Xotira hikoya
1
Ketyapmiz. Yo‘l uzun, o‘ng yonda — Jiportepa qolib ketdi. Chap qo‘lda — sayoz Izmasoy. Yo‘l adog‘ida Qo‘shtut ko‘rinadi. Qorayib, bitta bo‘lib.
Odil aka oldinda, shofyorning yonida o‘tiripti. Oqi ko‘paygan siyrak sochi boshiga yopishib qolganday, tolasi qimir etmaydi. Men u kishining ortida o‘tiribman. Hayajonlanaman: yurtimni ko‘rayotganim, uning aziz manzaralariga ko‘zim tushayotgani va bundan hadsiz quvonayotganim uchungina emas, ilk qissasi «Tengdoshlar»ni o‘qiboq mehrim tushib qolgan, ehtimolki, yurtimni sevishga kuchliroq turtki bo‘lgan va balki qo‘lga qalam olishga-da undagan omillardan biri bo‘lgan asarlarini sevgan adibimga ham yoqishini, aytganim — ushbu manzaralar yoqishini istab-tilab hayajonlanaman va og‘zim tinmaydi:
— Odil aka, Jiportepa degani — Ifortepa degani. Ifor bor-ku, giyoh… Uni ko‘rmagan shoirlar gul, deb tasvirlashadi. Faqat G‘afur G‘ulom «iforning bo‘yi», deb to‘g‘ri aytgan. Uning hidi… boshni aylantirib yuboradi…
— Zakuskagayam yaraydimi? — Odil aka piqillab kulib qo‘yadi.
— O‘zi-da, o‘zi, — deydi Baxtiyor Ixtiyorovga o‘xshagani uchun Baxtiyor laqabini olgan shofyor. — Qatiqqa bulab ursangiz, juda ketadi-da!
— He-he-he. Bizbop ekan-da, — deydi Odil aka va soy uzra qorli toqqa qarab, jiddiy tortadi: aytgan gaplariga qaytarilajak muqobil munosabat u kishini qiziqtirmaydi. Illo, o‘sha sho‘xchan munosabatlari anchayin dildorlik uchun, bizning ko‘nglimiz uchun, gurungimiz qizishi uchun aytilganini yaxshi bilaman. Va men ham birdan jiddiy tortib u kishi ko‘z tikkan toqqa qarayman: nimasini ta’riflasam ekan?
Gap shundaki, Odil aka — mehmon: «Yurtingni bir ko‘raylik-chi, muncha maqtashadi…» deb bir-ikki marta aytganlaridan keyin, bir to‘y bahona u kishini safarga chorlagandim va Odil aka qandaydir zarur ishlaridan kechib, menga qo‘shilgan edilar. Qolaversa, adib o‘zi tug‘ilgan Turkiston manzaralarini behad sevib tasvirlagan va u manzaralarni o‘zimnikidek sevib qabul qilgan edimki, shoyad mening yurtim ko‘rinishlariyam u kishiga yoqsa, deb o‘ylardim: yo‘q, istardim va shunga tirishardim.
Odil aka esa haligiday sho‘xchan javoblari bilan munosabatini bildirib qo‘yar va, tabiiy, saldan keyin uning nigohini o‘zga suratlar tortar, shu asno men ham u kishiga «ergashardim»: yana ta’rif, tasvir…
Odatda har qanday mezbon ham o‘zining suygan mehmoniga shunday muomalada bo‘lsa kerak.
Biroq ko‘nglimning tagida tag‘in yashirin bir tashvish, aytish mumkinki, sir bor edi: men talay katta-kichik yozuvchi-shoirlar bilan bu yurtga kelganman… o‘sha qorli tog‘largacha chiqqanmiz va ayrimlaridan, xususan, «ulkan»laridan qanoat hosil qilmagan edim: biri, masalan, adashib qolganingda, vahimaga tushib: «Nega adashding?» deb turib olgan va yuragimni qon qilgan, boshqasi qorako‘l qo‘ylariga, aniqrog‘i, qorako‘l terilariga ko‘proq qiziqqan va nuqul o‘sha manzillarni «ko‘rish»ga ishtiyoqi borligini takror-takror ayttanki, olib borganimda, safardan maqsadi tomosha emasligi ma’lum bo‘lgan; o‘zimning tengqur adiblarim haqida eslamayman: ular — o‘zga olam…
Endi sirimning pardasini yanada balandroq ko‘tarsam, u shudir: Odil aka o‘zini qanday tutarkan? Nimalarga qiziqib, qanday baho berarkan?
E, Xudo, u kishi ham mening yurtimni sevib qolsinlar-da! O‘zlariniki kabi…
Xullas kalom, dilimdagi yashirin tashvish zamirida ana shu hadik ham yotardi va men u kishini beixtiyor kuzatish, ta’bir joiz desangiz, xatti-harakatlariga baho berishgayam mahkum edim: o‘z qanoatlarim bo‘yicha bahoni ko‘zda tutaman…
2
— Shumi Boysuntog‘?
— Shu! Boysuntovning tizmalaridan biri, — deb gapga tushib ketdim. — Cho‘ntog‘mi, Cho‘shtog‘mi — bilmayman. Cho‘ntov deyishadi… Sezayapsizmi, Odil aka, tilimizda «jo‘qchilik» nomlari ko‘proq qolgan. Lekin, o‘zaro gapdayam bemalol uchrayveradi… Hali uyga boraylik, bizning otani ko‘gasiz. Naturalniy qo‘ng‘irot shevasida gapiradi. Qiziq, sizlar ham Shaybonilar tarafidan-u, tillaring toza, a? Adabiychaga yaqin?
— Ha, shunday, — deb parishon javob beradi Odil aka. — A, bu tog‘larda yovvoyi hayvonlar ko‘pmi?
— Bor, — deb qo‘yadi Baxtiyor.
— Juda ko‘p! — deb toshib, davom ettiraman men. — Ayiq, qor qoploni, bo‘ri, tulki, shaqol.. Bor! — Keyin damim ichimga tusha boshlaydi. — Lekin kamayib qolgan, Odil aka… Otishadi haliyam. Brakaner ko‘p…
— E, geologlar quritdi, — deb gap qo‘shadi Bax-tiyor.
— Ha, — deb ilib ketaman. — Tog‘da ma’dan ko‘p-da! Xazina-da bu tog‘lar! Ana, ko‘mir koni…
— Geologlar vertalyotdan otishar-da?
— A-a, bilar ekansiz, — deb davom etaman. — Shunday… Ammo keyingi vaqtda boshqalar ham quritayapti…
— Noinsoflar, — deb to‘ng‘illaydi Odil aka. Va men u kishining yuziga qaramoqchi bo‘laman: ifodasi ham so‘ziga mosmikan? Yoki yo‘liga aytib qo‘ydimi?
— Tabiatni muhofaza etadigan idoralar bordir? — Odil aka so‘raydi.
— Bo-or, — deb qo‘yadi Baxtiyor.
— Lekin, tayinlik ish qilmaydi, — deb izoh beraman men. Keyin kuyinib, tushuntirgan bo‘laman: — Ularga kim bas keloladi, Odil aka? Voyennilarni aytayapman… Geologlar ham shunday: vertalyotdan otadi-otadi…
— Nima?
Odil aka xayoldan ariydi chog‘i, keyin:
— E, shunchaki… — deb pichirlaydi-da, yana birdan kulimsirab shofyorga, so‘ng menga qaraydi. — Bizga qolgandir? Ovga opchiqasanmi meni?
— O, albatta, — deyman boyagi kuyinishlarimga zid o‘laroq. — Miltiq bor… — So‘ng yo‘liga Baxtiyordan so‘rayman: — Hozir nimalarni otsa bo‘larkan?
U menga qiya qaraydi-da:
— Siz bilasiz-da, — deydi.
— Ha, sen bilishing kerak, — ta’kidlaydi Odil aka. — Sen ovchisan. Matyoqib aytuvdi. Xotinko‘prik-da ondatra ovlagani chiqqan ekansizlar…
— He, ko‘p yillar burun… — deyman va chalg‘imasligimizni istayman. — Bu yerda hozirgi vaqtda, Odil aka, xo‘sh… to‘g‘risini ayttanda, ov qilish mumkin emas: kakliklar bola ochgan, quyonlar ham tug‘ayapti. Bizda uni — tovushqon, deyishadi. Oltoylar tovshon deyisharkan…
U kishi o‘ychan bosh irg‘adi.
— Yaxshi, qolgan bo‘lsa, yaxshi, — deydi. Va birdan qizishib ketadi. — Qolishi kerak-da, cho‘rt poberi! Masalan, kelgusi avlodlar ham ko‘rishi kerak-ku? Biz endi o‘tkinchi…
Men u kishiga tikilib qolaman: asablanib ketdilar — rost. Biroq, aytgan gaplari — hammaning ham og‘zidan chiqadigan, modniy gaplar.
Shunga qaramay, u kishining hayajoni beixtiyor mengagina emas, Baxtiyorga ham yuqadi va biz ikkimiz birimiz qo‘yib, birimiz olib, o‘g‘ri ovchilardan hikoya aytgan bo‘lamiz, ularni so‘kamiz va hatto «vertalyotni otish» kerakligi haqidagi jasoratgacha boramiz. Keyin ma’lum bo‘ladiki, Odil aka Qo‘shtutga qiziqib qarayotgan ekan. Ularning atrofida suv yo‘qligi-yu qanday o‘sib turgani haqida so‘raydi va o‘zi javob bergan bo‘ladi:
— Yo biron kishi suv quyib ketadimi?
Men tomoq qirib qolaman: bu endi — romantika. Kim, qaysi azamat yalang dasht o‘rtasidagi qari tutlarni sug‘orib ketadi? Joni qattiq ekan, yer ostidan nam oladi-da… Biroq Baxtiyorga ko‘zgu orqali ko‘z qisib:
— Balki sug‘orishar, — deyman.
— Unday bo‘lsa, yaxshi, — deydi Odil aka. Va: — Chekamiz-da endi… — deya yonidagi «Tu»dan birini olib, labiga qistiradi. Baxtiyor shoshib yonini kavlaydi. Odil aka: — Nichevo, gugurt bor, — deb tutatadi. — O‘rislar bu masalada katta ishlar qilishayapti, — deya fikrini davom ettiradi keyin. — «Literaturnaya»da «Klyon — moy klyon», degan maqolani o‘qiganmisan?
O‘qigan edim albatta va yoqtirgan ham edim. Ammo:
— Yo‘q, o‘sha son qo‘limga tushmagan bo‘lsa kerak, — deyman. Tabiiy, og‘aning so‘zlashini, mayli-da, maza qilishini istayman va yana nimalardir qo‘shimcha etsa, uni eshitib qolishni dilimga tugaman. — Qiziqmi, Odil aka?
— Juda zo‘r. Masalan, mana shunday tekis yerda o‘sib turadi. Qari bir daraxt. Trassa o‘shaning ustidan o‘tishi kerak… Uni o‘rtada qoldirib, atrofidan aylantirib o‘tkazishadi yo‘lni.
— O‘, ukkag‘arlar.
— Toshkentdan chiqishimiz bilan tiling o‘zgara boshladi. To‘g‘ri, u yoqdayam bilinardi-yu…
— E, shunchalik ham bo‘lmasinmi, Odil aka… Him, lekin ba’zan atay gapiraman. Esdan chiqib ketmasin uchun…
Odil aka kulib qo‘ydi.
— Buyam yomonmas.
3
Darvozamiz. Yo‘lkamiz. Onam kelayotir. Oppoq: ko‘ylagi ham, tusi ham. Ro‘molning ham oqidan, kattasidan yopinib, uchini tomog‘idan o‘tkazib tashlagan. Sezaman: saksondan oshib ketgan esa-da, tomog‘idagi ajinlarni…
— Men o‘lay, Shukurjon. Ovora bo‘p kepsan-da… Shunchaki, so‘ksayam ovozini eshitib turay, deb edim… Xudoyam omonatini olmaydi, hammani qiynab qo‘idim…
— Bekor aytibsiz. «Omonatini olmaydi» emish, — deb yolg‘ondakam jerkiydi darvozani lang ochib turgan kenjamiz — suyukli ukam Xayrulla. — Ertalabdan beri «juragim tushdi», deb hammani qo‘rqitib yuripti. Uch marta do‘xtir kep ketdi… Omonatini topshirib bo‘psiz.
Onam ham yolg‘ondakam kuladi.
— Ukangdi bilasan-ku?.. Shuning boriga shukr. Urpoqdan bo‘lgan edi. Tug‘ildi-yu, boshmaldog‘ini ema ketdi. Tavba… Momong rahmatli sindiribgina qo‘ydi. Ana, ikki chinachog‘iyam qiyshiq pitib qolgan… Assalom-alaykum, mehmon,
— Ha, oldin mehmon bilan ko‘rishing, — dakki beradi Xayrulla. — Ulingiz qochib ketmaydi… Odil aka, yuring. Torting, aka, ulug‘siz.
— Xo‘sh kepsiz, mehmon, qadamlaringizdan aylanay… «Ustozim bilan borayappan» deb edi bu shogirdingiz… Qo‘llaridan so‘mkani ol, mahmodonalik qilma, Xayri!
Shunda yo‘lka adog‘ida boshiga oqqina qiyiqni chandib olgan, devqomat otam ko‘rinadi. Yanoqlarining kengligi bilan Odil akaga o‘xshab ketadi.
— Ho‘, Shukurboy ham kep qoptilar-ku? Keling-keling, tashkanlik.
