepdi. O‘zini oyog‘i yengil ayol kepatasiga keltirishga harakat qildi. Toshoynaga qarab, o‘zidan o‘zi nafratlandi. So‘ng: “Shunday bo‘lgani yaxshi. U ham meni ko‘rib nafratlansin, yonsin, kuysin!” deb o‘ziga o‘zi tasalli berdi.
Sodiqjon uni tanimaganday, ajablanib kutib oldi.
-Mendan hech narsa so‘ramang. Yordam bering menga. Keyin so‘z bering, yo‘q, qasam iching: bugungi ishni darrov unutasiz. Xuddi tush ko‘rganday bo‘lasiz.
-Ozgina bo‘lsa ham tushuntiring.
-Tushuntira olmayman. Men nima desam shuni qilasiz. Biz… er-xotin bo‘lishimiz kerak… Faqat bir odam guvoh bo‘ladi bunga.
-Tushunmadim?
-Tushunmasangiz ham sababini so‘ramang. Yana so‘raydagin bo‘lsangiz… keta qoling…
Sodiqjon “ilojim qancha” deganday yelka qisdi. Latifa uni qo‘ltig‘idan olib, qariyalar uyiga boshladi. Tolibni darrov topishdi: bir kishilik xonada ekan – ayni muddao! Bosh tomoni ko‘tarib qo‘yilgan karavotda Tolib shiftga tikilib yotibdi. Eshikning g‘ijirlashini eshitdimi yo Latifadan taralayotgan atir hidi dimog‘iga urildimi, boshini burib qarashga harakat qildi.
Latifa Sodiqjonning qo‘lidan ushlab, uning ro‘parasiga o‘tdi. Ularni ko‘rgach, Tolibning ko‘zlari pirpiradi. So‘ng mijjalaridan yosh sizib chiqdi. Nimadir demoqchi bo‘ldi – tili aylanmadi. Unga Latifaning rahmi keldi. Qasos olishdan voz kechib, chiqib ketmoqchi ham bo‘ldi. Ammo qandaydir kuch uni ushlab qoldi. Tolibga tikilib turib, boshini Sodiqjonning yelkasiga qo‘ydi. Keyin uni iyagidan ohistagina o‘pdi-da, “Meni quchoqlang”, deb shivirladi. Sodiqjon uni quchishga ko‘pdan beri orzumand bo‘lsa-da, bu amrni bajarishga darrov jur’at eta olmadi. Buni sezgan Latifa: “Ishni buzib qo‘ymasa edi”, degan o‘yda uning pinjiga kirib, labiga lab qo‘ydi. Tolib o‘kiriqqa o‘xshash bir ovoz chiqardi. Latifa sumkasidan ro‘molchasini chiqarib, Sodiqjonning labbo‘yoqdan qizargan labini artdi…
…Tolib xuddi bo‘g‘izlanayotgan buqadek o‘kira boshladi…
…mana shu o‘kiriq Latifani chirmab turgan qora bulutni haydadi.
Latifa garang holda boshini ko‘tardi: qo‘shni hovlida och qolgan buqa yana o‘kirdi.
“Uxladimmi? Tush ko‘rdimmi?” deb ajablandi Latifa. So‘ng o‘rnidan turib, beixtiyor telefon yoniga keldi. Barmoqlar tanish raqamlarni terdi. Go‘shakdan Ma’sumaning “alyo” degan beg‘am ovozi keldi. Latifa go‘shakni joyiga qo‘yib, uf tortdi.
Kechki ovqat paytida akasi unga savol nazari bilan qarab-qarab qo‘ydi. Bolalar televizor ko‘rgani mehmonxonaga kirib ketishgach: “Senga nima bo‘ldi?” deb so‘radi. Latifa yashirib o‘tirmadi: Tolibga nima bo‘lganini aytdi.
