Biz Ulkan qishlog‘iga ko‘chib bordik. Onam — Sho‘ro raisi, men — endi uchinchi sinfni bitirib ta’tilga chiqqan paytlarim edi.
Bizga atab katta bir o‘rikzorning adog‘ida o‘tov tikib qo‘yishgan ekan. Jihozlari ham bor: sholcha, bir taxmon ko‘rpa-to‘shak. Xo‘sh, o‘tov biqinida yer tandir, undan sal narida — katta ariq, uning bo‘yida tollar. Tollarning, lof bo‘lsayam, har bir butog‘ida chumchuq uyasi bor. Chirq-chirq, chig‘ir-chig‘ir tovushlar tinmas edi.
Onam menga tushuntirdi:
— Biz Rais boboning uyiga qo‘ndik. Bir-ikki yil turamiz. Keyin yana rayonga qaytib ketamiz. — Bu gaplarni tushunganimdan keyin u kishi davom etdi: — Rais bobongni Jo‘ra degan o‘g‘li bor. Halizamon keladi. Kim bilan o‘ynasang — o‘yna-yu, o‘sha bilan o‘ynama!
— Nimaga?
— Ishing bo‘lmasin.
Haqiqatan ham hademay Jo‘ra keldi. Yonida ishtonini lipa urgan, shalpang quloq bir bola ham bor edi. Ularning bir-biriga munosabatidan kimliklarini bilib oldim… Jo‘ra ariqning u betidagi pastak devorga minib o‘tirdi-da, qo‘lidagi palaxmon bilan tollar shoxiga tosh ota boshladi.
Onam bilan Rais bobo o‘tovning chap tomonidagi supada bir-ikki kishiga nimalarnidir tushuntirishar, ulardan sal narirokda Rais boboning to‘riq oti bilan onamning jiyron oti o‘tlab turardi.
Shuni aytishim kerakki, Rais boboni men ikki yillardan beri bilar edim. Tumanga — hovlimizga mana shu to‘rig‘ini minib borib qolar va mehmonxonada yotardi. Meni erkalar, qachon bo‘lmasin, o‘zining Ulkan qishlog‘iga tomoshaga olib borishini aytar, so‘ng u qishloqni maqtar edi: «Dayrosi bor. Cho‘milasan. Meniyam senday ulim bor, do‘st bo‘lasan…»
Albatta, men bu taklifdan quvonardim hamda o‘sha «qachon»dir deyilgan muddat tezroq kelishini kutardim.
Mana, oqibat onam o‘sha qishloqqa Sho‘ro raisi etib tayinlandi-yu, biz keldik.
Rais bobo bilan onam anavi ikki kishiga bir nimalarni tayinlashdi-da, o‘tovga qaytishdi.
Rais bobo Jo‘rani ko‘rib:
— E, nimaga o‘ytib o‘tiribsan? Kelib, Sodiqboy bilan tanishmaysanmi? Senga aytar edim-ku? — dedi.
— Ha, Sodiqjon, kel. Akang bilan tanish, — dedi onam ham. Va mening yelkamdan quchib: — Gapim esing-da bo‘lsin, — deb shivirladi.
Jo‘ra devordan tushib, qiyshayib keldi. Men har qalay shaharlik edim: unga qo‘l uzatdim. Uyam qo‘lining uchini berdi-da otasiga:
— Qurtni chumchuq jeb ketayapti, — dedi.
— He, ukkag‘arlar! — Rais bobo etigini yechmoqchi bo‘lib qo‘njidan tutdi-yu, vaqtni boy beradigandek birdan alpang-talpang yurib borib, bitta tolga chiqib ketdi. Keyin ayrida turib olib shoxlarni shunday silkitdiki, chumchuq bolalari yomg‘irdek to‘kila boshladi. Jo‘ra bilan Oqboyga ergashib men ham do‘ppimni oldim-da, palaponlarni terib sola boshladim.
