Hikoyalar to‘plamining ikkinchi jildi nashrga tayyorlanayotgan chog‘larda Shukur aka: «Ozodlik»ning ostiga «Nabijon Boqiyga bag‘ishlayman. Muallif» deb yozib ko‘ying, iltimos», dedi. Bu hikoya, chamasi, o‘n yil burun «Vatan» gazetasida sonma-son e’lon qilingan, lekin o‘shanda bag‘ishlov yo‘q edi. Chunki o‘zim o‘sha gazetada xizmat qilardim, endi to‘plamning muharririman…
Shukur akaning bunday deyishlariga sabab xrkoyaning yozilishida — gazetachi sifatida «bo‘ling-bo‘ling»lab hol-jonlariga qo‘ymagan edim. Har bir narsani adolat mezoni bilan o‘lchaydigan yozuvchimizning bu iltifotlarini katta marhamat deb qabul qildim.
Nabijon BOQIY
Tashqarida shamol uvullar, burchakdagi tunuka pech otashxonasidan lop-lop etib alanga chiqar, shunda otashxona o‘t purkovchi afsonaviy ajdarning komiga o‘xshab ketardi. Ammo shiftga o‘rlab, tomni teshib chiqqan karnayning chirsillashi va uning ulama joylaridan tutun silqishi ko‘ngilni tinchitardi, chunki tom uzra esayotgan shamol tutunni qaytarib ichkariga urgani, shuning zarbida otashxonadan olov nafasi chiqib qaytganini unsiz anglatardi.
Issiqqina mehmonxona do‘st-yorlarning nafasi-yu chekkan tamakilari tutuni, yuzlarining tafti-yu qizg‘in suhbat-kulgidan fayziyob, go‘yo olamni burkagan qoru bo‘ron ichida shu kichik uycha-yu shu yerda jam bo‘lganlargina bor edi.
Mansur bu xonaga serqatnov: kirib poygakda cho‘kar va boshini eshitmagan askiyaga ham qo‘shilib kular, unga-bunga, «dasturxonga qarang» deb iltifot qilar, kimlarningdir oldini tozalar, so‘ng eshik taqillashi zamon o‘kdek uchib chiqardi.
U xursand edi.
Faqat o‘qtin-o‘qtin loy, qor parchalari titilib yotgan ayvonda xotiniga nimadir uqtirgani holda turib qolar, etaklarni chulg‘agan oqlikka, ro‘parasidan buralib-shoshib o‘tayotgan qor suruviga qiynalib boqar, «Tinsa edi-e, bas endi-e» deb pichirlar, so‘ng o‘n qadam enishda esa-da ko‘rinmayotgan og‘il-qo‘raga ko‘z tikib, quloq berardi: mollar tinchmi?
Ana shu alfozda qorong‘i tushdi. Mehmonlar g‘ala-g‘ovur, o‘yin-kulgi bilan uylariga otlanishdi: zumda og‘il-qo‘ra poyidagi yalanglikda turli mashinalar gurulladi, chiroqlari lovullab, tina boshlagan qor saflariga sanchildi. It hurdi. Mansur «Gazik» ichiga suqilib, do‘sti Omonni quchib: «Rahmat, jo‘rajon. Siz bo‘lmasangiz, bu o‘tirish ham bo‘lmas edi», deya minnatdorchilik bildirgach, bu mashina ham jildi-da, Mansur qorong‘ilikda bir zum qo‘lini qovushtirib, etakka sho‘ng‘ib tushib ketayotgan odamlar ortidan qarab turganidan keyin jadallab iziga qaytdi.
O‘ziga bir yarimta keladigan xotini mehmonxonani yig‘ishtirar edi.
— A, balli, kampir! — dedi u eshikdan mo‘ralagancha. — Rahmat senga. Otangga rahmat, enangga rahmat… Xo‘sh, Polvon uxlab qolgandir?
Kampiri enkaygan ko‘yi bosh irg‘adi. Va Mansur halpillab ayvonning u boshiga bordi. Tob tashlagan eshikni avaylab ochib, ichkariga kirdi. O‘rtaga surib qo‘yilgan qo‘lbola elektr plitaning zanjiri qip-qizarib turar, burchaklardan zax va zang hidi kelar, baland to‘siqli karavotchada Polvon uxlab yotardi.
Mansur karavot qoshiga suyanib:
— He, bulbulidan! Uxlang, otam, uxlang! — deya birpas tirjayib turdi-da, yon-verini bosib qo‘yib, kaftlarini bir-biriga ishqadi. — Yaxshi, yaxshi bo‘ldi…
Elning oldidan o‘tdi hisob, ya’ni, yuzi yorug‘ bo‘ldi-da. O‘ziyam ezilib yurardi. Ayniqsa, to‘y-hashamga borgan, ziyofatlarga tushib qolgan chog‘larida: axir, o‘n yil yotib keldi — to‘rtta kishini chaqirib oldiga dasturxon yozolmadi: «Ey musulmonlar, umrdan bergan ekan, nasiba uzilmagan ekan. Mana, saflaringga qo‘shildik. Bir duo beringlar», deb. Buyam — ko‘nglida armon edi. Otadan qolgan kulbani epaqaga keltirib, hovliga to‘rt-besh tup ko‘chat o‘tqazib, tomorqani sotdi; puliga besh-olti bosh sovliq olib, mana shu qirga chiqib keldi: qumtoshdan kesib g‘isht o‘rniga ishlatdi, tog‘ daralarida qurib qolgan daraxtlardan vassa-poya kesib yurganida, tashlandiq bir xaroba uchradiki, uning to‘sini-yu sinchlarini — xudo berganday bo‘ldi; umrida hech kamlik ko‘rmasin, Omon do‘sti asqatib, ikki uy-bir dahlizli imoratni tikka qildi; shundayam to‘rt-beshta qariyani chaqirib, duo ololmadi.
Omadni qarangki, qo‘ylarini boqib yurganida Qora qo‘tonda qiy supirayotgan bir g‘arib qizni uchratdi va ikki og‘iz gap asnosi uning o‘zini sirtdan kuzatib yurishini bilgach: «Ey, g‘arib! Men ham g‘arib. Menga tegmaysanmi?» deganda, u jilmayib yelka qisdi. Mansur darhol viloyat markaziga hovliqib borib, go‘sht kombinatiga kirdi, qassoblar boshlig‘i Omon jo‘rasiga, gap shunday-shunday dedi. Omon bir haftadan keyin kelib, Mansurni qiz yashaydigan qishloqqa olib bordi va xudoning yo‘l berganyush ko‘ringki, yetim qizini o‘sha kuni Mansurga nikohlatib, uning somonsuvoq kulbasiga keltirdi, he, qo‘l; kaltaligi qursin: shundayam hamqishloqlariga osh berolmadi.
To‘g‘ri, o‘shanda u odamlardan sovub yurgan kezlar edi, zotan, hamyurtlari ham unga qiyo boqishmas, ayrim rahbarlar unga ish berishmas — u qamalib kel gan «turemshik» edi.
Kelinning oyog‘i qutli chiqdimi, sovliqlari egiz: tug‘ishi barobarida o‘zi ham salkam to‘rt kilolik Polvonni tug‘ib berdiki, Mansur o‘zini, nihoyat, odam sifatida tuydi. Uning qaddi ko‘tarilgan kunlarning; birida qirlik poyidan bir zamonlar tortilgan telefon kabellarini yangilayotgan birigadaga yollanib ishga tushdi-yu, ular safida qoldi: bu — kamsuqum, mehnatdan bosh ko‘tarmaydigan yigit ularga chunon qo‘l kelganidan to‘qson chaqirimlik masofadagi kabellarni nazorat qilib yuruvchilik amalini berishdi: endi tagida almisokdan qolgani «Gaz-51», yonida shofyor, bortda bitta ishchisi bor — vaqt-bevaqt otlanib qoladi: haftalab kabellarni tekshiradi.
Kuni kecha ana shunday tekshiruvdan qaytdi, ammo-lekin ona suti og‘zidan keldi: qor qalin, tunlar — izg‘irin, ayoz; kabel jonivor uch chaqirim masofada to‘rt joyidan uzilgan ekan, ya’ni, qor betiga chiqsa darhol tulkiyu sor qushlarga yem bo‘ladigan, demak, qor ostidan yemish topishga majbur bo‘lgan ko‘rsichqonlar simlarni kemirib tashlagan ekan.
Ana shu mashaqqatli safardan qaytayotib, karantin postda Omon jo‘rasini uchratib qoldi: uyam milisalarning choyidan bir piyola ichgali vagon-uychaga kirgan ekan.
Ko‘pdan ko‘rishmagan kabi quchoqlashib ketishdi. Keyin elektr-plitaga isinib ahvollashishar ekan, gurungga milisalar ham qo‘shildi va mavzu bozor iqtisodiga oralab, Mustaqillikka taqaldi: qarabsizki, nosqovokdek shisha idishda spirt topildi, unga suv qo‘shib ichdilar.
Omon bu kunlarning o‘tkinchi ekani, pirovard, odamlar uchun sinov kunlari ekani — demak, bir-biriga mehr-oqibatu el-yurtga sadoqat ayni shu zamonda bilinishi haqida pishillab so‘zlar ekan, Mansurning og‘zidan nogoh chiqib ketdi: «Jo‘ra, bir o‘tirish qilsam, nima deysiz? Axir, o‘zingizdan qolar gap yo‘q, men qamoqdan ozodlikka chiqqan kunimdayam sizday birodarlarni aytib, bir piyola choy tutolmaganman…».
«Uch yildan beri shu gapni kutar edim sizdan, — dedi Omon iymanib. — Qiling. Bir yonini o‘zim ko‘taraman…» «Yo‘q, hammasi o‘zimdan, — kesib ta’kidladi Mansur. — Armonim shu edi, jo‘ra. Shu kunlarga nasib etgan ekan. Omin deng!».
Shunday qilib, Omon Mansurga qo‘shilib qishloqqa keldi. Mehmon aytishni ham o‘z bo‘yniga olib, kunduzi kelgan mo‘ysafidlardan tortib, oqshom kelishgan ko‘ngil yaqin teng-to‘shu shotirvachchalargacha kutib oldi.
To‘rt yashar bir qo‘chqor bilan semiz serka so‘yildi. Quyruqning yarmi bilan serkaning buzilmagan ikkita sonini, kelishuvga ko‘ra, qassob sotib berdiki, uning puliga ho‘lu quruq meva-cheva xarid qilindi, tag‘in besh-o‘nta shisha… Ovqatdan — sho‘rva, palov… Ishqilib, bir kichik mavlud o‘tdi hisob: he, qariyalar: «Shu uyda to‘ylar bo‘lsin!» deb duo berishdi. Tengqurlar Polvonning sog‘lig‘i uchun ham qadah ko‘tarishdi. Vo ajab, Mansurga ba’zan shunday tuyuldiki, uni hamma qadrlar, hurmatlar ekan-u, o‘zi bilmay yurarkan. Buyam oz: u saxiy, uyparvar, xotinparvar, mehnatsevar va o‘ta kamtar yigit ekanki, ko‘plar zimdan havas qilarkan.
Turemshik bo‘lganini birov ham eslatmaydi-ya!
Mansur kaftlarini ishqagancha tag‘in ayvonga chiqdi. Eshikni zichlabgina yopti-da, nazdida, mehmonlardan biri kakligini o‘g‘irlab ketganday tuyuldi. Garchi bunday bo‘lishiga u qadar ishonmasa ham, zanjiri shunday ilib qo‘yiladigan o‘rta eshikka halloslab borib, apil-tapil ochdi. G‘adir-budir devorni siypalab, chiroqni yokdi. Muzxonadek ombordagi qop-qop un, labi uchgan xum, eski tancha-yu arra, poytesha va uyulib yotgan eski-tuskilar charaqlab ko‘rinishi zamon kaklikning churqillagani va qafas ichida tipirchilaganini eshitdi. Rom o‘rnatishga ehtiyoj yo‘qligidan tosh qalab, suvab qo‘yilgan «deraza» pastiga jadal borib, qafasga yopib qo‘yilgan uvada choponini shilib ko‘tardi.
Karsondagi tuproqni changitib, gir aylanayotgan yirik, go‘zal qush quralay ko‘zlarini chaqnatib, egasiga chaqchayib tikildi-da, endi dik-dik sakrab, qafasning yulg‘un chiviqlariga tumshug‘ini ura boshladi.
— He-he, jonidan, — deb chayqaldi Mansur. – Nima bo‘ldi? Doningiz bor, suvingiz bor… Sog‘indingizmi egangizni? Yo uyga begonalar kelganini sezib, bezovta bo‘ldingizmi?.. Ketishdi. O‘zimiz qoldik.
So‘ngra qafasni halqasidan ko‘tarib va chiroqni o‘chirib chiqdi. Sovuq, sovuq. Lekin qor tinipti. Ammo kechasi ayoz bo‘lsa, o, charsillaydi.
Mansur to‘g‘ri mehmonxonaga kirib, qafasni pechka yoniga qo‘ydi.
— Sal isinib olsin, jonivor.
Ko‘rpachalarni qayta to‘shayotgan xotini:
— Chang qiladi-da, — dedi.
— Ustini yopib qo‘yamiz. — Mansur yopinchiq omborda qolganini eslab, pechka biqinidagi yolg‘iz echki terisiga — po‘stakka o‘tirdi. Qo‘llarini issiqqa tutarkan, birdan irg‘ib turib ketdi.
U qo‘ra chirog‘ini yoqib, qo‘y-echkilarini sanagudek— ko‘zdan kechirdi, oxur ichlarini paypaslab, vaqtliroq tug‘ishini mo‘ljallagan ikki sovlig‘ining qornini-elinini ushlab ko‘rdi, so‘ng ularni qandaydir doyalik mehri bilan silab-siypab va erkalab, sigiri qoshiga bordi.
Nihoyat, eshikni tambalab, suyak g‘ajib yotgan itiga bir nimalarni tayinlagan bo‘lib hamda atay yo‘talib — tomoq qirib, uyga kirganida xotini o‘rin solib bo‘lgan, Polvonni ham yotqizib, kiftiga asta-asta urgancha g‘ung‘ilar edi:
— Alla-yo, al-la.
— Ha-a, yaxshi, — deya yana po‘stak tomonga o‘tdi Mansur. — Lekin, kampir, shu uyni tuzab qo‘yish kerak. Mehmonxona-ku bu… O‘zimizga kichkina uy ham bo‘laveradi.
— U uy zax, — dedi xotini. — Alla-yo, alla… Bir-ikkita bo‘yra bo‘lganda kigizni ostidan to‘shar edik.
— Sen chiy to‘qishni bilasan-a? Ey, kampir, kak-likka qara. Ko‘zini yumibgina qolipti. Ana, ochdi… He, Qalamqosh… Shuyam tush ko‘rsa kerak-a?
— Pechkaga chalmidan sob qo‘ying. Alla-yo‘o‘… Kulxonasini bekiting.
Mansur nos otdi.
— Mehmonlay xuysan bo‘p ketdi-ya?.. Ey, kampiy, meni yo‘g‘imda qiynalib qomadingmi? Tuzuk gaplasmadik ham… Lekin men ko‘p azob chekdim. Aytmoqchi, shopiy bilan yabochi ettalab keladi. Yaxshilab meymon qilish keyak.
Xotini iymanibgina jilmaydi.
— Nosingizni tupuring.
Mansur qix-qixlab kulib, nosni axlat chelakka tashladi. Pechka ustidagi choynak jo‘mragidan bir qult olib, og‘zini chaydi. Keyin xo‘rsinib:
— Ha, xudoga shukur, — deya o‘rnidan turdi. — Aytmoqchi, seni qishlog‘ingdan ham bormidi? O‘lay agar, men ba’zilarni, umuman, tanimadim.
— Kaklikning ustini yopib qo‘ying, tinchroq yotadi… Lekin shuni ko‘p erkalatasiz-da, chol. Buning sheriklari hozir tog‘larda, e-he, donsiz, boshpanasiz yurishipti…
— Nega boshpanasiz bo‘larkan? Kamarlar, g‘orlar… Qiziq gapirasan. Donniyam topib yeyishadi! — Mansur yechina boshladi. — Ular sharoitga ko‘nikib qolishgan. Ko‘nikmaganda, ming yil burun qirilib ketardi.
— Be, odamlarning ahvoli shu bo‘lsa, shunday ham qirib yuborishadi, — dedi xotini ham ko‘rpaga kirarkan.
— Ovchilarni aytyapsan-da?
— Ovchisiyam, boshqasiyam.
Mansur chiroqni o‘chirdi. Avaylab kelib, o‘ringa kirdi-yu, xotinini quchoqlab oldi.
— Uxlaylik. Siz ham charchadingiz, — dedi xotini. — Ko‘rasiz, anavi kakligingiz soat to‘rt bo‘lmay uyg‘otib yuboradi. Nari xonadan ham sayrashi…
— Ko‘p gapirma.
Haqiqatan ham, kaklik sayrab va patir-putir qilib, Mansurni uyg‘otib yuborganida deraza orti hali ko‘roydin edi. Polvon g‘ashlanib g‘ing‘illar ekan, Mansur xuddi qo‘rasiga bo‘ri oralaganday hovliqib turib ketdi.
— Aytmovdimmi! — deb injikdandi xotini.
— Nimani, nimani? — Mansur apil-tapil kiyinib va choponini yelkasiga tashlab, ayvonga chiqdi. Sovuuq. It ayvonga chiqib yotgan ekan, kerishib-g‘ingshib, egasining yoniga keldi. — He, o‘l! Joyini bilmagan! Tush pastga! Xurmagan itni urib o‘ldirsang arziydi-da! — Mansur to‘ng‘illab nari-beriga va atrofiga qarandi. Shu qirni makon tutgandan berimi, yo qishloqdan chetdaligi, demak, yolg‘izligi, buning ustiga, besh-o‘n bosh tilsiz mollari borligi-yu, ularning omonligi o‘zlarining hushyorligiga bog‘liq ekaniga tom ishonch tufaylimi — o‘ta sezgir bo‘lib ketgan Mansur atrofida qandaydir o‘zgarishmi-sharpami borligini his etgan, tabiiyki, xonaki kakligining bemahal qichqirgan xo‘rozday qilig‘i bunga turtki bo‘lgan edi.
Qo‘ra bilan mehmonxona orasidan, ya’ni, usti yopiq o‘chokdar tomonidan pir-pir etgan tovush eshitildi-yu, Mansur ilkis qarab, bir-ikkita qora tovuqlarni… yo‘q, yirik-yirik qushlarni ko‘rdi. Va tumshug‘ini bemalol ko‘tarib turgani hamda dumlari yo‘q darajada ekaniga diqqati og‘di-yu:
— E, kaklik-ku? — deb shivirladi. U shoshib qoldi: nima qilish kerak?
Shunda ular yaqinlashib borayotgan itdan cho‘chishdi chog‘i, pir-pirr uchishdi, shundoq ro‘parada uyub qo‘yilgan-qor bosgan yantoq to‘pining poyiga borib qo‘nishdi.
— E, ketadi-ku? Jipak! — deb yubordi Mansur. — Miltiqni opchiq!
Kakliklar birdan vahimali chig‘illab hamda qars-qars qanot qoqib, tom osha uchib ketishdi. Mansur dir-dir titragan holda luqmasini og‘zidan oldirgan mahluqday yutinib-tamshanib qoldi.
Eshikdan mo‘ralagan xotini:
— Nima? Kaklik ko‘rdingizmi? Endi ko‘rishingizmi? — dedi.
— Eh, uyga kepti-ya? — quvonib va ayolini kalaka qilganday kulimsirab uqtirdi Mansur. — Shu-shu yerda, o‘choqboshida ekan… Voy, buni qara-ya! Voy, jonivorlar-a… Qo‘rqmaganini qara. Mana bu it ham sezmapti…
— Balki o‘rganib qolgandir, tovug‘imiz deb o‘ylar, — deya Ipak ichkariga tortildi.
— Hoy-hoy, kampir, bu juda qiziq-ku, a? — Man-sur ham xotiniga ergashdi-yu, tag‘in birontasi pisib qolgan bo‘lsa degan o‘yda to‘xtab, yana nari-beriga zehn soldi. So‘ngra uyga kirdi-da, ajab alomatni ko‘rdi: usti qoplovli qafasning pastlaridan chang buriqsib chiqar, qafas titrar-silkinar, makiyon to‘lib-toshib sayrar edi.
— E, jinni bo‘ldimi u? — Mansur shunday deboq behol tortib ketdi. Xotiniga jilmayib: — Tushunarli, — dedi.
— Shu-da, — deb qo‘ydi xotini.
— Qachondan beri kakliklar kep turadi?
— Sovuq zo‘rayganda…
— Bechoralar.
— Siz esa ularni otmoqchi bo‘ldingiz.
— Endi, kim biladi… — U uyalib, yelkasini qisdi. Keyin to‘rga o‘tib, qafasning ustini ochdi. Changga belanib, oqarib qolgan kaklik shunda xo‘rpayib bir silkindi — Mansurning aft-basharasi ham oqarib qoldi. — He, Xoyin! — deb zarda qildi yigit. Va yo‘talib, yuzini yengi bilan artgan bo‘lib, davom etdi: — Jela ovning xumori tutdimi, beka? Balki tog‘-toshni qo‘msab qolgandirsiz? Hozir yaxlab qolgan kamarlarni, g‘orlarni, a? Menga rahmat deng, sizni opkelib, uyimning to‘riga o‘tqazib qo‘yibman. Sheriklaringiz, ana, bir cho‘qim donga, ushoqqa zor bo‘lib, ostonamizga kelipti… He, o‘ling siz! — Birdan zarda qildi. — Shularni tutishim kerak-da, a? Yo uyning atrofini tuzoq bilan o‘rab qo‘yaymi? Keyin siz ayvonda vaqqillab sayrasangiz, qarindoshlaringiz part-part etib, tuzoqqa tushsa. Siz xursand bo‘lasiz-da, a?
— Qo‘ying endi. Uniyam ovga o‘zingiz o‘rgatgansiz, — dedi xotini Polvonga guppisini kiydirarkan… — Undan ko‘ra mollarga qarang. Suv berish kerak.
Mansur bir muddat tek qoldi-da:
— To‘g‘ri aytasan, — deb pechkaga burildi. Choynakni gilamga opqo‘yib, qopqoqni ochdi. Miltillab turgan cho‘g‘ni sim bilan kavlab yashnatdi-da, chalmadan sindirib tashladi.
Shu asno tog‘da — qaysidir archa panasida o‘chgan gulxan qo‘rini qo‘zg‘agani, atrofdan kakliklarning sayrashi eshitilib turgani xayolida jonlanib:
— Ha-a, — dedi birdan. — Demak, kaklik qirg‘ini boshlanipti-da, kampir… Tog‘da yem bo‘lmasa, sovuq — hammasi pastga enadi-da! E, attang… — So‘ng birdan xotiniga yuzlandi. — Piyoda ov bo‘lyaptimi?
— Vey, har kuni — ov-ku, — dedi kampiri. — Ana, Bo‘rijarga tushing. Choshgohgacha tomosha ko‘rasiz… Vey, odamlar-e, ayov nimaligini bilmaydi-ya.
— Tushunarli, — dedi Mansur g‘ijinib.
Mansur uyi ortidagi odambo‘yi ko‘tarib yasalgan beton «hovuz»dan suv tashib, ushoq mollarini sug‘ordi. Sigir bilan bo‘g‘oz sovliqlarga chelakda suv ilitib berdi. Keyin uzun oxurga somon solib, qiy-tappilarni kurayotgan edi, moshinasi signal berib kepqoldi. Mansur haydovchi bilan ishchisini ochiq yuz-la qarshi olib va ularning «qorda qolgan izlariga qaraganda, to‘y bo‘pti» degan gaplariga kamtarona jilmayib, mehmonxonaga taklif etdi.
Ularning izzatini joyiga qo‘yib: «Uch kun ozodsizlar-e!» deb jo‘natgandan keyin, kirza etigini kiydi. Sariq-baroq junli telpagini boshiga bostirib, yiltirab qolgan dag‘al sharfini bo‘yniga o‘radi va zarang tayog‘ini olib, ayvondan tushdi.
— Kampir. Men bir aylanib kelay!
Qalingina tuman tushgan, shuning uchun sovuq emas, borliq kechagi shamolu qoru izg‘irindan qutilib, endi sokin-muallaq bir holatda mizg‘iyotgandek edi. Ammo odamlar… qayerlardandir odamlarning baqirgan-chaqirgani tushdagidek eshitilar, o‘qtin-o‘qtin otilgan miltiq sadosidan Mansurning yuragi jiz-jiz etib ketardi: «Otdi, yiqitdi. O, olomonning bu ovi dahshat…».
U piyoda ovni qachon ko‘rganini eslolmas, biroq qish shunday qattiq kelib, qor ham qalin tushgan paytlarda gala-gala kakliklarni u qirdan bu qirga quvib, to‘s-to‘polon ko‘tarib yugurganlarini eslar, o‘shandan keyin bozorda qoplab kaklik sotilganiga ham guvoh bo‘lgan edi.
Lekin u paytlar — aftidan, ilgari zamonlar edi va tabiatni muhofaza qilish haqidagi o‘yning o‘zi kishilarning xayolida yo‘q edi — shuning uchunkim, o‘sha vaqtlarda shimoldagi tog‘ o‘ngirlarida kiyiklar ham bo‘lar, ularning falon buloqdan suv ichganini ko‘rganlar ham ko‘p edi.