— Bu kishi — Odil Yoqubov! Eng katta yozuvchi! Televizorda ko‘rgansiz! — deb baqirib uqtiradi Xayrulla. — Oldin mehmon bilan ko‘rishing-e, ukkag‘ar.
— Ha, esa shunday qilamiz… Xo‘sh ko‘rdik, meyman… He, o‘zimizga o‘xshab ketar ekansiz-ku?
— Ajab emas urug‘dosh chiqib qolsangiz, — deb yana baqiradi Xayrulla.
Kulgi ko‘tariladi. Ko‘rishuv. O‘ziga xos — yarim qo‘pol, yarim yumshoq mulozamatlar.
Hazil-huzuldan Odil aka ham chetda qolmaydi.
— Shunday yaxshi onamiz bor ekan, otamiz bor ekan. Ukangni qara… Shaharda nima qilib yuribsan — hayronman. Masalan, men o‘rningda bo‘lganimda…
Yana kulgi. Men ich-ichimda zavqlanaman: u kipshning «onamiz, otamiz» deb, bularni-da o‘ziniki qilib gapirishi menga moyday yoqadi. Io‘q, titratadi va xayolimning bir qatidan Uchqun Nazarov shu dargohga qadam qo‘yganida, onamni menga o‘xshab: «Ena», deb atagani va bundan ko‘zimga yosh kelayozgani esimga tushadi: illo, men do‘stimning onasini u kabi: «Aya», deyman.
Bu xotiraga ergashib, boshqa ikki katta adibning bu boradagi muomalasi yodimga tushadi: «Xola» deb atagandi birovi, «kampir dadil…» degan edi ikkinchisi.
«Yuring, marhamat, torting-torting» bilan hovuz bo‘yidan o‘tib, boloxonaga ko‘tarilamiz. Mehmonxona. Dasturxon. Ko‘rpachalar, bolishlar.
Cho‘kamiz.
— Ha, meyman, xo‘sh kepsiz, — deydi otam fotihadan keyin. — Bachalar chopayaptimi? Tashkanlar joyidami?.. Bizding. ulimiz qalay, bu yazuvchi? Tekkina juriptimi? So‘kadigan odatlari bor… He, bularding hammasi erka bo‘lib o‘sti…
— A, mana shunday domilalari, og‘alari bor-da, — deb otamga tushuntirgan bo‘ladi onam. — Qadamlaridan aylanay…
— Xo‘p. Hozircha pastga tushib, bir aylaning, ena, — deydi Xayrulla. — Kelinning bir o‘zi…
— Ha, rost aytding. Esar bo‘p qolganman. Manavini ko‘rib, gapdanam adashaman…
— Boring-boring… Oga, sizam kalta qiling… Anavini so‘yasizmi, yo o‘zim…
— Sen bachchasan. O‘tir, gurung ber… Kakliging qani? Hali shu yerda jurib edi.
— Hozir opkelaman… Ha, bir piyoladan choy ichaylik, keyin… Nima dedingiz, o‘rtoq Xolmirzayev?
Odil aka avaylab so‘raydi:
— Polvon aka, siz Shukurning chin otasimi?
— E, chiniyam biz, o‘gayi ham — biz, — deydi otam. — Bir qarichligida qo‘limizga tushgan… Shuning izidan xudayim mana bularni berdi. Bundan kattakaniyam bor. Apasiyam bor… Shukurboyding otasini mulla odam deyishadi. Qamalib, jo‘q bo‘p ketgan. Sibir-da… So‘ng enasi bizding qo‘limizg‘a tushgan. Xudayga shukur, noliymaymiz, yashab kelayappiz. Bu yag‘igayam xuda poshsha… Agar omonatini olmasa, yana uch-to‘rt jil…
— E, bo‘ldi-e, — deb jerkiydi Xayrulla. — Ukkag‘arlar keyingi vaqtda nuqul «omonat-pomonat» deb gapiradigan bo‘lishdi… Qarishning belgisi bu, ota! Uyat! Bo‘yinga opqo‘yibsizlar… Unda muddatidan oldin chaqirib qolipga mumkin.
Kulimsirab o‘tirgan Odil aka bizlarga zimdan tez qarab oladi va:
— Xayrulla menga yoqdi. Ochiq gapirar ekan… Sizlar ham ko‘ngilga olmas ekansizlar, — deydi. — Shukur, sen ham shundaymi? Toza sipo bo‘p qolding?
— O‘, shundan o‘rgangan-da hammasi, — deydi otam. — Ha, esa, men turayin.
U kishi turib ketganidan so‘ng Odil aka choydan ho‘plab xonaga zehn soladi. U kishining nazarini kuzatib turgan Xayrulla ayrim suratlar haqida gapirib bergan bo‘ladi. Pichoq, miltiq, qamchi haqida so‘zlaydi-da, birdan menga qarab im qoqadi: «Haligindan qo‘yaymi? Ye go‘sht qovurilsinmi?»
Uning nigohini Odil aka sezgan chiqar, har xil xayolga bormasin deb ochiq gapiraman:
— Opkelaver… Nima dedingiz, Odil aka?
— A, unimi? — deb piq-piq kuladi Odil aka. — Qarshilik yo‘q… Xayrulla — uyning egasi. Unga bo‘ysunishdan boshqa ilojimiz yo‘q… Shu, oldin qo‘lni chayib olsak bo‘lardi…
— O‘tiring-o‘tiring, domilla, — deb turib ketadi Xayrulla. — Dassho‘ bor, opkelaman… — Keyin uydan chiqib, ayvonda baqiradi. — He, Xolbek, qayakda yuribsan? Men senga nima degan edim?.. Azizani ko‘tar! Hovuzga-tushib ketsa, o‘zing ham tushasan keyin… Kaklik katakka kirdimi?
4
Shu payt yiroqdan — yo‘lkadan yoshlikdagi do‘stim Nurillaning sho‘xchan ovozi yangradi:
— Salomalekum, Polvon bobo! Qassoblikni yana boshlayapsiz-ku?.. E, unday jotqizmaydi-e! Menga bering…
— O‘ting-o‘ting, — deydi otam. — Biz mol so‘yib jurganda, siz otangizdi qulog‘ida edingiz… Shukur keldi. Meymanam keldi. Odil aka degich. Tepada.
— Ha, esa, harom tomiri esdan chiqib qolmasin…
— E, boring-e, tajikti o‘zbakka ish o‘rgatganini qarang. Qondan qo‘rqadi-yu bu.
— Men qo‘rqar ekanmanmi? He, bosmachi… Yo‘q, polvon bobo, nimaga meni tojik deysiz? Qatag‘an qachondan beri tojik bo‘lib qoldi? — astoydil kuyinib deydi Nurilla va ovozini ko‘taradi. — Hozir yozuvchidan so‘raymiz!
— Uyingizdayam jikkillab tajikchalab jotasiz-u, tag‘in o‘zbekman, deysiz.
— He, endi…
Onamning ovozi eshitiladi:
— Nurillajon, qo‘ying u kishini. U kipga uchun qo‘ng‘irotdan boshqasi bekor.
— Shu-shu, sahroyi-da.
— Kecha gullarimni o‘rib, molga berdi. Tavba… Yuqoriga chiqing…
— E, anavi kaptarbozmi? Kechirasan, kaklikboz, qalaysan? Burgutga o‘xsha-ab qarab turibsan, a? Men kaklikka o‘xshaymanmi? Sirayam o‘xshamayman-da.
— Chiqing-e, ko‘p gapirmay! — dag‘dag‘a qiladi Xayrulla. — Kapitan bo‘ldim, deb, he, tilingiz uzun bo‘p qopti. Bizga yazna bo‘lsangizam qo‘rqmayman…
— Qo‘rqmaysan-a, qo‘rqmaysan… Akangni hurmat qilaman-da! Yo‘g‘asam seni joying…
Shunda otam baqirib yuboradi:
— Hey, Nurilla, chiqsang chiq to‘baga! Bo‘lmasa, mana bu arriq ekan, o‘zingdi jotqizaman!
— Eshitdingmi, Nuri? — deb kuladi onam.
— O‘lay agar, xolajon, faqat shu kishidan qo‘rqaman, — deydi Nurilla va zum o‘tmay, zinapoya tap-tup etadi-da, yozgi — oppoq militsiya kapitani formasida Nurilla kiradi. — Assalomu alaykum! Turmanglar! Odil aka, o‘tiring-e… Ha-a, rahmat. Xush kepsiz endi? Qiynalmay keldingizmi? Uzoq yo‘l, kun issiq… — Odil aka past tovushda nimalardir deydi. Anglaymanki, o‘zining javobi emas, boshqalarning gap-so‘ziyu savoli qiziqtiradi. — Ha, siz-chi Shukur? — deb men
bilan so‘rashadi do‘stim. — Kelin-kepchik, bolalar, a? Hammasi joyida? Yaxshi…
Men Nurillaga choy uzataman. Odil aka esa unga manglayi ostidan boqib so‘raydi:
— Siz qatag‘an urug‘idanmi?
— Chisti qataton, — javob beradi Nurilla jid-diy tortib. — Nimaydi, Odil aka?
— Yo‘, o‘zim, masalan… Kechirasiz, bu yerda qatag‘anlar ham tojikcha so‘zlashadimi?
— Yo‘g‘-e, — deb orqaga tortiladi Nurilla va cho‘kkalab o‘tirib oladi. Keyin menga qarab qo‘yib, davom etadi: — Lekin ko‘p joylarda tojikcha so‘zlashadi… Nimaga shunday, a, Shukur? Hayronman. Shukur ham shunga qiziqqan edi, sababini bilolmadik… — U battar tajanglanib ketadi. — Shu Boysunning kam deganda o‘ttiz foyiz odami — qatag‘onlar. Lekin yigirma besh foyizi desam ham mubolag‘a bo‘lmaydi, tojikcha gaplashib yuradi. Ana, atlas fabrikasi! Yarim qizi — bizning urug‘dan…
— S-slabiy bir urug‘-da, — deb Xayrulla aroqni uning oldiga qo‘yadi. — Erta-indin o‘rischa so‘zlashib ketishiyam hech gap emas… Nima dedingiz, yaznajon? Sizlar oldinda yurasizlar-da, a? Shamol qayoqdan essa, o‘sha yoqqa burilib, to‘g‘rimi?
— Aljima, — deb qo‘yadi Nurilla. — O‘risga qarshi tashviqot qilayapti, deb akt tuzaman.
Xayrulla qiyshiq bitgan jimjilog‘ini ko‘rsatib, bir nima deydi. Hammamiz kulib yuboramiz.
Odil aka ham silkinib kuladilar-u, keyin menga boqadilar.
— Shukur, bizning urug‘ ham — qatag‘an, — deydi. Va mezbonlar bir-biriga yalt-yult etib qarashadi. So‘ng Nurilla shishani olib chayqatadi-da, ukamning boshi uzra ko‘taradi.
— Nima qilay, e, qo‘ng‘irot bachcha? Shukur, ruxsat berasizmi?… Mayli, kechirdim. Ammo bilib oldingmi yaznang kimlardan ekanini? Otanggayam at; enanggayam ayt! Boysunga jar sol… Militsiya kapitani Nurilla Murtazayev Odil Yoqubovning urug‘idan de! — Ukam boyoqish iymanib, labini qimtib jilmayadi. Men ham qandaydir uyalgan kishidek kulimsirayman.
Biroq ichdan yana hayajondaman: Odil Yoqubovning urug‘doshlari Boysunda! Yo‘q: Surxon o‘lkasida qancha qatag‘on bor? Voy, tavba! Turkiston qayda-yu, Surxon qayda?
To‘g‘ri, men bu urug‘lar tarixini, harqalay, bilaman va bu yurt ham qadim Turkistonning bir parchasi ekani kundek ayon: biroq hayratga tushaman, xolos. Va Nurillaning, nihoyat, jiddiy savolga chog‘langanini ko‘rib, o‘zim ham Odil akaga burilib o‘tiraman.
— Odil aka? — deydi Nurilla va jim bo‘ladi.
Uning savoli ma’nosini anglagan Odil aka:
— Ha-ha, — deydi chordana qurib va allaqanday bukchayib. — Men eshitgan edim. Sal-pal bilardim ham. Masalan… Lekin menga sizlarning muomalalaring juda yoqdi. Bevosita, panimayete… Neposredstvennost bor, a, Shukur?
Men yengil nafas olib:
— Ha, shunday ekan. Men ham bu yerdan uzoqlashgach, sezdim bu holni, — deyman.
Shunda Xayrulla ham xijolatdan chiqqandek, irg‘ib turib, taxmondan lo‘la bolish oladi-da, Odil akaning tirsagiga qo‘yadi.
— Yonboshlab o‘tiring…
Odil aka birdan burilib, uning yelkasiga qoqadi.
— Yaxshi yigit ekansan, Xayrulla… Vot, — deya davraga yuzlanadi. — O‘zbekning qiziqligi, rang-barangligi mana shunda, o‘rtoqlar. Biz buni tushunib, qalblarimizga singdirib olishimiz kerak, toki bitta yaxlit millat ekanimiz, bitta O‘zbekiston degan vatanimiz borligiga har dam, har onda imon keltirib, uning bilan, masalan, faxrlanib, uning himoyasiga har on tayyor turishimiz lozim, deb o‘ylayman.
— Rahmat. Yashang, Odil aka, — deydi Nurilla benihoya chuqur fikrni eshitgandek. Keyin birdan kuladi. — Sen ham eshitdingmi, Xayrulla?