Rais bobo shoxma-shox yurib, boshqa tollargayam o‘tdi. Ulardan ham son-sanoqsiz palaponlar to‘kildi. Endi onam chumchuq bolalariga achinib, qoshini chimirib turar, nuqul:
— Bas endi, o‘rtoq Boboyev! Bundan ko‘ra qurtxonalarga qorovullarni ko‘paytirish kerak, — der edi.
Shu payt deng, qaysi go‘rdan bir maymoq it bilan ikkita mushuk paydo bo‘ldi-yu, ular ham to‘kilgan chumchuq bolalarini terib, haligiday oshqozonlariga joylay boshladi. It bilan mushuk — bir-biriga dushman: yaqin kelganda, tashlanishib, fishillashib qolishar, keyin tag‘in tirik xo‘rakka tashlanishar edi.
— Yuring-e, yarashmagan ishni qilib!.. — Onam jerkib shunday dedi-da, otlar tomonga yo‘l oldi.
Saldan keyin Rais boboyam daraxtdan tushib va ust-boshini qoqib:
— Esa biz g‘allaning boshiga ketdik. Jo‘raboy, ukangni o‘ynat! Palaxmon qilib ber. Cho‘milishga olib bor… Moltishni o‘rgat. Xo‘pmi, bolam? — deb va mening kiftimga qoqib qo‘yib, onamning izidan xetdi.
Hademay ular otlarini minib etakka enib keti-sharkan, onam qayrilib qarab:
— Gapim esingdan chiqmasin, Sodiq! Haligi kitobingni o‘qi! — dedi.
O‘sha kuni o‘rikzorning u yog‘idagi bahaybat yontoqlar ostida paqqa bo‘lmagan yong‘oqlarni toshga urib, po‘stlog‘ini archib o‘tirganimizda, Oqboy menga qiziq gaplarni aytdi:
— Enang Rais boboga tegarmish… Jo‘raning enasi maraz bo‘lgan. Dayrodan normankapada yashaydi.
Jo‘ra yongoq shoxida edi. Pastga tushgandan keyin:
— Jo‘raka aka, — dedim unga. — Enangiz maraz bo‘lganmi?
U boshini egib qoldi.
— Do‘xtirga oborish kerak-ku?
— Davosi yo‘q emish, — deb pichirladi u.
— Bi-ir o‘zlari yashaydimi kapada? U bosh irg‘adi.
— Yuring, borib ko‘ramiz.
Jo‘ra menga tikildi. Oqboy bo‘lsa:
— Bugun bordingmi? — deb so‘radi undan. U boshini chayqadi.
— Kayvoni momo to‘yga ketgan. Non yopmagan.
Biz tuman markazidagi uyimizda g‘amimizni yeb, momom yopgan uch-to‘rtta yog‘li patir-non, kastryulga qovurdoq solib olgan edik. Hali kelib, qora uyga
yasoylashganimizdan keyin ana shulardan biroz tamad-di qilgandik.
— Non bor. Go‘sht ham bor, — dedim. — Uyda! Ana, ishonmasangiz, kirib ko‘ring!
Jo‘ra g‘amgin jilmaydi. Oqboy bo‘lsa:
— Jur, — dedi. — Olamiz! Boramiz!.. Mana muniyam qidirtamiz! Borasanmi, Sodiq?
— E, bo‘lmasamchi, — dedim.
Onam haligi gapni tayinlab ketgan bo‘lsa-da, men Jo‘raning yonidan jilmagan edim: axir, nima qilay? Kim bilan o‘ynay? Ikkinchi tarafdan, Rais boboning tumanda — uyimizda aytgan gaplari yodimda: Jo‘ra meni daryoga olib borishi kerak edi. Uchinchidan desangiz, ayniqsa onamning gapidan keyin bu yigitga qiziqib qolgandim. Bundan tashqari, bechoraning…
…onasi haligiday kasalga yo‘liqqan, bitta o‘zi bir kapada — daryoning u tomonida yashar ekan…
Shuni aytishim lozimki, o‘shanda — urushdan keyingi, yo‘g‘-e, elliginchi yillarning o‘rtalarida ham tirikchilik kechirish og‘ir, yetimlar ko‘p, anavinaqa kasallar ham serob edi. Va bizning tuman markazida ham pes, maraz bo‘lgan kimsalarni jamoadan chiqarib qo‘yish rasm edi.