Keyin kakliklar ham kamayib ketdi va ular sonining qisqarishida Mansurning ham oz bo‘lsa-da ulushi bor…
O‘tgan yilning o‘zidayam avji bahor Qalamqoshni qafasi bilan Qiziljarga opchiqib, bir butaning tagiga qo‘ygan va atrofini tuzoq-jela bilan o‘rab, yarim soat orasida to‘rtta xo‘roz kaklikni so‘yib olgan edi. Qalamqosh, ya’ni Xoyinbeka xuddi ozodlikka chiqqanday shaqillab sayray boshladi, uning ovozini eshitgan xo‘roz kakliklar: «Kimsan o‘zing? Bu yoqqa chiq!» deganday vajohat bilan uchib kelib, o‘zlarini tuzoqqa urishdi, qarabsizki, biri bo‘ynidan, biri oyog‘idan jelaga tushgan.
Mansur esa bir zum kechiksa, unisi bo‘g‘ilib harom o‘ladi-yu bunisi qutilib ketadigandek, shoshilib-hansirab borib…
Ha, ovchilik ham nosning xumoriga o‘xshaydi chamasi: nosvoy otganingni bilmay qolganingdek, ovga jo‘navorganingu qo‘lga tushirgan o‘ljani bo‘g‘izlaganingni ham bilmay qolasan… To‘g‘ri, keyin murdaning patlarini silab, ochiq qolgan nursiz ko‘zlariga tikilib, rahming keladi. Keyin, o‘zingni hechqursa shunday ovutasan: «Bular — xo‘roz-ku? Makiyonlari yuripti-ku…».
Darhaqiqat, bundan roppa-rosa uch yil burun Mansur bir shafyor tanishi bilan jela oviga chiqqanda, yoshgina bir makiyon tuzoqqa tushgan va ov sohibi: «Shuni boqing, jo‘ra. O‘zi urg‘ochi bo‘lsayam mening xo‘rozim bilan urishgani keldi. Bir balosi bor», deb Mansurga bergan, o‘sha makiyon —.ana uyda qolgan jinqarchaning o‘zi, aytilganiday, balo chiqdi: o‘taketgan hushyor, qo‘rqmas, sayroqi, ovoziyam xiyla yo‘g‘on…
Yiroq bir manzilga yo‘l olgan qalandarday bemalol qor kechib Bo‘rijarga enayotgan Mansur tuman ichida tuyqus odamlarga duch kelganday bo‘ldi: shundoq qarshisida — yerdan o‘sib chiqqandek qabariq qoya ostida tumanni qalinlatib tutun o‘rlar, tutun ostida ivirsib nimadir qilayotgan uch kimsa bor edi.
Yigit beixtiyor tayog‘ini mahkam qisib, bir on to‘xtadi-yu, ko‘zi ravshan tortdimi — ularni tanidi: cho‘kkalab olib, ho‘l bodomcha shoxlari tagiga puflayotgan sarg‘ish, uzun soqolli qariya — pochtaning qorovu-li, yulg‘un butog‘iga et o‘tkazayotgan, uzun burni qip-qizil, bosh yalang kishi — muzika o‘qituvchisi, qo‘llarini tizzasiga tiraganicha u yon-bu yonga chayqalib, tutunga chap berayotgan yosh yigit — texnikum direktorining muovini.
Mansur ularni tanigach, vujudini tarang tutib kelayotgan asablari bo‘shashib ketdi.
— E, assalomu alaykum, birodarlar! — deb baqirdi.
Uchchovlon ham unga ko‘z otishdi-yu, chol o‘tni puflashda davom etdi. Direktor o‘rinbosari ko‘zini mushtumida uqalab orqaga surildi. Burni qizil muallim:
— Keling, boy ota, — dedi.
— E, mayishat katta-ku!
— Ha, ozodlik gashtini suryapmiz, — yana pinak buzmay dedi muallim.
Bu gap Mansurga nasha qilib, kix-kixlab kuldi. Va borib, ular bilan alohida-alohida ko‘risha boshladi. Muallim unga tirsagini ushlatib:
— Anavi toshlardan birini dumalatib keling, boy ota, — dedi. — Quruq keldingizmi? Kechagi savillardan qolmadimi?.. Bor, sizda bor. Yashashni siz bilar ekansiz, Mansurboy.
Mansur kulib, qor bosgan toshlardan birini qo‘zg‘atarkan:
— He, turmaga dushmaningiz ham tushmasin, — dedi. — Bu yopishib qolgan-ku…
Shu payt etakdan — tuman ichidan miltiq tovushi keldi. Ro‘molchasi bilan ko‘zlarini artayotgan direktor o‘rinbosari:
— Bekor qilyapti-da, birovga tegishi mumkin, — dedi xolisona, mag‘rur bir tarzda.
— Go‘rniyam otolmaydi shu milisa, — deb to‘ng‘illadi muallim. — Butilkani urolmagan-u… Qo‘ying, bittasiga o‘qi tegsin. To‘g‘rimi, boy ota? Sal oshirib gapirsangiz, qamataman, yo‘qotaman deb karillaydi.
— He, yaxshi niyat qilaylik-e, — deya, dumalatib kelgani xarsangga o‘tirdi Mansur. — Ha, omin… Alloh akbar! — Keyin kuldi. — Shoto‘ra aka, nimaga bizni munday «boy»ga chiqarib qo‘ydingiz? To‘rt-beshta tirraqi sovliq bilan boy bo‘lar ekanmi kishi?
— Albatta, — deb javob berdi Shoto‘ra muallim. — Nimagaki, masalan, bizda to‘rtta tovuq ham yo‘q… Holbuki, qush go‘shti parhez taom hisoblanadi. Organizmning ana shunga bo‘lgan talabini qondirish uchun, mana, ota-bobomiz qilmagan ishni qilib o‘tiribmiz.
— Ilgari ovga hech chiqmagansizmi?
— Hech qachon!… He, ukam, senikiga o‘xshagan shallaqi kakligim bo‘lsaki, butalarning ostiga qo‘yib, babaqlarni zamanit qilib, so‘yib-so‘yib olsam…
— He, menam yilda chiqsam, bir-ikki marta chiqaman.
— Biz yarim martayam chiqmagan edik… Mana, ozodlikdan bahramand bo‘lib, a, to‘rvasoqol? — deya qorovulga nuqib so‘zladi. — Sen nima deding, kurra? — Texnikum boshlig‘i muoviniga ham achitib dedi. — Xullas, uchta oshna bir bo‘ldi, og‘zi-burni kir bo‘ldi deganlariday, bitta kul kabob qilaylyk deb chiqdik-da.
Direktor o‘rinbosari g‘ijinib:
— Odamni kamsitmay gapiring, aka, — dedi. So‘ng Mansurga murojaat qildi: — Ha, ziyofatingiz yaxshi o‘tipti, Mansur aka. Biz chaqirilmagan bo‘lsak ham, xursand bo‘ldik. Mana bu boboy tongdan beri sizni alqagani-alqagan.
— Ho‘, ko‘p savobga qoldingiz, inim, — dedi qorovul ko‘rsatkich va boshmaldog‘ida burnini siqib tashlagach. — Otangiz hayot bo‘lganda bo‘yi bir qarich o‘sardi.
— O‘ling siz, — deb kuldi musiqa o‘qituvchisi. — Yaqin-yaqingacha piyonistalik qilib, kechalari vino sotardi. Endi machitga qatnaydigan bo‘ldi bu kishi. Qarang, tekin tamoq yoqar ekan. Xo‘rozday qip-qizil.
— He, uyingiz bug‘doyga to‘lsin, — deb iljaydi qariya. — Mansurjon, bular meni ajuv qiladi-da, kechirasiz. Men ham indamayman, mayli, kulsin… Rostini aytsam, shular kuladimi, chehrasi ochiladimi deb ergashib chiqdim…
— Sizning tushunmasligingiz — tabiiy, — dedi direktor muovini. — Siz kechagi odamsiz… Lekin namozingizni bemalol o‘qiydigan bo‘ldingiz, machitlar ochilib. Shoto‘ra akam aytganlariday, saxiy biznesmenlar ham qarashyapti. Buning ustiga, hey boboy, ko‘rnamaklik qilmang.
— Ha, endi, pensiyamiz…
— Sizning pensiyangiz bizning maoshimizdan katta, — dedi Shoto‘ra kaklikning oyog‘i-to‘shi sanchilgan yulg‘un butog‘ini cho‘qqa qo‘yib.
— Unday demang-e, og‘ajon.
Shu payt olislardan eshitilib turgan shovqin-u baqiriq-chaqiriqlar daf’atan yaqinlashib kela boshladi-yu churillagan va shuvillagan tovush — kakliklar ovozi va qanotlarining sasi tuman ichidan o‘q kabi chiqib, naq bulardan pastrokdagi qor kurtugiga uchta kaklik boshi bilan sanchilib qo‘ndi. Tepalaridan o‘tgan shamoldanoq o‘rinlaridan tura ketgan piyoda ovchilar turfa xil yovvoyi chinqiriqlar ila kakliklarga otilishdi.
Shoto‘ra birining dumidan ushlagan chog‘ — qush bir necha patini qoldirib, o‘zini orqaga — qabariq xarsangga urdi. Qorovul bobo burila solib, qorda yotgan kaltagini oldi-yu qushga sermadi. Kaklik tipirchilab, qoyaning orqasiga o‘tdi. Chol uning izidan halpillab yugurdi.
Bu vaqtda kakliklardan birini tutgan direktor o‘rinbosari «voh-voh» — dedi-yu, hovuchini ochvordimi — jonivor uchib ketdi. Muovin so‘kinib, qorni changitib kavlayotgan muallimning yoniga cho‘k tushdi-da, uyam qor ichiga qo‘llarini suqib-paypaslab jila boshladi.
Aft-basharasi tegirmondan chiqqandek bo‘lib qolgan Shoberdi muallim:
— Oldinga o‘ting! Oldini to‘sing! — deya boshi bilan kurtikka sho‘ng‘idi-yu u yokdan bir nima yiltillaganday «part» etgan tovush eshitildi. Va shunga barobar vahima ichra qanot qoqqan kaklikning qorasigina ko‘rinib g‘oyib bo‘ldi, ya’ni, etakdagi tumanga yutilib ketdi.
Shoto‘ra tiz cho‘kkanicha qo‘llarini fotihaga ochganday turib qoldi. Apil-tapil o‘rnidan turgan direktor o‘rinbosari birdan depsinib:
— Ketdi-i, — dedi.
Shunda botiq qoya ortidan kelgan bo‘g‘iq tovush mu-siqa muallimini ham o‘rnidan turg‘izdi.
— Kaltak! Kaltakni olinglar! Bu sizlarga tovuqmi… Sizlarga o‘tdi!
Bu ikkisiga ham nafaqat jon, balki aql ham kirgan kabi har qaysi hali o‘tirgan joylarida yotgan tayoqlarini olib, qoyadan oshib tushgan kaklikka tashlanishdi.
Kaklik u yoqqa qochadi-bu yoqqa qochadi qanotini sudrab, uning ustiga sermalgan va otilgan kaltaklar esa qorga sanchiladi, nariga uchib ketadi.
Nihoyat, uchovlonning qurshoviga tushgan kaklik o‘z o‘rnida gir-gir aylana boshladi-yu, endi ovchilar kaltaklarigayam qaramay o‘zlarini tappa-tappa tashlay berishdi qushning ustiga. Jonivor shunda ham jon holatda qutilib-qutilib qolar ekan, qoya biqinidan hansirab chiqqan qariya ustalik qildi: choponining barlarini ochib, uni yopib tushdi. He, jonli jonzot! Kaklik uning butlari orasidan o‘rmalab chiqdi. Ana shunda direktor o‘rinbosari kaltaklardan birini olib jahl bilan urgandi, qushning bo‘yni sinib yotib qoldi.
Musiqa muallimi bo‘lsa qushni shartta ko‘tarib oldi-da, boshini burab tortdi — bosh uzilmadi. Keyin birdan tishi bilan kekirdagini uzdi va, nihoyat, kallasini ajratib otib yubordi. Cho‘ltoq bo‘yindan qon oqar, ammo hamon joni bor ekan, oyog‘i tipirchilar, sog‘ qanoti qorniga urilardi.
— Uf, — dedi Shoto‘ra qon va pat yopishgan lablarini kafti bilan artib. — Charchatdi-e.
— Tezroq terisini shilish kerak, menga bering, — dedi qariya. — Ichidagi qoniyam oqsin, yo‘g‘asam uyushib qoladi. Mana, yelkasigayam bir-ikki urgan edim.
U turgan yerida cho‘nqayib, boshmaldog‘ining qiyshiq tirnoqlari bilan qushning ketini ikki yonga yirtdi-da, qolgan barmoqlarini terining ostiga yubordi. Keyin bir tortgandi, qushning qip-qizil eti-jasadi chiqdi. Terisini bo‘yindan chiqarib uzib tashladi va qanotlarini yelka-elkasidan, oyokdarini tizzadan qirs-qirs sindirib hamda burab-uzib tashlagach, o‘sha boshmaldog‘ida qornini yordi — ichak-chavaqni ham olib tashlangandan keyin mushtdek qizil go‘shtni qor bilan ishqab yuva boshladi.
— He, yirtqich ekansizlar-e, — dedi Mansur bu manzarani karaxt holda kuzatib turarkan, yoqasini ushlab. — Qoyil bo‘ldim sizlarga.
Direktor muovini unga qiya qarab:
— Biz harholda odam o‘ldirmadik-ku? — dedi. — Yirtqich deysiz… — So‘ng o‘z joyiga o‘tirib, kabobni ag‘darib qo‘ydi. — O‘ylab gapirish kerak.
— Ho‘v, menga qara, jiblajibon! — Mansur esini yig‘ib olib, unga tikildi. — Sen hali o‘ylab gapiradigan bo‘ldingmi? He, izzat qilsa, o‘zingdan ketasan-a?
Direktor o‘rinbosari hayrat bilan qoshlarini kerib, anavilarga qarab oldi.
— Shoto‘ra aka, nimalar deyapti bu odam? Hey, — sekin o‘rnidan qo‘zg‘aldi. — Kim-kimni izzat qilib turibdi shu tobda? Biz siznimi, siz biznimi? — Keyin ko‘zlari yiltirab kulimsiradi. — Siz axir odam o‘ldirgan turemshik-ku? Xo‘p, aka, besh-to‘rtta mol qilibsiz, ba’zilarni aytib, is chiqaribsiz. Nima bo‘pti?.. Bu bilan siz o‘zgarib qolganingiz yo‘q.
Mansur boshini egib turdi-turdi-da, birdan intilib, uning iyagi ustiga chunon urdiki, muovin baayni sakrab tushib, qoyaga suyanib qoldi.
Mansur yana olg‘a bosgandi, Shoto‘ra uni quchib ushladi.
— Ho‘v, ho‘v, esingni yig‘, uka… Mast-past emasmisan? Yo‘q, og‘zingdan hidi kelmayapti.
Mansur endi Shoto‘raga tikilib qoldi-da, basharasiga tuflab yubordi.
Shoto‘ra birdan tislanib ketib, qo‘llarini osiltirgancha tek qoldi. So‘ng chuqur ho‘rsindi-da:
— Ha, rahmat, uka, — dedi. Keyin bir changal qor olib, yuzini ishqay boshladi.
Bir necha marta qon tupurgan direktor muovini:
— Ketamiz, boboy, — dedi. — Yig‘ishtiring bularni…
Mansur chayqalib ketdi, ya’ni, uni yana urish, to‘g‘rirog‘i, dabdala qilishdan, o‘zini tiyib qoldi-da, xirillab:
— Hey, munday tur, — dedi. — Shoto‘ra aka, siz ham keling. Bir minut o‘tiring… Ho‘v, boboy, siz ham cho‘king. Taysallamang. Soqolingizni ushlamang. Shu soqoldan echkidayam bor. O‘tiringlar deyapman. Bir minut gapimga quloq solmasanglar, aka, unda nima desang deyveringlar meni… Xo‘pmi? — U bir on o‘ylanib, hali beixtiyor tashlavorgan zarang tayog‘ini qo‘liga oldi. — Qani, marhamat qilinglar!
Direktor o‘rinbosari Shoto‘ra muallimga zimdan tikilib turardi. Shoto‘ra:
— Mayli, — dedi. — Chol, o‘tiring. Kabobni joyiga qo‘ying… Kurra, sen ham o‘tir.
Har kim o‘z joyiga o‘tirdi. Mansur ham toshga cho‘kdi-da, boshini egib qoldi: u nima deyishni bilmas, ammo gaplari ko‘p, juda ko‘p ekanini bilar, buning ustiga, xo‘rligi kelar va endi yig‘lamoqdan o‘zini zo‘rg‘a tutib turardi.
— Ha, uka, boshla, — dedi musiqa muallimi.
— Hozir, — dedi Mansur.
Chol tomoq qirdi va kabobni kaftida yelpigan bo‘ldi-da, haligi kaklikning etini salmoqlab:
— Semizgina ekan, — dedi. — Men bari ozib-to‘zib qolgan deb o‘ylagan edim. — So‘ng dam unga, dam bunga qaradi. Hech kimdan sado chikmagach, davom etdi: — Tog‘da don qolmagan-da, boriyam qor ostida… Lekin bu semiz bo‘lgani uchun ancha harakat qildi. Kuchi bor ekan-da, bachchag‘ar.
— Aljimang! — dedi direktor muovini cholga va yonidan bir dona sigaret chiqarib, chalada tutatdi. — Eshitamiz, Mansur aka… Lekin esdan chiqarmang: bu mushtumzo‘rligingiz, haqoratlaringiz bejiz ketmaydi.
Mansur endi cho‘g‘ni changallab unga otadigandek pan-jalarini yoyib, qo‘rga qo‘lini yubordi-yu tortdi. «Og‘ir bo‘l, foydasi yo‘q», dedi ichida, ammo barmoqlari titrab, til kalimaga kelmaganda uning ishini qilib o‘rgangan qo‘li, o, o‘ziga erk tilardi: zotan, qalbi bilan sezardiki, bunga haqqi bor: axir, u yana tahqirlandi, kamsitildi, yo‘q aybi — tuhmat yana bo‘yniga tushdi…
Ha, bular — odamlar, ayniqsa, mana bu «jiblajibon» — quruqvoylar unutishmas ekan.
Tag‘in uning qo‘rqitishini ko‘ring… Ha-ha, shundan boshqa quroli yo‘q.
Ajabo, shu gaplarning g‘irt bema’nilik ekanini, anchayin qo‘rqoqlikni takabburlik bilan yashirish va shu tariqa o‘zini oppoq qilib olish ekanini tushunar-a?
Tushunadi-biladi. Ammo boshqacha yo‘l tuta olmaydi: axir, muppta musht bilan javob berish — buning aqliga sig‘masa kerak. Buning uchun kishi erkak bo‘lishi lozim: bu esa oddiy bir so‘tak, quruqvoy.
Mana bu musiqa muallimi esa — makkor. Va buyam o‘lgudek qo‘rqoq.
Tavba, yuziga tupursang-u, «rahmat» desa… Bu bilan o‘zini madaniyatli, vazmin, odobli kishi qilib ko‘rsatadi-da? Bo‘lmagan gap: buyam o‘zining nochorligini shu yo‘l bilan xaspo‘shladi va, aftidan, oxirigacha o‘zini shu tariqa tutmoqchi…
Bu chol — galvars, ammo tulkilik ham qo‘lidan keladi. Bunda iymon-e’tiqod degan narsalarning urug‘i ham yo‘q. Biroq o‘rgangan besh-o‘n kalimasi borki, ularni ham tirikchilik jo‘nida ishlatadi va lozim paytda o‘ziga qalqon qiladi…
Mansur erinib tutayotgan chalalarga jilmayib tikilgancha shu o‘ylarni dilidan o‘tkazarkan, direktor muovini endi ancha g‘olibona ovozda:
— Eshitamiz, aka, — dedi va kichkina cho‘pni barmoqlari uchida ushlab, qo‘rni kavlagan bo‘ldi-yu, Shoto‘raga ham ish topilgandek, birdan chalalarni barmoqlari bilan bemalol turtib-turtib, bir-biriga qaladi va:
— Qani, oqsoqol, bir dam bering, — dedi.
Qorovul chol shuni kutib turgandek shart engashib puflamoqchi bo‘lgandi, muovin:
— Hay-hay, — dedi. — Changib ketadi-ku? He-e, tegmang, shunisi yaxshi. Kabob singib pishadi… Xo‘sh, Mansur aka, gapingiz bo‘lmasa, kechirasiz, bizni holi qoldirishingiz ham mumkin. Rost aytyapman: biz sizni taklif etmaganmiz. O‘z oyog‘ingiz bilan keldingiz. Biz sizni qabul qildik.
— Bo‘ldi. Bo‘ldi qil, — dedi Mansur. — Bo‘lmasa, gap munday… Sizlar, seni rahbarligingda men haqimda nimani yozsang, yozinglar. Urdi deysizlarmi, surdi deysizlarmi — bemalol. Hatto kaltak bilan soldi desang ham, men bo‘ynimga olaman. Nimagaki, hali shunday niyatim ham yo‘q emas edi.
— Xudo-ya, tavba, — deb to‘nining yoqasini tutamlab ushladi qorovul.
— Shunday… Sizni serkaga o‘xshatganimniyam bo‘ynimga olaman. Hoy, muallim, basharangizga tupurganim ham bo‘ynimda. He, sizlar…
— Rahmat. Bu — mardlikdan nishona, — deb qo‘ydi direktor o‘rinbosari.
— Lekin sizlar g‘irt nomardning ishini qilganlaringniyam yozasizlar.
— Nima-nima?
— Sen nomardsan, — ta’kidladi Mansur. — Iljayma… Og‘zingni yana qonga to‘ldiraman. Ana shunday… Quloq sol, so‘tak. Quloq beringlar. — Mansur barmog‘i uchida qorda yotgan go‘shtni ko‘rsatdi. — Shu, shu jonivor och qolib, majbur bo‘lganidan kelgan edi. To‘g‘rimi? To‘g‘ri…
— Mansurjon, kechirasiz-u, aytib qo‘yishim kerak, — deb gap qildi chol. — Olamda neki bor, barchasi inson uchun yaratilgan. Hadisi sharifda ham shunday deyilgan.
— O‘ldir, yut, kaltakla… Rahm-shafqat senga yot. Seni yirtqich hayvondan farqing yo‘q, deyilmaganmi, otaxon? He, soqolingiz to‘kilsin! Siz xudogayam chap berasiz.
— Voy-voy, eshityapsizlarmi?
— Eshityapti… Bular ham siz aytgan xudoning bir bandalari. Alhamdulillo, men ham musulmonman… — Mansur muovinning piq etib kulganini sezdi. Va birdan ikkala qo‘lini ham teppasiga ko‘tardi. — Xato kildim. Bu yerda bittamiz ham komil musulmon emasmiz.
— «Miz» deb gapirmasang ham bo‘laveradi, — deb qo‘ydi musiqa muallimi. — Ha-ha, ukaboy, nimagaki, odam o‘ldirish bilan, xo‘sh, ollo-taolo bandalarimning risqi deb yaratgan bir parrandani halol qilishning farqi bor.
— Vo‘, siz ham juda-a usta bo‘p ketibsiz-ku, og‘a? — deb iljaydi Mansur. — Ha, endi, ustozingiz shu qariya bo‘lganidan keyin…
— Bas-e! — deb yubordi shunda Shoto‘ra. — Bo‘larini ayt. Muddaoing nima?
— Ha, biz kutyapmiz, — deb uni ma’qulladi direktor o‘rinbosari.
Mansur yana ichida ezilib ketdi: ha, sal maydalashdi. Bular esa sezgir.
Mansur qo‘llarini tizzasiga tirab gapirmoqqa shaylandi-yu, tag‘in tek qoldi: asosiy gashsh aytdi, shekilli… Ha, bular, mana bu «kurra»yam savoliga javob bermadi-ku? Yo‘q-yo‘q: talabini inobatga olmadi.
— Xo‘sh, nimaga hayron qolding, bu yovuzlikni ham qo‘shib yoz deganimga-da — Mansur fikri ravshan tortib va tazyiqli jilmayib, unga tikildi.
— Yovuzlik? — Muovin sheriklariga yalt-yalt etib qarab oldi. — Qanaqa yovuzlik?.. E-ha, mana, boboy ham aytdi-ku hadisni… Qolaversa, nima qipti ovga chiqqan bo‘lsak? Ana, tumanda ko‘rinmayapti, hokimning yordamchisi ham bor!
— Yo‘g‘-e? — Mansur chindan ham hayratlanib-ajablanib so‘radi. Va chimirilib, devordek oqlikka tikilib qoldi. — Tavba, — dedi keyin.
— Shunaqa, ukaboy, — sherigining so‘zini o‘zicha davom etgirdi musiqa muallimi. — Buning hayron qoladigan joyi yo‘q. — U hatto yelkasini qisib qo‘ydi.— Nima bo‘pti? Qor qalin tushipti. Bunday qish bo‘lmagan sira. Bo‘lgan-u, o‘tmishda… Xullas, piyoda ov sezoni kepti…
— Yo‘q, endi, bu gapingiz to‘g‘ri, — dedi Mansur qiynalib va so‘zlamoqqa so‘z qidirib. — Lekin, lekin… kakliklar kamayib qolgan-ku? — Ularni birdan chuv tushurgandek tabassum qildi. — Juda sanoqli qolgan, birodarlar… — So‘ng chiranib tushuntira ketdi: — Men ko‘p yuraman. Bilasizlar. To‘qson kilometr— u yoq, to‘qson kilometr — bu yoq. Orada jar ham bor. Tog‘ ham, archazor ham, tekislik ham…
— Qishloqlar ham.
