Mulla Mutallib chekiga tushgan yerga faqat qovun ekardi. Ammo keyingi o‘n yil badalida uning birovga qovun so‘yib berganini yoki bozorga olib chiqqanini tirik zot ko‘rgan emas. Xotinining aytishicha (sizga yolg‘on, bizga chin), xatto ularning ham og‘izlari qovunga tegmasmish. Har yili qovun yetilgach, mulla Mutallib uni bir kunda uzardi. Polizning o‘rtasiga uyib qo‘yardi. Qishloqdagilar ertalab qarashsaki, polizda sapcha ham qolmagan. Ha, mulla Mutallib xuddi qovunlari kabi bir kechada izsiz yo‘qoldi. Agar bu voqea o‘n uchinchi asrda yuz berganda edi, “Allohning inoyati” yoxud “Haq taoloning karomatlari cheksiz” deb yoqa ushlab qo‘ya qolgan bo‘lardik. Afsuski, voqea yigirma ikkinchi asrda sodir bo‘lmoqdakim, har bir mo‘jizaning sababi ilmiy jihatdan isbotlanishi zarur. Zero, mulla Mutallibning g‘oyib bo‘lishi bejiz emasdir va u mazkur jumlaga nuqta qo‘yilganidan so‘ng boshlanuvchi bobda hikoya qilinur.
Yaxshining yomoni, oqning qorasi bo‘lgani kabi, har narsaning aksi borligiga hech kim gumon qilmasligi aniq. Dunyoning qurilishini qarangki, Alloh o‘z mo‘jizasi ila yaratgan o‘n sakkiz ming olam orasida Yerning, ya’ni sizu biz yashab turgan sayyoraning ham aksi bor ekan. Unga fazogirlarimiz bu voqeadan yigirma to‘rt yil avval, aniqrog‘i, ikki ming bir yuz sakson sakkizinchi yilda, yana ham aniqrog‘i, mulla Mutallibning eshagi xarom o‘lgan yili ilk bora qadam qo‘ygan edilar. Shundan beri ikki sayyora axlining aloqalari a’lo darajada mustahkamlanib borayotgan edi. Eng muhimi, masofa ham uncha uzoq emas. Sayyoraning o‘ziga yarasha go‘zal ismi ham bor. Ammo yerliklar aks sayyoradagi do‘stlari oldida bir ozgina xijolatda bo‘lganliklari sababli, uning nomini yashirib, o‘zimizcha “Zet” deb atab turaylik. Ha, Zet Yerning aksi bo‘lsa ham, u bilan aloqamiz yaxshi edi. “Aks” deganda nimani tushunamiz? Biz kislorod bilan nafas olamizmi? Zetliklarda buning aksi, ular is gazi bilan tirik. Biz chuchuk suv ichamiz, ular esa dengizning sho‘r suvini hech nimaga almashishmaydi. Yerliklar sanoqni “bir”dan boshlaydilar. Zetliklar uchun esa eng yuqori son – “bir”. Yoki Yerda akseleratsiya jarayoni nihoyasiga yetyapti, oddiy tilda aytganda, odamlarning bo‘ylari o‘syapti. Zetda esa aksilakseleratsiya jarayoni boshlanayotir, ya’ni zetliklarning bo‘ylari tobora pastlayapti. Jarayon shu taxlit davom etaversa, yaqin ming yil ichida eng novcha zetlikning bo‘yi to‘rt qarichdan nariga o‘tmay qoladi. Zetlik olimlarni tashvishga solgan bu muammo ko‘p bahslarga sabab bo‘ldi. Odatda, bashariy ahamiyatga ega bo‘lgan muammo tug‘ilganda barcha olimlar diqqatlarini shu masalaga qaratib, o‘z mutaxassisliklaridan (ko‘pincha, o‘z fe’l-atvorlaridan, dunyoqarashlaridan) kelib chiqqan holda turli takliflarini o‘rtaga tashlaydilar. Taklif ko‘paygan sayin muammo chigallashib boraveradi. Ammo Zet aks sayyora emasmi, u yerda muammo chigallashmay, yechilib boradi. Takliflar tezlik bilan rad etiladi yoki qabul qilinadi. Bir guruh olimlar zetliklarning mo‘tadil bo‘yini saqlab qolish uchun yerliklar bilan chatishishni taklif qildi. Bunday qabih o‘y xayoliga kelgani uchun ular jinoiy javobgarlikka tortildilar. Chunki zetliklar o‘z nasl-nasablarini nihoyat darajada qadrlaydilar, biron bir tashqi ta’sir natijasida yuzaga keluvchi irsiy o‘zgarishlardan o‘zlarini ehtiyot qiladilar. “Bo‘yimiz bir qarich bo‘lib qolsa ham, qonimiz buzilmasin. Zetlik – zetligicha qolishi kerak!” Olimlarning barcha takliflari shu asosda ko‘rib chiqildi. Nihoyat, kalavaning uchi topildi: bo‘y pasayishining oldi olinibgina qolmay, uni o‘strish yo‘li ham kashf etildi. Kashfiyotchi olim esa “Zet Qahramoni” deb e’lon qilindi. Bu olimning ham chiroyli ismi bor edi. Biroq, uni tilga olishga barcha hazar qilib qolgani uchun biz ham uni “Iks” deb turamiz.