Oqboyning gapidan keyin Jo‘ra yelkasini qisib, menga mo‘ltirab qaradi. Men uning qo‘lidan tortdim.
— Yuring.
Onam o‘shanday degani bilan men bu yigitdan negadir qo‘rqmadim. O‘zimga ishonarmidim — bilmayman. Harqalay, maktabda chopish, sakrash, mushtlashish — boks bo‘yicha ilg‘orlar qatorida edim. Ishqilib, birovdan tayoq yemasdim…
Patir nondan birini olib, orasiga qovurdoq qo‘ydik. Bir qiyiqqa o‘rab, yo‘lga tushdik.
Rais bobo bilan onam otlarini yo‘rttirib ketgan so‘qmoq bilan borardik. O‘riklar g‘arq pishgan, yerga ko‘rpa bo‘lib to‘kilib yotibdi deng. Ko‘plari oyoq-tuyoq ostida ezilgan, achigan. Ular ustida arilar va pash-shalar g‘uj-g‘uj. Ana shu — ezilgan o‘riklar hidi anqiydi!
Qandaydir tashlandiq, yovvoyi o‘lkaga kelib qolganday sezasan o‘zingni.
Bu qishloqda o‘zi xonadonlar siyrak ekan: huv unday yerda qora suvoq qilingan bir katalak ko‘rinsa, undan ancha narida bir kapa ko‘zga tashlanadi. Undan ham narida o‘tov… Keyin bilsam, bu yerliklarda chorva ham mo‘l, qo‘y-echkilarini yaylovlarga haydagan yoxud tog‘ o‘tloqlariga chiqarib ketishgan ekan.
Ariq labidan bora-bora sholizor yoqasidan o‘tdik. Va birdaniga bahaybat bir jarlik chetiga chiqib qoldik. Jarlik shunday kattaki, u qirg‘og‘i bilan bu qirg‘og‘ining orasi biron chaqirim keladi.
Biroq yonbag‘irdan ilonizi bo‘lib o‘rmalab tushib ketgan so‘qmoq ham borki, unda mol tuyoqlari va yalang-oyoqchalarning izlari qolgan.
— Ana, dayro, — dedi Jo‘ra tubanlikni ko‘rsatib.
Tubanda — jarlik tubida yaltirab suv oqar, sohillarni yulg‘un bosib ketgan, qizarib gullagan bu yashil butalar orasida — qumda bo‘lsa kerak, yarim yalang‘och bolalar va lozim-ko‘ylakli qizchalar har xil alfozda o‘tirishar-yotishar edi.
Rais bobo «dayro» deganda, men kitoblarda o‘qiganim kattakon nahrni ko‘z oldimga keltirgan bo‘lishim lozim — shuning uchun bu daryo menga soy bo‘lib ko‘rindi. Men unga bepisandlik bilan boqib:
— E, shumi? — dedim.
— Juringlar! Qaytishda cho‘milamiz! — dedi Oqboy. Va biz unga ergashdik.
Qirg‘oq bo‘ylab sal yurganimizdan keyin shundoq qarshimizda jarlik qirtoqlarini ulab turgan uzun osmako‘prikka ko‘zim tushdi. U ertaklardagi puli sirot ko‘prigiday tuyuldi menga! Va yuragim gurs-gurs ura boshladi: «O‘tayotganimizda, uzilib ketsa… Xudo urdi! Onam Jo‘rani ayblaydi…»
Darvoqe, uzr etasiz, onamning bu yigitchaga ishonmasdan qarashining sababini g‘ira-shira tushungandek edim: axir onam Rais boboga tegar emish…
Rais boboning esa xotini anavinaqa ahvolda: o‘g‘li bu… Demak, Jo‘ra menga g‘ayirlik bilan qarashi mumkin-da.