— Balli! — davom etdi Mansur: — Ko‘rib yuribmanki, kaklik ozayib qolgan. Oldinlari kiyiklar…
— Bilamiz, bilamiz, — dedi muallim hozirjavoblik bilan. — Qoplonlar, ayiqlar ham bor edi!
— Yashang.
— Xo‘sh, kaklik ozayipti deb tanchaga kirib o‘tiraylikmi shunday kundayam? — U dumaloq o‘zlarini lo‘q qilib Mansurga qadaldi. — Uzing ayt. Insof bilan… Bu yoqda odamlar ovlasin. Xo‘p de. Hammasi shu atrofda! Bir haftadan beri kaklik qirg‘ini ketyapti… Bunday ov o‘n yilda bir bo‘ladi.
— Shoshmang-shoshmang. Meni chalg‘itib tashlamang, aka… Men… Shuncha odam… rayonning egalari, yana, mana bunday mo‘ysafidlar ham ovga chiqqan bo‘lsa, kaltak ko‘tarib… To‘g‘rimi gapim? Rahmat. Bu axir qirg‘in keltirish-ku? Yo‘q, siz meni tushuning, aka!.. — Keyin xo‘rsinib yubordi. — Hammang tushunib turibsan. Talmovsirashning nima keragi bor.
— Nima, ovlamaslik kerak deysanmi? — Muallim yana ko‘zlarini qadab so‘radi.
— Ha. Yo‘q… Ovlash kerag-u, lekin bunday… Voy, kakliklar ertan-mertan yo‘q bo‘ladi-ku? Qirilib bitsa! To‘g‘rimi gapim? Shuni o‘ylash mumkinmi-yo‘qmi?
Direktor o‘rinbosari tag‘in qoshlarini kerib:
— Umuman, bu gapingizda jon bor, — dedi. — Kaklik zoti qirilib ketsa, o‘zimizga yomon: tabiatimiz kambag‘allashib qoladi. Bu yaxshi emas.
— Yomon! Bu — fojia! — dedi Mansur. — Ey, xudoyim-e, bularning hammasi zsli-hushli odamlar. Baloga aqli yetadi… Lekin bilib turib, shuning aksini qilishadi.
— Nima, bizning birovlardan ortiq joyimiz bormi? — Qabariq qoyaga qarab so‘zladi Shoto‘ra muallim. — Yo‘q, el nima bo‘lsa, biz ham o‘shamiz.
— Voy, elni qo‘ying! — chiyillamoqdan beri bo‘lib dedi Mansur. — Avom xalq endi… Lekin sizlar — o‘qigan, muallim, rahbar kishisizlar-ku, a? Mana bu qariya bo‘lsa, hozir ham kalimasini o‘girib o‘tiripti.
— Kechirasiz, Mansur aka, bizni dapros qilyapsiz shekilli? — dedi direktor o‘rinbosari. — Yo‘q, bu-naqa huquqni sizga hech kim bergani yo‘q, menimcha.
— E, «menimcha»ngni… Shuning uchun ham huquqli bo‘lish kerakmi?
— Shak-shubhasiz, — dedi musiqa muallimi pinak buzmay. — Ha-ha, ukajon, xo‘p de… Ko‘rib turibsan, eshityapsan, aytyapmiz hamki, tuman kattalari ham atrofimizda yurishipti. Ovlashib. Chopqillashib! Oti-shib… Shunaqa! Tavba deging keladi! Anavilar so‘roq qilsayam bir navi edi.
— Ha, o‘g‘lim, — deya salmoq bilan bosh irg‘adi chol.
— «O‘g‘lim» demang meni. Hammalaring buzilgan odamsizlar, — deya o‘rnidan turdi Mansur va yana asta-horg‘in o‘tirdi. — E, xudoyim. Kabob kuyayapti… — Keyin qorga yopishib yotgan go‘shtni olib, u yoq-bu yog‘iga boqdi. Ko‘ngli buzilib: — Haligina jon holatda tipirchilab qochayotgan edi, — dedi.
— Ha, — tomog‘ini qirib, kulmasdan dedi muallim. — Qani, echkisoqol, bir tilovat qilib yuborasizmi?
Mansur gangib unga bokdi, so‘ng miyig‘ida tirjaya boshlagan cholga bokdi. Keyin muovinga — u nimadandir jirkangan kabi ortga tortilib turardi.
— Meni mazax qilyapsiz, a, Shoto‘ra aka? — so‘radi Mansur ovozi titrab.
— Seni? Nima uchun?
— Bilmasam.
— Bilmaysan, — deb ta’kidladi Shoto‘ra va gangib tepadagi oqlikka bokdi. — To‘g‘risini aytsam, men ham bilmayman… Bilmaysizlar sizlar ham! — deya birdan hamrohlariga bir-bir ko‘z tikdi. — Kurra, yo senda bir mantiqli gap bormi? Yo‘q bo‘lsa kerak… Boboyda hech qachon bo‘lmagan.
Mansurning ko‘zlari sezilarli quvonch-la yilti-rab, muallim qaragan kishiga qarar ekan, nihoyat:
— Qiziq, — dedi.
— Hech ham qizig‘i yo‘q, — ta’kidladi muallim. — Seniyam qo‘lingdan kelsa, qirar eding.. Yo‘q dema, uka. He, qirgansan sen ham! Jela bilan ovlab, a? Qorning to‘ygan. Hafsalang pir bo‘lgan… Xo‘p deyver.
— Yo‘q aka, — dedi Mansur va o‘ylanib qoldi. — Ha, umuman, meniyam ko‘nglim tusadi-yu, o‘yladim-da… Ana, gap qayerda! Biz, bizlar buni himoya qilmasak, saklab qolmasak, u tomom bo‘ladi… Hamma narsa o‘zimizga bog‘liq.
— To‘g‘ri aytasan, o‘zimizga bog‘liq.
— Axir shunday bo‘lsa ham, sizlar…
— …O‘ylaymiz, xo‘p deyver. Bitta menda kalla bor deb o‘ylama. Bizdayam bor…
Direktor o‘rinbosari birdan xo‘rsinib yubordi.
— Ovniyam tatitmadinglar… padariga la’nat! Ba’zan nima ish qilayotganingni bilmay qolasan… Keyin mana bunday akalardan musht yeyishing ham mumkin ekan.. Lekin, Mansur aka, men sizning samimiyligingizga ishonmayman.
— Nima? Qanaqa samimiy… O‘lay agar, men bori-ni, ko‘nglimdagini aytayotibman.
— Rahmat, — dedi musiqa o‘qituvchisi. — Qani, qariya, savilni oling… Kabob pishibtimi o‘zi? Bo‘ladi. Bu — parhez go‘sht. — So‘ng kulib qo‘ydi. — Buni qanday ovlaganimizni ko‘rganingda, a, tayoqlab o‘ldirarkansan-da?
— Menga aytayapsizmi? — dedi Mansur va o‘ziyam iljaydi. — Qo‘pollik qilgan bo‘lsam, kechirim so‘rayman… Xudo haqqi. Boboy, ko‘ngilga olmang… E, olsangiz ham o‘zingiz bilasiz. Ko‘p qilsangiz, bir qarg‘aysizda.
— Endi bas. Munozara-gap tamom, — dedi mual-lim. — Navbat undan ham muhimroq narsaga keldi…
— Mayli, men ham ichaman, — deb yubordi direktor o‘rinbosari. — Aytmoqchi, Mansur aka, siz ichmas emishsiz, a?
— He, bir paytlar… — So‘ng sakrab turdi, Mansur. — Opkelaymi? Uyda qolgani bo‘lsa kerak.
— O, duo qilamiz-ku! — dedi muallim. — Choping, ukajon. Bo‘lsa, bir kosa qatiqmi, chakkimi — teshib chiqmas edi. Choping, he, bo‘yidan!
Mansur qaytib kelganida, ularning ko‘zlari mastona yiltillar, ichdan bir begona nur urib chiqqandek edi. Harakatlariyam tez. Mansurga ilkis burilib qarab va me’yoridan ortiq iljayish bilan kutib oldilar.
— Bo‘yi pastidan qolgan ekan! — deya Mansur kamariga ichidan qistirib kelgani bir juft «Russkaya vodka»ni chiqarib, cholning‘ oldiga qo‘ydi. — Qurut bor ekan… Sigir sutdan qolgan-da. Hademay bir-ikkita sovlig‘im qo‘zilaydi. Unda og‘iz ichgali bemalol tashrif buyurishlaring mumkin.
— He, tilingdan o‘rgilay! O‘tir, boyvachcha ukam, — deb kursitopshi ko‘rsatdi muallim. — Saxiysan… Kecha bizni uyingga aytmaganinggayam xafa bo‘lmaymiz. Hovliqibgina qolib eding… Qani, starik, buyoqning nasibasini uzating.
— O, io‘q. Men ichmayman, boshim og‘riydi, — dedi Mansur. — O‘zlariga osh bo‘lsin.
— Ich-may-man emish. Ichmaydigan odamning aroq opkelishini ko‘rdinglar-ku? Ashaddiy alkashlar mana shu yeriga tiqib yuradi butilkani.
— He, bir zamonlar ichganmiz, aka.
— Ha, sen ko‘p ish qilgansan… — Muallim aroqqa yarimlatgan piyolani uzatdi. — Muni otgin-da, xo‘sh, qanday qilib, masalan, odam o‘ldirganingni aytib ber-chi.
— Obbo, — dedi Mansur chindan-da g‘ashlanib. — Yana o‘sha gap! Odam o‘ldirgan bo‘lsam, shu yerda o‘tirarmidim, o‘rtoq pedagog? Tushunasiz-ku o‘zingiz.
— Tushunmayman. Men g‘alcha bo‘p qolganman… Ol endi-e! — deb baqirib yubordi u. — Senga zahar beryaptimi? Obi jamshid-ku bu? Uzingni eski ulfating… Ol! Tarang qilma… Vaabshe-ku, sen bilan gaplashmaslik kerak edi. Tupurding, urding, so‘kding…Bitta kishi endi…
— Yo‘q, — dedi shunda direktor o‘rinbosari. — Biz… Insonni kechirish yaxshi. O‘tiring, aka. Ammo kishi o‘z qadrini, ya’ni o‘z o‘rnini bilishi kerak.
Mansur o‘tirarkan:
— Men bilaman, — dedi.
— Yo‘q, sizda atklaneniya bor, — deb uqtirdi o‘rinbosar. — Sizga muhit… qamoqdagi muhit ta’sir qilgan. Bo‘yningizga oling. Bu — fakt.
— Ho‘p, ta’sir qilgan bo‘lsa, qilgandir, — rozi bo‘ldi Mansur. — Lekin men u yerda juda ko‘p mard yigitlarni ko‘rdim… — Boshini egib qoldi-da, nihoyat, siniqib ularga boqdi. — Mana, meni odamxo‘r dedinglar. Yo‘-o‘q, og‘alar, men o‘shanda hatto chertmagan edim. Axir, Xudo bo‘lsa, shu gapimniyam eshitib turipti-ku! Yolg‘on gap — gunoh… Xullas, «gruppavoy»ga qo‘shilib qoldim. Ke-eyin eshitdim — jilmaydi u, — oramizdagi eng qo‘rqoq, ojiz bola pichoq tiqib yuborgan ekan bitta oliftaga…
— Kim edi u — o‘lgan?
— Bilmayman… Restoranda o‘tirib edik, yelkamizga qoqib o‘taverdi-da o‘ziyam. Kamsityapti. Bilyapmiz. Keyin, bir forishlik jo‘ramiz bor edi, shu bir alkashni chaqirdi. Hey burchakda uyqusirab o‘tirgan ekan. «Budish pit?» dedi. «Budu!» dedi. «Na» deb shishani uzatdi-da shart qo‘ydi: «Naley i padnimi tost. I skaji: «Dazdrastvuyet uzbekskiy narod!» — Tinglovchilar angrayib turisharkan, Mansur piq etib kulgach, qariya ishshaydi, muallim boshini qiyshaytirib, «Bor ekan-ku shunday yigitlar deganday bo‘ldi, direktor o‘rinbosari chimirilgancha qolaverdi. — Xullas, alkash o‘sha gapni aytdi. O‘rnidan turib, baqirib aytdi. Keyin tashqariga chiqqanda urish bo‘p qoldi. Yelkamizni silab o‘tirganning sheriklari qasdlashgan ekan, ori kelib…Savolingizga javob shu… Lekin men bu narsani aytmoqchi emas edim.
— Xo‘sh-xo‘sh?
— Aka, mard odam mard bo‘lib qolar ekan-da… Qamoqda bir chol bor edi. Mana bu kishidan qariroq, he, soqoli oqarib qolgan. Nimaga tushganini aytmas edi. Bir kuni haligi-mard jo‘rabopshmiz bilipti. Soqoling to‘kulgur o‘zining nevarasini buzib qo‘ygan ekan. To‘qqiz yashar nevarasini…
— Voh! — deb yubordi Shoto‘ra muallim.
— Xudo-yo, tavba qildim, — deb yana yoqasini tutamlab ushladi qorovul chol.
— Xo‘sh, keyin… nima bo‘ldi? Nima qildinglar? — deb so‘radi direktor muovini.
— Nima, bo‘lardi, jo‘raboshimiz urib o‘ldirib, tualetga tashlab yubordi. — xotirjamgina dedi Mansur. — Ana shu… — Boshini ozod ko‘tardi. — Shu ishni — odam o‘ldirish deysizlarmi, qotillik deysizlarmi, menga baribir, lekin hukmni ma’qullaganman. Aybim shu..
— Tushunarli, — dedi muovin. — Umuman, him, to‘g‘ri ish qilibsizlar.
— Ana shuning uchun ichaylik! — tagida ozgina aroq qolgan shishani ko‘tardi muallim. — Ol endi, qotil… Sendan qo‘rqqulik! Ho‘v, qariya, eshitdingizmi?
— Xudo-ya, tavba qildim. O‘zing kechir…
— O‘zbek edi, — dedi Mansur va piyolani shart ko‘tardi-yu, bir qultum olgach, manglayi tirishib, soqiyga qaytardi. — Bo‘ldi. O‘tmadi. Rahmat.
— Qurutdan shimi. Hechqisi yo‘q. Yo‘li ochildi. Bu yog‘iga xudo poshsho.
— Da-a, — dedi o‘rinbosar Shoto‘ra quyib uzatgan piyolani olib, — Xo‘sh, endi ishlar qalay ketyapti, ishlar, Mansur aka? Bu uyingizgayam kabel tortib kelgandirsiz ?
Mansur kuldi.
— Yo‘q. Telefonni xushlamayman. Kabelning ham hisobi bor… Kechirasizlar, men sizlardan bir narsani so‘rasam.
— Bemalol! — Direktor muovini piyolani quri-tib, chol ta’zim ila tutgan kabobdan bir jaz oldi. — Rahmat, otaxon. Mansur aka, eshitamiz.
— Shu-u, — Mansur o‘ylantirib so‘radi: — Mana, yaqin-yaqingacha, masalan, yoz oylarida ovga chiqqan ovchining miltig‘ini olishardi. Chunki, — tabassum ila davom etdi, — yozda jonivorlar tuxum bosgan, tuxumini ochib chiqqan bo‘lardi. Makiyonlarning ham bolalari yosh — otish mumkin emas… Xo‘sh, men yaxshi bilamanki, bitta ayiq otgan odamga falon ming so‘m jarima bor… — dedi Mansur dam unga-dam bunga mo‘ltirab. — Axir, bemavrid qaklik otgangayam jarima bor edi-ku? Masalan..
— Maqsad nima, uka?
— Demoqchimanki, mana… ana, milisalar ham, hokimlikdan ham yurishipti…
— Ha-a, tartib-intizom egalarining o‘zi qonunni buzyapti demoqchimisan?
— Shunday deyish ham mumkin, — ma’qulladi Mansur. — Chunki kaklikni otish uchun ham limit bo‘lishi kerak. Masalan, beshta-to‘rtta otish uchun…
— Marhamat, — muallim ikki barmog‘i orasidan uchinchisini chiqardi. — Limit-a… Limit qoldimi! Oblo akbar! — dabdurustdan fotiha o‘qidi. — Astag‘furillo. Kechirasiz starik. Iching-da, o‘zingiz ham. Nuqul yeysiz… Uyalmang. Oling. Xudo o‘zi kechiradi. Ozodlik zamonidasiz. Mustaqillik! Oling. Imomga aytaman ammo, olmasangiz…
— Xo‘p-xo‘p, lekin biz…
— Sizning gunohlaringiz shunchalar ko‘pki, mana shu tumanday o‘rab turadi sizni. Jannatning eshigini ko‘rsatmaydi. Agar o‘shandayam jindak otib olgan bo‘lsangiz, munkar-nakirniyam mana bu mushtumzo‘rga o‘xshab raz-raz solasiz-da, o‘rtasidan o‘tib ketasiz. Qarabsizki, to‘g‘ri do‘zaxga tushib, mana bu kaklikday kabob bo‘lyapsiz! — Muallim maza qilib kulib yubordi. — Sizni hech kim yemaydi. Chandir bo‘p ketgansiz.
Direktor o‘rinbosari ham bukillab kuldi-da, keyin jiddiy tortib:
— Shoto‘ra aka, bu kishi savol berdilar, — dedi. — Menimcha, seryozni savol.
— O‘zbekcha gapir… E, nimaga o‘qrayasan? O‘zbekiston mustaqil bo‘pti. O‘zbek tili Davlat tili bo‘pti-yu, haliyam o‘rischa ishlatadi. Ayniqsa, ichiga yuz gramm tushsa…
— Bas qiling! — deb yubordi muovin. — Shu yuz gramm sizning ichingizga tushsa, mana shunday laqillab qolasiz. Gapni gapga qo‘shing… Akamiz savol berdilar. Him, bu kishi molning ketidan yurgan bir cho‘ponday gap…
— To‘g‘ri, ba’zi masalalarni tushunishda cho‘pondan ham battarman, — dedi Mansur va chiranib portladi: — Bu boshboshdoqlik nega? Hamma tartibni buzsa! Hamma birakoner bo‘lsa. Hech kim o‘ylamasa tabiatni…
— Juda to‘g‘ri gaplarni aytyapsiz, — uni rag‘batlantirdi o‘rinbosar.
— Hatto sizlar ham…
— Bizga tegma. Bizlar — vintiklarmiz, xolos. Vintiklar. Yo xato qildimmi? Yo‘q, bizlar kichkina odamlarmiz.
Muovin Mansurga burilib o‘tirdi.
— Bu kishi tamom bo‘ldi. O‘zimiz gaplashamiz, aka… Xo‘sh, mudlaongiz nimaydi?
Mansur xo‘rsindi.
— Men aytib bo‘ldim.
— Yo‘q, chalasi bordek.
— Sizlar meni qotil deyapsizlar… Axir, eng katta qotil— sizlar ham-ku? Anavilar ham-ku?
— O‘x, qattiq ketding, uka. — Yo‘talib oldi musiqa o‘qituvchisi. — Yaxshi emas. Bu, bu ko‘pga kelgan to‘y.
— Nima?
— Kemaga tushganning joni bir. Joni birning — noni bir.
— Hammamiz ham bir go‘r demoqchimisiz?
— Albatta. Sen ham shu go‘rlardan biri… O‘zingni oqlama. Harakat qilma, ukajon, foydasi yo‘q… Men hozir seni, sening ashaddiy… tabiatning ashaddiy dushmanlarydan biri ekanligingni isbotlab beraman!
— E, hovliqmang, aka.
— Ey, birodarlar, bu devona nima deyapti o‘zi? — Muallim xarsangda engashib o‘tirib va qo‘llarini sermab-sermab gapira ketdi: — Uyingda kakliging bormi? Bor. Bo‘lgandayam — xudoning g‘azabi! Voy, unday makiyonni tarix ko‘rmagan. O‘zi «pass!» desa yotadigan xilidan-u, archazorga borsa, babaq kaklikni qochiradi. Ya’ni, sen bilan urishaman deb turadi Shunday sayraydi — shunday sayraydi, o‘lay agar, yetti chaqirim naridagi murruk jo‘janiyam o‘rnidan qo‘zg‘atadi! Bilmayman, u nar-modami, bir balo… Ana shu bilan, — Shoto‘ra irshayib Mansurni ko‘rsatdi, — ovga chiqadilar akam. Yenlarida jela, kamida o‘tgiz-qirqta tuzog‘i bor… Endi, u yog‘ini tasavvur qilaveringlar. Ulay agar, shu tog‘ning o‘ndan bir hissa kakligini shu yo‘qotdi desam, lof bo‘lmaydi… — So‘ng qih-qihlab kuldi. — O‘zing ayt, yolg‘on de.
Siniqib-jilmayib turgan Mansur:
— Albatta yolg‘on, — dedi. — Hali aytdim-ku, yilida bir-ikki marta… — So‘ng baqirib berdi: — Eshitingda-e!
— Qulog‘im senda, ukajon.
— O‘lay agar, qilichni qindan chiqarasiz… — U o‘zini bosish uchun jimib, chuqur-chuqur nafas oldi. So‘ng: — Kakligim shunday, — dedi. — Yashirmayman, aytganingizday…
— Rahmat, uka.
— Lekin tog‘dagi kakliklarning mingdan birini ham olganim yo‘q.
— Balki men hisobdan adashgan bo‘lishim mumkin. Deylik, milonta kaklikning yuzdan biri olinsayam…
— Shoto‘ra aka! — qichqirib berdi direktor-o‘rinbosari. — Sal bosib o‘tiring, xudo xayringizni bersin…
— Rost, To‘rajon, jindek sabr qiling, — dedi qorovul chol ham.
— E, men ham bir misol aytdim-da! — baqirib yubordi Shoto‘rajon. — Bu nuqul bizni ayblaydi. O‘zi oppoqmi? Be-e!.. Ana, yalang qirda turadi. Har tong yuzlab kaklik enadi tog‘dan. Buning hovlisiga qo‘nmaydimi? Qo‘nadi. Chunki kaklik qayerda don bo‘lishini biladi. Biladi.
— Shu bugun tongda ikkita kaklik ko‘rdim, xolos, — deb bo‘yniga oldi Mansur.
— Tegmading-a? «Yashasin ozodlik!» deb qo‘yib yubording? Shundaymi? Balki don sochgandirsan oldiga? A?.. Bo-or shunaqa voqealar, bo‘lyapti ham. Toqqa bir to‘rva yem opchiqib, biron kamarga sochadi-da, poylab turadi. Jonivor och kakliklar kelib qo‘nadi. Chug‘ur-chug‘ur qilib yeya boshlaganda paq etadi. Qarabsizki, besh-o‘ntasi dumalab, tipirchilab yotipti. Bo-or, shunday qilib ovlayotgan iploslar ham bo-or.
Mansur hayrat-la boshini sarak-sarak qildi. Qorovul chol esa dabdurustdan qarg‘adi:
— Undaylarga boqqan balo bor.
Mansur endi hayrat va ich-tubida nurli bir se-vinch bilan ularga bir-bir qarab chiqdi. Keyin:
— Qiziq, — dedi. — Sizlar, umuman, qiziq odamsizlar… — So‘ng o‘ylanib, davom etdi: — Men hech qachon bunday gaplarni… Umuman, sizlarni bir qarashda — shafqatsiz deyish mumkin. Keyin, mana bu gaplaringni eshitib…
— Shunaqa, — dedi muallim. — Bizlar hardam-xayol bo‘p qolganmiz. Hey, qariya, buniyam sixga torting… Pichoq qani? Bo‘laklang. Jigidan ajrating. Mana buning tuzi pastroq bo‘lgan ekan… Shunaqa, mulla Mansur! Bu yerdagi… bu yerda o‘tirganlargina emas, umuman, odamlar haligiday bo‘p qolgan.. To‘g‘rimi? Ko‘p qarama menga… Undan ko‘ra, xulosangni ayt. Hali boshlab eding-ku, bir nimalarni?
— Da, — dedi direktor o‘rinbosari. — Mansur aka, davom eting… Buning ustiga, o‘zimiz ham qiziqayotibmiz.
— Kaltaroq qil, — dashnom berdi muallim. — Shu Mansur akangniyam yelkasidagi qovoqning oti — kalla, bosh. Baloni tushunadi buyam.
— Siz yana xalaqit bersangiz, — dedi muovin, — men ham o‘zimning gapimni tushuntirolmay qolaman… Jim! Otaxon, g‘o‘ng‘illamay ishni qiling. Bo‘lmasam, texnikumning qorovulligidan umidni uzavering.
— Voy, men bir narsa dedimmi? Muni maydalayap-man, duo o‘qidim..
— Ichingizda o‘qing… Xo‘sh, Mansur aka, mana, siz ham, harqalay, uncha-muncha narsani ko‘rgansiz. — So‘ngra birdan boshini xam qilib qoldi, ko‘zlari sho‘x charaqlab, Mansurga termilib qoldi. — Aka, xulosadan oldin… Sizga bir savol bersam.
— Marhamat, — dedi Mansur.
— Ayting-chi, qamoqdan chiqqandan keyin, ya’ni, ozod bo‘lganingizdan keyin o‘zingizni qanday his qilgansiz?