Demak, masala oydinlashdi: zetliklar pakana bo‘lish xavfidan qutuldilar. Lekin bir narsa qorong‘i: nima uchun kashfiyotchining yuziga qora surtildi?
Endi masalaning bu tomonini ham izohlash lozim. Buning uchun Zet Tuban (ya’ni Oliy) sudining ayrim hujjatlaridan foydalanishga to‘g‘ri keladi. (Zet aks ayyora bo‘lgani uchun ularda sud jarayoni ham boshqacharoq. Ya’ni avval hukm chiqariladi, so‘ng jarayon boshlanadi. Qoralovchi va adliya xodimining vazifasi ham bo‘lakcha. Siz, azizlar, chalg‘ib ketmang, degan maqsadda jarayonni maromiga to‘g‘rilab tushuntirishga harakat qildik.)
“Iksning kashfiyoti dastlab ijobiy natijalar bera boshladi. Uning tajribaxonasidan chiqqan kishilarda bo‘yning o‘sishi sezilarli darajada tezlashgan. Iksning muvaffaqiyati avvaliga hech kimda shubha tug‘dirmadi. Keyinchalik irsiyat masalalari bilan shug‘ullanuvchi olimlar Iks olib borayotgan ishlarning zetliklar nasl-nasabini buzishga olib kelayotganidan bizni ogoh etdilar. Oradan ko‘p o‘tmay, tarqalayotgan Zet uchun noma’lum yuqumli kasalliklarda Iks kashfiyotining o‘rni borligini ham ma’lum qildilar. Shundan so‘ng Iks sir tutib kelayotgan kashfiyotning mohiyatini oshkor etish harakati boshlandi. Ma’lum bo‘lishicha, Iks mijozlariga kunda uch mahal qovun sharbati ichirayotgan ekan. Qovun sharbati Yerdan yashirincha olib kelingan…”
“Oliy hakam: Siz hamkasbingiz Iks janoblarining kashfiyotini zararli, deb hisoblaysizmi?
Javob: Zararli emas, mudhish va xatarli deb hisoblayman.
Oliy hakam: Siz falokat sababini faqat qovun sharbatida deb bilasizmi yoki boshqa taxminlaringiz ham bormi?
Javob: Yana bir karra takror va qat’iy ravishda aytamanki, Yerda yetishtirilgan qovun sharbati xunuk oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Oliy hakam: Da’voingizni ilmiy emas, oddiy xalq tushunadigan qilib izohlab bersangiz.