Lekin hozircha bu narsani sezmagan edim. Hoziroq aytib qo‘yayki, keyinchalik ham sezmadim. Jo‘ra taqdirga tan bergan, buning ustiga, u ham meni tezroq ko‘rish va deylik, daryoni ko‘rsatish, moltishni o‘rga-tishni o‘ylab yurar ekan.
Ko‘prikka qadam bosdik. Yo‘ldan farqi yo‘q. Ammo o‘rtasiga yetganda, uning nari-beriga borib kelayotgani, ammo bu sezilmas darajada ekanini ko‘rib, ha ko‘rib qolib, kapalagim uchib ketdi. Jo‘raning bilagidan ushlab oldim.
— Qo‘rqma, uka. Uzilmaydi. Mahkam bu, — dedi u tirsagimdan qisib. — Poda-poda mol o‘tadi bundan. Suruv-suruv qo‘y… Bultur bir chol o‘ldi. Uning tobuti ortidan minglab odam ergashib jo‘nadi. Shuniyam ko‘tardi bu…
Jo‘raning onasi oxirgi kunlarini kechirayotgan kapa qabristondan berida, qo‘ziqoringa o‘xshash ulkan gujum ostida ekan. Unga yaqinlashganda, Jo‘ra Oqboydan tugunni oldi.
— Qolamiz, — dedi Oqboy menga. — Borib bo‘lmaydi.
— Nimaga?
— Bo‘lmaydi-da.
— Mayli.
Jo‘ra ketdi. Borib, kapaga kirdi. Biz har tomonga qarab, tomosha qilib turardik. Yaydoq, xas-xashak bosib ketgan kattakon qabristonda so‘pito‘rg‘aylar ko‘p, ular xush ovozda chuldirashib uchishar, qaysi biri uchmasin — tom bo‘yi ko‘tarilgach, havoda muallaq turib sayrab olar, keyin yerga-qovjiragan tikanlar, alaflar orasiga qo‘nardi. Bir-ikkitasi atrofimizda pildirab yurardi.
— Bu qushni o‘ldirib bo‘lmaydi, — deb qoldi Oqboy. — Gunoh bo‘ladi. Yomon bo‘ladi.
— Qanday «yomon bo‘ladi?»
— Yomon-da.
Keyin gujumga qarab dabdurustdan shu she’rni aytdi:
Mullato‘rg‘ay — otim bo‘lg‘ay.
Meni o‘ldirgan
Etti eshikda yetim bo‘lg‘ay.
— O‘-o‘, — dedim. — Chumchuqni o‘ldirsa bo‘ladimi?
— Uning turgan-bitgani ziyon, — dedi Oqboy. — Haligi palaponlarni nima qildim, bilasanmi?
— Yo‘q. Nima qilding?
— Bittalab it bilan pishakka jedirdim, — javob berdi u bamaylixotir. — Munday olib tepaga otaman. Yo it ilib oladi, yo pishak. Chumchuqning turgan-bitgani ziyon, — deb takrorladi yana. — G‘allaniyam shu quritayapti. Rais bobo bizni mashoq terishgayam qo‘ymaydi!
Qamchilab uradi. Chumchuq bo‘lsa, jeb ketayapti. Shuning uchun palaxmon bilan…
Jo‘ra kapadan chiqdi. Ko‘zlari nam edi. Yuzlarini kafti bilan arta-arta keldi-da:
— Seni alqadilar, — dedi menga.
— Meni?