Mansur buning javobi ancha muhim ekanini uqib, illo, musiqa muallimi ham o‘ziga diqqat bilan tikilib turganini ko‘rib, o‘ylanib qoldi.
— Xo‘sh, chiqqanimdan keyin… shu, qo‘limga picha pul, yo‘l xarjini berishdi… Shu, qayerga borishimni bilmay qoldim. Holbuki, men bilar edim: institutga olishmaydi. O‘qish tamom bo‘lgan. Uchinchi kursdan ketgan edim-da… Keyin, meni biron ishga olishlariyam mahol — buniyam bilar edim. So‘ngra, uka, ko‘p tanish-bilishlarning mendan yuz o‘girganlarigayam ishongan edim.
— Tushunarli.
— Shunday. Nimaga desangiz, qamoqqa qayta tushgan bir-ikkita yigitlarning gaplarini eshitgan edim. E, ular juda xafa edi…
— Ular alamzadalikdan gunoh qilib qayta tushishganmi?
— Sababi ko‘p… Ammo ba’zilar borki, qamoqqa o‘rganib qolishgan. Menga ishoning, ularni bugun ozod qiling, ertaga albatta, qaytib borishadi.
Muovin muallimga ma’noli jilmaydi.
— Sabab?
— Endi, sababi shu-da: qo‘li o‘rganib qrlgan o‘g‘irlikka…
— Ha-a, siz esa ko‘nikib ketdingiz-a ozodlikka?
— E, uka-e! — Mansur mayin-yoqimtoy jilmayib chayqaldi. — Ozodlikka nima yetsin… Uning qadriga, masalan, siz ham yetmaysiz. Siz ham, Shoto‘ra aka. Boboy ham… Axir, tabib — tabib emas, boshidan kechirgan tabib, deydilar-ku.
— Bu maqolni biz ham bilamiz, — dedi Shoto‘ra. — Lekin he-ech qaytib borging kelmadimi?
— Nimalar deyapsiz!
— Da, sizning yo‘rigangiz boshqa ekan, — fikrini xulosaladi direktor o‘rinbosari. — Siz, demak, aql bilan, tadbirkorlik bilan ish tutgansiz. Qolaversa, turmaga o‘rganmagansiz… Kechirasiz, o‘n yil yotdingiz. Nahotki, sal bo‘lsayam o‘rganmadingiz? Kechirasiz, bu sinchkovligim uchun.
— Yo‘q, yaxshi savol, — tasdiqladi Mansur. — O‘rganib qolganlar, ya’ni, ust-ustiga srok olib qolaveradiganlar ham bor… Lekin men kutar edim. Ayniqsa, keyingi besh-olti oyning o‘tishi og‘ir bo‘ldi. Sal narsada toyib ketish mumkin-da… Uf-f. Him, kutubxonasi bor edi, kitob o‘qirdim. Televizor bor. Ish, ish…
— Tushunarli. — Muovin yana bir xulosa yasadi: — Siz, demak, nisbatan yaxshi muhitda bo‘lgansiz.
— E, eslamaslik kerak… — So‘ng nigohi siniqib jilmaydi. — Kelganimdan keyin, to‘rt oydan so‘ng bir xat oldim. Tuhmat bilan tushgan domladan.
«Mansurjon, sen ketding, ko‘zda yosh qoldi, Orqangdan otilgan parcha tosh qoldi».
— Yaxshi-ya? — Mansurning ko‘zlari g‘ilq yoshga to‘ldi. — Menga ta’sir qildi. O‘zimizdayam shu odat bor-ku, bir kishining uyga kirishini, kelishini istamasangiz, orqasidan tosh otib qolasiz.
— Bor, bor, — deb tasdiqladi qorovul chol. — Oldi-ortingga qora tosh, yag‘riningga yalpoq tosh. Bora-bora umbaloq osh… — Chol hiringlab kuldi. — Yomonga aytiladi… Shu-shu, turmaga qaytib kelma, deganlari-da?
— Durustsiz-ku, — dedi musiqa o‘qituvchisi. — Bekorga yashamagan ko‘rinasiz.
Chol rag‘batdan mamnun bo‘lib:
— Avf etasizlar, bizlar omi odam, — dedi. — Lekin ruxsat bersalaring, yana bir gapni aytsam… Hali qamoqqa o‘rganganlar haqida gapirganlaringda esimga tushib ketdi… Shu, yoshlikda paxtani omoch qo‘shilgan ot bilan kultivatsiya qilar edik-da. U paytlar traktorlar kam…
— Bilamiz.
— Shu ot jonivor o‘rganib qolgan ekan. Paykalning boshiga boradi — buriladi. Bu yoqqa kelib, yana buriladi. Shunday qilaverib, juvozning otiga o‘xshab qolgan ekan.
— Xo‘sh-xo‘sh?
— Keyin traktor keldi… Ot to‘g‘ri yo‘lda yurolmay qoldi-da. Sal yuradi-yu, aylanib ketadi. Ba’zida boshqa tomonga ketib qoladi. Boshqa otlarga o‘xshab yurolmaydigan bo‘p qolgan edi. Shu bilan o‘lib ketdi.
Chol aytib bo‘lib, eshituvchilarga boqdi. Hammaning boshi egik, qattiq hayajonda ediki, ayniqsa, Mansurning hayajoni shoshqin va hayratli, nazdida, direktor o‘rinbosarining-u o‘zining-da halidan beri qiziqtirgan savoliga qariyaning jo‘ngina misoli eng jo‘yali javob bo‘lganday edi.
Direktor muovini chuqur xo‘rsinib olib:
— Ozodlik haqida o‘ylab qoldim, — dedi. — To‘g‘rimi, Shoto‘ra aka?
— Kaneshna, to‘g‘ri, — dedi Shoto‘ra.
Mansur unga yalt etib qaradi.
— Nima-nima?.. Ha-ha, tushundim. — So‘ng munglanib qoldi-da, bir muddatdan keyin hamsuhbatlariga yorqin tabassum bilan bokdi. Zo‘r ish bo‘ldi-ya!
— Ozodlikmi? — gurs etkazib so‘radi direktor muovini.
— Shunday… Axir, O‘zbekiston mustaqil bo‘lishidan oldin Rusiyaning plugida edimi?
— Albatta, — dedi muallim.
— Biz masalaning mohiyatiga yetdik, — tag‘in bir xulosa yasadi direktor o‘rinbosari. — Otaxon, sizga rahmat. O‘rinli misol aytdingiz. Boshqa o‘rtoqlar ham, umuman, to‘g‘ri fikr yuritishyapti… A, Shoto‘ra aka?
— O‘zlari-chi? — Muallim yangi shishani ocharkan, cholga «elping» ma’nosida kabobga ishora qildi. — He, kurrasi tushmagur, oliftasan-da, uka… Lekin savollaring jo‘yali bo‘ldi. Ayrim fikr va mulohazalaring ham ma’noli…
Mansur shoyon mamnun jilmayib bosh irg‘adi-yu:
— Qiziq, — dedi. — Juda qiziq… Endi, shuni bilar ekanmiz, hey, bilaturib, buning aksini qilamiz-a?
— Balli. «Miz» deb gapirganing uchun endi rahmat aytaman senga.
Direktor muovini allanechuk kerishdi.
— Balki shuni ichmasmiz, — dedi. — Ko‘plik qiladi… Mansur akam ichmaydilar… — Shunday deb tuyqus iyagini siypaladi. Va xo‘mraydi. — Starik ham tarang qilyaptilar. Texnikumda yordamchi xo‘jalik bor. — Mollar morayotgandir…
— Eshityapsizmi, qariya? — so‘radi muallim. — Safdan qolaversangiz, qolgan umringizni pochtaning beton zalida o‘tkazasiz. U yerda sigir ham yo‘q, sut ham…
Mansur tuyqus zerika boshladi. Bular yana ichishga majbur qilishini, «yo‘q» desa, balki ichishmasligini taxminladi va: «Qaytamga yaxshi», dedi ichida.
Shunda qayerdadir miltiq otildi, odamlarning shovqini eshitildi.
— Kechirasizlar, men ketsam, — dedi birdan. — Uyda ishlar bor edi. Mol-hol deganday… — Keyin yasama iljaydi. — O‘zi, bir haftadan beri uyda bo‘lmagan edim.
— Borasiz, — dedi musiqa o‘qituvchisi.
— Yo‘q, rostini aytyapman.
— Kurra, javob beramizmi? Bu baribir ichida bizni so‘kib-so‘kib ketadi.
— Axir, ahvolni tushundilar-ku? — dedi muovin jiddiylik bilan.
— Bu yil tog‘da kaklik qolmaydi.
— Qolmasa senikini yeymiz, — xotirjamgina dedi muallim. — Nar-moda kakligingni… To‘g‘rimi? Semiribgina turipti. Ana shu bilan tog‘da qolgan-qutgan kakliklarniyam saqlab qolamiz. Uning avrashidan…
Mansur xayolan uning jag‘iga tushirdi: jag‘i qiyshayib, og‘zi qonga to‘ldi.
Keyin xo‘rsinib yubordi-da:
— Umuman, men o‘sha kaklikni shartta chiqarib, otib tashlashim mumkin, — dedi. — O‘lay agar-a… — Ammo ich-ichida bir joyi og‘rib ketdi: kaklik hayron qolib o‘ladigandek bo‘ldi-yu, boyagi kaklikning nursiz ko‘zlari ko‘rindi.
— Otasan. Otishing mumkin. Seni qo‘lingdan ke-ladi, — dedi muallim. — Qani, piyolani ol!
— Yo‘q.
— O-ol. Kemaga tushganmiz. Jonimiz ham bir, nonimiz ham… Go‘rimiz ham. Xo‘p de, romantik! Kulma… O‘n yil yotib kelganing bilan ba’zi gaplaring o‘n yashar bolani eslatadi.
— Bo‘lishi mumkin. — Mansur piyolani olganini anglamay qoldi. Keyin anglab: — Lekin men sizlarday bo‘lolmayman, — dedi. — Vabshe, bo‘lgim ham kelmaydi.
— Hay-hay!
— Chunki sizlarda til boshqa, dil boshqa… Sizlar aqlli, hamma narsani tushunasizlar. Lekin…
— Uh, xom sut emgan bandamiz-da, og‘ajon. Dod! Qo‘shiq aytgim kep ketdi!
— Eshitamiz.
— Sen buni qurit. Mard bo‘l, ustozlaringday… Cholni o‘ldirganlaringni hech kim bilmadimi?
— Bildirmadik-da… Lekin nachaylik sezganini keyin eshitdik. Yo bizdan qo‘rqqan, yo o‘ziyam yomon ko‘rarkan uni…
— Ha, iloyi joyi do‘zaxda bo‘lsin. Ol, inim. Sog‘lig‘imiz uchun! Qolgan kunlarimiz ham… e, yillarimiz ham mana shunday o‘tsin! Xursandchilik bilan.
— Vey, icholmayman.
— Sen mardsan — ichasan, — dedi muallim. — Taning sog‘, jigaring kasal emas biznikiga o‘xshab… Mana bu kurraning ham buyragi ishdan chiqqan. Cholda quruq jasad bor… Ol, uka. Sipqor-e, dunyo o‘tdi-ku.
— Birgalashib tabiatni quritishimiz uchun-a? — kulimsirab so‘ragan bo‘ldi Mansur.
— Ha, endi, qismat shu bo‘lsa, nima qilardik… O‘lganimizdan keyin hu-u… O‘-o‘, Olloh shunday yaratibdur! — xitob qildi Shoto‘ra. — Qo‘limdan nima keladi?
— Qo‘lingizdan… Uh, prativni odamsiz. — Mansur piyoladagi aroqni uning basharasiga sepib yuborib, o‘rnidan turdi. — Sizda xudoyam yo‘q, vijdon ham… Sadqayi odam keting! — Chetlanib, tayog‘ini oldi. — Xayr, kurra, saniyam gapingda turuming yo‘q. Mana bu maddohdan qolishmaysiz… — Cholga ham jirkanib tikildi-da, qo‘lini siltab burildi.
Shoto‘ra muallim pishnab ko‘zlarini pir-piratar, yengi bilan ko‘z jiyaklarini artar va boshqa qo‘li qorni tirnab paypaslar, aftidan, kaltagini qidirar edi.
Mansur uch-to‘rt qadam qo‘yiboq tumanga kirib ketdi va yoshovrab qolgan ko‘zlari uni-buni ko‘rar darajaga yetganda Shoto‘ra muallim tayog‘ini ola solib uning orqasidan yugurdi. Muovin bilan cholning xay-xaylashiga jilla parvo qilmadi.
Muallim Mansurga yetishi zamon yelkasiga kaltak urdi. Mansur burilgandi, kaltak ko‘kragiga tushdi va u dovdirab qoldi. So‘ng orqasiga chekinarkan:
— Jinni bo‘ldingizmi? Hozir yomon qilaman… — dedi. Shunda chuqurga oyog‘i tushib ketib, o‘tirib qoldi-yu, sermalangan tayoqni shappa ushladi, ushlab tortdi. O‘qituvchi bu yoqqa tortdi. Mansur kaltakni bo‘shatgan bo‘lib, zarb bilan tortgandi u enkayib ketib, yarog‘ qo‘lidan chiqdi. Va Mansurning biqiniga bir tepdi. Mansur yana epchillik qildi: uning to‘pig‘idan ushlab
oldi-yu, muallim keti bilan qorga tushdi, o‘tirib qoldi va birdan boshini egib, ho‘ngray boshladi.
Mansur tayoqni ko‘targancha tek qoldi-da, keyin uni chetga otib yubordi.
— Jinni. Quturdingizmi?
Muallim unga yoshli ko‘zlarini chaqchaytirib:
— Quturdim! — deya changalini ochib siljigan edi, Mansur uning bilaklariga bir urdi. U «voy-voy»lab, qo‘lini uqalab qoldi. — Quturdim, — dedi yana xirillab. — Sen… He, ko‘zing o‘yilsin, boyqush! Turemshik! Boy…
Mansur piqillab kuldi. Shunda bularga yaqin ke-lib to‘xtagan qorovul bilan direktor o‘rinbosari o‘zaro yo‘talishib va nimalarnidir po‘ng‘illashib, Shoto‘raning qoshiga kelishdi.
— Turing o‘rningizdan, To‘raboy, — deb qorovul qo‘lini uzatgandi, To‘raboy itarib yubordi.
— Bor, yo‘qol. He, soqol… — So‘ng direktor o‘rinbosariga do‘q qildi: — Sen nimaga ishshayasan?
— Tavba, qachon ishshaydim? Aksincha, sizni tanimay turibman, Shoto‘ra aka.
— Tanimaysan… Ha, meni hech kim tanimaydi. Bilmaydi. Ichimga qaysing kirib chiqibsan?
Mansur o‘ylanib:
— Albatta, men ham bilmayman, — dedi. — Yuring, o‘tni boshiga boraylik. Shamollab qolasiz.
— Shamollayin. O‘tib ketsin… O‘layin men! Butun umrim yolg‘onchilikda o‘tgan ekan… — Keyin baqirib yubordi. — Aldanib yurgan ekanman!
— Endi, hammamiz ham aldanganmiz, — dedi direktor muovini. — O‘rningizdan turing, aka. Juda xunuk…
— O‘lmapsiz sizday xushro‘y. — Shoto‘ra inqillab o‘rnidan turdi. Mansurga tashlanmoqchidek bir xezlandi-yu, keskin qo‘l siltadi. — Kelinglar. Eshitinglar… — Tag‘in baqirib yubordi. — Keyin meni tushunasizlar!
— Xo‘p-xo‘p, — dedi muovin. Chol ildamlab oldinga tushdi. Mansur qidirinib tayoqni topti-da, suyana-suyana jila boshladi. Qoya oldiga yetishganida, qariya chalalarni qalab va cho‘kkalab, tagiga puflar edi.
Har kim o‘z joyiga o‘tirdi. Shoto‘ra muallim shishaga tikilib qoldi-da, shart olib, orqasiga otgandi, shisha bir aylanib, tagi bilan qorga kirib qoldi.
— Yaxshi emas, bu pulga kelgan, — deya Mansur turib borib, aroqni oldi.
— To‘g‘ri aytasiz. Menga bering shuni, — deya qo‘lini cho‘zdi direktor muovini va Shoto‘raga tikildi. — Xo‘sh, nima degandi o‘sha shogirdingiz?
— U meni o‘ldirdi. Mansur, eshit! — Muallim tutab, alanga olayotgan chalalarga qarab turdi-da, boshini chayqatib, tag‘in piq-piq yig‘ladi. — Urug‘lik kartishka olaman deb anavi… do‘konga kirsam, mudir: «Domla, bu qimmat, tijorat bahosida», dedi. «Omborga kiring, o‘zingizning o‘quvchingiz — mudir. Arzonga beradi. Tanlab olasiz», dedi. Men galvars omborga bordim. Qarasam, haqiqatan ham o‘zimning o‘quvchim… So‘rashdim. Maqsadni aytdim. Shunday — «bir qop kartishka kerak, — dedim. — Bahor kelyapti. Uch-to‘rt sotix joyim bor, bilasan. Shuni eksam, jiyanlaringga, kunimizga yaraydi. Kim biladi, bahorda narx-navo kanday bo‘p ketadi», dedim. U nima deydi deng? «Do‘kondan oling, domla. Men sizga kartishka bermayman», deydi. «Nimaga? — dedim. — Bu davlatning ombori bo‘lsa, kartishkang arzon…» dedim. «Yo‘q, hammaga bersam ham sizga bermayman», dedi. «Nimaga?» «Chunki siz menga nuqul ikki baho qo‘yardingiz. Har kuni, sendan odam chiqmaydi, der edingiz. Mana, men odam bo‘ldim. Siz kim bo‘ldingiz?» Shunday dedi. Bemalol. Pinak buzmay aytdi.
— O‘, ablah! Kim u o‘zi? Kimning o‘g‘li? — so‘radi Mansur.
— E, nima farqi bor.
— Da-da, ba’zi yoshlar ham buzildi.
— Kim buzdi?
— He, qirilib ketsin hammasi! Quy anavindan… Ichim yonib ketyapti. — So‘ng Mansurga o‘ychan xo‘mrayib boqdi. — Ana shunaqa, boyvachcha. Men chidab yuribman, o‘lmasdan… Holbuki, o‘zimni o‘ldirishim kerak edi. U — mening o‘quvchim edi! Inson… Xudo-ya tavba, bu ko‘rguliklar yetti uxlab tushimgayam kirmagan edi… Vabshe, men keraksiz odamman! — deb tuyqus baqirib qoldi. — Ularga o‘g‘rilikni o‘rgatadigan kimsa kerak ekan…
— Albatta. Undaylar bor, — deya muovin piyolani yarimlatib uzatdi. — Xafa bo‘lmang, bir kun keladi unday yoshlar ham…
Qorovul yulg‘un sixni olib tutdi.
— Iching, gazak qiling, To‘rajon… Kuyinmang.
— Aljimang, — deya kabobdan bir bo‘lak oldi Shoto‘ra. — U vaqtlarda dushman aniq edi, yo‘l ham aniq edi… Hamma bilardi buni.
— Unday emas, — dedi direktor muovini. — Biz bozor iqtisodiga, ya’ni eng tabiiy rivojlanish yo‘liga tushdik. Tarix guvohlik berishicha, insoniyat jamiyati paydo bo‘lgandan buyon — shu amalda bo‘lgan.
— Siz o‘lgandan keyin bolalaringiz qoladi, — deb gap qo‘shdi Mansur. — Balki ular yaxshi yashab ketishar… Agar aql, tadbir bilan ish tutishsa…
— Senga o‘xshab, a?
— Nima, mening yo‘lim yomonmi? Nabarot… Ana, Olimboy jo‘ram ayttaniday, eng tabiiy yo‘ldaman. Xudo ursin-a… O‘z-o‘zimdan shu yo‘lni tutdim.
— Qo‘y, seniki menga namuna bo‘la olmaydi. Sen endi bir chiqib qolding-da.
— Ixtiyoringiz, aka.
— Bo‘pti. Shu zahri qotil, iloyi, zig‘ircha bo‘lsayam shifo bo‘lsin. Iloyi, oh, odamlarga shu qadar ishongim keladi! Shunchaki yaxshilik tilayman… Lekin buning bo‘lgan-turgani, nima desam ekan, juda ojiz, xudbin maxluq ekan-da, bu odamzod. Uka, bu gapim — aqlli gap.
— Ammo-lekin «inson — ojiz» deganingizga men ham qo‘shilaman, — dedi muovin. — Bundan shunday xulosa chiqadiki, demak, inson o‘zini o‘zi tarbiyalashi kerak… Bu yo‘rig‘da din ham unga qo‘l keladi.
— Xudo haqqi, to‘g‘ri gapiryapsiz, — dedi Mansur jilmayib. — Bitta ariston bor edi. Erta-yu kech namoz o‘qir, tilovat qilar edi. O‘sha odam semirib, qip-qizil bo‘lib qamoqdan chiqib ketdi. Hech narsa mana shu tirnoqchayam ta’sir etmadi unga.
— He, islomiyatda hikmat ko‘p, — deb mulohaza aytdi qorovul bobo. — G‘irt bezorilar, takasaltang, bekorchilar ham machitga qatnab, bir mehnatsevar, odamshavanda bo‘lib ketishdi… O‘zim guvohman, yigitlar. Oqshomlari amri ma’ruf bo‘lganda ta’sirlanib ketib, o‘zim ham yig‘lab-yig‘lab olaman. Dunyoning haqiqati bu yoqda ekan-ku, deyman. Kecha hazrati imom mashvarat qilib: «Xudodan qo‘rqmagandan qo‘rqingiz», deb aytdilar. Biz buni ko‘p muhokama qildik. Xulosa shu bo‘ldiki, jamiyatdagi barcha nuqsonlar, buzuqchiliklar — bari…
— Xudodan qo‘rqmaslik orqasidan! — titrab dedi Shoto‘ra… — O‘zingiz qo‘rqasizmi?
— O‘, albatta. Nauzanbillohi minazoliman…
— Rahmat.
— Kabob sovudi.
— Bu boshqa gap. — Musiqa muallimi piyolani bo‘shatib, cholga qaytardi. — Rahmat. — Chol tag‘in quyar, muallim kaklik oyog‘ini etdan tozalar ekan: — Men achinmaymanmi shunga? — dedi birdan qo‘lidagini Mansurga ko‘rsatib. — Juda achinaman-da, akasi bo‘yidan… Lekin nochorlikdan desang ham haqsan, anavi bolaxo‘rlarga achchikdan-alamdan shunday yovuzlik qildi, desang ham sen haqsan… Ammo men ham achindim. Hali kaltak bilan solganimda, ichimda bir nimalar uzilib ketganday bo‘ldi. Unga sari alamim kelib, kallasini uzib tashladim… Mansur unga tikilib qolib:
— Qiziq, — dedi-da, yelkasi qimirlab kuldi. — Meni kaltaklayotganda-chi, rahmingiz kelmadimi?
— Yo‘q! — keskin dedi muallim. — Indamasang, uka, ont ichaman, kechgacha seni urishim, urib o‘ldirishim mumkin. Ishonasanmi? Hali ko‘zimga balo-qazoday ko‘rinding… Men, umuman, senda, sening ayrim gaplaringda — o‘zimni ko‘rdim-da. Tushundingmi? O‘zim ham shu fikrda edim-da!
— O‘quvchilargayam shunday saboq bergansiz-da? — so‘rov maqomida dedi direktor muovini.
— Albatta. Boshqa nima der edim? — U chayqalib kulimsiradi. — Ana, natijasi, eshitdinglar…
— Kimligini ayting, — so‘radi Mansur. — Men bir ko‘ray. Panada ushlab, hiqildog‘idan olaman. «O‘qituvchini yerga urishni kim o‘rgatdi senga?» deyman…
— Xay-xay! — deb kuldi muovin. — Esdan chiqma-sin: ustingizdan akt tuzmagan bo‘lsak ham, qilgan qiliqlaringiz esimizda turibdi. Masalan, haliyam mening jag‘im og‘riyapti…
Mansur yelkasini uchirdi-yu, qimirlab hiringladi.
— Meniyam yelkam og‘riyanti.
Chol mastona kuldi.
— Ajoyib odamsizlar-da… Qani, xo‘jayinjon, piyolani olasizmi? Yo bo‘ldimi?
— Nimasi bo‘ladi? Oladi! — Buyurgandek dedi Shoto‘ra. — Ol, kurra!
— To‘ra aka, yana bir marta shu so‘zni tilga olsangiz, turib ketaman. Siz bilan hech gaplashmayman.
— Gaplashasan. Gaplashmasang, siringni ochaman. Rayonda bosh ko‘tarolmay qolasan… Ich, uka! E, hazil-e! Boringlarga shukur! Sizlar bo‘lmaganda bilmadim… — Keyin Mansurga yuzlandi. — Nimaga meni urmading? Rosa tushirdim-ku? Xudo ursin, nima qilayotganimni bilmay qoldim.
— Ana shuning uchun, — Mansur yonida yotgan tayoqni olib unga berdi, — marhamat… — Keyin nosqovog‘ini olib, tizzasiga urdi. — Umuman, rashchyot bo‘ldik.
— Menimchayam, shunday, — tasdiqladi direktor muovini.