— Bo‘ldi endi, — deb to‘ng‘illab qo‘yadi ukam. Va menga qaraydi. — Sal qovurdoq bor edi…
— Opke, — deyman.
— Hozir…
— Matlabga qo‘ng‘iroq qip qo‘y… Bazm nechada boshlanadi? Nurilla, siz bakovuldirsiz?
— Ha, shirinxonaga xo‘jayinman… Soat… Bir yarim soatdan keyin turamiz… — Shunday deydi-yu, eshik og‘zida to‘xtab qolgan Xayrullaga do‘q qiladi: — Bor endi! Opke opkeladiganingni!.. Oldinroq so‘yib qo‘ymaysizlarmi shu qo‘zini? He, puxta bo‘p ketayapsan-da sen ham…
Xayrulla chopib chiqib ketadi.
5
Bir ozdan keyin mening yana ikki do‘stim: yaqinda Yozuvchilar uyushmasiga qabul qilingan, «Tog‘ hikoyalari»ning muallifi Ismat (burun) Norboyev bilan shahar san’atkorlarining ustozi, mashshoq Abduqayum Abdulxayev kirib kelishdi.
Sho‘xlikda ular ham Nurilladan qolishmaydi. Xayrulla ukam bilan bemalol gaplashishda ham, onam-otamga erkinsirashda ham. Odil akaga hurmat ko‘rsatishda ham darhol bir umumiylik ko‘zga tashlandiki, daqiqalar orasida el bo‘lib ketishdi, ya’ni, kelganlari bilinmay qoldi.
Nihoyat, so‘yilgan qo‘zining qovurdog‘i ham keldi. Yana shisha ochildi va Odil aka ham davraga qo‘shilib-singib, uning bir doimiy a’zosiga aylanib qoldiki, endi mezbonlarning mehmon demasdan, ya’ni, Odil akaga ortiq ehtirom bildirmasdan muomala qilishlari-da, qolaversa, hazil-qochirma gap otishlari-yu, Odil akaning baholi qudrat javob berishlarida bilinardi bu…
Shuning uchundirki, bizni to‘yxonaga olib ketgani kelgan Baxtiyor qahqahamiz ustidan chiqib:
— Yo, qudratingdan, — deya yoqasini ushladi, — Odil aka, sizni tanimay qoldim: o‘lay agar, tirnoqcha parqlaring bo‘lsa… U yoqda — trevoga, mashhur yozuvchi kelarkan, deb ko‘chaga chiqishdi odamlar… Turasizlarmi?
To‘yxona. Odamlar. Davra. Tekislanib, suv sepilgan maydondan chang hidi keladi. Ammo davra ustidan kesishib o‘tgan simlarda chiroqlar yonishi bilan xayol chalg‘iydi va qo‘lbola o‘rindiqlarga o‘tirishayotgan qiz-juvonlarga ko‘z tushadi. Ularning qoshidan o‘tayotgan navjuvon yigitlar-u vazmin-vazmin erkaklar u tomonga mayin, qitmirona gaplar otishadi va u yoqdan ham shunga munosib tagdor gaplar chiqadi.
— Sizlarda bemalol o‘tirisharkan-a? — deydi Odil aka sochining ko‘zi ustiga tushganiga atay parvo qilmasdan sigaret burqsitayotgan Ismatga. :— Paranji yopinishganmi bu yerda? Bizda, masalan, paranji bo‘lmagan hisob…
— G‘irt o‘zimiz ekansiz-da, domillajon, — deydi Ismat xiyol qizargan ko‘zlarini baqraytirib. — A Shukur?.. Ana, Shukur dashtdayam yashagan. Dashtdayam ayollar yuzini ochib yuradi. Bemalol… Tog‘dayam. Shaharning markazida paranji yopinishgan albatta… Shuyam, menimcha, boy oilalarda…
— To‘g‘ri aytayapti, — deyman men va tarixga sho‘ng‘iyotganimni bilmay qolaman. — Paranjining islom dini bilan aloqasi bo‘lmagan, Odil aka. Islom tarqalishidan bir yarim ming yil burun ham shu yopinchiq bo‘lgan ekan…
— Shundayam kibor oilalarda.
— Rahmat.
— Har xil tiplar ko‘p ekan-a?
— O‘, domillajon, tentak ham shu yerda, sog‘ ham, — deb xitob qiladi Ismat. — Mana, masalan, mana bu g‘ijjakchining qoshiga qarang. Payvasta… He, akang aylansin! Anavi «jandarmeriya»da tuk ham yo‘q. Nurillada…
Men yana tushuntirishga harakat qilaman:
— Boysunliklar asli — qurama xalq, Odil aka. Qo‘ng‘irot, qatag‘on, tojikdan boshqa — qovchin ham bor, olchin ham bor, chag‘atayu turk ham bor…
— E, hammasi o‘zbek-da, — deydi Ismat injiqlanib va jilmayib o‘tirgan Abduqayumni ko‘rsatadi. — Bu qalamqoshli kim tojik deydi? O‘lay agar, uyidayam o‘zbekcha gapiradi… To‘g‘rimi, o‘zing ayt? Odil aka, quloq soling.
Abduqayum kulib, shikoyatomuz tarzda aytadi:
— Shunaqa, Odil aka. Xotinim bo‘lsa: «Sen o‘zbeklarga sotilgansan», deydi. Bolalarim ham o‘zbek maktabiga qatnaydi. Tojik maktabi bor — borishmaydi. Nima qilay?.. Mana bu mirshabning uyiga kirdingizmi?
Stolimiz oldida qo‘lini beliga tirab turgan Nurilla:
— G‘iybatimni qilma, Qayum, — deydi taxdid bilan. — Ana, Mengli keldi. Aytaman, chakkangga yopishtirilgan puldan bir so‘miniyam qoldirmaydi…
— Shunday ham qil, — deydi Abduqayum kulib, — o‘yinchimga aytaman, orqangdan qolmaydi, to seni kasod qilmaguncha… Ismat, ishonmaysiz-da, buni sharmanda qilish mumkin… To‘g‘ri aytasiz, bundan bir so‘m chiqsa, tamom, uyqudan qoladi… Aytmoqchi, Odil aka, nahot sizning urug‘ingizdan-a, shu milisa?
— He, kuyibgina kul bo‘l, — deydi Nurilla bu yoqqa qaramay. — Sen xoyin…
Odil aka sigaret chekadi va qarshimizda kulimsirab kelayotgan baland bo‘yli, qirra burun yigitga tikilib qoladi. U yigit kelib, Nurillaga «kisht» deganday qo‘l uchini silkitadi-da, menga iljayib qo‘yib, Odil akaga qo‘l uzatadi.
— Assalom alaykum. Xo‘sh ko‘rdik, Odil aka… Kechirasiz, men shu to‘yning egasiman… Hoy, nimaga tanishtirmay o‘tiribsizlar? Mayli, hali ko‘raman… O‘zim tanishtiraman: mana bu yoningizdagi yozuvchiga tog‘a bo‘laman men. Yolg‘iz tog‘asining o‘g‘liman. Tog‘aman. Xo‘sh, men to‘yga taklif etganman… Mana bu shaykaniyam. Attangki, bularning hammasi — mening jo‘ralarim… Burun bilan birga o‘qiganmiz. Abduqayum keyin qo‘shilgan. Bu kishi — o‘rtoq Xolmirzayevning o‘rtog‘i. Kelayotib devoridan chaqirmadimi?.. Shunday odati bor edi. O‘sha yerda tomoqni ho‘llab, keyin uyga kelardilar… Ha, sizni yuzxotir qilgan…
Shunda Nurilla unga do‘q qiladi:
— Munday o‘tirib gaplash! Yaxshi kutib olding, rahmat… Qaranglar, ko‘chaga chiqib, bag‘rini ochdi-ya! Axir, bir to‘ychi bo‘lsa shunchalik bo‘ladi-da…
Matlabjon uning gapiga parvo qilmay Odil akadan uzr so‘raydi:
— Keliningizni urug‘lari kelib edi. To ko‘rishib, fotiha o‘qiguncha…
— E, nichevo, Matlabjon, — deydi Odil aka. — Uzr so‘rashingizni hech ham hojati yo‘q. Men bu davrada, bilasizmi, masalan, o‘zimning yoshlikdagi yor-do‘stlarimni ko‘rdim. Men Boysunga kelganimdan juda xursandman.
— Iloyi, shunday bo‘lsin, — deydi Matlab samimiyat bilan. — Hali xursand qilishga harakat qilamiz… Nuril, ertalab toqqa chiqasizlar-a? Shukur aka, biz shunday plan tuzdik. Men bu yerda keldi-ketdi bilan bo‘laman. Sizlar tog‘da aylanib, dam olib kelasizlar. Keyin yana…
— Aytmoqchi, mollaringni ko‘rsat menga… Odamlar o‘rnashguncha vaqt bor hali, — deb chiranadi Nurilla. — Semizgina bir uloq bo‘lsa bo‘ldi. Tandir qilamiz… Odil aka, ulokda yog‘ kam bo‘ladi, kabobi yaxshi chiqadi.
— A mashhur tandir kabob, — deb qo‘yadi Odil aka. — Yaxshi. Matlabjon, siz davraga qarang.
— Rahmat, Odil aka. Kelganingiz uchun ming rahmat… Bu yer — o‘z uyingiz. Mana bu yigitlar…
— Odil akamni shaykaboshi qilamiz, — deb pixillab kuladi Ismat. — Eshityapsanmi, hey, mirshab? Jo‘raboshilikdan chiqding! — Keyin menga qarab, battar pixillaydi. — Bir qatag‘andan qutilib, ikkinchisiga tutilar ekanmiz-da…
— Dod, — deb qo‘yadi Nurilla.
Kulgi-kulgi bilan Matlab ketadi. Keyin Nurilla ham uzr so‘rab, uning izidan yo‘rg‘alaydi.
6
Saldan keyin Abduqayum ham:
— Kechirasizlar… Odil aka, ma’zur tutasiz, biz — xizmatga, — deb turib ketdi-yu, uning «g‘iybati» boshlandi.
— «Shalola»ni eshitganmisiz, «Shalola»ni? — deb so‘radi Ismat Odil akadan.
— A, folklor ansamblimi?
— Otangizga rahmat, domillajon… O‘zbekistonda birinchi xalq ansambli! Polshada ikkinchi o‘rinni olib keldi. Dunyo bo‘yicha. Kumush boltani opkeldi! Muzeyda turipti… Nasib bo‘lsa, ko‘rasiz uni… — Keyin: — Oh! — deb peshonasiga urdi Ismat. — Shuning evaziga ansambl tarqatildi.
— Kak eto? Tushuntirib ayting, Ismatjon, — dedi Odil aka va menga qarab kuldi. — Bu — paradoks-ku, Shukur? Uning peshonasini silash o‘rniga tarqatsalar.
— Shukur, ayting, aytib bering. Men bir aylanib kelay. Matlabning to‘yi… — deb Ismat ham qo‘zg‘aldi va ro‘paramizga kelib, joy olayotgan Xayrullaga ta-yinladi: — Sen qarash… Xizmatda bo‘l! Matlab — sengayam tog‘a! Moshinasini haydaysan…
— Tog‘am bo‘lgani uchun ham moshinasini tashladim, — dedi Xayrulla g‘ijinib. — Asalchilik qilaman. Kunim o‘tadi… Boring, xizmat qiling. Men qilib qo‘yganman… Odil aka, qalay bo‘lyapti dam olish? Qishloqning to‘yi-da…
— Hammasi joyida, — dedi Odil aka. — Vsyo normalni… — Keyin Ismatga qarab kuldi. — Bizga-yam xizmat bo‘lsa, aytinglar. O‘zimizning jo‘raboshi deb qo‘ydinglar-ku?
— He, yangi jo‘raboshining qurboni bo‘lay! — Ismat stolga yopiq dokani shart ko‘tardi. Noz-ne’matlar ochildi. — Mana, xizmat! Siz boshlab bermaguncha, suzilib o‘tiradi Shukur ham… Ko‘k choy ichasizmi, qora?
— Bizga baribir. Sizlar ichadiganiyam bo‘laveradi… — Odil aka zo‘r askiya qilganday kulib, mendan so‘radi: — Kechirasan, Shukur, «Shalola»ni nima uchun munday jazoladilar?
— E, «Shalola»ni gapiryapsizlarmi, — dedi Xayrulla. — U mendan so‘zlashga ruxsat so‘raganday qarash qildi-da, davom etdi: — Bu sho‘rliklar yurtdan chiqmagan. Turkiyani bo‘lsa, yaxshi ko‘rishadi… O‘zimiz ham bir hisobda — turk-da. To‘g‘rimi?
— To‘g‘ri.
Xayrulla jonlanib, bama’ni suhbatga qo‘shilganidan, tabiiy, xursand bo‘lib, davom etdi:
— Qayum akaning aytishicha, bular Polshaga borgandan keyin Turkiyadan kelgan ansambl qatnashchilari bilan uchrashib qolishadi. Tagi bir, tili bir. Bir-birini sog‘inib yurgan emasmi, mana munday osh-qatiq bo‘lib ketishadi.
Men Odil akaning hayron bo‘lmasligini kutuvdim. U kishi, aminman — buning sababini bilganlari holda:
— Nahotki? — deb birdan qizishib ketdi. — Axir, bu yaxshi hodisa-ku? Masalan, bir xalq vakillari boshqa xalq vakillari bilan yaqinlashsa… Qolaversa, a, Shukur, o‘sha ko‘riklar deymizmi, musobaqalar deymizmi, o‘tishidan maqsad nima? Xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirish emasmi?