— Ha. Ko‘pga kirsin. Yaxshi bola ekan, dedilar…
— Rahmat, aka. Ertaga yana kelamiz-a? Jo‘ra kiftini uchirib so‘qmoqqa tushdi.
U — mening o‘lchovim bo‘yicha — o‘rtabo‘y, yelkalari keng, yuzi ham keng va ko‘zlari qiyiqroq edi. Rais boboning o‘g‘li bo‘lishiga qaramasdan egnidagi surp ko‘ylagi tirsaklariga yamoq tushgan, ishtonining bir pochasi uzun, do‘ppisiyam hilvillab ketgan edi.
Men, harqalay, tik shimdaman, shohmotnusxa ko‘ylagimning yenglari kalta, oyog‘imda keti. Soch o‘sgan: to‘g‘rirog‘i, soch qo‘yganman.
Ko‘prikka yetgan joyda quyiga enib ketgan eshak yo‘li bor ekan. Anchagina keng. Aftidan, ko‘prik qurilmasdan burun odamlar ana shu yo‘ldan tushib chiqishgan.
Biz tubanga enishimiz bilan daryoning u qirg‘og‘i-yu bu qirg‘og‘idagi o‘g‘il hamda qiz bolalar tikka-tikka bo‘lishib, bizni go‘yo qarshi olishdi.
Yulg‘unlarni oralab o‘tarkanmiz, atrofga qiziqqanim uchunmi har bir narsaga diqqat bilan nazar solardim. Yulg‘unlarning tanasiga har xil xas-cho‘plar, ildizlar taqalib qolgan. Ayrimlarining shoxlarida qush uyalari bor, ammo bari bo‘m-bo‘sh edi.
Tepamizdan chiy-chiylab jarqaldirg‘ochlar uchib o‘tadi, ba’zisi yuzimizga tegay-tegay deb ketardi.
Bu yer, ya’ni jarlikning tubi ham hayhotdek makon ekan! Suv ham katta va tinimsiz shovullar, xuddi kuchli bir shamol esmoqda-yu, ko‘zga ko‘rinmas chinorlar silkinmoqda edi!
Aytganimdek, bolalarning ko‘pchiligi yarim yalang‘och, ya’niki ishtonda, qizlar esa lozim-ko‘ylakda-yu, ammo kiyimlari badanlariga yopishib qolgan va u-bu yerlariga qum yuqqan, paxtaband qilib o‘rilgan sochlari ham ho‘l, yuzlari qoraygan, shu bilan birga kulib turishar edi.
— Qalaysizlar? — deb baqirdi Oqboy. — Qurtni chumchuq jeb ketayapti! G‘allaniyam sho‘ri quridi! Sizlar nima qip juribsizlar-a, bekorchilar?
Qotma, murti sabza urgan bir bola:
— O‘zing-chi, o‘zing? — dedi.
— Men… — Oqboy Jo‘raga, keyin qirg‘oqqa imo qilib qo‘ydi-da, past tushmadi. — Jurippizda, mana Sho‘ro opaning ulini qidirtib!
Hamma menga tikildi. Men ular bilan qo‘l berib so‘rashish-tanishishga chog‘landim. Biroq biri ham o‘rnidan jilmadi: bolalar ust-boshimga qiziqib boqishar, qizlar o‘zaro shivirlashar edi.
— Eshitdinglarmi, Ulkanga yangi Sho‘ro keldi! Jo‘ralarning o‘toviga qo‘ndi. Jiyron oti bor. Uli mana… Oti Sodiq! Hozir sizlarga moltishni ko‘rsatib qo‘yadi!
«Moltish» so‘zining — suvda suzish ekanini tuman markazidayoq Rais bobodan so‘rab-bilib olgan edim.
Ammo suzish bobida… Menimcha, tuman markazida yashaydigan-o‘qiydigan tengqurlarimning eng katta nuqsoni — suzishni yaxshi bilmasliklari edi. To‘g‘ri, ikki hovlining birida hovuz bor. Unga suv quyilganda, barg-xazonlarni chiqarish uchun bolalar hovuzga tushishadi.