— Ba’zan sendan ham aqlli gaplar chiqib qoladi, a? — dedi Shoto‘ra Mansurga. — Turmada mulla bo‘lib olgansan-da! Haqiqatan ham ko‘p gaplaringda ma’no bor.
— Qulluq, aka.
— Xo‘y, chinovnik, olsang-chi uni? Sovub ketdi… O‘zi ichkisi kelib turibdi-yu, noz qiladi… Menga qara, bu ketishda sendan rahbar chiqmaydi. Sababini aytaymi? Marhamat. Sen soddasan — bir. Fikr yuritishing kechagi odamniki — bu ikki. Tijoratni bilmaysan, ya’ni, iqtisodiy savoding yo‘q, qolaversa, poraxo‘r emassan, ya’ni, studentlardan bir nima undirolmaysan. O‘qishga kirayotgandayam, imtihon topshirayotgandayam… — Shoto‘ra kissasidan «Prima» sigaretini pachkasi bilan olib cho‘qqa yaqin qo‘ydi. — Direktoring — geniy…
— Men odamning orqasidan gapirmayman, — dedi muovin. — Biroq «geniy» so‘zini asrab qo‘yish kerak… — O‘shangachayam yashab turamiz, — davom etdi direktor muovini chaynalib. — Ammo ideologiya yaratilishi kerak. — Din — miliyon yilning mahsuli. Sosializm ideologiyasi ham — eski edi: boy bilan kambag‘al teng bo‘lishi kerak degan gap edi-da. Ertaklarimizdayam bor-ku?.. Shuning uchun odamlar unga ergashdi.
— Oh! — Shoto‘ra chindan ham hayrat ila tek qoldi. — Shu gaping ko‘p dono gap bo‘ldi, uka. Him, rahma-at… Shuning uchun ichsang arziydi. Ichmasang, menga ber… E, mana, yosh biznesmen gijinglab turibdi.
— Olaberinglar. Endi menga javob berasizlar, — dedi Mansur. — Lekin suhbatimizning oxiri yaxshi bo‘ldi…
— Hm, hammamiz ham bir ochildik, — dedi Shoto‘ra muallim. — Sen kelganing tufayli. Kakliging…
— Kakligimni yemayman-u… — deb yubordi Man-sur. Ammo qanday yo‘qotishni bilmas edi. Shuning uchun nochor xo‘rsinib, egilganda…
«E, chiqarib qo‘yvorsam-chi? — degan o‘y keldi ko‘ngliga. Biroq shu zahoti rad etdi: — Odamlar tutib yeb qo‘yishadi. Qo‘lga tushadi, uzoqqa ucholmaydi…»
Musiqa muallimi g‘amgin jilmaydi.
— Yo‘qotma, uka. Bilib turibmiz hammamiz, tog‘da kaklik barmoq bilan sanarli qoldi hisob. Agar ob-havo o‘zgarmasa, qolgan-qutganiyam enasining…
— Shunday so‘zlarni kamroq aytsangiz, — deb qo‘rni kavladi qorovul.
— Kechirasiz, ota, — dedi Shoto‘ra tezgina. — Bu til buzilib ketgan… Ha, Mansurjon, — endi ovozi ham o‘zgarib va g‘ayritabiiy samimiyat kasb etib, davom etdi: — Hademay bahor keladi. Sening sovliqlaring qo‘zilaydi. Kunlar ochiladi, qushlar tuxum bosadi. Ammo tog‘larimizda kakliklar ovozi…
— Eshitilsayam — kam, ahyan-ahyanda, xolos. Bu bi-linib qoldi. Bizga o‘xshagan yovuzlar kammi? Ho‘-o‘…
Xullas, aytmoqchimanki, makiyoning hali kerak bo‘lib qoladi.
— Rahmat, aka, — deb uning tizzasiga kaftini qo‘ydi Mansur. — Men nimanidir tushundim.
— Qulluq.
— Endi ichaman, — dedi direktor o‘rinbosari va piyolani dast ko‘tardi.
— Xudoga shukur, — dedi qariya endi xo‘jayinga kabobni uzatib. — Shunday yaxshi gaplar yaxshi-da. He-e, odam bir iliq so‘zning gadosi bo‘lib qolipti.
Chol «plug oti» haqida aytgan paytdagidek ulfatlar yana o‘ychan va mulzam tortib qolishdi. Ammo shak-shubhasiz, har birining ko‘ngli tubida iliq hislar, qadr-qimmatnimi, mehr-dildorliknimi eslatadigan, balki bu hislar omuxtasiga yaqin tuyg‘ular bosh ko‘tarib turardiki, bu hol ularning chehrasiga ham tepib, nurli nigohlar ila bir-biriga ko‘z solardi.
Shundan keyin ham gurung davom etdi. Ammo endi g‘idi-bidi bo‘lmadi: bir-birining yarim gapidan fikrini anglar, bular o‘rtasida qandaydir totuvlik hamda maslaklari bir-biriga yaqin odamlarga xos vazmin bir ahillik paydo bo‘lgan ediki, birontasining og‘zidan bu holga rahna soluvchi bir so‘z chiqsa ham, boshqasi uni eshitmaganga olar yo o‘sha damning o‘zida uni bostirib yuborardi.
Ha, bu davra qandaydir fikrlar davrasiga aylangan ediki, buni har biri ham sezar va beixtiyor qadrlar, uning buzilishi, aftidan, dahshatli tuyulardi.
Ana shu kayfiyat tufaylimi yoki kunning sovuqligidanmi, ikkinchi shisha ham bo‘shadiki, kayfi deyarli sezilmadi.
Nihoyat, qariya:
— Birligimiz buzilmasin, mehrli-oqibatli bo‘laylik. Quruq tuhmat, bemahal o‘limdan asrasin. Yurtimiz obod bo‘lib, odamlarga insof bersin! — deb fotiha o‘qigandan keyin qo‘zg‘alishdi.
Bu vaqtda kun allaqayerga ko‘tarilib qolgan, atrofdagi shovqin, miltiq otishlar ham tingan, tabiat sokin bir osoyishtalik og‘ushida edi.
— Ha, esa Mansurboy, kelinni so‘rang. Kecha ko‘p xizmat kilgan, ota-onasiga rahmat. U yetim qiz-a?.. Ha. Og‘irlikni ko‘targan-da, oilaning qadriga yetadi, — deb Mansurga qo‘l berdi Shoto‘ra muallim.
— Rahmat, aka, — dedi Mansur chin ko‘ngildan. Illo, xotini haqidagi iliq gap uning ko‘ngliny yana-da ko‘tarib yuborgan edi. — O‘zingiz ham yangamizni so‘rang.
Muovin Mansurning qo‘lini qattiq qisib:
— Sizga omad yor bo‘lsin! — dedi. — Fe’lingiz shaxsan menga juda yokdi. Biz bir-birimizni bilmas ekanmiz-da. Him, aftidan, buning uchun mana shunday sharoitlar kerak bo‘lar ekan… Xo‘sh, akaboy, bilib qo‘yganingiz yaxshi, biz ham shaytonlik qilmay o‘rtahol yashaymiz. Chunki qanoat qilamiz, yaxshi kunlar kelishiga ishonamiz.
— Albatta keladi, — dedi Mansur. — Vapshe, bu o‘zimizga bog‘liq.
— Ha, Mansurjon, omon bo‘ling, — deya qo‘sh qo‘llab uning barmoqlarini tutdi qorovul chol. — Nevarani o‘pib qo‘ying… Bobosiga ketipti. Rahmatli padaringiz podachilikdan boshqa narsani bilmas edi. Esimda «Oshalo-ol!» deb kelganlari…
— «Oshalol» emas, «oshi halol!» — deb tuzatdi musiqa muallimi. — Yolingiz oqarib ketipti-yu, shu so‘zniyam to‘g‘ri aytolmaysiz.
— Biz endi eski odam.
Bular bari yoshlikdan tog‘i-toshning ushog‘ini sanab, archazorlarda yotib — gulxanlarda pishiriq qilib-eb o‘sgan odamlar ediki, bu yer yalanglik, o‘t ketsa yonadigan bir tup moyli giyoh bo‘lmasa-da, beixtiyor gulxan chalalarini tepkilab o‘chirishdi. Kulga oyoqlari bilan qorni surib bosishdi.
Shunday qilib, ajrashdilar.
Mansurning dimog‘i chog‘ edi. Ammo yarim yo‘lda: «Boshim og‘rib qolmasin tag‘in» deb, barmog‘i bilan tomog‘ini qitiqlab, qayt qildi. Yuzini qor bilan ishqab, qip-qizil bo‘lib, hovli engaridan kirdi-yu, og‘il og‘zida to‘kilgan somonni titkilab, qaqolab yurgan tovuqlariga ko‘zi tushishi zamon tonggi kakliklarni esladi. Keyin Qoraqoshni ko‘rgisi keldi va mana shu hovli-yu, mol-hol tashvishi hamda kaklik bilan bog‘liq o‘ylar omuxtaligida ishga tushib ketdi.
Kurakni olib, supa pastlaridagi qorni kuradi, engarakkacha yo‘l ochdi. Keyin havo iliyotgani va tuman tobora siyraklashayotgani uchun darrov narvonni tomga qo‘yib, chiqdi. Eskichasiga — tuproq to‘shab, somonli-tuzli loy bilan suvalgan tomni orqa tomoniga qorini kurab tashlab, xotini pastdan otgani supurgi ila supurib tashlagach, qor kurtugiga sakrab tushdi. Uning kayfiyati yana-da ko‘tarilgan, yuz-ko‘zidan hovur taralar, o‘zi issiqlab ketgan edi.
Pechka biqinida omonat o‘tirganicha issiq choy ho‘plar ekan, o‘ziga o‘ychan-o‘ychan qarab qo‘yib, karson-da xamir mushtlayotgan xotiniga:
— Ha? — dedi. — Jindak ichgan edim, sezdingmi?
Xotin kulimsiradi.
— Shuning uchun xo‘rozday qizarib kelgan ekansiz-da? Kimlar uchray qoldi?
— E, so‘rama! — Mansur jilmayib, yoniga o‘rmalab kelgan o‘g‘lini tizzasiga oldi. — Anavi muallim bor-ku? E, kecha shu yerda bo‘lishmagan. Sen ularni bilmaysan… Ammo-lekin, kampir, kaklik qirildi-da! Ho‘, sen ham rost aytgan ekansan, odamlar juda-a boshqacha… Qalamqosh u xonadami?
— Ha..
— He, Polvon o‘g‘lim.. Odamlarning yovuzligini siz ko‘rmang. Xafa bo‘lasiz. Nasib bo‘lsa, ko‘rmaysiz ham!.. Kampir, shu odamzot ham shu qo‘y-echkilarga o‘xshash zot bo‘lar ekanmi, deb qoldim. Bularning ham qorni ochsa, ma’rab olamni buzadi. It och qolsa, uyga kirib kelishi mumkin. Rost, o‘g‘irlikni o‘rganadi. Hatto ba’zan ovchi tozilar egasi o‘q otib, o‘ljani topishavermasa, egasiga tashlanar ekan… Ha, ishonmaysanmi?
— Nimaga, ishonaman. Lekin odamni hayvonga o‘xshatmang.
— Ha-a, malades… Eshitdingmi, enangni gapini? Bu — inson! Buning gapiyam, qalbiyam boshqacha.
— Ha, kimlar edi ular?
— E-e! — Mansur xayollanib, davom etdi: — Umuman, shu odamning yomoni bo‘lmaydi, deb qoldim. Katlavandan bir qirg‘iyning jo‘jasini opkelishgan edi turmaga. Jo‘raboshi uni tarbiya qila boshladi. Qush katta bo‘ldi. Paxanga o‘rganib qoldi. Hushtak chalsa, kelib yelkasiga qo‘nadi. Bir kuni bir kavkazlik yigit qirg‘iyni qoshiq bilan uripti. Nonini cho‘qilagan ekan. Qurg‘ur, qanoti cho‘rt sinipti. Paxan kelib qoldi. Haligi yigit turib qochdi. Paxan o‘shani quvib, qo‘lini sindirdi.
— Voy, bechora.
— Qo‘y, unga achinma. Ya garyachiy krov deb mengayam ko‘p tegajog‘lik qilardi. Ovqatning go‘shtini opqo‘yardi. Bir kuni «ya toje garyachi krov» deb shunday miskadagi issiq ovqatni yuziga… yoptim. — Mansur maza qilib kuldi. — Chiyillab qoldi. — So‘ng yana o‘g‘liga murojaat etdi: — Katta bo‘lsang, o‘zingni himoya qilishing kerak, Polvon. Bo‘lmasam…
— Shunga bir kurra olib bering, — dedi xoti-ni. — Eshakni ko‘rdi, minaman deb talpinadi.
— O, zo‘r taklif! O‘zim ham yoshligimda eshak minishni yaxshi ko‘rardim. Yantoqqa borganda. Ey, kampir, qo‘ylarni bir jadratib-aylantirib kelaymi?
— Soz bo‘lardi, — dedi xotini. — Bo‘toz sovliqlarning biri yotaloq bo‘p qolgan. Unda bolasi shamollaydi, o‘pkasi shamollaydi. O‘zi-ku, molni sira yotqizmaslik kerak.
Mansur o‘g‘lini po‘stakka tupshrib:
— Biz ishga! — deb o‘rnidan turdi. Va xotini uzayotgan zuvalalarga tikilib qoldi. — Hey, uch-to‘rtta patir qil. Yog‘ qo‘shib. Gap bor. Him, go‘shtdan qoldimi?
— Serkaning bir soni bor.
— Yaxshi.
Saldan keyin Mansur uyi ortidagi o‘rkach tutashgan qirlar osha kattagina to‘p bo‘lib qolgan qo‘y-echkilarini haydab, qor kechib borar, jonivorlar qordan chiqib turgan yantoq va jangshox butoqlarini kemirar, tog‘dan esa boshlagan sovuqqina shamol ularning o‘siq junlarini yotqizar, ayrimlari pishqirar, dik-dik sakrab ketardi.
Qirning u tarafida qor yupqa — kechagi shamol yalab-uchirib ketgan, bulturgi o‘t-o‘lanlarning qoldiqlari shunday ochilib qolgan zkanki, mollar juda yayrab-yoyilib ketishdi.
Mansur bitta nos otib olib, tayog‘iga qo‘ltig‘i ila suyangancha tevarak-atrofniyu qo‘y-echkilarni ko‘zdan kechirarkan, bultur chamasi shu mahallar edimikan, shu yerdan bir-ikkita kaklik uchib ketganini xotirladi.
Jonivorlar qor ketgan joylarga qo‘nishadi-da, unday yerlarda giyohlarning urug‘lari to‘kilgan bo‘ladi, tag‘in ular yeydigan allanimabalolar bor.
«Qayoqqa? — dedi munglanib, go‘yo o‘sha manzarani boya ko‘rgandek. — Odamlar o‘ldirishdi yoki zada bo‘lib, janublarga enib ketishdi…» .
So‘ng turgan yerida janub tomonga — ya’ni, qishloq yoyilib yotgan etakka boqib, tuman tarqab bo‘lganiga ishonch hosil qildi va janub ufqining o‘ta oq ekani, quyosh esa tikkadan enayotgani — uning nursiz gardishi alohida ajralib-oqarib turganini ko‘rib: «Ha, bahor yaqin», dedi. Haqqatan ham xash-pash deguncha qorlar erib ketib, yomg‘irli kunlar keldi: shar-shur etib tarnovdan suv tukiladi, ko‘klam shamoli tunlari tom ustida izg‘ib yurib, tag‘in karnay tutunini ichkariga qaytaradi.
Keyin esa yer-u ko‘kni larzaga solib va o‘z qudrati ila ko‘ngillarda sirli hayajonlar uyg‘otib momoguldiraklar guldirayotir: go‘yo osmoni falakning qandaydir bosqichlarida afsonaviy ag‘darma moshinalar tosh to‘kishmoqdaki, u toshlar, qayoq nishob bo‘lsa, o‘sha yoqqa dumalab ketishmoqda.
So‘ng esa chaqmoqlarning o‘tkir xanjar-la tilgandek oqish chiziqlari ko‘kka singib yo‘qola boshladi. Va kun o‘tli oq gulxan o‘z yo‘lida muallaq to‘xtab qolgandek porlamoqqa tushdi. Uning atrofidagi moviylikda qora-qadrdon nuqtalar, qay-bir shoir aytganidek, samoviy qush — turnalar ko‘rindi.
Erda — adirlarda yashillik unib chiqayetir: maysalar, shuvoqlar, qo‘zigullar…
Hur-hur shabada… Shabada qiyalikdagi charsillab tutayotgan gulxanni egadi, yer bag‘irlatib tagidagi alangani lovullatadi. Atrof o‘tkir va sog‘ingan qalbni yig‘latar darajada xushbo‘y hidlarga to‘lib ketadi.
Gulxandan chaprokda — nishobda qiyshayib o‘sgan va hali qurib qolgandek sarg‘ish butoqlaridan kurtakchalar nish otmagan bo‘ritikan ostidan qorin junlari osilgan va ho‘l qora sovliq o‘rnidan turishga intilayotgan mo‘jaz qo‘zichoqni yalamoqda; shunday shoshib yalaydiki, ko‘zlari to‘ymayotganidan kattarib ketganday, tag‘in qisqa-qaltiroq ovoz chiqarib — ma’rab ham qo‘yadi. Beriroqda-teparokda qo‘yning eshini, ya’ni qo‘zichoqni o‘rab tushgan pardani qo‘lida osiltirib turgan Mansur uy tomondan — so‘qmoqdan gushsh kiygan Polvonni yetaklab, boshqa qo‘lidagi kichkina chelakni oldinroqda tutib kelayotgan qizil ko‘ylak xotiniga:
— Tezroq-e! Manovu quzg‘unni ko‘rmaysanmi! — deya chiranib baqiradi.
Chindan ham, tepada bir juft qarg‘a aylanmoqda va beton hovuzning qirg‘og‘iga qo‘nib turgan zag‘izgon jon holatda chag‘illab, go‘yo u ham kelinga: «Joning bormi? Chop!» deganday bo‘lardi.
Nihoyat, kelin o‘g‘lini qo‘yvordi-da, chelakni bu qo‘liga olib ildamladi.
Buni ko‘rib, tavba, Mansur ularga peshvoz yugurdi.
Xotiniga yetdim deganda, yo‘ldoshni tashlab:
— Yuv, — deya o‘tdi va bolasini ko‘tarib, ko‘ksiga oldi. — Aylanib ketay… Ana, qo‘ylari tug‘di. Hozir qag‘anoq pishiramiz. Ana, quzg‘unlarni ko‘ring. A-na! Uchayapti! Yeymiz deydi. Qo‘zichog‘ingni yeymiz, deydi. Bular — juda ablah. Ko‘zini o‘yadi, bildingmi? To‘g‘ri kelsa, otish kerak bularni.
Xotini shilliq pardani chimdib ko‘targancha sovliqning boshiga bordi va o‘sha yerda cho‘nqayib, qo‘zichoqqa jilmayib-jilmayib qaragancha va nimalar deya erkalagan holda, yo‘ldoshni yuvarkan:
— Otasiga ketipti. Kallasini qarang, — dedi. — Yaxshi qo‘chqor bo‘ladi.
— Bo‘ladi-i. Bizga qo‘chqor ham bo‘laveradi, — deya o‘g‘lini tushirib, Mansur ham qo‘zichoq qoshida cho‘nqaydi. — He, jonivor. Yala, yala… Kampir, ajoyib-a, yalamasa bo‘lmaydi… Bilasanmi, tovushqon ham bolasini yalab, anavinday qitiqlab ichni ketkizmasa, ichi qotib qolarkan.
— Hammasi shu, — dedi Ipak va kulimsiradi. — Nimaga uyda ochilgan kakliklar o‘ladi?
— Ha-e, o‘ladi, kampir. Mushtday bo‘ladi-yu, o‘ladi, — hayron bo‘ldi Mansur.
— Siz bilmaysiz, — dedi xotini. — Mening eshitganim bor. Yovvoyi kakliklar tog‘da qandaydir tosh yer ekan. Balki giyohdir. Ishqilib, bir narsa yer ekanki, u ichini surib turar ekan.
— O-o, buni qara-ya!
Mansur sovliqning boshini ushlab turar, xotini uning ortiga o‘tib, hayvonning orqa oyoqlarini kerib qo‘ygancha, paqirga sog‘ar ekan:
— Hoy, chol, qag‘anoq qilgandan ko‘ra, shu og‘izsutdan haligi jo‘ralaringizni uyiga bir-bir piyola yuborsak-chi? — dedi. — Bolalarining og‘zi tegadi.
Mansur bir dam angrayib qoldi-da:
— Ey, to‘g‘ri aytasan, — dedi. — Ha. Shu narsaning meni xayolimga kelmaganini qara… O‘zi, ming yildan beri og‘izni tatib ko‘rishmagandir.
— Bir-bir kosa sut ham beraman, — davom etdi kelin. — Quruq og‘izdan nima qilardi ular? Sigirni sutiga qo‘shib qaynatsa, gelagay bo‘ladi.
— Ha! — deb yubordi Mansur yana hovliqib. — Juda ma’qul o‘ylading-da. — Shu payt yonida qo‘zichoqning bo‘ynidan quchib o‘tirgan Polvon ingrab qol-di: qo‘zichoq yiqilib, oyoqlarini tipirchilatar edi. Buni ko‘rib, sovliq ham intildi. Va Mansur qo‘zini tagidan ko‘tarib, turg‘izdi. — Bo‘-o‘ldi. Mana, bolangiz. Yalang… Sutda haqi bor deyapsizmi? Bilamiz. Lekin bizniyam haqimiz bor. Sizni bekorga boqib, parvarish qilmayapmiz. So‘ysak, allaqachon hazm bo‘lib ketar edingiz… Polvon, tur! Yer zax, zax, bildingmi? Ana shunday… Sen ham qo‘zichoqdan qolishmaysan. — Mansur zavqlanib kuldi. — Ikkisiyam endi toy-toy bo‘layapti-da.
— He, qo‘zichoq hademay dikillab ketadi… Shu hayvonlar juda moslashgan-da yashashga. Qo‘zining ham oyog‘i chiqmay yotaversa, nima bo‘lardi.
— Rost. Tabiat dono, dono… — Keyin kulimsiradi Mansur. — Muovinning xotini juda uyatchan ekan, kampir. Huv, patir yopib bergan eding-ku?.. Shunday-shunday, opangiz yo‘qladilar. Tomoqlaridan o‘tmay shuni yubordilar, desam, turgan yerida aylanib qoldi. — U xaxolab kuldi. — Keyin bechora yig‘lagudek bo‘lib oldi: «Biz bo‘lkaga o‘rganib qolganmiz, aka», dedi… E, qoyil emasman shu yigitga. O‘zi zamdirektor. Kulturni kishi. O‘zbek. Tandiri yo‘q ekan-a! Shuyam oila bo‘ldi-yu!
— Non yopishni bilmasdir-da.
— Bilar ekan! Kurraning o‘zi aytdi. Keyin… Uchrashganimizda. Bu qanaqasi, dedim. Ana, tegirmonlar ishlay boshladi. Don topiladi, dedim… O‘zlari yalqov bo‘lib qolishgan. Dangasa… Vabshe, odam o‘ziga ishonishi kerak.
— Bolasini emizing. Iysin… Vuy, ko‘z tegmasin, qarang, qanday quyuq.
— Jindak qag‘anoq ham qilamiz. Mana, Polvon ko‘rishi kerak, yeyishi kerak.
— Mayli. Moshina signal berayapti… Rabochilar kelishdi. Bu gal necha kunga ketasiz?
— Bilmadim, kampirjon. — Mansur qo‘zichoqni onasi tagiga kiritib, og‘zini emchakka tutdi. Va u yutoqib so‘ra boshlagach, o‘rnidan turarkan, bir yo‘la Polvonni ko‘tarib oldi. Uy tarafga qaragancha: — Tez qaytishga harakat qilamiz, — dedi. — Sel kelgandir, ba’zi joylarni olgandir. Kabelga ziyon yetgan bo‘lsa, ovoragarchilik-da, kampir.
— Haligining xotini kechga qolmay kelsin.
— Keladi. O‘zi o‘sha qaynonasidan bezor… Farzand ko‘rsa-ku, o‘ralashib qolardi.
— Miltiqni o‘qlab keting.
— Albatta. Lekin xalastoydan joylayman. Dorisi bor, o‘qi yo‘q. Odamni qo‘rqitsa, bo‘ldi-da… Qara, — yonbag‘irda shiddat-la o‘tlayotgan qo‘y-echkilarga yuzlandi, — og‘zi ko‘kka tegdi jonivorlarning. Endi muttasil ko‘k yedirish kerak. Somon bersang, ichi ketadi…
— Menga aytayapsizmi shu gaplarni?
— He-he-he. O‘zimga-o‘zimcha… Gapirgim kelyapti-da, kampir. Ey, eshit, Xoyinbeka sayrayapti! Ayvonda edi…
— Moshinangizni tanigan-da.
— Vey, vey. To‘g‘ri aytasan! O‘zinikiday bilib qolgan!
— Qaysi kuni ayvonda jurib edi, moshina kelishi bilan kuzovga chiqib oldi.
— He-e, yaramas. Toqqa boramiz degani-da bu?
Mansur yonbag‘irda so‘ppayib-so‘ppayib turgan olma nihollarini chetlab va simto‘r devorni ko‘zdan o‘tkazganicha ildamlab borarkan, bir yelkasi tushib ketgan, taqamo‘ylov, malla kishi qiyshayib chiqib kelardi.