— Xuddi shunday. Rahmat, Odil aka, — deyman men va qo‘llarimni yozib iljayaman. — Na chora…
— Suvolochlar, — deb to‘ng‘illaydi Odil aka va ukam menga olayib qaraydi: «Yomon-ku bu odam?» — Vot, shunday qilib, tarqalib ketdimi?
— Ofitsialni-da, — javob beradi Xayrulla. — Lekin hozir o‘zlarini ko‘rasiz. Bularni tarqatib bo‘pti…
Odil aka o‘ylanib qoladi.
7
«Shalola»ning o‘zagi — «Yaq-qu!» bo‘lsa kerakki, qo‘shiqning sur’ati-yu ifoda shakli, ya’ni, qo‘r to‘kkan yigitlarning o‘ziga xos raqsi tez orada viloyatdan ham chiqib ketdi; qo‘shni viloyat kishilari «Shalola»ni «Yaq-qu» orqali eslaydigan bo‘lib qolishdi.
Bu qo‘shiqda nima borki, odamni tezda maxliyo qiladi? Va ruhingni ko‘tarib, nimadir qiliqlar qilishga undaydi?
Ta’qiqlangan ansamblning, demak, ma’n etilgan «ko‘ziri» ijro etilarkan, davrani deyarli doirasimon o‘rab olgan olomon gurs-gurs qarsak chalar, ko‘plar o‘rinlaridan turib ketishgan, qandaydir yovvoyi qiy-qiriqlar-da avj ola boshlar ekan, o‘lay agar, Odil akani tanib bo‘lmas edi.
Yapaloq yuzidagi Chingizxonnikiga o‘xshash qoshlari chimirilib ketgan, biroq ul ulug‘ xondan farqli o‘laroq hayajonga yo‘g‘rilib, o‘qtin-o‘qtin shivirlar edi:
— Nima bu?
Men u kishi eshitadigan darajada sayray boshladim:
— Ana chol, o‘tiripti-ku o‘rtada. O‘sha chol oxiri o‘rnidan turib, yigitlarga qo‘shilishi kerak. Ya’ni, u tiriladi… Nima uchun tirilishi boshqa masala.
— E, o‘shanisi kerak-da. Demak, muxim bir ma’no bor ekan bunda! Lekin so‘zlari…
— So‘zlari ko‘p o‘zgargan.
— Yaq-qu — nima degani? Yaq quvmi?
Odil akaning beixtiyor og‘zidan chiqib ketgan bu so‘z, nazarimda, «Yaq-qu»ning yangitdan kashf etilgan ma’nosidek tuyuldi: chindan ham «yaq» bilan «aq» — ohangdosh, «qu» esa — shundoq ham «quv» shaklida aytiladi. Bundan xulosa chiqadiki, o‘rtadagi chol — qandaydir «oq quv», ya’ni, oqqush bo‘lishi mumkin… Yaradordir? Kasaldir? Holdan toygandir u? Oqibat, yosh-yalang tazyiqi, shahdi-jahdi bilan o‘rnidan turib ketadi.
— O‘-a, bo‘lishi mumkin, — deyman tezgina yuqori-da aytganimni xayoldan kechirib. So‘ngra Abduqayum tashkil etgan bu ansamblning g‘oyaviy rahbari — jiyanim Xoliq Xurramov bilan ushbu so‘z mag‘zini chaqishdagi urinishimizni aytaman: — Lekin, Odil aka, qadimgi turk tilida «Yag‘-g‘u» degan so‘z ham bor…
— «Buyag‘» emasmi?
— A-a, buyam qiziq variant. Buyag‘ — unvon, daraja bo‘lsa kerak, a?
— Shunday.
— «Yaa-g‘u»da ma’no ko‘proqqa o‘xshaydi, Odil aka…
Ya-g‘u — yov desak, demak, qabilani yov bosayapti, turish kerak — oyoqqa qalqish kerak, degan ma’no borga o‘xshaydi mana shu harakatlarda… Demak, o‘layotgan chol ham yov bosayotganini anglab, o‘rnidan turadi… Bu — o‘ziga xos pantamimo…
— Yo‘q, anavi sharhingda jon bor… Him, vsyo-taki, juda qadimgi qo‘shiq ekan-da, — go‘yo xulosaga kela boshlaydi Odil aka. — Qara, yigitlarning harakatlariyam yovqur.
— Ha..
— He-e, biz ko‘p narsani unutganmiz… Unutishga majbur qilishgan: arabiyam, forsiyam, o‘risiyam…
Men asta tomoq qirib qo‘yaman. Ukam ko‘zini olaytiradi. Qandaydir xizmatlarini qilib kelib, Odil akaning yoniga — joyiga o‘tirib olgan va atay suhbatimizga quloq berayotgan Ismat, nihoyat, g‘uldirab qoladi:
— O‘ris… shu, shu… Shuning siyosati yetdi boshimizga… Xayriyat, Boysun bor… Boysun — xaladilnik, Odil aka. Bunga odamniyam konservatsiya qilib tiqib qo‘yish mumkin… Buzilmasdan turaveradi. Bir kun kelib, qarabsizki…
— Ismatjon, gaplaringizni tushunmayapman, — deydi Odil aka. — Keyin aytasiz.
— To‘g‘ri, keyin aytaman… Lekin Boysun buzildi. Keyingi vaqtda. Usmon rost aytadi: «Ketib qopti Boysundan Boysun!» A-a, otangga rahmat, Usmonjon…
8
Shu payt o‘rtani oborayotgan Sobirjon — Matlabning ona tomondan jiyani — jurnalist mikrofonga chertib, tarqalayotgan yaq-quchilarga rahmat aytdi-da:
— O‘rtoqlar, jindak gurung ham kerak, — deb qoldi. — Bu harbiy qo‘shiqdan keyin, mayli, harbiycha gurung bo‘lsin… Nima? O‘zim boshlab beraman.
Qayerdandir ortimizga yetib kelgan Nurilla Ismatga bir nimalar deya shivirlar ekan, Odil aka — Ikkinchi Jahon urushining oxirgi kunlarida Manjuriyada xizmat qilgan sobiq harbiy yana chimirilib:
— Eshitaylik, — deb qo‘yadi. Shu bilan qo‘shnilar ham jimiydi va Sobirning yangroq ovozi tarala boshlaydi:
— Ana, etakdagi Shahid guzarda Omon polvon degan kishi o‘tgan ekan. U kishi Afg‘onistonga borib, ko‘p polvonlarni yengib, lekin tirishma degan kasalni orttirib kelgan, keyin tirishib vafot etgan ekanlar. U kishidan bir qizu bir o‘g‘il qolgan bo‘lib, o‘g‘ilning nomi Abdurahmon ekan. U kishi ham otasidek polvon bo‘lib yetishadi va Boysunda birinchi marta tashkil bo‘lgan xalq teatrida ishlaydi. Qator ro‘llar o‘ynaydi..
Odil aka menga savol nazari bilan qaraydilar. Men «sabr qiling, gap bor» deganday ishshaiib qo‘yaman.
— Jahon urushi boshlanib, Abdurahmon polvon frontga ketadi va Rusiyaning g‘arbiy chegaralari uchun bo‘lgan janglarning birida bedarak yo‘qoladi. Ya’ni, Matlab akamlarga shunday izvesheniye keladi: «Bezvesti propal…»
Kimlardir:
— Yo‘q, unday emas… — deyishdi. Endi Ismat ularni bosdi:
— Oxirigacha eshitinglar. Iltimos, og‘ajonlar… Buyam bir narsani bilar…
— Yillar ketidan yillar o‘tadi. Abdurahmon polvon bedarak yo‘qolgancha qolaveradi, — deb davom etdi Sobirjon. — Bu orada Matlab aka er yigit bo‘ladi. Qishloq xo‘jalik institutini bitiradi. Rayonga kelib, agronom bo‘lib ishlaydi. Nihoyat, «Xamza» sovxoziga direktor…
— E, tog‘angiz haqida gapiryapti-ku? — deydi Odil aka tuyqus mamnun bo‘lib ketib. — Chekishga oling-e… Da, so‘zga chechan ekan bu yigit…
— Shu o‘tgan yillar orasida Matlab aka bir orzu bilan yashaydi, — yana davom etardi Sobir. — «Otam qanday qilib yo‘qolib qolishi mumkin? To‘rt muchali sog‘ odam ham g‘oyib bo‘ladimi? O‘lgan bo‘lsa — o‘ligini, tirik bo‘lsa — daragini topaman», deb yuradilar-u, Ittifoqning barcha chegara viloyatlariga ketma-ket zapros yuborib turadilar. Qarabsizki, Belorussiyadan javob kelipti: «Otangiz shu yerda dafn etilgan. Qardoshlik mozorida. U kishi partizanlar orasida jang qilgan va qo‘lga tushib, yarador holda ko‘milgan. Fashistlar ko‘mib yuborishgan. Marhamat, keling, o‘rtoq Abdurahmonov!»
Odil aka sigaretni yerga tashlab yubordi. Ko‘zi qandaydir yaltirab:
— Fojia, fojia, — dedi. — Ey, o‘ttiz yillab bilishmasa, aytishmasa? «Bedarak yo‘qoldi» — vassalom. Nima bu, odamning qadri shunchalik bo‘ldimi? Axir, u shu Ittifoqni himoya qilaman deb borgan edi-ku?
Shuni aytishim kerakki, davra ahlining bir ko‘zi biz tarafda, aniqrog‘i, Odil akada, shu-chun bu yerda gap-so‘z bo‘lib qolsa, davraning raisi ham so‘zini to‘xtatib turardi.
Tabiiyki, Odil akaning favqulodda qizishib aytgan gaplarini qatorimizdagilar eshitdi.
Sobir eshitmagan esa-da, ma’nosini taxmin qildimi — ma’qul ishorasi-la bosh irg‘ib, tag‘in davom etdi:
— Bordik… Matlab aka men bilan Umidjonni ham olib Belorussiyaga jo‘nadilar. Minskdan u yog‘iga moshinada, keyin traktorda ketdik. Qor qalin ekan. Borsak, bir qayinzor… — Odil akaning ko‘zida yosh ko‘rib, meniyam ko‘nglim buzildi. U kishi xo‘rsinib, aroqdan bir ho‘plab qo‘ydilar-da:
— He, Shukur, menga naqadar tanish, — dedilar. — «Er boshiga ish tushsalni o‘qigansan-a?
— Ha..
— Aytmoqchi bo‘lgan so‘zim shuki, — deb hikoyasiga yakun yasay boshladi Sobir, — agar Abdurahmon polvon tirik bo‘lganlarida, shu davraning to‘rida savlat to‘kib o‘tirgan bo‘lardilar… Mana, u kishining o‘rnida nevaralari Alisher o‘tiripti… He, chollarning oldi-da. Karavotda…
Shunda Odil aka:
— Men bir og‘iz gapirsammi, — deb qoldilar menga. Men shoshib, Sobirga qo‘l ko‘tardim. U:
— Gurungni eshitganlaring uchun rahmat. Navbat yana «Shalola»ga! «Halinchak»… — dedi-da, gurros chapaklar ostida mikrofonni tagligiga o‘rnatib, qoshimizga yo‘rg‘alab keldi. — Assalomu alaykum, Odil aka!
— Salom, Sobirjon. Yaxshi yigit ekansiz, so‘zamol… Shukur, Sobirga uzating. Tomog‘ini ho‘llab olsin… Da, kechirasiz, Sobirjon, siz ham armiyada xizmat qilganmisiz?
— O‘-o‘, bu Afg‘onistonni olaman, deb borib, zo‘rg‘a qutulib keldi-ku, — dedi Ismat.
Kulgi bo‘ldi.
9
«Shalola»ning yulduziga aylana boshlagan Sayyora Qoziyeva ikki yigit yelkasiga obkashdek ko‘targan «arg‘imchoq»qa o‘tirgan holda qo‘shiq aytib «chiqdi»:
— Halinchak-e, halinchak, Halinchakda kelinchak…
Qo‘shiqning uchinchi yo to‘rtinchi marta aytilishi — aniqrog‘i, qaysidir zamonlarda aytilgan xalq qo‘shig‘ining qaytadan kashf etilishi ekanki, o‘zaro suhbatimiz bo‘linib qolib, unga quloq tutdik: o‘ynoqi, sho‘x, dilga yaqin…
Nihoyat, qo‘shiqqa o‘yin ulanib ketdi. Xayrullaning yonida — bizga qarab o‘tirgan Sobirjon:
— Odil aka, menga boshqa savollar yo‘qmi? — deb so‘radi. — Balki so‘z aytarsiz, e’lon qilaymi?
Men bosh irg‘adim. Odil aka:
— Aytmoqchi, ha, ijozat bo‘lsa, biz ham ikki og‘iz so‘z aytsak, — dedilar. — Lekin keyinroq… Qizlaringiz ham juda tushishar ekan! A, Shukur?.. Nimaga bittanglar ham bu yerdan uylanmagansizlar? Na Usmon, Na Erkin, na sen… He-he-he… Bilaman, tushunaman: taqdir-peshana…
— Shu-shu, — dedim. — Biz Muqaddaslarga yetishganmiz, xolos… Sobirjon, Odil akamning «Muqaddas» qissalarini o‘qigansiz-a?
— Maktabda! — deb yubordi u va Odil akaga qo‘lini uzatdi. — O‘shani yozgan qo‘lingizni bir qisib qo‘yay!
Odil aka iljayib, unga qo‘lini berdi. So‘ng:
— Vayenniy zakalkangiz bor, — dedi. — Aytmaqchi, Avg‘anda xizmat qilgansiz-a?
