Tohir Malik. “Ko‘richak” (hajviya)

O‘tmishdan bir hikoya:

Anchadan beri xasta yotgan odamning bir kar mahalladoshi bor edi. Do‘stlari unga «xasta birodaringni shu paytgacha ham yo‘qlamabsan-a?» deb tanbeh berdilar. Bu gap karga ta’sir qilib, darhol ziyoratga otlandi. Yo‘lda bora turib o‘ylandi:
– Men karman, u esa xasta – g‘oyat past ovozda gapiradi. Hech narsani eshitmasam, qanday gaplashaman?
O‘ylay-o‘ylay «Bemorning gaplarini yuzdagi ifodadan bilib olaman,- deb qaror qildi. – Uyga kirgach «Qandaysan?» deb so‘rayman. U xazin tabassum qiladi, shu jilmayishi «yaxshiman», degani bo‘ladi. Shunda men «alhamdulillah, juda ham xursandman», deyman. Keyin «nima ichib, nima yeyapsan?» deb so‘rayman. Albatta, «sho‘rva» yoki «sut» deb biron taomning nomini aytadi. Shunda men «osh bo‘lsin», deb duo qilaman-da, «qaysi tabib qarayapti?» deb so‘rayman. «Falonchi tabib», deb birontasining nomini bildiradi. Men «U tabibning g‘oyatda qo‘li yengil, yaxshi davolaydi», deb ko‘nglini ko‘taraman», – degan tayyorgarlik bilan bemorning uyiga kirib bordi. Rejasi bo‘yicha «Qalaysiz, qo‘shnijon»,  deb so‘radi. Bemor shukr va sabr qiluvchilardan emasdi. Shu bois kar kutganday «Xudoga shukr, yaxshiman», deyish o‘rniga mahzunlik bilan:
– Kasalim og‘ir, o‘lyapman, – dedi. Kar bu gapni eshitmasa-da, yuzidagi xazin tabassumdan o‘zicha xulosa chiqarib, suhbatini davom ettirdi:
– Oh! Oh! Juda xursandman, Xudoga shukr!
Bemor bu odamning karligini unutib, gapidan g‘azablandi. «Bu odam dushmanim ekan-da, bilmay yurgan ekanman», deb o‘ylandi. Kar esa davom etdi:
– Nima yeb, nima ichyapsiz?
– Zahar yeb, zahar ichyapman, – dedi bemor achchiqlanib.
– Osh bo‘lsin, – dedi kar. – Qaysi tabib kelib turibdi?
– Azroil kelib-ketyapti.
– Oh, oh! Uning qo‘li juda yengil-da, yaxshi davolaydi.
Shunday deb o‘zicha bemorning ko‘nglini ko‘targan bo‘lib, o‘rnidan turdi. Uning dushman ekaniga qat’iy ishongan bemor esa g‘azab o‘tida qovurilib qolaverdi.

Bugunning hikoyasi:

Akmal kasalxonadagi qo‘shnisini yo‘qlab qo‘yish maqsadida non sotib olayotgan edi, ikki ko‘cha naridagi tanishi kelib so‘rashdi:
-Ha, bahay? Birovni ziyorat qilmoqchisiz shekilli?
-Sotimboy, devor bo‘lmasa, ko‘chani ham ko‘rasiz-a?-deb hazillashdi Akmal.-Turg‘unning tobi qochibdi, ko‘rib qo‘yay.
-Ie, Turg‘un tanbalmi? Nima bo‘pti?
-Kim biladi, biqini og‘ribdi shekilli…
-Yuring, menam ko‘rib chiqa qolay.
Mahalladagi kimdir, qachondir va nima uchundir “Sotiboyning muchali xira pashsha” degan edi. Shunday ekan, Akmal bechora nima qilsin? Kasalxonaga uzun-qisqa bo‘lib kirib borishdan o‘zga chorasi qolmadi.
Eshik ostonasida Akmal ko‘rinishi bilan Turg‘unboyning chehrasi ochildi. Soyadek ergashib kirgan Sotimboyni ko‘rgach, achchiq bodomni chaynab yuborganday, yuzlari burishdi. Akmal uning holatini sezib “men aybdor emasman, o‘zi ergashib keldi”, deganday yelka qisib qo‘ydi. U qo‘shnisi bilan salomlashib “Tuzukmisiz?” deyishga ulgurdi. Turg‘unboy esa “Xudoga shukr, tuzalib qoldim”, deyishga ulgurmadi. Gapni Sotimboy ilib ketdi.
-Biqin og‘riyatimi?-deb so‘radi, ammo javobni kutmay o‘zi davom etdi,-O‘ng tomonmi? Do‘xtir nima deydi? Sanchayotgan bo‘lsa, shamol tekkan, deydi-da. Ularning topib olgan gaplari shu. Aslida, ko‘richak ham bo‘lishi mumkin. Bular ko‘richakni mensishmaydi. Ishxonamda bittasining ko‘richagini aperaysa qilishgan ekan. Qornida do‘xtirning qaychisi qolib ketibdi. Ikki kunda o‘ldi bechora. Qornida qaychisi bilan ko‘mib keldik. Biqinning teparoq tomoni og‘riyotgandir?
Turg‘unboy uning nima uchun so‘rayotganini bilmay angrayib o‘tiraverdi.
-Ha, og‘rigan paytda odam anig‘ini bilmaydi,-dedi Sotimboy.-Aslida o‘t pufak og‘rigandir-u sezmagansiz. O‘t pufak bilan hazillashib bo‘lmay, akaxon. Do‘xtir parxez buyurdimi? Ha, ana! Qarindoshim parhezga qaramagan ekan, o‘n besh kunga bormay o‘ldi. O‘t pufak jigarning yonida bo‘ladi. Jigar og‘risa ham yomon. Jigar ketdimi, odamning tirik qolishi qiyin. Amakimning ikkita qaynisi uch oyning ichida shu jigardan o‘ldi-yu ketdi.
Shu payt yon karavotda yotgan bemorni yo‘tal tutdi. Sotimboy unga tikilib qaradi-da, so‘radi:
-Akaxon, yo‘talingiz xunuk-ku? Do‘xtir nima deydi? Bu shamollash emas, o‘pka shamollaganda yo‘tal bunaqa bo‘lmaydi. O‘pkaning bir tomonini tamom qilganga o‘xshaysiz, tez oldirib tashlamasangiz, ikkinchi tomoniga ham o‘tadi. Xotinimning buvisi shunaqa kasal bilan o‘lgan edi. Yo‘talib-yo‘talib yurdi-yu bir kunda bo‘g‘ilib o‘lib qo‘ya qoldi.
Deraza tomondagi karavotda o‘tirgan bemor bu gaplarni eshitib “Bay-bay-bay!” deb boshini ushlab qoldi. Sotimboy unga tikilib qaragach, achingansimon dedi:
-Bosh ushlab qoldimi, akaxon? Boshni ehtiyot qiling. Kasalingiz analgin bilan tuzaladiganga o‘xshamaydi. Rangingiz ja-a boshqacha-ku? Hozir yangi kasal chiqibdi. Miyani qurtga o‘xshab yeb, ado qilarkan. Televizorda ko‘rdim. Italiyada bittasi shu kasaldan o‘libdi.
Hamxonalari oldida hijolat bo‘lgan Turg‘unboy uni gapdan to‘xtatish chorasini topolmay o‘tirganda hamshira kirib, mushkulini oson qildi. Akmal bundan foydalanib, ketishga chog‘landi-da, Sotimboyni qo‘ltiqladi. Sotimboy qarshilik qilmadi. Eshikkka yaqinlashganda to‘xtab, hamshiraga norozi qiyofada qaradi:
-Singiljon, akalaringizga yaxshiroq qaranglar. Katta do‘xtiringizga aytib qo‘ying, uchchalasining diagnozi ham noto‘g‘ri. Boshqatdan tekshirsin. Men erta-indin yana kelaman.
Hamshira hayron bo‘lib qolgan edi, Turg‘unboy “amakingiz hazillashdi”, deb uni tinchitdi.
-Qo‘shningiz erta-indin kelaman, deb ketdi. Gapi rostmi?-deb so‘radi yo‘talgan bemor.-Agar kelishi rost bo‘lsa, bugunoq uyga jo‘nab qolish kerak.
-Shu odamga qo‘shni bo‘lib chidab yurganingiz uchun sizga balli!-dedi boshini ushlagan bemor.-Tanishtirmadingiz ham, ismi nima uning?
Turg‘unboy uyatdan qizarib ketdi. Chuqur uf tortib, javob berdi:
-Ismi “Ko‘richak”…