Shu tariqa men ham besh-o‘n qadam suzishni o‘rganib olgan edim.
Ammo bunday vag‘illagan daryoda cho‘milish… Uyalganim ham shu — daryoga qaradim.
Shoshqin, oppoq-serko‘pik suv toshdan toshga sakrab oqar, ba’zi joylarda oqayotgani bilinmas, ellik qadamlar etakda — daryo qirg‘oq kamaridan aylanib o‘tardiki, u tomonda suv umuman to‘xtab qolganga o‘xshar edi: rangiyam ko‘m-ko‘k.
— Moltishni bilasanmi? — deb so‘radi Jo‘ra.
— Sal-pal.
— Shunday ko‘ringani bilan opketadi, — dedi u suvga termulib. — Oyog‘ingdan chaladi… Lekin mana bular o‘rgangan. Markazda dayro yo‘g‘-a?
— Yo‘q. Rayonni chetlab o‘tadi.
— Otam aytib edilar…
— Qani, bir-bir tashlab olaylik. Keyin ketamiz g‘allaning boshiga! — deb qoldi shunda haligi — murti sabza urgan, qotma yigitcha. — Jo‘ra aka, chechining-e! Kun isib ketdi!.. Ho‘, Sho‘roning uli, sen ham cho‘mil!
Shu gapdan keyin qizlar burilib, oqimga qarshi tomonga yo‘l olishdi. Bolalar bo‘lsa chopa-chopa suvga O‘zlarini otib va umbaloq oshib, ko‘karib turgan tomonga suza boshlashdi. Qarasam, Jo‘ra ham ko‘ylagini yechyapti.
Men ham shimim bilan ko‘ilak-maykamni yechib, ustiga qo‘ydim.
Biz suv bo‘yiga yetganda, qizaloqlar — ko‘ylak-lozimlarida qiyqirishib-kulishib va umbaloq otishib, oldimizdan o‘tib ketishdi-da, ko‘karib turgan joyga yaqinlashaverib, yulg‘unlardan ushlab-ushlab qolishdi.
Jo‘radan keyin Oqboy ham qulog‘iga bir nimani tiqib suvga kirdi. Suv belidan oshganda, o‘zini tashladi va goh ko‘rinib-goh ko‘rinmay keta boshladi. Men ham suvga kirdim. Muzdek. Ikki qadam bosganimni bilaman, oyog‘im toyib ketib, chalqancha yiqildim-ku! Turaman deyman — dumalayman. Ichimga suv kiryapti. Biron narsadan ushlayin deyman — goh qo‘lim yetmaydi, goh sirpanib ketadi.
Qandaydir vahimaga tushgan paytimda haligi ko‘karib turgan joyga yaqinlashdim-u, oyog‘im yerdan-suv tubidan uzildi! Uzilishi zamon cho‘kib ketayotganimni anglab, apil-tapil tepaga intildim-da, qirg‘oqqa qarab suzdim!
Bu yerda oqim sust edi: hademay yulg‘unlardan ushlab, toshloqqa chiqib oldim.
Mening ahvolimni ko‘rib havotirga tushishganmi — Jo‘ra bilan qotma yigitcha izimdan quloch otib kelishayotgan ekan. Ular ham sohilga chiqishdi.
— Qashqa bo‘lmadingmi? Aytdim-ku, tezoqar bu, — dedi Jo‘ra hansiraab.
— Ha, yo‘q, — dedim. — Toshlar sirg‘anchiq ekan… Lekin rost, oyokdan chalar ekan.
— Uf. Manavu iyrimga kirib ketadiyov deb qo‘rqib edim, — dedi murti sabza urgan. — Tagi chuqur. Uch-to‘rt odam bo‘yi keladi. Keyin oqim zo‘r. Bir marta o‘zimniyam chirpirak qilib opketgan Huv kechuvga borganda, zo‘rg‘a chiqib olganman. O‘shanda o‘n yoshda edim… Uch yil bo‘pti!