— Ha, Odil aka. Afg‘oniniyam ko‘rdik… Uncha-muncha sirlarga ko‘zimiz ochilib ham keldik…
— Masalan? — Odil aka chamasi yo‘liga so‘radi-yu, keyin qiziqib tikildi. — O‘sha sirlardan birontasini aytishingiz mumkinmi? Agar, voyenniy tayna bo‘lmasa…
— E, tayna bo‘lsayam aytaveraman… Bu jon — foydaga qolgan, Odil aka!
Odil aka jiddiy tortdi: shunday yosh yigit shunaqa desa… Keyin o‘yinni ham unutib, tag‘in chimirilib oldi.
— Qulag‘im sizda.
Sobirjon yosh bo‘lishiga qaramay, davralarimizning sobit ishtirokchisi edi; hazil-huzul bobida ham «otasini ayamas», ayni chog‘da dangalchi ham edi.
— E, nimasini aytasiz, — dedi u. — Men… shovinizmni ko‘rib keldim! — Keyin to‘xtovsiz davom etdi: — Yerto‘laga kirib yashirindik. O‘q yog‘ilayapti. Tomga tirsillab urilgani eshitiladi. Kamandirning to‘pponchasi tushib qopti. Bizga buyuradi: «Vixaditi, ishite!» deb avcharkaga buyurganday… Bizlar endi, tushunamiz, «qoralarmiz». Kim o‘lishni istaydi? Chiqqan yigit o‘ladi. So‘zsiz… Birdan avtamatni o‘ziga qaratdim: «Vixadi sam, suka», dedim. Bolalar ham avtamatlarini o‘nglashdi… He, qo‘rqmas ekan-da.., deb zo‘rg‘a qutuldi…
Biz uning og‘ziga qarab qolgandik. U — Sobirjon anchayin bir narsani aytganday:
— Lekin qasdini oldi, — dedi keyin. — Prosto imkoniyat tug‘ilib qoldi-da unga… Ikki yil o‘tdi. Yana uch oy xizmat qildik… Urush-da. Nastayashiy urush…
— Tasavvur qilaman.
— Bizga javob bo‘ldi. O‘rnimizga papalneniye keldi… Shunda bir zastavani duxlar o‘rab olgani ma’lum bo‘ldi. Kamandir yalina ketdi: «Bu malakasoslar poroxni hidlamagan. Bir reyd qilinglar. Oxirgi marta…» Hammamiz ruhan tayyormiz: ketishga! Yurtni sog‘inganmiz. Do‘stlarni. Ota-onani… Javob berilgan kuni o‘lib ketish — abidna-da! Yo‘q, dedik. Xizmat —
tamom, dedik. Biz uje nima uchun, qim uchun urushayotganimizni tushunib bo‘lgan edik… «Yo‘q» deb turib oldi. Pasportlarimizni yig‘ishtirib oldi-da: «Tribunalga beraman!» dedi. Noiloj jashta kirdik… O‘n sakkiz yigit edik. O‘n bittamiz qoldi.
— O‘ldi?
— Ha… He, u yerda bizning qadrimiz yo‘q edi… Bir hisobda yaxshi bo‘ldi: ko‘zimiz ochildi…
— Ha. Hech qachon qadrimiz bo‘lmagan, — dedi Odil aka boshini egib-irg‘ab. — O‘f-f, hayronsan…
Shunda Ismat:
— Bo‘ldi-e, — deb qoldi. — Eslamaylik… Mana, — og‘zini ochib, tilla tishlarini ko‘rsatdi. — Qani tishlarim? Ta’mni biladigan oppoq tishlarim? O‘zga yurtda qoldi, — deb birdan shivirladi. — Raketniy bazada qoldi. Birovning sochi, tirnog‘i, mening tishlarim qoldi. Bir sutkada chol bo‘ldim…
Kulib yubordik. Kulgimiz albatta Ismatga yoqdi. Ammo qadrini yanayam ko‘tarish uchunmi, Xayrullaga do‘q qildi:
— Sen nimaga kulasan, jo‘jaxo‘roz? Poroxni hidlamagan? Akam yozuvchi deb…
— Da, idite… — deb yubordi Xayrulla. — Qayag‘dan bilibsiz iskamaganimni? — Keyin Odil akaga qarab shikoyat qildi: — Olti oy gaupvaxtada yotdim. Hozir ham sovuq teksa, belim og‘riydi… Solardim-da, «chuch-mek» deganini…
Odil aka qo‘lini uzatib, uning bilagidan ushladi. Keyin boshqa qo‘li bilan Sobirning qo‘lini tutmoqchi edi — u tutdi. Shunda Ismat ham shoshib, qo‘dini cho‘zdi-yu, Odil akaning tirsagidan ushladi. Odil aka unga kulib qo‘yib:
— Rahmat sizlarga, — dedi. — Men xursandman… — Ko‘zlari yana g‘ilq yoshga to‘ldi. — Men
faxrlanaman… Ana endi so‘z bersangiz, mayli, Sobirjon.
10
— Aziz mehmonlar! Yigitlar, qizlar! Matlabjon — Abdurahmon tog‘amizning… shu Vatan uchun, xalq uchun, kattakon Ittifoq uchun, qolaversa, masalan, Belorussiyaning ozodligi yo‘lida jonini qurbon qilib, yetarlicha qadr ko‘rmagan og‘amizning o‘g‘illari, Matlabjon! Avvalambor, to‘ylaring muborak bo‘lsin! — deb odatdagicha qaytariq, izoh va hayajon bilan boshladilar Odil aka. Va «Toshkentdan to‘yga yetib kelgan» mashhur yozuvchini olqishlab chalingan chapakka to‘lib ketdi davra. Notiq bundan ilhomlanib, ayni chog‘da ko‘ngli hiyla xotirjam tortgandek, ya’ni, ma’raka o‘zimniki bo‘ldi, degan kabi davom etdilar: — Mening Boysunga kelganimga, masalan, bir necha soat vaqt bo‘ldi, xolos. Biroq men buni, bu qadimgi o‘lkani… Alpomishning vatani, Alpomishlar vatanini, yana masalan, Shukur yozganidek, qadimiy Baqtriyaning markazlaridan birini ko‘ribgina qolishga emas, uning mard, tanti va to‘g‘riso‘z yigitlari bilan tanishishgayam ulgurdimki, bundan o‘zimni, masalan, baxtli his qilaman… — Yana chapak gurillab ketdi. Odil aka so‘z izlagandek qo‘rimizga ko‘z tashlab olib, xitob qildilar. — Biz yazuvchilar o‘zbekning xarakteri deganda, ko‘proq Farg‘ana vodiysi odamlarini ko‘zda tutamiz. Man, masalan, o‘zim tug‘ilgan Turkiston odamlarini ko‘z oldimga keltiraman… Keltirar edim…
Odil akaning nutqini qisqartirib aytish mum-kinki, oqibat, gapni — to‘ybola Alisherga optushib bog‘lab:
— Abdurahmon aka bobongdek, otang Matlabjondek bo‘l! O‘zbekda bir maqol bor: «Bolangdan hurmat istasang, otangni hurmat qil», deydilar. Buning ma’nosi benihoya chuqurdir… Otang Matlabjonning o‘z padari buzrukvori Abdurahmon polvon uchun qilgan farzandlik burchi — sen uchun saboq bo‘lsin, — degandan so‘ng Matlabning yor-do‘stlarini birma-bir tilga olib: — Bular shu tuprokda tug‘ilib o‘sgan mard, tanti, so‘zi bilan ishi bir o‘g‘lonlardir! Bularning deyarli hammasini vatanparvar, shu yurt uchun hech narsasini ayamaydigan, uning or-nomusi uchun oxirigacha kurasha-digan yigitlardirki, bular ham sen uchun, masalan, ibrat namunasi bo‘lib qolishiga ishonaman! Axir, qush inida ko‘rganini qiladi, deydi-ku xalqimiz… — deya Sobirjon uzatgan piyolani olib va kulimsirab: — Qani, shu gaplarga qo‘shilgan o‘rtakdar shu obi zam-zamdan ko‘targancha olsinlar, — deb, kulgi-qiyqiriq ostida piyolani bo‘shatdilar.
Shundan keyin yana qo‘shiq, o‘yin, so‘z aytish davom etdi. Nihoyat, o‘iinni bilmaydiganlar ham o‘rtaga tushib, so‘z berilmaganlar ham nutq irod qila boshlagach, bizlar Nurilla jo‘raboshi rahnamoligida qo‘zg‘alib, ushbu davra adog‘ida, ya’ni, shu bedapoyaning etagida tikilgan o‘tovga borib kirdik.
Ertasi «kasal oshi»ni ichib, toqqa jo‘nadik: o‘sha qorli cho‘qqining poyiga…
11
Adirlar. To‘lqindek ko‘tarilib-pasayib ketgan va tek qotgan to‘lqinlarga-da o‘xshaydi. Faqat bular sariq: bug‘doypoyalar, lalmikor qirlar. Toshloq yo‘lni g‘ajigandek o‘rlab borayotgan «Gazik» sekinlaganda, sollanib turgan xayrigul shoxida zarg‘aldoq sayraydi. U shu qadar xotirjamki, bizdan jilla hayiqmaydi va shu tariqa bizning ko‘nglimizga ham bir osudalik, hatto loqaydlikka yaqin tuyg‘ular baxsh etadi.
Moshinada chayqalib-chayqalib ketaversang… Ammo shaxsan men ko‘nglim tagida bu yo‘llardan yurganlarimni, saldan keyin qanday muyulish kelishini va chamasi, qaysi joyda ulovni to‘xtatib, Odil akaga «maqtanish»ni, to‘g‘rirog‘i, maqtashni o‘ylayman va tuyqus eslaymanki, biron yarim chaqirim o‘rlab borgach, o‘ngga keskin qayrilib, suvsiz soydan o‘tamiz…
Yozning mana shu kunlarida uning suvi quriydi, ya’ni, Xo‘jaqo‘chqor ota ayrisidan tushayotgan sharsharaning bir hovuch bo‘lib qolgan muzdek suvi soyning o‘sha yerlarida — tosh oraliqlariga singib ketadi.
— Baxtiyorjon, Qoplondaraga enishda bir to‘xtata-siz, — deyman. Va yonimda o‘tirgan Nurillaga qarayman. — Haligi joyni bir ko‘rib o‘taylik.
— Ha, — deydi Nurilla hushyor tortib. — Odil aka, bir qiziq joy bor-da, yavvoyi xurmo o‘sib yotadi… Shukur topgan uni. Aytib bering, Shukur. — So‘ng nariga surilmoqchi bo‘lib, semizgina uloqning bo‘ynidan quchganicha mizg‘ib kelayotgan Ismatni burchakka tiqadi. Ismat ixraydi. Nurilla uni gavdasi bilan mendan to‘sadi. Ismat uning yelkasiga mushtlagach, Nurilla unga ilkis burilib qaraydi va kuladi. — E, sen shu yerdamisan?
Ismat uning yelkasiga yana bir musht uradi. Odil aka kulishni aftidan xayolgayam keltirmaydi.
— Shukur, rosa o‘rab tashlagan-a? — deydi. — Axir, qantsa kantsov, bu hol xalqning g‘azabini keltiradi-ku! Qachongacha chidash mumkin…
Hammamiz jim qolamiz. Chunki jilla izohsiz ayonki, biz mustamlaka, qarammiz…
Buni tan olgimiz kelmaydi, xolos…
12
— Ha-e, zolimgayam boqqan balo bordir-da, — deydi Nurilla. — Hokimiyati abadiy emas… To‘g‘rimi, Odil aka? Hech qachon hokimiyat abadiy bo‘lmagan. Tarixdan ma’lum-da… Nimaga turtasan, burningni eshik qisib olsin! Axir, men tarix fakultetini bitirganman, g‘alcha.
— Nurilla, to‘g‘ri aytasiz, — deydi Odil aka hamon jiddiylik bilan. — Hech qanday istibdod, imperiya, saltanatlar abadiy qolmagan. Bari o‘tkinchi. O‘zimiz qolamiz, xalqimiz qoladi, yurtimiz qoladi. Faqat ko‘p shikastlar yeymiz-da… Shukur, nega qo‘shilmayapsan? Nimani o‘ylayapsan? Aytmoqchi, sen bu gaplarni bizdan ham yaxshiroq bilishing kerak, esselaringda ko‘p yozgansan… Da, mana shu — tasalli, o‘rtoqlar. Lekin qarab turmasligimiz kerak. Har kim baholi qudrat…
Baxtiyor menga qaradi.
— To‘xtat, — dedim. — Kechirasiz, Odil aka… Haligi joyni bir ko‘raylik.
— Ha, Nurilla aytuvdi.
Soyga enaverishda taqqa to‘xtadi moshina. Birin-ketin tushdik. Kunning issig‘i darhol bilindi. Atrof chigirtkalarning chirq-chirq, jiz-biz etgan tovushlariga to‘la, rangsiz yantoqlar, itqovunlar muallaq turganga o‘xshar edi.
Men tikanlar oralab, sohildan bir oz yurib, narigi qirg‘oq o‘rkachini ko‘rsatdim.