Javob: Marhamat: tekshirishda aniqlanishicha, qovun tarkibi yerliklar “selitra” deb atovchi g‘ayritabiiy moddadan iborat. Selitra katta odam salomatligiga darhol qattiq ta’sir qilmasa ham, uning zurriyotini buzishga olib keladi. Yerda yetishtirilgan qovun sharbatini ichgan ayollardan sog‘lom bola tug‘ilmaydi. Sharbat bilan badanga singgan, haligi aytganim, selitra degan zaxarli modda asta-sekin qon tarkibini o‘zgartiradi. Demak, bora-bora markaziy asab majmuini ishdan chiqaradi. Lekin zetliklarga men aytgan so‘nggi xastalik xavf solmasligi ham mumkin. Nega deganimizda, miya faoliyatida salbiy o‘zgarishlar boshlangunga qadar oshqozon-ichak xastaligidan o‘nglana olmay jon berishlari turgan gap. Iks bo‘y o‘stiraman, deb jinoyatga yo‘l qo‘ygan. Balki u buni bilmagandir. Chunki yerliklarning ilmiy ishlarida bu narsaga katta ahamiyat berilmaydi. Selitra bilan oziqlangan yerliklarning shu damgacha qirilib bitmaganiga hayronman.
Oliy hakam: Yerliklar selitraning zararini biladilarmi? Bilgan taqdirda nima uchun undan foydalanadilar?
Javob: Bunisi men uchun qorong‘i.
Oliy hakam: Siz ilgari qovun tarkibida selitra mavjudligini bilarmidingiz?
Oliy hakam: Avvalo sizni to‘satdan va majburan bu yerga olib kelganimiz uchun uzr so‘raymiz. Boshqa ilojimiz yo‘q edi.
Mulla Mutallib: Hech qisi yo‘q. Sayr ham sayr, sargardon ham sayr, deydilar. Bahonada tomosha qilib ketaman. Faqat… qaytishdan oldin bozor aylanishga ijozat bersangizlar bas.
Oliy hakam: Sizning olib kelinishingizdan Yer elchisi ogohlantirilgan.
Mulla Mutallib: Shunisiga besh ketdim.
Oliy hakam: Aytingchi, siz janob Iks bilan ko‘pdan beri tanishmisiz?
Mulla Mutallib: O‘n yil bo‘ldi chamasi.
Oliy hakam: Qanday tanishgansiz?
Mulla Mutallib: Bilasizmi, yurtimizga boshqa sayyoralardan ko‘pgina mehmonlar kelib turishadi. Shularning izzatini qilib, qovun sayli o‘tkaziladi. Tanish-bilishlarga rahmat, ishqilib, ozgina xarajati bo‘lsa ham, bitta saylda qatnashiga ijozat olib berishdi. O‘sha yili janob Iks kelgan ekanlar, qovunim yoqib qoldi.
Oliy hakam: Nima uchun? Selitrasi ko‘p edimi?
Mulla Mutallib: U paytlar unchalik ko‘p emasdi.
Oliy hakam: Boshqalarnikiga nisbatanmi?
Mulla Mutallib: Chamamda boshqalarnikida mutlaqo yo‘q edi. Men yashirincha ishlatardim, sababi, tirikchilikda, jo‘jabirday jonmiz. Janob Iks iltimos qilganlaridan keyin ko‘proq qo‘sha boshladim. Har xolda hurmatlari borda.
Oliy hakam: Seltira qo‘shmay ham qovun yetishtirish mumkinmi?
Mulla Mutallib: Necha ming yil shunday bo‘lib kelgan, deyishadi.
Oliy hakam: Selitra o‘zingizga ta’sir etmaydimi?
Mulla Mutallib: Biz selitra solinganini og‘izga olmasdik… Har xolda tirik jon… bilib bo‘lmaydi-da…”
…9. Yerdan olinayotgan mahsulotlar ro‘yxati qayta ko‘rib chiqilsin. Qovun olib kelish mutlaqo taqiqlansin.
…13. Yerlik Mulla Mutallib jinoyatga sherik deb topilsin. Uning eng oliy jazoga loyiqligi, ya’ni bozor aylanish huquqidan mahrumligi ta’kid etilsin…”
Yerdagi voqealarga oid hikoya bo‘lganida, albatta, xulosa – qissadan hissa talab etilardi. Aytganimizdek, Zet – aks sayyora, uning qonun-qoidasi bo‘yicha bir quloch xulosa yozishga hojat yo‘q. Shu bois gapni muxtasar qilamiz. Bayonda xiraliklar uchrasa, ma’zur tutasiz.
Mazkur voqeani o‘z qulog‘im bilan eshitganimni tasdiqlayman, deb imzo chekaman:
Tohir Malik