— Assalom alaykum! — deb ko‘rishdi Mansur u bilan. — Qalay?
— Shu, keldik, — dedi u. — Keliningiz ham keldi.
— Voy, siz avliyo-ku, og‘a!
— Endi, shu-da.
Ayvon pastida og‘irligini dam u-dam bu oyog‘iga so-lib, sollanib turgancha papiros chekayotgan shofyor Abulqosim qomatini tiklab:
— Keling, shef, — dedi va barmoqlari changakdek qo‘lini uzatdi. Mansur bilan ham qo‘sh qo‘llab ko‘rishib, jinsi shimi-yu kurtkasiga zavqlanib boqib:
— Zo‘r-zo‘r, — dedi.
— Kecha mishig‘i oqib yurganlar kiyganda, biz kiysak, nima qipti. — Kulib qo‘ydi u. — Tijoratchiman, deydi. Ishbilarmon… Mana, ish biladi! Davlatning magazinidan olib, o‘zining do‘konida o‘n baravariga pullaydi, aroqniyam…
— Hay-hay, hozir shunday zamonki, azizim, ko‘p odamlar juvozdan chiqqan otday aylanib qolishgan, — dedi Mansur. — Tushundingmi gapimni?
— E, o‘tgan safar ham aytgansiz… Mine ot etovo ne legchi! Yaramaslar.
— Yo‘lga shaymisan?
— Kaneshna.
— Bu, fason bo‘lib olibsan?
— Jo‘rttaga kiydim… Qani, ustimdan yechib olsin-chi… Kecha restoranda bittasidan tortib oldim. Chetga chaqirib: «Echin, davay, — dedim. — Hozir tiqib olaman. Keyin biznesing ham qoladi, do‘koning ham. Sen tovlamachisan, shuni bo‘ynishta ol», dedim. Nima der edi?
— Eh, — Mansur bosh chayqadi, — yaxpga emas… — So‘ng o‘ylanib, birdan qo‘l siltadi. — Vobshe, to‘g‘ri qipsan. Tov-la-ma-chi deganing rost… Ularga bari-bir — xalq qanday yashaydi, mayishati tushib ketayotganiyam…
— Ular parazit! — xitob qildi Abulqosim.
— Endi shaytonga hay ber, ukajon. Yana shu ishni qilsang, o‘zing eng buyuk tovlamachiga aylanasan. Undan keyin: «Esiz Abulqosim!» deb fotiha o‘qishga to‘g‘ri keladi.
— Bandaligini bajo keltirdi, deb, a?
Uchovlon chag‘-chag‘lab kulishdi.
Shunda mehmonxonadan chiqqan qotma, dumaloq ko‘zlarida qichiq yashirin, qo‘ng‘iroq soch tolalari kulcha yuzini baayni o‘rab olgan kelinchak:
— Salom alaykum, Mansur aka, — dedi.
Zinaga qadam bosgan Mansur unga yalt etib qarab:
— A-a, singlim. Xush kepsiz, — dedi. — Anavi adirda opangiz qo‘y sog‘ayapti, boring… It tegmaydi. Bilasiz-ku?
— Rahmat. Xo‘jayin, xo‘sh-da bo‘lmasam?
— Ha. Shu, — dedi takamo‘ylov xo‘jayin.
— Aytmoqchi, Mansur aka, — deya uni to‘xtatdi Abulqosim. Va juvon uy orqasiga o‘tgach, davom etdi: — O‘tbosar aka aytdiki, qo‘ylaringizni Qiziljar tomonga haydamas ekansiz. O‘sha joylarni archa-parchasi bilan sotib opti. Fermer… Dam olish uyi qilaman, deydimi-e. Giyohlar, qushlar haqidayam bir nimalarni gapirdi. Uncha tushunmadim-u, lekin u yigit qiladi.
— Voy, o‘shancha joyni sotib optimi? — hayrat bilan so‘radi Mansur.
— Ha. Kimning puli bo‘lsa, kim haqiqiy ishbilarmon bo‘lsa, oladi. O‘tbosar aka huv bekatdagi choyxonani sotib olganini bilarsiz?
— Eshituvdim. Ammo shu-uncha joyni… Necha gektar yer u! Voy bo‘-o‘y! Demak, o‘sha joylarning egasi — O‘tbosar-da, a? Endi unikida?
— Uniki. Shuning uchun, kattashta ayt, molini bosh-qa yerdan o‘tlatsin, dedi-da.
— O, hozirdanoq… Puxta ekan. Men turib-turib, shu joyimni tortib olmasmikan, deb o‘ylab qolardim. Tarixda shunday ishlar bo‘lgan-da.
— U tarix o‘ldi. — Shofyor papiros qoldig‘ini tashlab, tovonida ezdi. — Yeringizdan ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin. Kimning kallasiga kelgan edi — shu yerga chiqib, tom-tosh solish, yashash, a, G‘iljaygan do‘stim? — ishchiga qarab oldi. — Keyin, siz bu yerga egalik qilganda bu gaplar yo‘q edi.
— Bo‘pti. Jo‘naymiz! Eh! — Mansur zinadan qaytib tushdi. — Bir iltimos bor…
Bu iltimosi bajarilib, yo‘lga chiqqanlaridan keyin ham Mansur iltimoslar qildi:
— Pochtaga hayda, Qosimjon.
Pochta oldidagi atirgullar tagini yumshatayotgan qorovul cholga krujka opchiqishini buyurib, so‘ngra kastryulchadagi og‘izsutdan quyarkan: «Texnikumga qachon o‘tasiz?», deb so‘radi. Chol qiyshanglab: «Tungi storojlikka-da, — dedi. — Maoshni ikki karra oshirib qo‘yishdi. Olimboy yaxshiligini ko‘rsin…»
— Endi anavi maktabga haydang, Qosimbek, — dedi Mansur. Va maktab darvozasi og‘zida to‘xtab surishtirsalar, Shoto‘ra muallim shamollab qolgan, uyida ekan. Uyiga bordilar. Darvozaga chiqqan qizining qo‘liga idishni tutqazib: «Zam direktor Olimboy bilan baham ko‘rar ekanmiz, de. Men shoshib turibman…» dedi. Qizaloq: «Otam sizni yo‘qlayotuvdi. Zerikkanlar…» dedi.
Mansur kallasiga kelgan o‘yni dangal aytib yubor-di: «Mansur amakim yo‘ldan kelsalar, toqqa taklif etmoqchi, de. Uch-to‘rt kishi bo‘lib, bir aylanib kelar ekansizlar, de…»
Nihoyat, katta yo‘lga qaytib chiqib, odatdagi marshrut bo‘yicha ketdilar.
Hademay toqqa safar muddati yetib, kelishilib, ushbu yukmoshinga tushib, ya’ni, Qorovul chol — shofyorning yonida, qolgan ulfatlar kuzovda, toqqa jo‘nadilar. Ertalab yomg‘ir sevalab o‘tgan, bahor ko‘rki ila uyg‘ongan, o‘sgan-yashillangan va yuvilib — chiroyi ochilgan tabiat, ya’ni, archazorlaru yonbag‘irlar, so‘qmoqlaru yo‘llar, soylar va ular bag‘ridan chiqib kelayotgan g‘uborli tog‘lar quchog‘ini ochib-yoyilib, bularni qarshi olmoqda edi.
Moviy osmon ham artilgandek tiniq, quyosh nuri yoqimli, ro‘paradan tog‘larning telba shabadasi esar, sayohattalablar issiq kiyinib olgan bo‘lishlariga qaramay — burun uchlari qizargan, ayrimining ko‘zidan yosh oqqan holda, kabina tomiga taqalib ko‘tarilgan yotoch to‘sikdan tutib borisharkan, kayfiyatlarida ham bir umumiylik bor edi.
Mansur to‘ng-xo‘mrayib olgan, atroflarga manglayi ostidan sinovchan-o‘qrayib qarar, qulog‘i esa ding — kaklik sayrashini shabadaning g‘uv-g‘uvidan ham ilg‘amoqqa shay edi: axir, u necha kunlardan buyon uyi atrofidan u — tog‘lar ko‘rkining sasini eshitmadi, eng alamlisi — telefon kabellarini tekshirish vaqtlarida ham kaklik sayrashini ikki-uch marta eshitdi, xolos.
Bir zamonlar bashang kiyinganidan nishona — guli to‘kilib-taqirlanib qolgan qorako‘l yoqali paltosiga o‘ranib olgan Shoto‘ra muallim g‘oyat jiddiy tortib, sumraygancha yiroqlarga boqar, goho g‘udranib so‘kinib qo‘yar — illo, uning ham quloqlari kaklik qo‘shig‘iga mahtal edi.
Texnikum direktorining muovini esa, lablari ko‘kargancha qaqqayib borarkan, ikki gapning birida: «Shilakbaum ko‘rinmayapti-ku?» deb qo‘yardi.
Kuzov burchagida yana bir hamroh bor, u qafasdagi Qalamqosh yoxud Xoyin beka ediki, ustiga ko‘rpacha tashlab qo‘yilgani uchun sasi chiqmas, faqat boshpanasi ila nari-beriga surilib-surilib ketardi.
Ichaksoyga tushib-chiqib, yerdan qaynab chiqqancha qotib va tors-tors yorilib qolgandek uzungina tizma ostidan bir oz yurganlaridan so‘ng yo‘lni bemalol to‘sib — ko‘ndalang turgan olayotochga duch kelib to‘xtadilar. Yo‘lning chap tarafi — tik enish bo‘lib, pastda bo‘tana suv oqar, faqat olg‘a jilish uchun tayoq ko‘tarilishi lozim ediki, uning ayri qoziqqa tushib turgan uchida shapaloqdek qulf osilib turar, qulf ochilmasa, orqaga qaytishga majbur edilar: yog‘ochni sindirib, birovning mulkiga kirib bo‘ladimi?
G‘ashlanib, to‘ng‘illashib, «Kim bor-oo!» deyishib, Abdulqosim esa bosib-bosib signal bergancha atrofga qaranib turisharkan, shundoq qarshidagi burilishdan tar-tarlab pag‘a-pag‘a tutun otgancha kichkina traktor chiqdi. Va kela-kela chetlanib to‘xtadi-da, kabinadan bozorning pattachisi — barvasta, ko‘ziga qarasang vahima bosadigan Eshquvvat tushdi.
O, egnida banoras chopon-u ichida — montana yozuvli yaltiroq ko‘ylak-ishton, oyog‘ida qo‘nji uzun rezina etik, shahardan endi chiqib kelgan tijoratchiga o‘xshar va ko‘z o‘rganmaganidanmi, tog‘ manzarasiga yopishmas edi.
— Salom berdik, akalar! — dedi u.
— E, o‘zimizning Eshquvvat ekansan-ku! — dedi Shoto‘ra muallim. — Qullug‘ bo‘lsin.
— Nimasi, aka? — Yigit ola tayoqning tizmaga tegib turgan joyidan o‘tib keldi.
— He, shilagbaum o‘rnatibsiz? — Muallim birdan engashib u bilan ko‘rishdi.
— Shunday qilmasak, hamma yoq oyoqosti bo‘lib ketadi, aka, — deya Eshquvvat Olimboy bilan ham ko‘rishdi. Keyin Mansurga qo‘l uchini berib: — O‘zlari-ku, boy bobo? — dedi.
— Boy deb sizlarni aytsa bo‘ladi, — dedi Mansur uyalib-g‘ijinib. — Shu-uncha yerni opsizlar. Qoyil… O‘tbosar qani?
— Shef u yoqda. — Eshquvvat kelgan yo‘lining davomi burilib-o‘ralib ketgan archazor ichida oqarib turgan uycha bilan chodirni ko‘rsatdi. — Qurilish bo‘lyapti… U kishi sizlarni tanib ham bo‘ldi. Durbini bor. Ha, yo‘l bo‘lsin, akalar? — Eshquvvat shunday deb, kuzov labidan ushlagancha g‘ildirakka oyoq qo‘yib ko‘tarildi. Bularning oyoqostilariga qarab: — U nima? Kaklik-ov, — dedi. — Olimboy aka, xizmat bo‘lmasa, shu ko‘rpachani ko‘taring.
— Kaklik u, — dedi Mansur. — Lekin ovga kelmadik, uka.
— Baribir, aka. Shefdan ruxsat bo‘lmasa, o‘tkazmayman. — Eshquvvat yerga tushdi.
— Bo‘lmasa, chaqir shefingni! — do‘q qildi musiqa muallimi. — Tomosha qilish ham mumkin emasmi tog‘larimizni? Ho‘, Abulqosim, signal ber!
Kabinada miq etmay o‘tirgan haydovchi boshini chiqardi.
— Ho‘, polvon, o‘taylik. Shepingni oldiga boramiz… Mehmonmiz, axir!
— Qosim aka, men aytilgan ishni qilaman, — dedi Eshquvvat va istar-istamas unga qo‘l uzatdi. — Yaxshimisiz? — Shofyor ham unga qo‘l uchini berdi. — Esa, kutib turasizlar. Men borib kelaman… E, ana! O‘zlari enyapti. Huv, mataseklda… Kechirasizlar, ayniqsa miltiqli, kaklikli odamni o‘tkazmaymiz. Mana buni ko‘ringlar! — U olatayoqda osilib turgan qandaydir pachoq uskunani ko‘rsatdi. — Shu — mikrafon. Tuban qishloqdan bir bolakay lentaga kaklikning sayrashini yozib opkelib, buta tagiga qo‘ygan ekan. Shef eshitib, xursand bo‘pti. Shu yerning kakligi deb o‘ylagan-da. Keyin asta poylab kelsa, ahvol shu. Ovchi archaning tagida o‘tirganmish. Shef miltiqni opkelib, mikrofonni otipti. Mana shu… Ibrat bo‘lsin deb osib qo‘ydilar. — Eshquvvat shundan keyin qorovul chol bilan so‘rashdi. — E, siz nima qilib yuribsiz, boboy?
— Qarilikka yo‘rg‘alik, — deb kuldi chol. — O‘laylikmi endi, otam? U yoq-bu yoqni ko‘rib qolish ham g‘animat-da… Qalay, kaklik ko‘pmi tog‘da?
— Kaklik, — deb to‘ng‘illadi Eshquvvat, — to‘lib yotipti. Quloq soling, barmatuxa ichib, mast bo‘lganday sayrayapti! — Yigit tayokdan hatlab nariga o‘tdi. Mototsikl yetib kelib to‘xtadi, undan oyog‘ida krassovka, egnida qop-qora tivit jempir, boshiga soyavoni uzun, qizil shapka kiygan malla yigit — O‘tbosar tushdi.
U yaqin yillarga qadar matlubot jamiyatida ekspe-ditor bo‘lib ishlar, otasi shu jamiyatning eski raisi edi; yoshligidan katta yeb, yaxshi kiyinib hamda uncha-muncha yigitga gap bermay o‘sgan o‘g‘lon favqulodda Afg‘onistonga, ya’ni, urushga ketgan va uch yil deganda kapitan bo‘lib qaytgan, keyin aroqqa berilgan otasi bilan aytishib qolib, mehmonxonada istiqomat qilgani holda harbiy komissariatda ishlar edi.
Ota o‘ldi-yu, uyiga yig‘lab bordi va beixtiyor uning, balki o‘zining eski kasbini tutdi.
Tabiiy, uning boyvachcha, badavlat ekanini hamma bilar va tumandagi eng katta oshxonani sotib olgani-da hech kim hayron qolmagan edi.
— Kelinglar, mehmonlar! — deb hayqirdi u o‘ziga to‘q, mamnun kishining ovozi bilan. Va tinimsiz so‘zlab, so‘rashib kela boshladi: — O‘-o‘, Abulqosim tantiboy, qalaysan, uka? Bilib qo‘y, baribir seni ishga olaman. Mansur akaga mundayroq shopir ham bo‘laveradi… Eshquvvat, ko‘rishdingmi bu bilan? Yarashinglar endi. Baribir bir-biringni yengolmaysan. Sizlar emas, aroq aybdor… E, Ibn Xattabich? Tushmang, o‘tiravering. Baribir qaytarib yuboraman sizni. Konkurentga toqatim yo‘q: o‘zimiz ham aroq sotishni bilamiz… Qani, Shoto‘ra domla, xush kepsiz. Shu yoqangizni yo sotib olaman, yo tortib olaman. Keyin muzeyimga qo‘yaman. Mana shunday qorako‘l yoqali paltolar kiyishardi… O‘, texnikumning boshqoniga salomlar. Siz ham chiqar ekansiz-da, a? Durust, chopon ham yarashipti.
Bu gaplar davomida kuzovdagilar birin-ketin yerga tushishgan edi.
— Omin! — dedi birdan musiqa muallimi hovuchini ochib. — Ishingizga qut-baraka bersin. Bekorchilar siz tufayli ishli bo‘lib qolsin!
— Rahmat, aka, — dedi O‘tbosar ham fotiha o‘qib. — Yaxshi duo berdingiz. Men buni qadrlayman.
— Qadrlasangiz, qani, siz ham bir duo bering, — dedi muallim. — Bi-ir tomosha qilib, gullar terib kakliklaringizni sayrashini eshitib ketaylik.
— Marhamat… O‘-o‘, kaklikning sayrashini dedingizmi? — Uning manglayi tirishib va g‘ijinib da-vom etdi: — Biz ham sizga qo‘shilib eshitar ekanmiz-da?
— Ey, O‘tbosar uka, eshitilmayapti-ya lekin? — dedi Mansur beixtiyor shivirlab.
— Uning sababini siz ham bilarsiz? — istehzoli jilmaydi fermer. Va Eshquvvat:
— Kuzovda kaklik bor, — dedi. — Ov kakligi… Eshitganman. Juda olag‘on emish.
— O‘-o‘, shundaymi? — dedi O‘tbosar. — Marhamat, marhamat, Mansur aka.
— Biz ovga kelmadik, — dedi Mansur g‘ashlanib. — Shunchaki tomoshalab keldik… Shu Qiziljar bo‘yida bir-ikki soat o‘tirsak. To‘rtta kabob qib yesak. Kaklik… Bu kaklik shunchaki… qancha kaklik omon qolganini sal-pal bilish uchun kerak. — U birdan asablanib ketdi. — Bu yerda g‘arazli o‘y yo‘q! Shunchaki… Axir, qishda qirildi-ku?
— Nima, ovlading demoqchimisiz?
— Balki.
O‘tbosar labini qimtib siniq iljaydi.
— Tushunaman… Shunaqa. — So‘ng birdan Eshquvvatga buyurdi: — Ko‘tar buni, polvon! Och yo‘lni!.. Biz Qiziljarning ustida bo‘lamiz. Ko‘rasan… Tushunarlimi? Traktirni qo‘y. Mataseklni haydab jo‘na! Men bular bilan ketdim!
Erdagilar beixtiyor kabinaga, kuzovga chiqa boshladi. Olatayoq ko‘tarilishi zamon moshinani g‘ing‘illa-tib turgan Abulqosim shahd bilan haydab ketdi.
Qiziljar — etakdagi loyqa suvli soyning yalang cho‘qqiga tutashgan yerida, chaproqda bo‘lib, u g‘oyat buzuq, sero‘yiq joy; bu yerda alohida bir zilzila bo‘lgandek sohillardan surilmalar ko‘p tushgan, qanchalab archalarning ildizi ochilib yotar va bir talayi uy baravari palaxsalarning tagida qolganki, uch-uchlari mo‘ralab chiqib turardi. Jarlik tubida kamsuvli buloqlar ham bor — ularni atrofida g‘uj-g‘uj o‘sgan qiyoqlarga qarab bilish mumkin edi.
Jarlikning tuprog‘i qizil, shu jihati bilan ham u atrofdan farqlanib turadi.
Mashina o‘rlab borgan qirda archalar past bo‘yli esa-da, tig‘iz va o‘ta yashil ediki, lof bo‘lsayam ko‘ngilga bir gap kelardi: shu archalarning ostidan bir yashil nur taralib tursa kerak-ov.
Bu jarlikning Mansurga yoqishiga yana bir sabab — shu yerda tubjoy tulkilarning tez-tez uchrashi va terisining-da juda qizg‘ish ekani edi. Hamda o‘ta shaytonligi ediki, uning nazdida, bu yerning tulkisini otib olish mumkin emasdek edi: shundoq nosvoy otib o‘tiribsan-u, uch-to‘rt qadam naridagi tosh yo buta bi-qinidan tulkivoyning mo‘ralab, kiprik qoqmay turganini ko‘rmaysan. Ko‘rganingdan keyin hayron qolasan-u, yoningda miltiq bo‘lsa, unga qo‘ling asta uzaladi. Ammo miltiqni olishing hamon hayvon turgan yeridan g‘oyib bo‘lib qoladi.
Mashinadan tapir-tupir tushisharkan, Mansur qafasini ko‘rpachaga o‘rab ko‘tarib, Abulqosimga uzatdi.
— Ochma ustini… Bir joyga qo‘ygandan keyin sayrashini ko‘rasan.
— Bilaman.
Mansur ham pastga tushgach:
— Fermer janoblari, endi ruxsat etasiz-da, Qoraqoshni bir sayratamiz, — dedi.
— Xohlagan butangizning tagiga qo‘ying… Anavi yolg‘iz archa tuzuk, atrofga ko‘rinib turibdi, — dedi O‘tbosar. — Biz mana bu ayri archaning tagida o‘tiramiz… E, qayerda o‘tirishning farqi yo‘q-ku!
— Ha, ha, — dedi Mansur. — Yovvoyilarning sayrashini eshitsak bo‘ldi-da.
— Ana, ko‘kalamda o‘tiramiz, — taklif qildi Shoto‘ra muallim. — Kursitoshlari ham bor ekan. He, kul ham bor-ku? Mansur, o‘tirganmisan deyman shu yerda?
— E aka, bizning makkamiz mana shu yer edi, — deya endi qafasni halqasidan ko‘tarib, O‘tbosar ko‘rsatgan yosh archa tomon yo‘naldi Mansur. — Tavba! O‘tbosar, aytgan archangni qara! O‘lay agar, o‘zim ham qachon kelsam, Xoyin bekani shuning ostiga qo‘yardim. Qanday bilding-a? Qoyilman. — Ikki qadam bosgach, taqqa to‘xtadi. — Birodarlar, ont ichamanki, shu jonivor jo‘jaligida shu yerda tuzoqqa tushirilgan. Kechagiday esimda… — U chindan ham hayratlanib hamrohlariga bir-bir qaradi.
Uning bu qadar hayratga tushishining boisi shu ediki, uni o‘zidan ham yashirmoqchi bo‘lar, shuning uchun eslashni ham istamas, go‘yo sharoitga qarab tavakkal ish tutadigandek edi.
— Shoshma, shuningni bir tomosha qilay, — deya yirik-yirik qadam tashlab yaqinlashdi musiqa muallimi. Va ko‘rpasini ko‘tardi. — Voy, gijinglagan toyga o‘xshaydi-ya! Uning tipirchilashini ko‘ringlar… He, ablah, Xoyin… — Mansurga tikildi. — Nominiyam topib qo‘ygansan. Xoyin beka. — Keyin qaddini tiklab, xayolchan kulimsiradi. — Shu o‘zining xoinligini bilarmikan-a? Sotqinligini?.. Sayrab, yovvoyi sheriklarini tuzoqqa tushirib…
— Bilmaydi, — deya O‘tbosar ham qafas qoshiga keldi. — Bultur melkachka bilan ikkita kaklikni otdim. Birini urdim, tipirchilab qoldi. Ikkinchisi unga sal qarab turdi-da, tag‘in donlayverdi. «O‘l sen ham!» deb uniyam otdim… — Keyin hiringlab kulib, jamoaga bokdi. — Bruler tovuqlari yarador bo‘lgan, biron joyi qonagan sheriklarini cho‘qib yeb qo‘yishadi-.a?
— Ha, ularning organizmiga qandaydir modla yetishmas ekan, — dedi direktor muovini. — O‘sha sheriklarining qoni bilan etidan olarmish o‘sha modda-ni.
— He, ularni gapirmanglar, — deb chekindi muallim. — Na otasining tayini bor, na onasining. Kishtiniyam bilmaydi, pishtniyam… Inkubatordan chiqqan manqurt-da! Holbuki, holbuki, jo‘ralar, masalan, ochib chiqishiga yaqin qolgan jo‘jalar tuxumning ichida turib, qirg‘iydan qo‘rqadi. Amerikaliklar aniqlagan: qirg‘iy qiyqillasa, jo‘ja pisib qolar ekan. Chunki, onasining haligiday tovushidan xavfni sezarkan.
— Lekin men bir narsani kuzattanmanki, — deya qo‘llarini beliga tirab so‘zladi O‘tbosar. — Qayerda bir gala kaklik qo‘nib turgan bo‘lsa-yu, noxos ustiga borib qolsangiz, uchgani shunday qanot qoqadiki, cho‘chib tushasiz. Nimaga?
— Birinchidan, sizni_ qo‘rqitish uchun, — deb jilmaydi Abulqosim. — Yo‘q, aka… Birinchidan, o‘zi qo‘rqib ketgani uchun. Ikkinchidan, sheriklarini ogohlantirish uchun.
— Bilar ekansan, — dedi O‘tbosar. — Demak, kaklik qirg‘inlarida bo‘lgansan?
— Siz ham bo‘lgansiz.