— Odil aka, o‘shanda yosh edim. O‘n ikki yo o‘n uchda edim. Pastda qolib ketgan Padang qishlog‘idan bir Ibodullaboy degan chol va uning o‘g‘li Abdurasul bilan ovga chiqqandim… Mana shu yerga kelganimda, ana o‘sha sariq tosh yonidan bir kaklik uchib chiqdi. Chiqdi. Yer ostidan chiqqanday… Otdim. Tipirchiladi-yu, g‘oyib bo‘ldi. Yana yer ostiga kirib ketganday…
— Yurib gapiring, yurib, — dedi Nurilla. — Baribir pastga tushamiz-ku?
— Ey, Shukurjon, qaytishda kirarmiz, salqin-da, — deb qoldi Ismat. — Kun qizimasdan archaga yetib olaylik… Uh, qovog‘ini qarang. Yuring-yuring. He, bu odamning bo‘lgani shu: ming marta xo‘p deydi-yu, bilganidan qolmaydi.
Odil aka menga qiziqish bilan qarab turardi.
— Yerga singib ketdi, shundaymi?
— Him, harqalay, bir gap bor, deb o‘sha yerga tushib bordim. Qarasam, bir teshik bor. Ichkarida suv shildirayapti… Ana shu soyning suvida..
— Qarang, Odil aka, suvning qayoqqa ketishini bilib bo‘lmaydi, a? — tushuntirdi Nurilla mamnunlik bilan. — Holbuki, u anavi arnaga kirib ketadi-da…
— Ha, yerning ostida dara bor ekan, — dedim va so‘qmoqdan ena ketdim.
Ular ham bir amallab quyiga, aslida soy o‘ggan yerga tupshshdi. Men qiryuq bag‘rida qorayib turgan o‘yiqqa engashib kirdim. Keyin boshqalar ham kirishdi. Tepadan yorug‘ tushib turardi, biz chang‘arog‘i ochiq o‘tov ichiga kirgandik: biqinlarni suv yemirib, kamar qilib yuborgan…
— Mana shu yer nimasi bilandir Teshiktoshni eslatadi, a, Ismat? — dedi Nurilla. — Eshitgansiz-a, Odil aka, neandertal odami yashagan torni? Tashqariga chiqsak, ko‘rinadi!.. Tog‘i ko‘rinadi-da! Katman choptining…
— Bo‘ldi, bo‘ldi. Bilaman, — dedi Odil aka va yana birdan yayrab ketdi. — Ajoyib mamlakat… He, yigitlar, buni sevinglar, bu bilan faxrlaninglar… Xato qilmasam, Teshiktosh — O‘rta Osiyoda yagona tor.
— Yagona, — dedi Ismat.
— Shu-shu. He, Odil aka, bilasiz! — deb taltayib kuldi Nurilla. — Mana bu Ismat bo‘lsa, o‘qimagan, bilmaydi… Kitobim chiqdi, deydi. Ishonmayman shuning asar yozishiga… Muning aftiga bir qarang: nahotki shu yozuvchi bo‘lsa?!
— Otaman seni, — dedi Ismat. — Keyin semiz bir qobonni otdim, deb hikoya qilib yozaman.
Shu payt Baxtiyor shoshilib burildi va teshikdan sirtga chiqdi. Ismat ham g‘uldirab uning izidan chiqdi. Nurilla menga hayratlanib qaradi. Men unga. Shu payt tashqaridan Ismatning:
— Nuri-il! — degani eshitildi.
— Bo‘ldi, uloq chiqib qochgan, — dedi Nurilla. — Chiqaylik, Odil aka. Kaytishda yana kiramiz. Bu torning davomi bu yokda… Bir kun yursangiz ham oxiriga yetolmaysiz…
Odil aka allanechuk zavqlanib turardi.
— Uloq qochib ketgan bo‘lsa, nima qilasizlar? — dedi. Xuddi uning qutilib ketishidan manfaatdor odamdek. — Shoshmanglar, bu savol-da.
— Javobi shu, — dedi Nurilla. — Shopirdi yeymiz… E, kulasiz-a, Odil aka…
— Yuringlar-e. Omon bo‘linglar… Sizlarning muomalalaring ham unikalni…
13
Havo qiziyotir: har do‘ngalda, yonbag‘irda sarob jimirlaydi. Qushlarning ovozi yiroqlardan keladi. Tuproq yo‘lda ilon izlari. Osmon kengayib va chuqurlashib ketgan. Biz uchovlon ham tabiatning bir tolg‘in bo‘lagidek so‘qmoqda turibmiz: qoshlar chimirilgan, yuzda horg‘inlik.
Chiqib kelgan yo‘limiz he-e pastlikda, o‘yikdan o‘rlab kelganga o‘xshaydi. O‘yiq oyog‘ida — qishloq qorayib ko‘rinadi. Yo‘lning davomi bir aylaniboq palaxsa toshlar sochilib yotgan — qo‘tir qirga tirmashadi. Qirning o‘rkachlarida palaxsalar yirik-yirik va tobora o‘sib kattarib borganga o‘xshaydiki, oqibat darz ketgan cho‘qqilar hosil qiladi.
Biz beixtiyor o‘sha tomonga qarab-qarab qo‘yamiz. Nimagaki, uloqning daragi o‘sha yoqdan chiqadi: uloq-echki jonivor hamma vaqt baland-buzuq joylarga qochadi. Olis avlodlari kiyiklarni eslarmikan qochayotganda…
Tabiiy, Baxtiyor u yoqqa oldin chopib ketgan. Ismat keyin unga ergashgan…
— Odil aka, moshinaning soyasiga o‘ting. O‘ting, aka. Kun o‘lgir qizidi. Tosh-da tosh… Yarim soatdan keyin jannatga boramiz. Shukur, Qo‘qqiyaning nari o‘ngirida yaxshi shabada bor-da… Qiziq, qishin-yozin esib turadi…
Nurillaning gapidan maqsad — Odil akani ovutish, chehrasini ochish.
Odil aka so‘zni to‘g‘ri qabul qiladilar va miq etmay moshina yoniga yo‘l oladilar. Biz ham burilgan chog‘da yuqoridan shovqin keladi:
— Ketdi-ii!
Qaraymiz: qora-sarg‘ish uzun junlari (qil deyishga til bormaydi) selkillab va yaltillab tushib kelyapti uloqcha. Naq ustimizdan enadi.
— Shukur, Shukur, — deb tashvish-la shivirlaydi Nurilla. Xatosiz anglayman: jonivor o‘tib ketib qoladi: biz ham quvlab tutolmaymiz bu bug‘doypoyalar-da. Uni to‘xtatib qolish uchun nima qilish kerak? Bitta yo‘l bor.
Men:
— Hozir, — deyman Nurillaga va otilib, kabinaga suqilaman. Timirskilanib, orqa oyna tagida cho‘ziltirib qo‘yilgan birotar ov miltig‘ini olaman. So‘ng o‘sha yerdagi dasturxonu karzinalarni nari-beriga surib, uch-to‘rtta karton patronli o‘q topaman. Ikkitasini olib, yerga tushaman-da, birini darhol miltiqqa joylayman. Va shu yerning o‘zidayoq qo‘ndoqni yelkaga tirab, uloqni nishonga olaman: ko‘kragi o‘ng keldi. Bo‘lmaydi: go‘shti qorayib ketadi… Hozir, hozir. Baribir buriladi…
Haqiqatan ham uloqcha bizga ko‘zi tushib, naq tikanli bug‘doypoyaga buriladi va bizlar qimir etmay turgan esak-da, maqsadimizni juda yaxshi biladigandek sakrab-sakrab yonimizdan o‘ta boshlaydi. Mey uning oldingi oyoqlarini nishonga olaman: cho‘kkalagan ko‘yi dumalab yonimizga tushadi…
Shunda sezamanki, yonimda uzatilgan qo‘l miltiq stvolidan ushlaydi.
— Ha? — deb baqirganimni sezgan paytimda Odil akani ko‘raman. — Nega?
— Otmang, iltimos… — U kishining chehrasida qandaydir xavotirmi-iztirobmi, ishqilib omuxta bir ifodani ko‘raman va beixtiyor xavotirlanib qolaman.
— Nimaga?.. Kechirasiz, u ketyapti… Odil aka, qo‘lingizni oling.
— Shukur!
Men do‘qni eshitaman va a’zoyi badanim bo‘shashib ketadi. Ammo hamon umidvorlik bilan uloqning ketidan qarayman: oltmish-etmish metrlar pastladi. Hozir ham…
Shunda ro‘paramizda Baxtiyor ko‘rinadi va nimagadir qoqilib uchib tushadi. Uning ortidan chiqqan Ismat mendan nafratlangan kabi baqiradi:
— Nega otmay turibsiz?
Nurilla ishora bilan Odil akani ko‘rsatadi. U pishnab to‘xtaydi-da, Baxtiyorni so‘kadi:
— O‘l-e, to‘g‘ri yo‘lda yiqilib yursang! Tuf de, kal bo‘lasan… Sendan odam chiqmaydi! O‘lay agar sen bilan yursam, ochdan o‘ldirasan meni… Matlabga aytib, ishdan haydatmasam ko‘rasan! Hoy, qayaqqa borayapsan? Moshinani min! Hayda! — Ismat oldimizdan o‘tadi. — Kechirasiz, Odil aka, unga yetib bo‘lmaydi… E, pichoqni ol, Nurilla!
Nurilla ixtiyorsiz bir tarzda biqinini paypaslaydi-da:
— Kabinada! — deydi.
Men miltiqni buklab, patronni olaman. So‘ng stvol ichiga bir ko‘zimni qisib qarayman: kirlanipti… Puflayman. Keyin Nurilladan so‘rayman:
— Bu kimning miltig‘i o‘zi?
— Matlabniki bo‘lsa kerak… Ertalab Ismat so‘raganda, «moshinada bor», deb edi.
Shunda anglab qolamanki, Odil akani (qandaydir) xijolatdan xalos qilishni istayapmiz.
14
Odil aka asta burilib, xarsang yoniga bordi. Keyin binafsha rang bo‘lib gullab turgan abruk tupidan bir changal yulqib olib hidlagancha qoyaning u tomoniga o‘tadi-da, soyga qarab o‘tiradi.
Biz ko‘zlarimiz qisinqirab, etakka qaraymiz: uloqcha hamon qochib borayapti… qutilib ketadigan-dek. Moshina uning izidan tushgan, chang ko‘tarib ena-yapti.
— Shukur, xafa bo‘ldilar, — deydi Nurilla ulog‘-u moshina haqida gapirayotganday.
— Ha, — deyman. — Ismat o‘lgurning gapiyam tegdi… Yuring, ko‘nglini ko‘taraylik.
— Sezilib qoladi, bir minut sabr qiling… Cheking. Gugurtcho‘pni tashlamang…
— Moshinada ketipti.
— Yaxshi odam-a?
— Ha..
— Ko‘ngli ochiq ekan… — So‘ng qiqillab kuladi… — Munday odamni aldash oson.
— O‘ling.
— Omadi gap-da bu… Sodda ekanlar. Ey, nimaga shunday bo‘ladi, a? Oybekniyam ko‘p aldashar ekan-a? Xotini sotib olgan ko‘mirga pul to‘lab yurganmi?
— Ular ishonadi, — deyman tumshayib. — Ishonishni istaydi… E, bir-birigata ishonmasang, bu dunyoning nima keragi bor… Bilaman, siz hech kimga ishonmaysiz…
— Obbo! Axir, bolalikdan birga o‘sdik… Biron marta sezdingizmi sizni aldaganimni?
— Boshqalarni-chi?
U yana kiqillab kuladi.
— Milisa xalqi sergumon bo‘lishi kerak… Lekin, menimcha, Odil akaning ko‘ngliyam bo‘sh ekan.
— Bilmadim… Lekin joyi kelganda, otasiniyam ayamaydi! Shu… bo‘riday tashlanadi. Ko‘rganman-da… O‘zi mard odamlar sodda keladi, to‘g‘rimi?
— Shu gapingiz to‘g‘ri… Ana, tutishdi! — Nurilla shodon baqirib yuboradi.
Haqiqatan ham, moshina to‘xtagani, Ismatmi, Baxtiyormi chang ichida cho‘nqayib o‘tirganiga ko‘zim tushdi. Va asta Odil akaga qarayman. Nurilla ham qaraydi va ikkovlon jilamiz. Odil aka ham o‘rnidan turadi va aftidan nimadir deyish uchun:
— So‘yib opkelsa kerak, a? — deydi.
— Albatta, — deydi Nurilla. — Echki shayton bo‘ladi-da, Odil aka. O‘lishini biladi. Shuning uchun anavinday bog‘lab qo‘yib pichoqni qayray bering, bag‘illay beradi…
— Baribir yirtqichmiz-da… — deydi Odil aka.— Shuni boqamiz, tarbiya qilamiz-da, bir kuni so‘yib yeymiz… Shukur, sen ham shafqatsiz ekansan…
— Gap bunda emas, Odil aka, men shunchaki… Ana, qochib ketdi. Baribir so‘yildi…
— Yo‘q, Shukur, baribir Odil akam haq, — deydi Nurilla. — Uy hayvonini otish, a, Odil aka, sal… nomarddik. Kechirasiz, Shukur, o‘sha paytda miltiq qo‘limda bo‘lsa, men ham… — U yana qiqillab kuladi.
Odil aka esa o‘z harakatiga, nihoyat, sabab topganday:
— Konechno, nomardlik bo‘lardi, — deydi va butun vujudi ishonchga to‘ladi. — O‘zlaring mard yigitsizlar… Har bittalaring — bir shaxs. Bu —maqtash emas. Hatto Xayrullaning «chuchmek» deganlariga chiday olmasdan birovlarni urishi ham menga yaqdi: odam o‘zini, sha’nini himoya qilishi kerak… To‘g‘ri, bu ishni har kim har xilda qiladi… Masalan, Sobirjonning avtamatni kamandiriga qaratishi ham — bir jasorat, himoya…
— To‘shyunchasi yo‘qolsa, tribunalga berishadi-ya? — o‘zini anoyiga solib so‘raydi Nurilla.
