(Kengashli to‘y tarqagandan keyin sodir bo‘lgan hangoma)
Hazrat Alisher Navoiy «Esiz taqdir ekan, qaydin bilibmiz, azizim, dunyoga bevaqt kelibmiz», degan ekanlar. Hazrat bu dunyoda «badiiy kengash», «tahrir hay’ati» degan narsalar borligini bilganlarida ehtimol bunday demasdilar. Tasavvur qilib ko‘ring: «Farhod va Shirin»ni yozib, har sahifasini ko‘chirtirishga bitta bo‘lka non narxida haq to‘lab, nashriyotga yoki pesa shaklida teatruga olib keldilar. Nashriyotda «tahrir hay’ati», teatru va kinoda «badiiy kengash» deb atalmish sergak posbonlar guruhi borkim, har qanday zotga aql o‘rgatmak ularning yumushidir. Afrikaning qaysi bir burchagida jon saqlamakda bo‘lgan «tsenzura» atalmish idora xodimlari ham bu posbonlarni ko‘rganlarida qulluq qilib turarlar degan afsonalar ham bor. Demak, ul azizlarimiz «Farhodu Shirin»ni o‘qub chiqdilar va muallifga dedilarkim: «Alisher aka, sizning ko‘p ash’orlaringizni o‘qiganmiz, ayrim she’rlaringizni san’atimiz yulduzlari qo‘shiq qilib aytadilar. Sizga hurmatimiz baland, ammo-lekin bu yangi asaringizda bir oz shoshibsiz. Unda keraksiz qahramonlar ko‘p. Masalan, Yosuman xola obrazi. Ikki sevishganlarni ajratuvchi yomonlar bizning jamiyatimizda yo‘q. Aksincha, kim bir-birini sevib qolsa, darhol to‘yu tomoshalar bilan qovushtiriladi. Demak, Yosuman xola obrazi hayotiy emas. Undan yo voz keching yo ajratuvchi emas, qo‘shmachiga aylantiring». Hay’at yoki kengash o‘n kishidan iborat bo‘lsa – shu tarzda o‘nta, yigirmata bo‘lsa – yigirmata tanqidiy fikr aytiladi-yu shoir hazratlari asarlarini qo‘ltiqlab, ming pushaymon bilan izlariga qaytadilar. Besh yuz yil avval o‘lib ketganim yaxshi bo‘lgan ekan», deb Xudoga shukronalar aytadilar.
Biz ta’rif qilayotganimiz posbonlar hamma sohada donodirlar. Deylik, ularning hukmiga «Uch mushketyor» degan roman qo‘lyozmasi keldi. Albatta, ularga Aleksandr Dyuma degan nom tanish. Gap boshlaydilarki: «Hurmatli Dyuma aka, avvalgi asarlaringiz bizga juda-juda yoqqan. Lekin bunisida ancha shoshibsiz, hatto xalqaro miqyosdagi siyosiy xatolarga ham yo‘l qo‘yibsiz. Masalan, Frantsiya qirolichasining allaqanday chet el erkagi bilan muhabbatini qanday izohlaysiz? Siz muallif sifatida qirolichaning eriga bunday ishonchsizlik bildirishga haqqingiz yo‘q. Siz bevafo qirolicha timsolida kimni nazarda tutyapsiz? Malika Diananimi? Unda Dartanyan kim? Uning haydovchisimi? U holda asaringizda avtomobil halokati ham bo‘lishi shart. Asardagi siyosiy xato shundan iboratki, qirolichaning bunday bema’ni muhabbatini o‘qigan o‘quvchi barcha qirolichalar shunaqa ekan, degan xato qarorga keladi. Holbuki, Yevropaning ko‘p mamlakatlarida hozir ham qirolichalar yashayaptilar. Undan tashqari davlatlar rahbarlarining ayollari ham qirolicha maqomidadirlar. To‘g‘ri, Rossiya Prezidenti bu masalaga jiddiy e’tibor bermasligi mumkin. Ammo Germaniya Kantsleri yoki Italiya Bosh ministri bundan ranjishlari tabiiy. Siz bu asaringiz bilan Germaniya va Frantsiya o‘rtasidaga do‘stlik munosabatiga rahna solasiz. O‘ylab ko‘ring: nima uchun Frantsiya qirolichasi nemis yoki italyan yigitini sevmadi? Asarda ortiqcha qahramonlar ham bor: Aramis, Atos, Portos deganlar asarda nima qilib ivirsib yurishibdi. Hamma vazifani Dartanyanga yuklayvering va asarni jiddiy ravishda qisqartirsangiz, undan shiringina hikoyacha chiqishi mumkin. Keyin asarni ko‘chirishda xato ham o‘tibdi, siz bunga e’tibor bermabsiz. Biz «mushketyor» deganingizga tushunmadik. Aslida «Pushkatyor» bo‘lsa kerak. Ya’ni, «pushkada otuvchi», shundaymi?
Umuman, hozirgi yozuvchilar kalta o‘yladigan bo‘lib qolishgan. Mana, o‘tgan haftada Lev Tolstoyev deganlari yostiqday kitob ko‘tarib keldi. Boshqa gap qurib qolganday unda ham muhabbat mashmashasi. Anna Kareninova degan xotin bittasiga ishqiboz bo‘lib qoladi. Vo ajab, agar xotin yuraman, desa bo‘ydoqlar kammi? Yana o‘zini poyezdga tashlaydi. Bu qanaqasi? Bu kitobni o‘qigan xotinlar Kareninovaga taqlib qilib, poyezdga tashlanaverishsa, poyezdlar grafigi buzilib, xalq xo‘jaligiga zarar yetmaydimi? Xullas, Dyuma akajonim, sizga maslahat: ko‘p o‘qing…»
Bu maslahatlardan so‘ng Aleksandr Dyumaning ahvolini tasavvur qilavering.
Ayting-ayting, u dunyoda ham «hay’at» va «kengash» deganlari bo‘lmasin-da…
Umuman, hozirgi yozuvchilar kalta o‘yladigan bo‘lib qolishgan. Mana, o‘tgan haftada Lev Tolstoyev deganlari yostiqday kitob ko‘tarib keldi. Boshqa gap qurib qolganday unda ham muhabbat mashmashasi. Anna Kareninova degan xotin bittasiga ishqiboz bo‘lib qoladi. Vo ajab, agar xotin yuraman, desa bo‘ydoqlar kammi? Yana o‘zini poyezdga tashlaydi. Bu qanaqasi? Bu kitobni o‘qigan xotinlar Kareninovaga taqlib qilib, poyezdga tashlanaverishsa, poyezdlar grafigi buzilib, xalq xo‘jaligiga zarar yetmaydimi? Xullas, Dyuma akajonim, sizga maslahat: ko‘p o‘qing…»
Bu maslahatlardan so‘ng Aleksandr Dyumaning ahvolini tasavvur qilavering.
Ayting-ayting, u dunyoda ham «hay’at» va «kengash» deganlari bo‘lmasin-da…