— Sen yaxshi suzolmaysan, — dedi Jo‘ra menga. — O‘rgataman… Qo‘rqmasang bo‘ldi.
— Ha, qo‘rqmasang bo‘ldi, — dedi u yigit ham.
Shu palla suvning ko‘m-ko‘k sathida Oqboy paydo bo‘ldi-da, qo‘llarini yuqoriga ko‘tarib sho‘ng‘idi. Zum o‘tmay o‘n qadamlar narida, suvning kamardan chiqayotgan joyida paydo bo‘ldi boshi! Keyin bizga qarab moltib, ihrab-ihrab chiqib keldi.
Shu narsani aytishim shartki, biz o‘tirgan joy juda-a ajoyib edi. Dumaloq ko‘k, malla toshlar — kursimiz. Qizaloqlar ham tomoshadan quruq qoladiganday yetib kelishgan. Ular ikkita toshda cho‘milib chiqqan kaklik jo‘jalaridek g‘uj bo‘lib, go‘yo o‘zlarini oftobga toblab, patlarini quritishar edi.
Shundoq oyog‘imiz ostida — o‘sha ko‘k iyrim. Ya’ni girdob! Biroq uning qirg‘oq qo‘ltig‘iga urilib, o‘rama hosil qilib o‘tayotgani sezilmas, aytishlaricha, oqimning zo‘ri suvning tubida edi. Sirti esa shunday sokin.
Tepamizda go‘yo ayvon shifti bor. Ya’ni, metin qirtoq daryoga cho‘zilib bag‘rini tutib turar, biz uning soyasida o‘tirardikki, haqiqatan ham ayvonda o‘tirgandek edik.
Ustimizda qaldirg‘ochlarning chiy-chiylab uchishi-e! Bizni bu yerdan quvib yuborishga ahd qilishgandek!
Xullas kalom, men xiyol mulzam bo‘lgan holda, bosh-qalar g‘olibona ko‘rinishda edi, haligi murti chiqib qolgan yigitcha:
— Ey, jo‘ralar! «Oqtosh» o‘ynaylik, a? Jo‘ra aka, xo‘p deng, — dedi. — Keyin to‘g‘ri g‘allaga ketamiz!
— O‘ynanglar, o‘ynanglar! — deb qolishdi qizlar ham.
«Qiziq, qanaqa o‘yin ekan bu?» deb o‘yladim-da, Jo‘raga qarovdim, u:
— Oqboy, sen bakovul, — dedi. — Oldin tushuntirgin o‘yinni. Sodiq ham bilsin!
— Men tushuntiraman, — deb toshdan turdi o‘yinning tashabbuschisi va qo‘lidagi oppoq, judayam oq — quyruqdek toshni menga ko‘rsatdi.
…Ana shu toshni suvning eng chuqur joyiga otarkan. Otayotganida, hammaning ko‘z yumib turishi shart ekan. Keyin bakovulning gapi bilan bolalar ko‘zla-rini ochisharkan-da, «Bir, ikki, uch!» deyilishi bilan o‘zlarini suvga otisharkan.
Iyrimning tubidan ana o‘sha toshni olib chiqish lozim ekan.
Kim topib-olib chiqsa, demak, o‘sha — g‘olib!
Daryoning eng chuqur yeridan u toshni qanaqa qilib topib chiqish mumkin?
Xayolingizga shu savol keldi, a?
Men ham shuni o‘ylab, lol qolib turgan edim, bu yog‘ini Jo‘ra tushuntirdi:
— Suvning tagida ko‘zni ochib yurish kerak. Bildingmi? Suv tiniq…
— Bildim, — dedim.
Suvning tagida ko‘zni ochib, demak, tubidagi toshlarga tikilib yurish?!