— O‘rtoqlar, birodarlar! — deb qoldi Mansur hovliqib. — Gapimiz nima to‘g‘rida edi? Qushlar rahmshafqatni biladimi-yo‘qmi? Shu haqda edi-ya?
— Bilmaydi, — dedi O‘tbosar. — Ular tabiiy harakat qiladilar, xolos. Bu harakatda yashash uchun kurash ham bor, boshqa narsalar ham…
— Yo‘q, biladi, — deb ta’kidladi Mansur. — Men safarda yurganimda bir qirg‘iy bolasini boqqanmiz. O‘sha kunlar ona qirg‘iy o‘sha joyning ustida ko‘p aylanardi… Bu nimani ko‘rsatadi, fermer janoblari? — Keyin yayrab kuldi. — O‘sha qirg‘iy tovush chiqarsa, qaysi tovuq jo‘jalarini qanoti ostiga olmaydi? Hozirgina Shoto‘ra akayam aytdilar-ku, tuxum ichida turib ham ko‘p narsani sezarkan jo‘jalar…
— Siz uloqib ketdingiz, — dedi O‘tbosar. — Ota-ona o‘rtasidagi munosabat — boshqa masala. Buyam o‘sha— tabiiy yashash, yashash uchun kurash, xo‘sh, zuryod qoldirish qonuniga amal qiladi… — Keyin birdan g‘ijinib so‘radi: — Agar kakliklar rahm-shafqatni, deylik, ongli ravishda bilsalar, nega bu Xoyin bekangiz shafqatsizlik qiladi? Xo‘sh, sheriklarini pichoqqa tutib berib?
— Men ana shuni aytmoqchi edim, — dedi Mansur shodlanib. — To‘g‘rirog‘i, shuni tushungan edim… Mana, qaranglar-da, mana shu kaklik qafasda zerikadi. Uyda, ayniqsa… Xo‘sh, dalaga chiqarganingizdan keyin to‘lib-toshib sayrab ketadi. Nima uchun? Birinchidan, to‘liqib ketgani uchun sayraydi. Balki shu asnoda dodlar, balki quvonar. Ishqilib…
— Xo‘sh? Maqsadni ayting, sayrashi kerakligi-uchun sayraydimi?
— Balli! Otangizga rahmat… Endi deng, azizlarim, — Mansur nihoyat qafasni o‘tga qo‘ydi. — Biz, o‘zimiz, ya’ni insonlar bu jonivorning ana shu jihatini bilib olib, o‘z maqsadimiz yo‘lida foydalanamiz-da.
— Him, o‘sibsiz, aka, — deb qo‘ydi O‘tbosar. Va kuldi. — Unday bo‘lsa, bu sho‘rlikka nima uchun Xoyin beka deb ot qo‘ydingiz?
Boshqalar qatori Mansur ham kulib yubordi. So‘ngra:
— Xom sut emgan bandamiz-da, — dedi qiyshayib. — O‘z qarichimiz bilan o‘lchaymiz… Tulkiniyam ayyor deymiz. Holbuki, uyam, siz aytganday, yashash uchun kurashadi.
— Tushunarli! — O‘tbosar o‘ng qo‘lini keskin ko‘tardi. — Siz buni oborib qo‘ying joyiga. Ayting, tuzoqqa tushgan damlarini eslab, bir faryod qilsin. Bizlar… — U qurdoshlarga qarab, kursitoshlar tomonga surpga o‘ralgan karsonni ko‘tarib borayotgan qorovul cholga e’tibor qildi. — Tirikchilikmi u? Go‘sht marinavat qilinganmi? Qilingan bo‘lmasa, bizda tayyori bor, — deya makkorona kuldi. — Faqat soqqasini to‘laysizlar.
— Tovuq semirsa, keti torayar emish, — dedi muallim. — Obro‘yingiz ketadi. Xudoga shukr, ko‘rgan odamlarning farzandisiz… Bu gaplardan ko‘ra, bizni, masalan, yaxshilab siylang, mehmon qiling. Biz sizga duo beraylik. Boylik olma, duo ol deydilar… Ana shundan keyin ishingiz yanayam rivoj topib ketadi… Eng muhimi, eshitib oling: haqiqiy ishbilarmon,
xo‘o‘sh, milliy biznesmen, el-xalqiniyam manfaatini ko‘zlaydigan savdogar chiqipti, deb mashhur bo‘lasiz!
O‘tbosar miyig‘ida jilmaydi.
— Men tushunaman. Hazillashdim. — Keyin Mansurga baqirib yubordi: — Oborib qo‘ying endi bu ayg‘oqchini! Eshitaylik munday… — So‘ng bug‘lanibmi, siyrak tuman bosibmi mudrab turgan tog‘larga qaradi va birdan siniqib: — Kaklik bo‘lmasa bir pul ekan bu tabiat! — dedi.
— Kaklik kamayib qolgan bo‘lsa, uni ko‘paytirishga to‘g‘ri keladi, — deb nihoyat gapga aralashdi direktor o‘rinbosari. — Ko‘p mamlakatlarda shunday qilishyapti: masalan, tuyaqush-u tustovuqlarniyam ko‘paytirishyapti-ku!.
Mansur o‘ychan tortib, qafasni ko‘tardi va butaga yo‘nalarkan, Qoraqosh taqir taxta ustida gir aylanib, qisqa-qisqa sayray boshladi. Mansur jadalladi.
— Boshlandi-i!
U pakar archa ostiga — ko‘rpa bo‘lib to‘kilgan ninabarglar ustiga qafasini qo‘yib, atrofini shox-shabba bilan o‘ray boshlashi zamonoq Qoraqosh murvati buralgan mikrofondek chunonam kakillay ketdiki, Mansur shoshib qoldi: go‘yo gala-gala kakliklar uchib kelib, o‘ziga uriladigandek.
Keyin buta tagidan pasayib chiqib, anavilarning qoshiga yo‘naldi. Ular ham o‘tirgan joylaridan bu yoqqa hayrat va hayajon ila qarab turishardi.
— O‘, qoyil, — dedi O‘tbosar va o‘rnidan dik etib turdi. — O‘rtoqlar, bunday qilaylik. Ana, archalar… Har bittamiz bittasining ostiga kirib yotaylik. Xudo haqqi, men shuni istayman! Bu nima o‘tirish? Maqsad— kakliklarning uchib kelishini kuzatish-ku, a, Mansur aka?
Mansur mamnuniyat bilan ma’qulladi.
— Albatta shunday qilish kerak.
Abulqosim:
— Men anavini tanladim, — deya o‘rkach biqinida qiyshayib o‘sgan pakana archaga yo‘l olishi bilan jamoaga ma’lum bo‘ldiki, uning tanlagan joyi — naq pistirmaning o‘zi: u yerdan Qoraqosh yashirilgan archa tugul, nariyoq, ya’ni, quyidagi Qiziljar ham burchak-burchagigacha baralla ko‘rinib turadi, demak, o‘yiqdagi qoyatoshlarga chiqib sayray boshlagan xo‘roz kakliklarni ham bemalol ko‘rish mumkin.
Alqissa, har kim bir archani tanlab, uning tagiga pisinib borisharkan, rezina etigi qo‘njigacha loyga belangan Eshquvvat ham tubandan bir kaltakka suyana-suyana chiqib keldi. Mansur uning bo‘ynida sollanib turgan durbinni ko‘rdi-yu:
— Ukajon, shuningni ber, — deb oldiga bordi.
Eshquvvat durbinni berib, yelkasidagi osmaxaltani toshkursiga qo‘ydi. Mansur hansirab:
— Mana, durbin. Mana, uka… — deya yurt egasining ortidan archa tagiga kirdi. Va jarlikka qaraboq uning kiftiga qokdi. — Yaxshi. Joyiniyam topibsiz.
O‘tbosar olisko‘rgichni olib, ko‘ziga tutdi.
— Sizlayapsizmi?
— Ha endi, hurmat qilamiz-da… — Uning yoniga cho‘kkalab va o‘ychan tortib davom etdi: — Ishbilarmon, korchalonlar kam deysizmi — chiqyapti. Hamma joyda shunday… Lekin, — boz uning kiftini silab qo‘ydi, — sandaqalarni bilmadim, nechta ekan… Qara, uje territoriyangni qo‘riqlayapsan… Him, ammo-lekin Eshquvvat bizni to‘xtatganda, sal malol kelgandi. Hozir o‘ylab qarasam, sizlar haqsizlar… — So‘ng: — Axir, axir, — deya miyasining qat-qatidan qiynalib chiqqan fikrni ayta boshladi: — Bilamiz-ku o‘zimiz: ilgari hamma yer — davlatniki der edik. To‘g‘rirog‘i, Rusiyaniki edi… Keyin ham mulk davlatniki bo‘lib qoldi.
Biroz vaqt… So‘ngra, mana, kishilarga bo‘lib berila boshlandi… Hoy, O‘tbosar, — u birdan hayajonlanib ketdi: — Tarixdan o‘zing ham bilasanki…
O‘tbosar durbinni yotqizib qo‘ydi-da, yonidan «Malboro» sigareti chiqarib:
— Cheking. Gapiring, gapiring, — dedi. — Alaqsimang…
— Shu-da, — dedi Mansur shunday boyvachcha fermerning diqqatini o‘ziga og‘dirgani uchun ichdan shodlanib, hamda uyalib.
— Tushundim. — O‘tbosar yana durbinni olib, ko‘ziga tutdi va quyiga qaratdi.
Mansur yana muddaosi haqida o‘ylanib qolib:
— Ammo-lekin shu mulkni, yerni, mana, tog‘-toshlar, o‘rmonlarni unga qayishadigan kishilarga…
— Jim! — dedi O‘tbosar. — Bittasi chiqdi. Chil emas-ov… — Darhol durbinni Mansurga berdi. — Yorilgan qoyaga qarang. Chaprokda. — So‘ng xo‘rsinib yubordi.
Mansur durbindan birinchi bor qarashi edi: ulkan, yalang cho‘qqi ko‘rindi. Keyin kattakon archa va birdagina ayri qoya labida qanotlarini silkitayotgan yerrang qushga ko‘zi tushdi. Tikildi: u hurpayib olib, o‘zini oftobga toblay boshladi.
— Chil-ku, — dedi. — Ukaboy, u chil. Menimcha, kurk bo‘lgan. — Durbinni O‘tbosarga uzatdi-yu, uning malla qoshlari azobli chimirilganini ko‘rib, aytganiga pushaymon yedi: kaklik desayam bo‘lardi… — Menimcha,— deb chaynaldi. — Lekin durbinni birinchi marta ushlashim. Armiyada ham…
Shunda yonlaridagi archa panasini makon tutgan Abulqosim:
— Bitta chil chiqdi, — dedi.
— Kaklik! — alam bilan dedi O‘tbosar durbinni yana ko‘ziga tutib.
— Kaklik bo‘lsa, sayramas xilidan ekan-da, — to‘ng‘illadi shofyor.
O‘tbosar durbinni ko‘zidan oldi.
— Rost. Chil ekan… — So‘ng ne bir ilinj ila dedi: — Chilni dala kakligi deyishadimi?
— Ha, ha, — darrov tasdiqladi Mansur. — Kak-likning ukasi-da u! — So‘ngra o‘zining yuragi siqilib ketdi va dunyo ko‘ziga tor ko‘rinib qoldi: «Kaklik yo‘q-ku? Nimaga sayramayapti? — Keyin qishki piyoda ov esiga tushib, ko‘ngli buzildi. — Yeb bitirdik. Quritdik o‘zimiz. Yo‘q, biz emas…»
U beixtiyor yuragi ustiga kaftini bosgandi, undan ko‘z uzmay, xo‘mraygancha sigaret tutatayotgan O‘tbosar:
— Ha? — dedi. — Pushaymon qilayapsizmi… ovlagan kakliklaringizga? — So‘ng baqirib yubordi: — Eshquvva-at!
— Labbay, aka!
— Miltiqniyam obkeldingmi?
— Yo‘q. Opkelaymi?
— Ha..
— Nima qilasiz? — qandaydir xavfsirab so‘radi Mansur. — O‘sha chilni otasizmi?
— Yo‘q, men anavi shallaqi kakligingizni otaman, — dedi fermer va joyidan irg‘ib turib, archa shoxlarini nari-beri surgancha bu yoqqa chiqdi.
Mansur ham uning ortidan intildi-yu, tag‘in durbinni ko‘ziga tutib, jarlikka qaray boshladi: u ich-ichidan bitta kaklik ko‘rishni va baqirib ma’lum qilishni istar, shuning uchun: «E, xudojon, — deb pgavirlar edi. — Nahotki, a?
Ko‘rsat bittasini… Axir butunlay qirilib ketgan bo‘lishi mumkin emas! Bu — tog‘… Albatta bor. Hozir chiqadi…»
Shu payt uningtina emas, balki barchaning ko‘ngliga hayajon, zavq, surur va allaqanday vahima solib, bular sira kutmagan tarafdan, ya’ni, chapdagi Ichaksoy yokdan churr-chuvv etgan qadrdon-tanish tovush eshitilib, naq tepalariga yetganda pasayishdi bir juft kaklik. Ammo parokanda bo‘lib, pisinishni unutgan to‘pdan kimnidir ko‘rishdimi — yerga qo‘ndim deganda, qiyalab jarlikka quyilib ketishdi.
Ana endi Qoraqoshning sayrashini ko‘ring!
Pisinib o‘tirganlar ham ixtiyorsiz bir tarzda ishshayishib va hovliqishib, xoli yerga chiqishdi.
— Tabriklayman, fermer bobo, — dedi Abulqosim. — Bor ekan. Mulkingiz bo‘shab qolmagan.
— Uf-f, — deya kursitoshga o‘tirdi Shoto‘ra muallim va qandaydir cho‘kkan ko‘zlarida nurli bir iztirob ila unga-bunga boqib: — O‘lay agar, yomon qo‘rqqan edim, — dedi-da, keyin dabdurustdan munglanib qol-Di. — He, qirilib ketaylik biz… Odam-podam emasmiz… Nimaga munday, a?
— Eshquvvaat! — shunda chopib-enib ketayotgan yigitning orqasidan chaqirdi O‘tbosar. — Qayt!
Mansur yolg‘ondakam shodumonlik ila:
— Rahmat-e, — dedi. — Boy bobosi, ana, Xoyin bekaning sayrashlari bekor ketmadi.
— Baribir shuningizni yeyman, — dedi O‘tbosar. — Nimagaki, bu baribir bir kuni go‘sht bo‘ladi yo harom o‘ladi…
— Uning-ku bo‘ladigani shu, — dedi musiqa muallimi og‘ir xayollarini esdan chiqargandek, azalgi quv-sho‘xchan ovozda. Keyin birdan hayqirib yubordi: — Kelinglar, bir oz o‘tiraylik! Ho‘v, starik Xattabich, qani, sizni sharafli mehnat kutyapti! Shu yerda o‘tirib ham tomosha qilaveramiz.
Davradan chetda qandaydir giyohni barmoqlari orasida ezib hidlayotgan Qorovul chol:
— Zira. Zira ekan, — deya jildi. — O‘tbosar, zirangiz ko‘p ekan. Ehtiyot bo‘ling, xomligida o‘rib ketishadi… Keyingi vaqtlarda jo‘gilar ham bunga o‘ch bo‘lib qolishgan. Qayergaki qo‘sh tashlasa, bilingki, o‘sha yerda zira bor.
— Eshitdingmi, Quvvat? — deb qo‘ydi O‘tbosar hansirab turgan yigitga va o‘sha tasmali xaltaning zamogini chizillatib ochib qaradi-da, ichidagilarni birin-ketin chiqarib, kursitoshlardan biriga qo‘ya boshladi: non, olma, aroq…
Chol ham karsonni ochib qo‘ydi-da:
— Shopir o‘g‘lim, to‘rtta cho‘pchak teraylik, — dedi. — Archaning cho‘g‘i soz bo‘ladi-da.
Shu payt Qiziljar ichida ovozi o‘ta yo‘g‘on, pircha kaklik voq-voqlab sayradi-yu, boyadan beri ko‘ksini paypaslab turgan Mansur taltayib ketib:
— Men makiyonni mana shu xo‘rozga olib kelgan edim, — dedi. Degach, bu gapning zamirida pishgan o‘y-qaror yotsa-da, bunchalik tez aytvorganidan hayron qolib hamda endi o‘z so‘zida turadigan yigit ekanini darhol isbotlaydigan kabi Qoraqosh sayrayotgan butaga yo‘rta ketdi.
— Ho‘v, — dedi O‘tbosar parishon tortib. — Siz chini bilan qo‘yvorasizmi?
— Albatta! — Orqasiga bir qarab qo‘ydi Mansur va bu ishni tezlikda amalga oshirmasa, aynib qoladigandek battar jadalladi. Buta ostiga enkayib kirdi. Qafasning taxtaga bog‘liq joylarini timirskilab tugunni izlarkan, barmoqlari titrar, tomog‘idan hiq-hiq etgan tovush chiqardi.
Nihoyat, qafasini ko‘tarib va «kisht-kisht»lab kaklikni yerga tushirdi-da, uni ko‘rishga ortiq toqati qolmagandek shoshib burildi. Ko‘nglining tag-tagida Qoraqoshning bu boshpanadan chiqmasligiga umid. uyg‘ongani holda, uning qafasini ko‘tarib, bu yoqqa chiqdi.
Ba’zilari kursitoshlarda o‘tirgan, ayrimlar tik turgan holda o‘ziga qarab turishgan ekan.
— Bo‘ldi, — deb pichirladi-yu bo‘lmadi: o‘zicha kuldi, keyin qafasni tashlavorib, qo‘llarini yozdi va: — Yo‘-o‘q! Obosh bo‘ldi! — dedi. — Xursandmisizlar? A? — Endi qandaydir alamini qurdoshlardan oladigan singari ikki qadam bosdi. — Ho‘v, Shoto‘ra aka, ko‘rdingizmi, ana, uyam ozod bo‘ldi… — So‘ngra bu sirli so‘z og‘ziga ta’m berib, takrorladi: — Ozodlikka chiqdi! O‘zimizga o‘xshab…
Keyin Mansurning yig‘lagisi keldi-yu, churq-churq etgancha ortidan ergashib kelgan kaklikka qarab qotib qoldi. U boshini bemalol ko‘tarib, o‘ziga boqdi. So‘ngra qattiq silkinib, qoqindi va oyoqlarini beo‘xshov, kerib-kerib bosib, yerga tumshug‘ini urgan bo‘ldi. O‘zicha donladi.
Qo‘shxonadagi tomoshatalablar ham qushga sumrayib qolishgan, uning har bir xatti-harakatini diqqat bilan kuzatishar va aksari o‘zicha bosh qimirlatib ishshayib qo‘yar, ayni chog‘da parrandaning hoziroq qanot silkitib uchib ketishidan qo‘rquv hissi ham yo‘q emas edi.
Nega? Undan ayrilib qolishdan achinishmi yo undan keyingi xavotirlanishmi, balki chin bir xudbinlik sabab edi bu holga…
— Yo qudratingdan! Tovuqdan farqi yo‘g‘-a, — dedi negadir cho‘nqayib olib, tergan archa butoqlariga kaftini bosib turgan Qorovul chol.
— Bu, bu baribir hech qayoqqa ketmaydi, — dedi Abulqosim sezilarli hayajon bilan. — Ilgariyam qafasdan ko‘p chiqqan. Hovlida aylanib yurib, yana qaytib kirgan.
— Bu safar ketadi, — deb pishilladi Mansur birdan. — Ketadi! — dedi keyin zo‘riqib va kaklikni kisht-kishtlab hayday boshladi. — Jo‘na! Makoningga kelding-ku, yaramas! Kisht… Vey, qanaqa surbetsan! Bu yerda odamlar o‘tiripti. Sening dushmanlaring… Ana, jarlikka uch!
U shu alfozda qo‘llarini sermab va chapak chalib kaklikni quvlar, demak, haydar ekan, u dikkillab chopar, aylanar — go‘yo egasi bilan o‘ynar edi.
— Hoy, tek turing, Mansur aka, — deb qoldi O‘tbosar. — Sal tomosha qilaylik.
— Ana, seni kushandang tomosha qilaylik deyapti. Qayda! So‘yib yemoqchi!
— Obbo! Mansur aka! — Endi baqirib yubordi O‘tbosar. — Ketsa, o‘zi ketadi!
— Ketadi. Ketkizaman! Bas!.. Shuncha malomatga qoldirdi… He, senday Qoraqoshni qara-yu… — So‘ngra birdan to‘xtab, baralla yig‘lab yubordi-da, shart qayrilib, bularning yoniga keldi. Eshquvvat keltirgan yemishlar qoshidagi toshga tappa o‘tirib olib, etaklarga tikila boshladi.
Shoto‘ra o‘tirgan toshini unga yaqinroq surib, tizzasiga qo‘l qo‘ydi.
— Xafa bo‘lma, uka. O‘zi, shunday qilishingni sezar edim… Rahmat. Niyating yaxshi. Him, hammaga saboq. — Keyin yon-veridagilarga jahl bilan tikilib-tikilib qaradi-da, ko‘zi O‘tbosarga qadalib: — Ana, permer bobo! — dedi. — Siz bo‘lsangiz, bizni ovga keldi deb o‘yladingiz… Sen ham Eshquvvat! — Keyin direktor o‘rinbosariga boqdi. — Ho‘v, rahbar, sen nega gapirmaysan? Bu sinoning bahosini ber endi!
— Aka, xalaqit bermang, — dedi kelganidan beri deyarli gap qotmagan va buta ostiga kirgandagina sal cho‘nqaygan Olimboy muovin. — Uni qarang. Tabiiy hayotdagi harakatlarini kuzatish kerak, axir. Masalan, Anderson xonim yovvoyi tabiat bag‘rida xonaki yirtqichlarni o‘rgataman deb… o‘rganishga butun hayotini sarflagan ekan. Bu, masalan, yigirmanchi asrning…
— Shef, — deb qoldi shunda etiklarini bir-biriga ishqab loyini tushirgancha qushni kuzatayotgan Eshquvvat hali o‘zi chiqib kelgan enishga tuyqus boqib.
Bu oddiygina so‘zning aytilishidagi xavf sasi barchani u qaragan tomonga qaratdi va Mansur ham asta boshini burarkan, ellik qadamlar pastda chaman bo‘lib ochilgan na’matak panasida pisinib turgan qip-qizil tulkini ko‘rdi.
Ko‘rdi-yu, sapchib turdi.
— Yemoqchi!
— Rost, — dedi Shoto‘ra. — Ovozini eshitib kelgan… — U ham asta qo‘zg‘alarkan, tulki g‘oyib bo‘ldi.
Eshquvvat uni quvadigandek tayog‘ini ko‘tarib jilgandi, Utbosar to‘xtatdi.
— Nima qilmoqchisan?
— Shu, u yomon… — chaynaldi barvasta yigit xo‘mrayib. — Kecha yo‘qolib qolgan jo‘jaxo‘rozniyam shu yegan deyman… Mazaxo‘rak bo‘lib qoladi.
O‘tbosar bosh irg‘ab, sigaret tutatdi.
— Hu, archa ostida durbin qopti, opke. — Keyin o‘ychan tortib so‘zlandi: — Tulki ko‘payib ketipti. Bari och. Tovushqon ham kam. Kakliklar pastlab ketgan…
Keyin hammaning diqqati makiyonga og‘di. U qorovul cholning karsoni yoniga kelgan, sixbop jazlarga boshini goh u yonga, goh bu yonga burib qarar edi.
Shoto‘ra muallim nondan sindirib, ushog‘idan tash-ladi. Qalamqosh sal tislandiyu uvoqni cho‘qidi. Tum-shug‘iga olib, chetga otdi.
— Bunga nima berarding, Mansur? — so‘radi muallim. — Nonni pisand qilmayapti.
Mansur bir muddatdan keyin:
— No‘xat, — dedi. — Qaynatib, ezib… Tuxumning sarig‘ini ushatib… — deya xo‘rsinib yubordi. — Endi toshni yeysan, — dedi qushga. Tag‘in do‘q qildi: — Ye! Topib ye endi… O‘rtoqlar, bu nimani yeydi endi?
— Aytganingizdek, toshni yeydi, — dedi papirosning tamakisini ezib kaftiga to‘kayotgan Abulqosim. — Yemasa, anavi sarivoyga yem bo‘ladi.
— Eshitdingmi? Ochdan o‘lasan, — zug‘um qildi Mansur kaklikka. Va hiringlab kuldi. — Endi senga issiq uy qani? Ho‘o‘… Boshpanang ham yo‘q. — Keyin jinninamo ishshayib, tepasidagilarga qarab oldi. — Haqiqatan ham, turmadan chiqqan mahbusga o‘xshay-di, a? Ozod bo‘lgan. Endi nonini topib yeyishi kerak… — Yana qushga bokdi. — Topib yeyalasanmi?
— Bu, qo‘yib yuborishdan burun sal o‘rgatish kerak edi, — deb mulohaza bildirdi muallim. — Ozod yashash-ga… — So‘ng xayollanib siniq jilmaydi. — Axir, o‘zimizdan qiyos-da: mana, ozodlikka erishdik…
— Men tushundim fikringizni, — dedi O‘tbosar birdan. — Siz judayam yaxpsh aytyapsiz, aka… — Unga tan berganini bosh irg‘ashi bilan ham tasdikdadi. So‘ng xo‘rsinib yubordi. — Lekin bizlar odamlarmiz. Har holda, aqlimiz bor… Bundayam aql bor-u, ammo odam-zot yashovchan…
— Da, — dedi shunda direktor o‘rinbosari. — Shuning uchun ham odamzot aqlli, tadbirliki, uni qushlar, hayvonlar emas, u hayvonot-u parranda zotini qo‘lga o‘rgata oladi. Him, o‘z izmiga soladi. Sirk arenalariga chiqaradi.