— Shak-shubhasiz! — deydi Odil aka va bu masalaga nuqta qo‘yganday yengil tortib, o‘rnidan turadi. — Kelishayapti… Ismat ham yaxshi yigit. Lekin uning jismoniy kamchiligini yuziga solish, menimcha, yaxshi emas.
— Vey, Odil aka, uning kamchiligini yuziga soldimmi? — deb hayron bo‘ladi Nurilla. — Men faktni aytdim, xolos. Kamchilikka keladigan bo‘lsak, uning turgan-bitgani… Astag‘furillo! Kechirasizlar.
Kulamiz. Odil akayam silkinib kuladi-da:
— Unday bo‘lsa, men… masalan, kaminaga qanday baho bergan bo‘lur edingiz?
Nurilla menga ko‘z qisib yuboradi-da:
— Sizmi? Yusuf payg‘ambardan tirnoqcha farqingiz yo‘q, — deb xitob qiladi.
Odil aka buralib-buralib kuladi.
— Yusuf payg‘ambar… Him, masalan, ko‘rganmisiz u zotni? — Keyin mening bilagimdan ushlaydi. — Men Yusuf payg‘ambarga o‘xshar emishman… O‘zini ko‘rganmisiz? — yana so‘raydi.
— Ko‘rganman, — deydi Nurilla. — Xuddi o‘zisiz. Uyam yozuvchi bo‘lgan. «Yusuf-Zulayho»ni yozgan.
Odil aka yana chayqalib-chayqalib kuladi. Men zsam Xudoga shukrona aytaman. Odil aka o‘zimizniki bo‘ldi-qoldi.
15
«Gazik» yetib kelgach, har qaysimiz o‘z joyimizga kirib o‘tiramiz.
Va moshina palaxsa toshlar sochib tashlaganday adir betidan g‘ingshib, lo‘killab o‘rlar ekan, kechagi o‘tirishning ta’siri bilina boshladi: Ismatning ko‘zi yumilib-yumilib ketadi, Nurilla uning yelkasiga butun og‘irligini tashlab oladi. Men oyog‘imiz ostida cho‘zilib yotgan — allaqachon qotib qolgan uloqchani nari-beri suraman va Odil akaga qarab-qarab qo‘yaman.
Nihoyat, past-past archalar uchray boshlaydi va o‘rkachdan esayotgan shabada ularning bo‘ylarini olib keladi. Men, nihoyat, yengil tortaman: endi Odil aka yayraydi albatta. Tog‘ni ko‘rganday bo‘ladi.
Odil aka yangi manzara ta’sirini boyagi so‘ziga ulab yuboradi:
— Axir, shu yurtni… o‘zlaring ham sevibgina qolmay, uning himoyasiga ham tayyor turasizlar-ku? Yoki xato qilayapmanmi? Shukur, meni tuzatib qo‘y.
— Xato qilgan bo‘lsangiz, albatta, tuzatardim, — deyman men. — Biroq, bizga oshiribroq baho berayap-siz, xolos… To‘g‘ri-to‘g‘ri, bu — bizning vatan…
— Odil akaniyam vatani shu, — jahl bilan deydi Ismat.
— Ha, albatta, — deyman men tezgina va Odil aka:
— Turkiston ham sizlarniki, — deb menga qarab qo‘yadilar. — Sho‘rlik Turkiston… Kaftdekkina joyni shu nomda ataymiz hozir. Shungayam qarshilik qilinmayotgani uchun shukur qilamiz…
— Nichevo, — deyman men. — Hali hammasi bitta bo‘ladi, Odil aka… Bu — bashorat emas. Bu – fakt… Yigirmanchi yillar, Turkiston muxtoriyatini eslang, hamma xatti-harakat shu yo‘lda: mustaqillik, ozodlik, Turkistonning birligi uchun bo‘lgandi… Cho‘lpon, Qodiriylar, Fitratlar…
— Da-da, hammasining g‘oyasi shu bo‘lgan, — ta’kidlaydi Odil va piq-piqlab kuladi. — Oramizda shipiyan yo‘q-a? Yo‘q… Hazillashdim. — So‘ngra oynadan yiroqlarga shoirona tikilib turib, davom etadi: — Ajabo, hammamizning ko‘nglimiz bir-a? Yaratganga shukur deysan kishi…
— Ko‘nglimizmi, ko‘nglimiz, albatta — bitta, — deb qo‘yadi Nurilla.
— Bunga shubha bo‘lishi mumkin emas, — deydi Ismat bo‘g‘ilib. Va yo‘talib qoladi-da, burchakka tikilib g‘uldiraydi: — Faqat mana shu jandarmeriyadan xavfim bor.. Odil aka, buning ko‘ngli shu yerda, deysizmi? Xato qilasiz, og‘ajon… Bu! Bu — manfaatning quli! Ichi buzuq, kir…
Unga jilmayib, sabr qilib turgan Nurilla birdan kafti bilan og‘zini yopadi.
— Odil aka, buyuring, bu buzg‘unchini nima qilay? Shu Zovboshidan tashlab yuboraymi?
Odil akani bularning gap-so‘zidan ko‘ra aytilgan bir nom ko‘proq qiziqtiradi.
— Nima «boshi?»
— Zovboshi… — Nurilla ham beixtiyor Ismatni bo‘shatib, o‘ng tarafga qaraydi-da, menga shivirlaydi: — Tomchi buloqda to‘xtaymizmi?
— Mayli, suvi bo‘lsa…
— Suvi bo‘ladi, — deydi va shofyorga buyuradi: — Baxtijon, huv qamishlar yonida bir oyoq ildir… Suvi bor ekan… Archaning soyasiga hayda…
16
Moshina darz ketgan yassi tosh ustiga qalqib chiqib to‘xtaydi. Biz shodon inqillashib, pastga tusha boshlaymiz. Ismat karzinani ko‘tarib tusharkan:
— Ko‘p to‘xtamaymiz-da, — deydi. — Yuzta-yuzta uramiz-u, dalshi olg‘a! — Va Baxtiyorga baqirib yuboradi: — Ko‘rpachani olmaysanmi? Seni to‘shab o‘tiramizmi?
— Pajolista, — deydi shofyor. — To‘sholsangiz…
— O‘lmapsiz shu askiyangiz bilan… Armiyaga borib, kantujin bo‘p keldi… Odil aka, hazil emas, xayoli kirdi-chiqdi bo‘lib qolgan buning.
Zov labiga borgan Odil aka pastda osmon qadar keng va chuqur darani qoplab yotgan changalzor-jungliga tikilar ekan, sergaklanib qayriladi.
— Nima? Bu kishiyam Afg‘onistonga borganmi?
— Qayta Avg‘onistonga borsam yaxshi edi, — deydi Baxtiyor. — O‘zim bilardim nima qilishni…
Ajabo, shuncha manzara Odil akaning yodidan chiqib ketadi va Baxtiyorga boshdan-oyoq zehn solarkan, ko‘ziga bir nima ko‘rinib ketganday shimolga — tuya o‘rkachiday ko‘tarilib ketgan qirlar oralig‘iga tikilib qoladi.
Biz ham beixtiyor o‘sha yoqqa boqamiz-u, oraliq ado-g‘ida — ko‘ndalang o‘tgan tepalik ustida, qo‘sh archa tagida turgan g‘alati moshinaga ko‘zimiz tushadi: usti chodir bilan yopilgan… G‘alatiligi shundaki, u osmondan tushib qolganday, illo, u yerga moshina zoti chiqa olmaydi.
— Ismat, nima u? — deyman.
— Moshina, — deydi Ismat. — Ey, Baxti, durbining bormi?.. Mirshab, ular kimlar bo‘ldi? Tutun chiqayapti… He, ko‘r bo‘l. Chaproqqa qara! Quruq o‘tin yonayapti. Shuning uchun tutuni siyrak… Ey, tepada archa o‘sib turipti…
— Ha, kim bo‘lsayam — begona, — dedi Nurilla. — Moshinasi… U yerga tiraktir chiqipsh mumkin, Odil aka… Yo sen chiqolasanmi, Baxtiyor?
— Be, shu yerga zo‘rg‘a chiqdim-u, — dedi Baxtiyor va ikkilanmay aytdi: — Ular voyennilar bo‘lishi kerak… Moshina voyennilarniki. Ko‘rinib turipti-ku? Ustidagi tent. Bortovoy… Dam olishga kelgan bo‘lishlari kerak…
— Ha, Termiz tomondan kep turishadi. Bola-chaqasi bilan, — tasdiqlaydi Nurilla. — Lekin o‘sha yoqqa chiqishi shartmidi… Ismat? O‘ yerda suv yo‘q.
— Ketdik, Odil aka, — deydi Ismat va darhol so‘ziga tahrir kiritadi: — Men borib kelay…
— Borsak, birga boramiz, — deydi Nurilla.
— Bo‘lmasa, yur!
— Odil aka, siz o‘tira turing… Shukur, Zovni ko‘rsating. Zov degani — tik-tekis bet…
Hamon u yokdan ko‘z uzmay, ammo gap-so‘zni tinglab turgan Odil aka favqulodda qizarib ketib:
— Nega… nega meni qoldirmoqchisiz? — deb zug‘um qiladi. — Nima bu? Meni ayaganingizmi, Nu-rilla?
— Kechirasiz, jon Odil aka, — deb yolvoradi Ismat. — Marhamat! O‘zingiz yo‘l boshlang. Biz endi…
— Xvatit. Meni ayab…
— Bir qoshiq qonimizdan keching… Shukur, ketdik! Ey, Baxtiyor, sen ko‘rpachalarni to‘shab… anavi archaning soyasiga tushib, a… zakuskani…
— Hammasi tayyor. Men ham boraman, — deydi yigitcha va beixtiyor jilamiz.
17
Ketayapmiz-u, ich-ichimdan quvonaman: «Xayriyat-e… Odil aka o‘zimizniki bo‘p qoldi hisob. Yo‘q, bizni o‘ziniki sanaydi. Yaqinlik shuncha bo‘ladi-da… Uning yurishini! O‘z bog‘ida yurganday! Qanday chiroyli…
Vey, odamzodning bir-biriga yaqinligida ulug‘ bir sir, balki qudrat bor-ov! Yo‘g‘asam, nega muncha xursandman?.. Allaqanday Otaboy qishlog‘ida tug‘ilgan bir o‘zbek bu yerda, o‘-o‘, olamning bir burchi-go‘shasidagi o‘zbeklar orasida «meniki» deb borayapti… Vey, millatdayam o‘sha sir-qudrat bor-ov…
Shukur, bu narsalarni kashf etganingdan ham baxtiyor bo‘l. Bu — tansiq holat…
Bilasan: do‘stlik yaxshi, yaqinlik — yaxshi… Ammo uni qalbdan tuyish…
Ajab, shu daqiqalarni orzu qilganmiding bu yoqqa jo‘nagan onlaringda? Yo‘q, shunchaki…
Shak-shubhasiz!» — deyman keyin va bu masalaga nuqta qo‘yaman.
Aytish lozimki, biz to‘rtovlon, yo‘g‘-e, beshovlon qandaydir shahd bilan odim otardik: kimlar ekan u yerda— bizning archalar yaqinida bemalol o‘t yoqib o‘tirganlar? Hammayoq qup-quruq o‘t-xashakka to‘la, bir gugurt chaqib tashlasang yoki gulxaningdan bir cho‘g‘ uchsa, pov etadi: yong‘in qoplaydi bu olamni. Tutun ichra qoladi bu olam va keyin o‘t so‘nib, tutun tarqalganda, jahan-nam siyog‘ini ko‘rasan kishi: bunday voqealar bo‘lib turadi.
Xayolimdan cho‘chib ketib, tezroq odim otaman. Va sezamanki, o‘zgalar ham men kabi… jim va jadal bo-rayapti: chigirtkaning ko‘pligi-e!
Oldimizda chirt-chirt etib, o‘ng va so‘lga uchadi: go‘yo bizga shoshib yo‘l bo‘shatadi…
Yo‘limiz, ya’ni, qirlar orasi — ulkan bir daryoning qadim o‘zanidek, va o‘zan kabi buriladi-da, biz kengroq joyga chiqib qolamiz.
Ko‘ramizki, qarshimizda tepalik ustidagi moshina yonida qoqqan qoziqdek bir ola-bula kiyimli askar turipti. Qo‘lida durbin, karabin-miltig‘ini soniga suyab qo‘ygan. U miltiqni olib, durbinni qo‘yvoradi va pastlikka, ya’ni, shundoq qarshimizga qarab nimadir deydi. Va biz endi ko‘z-durbinimizni uning ovozi yetib kelgan joylarga qaratamiz-u, daf’atan ko‘ramiz: baland-baland archalarning tagida uchtadan-beshtadan bo‘lib askarlar, keling, soldatlar deyin, o‘shalar chalqancha yotishipti, shu ko‘yi oyoqlarini chalishtirib olishganki, etiklarining osti bizga qarab turipti. To‘rda — chaproqdagi qari archa ostidan tutun o‘rlayapti, ikkita soldat bizga orqa o‘girgan holda cho‘nqayib nimadir qilishyapti.
