Tohir Malik. Puldan olsinlar, marhabo! (hajviya)

(Sariq chaqaga arzimaydigan hangoma)

Biz yashayotgan sayyorada elning og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi. Puldan gap ochilguday bo‘lsa, mahmadonalardan biri Shvetsariya banki yaxshi deydi, boshqa birovi Londonniki deydimi-ey… Kim Yo‘qqulobodga borib kelibdi, bu safsatalarni balchiqqa uloqtirib tashlashi aniq. Shvetsariya bankasini maqtaydiganni surishtirib kelsang, o‘zining yonidan to‘rt tanga chiqmaydi-yu orzu umidi osmoncha bor. Xudo unga besh-o‘n dollar bersa-yu  yugurib borib pulini o‘sha Shvetsariya bankasiga qo‘yib kelsa-da, o‘sha puli bolalab yotaversa, ko‘payib ketaversa. E, orzu-umidingga pashsha qo‘ngur, banka deganlari tug‘ruqxona emas, deb yuborging keladi. Xo‘p, mayli, deylik, banka pulning tug‘rug‘xonasi. Sening puling homilador-u, bankaga tushishi bilan tug‘ib beradi. Shunaqami? Voy, o‘sha ikkiqat pulingdan aylanay, ammo tug‘adigan paytida Xudo ko‘rsatmasin-u lekin bola oyog‘i bilan kelib qolsa, yoinki qon bosimi oshib ketib bitta tomirchasi uzilib ketsa, tamommi? Ikkiqat pul ham asfalasofilinga jo‘navoradimi? Shunaqa bo‘lgandan keyin uzoqni orzu qilmagan ham durust. Uzoqdagi bug‘doydan yaqindagi somon yaxshi deb bekorga aytishmagandir. Men Shveytsariya bankasi qanaqaligini bilmayman-u ammo-lekin odamga xolis xizmat qilmasov. O‘zing ikki tanga oladigan bo‘lsang ham yugurib borarsan, birovga bir tanga hadya qilaman, desang ham ovoragarchilik. Shunaqa bo‘lganidan keyin men aylanib ham, o‘rgilib ham o‘zim guvoh bo‘lib kelgan Yo‘qqulobod bankasi zo‘r, deyman. Yo‘qqulobodda dong‘i ketgan tadbirkorlarni shu banka yorlaqamasa, kim qo‘llab-quvvatlaydi?
Bilib kelganlarimni shoshilmasdan aytaymi? Tadbirkor deganlari ish yuritaman, deb qarz so‘radimi? Bank berdimi? Ha, endi ozgina ovoragarchiligni aytib, gina kudurat qilish bu – nomardning ishi. Ozgina hadya bergan bo‘lsa bergandir, endi shuni minnat qilib, bayroq qilishi kerakmi? Bu Yo‘qqulobod uchun isnod emasmi! Bankdagilar ham hadyani olib, qo‘l qovushtirib turishgani yo‘q, qaytaradigan foizini picha kamaytirib berishdi, baraka topgurlar. Xo‘sh, ozginagina hadya hisobiga kim o‘sha Shvetsariyada bir ishni pishita oladi? Garov o‘ynayman, agar siz pishitib kela olsangiz, meni naq istagan bankangizning peshtoqiga osib qo‘ya qoling.
Yo‘qquloboddagi korxona, Xudoga shukur, ishlab turibdi. Pul bankaga tushib turibdi. Bankaga tushgan pul ishlab turibdi. Ammo tadbirkor borib, ovorai sarson bo‘lmaydi. Mana, shu kichkina shaharchaga futbol komandasi kerakmi? Kerak! Komandaga pul kerakmi? Kerak! Pulni kim beradi? Tadbirkorga o‘xshagan hotami toylarda! Ammo bankaga borib, futbol komandasiga buncha pul o‘tkazing, deb yalinib yurmaydi. Qalbidan o‘tganini bankaning o‘zi sezib, keragicha pulni o‘zi o‘tkazib yuboraveradi. To‘g‘ri, kechagi oyga pul olishmabdi. Tadbirkor ajablanib surishtirsa, o‘tgan yili kuzda bu futbol komandasi tarqab ketgan ekan. Bu ham bir taqdir-da! Eshitishicha, bu tomonlarga  zo‘r bir teatru kelib  tomosha ko‘rsatar ekan. Shunga ham pul o‘tkazish kerakmi? Kerak. Lekin tadbirkorning o‘zi borishi sira shart emas. Pul allaqachon hisobidan olingan. Agar o‘sha teatru tarqab ketmasa biron yil kelib tomosha ko‘rsatib ketar? Bu ham bir savob ish-da. Endi savobning xo‘rozi oldinda turibdi. Yaqinda Yo‘qqulobodda bir millioninchi eshakning tug‘ilishi munosabati bilan katta bayram bo‘lar ekan, tadbirkor nomardmi-ki, chetda tursa?! Bankaga rahmat, uni «puf sassiq», deb chetlatmay, hisobidan besh-o‘n tanga bo‘lsa ham ayirib olibdi. Lekin yo‘qqulobodliklar orasida ham noshukurlari bor ekan. «Banka nimaga maoshga pul bermaydi?»-deb noliydiganlari ham uchrab turarkan. Shunaqalarga qarab: «E,  nodon, sabr qil, savob ishlar qilib olinsin , keyin bu yog‘i taralla bedod-da!»-deb yuborging keladi.