-Battar bo‘lsin,-dedi akasi.-Qariyalar uyidan ham chiqarib tashlash kerak. Axlatxonalarda yotib, itdek xarob bo‘lib, o‘lib ketishlari kerak bunaqalar…
-Voy, qo‘ying adasi,-dedi yanga.-Birovga bunaqa o‘lim tilamang. U ham Xudoning bir bechora bandasi…
-Sen gapirma! Bunaqa bandaga ming la’nat bo‘lsin!-Akasi shunday dedi-da, achchiqlanib, o‘rnidan turib ketdi. Latifa ham o‘rnidan turib, uyiga chiqdi. Dam o‘tmay izidan akasi kirdi. Yangasi qisqa muddatli odob darsini o‘tganmi, har holda akasining shashti bir muncha past edi.
-Iztirob chekayotganingga qaraganda, uni borib ko‘rmoqchiga o‘xshaysan. O‘zingni tut. Senga maslahatim – borma. Endi nima ko‘rgiligi bo‘lsa ko‘raveradi. Nimani ekkan bo‘lsa, o‘shani o‘rib olaversin…
Latifa tunda uxlay olmadi. Go‘yo katta gulxanning so‘nib ulgurmagan cho‘g‘lari uzra oyoqyalang zir yugurgandek bo‘ldi. Ertalab bolalarini akasi bog‘chaga olib ketdi. Keyin yangasi eshikni qiya ochib, ichkariga qaradi:
-Latifa, men ketyapman, gapingiz yo‘qmi?
Yanga Latifaga g‘oyat mehribon bo‘lsa-da, bunday deyish odati yo‘q edi. Latifa hozir uni yanada yaxshi ko‘rib ketdi.
-Kennayi… borib kelmasam bo‘lmaydi. Har holda… shu bolalarning otasi…
-Mayli, boring, keyin armon bo‘lib qolmasin.
-Birga boraylik…-dedi Latifa yalingan ohangda.
Yangasi ko‘ndi. U qayinsinglisining odatini yaxshi bilgani uchun ham ishga ketishdan avval uyiga mo‘ralagan edi.
Ular qariyalar uyiga borib, ko‘p asabiylashganidan yuzlarini ajin bosib, tirishib ketgan ellik besh yoshlardagi boshliqqa ro‘para bo‘lishdi.
-Uning hech kimi yo‘q, deyishgan edi-ku?-dedi boshliq, tajanglik bilan.
-Ha, shunaqaroq,-dedi yanga.
-“Shunaqaroq” deganingiz nimasi?
-Shunaqaroq deganimki… qarindoshlari bilan bordi-keldini uzib yuborgan.
-Siz kimisiz unda?
-Bu singlim uning birinchi xotini bo‘ladilar.
Boshliq “hm” deb Latifaga qovoq uyib qaradi.
-Tashlashga tashlab ketib, endi eslariga keldimi?
Bu gap Latifaning boshiga gurzi bo‘lib urilib, ko‘z oldi qorong‘ilashib ketdi. Yaxshiyamki yangasi bilan birga kelgani, bo‘lmasa, holi nima kechardi – noma’lum.
-Bu nima deganingiz, sal o‘ylabroq gapiring gapingizni. Kim kimni tashlaganini avval biling. Odamgarchilikning ko‘chasidan o‘tganmisiz o‘zingiz?
Boshliq stol ustiga shapatilab urib qo‘ydi.
-Bo‘pti, boraveringlar. O‘n yettinchi xonada u. Olib ketmoqchi bo‘lsangiz yana o‘zimga uchrasharsiz.
Xonadan chiqish paytida yanga orqasiga o‘girildi:
-Rahmat, xayr, sizga uchrashadigan boshqa ishimiz yo‘q.
-Siz birpas qoling, gapim bor, – dedi boshliq uni to‘xtatib. Latifa nari ketgach, o‘rnidan turdi-da, yangaga yaqinlashib past ovozda dedi:-Olib ketganingiz yaxshi. Vrach uzoq yashamaydi. deyapti.
Yanga unga javob bermadi.
Latifa “boshliq nima dedi?” deb so‘ramadi.
U qariyalar uyiga uch oy qatnadi.
So‘ng… qora kiydi.