Ulardan berirokda, tekisgina joyda o‘ndan oshiq miltikdar konus shaklida bir-biriga suyab qo‘yilganki, qandaydir filmlardagi jangdan qaytgan jangchilarning hordiq olayotgan chog‘ini yodga tushiradi.
18
Ajabo, shu daqiqaning o‘zida ko‘nglimda bir rahm-shafqat hislarini tuydim: bu boyoqishlar qayerdadir — Termizning oltmish darajali jaziramasidami xizmat qilishadi: bizning chegarani qo‘riqlashadi…
Ammo shu soniyaning o‘zida bu his so‘ndi: darvoqe, bular — istibdod tuzumning qo‘riqchilari-ku!
19
Tentning cheti ko‘tarilib, kabinadan kimdir erinib tusha boshladi va archa ostidagi askarlar ham birin-ketin qoqinib ryoqqa turishdi. Men do‘stlarimga qarasam, barchasida sergaklik: axir, ular ham Termizdagi voqealarni eshitib turishadi.
Faqat Odil aka bu ishlardan bexabar edi — bu hol tezda bilindi.
— Zdravstvo‘yte, rebyata! — dedi Odil aka. Bir-ikkitasi qiyshayib-kerishib:
— Privet, — dedi.
— Otdixayete?
— Da, tak…
Shu payt kabinadan miqti kapitan tushdi. Chayqalib ketdi-da:
— Kto oni takiye? Kto vы takiye? — dedi bo‘g‘ilib.
— Mы zdeshnne lyudi. A vы kto takiye? — dedi Odil aka. Va bizlar bir-birimizga qaradik. Barchamizning ko‘zimizda hadik paydo bo‘lgan edi.
— Odil aka, — deb shivirladi Nurilla. — Bular boshqachaga o‘xshaydi…
— Nima? — dedi Odil aka Nurilladan jirkangan kabi. — Bu nima deyapti, eshityapsizmi?
— Eshitdim-u, Termizda…
Men ham beixtiyor «Termizda…» deganimni bil-may qoldim.
Illo, Termizda xususan Afg‘on urushidan qaytgan Rus askarlari «xo‘jayin»lik qilayotgani, o‘zlarini baayni «maradyorlar» kabi tutayotganini Uchqizilda yashaydigan singlim Barnodan ham eshitgan edim. O‘sha yerdagi askarlar singlimning do‘koniga ham tushishgan ekan.
Xayriyat, ularning izlari qumda qolgani…
— Prichyom Termiz? Yo‘q, siz buning gapini o‘ylab ko‘ring. Ma’nosini…
— To‘g‘ri, mensimayapti, — dedi Ismat. — Lekin, Odil aka, bular bilan yaxshilikcha xayrlashish kerak… Meniyam g‘irt esimdan chiqipti, Termiz…
— Yana Termiz deydi… — Shunday yonimizdagi archa ostidan yukxaltasini sudrab jilgan askar kapitanga bir nima dedi-da, nariga o‘tgan paytida xaltaning og‘zidan birin-ketin ikkita oqqina quyon tushib qoldi.
Bilmay qoldim — nima bo‘ldi menga? — ildam borib, quyonlardan birini ko‘tardim. Qulog‘idan tutib, qorniga boqdim: qizil-qizil emchaklari bo‘rtib chiqib turardi. Nazarimda, ahmoqona kulimsirab, quyonning qornini Odil akaga qaratdim.
— Bolasi bor, sutga to‘la… — So‘ng biqinini ko‘rsatdim va o‘zim ham ko‘rdim: ichiga cho‘kib ketgan, yolg‘iz o‘q bilan otilgan. — Mana, hali qotmagan…
Fahmimcha, Odil aka ham mening holatimga tushdimi, gangib kelib, quyonning mammalariga va o‘q teshib o‘tib ketgan ko‘kragiga egilib tikildi. Keyin ko‘ziga qon to‘lib alangladi va uni shartta qo‘limdan olib ko‘tardi.
— Chto eta takoye? Ya u vas sprashivayu? — dedi beixtiyor yarim aylanib. Va kapitanga yuzlanib qoldi. — Nu, vы otvichayti, tovarish kapitan?
Endi o‘ylab qarasam, o‘shanda men-u Odil akaning telbanamo qiyofamiz va quyonni bemalol tomosha qilishimiz, so‘ngra uning atrofga ko‘rsatilishi favqulodda soldatlarni tek qotirib qo‘ygan ekan.
Kapitan birdan chang solib, quyonni tortib oldi va egasiga otib yubordi.
— Nu, kakoy otvet tebe nado, kazax? — dedi. Va shahd bilan yonidan to‘pponchasini chiqardi. Keyin negadir xo‘rlangan-tahqirlangan kabi ovozda chiranib baqirdi: — Rebya-yata! Akrujat ix… etix cherna… ix!
Askarlardan uch-to‘rttasi shoshilinch miltiqlarini qo‘lga olishdi. Qolganlari norozi qiyofada bir-biriga zimdan qarashgani, hatto bittasi shofyorga: «Uni ushla» deganday imo qilganini ko‘rib, sal yengil nafas oldim.
Do‘stlarim karaxt edi. Ular ham vaziyatni anglash-di va bir yengillik sezildi.
Odil aka esa hayron edi, xolos… Keyin bemalol o‘ngu so‘lga qarab kuldi.
— Nu, vm molodtst, — dedi. — Ne ojidal, ne veril… Nu, chto j, strilyayte, svolochi! — shunday chinqirib yubordiki, o‘lay agar, to‘pponcha-yu miltikdan emas, u kishining ovozidan qo‘rqib ketdim va shu onning o‘zida shunday quvonch ichimdan chiqdimi, ichimga kirdimi, entikib qoldim. — Banditi! — baqira boshladi Odil aka. — Ne voini vm… Ya teper — nakonets uznal, kto vt takiye… — Keyin yana nutq irod qilayotganday davom etdi: — Xotya ya slujil… v Manchjurii! Zashishal etu vlast…
Shu payt hali shofyorlariga ishora qilgan soldat shaxdam yurib kelib, kapitanning to‘pponcha tutgan qo‘lini ko‘tardi-yu, bilagidan ushladi. So‘ng asta pasaytirib, qurolni g‘ilofiga soldi. Keyin Odil akaga qarab:
— Ne ari, starik. Ubiraysa! — dedi.
— Ya? Mne tt govorish? — battar chinqirib yubordi Odil akava biz tamom bo‘ldik. — Tm, vm, vse vn ubiraytes k chortu! Eta — maya, maya rodina, ponimayesh! Rodina… Maya zemlya… Ya — zdes xozyain. A vm vse…
— Xorosho, xorosho, — dedi haligi soldat va kapitanni itarib, keyin ko‘tarib, kabinaga joyladi. Eshikni sharq etkazib yopishi bilan moshina jildi. Soldat — soldat ekan-da: «pashli, pashli» deyishib, miltiqlari-yu safar xaltalarini olishib, chopishib, bortga chiqib olishdi.
Oxirida kuzovga chiqqan boyagi yigit ko‘zini qisib qo‘yib, mushtumini bizga, to‘g‘rirog‘i, Odil akaga to‘g‘riladi-da, qo‘lida to‘ppponcha bordek, ko‘rsatkich barmog‘ini bosib qo‘ydi. Keyin kulib, u yoqqa qaradi. Moshinalari vezdexod kabi silkinib-silkinib yelib tushib ketdi.
Odil akaga qarasam, rangi oppoq: hamon jahldan tushmagan. Xrlbuki, biz tirik qolganimiz uchun shukr qila boshlagan edik: bunga shubham yo‘q.
— Yaramaslar, — dedi Odil aka nihoyat. — Qaranglar-a, tavba… Vabshe, bu aqlga sig‘maydi… Uf! Chekishga bormi? A-a, pastda qolgan edi. Ketdik…
Biz do‘stlar yana bir-birimizga qarab olishar, to‘g‘rirog‘i, biz Odil akadan hayratda edik. Shu hisning oqibatidami, darhol «ketdik»ga bo‘ysunib, qimirlay qoldik. Va so‘zsiz, tarang bir holatda anchagina yurib qo‘ygach, xotirjam tortib, tilimiz chiqa boshladi, illo, bizga Odil akaning holati yuqqan ediki, bu holat ayni chog‘da — buyuk bir saboq ham edi.
20
Zovboshiga engach, shu yerdan jilgimiz kelmay qoldi: uning pastidagi bahaybat qozondek daraning qalin-ibtidoiy changalzorlariyu, huv yiroq janubda tasmaday oqarib ko‘rinib turadigan Amudaryoning sehri-tarixi, qolaversa, bu yerlarning endi bizga esdan chiqmas esdalik bo‘lgani ham, pirovardi, o‘zimizni bu yerda beixtiyor qo‘riqchilardek tuyganimiz ham bunga sabab bo‘lsa kerak; balki boyagi bir necha daqiqalik to‘qnashuv bizni favqulodla toliqtirib qo‘ygan ediki, tappa-tappa o‘tirib cho‘zilish va o‘sha voqeaniyu keyingi holatlarimizni hazm qilishni istardik…
Tik turgancha yarim piyoladan otib olgach, lablarimizga kulgi yugurib, tandirkabob tashvishiga tushib ketdik. Nurilla tosh qalab tandircha qurishga tushdi. Ismat uloqni muzxonadan olganday ko‘tarib, qamishlar ortida terilay boshladi.
Men negadir miltiqni olib, tomosha qilaman, hidlayman va hatto shuniyam uyoqqa olib bormaganimizni o‘ylab, hayron bo‘laman: axir, soldatlardan qo‘rqqulik edi…
Odil aka dam chordona qurib o‘tiradi, dam ildam turib, shahar ko‘chasida kezgandek nari-beriga borib keladi: qo‘li orqasida, boshi egik, ba’zan kulimsirab:
— Shukur, qiziq bo‘ldimi… — deydi-yu, daraga va uzokdagi daryoga qarab qoladi. — Juda katta-ya bu mamlakatimiz… E-hee, masalan, Kobul…
— Toshkent bu yoqda…
— Bilaman, — deb shimolga buriladi-yu, ko‘zi yo‘lga qadalib qoladi. — Bu yerdan moshina o‘tib turar ekan-da… Bu yakda qishloqlar bo‘lsa kerak, a?
— Ha..
Shunda Baxtiyorning ovozi eshitiladi:
— Matlab akalar kelishyapti!
Ko‘rishuv. Shunda bir nozik hol seziladi: biz ularni sog‘inib qolganga o‘xshaymiz, yo‘q, biz ular bilan qayta uchrashmasligimiz ham mumkin edi-yu, uchrashganimizdan baxtiyormiz. Ular, tabiiy, nechun bu yerga qo‘nib qolganimizni so‘rashadi va bizlar — har kim o‘zicha kulimsirab va ayni chog‘da iymanish aralash g‘urur bilan kechgan voqeani ayta ketamiz.
Odil aka «qahramon»ga aylangan chog‘da men ich-ichimda buyuk qanoatni tuyaman va maqtangim keladi: «Yozuvchilar borki, durust yozadilar. Ammo shaxs sifatida… gaplashging kelmaydi. Ular sizu bizga do‘st ham bo‘lolmaydilar. Chunki odamga «material» deb qarashadi, o‘zlari bilmagan holda… Ha, Shaxs-Yozuvchilar kam bo‘lar ekan: xayriyat, bittasi yonimizda…»
— Ha, Odil aka, yamon ekansiz, — deydi Ismat.
— Him, men ham qoyil bo‘ldim, — deydi Nurilla.
— Men qo‘rqib edim, — deydi Baxtiyor. Odil aka esa:
— E, eto uje slishkom, — deb chayqaladi. — Man ham bittalaringman, masalan… Endi o‘ylab qarasam, o‘sha yerda soddalik ham qilibman ekan… — Keyin piqillab kuladi. — Otib qo‘ysa, a, Shukur? Kennayingga nima der eding?.. Kelinglar, eslamaylik. O‘tgan ishga salovat. Bu yog‘iga omon bo‘laylik. Bir-birimizga mehr-oqibatli bo‘laylik, masalan…
— Masalan, sizday yozuvchilar bizga qancha tez-tez kelib tursa, shuncha o‘samiz, ko‘nglimiz o‘sadi, — deydi Matlab va hayqirib yuboradi: — Akamiz uchun! Biz ulkan yozuvchini emas, jigardek og‘amizniyam ko‘rib turibmiz!
Shunda Sobirjon:
— Shukur aka, siz biron narsa yozing, — deydi. — Shu safar haqida…
— Da, yomon bo‘lmasdi, — deb qo‘yadi Odil aka ham. Va Abduqayumni eslab so‘raydilar: — Qani u?.. Tashlab keldinglarmi to‘yxonaga? Bironta kuy chertib berardi…
— Keladi. Bugun tog‘da dam olamiz, — deydi Matlab va kuladi. — Yovni haydabsizlar. Ko‘ngil tinch… — Keyin uzun qo‘lini uzatib, Odil akaning kiftidan quchadi.
Baxtiyorning yonida chekib turgan ukam:
— E, yashanglar, Shukur aka. Uyalib ketyapman men… — deydi. — Yozing endi bir narsa, o‘zingizni oqdang… Yozuvchi. Yozuvchi mana Odil akaday bo‘ladi. So‘ziyam, harakatiyam — bir. Kitoblaridagi geroylariday…
Ukam mening ko‘nglimdagini aytgan edi…
Oradan o‘n yillar o‘tib, bir munosabat bilan o‘sha voqeani xayolan ko‘z oldimga keltirib, ushbu hikoyani bitdim.
Bu yog‘i boshqa hikoya…
1982—1994 yillar