— O‘, hammalaring faylasup ekansizlar, — dedi Abulqosim. — To‘g‘ri gapirayapsizlar-e, xudo ursin… Nima deding, Eshquvvat?
— Akalar bilishadi-da, — dedi u va paytdan foydalanib durbinni shefiga berdi.
Mansur beixtiyor haligi tulki ko‘ringan na’matak tagiga qaradi-yu, olapar itini esladi: «O‘shancha bor ekan, uyam kichik, — deya dilidan kechirdi. Keyin birdan hayron bo‘ldi: — Axir, tulki jonivor ham tabiatga moslashishi kerak-ku? Mana, bahor bo‘ldi… Nega uning terisi jilla o‘zgarmaydi?»
So‘ngra Qiziljarning tulkisi shunday bo‘lishi yodiga tushib: «Ha, bu o‘troq-a», degach, qurdoshlarning jimib qolganini sezdi, hayratlanib burilgandi, o‘zining ham ko‘zi — ular hayajon-la qarab qolishgan tomonga, ya’ni, hali Qoraqosh yashirib qo‘yilgan butaga tushdi-yu, boyagi beor tulki endi o‘sha buta biqinidan mo‘ralab turganini ko‘rdi.
Endi o‘rnidan sapchib ketmadi. Balki unga qiziqish ila tikilarkan, Qorovulning yonida chuq-chuqlab yurgan kaklik birdaniga yo‘rg‘alab qoldi. Tulkiga qarab.
— Hoy, kisht! Qayt! — deb baqirdi O‘tbosar va Eshquvvatga: — Joning bormi? — deya uni qo‘zg‘atib, Mansurga yuzlangan chog‘ida tulki bir sakradi-yu, Qalamqoshning naq bo‘ynidan tishlab oldi. Ammo Qalamqosh shunday vahima bilan chinqirib-qig‘illab yubordiki, tulki uni qo‘yvordimi yo o‘zi qutilib chiqdimi, qarsillatib qanot qoqqancha tepaga ko‘tarildi. Keyin negadir bir yoniga mayishib ketdi-yu, shu bo‘yi Qiziljar tomonga pastlab ketdi.
Ochko‘z tulki esa shuncha odamning oldidan o‘tib, uning orqasidan tushdi.
— Tamom, — deb pichirladi Mansur. Keyin titrab-qaqshab va ma’nosiz iljayib O‘tbosarga qaradi. — Obosh bo‘ldi, fermer bobo. Go‘sht bo‘ldi hisob. Armonda qoldingiz… — Fermer bobo dong qotib turardi. Mansur kalovlanib uning yonidan o‘tdi-da, jarlik tomonga ikki-uch qadam bosdi. Keyin yuragi og‘rib ketganday ko‘ksiga qo‘l qo‘yib, to‘xtadi. Keyin boshini ko‘tarmay iziga qaytdi.
So‘ngra angrayib turgan cholning yonidagi toshkursiga o‘tirdi.
— E, bu nima gap? — dedi endi O‘tbosar barchaga tegishli qilib. — Oldimizdan olib ketsa… U kaklik o‘zi… Tavba!
— Bizning shefni iti deb o‘yladi-da, — dedi Abulqosim alamini beparvolik bilan pardalab. — Shunaqa it… uyam. Munday pakana. Dumiyam kesilmagan. O‘zi malla.
— A-a, — dedi qariya. — O‘sha it deb o‘yladimi?
— Ha! — keskin dedi Abulqosim. Keyin Mansurga dashnom berdi: — Shef, atay qildingizmi? Yo shunday bo‘lishini bilarmidingiz? Tavba, bu odam sal g‘alati bo‘p qoldi.
— Menimcha, bu odamga hech narsa bo‘lgani yo‘q, — dedi musiqa muallimi.
— Ha-ha, yo‘q, — dedi Mansur tag‘in gangib. Keyin muallimga siniq-dilkash jilmaydi. — Rost, shunday bo‘lidai kerak edi… E, yo‘q. Men buni bilmas edim, aka. Anig‘i, o‘ylamagan edim. Ammo Abulqosim rost aytdi, Xoyin beka itimdan hayiqmas edi. Itim ham buni begonasiramas edi. — Shunda hayrat-hayajon ichra o‘tgan qish, bo‘ronli tunda, mehmonlarni jo‘natgandan keyin… tongda itining yovvoyi kakliklarga ham befarq qaraganini eslab qoldi-yu, uning sababini endi anglagani uchunmi, allaqanday shodlanib kuldi. — Shunday, Shoto‘ra aka!
Shoto‘ra aftidan nimadir deyish uchun:
— Buni aytish kerak edi-da, — deya tansiq sigaretdan bitta oldi. — Esiz.. — deb pichirladi. Pichirladi-yu, daf’atan ko‘zlari yog‘du sochib, hammaga qarab chiqdi. — Tushundinglarmi? — Mansur unga boqdi. — O‘sha tumanli kundagi gurungimiz esingdami, uka? U bema’ni gap edi. Shunchaki, o‘zimizning qilig‘imizni, vahshiyligimizni yashirish uchun aytgan edim. Lekin, — u o‘ylanib qoldi, — lekin shu gapning tilimga kelganini qara… Xudo haqqi, men o‘shanda sidqidildan ovga chiqqandim, manavu shotirlar bilan. Gapim to‘g‘rimi, kurra? E, kechirasan… O‘shanda hammamizning dardimiz ichimizda edi. To‘g‘rirog‘i, o‘ylamas, o‘ylamagan edik. Barcha harakatlarimiz alamdan, achchiqdan… — U cholning qo‘lidagi gugurtni tortib olib, sigaretni tutatdi. — Uzr, chalg‘ib ketdim. O‘tbosar, kechirasan, sigaretingdan…
O‘tbosar uning so‘nggi gapiga parvo qilmay:
— Ishonasizlarmi, — dedi ovozini qo‘yib. — Men nimagadir xursand bo‘ldim hozir… Ont ichishim mumkin! To‘g‘ri, kaklikdan ayrilib qoldik…
— Uni eslamang endi, — dedi Mansur. —. U qurbon bo‘ldi… Him, uni biz, ya’ni men, qurbon qildim. Qafasda saqlab…
— Yashang! — deb yubordi shunda Olim muovin. — Mening ko‘nglimdayam shu gap endi pishayotgan edi. — So‘ng O‘tbosarga qaradi. — Siz nima deysiz, aka? Shu tobda, menimcha, Mansur akamdan uzr so‘rayman, o‘zlarini, aytaylik, totalitar rejimga o‘xshatdilar… Gaplaridan shunday xulosa chiqadi.
— Ha-ha! — dedi Mansur hovliqib. — Shunday xulosa chiqadi. Lekin men munchalik chuqur ketmagan edim. Umuman, men beixtiyor yashadim, yashayapman… Kechirasizlar, men ham chalg‘idim. O‘zlaring gapiringlar, Qosim?
— He, nima der edim! — dedi u. — Kaklik ketdi. Fakt shu. Lekin baribir o‘lar edi. Don topib yeyolmas-di-ku? Ochdan ham o‘lib ketardi. Hozirgi ba’zi ish-bilmas, dangasalarga o‘xshab, to‘g‘rirog‘i…
— O‘lay agar, sen zo‘rsan, — dedi Mansur. — Menimcha, eng tushunarli gap shu.
O‘tbosar kursitoshga o‘tirib, Abulqosimni imladi.
— Cho‘k bu yerga… Hoy, Xattabich, bermasning ovqati pishmas ekan. Hozir Eshquvvat kelsin, o‘zi qiladi… Qani, Olimboy jo‘ra, o‘tiring siz ham. Toshni suring… Ana bu boshqa gap! Shoto‘ra aka, nimani o‘ylayapsiz? Rostini aytsam, sal o‘zgarib qopsiz. Bir qop yong‘okdek dali-g‘uli edingiz… Ro‘zg‘or tashvishlari bosib tashladimi?
— Uyam bor, — dedi muallim. — Lekin o‘ylab-cho‘ylab yashaydigan zamon keldi-da… Vabshe, u yog‘ini so‘rasangiz, men hayotdan roziman. Him, biz o‘zimiz ming yildan buyon ozodlikni orzu qilardik. Shu yo‘lda ne-ne aziz odamlarimiz qurbon bo‘lib ketishdi. Xalq dushmani deb, tavba!
— Rahmat, — dedi direktor o‘rinbosari.
— Senga shunaqa gap bo‘lsa… Bu gaplarim qanchalik rost bo‘lsa, shunchalik tasalli-ku, kur…
— Davom eting! — O‘tbosar shishaning og‘zini ocharkan, safarxaltaning ichiga qaradi-da: — E, bor ekan-ku! — deya mushtdek qoyuzga o‘ralgan narsani chiqarib ochdi: yaxna et ekan. — Qosim, buni maydala.
— Uchinchidan, — deya o‘ylanib qoldi musiqa o‘qituv-chisi, — yashash kerak. Iloji boricha halol…
— Juda to‘g‘ri, — deb qo‘ydi Mansur. — Keyin mehnat qilish kerak. Ishlagan — tishlaydi degan gap endi ma’qul keladi. Ilgari ishlamagan ham…
Har kim o‘z joyiga o‘tirib, gulxan ham gurillab — archaning xushbo‘y tutuni tarala boshlaganda, Eshquvvat hansirab, yiqilgan bo‘lsa kerak — tizzalari ham loy bo‘lib, enishdan chiqib keldi. Kaltakka tayanib:
— Ketdi. Halollab ketdi, — dedi. — Keyin bir tulki oldimdan chiqib qoldi. O‘shami deb quvsam, og‘zida kaklik yo‘q. Meni chalg‘itdi shekilli.
— Albatta! — dedi O‘tbosar. — Ulargayam jon kerak, yashash uchun «urashadi. Makkor… Ammo, ko‘rdingmi, sherigini qutqarib yuborish uchun seni chalg‘itgan. Ma’lum bo‘ldiki, ularning bolalari bor. Menimcha, Xoyin bekani opqochgani — urg‘ochisi. Bo‘rining ham qanchig‘i olg‘ir bo‘ladi. Bilasizlarmi, qo‘raga ko‘pincha qanchiq bo‘ri oldin kiradi.
Eshquvvat ham bir palaxsa toshni dumalatib kelib, davraga qo‘shilgach, O‘tbosar unga-da piyolani uzatib:
— Bo‘lmasam, men bir tost aytay, — dedi. — Xo‘sh, birinchidan, xush kelibsizlar… Endi kelib turasizlar. O‘ylashimcha, sho‘rlik Qoraqoshning kismati hammamizni yanayam yaqin qildi. Shu bahonada ancha gaplashib, bir-birimizni tushunib oldik… Umuman, hamma yerda shu xil gaplar…
— Shunday, — deb tasdiqladi Shoto‘ra.
— Biz ham gaplashdik. Hammasi tabiiy… Endi, o‘rtokdar, gap shundan iboratki, yurtimiz mustaqil bo‘libdi ekan, ozod bo‘libmiz ekan, shuning qadriga yetaylik… Tushunaman ahvolni! Juda yaxshi bilaman. Ammo-lekin mening gaplarim ham fakt… Nima dedingiz, Olimboy? Rahmat… Xo‘sh, aytganimizdek, eng tabiiy yashash yo‘liga tushgan ekanmiz, shu yo‘lga ham sodiq bo‘laylik, ya’ni, buning o‘z qonunlariga bo‘ysunaylik. Chunki buning qonunlari, mana bu yerimiz-da! — U bo‘sh qo‘li bilan ko‘kragini nuqib, davom etdi: — Bunga quloq solsak, bas.
— Ha, balli. Hamma narsa o‘sha yerda, — dedi Xattabich. — Alloh taolo ko‘ngilda, ha.
— Rahmat senga, starik!.. Xo‘sh, o‘rtokdar, e’tirof etish kerakki, bu yo‘rig‘da machitlarimiz, din arboblariyam, umuman, yaxshi ish oborishyapti.
— Matbuot, radio kamchiliklarni tanqid qilyapti, — deb gap qistirdi direktor muovini. — Adabiyot ahli esa jim.
— Keyingi gapingiz to‘g‘riroq, — dedi O‘tbosar. — A, tanqidga kelsak, bulturgi kaklik qirg‘inini kim tanqid qildi? Tanqid qiladiganlarning o‘zlari ovga chiqishdi-ku?
— Shunday, — dedi Shoto‘ra.
— Xo‘sh, gapni qisqa qilsam, munday: kelinglar, hechqursa o‘zimiz, mana shu torgina davramiz ahli aql bilan, insof bilan qadam bosaylik. Him, sabr-toqat bilan… Nimagaki, bu boy, qadimiy o‘lkamiz-mamlakatimiz va shunday qadimiy xalqimiz ming-ming yillardan buyon yashab kelayotgan ekan, hamda ne-ne og‘irliklarni yengib kelayotgan ekan, bu tangchilik kunlarniyam ortda qoldiradi-qoldiramiz: buyam — hayotning qonuni.
— Bu tostmi, leksiyami? — dedi Abulqosim.
— Quloq sol. Bo‘lajak shefingman, — deya o‘ylanib qoldi O‘tbosar va boshini dangal ko‘tardi. — Mansur aka aytganidek, eng tushunarli gap shulki, shu-u ozodlikka erishdik. Shu saboq bizga hamisha yo‘ldosh bo‘lsin!
— Ko‘p rahmat, — dedi Shoto‘ra. — Ammo tulkilar asosan bizneschilardan chiqadi. To‘g‘ri, kechagacha o‘zimiz ham…
— Men tushundim. Shu yo‘lga sodiqmiz, chunki boshqa yo‘l yo‘q.
Mansur ham ichdi-yu, saldan keyin uzr so‘rab turdi. Tanish butaning orqasiga o‘tib, qayt qildi. Keyin izlanib, jarlik labidagi yoriqdan yumshab qolgan qor olib, betiga surtdi. Keyin toshga o‘tirib nos otdi. Havo salqin, ammo peshinga og‘ayotgan quyosh nurida Qiziljar tubidagi novvatdek qoyalarning rangi ochilib jozibali ko‘rinar, ular orqasidagi archalarning yashil rangi alohida ko‘zga tashlanar, qo‘ltiqlarda uzun-uzun kesilgan quyruqdek qor yiltirar va qayerdadir kaklik sayrab qo‘yardi.
Yigitning oyog‘i ostidagi o‘t-o‘lan g‘oyat tig‘iz, unda mitti-mitti chumchuqko‘zdan tortib qo‘ng‘ir qo‘zigullaru oq-sariq boychechaklar ham ochilib yotardi.
— Yaxshi, — deb shivirladi Mansur va boz ko‘ngli negadir buzildi, boz yig‘lagisi keldi: nega? Kakligi uchunmi? Yo‘q, boshqa nimalarningdir ta’siri ham bor ediki, ularni tushunib-anglab olayotgani va o‘zining ko‘nglida mavjud qandaydir tabiiy qanoatlariga bu mulohazali «narsalar»ning ajabtovur mos kelayotgani va bundan pinhona quvonayotgani bunga bois edi.
Shuning uchunmikan, endi uning nazarida, bu tog‘u toshlaru archazorlar, soylar, ko‘katlar, keng osmon-u yorqin quyosh nurlari o‘zgacha yaqin-u azizlikda ko‘rinar, bu holni shunday izohlash ham mumkin edi: uning, huv, qishloq chetidagi yalang qirda uyi bor, qo‘rasi bor, bog‘chasi bor, biroq bular — bu kengliklar-da uniki, demak, uning mehriga sherik, qaroviga umidvor, demak, bular ham o‘zinikidirki, buncha «narsa»ni qalbga sig‘dirish uchun endi boshqacharoq bo‘lishi, boshqacharoq o‘ylashi lozim.
… Nihoyat, qariyaning fotihasi, ya’ni:
— Omin, murod-maqsadlaringga yetinglar. Yurtimiz tinch, boy-badavlat bo‘lsin, iloyi. Ozoddikning nashidasini, sizlar aytgandek, surib yuraylik bizlar ham… — deganidan keyin sayohatchilar qo‘zg‘alishdi.
Gulxanni o‘chirib, mashina yoniga tushisharkan, Mansur qafasni O‘tbosarga berdi.
— Esdalik.
— O‘-o‘, zo‘r gap, — dedi O‘tbosar. — Eshquvvat, muni bo‘lajak muzeyga qo‘yamiz.
Ularning gurungi mashina ustidayam davom etdi: O‘tbosar Shoto‘ra muallimning machit-pachitga borish-bormasligini so‘ragach: «Men ham uchramoqchiman imomga, — dedi. — Shu atrofda to‘rtta qabriston bor ekan. Mol oralab yuradi… Atrofini simto‘r bilan o‘rab qo‘ymoqchiman. Eshquvvat surpga yozdirib keldi: «Ey, inson! Keladigan joying shu yer ekan-ku oqibat. Toptama!» Axir, bu qarovsizliklar ham kecha ateist bo‘lib yurgan kunlarimizdan meros…»
Shoto‘ra muallim vazmin bosh irg‘ab, uning qarorini ma’qulladi.
Keyin maktabda milliy sozlar-asboblar yetishmasligi, xarid qilishga kuch yo‘qligini hasrat qilgandi, yosh biznesmen uning belidan quchib qo‘ydi: «Bo‘ladi. Bir-ikkita jo‘ralarim bor. Mard yigitlar. «Tuman gazetasini otaliqqa olamiz», deb yurishipti. Ularga aytaman… Aka, hamjihatlik, o‘zaro ishonch kerak, xolos».
— Hamjihatlik…
— Mana, bizam hamjihat bo‘ldik, — deb Eshquvvatning biqiniga tirsagi bilan turtdi Abulqosim. Eshquvvat esa:
— O‘h, — dedi. — Yana bir turt. Bortdan uchib tushasan!
Tengqurlar kulishdi.
— Ey, yurtimiz keng-a! — deb qoldi Olimboy. — Muni qaranglar!.. O‘tbosar, shu-u amerikaliklar demakratmiz deydi. Qayerda bir urish chiqsa, hoziru nozir — gijgijlaydi. Otaday… Ammo o‘zlarining shiori bor: «Prejde vsego — Amerika!»
— Ha, — dedi O‘tbosar manglayi ostidan tevarakka boqib. — Biz ham shunday bo‘lishimiz kerak. Axir, har birimiz ham, avvalo, Mansur akaga o‘xshab uyim-joyim deymiz-ku? Bu tabiiy yo‘l. Demak, hammamiz uchun O‘zbekiston yagona vatan. Prejde vsego… Boshqasi — keyin.
— Yunonlarning Lukian degan yozuvchisi o‘tgan. Eramizdan avval. Uning «Vatan sha’niga» degan asari bor. Undagi birinchi jumla shunday ekan: «O‘z ona-otasini sevmagan farzand o‘zga ota-onalarni hurmat qila bilmaydi. Va o‘z vatanini sevmagan kishi o‘zgalar vatanini hurmat qila olmaydi!»
— Uh, zo‘r aytgan ekan. Yozib olaman. Shior qilib, qoqib qo‘yaman, — dedi O‘tbosar.
Mansur o‘z-o‘zicha tamshanar, yutinar, ichki-azobli bir shodlikdan ko‘ngli to‘liqib-to‘lishib ketarkan:
— Ey, birodarlar, — dedi ovozi birdan xira tortib. — O‘g‘ri o‘g‘rining qo‘liga suv quyar ekan. Ular bir-birini qorong‘ida topar ekan. Axir, bizlar to‘g‘ri odamlarmiz-ku? Nimaga o‘shalarday do‘st, hamfikr, hamjihat bo‘lmasligimiz kerak? Io‘q, kechirasizlar, shunday bo‘lyapmiz-u…
— Bu o‘zimizga bog‘liq, O‘tbosar. Ammo, aka, siz ham o‘tkir gap qildingiz.
— Bugun o‘zi faqat aqlli gaplar aytiladigan kun ekan, — deb to‘ng‘illadi. Abulqosim. — Lekin bir kishidan aqlli gap chiqmadi-da, a, Eshquvvat?
Eshquvvat uni qisib-quchoqlab oldi.
— Otvoraman!
Mashina sekinladi.
Shunda mutlaqo kutilmagan mo‘jiza sodir bo‘ldi: mashina ortidan uchib, ammo bir soniya ham to‘xtamasdan churillab kelayotgan bir kaklik (kakliklar odatda sheriklarini ham xavfdan ogoh etish uchun, ayniqsa, yerdan ko‘tarilganda juda qattiq ovoz chiqarishadi va qanotlarini ham behad qattiq qarsillatishadi) mashinadagilarni o‘ziga qaratgani holda keldi, keldi, keldi-yu… bortga pasaydi. Qo‘ndim deganda surilib ketib, naq qafasga urildi. Uning bo‘ynidan qon oqar, u — Qoraqosh edi. Buni qarangki, qush urilganda, qafas dumalab ketib, yonboshlab qolgan jonivor …qafasiga kirib oldi. Ko‘kragiga tuf-tuflayotgan chol asta qo‘l uzatib, qafasni tikka qilib qo‘ydi. Butun pat-u parlari tik turib ketgan, nafas olishi shundoq bilinayotgan qush bag‘rini bortga berib, yotib oldi.
Nihoyat, hamma Mansurga qaradi. Mansurning ko‘zlari g‘ilq yoshga to‘lgan edi. U astagina cho‘nqayib, qafasni siladi. Keyin qafasni ko‘tarib, kaklikning o‘zini silamoqchi bo‘luvdi, jonivor bir sapchib, egasining tizzasiga chiqib oldi-da, yana pisib qoldi.
— E, seni qara-yu, qadrdon, — deya Mansur uning boshini siladi. Keyin ro‘molchasini chiqarib, qushning bo‘ynini artdi. So‘ng tulkining tishi kirgan joylarini ochib bokdi. Va: — Mo‘jiza, a, birodarlar? — dedi hamrohlarining bu gapni ma’qullashlarini istab.
— Undan ham badtar, — dedi O‘tbosar qushdan ko‘z olmay. — Ishonasizlarmi, mening hurmatim oshib ketdi bu kaklikka… — Keyin kaklikka tikilgancha soqolini chimdib tortayotgan Qorovulga do‘q qildi:
— Bu siru sinoga nima deysiz endi, qariya?
— Og‘ajon, mening yodimga plugdan chiqqan cho‘bir ot tushdi, — dedi chol. — O‘rgatish yomon bo‘lar ekan-da. Endi xayol qilamanki, bu jonivorni ham erkinlikka o‘rganishi kiyin bo‘ladi…
— Men nima deb edim?! — deya kuchanib po‘pisa qilgandek bo‘ldi musiqa muallimi. — Sen o‘zing ayt, ey, turemshik?
— Men tushundim, — dedi Mansur. — Buniyam ozodlikka o‘rgatish kerak ekan. Jonivor, mengayam, qafasgayam judayam…
— Ana bu boshqa gap! — dedi Omonboy. — Anderson xonim bir qoplonni erkinlikka o‘rgataman deb…
— Bas, jindak gapirmay turaylik, — deb qoldi shunda O‘tbosar. — Hey, hayda moshinangni! Fermaga hayda… Muni davolaylik. Keyin o‘ylashib ko‘ramiz… Mansur aka, shuni baribir ozoddikka o‘rgatasiz-a?
— O‘rgatmasam, har narsa bo‘lay! — dedi Man-sur. — Shunday kaklikning tor qafasda yashashi uvol… Men aybdorman. Men… Lekin erkinlikka o‘rgataman. — Keyin birdan hayajonlanib ketdi. — Endi, endi kelishida tulkiga hazir bo‘ladi…
— Bu tabiiy hol, — dedi muallim. — Demak, erkinlikka o‘rgatish mumkin. — Keyin hammaga bir-bir qarab chiqdi. — Bizlar axir, odam bo‘laturib, arang o‘rganyapmizu ozodlikka… To‘g‘rimi, Xattabich? Ey, o‘sha cho‘bir otingiz keyinchalik to‘g‘ri yurishni o‘rganib ketganmidi?
— Ha, asta-sekin, — dedi chol. — Keyin jarga uchib…
— Gap tamom.
Shunda Mansur O‘tbosarga yalindi:
— Ukajon, to‘g‘ri uyga ketaylik. Buni o‘zim davolayman. Giyohlar bilan…
O‘tbosar boshini qiyshaytirib, yelkasini uchirib qo‘ydi.
— Mayli, unchalik bo‘lsa.
Yo‘lni to‘sgan olatayoqdan narida Eshquvvat bilan O‘tbosar qoldi. Boshqalar moshinga chiqisharkan, har ikki tomon ham tezda yana uchrashishlariga ko‘z tutib, go‘yo shunday qilmasalar — nimagadir xiyonat etadigandek kabi xo‘shlashar edi.
Ichaksoyning u qirg‘og‘iga chiqqan moshina enishga shitob bilan tushib ketdi.
Abulqosim — Abulqosim-da: moshinani tobora tezlatib, lo‘killatib ketarkan, tepadagilar beixtiyor bir-birlarining bellari, yelkalaridan quchishar, edi: aks holda… Mansur esa Qoraqoshni bag‘riga bosib o‘tirar, unga nimalarnidir shivirlar edi.
1994