Hovuzning loyqa suviga tushganingda hatto burningni, quloqlaringni ham iloji bo‘lsa bekitib olasan-u, ajab, ko‘zni ochish… Aqlga sig‘adimi shu gap?
Lekin bu yerdagilar uchun bu — o‘ta jo‘n gap, oddiy o‘yin ekan!
Oqboy:
— …Uch! — deyishi bilan ishtonini lipa urib, pochalarini ham himarib olgan bolalar guv-guv etib suvga o‘zlarini otishdi. Va hammasi g‘oyib bo‘lib ketdi.
Qizlar bilan men… sohilda qolgandim. Suvga tikilyapman. «Hozir chiqadi… Ana chiqdi. Yo‘q! Nafasi qaytib ketmasmikan bularni?»
Yanoqlari turtib chiqqan va ko‘p cho‘milganidanmi sho‘ralab ketgan, ammo quvligi shundoq bilinib turgan bir qizcha:
— Huv bola! Oting Sodiq-a? — deb so‘radi.
— Sodiq, — dedim. Va beixtiyor kitoblarda yozilganidek: — Seniki-chi? — deb so‘radim.
— Meni otimni nima qilasan? — U birdan sharaqlab kuldi. — Mayli, oqtoshni opchiqsang, otimni aytaman.
Dugonalari u bilan kelishib qo‘yishgandek kulib-qiqillab yuborishdi.
Men o‘z-o‘zimdan qizib-qizarib ketdim. Va asta o‘rnimdan turdim. Ammo suv tagida ko‘zni ochib yurish… Buning ustiga, bunday oqar suvda suzishniyam bilmayman. Tag‘in: daryo tubida oqim bor ekan. Shu narsalar miyadan g‘uvillab o‘tgancha suvga qarab jilayotganimni fahmlab qolganimda…
…suv yuzasiga sho‘lp etib bir bosh chiqdi. Keyin yana bir kalla, so‘ng tag‘in bittasi…
Jo‘ra ham chiqib keldi.
— Oqimga tushib qoldim. Arang qutildim. Oqboy ham chiqdi, kelib kuldi.
— Oqim opketipti deyman!
— G‘irrom, — deb to‘ng‘illadi Jo‘ra. — Bakovul bo‘lib o‘tirmaysanmi?
— O‘tirolmadim-da.
Nazarimda, ikki daqiqalar o‘tdi. Hamma chiqib bo‘ldi. Faqat haligi murti sabza urgan…
Xayriyat-e!
Boshidan oldin toshni tutgan qo‘li chiqdi suvdan! Va bu yoqda qiyqiriq bo‘lib ketdi!
Ayniqsa, qizlarning quvonishgani!
Shunda, ishonasizmi, o‘sha boladek bo‘lgim keldi-e! Axir, yaxshi-da.
…qizlar ham chuvvos solib, chapak chalib, olqishlab qarshi olishsa seni!
G‘olibni!
Ammo unday bo‘lishimga sira ko‘zim yetmasdi; yo‘q-yo‘q, suv ostida, nari borsa, yarim daqiqa turarman.
Ko‘zni ochib…
Oqimga tushib qolsam…
Obbo, oldin shunchaki suzishni o‘rganishing kerak, xomtama bo‘lma, Sodiq!
Qizlar u bolani, o‘zlaricha olqishlab: «Jamol yutdi! Jutdi!» deganlaridan uning ismini bilib oldim. Va u bilan jo‘ra bo‘lish, undan uni-buni o‘rganishga qasd qildim.
Biroq hoziroq aytib qo‘ya qolay: u menigina emas, boshqa bolalarni ham pisand etmas ekan.
— Bo‘ldi qilinglar. Dalaga ketdik, — deb so‘qmoqqa tushdi. Aftidan u, umuman, ko‘ylak kiymas, shuning uchun badani temirdek yaltirab ketgan edi.
Jo‘ra menga:
— Hozir, hozir, — deb o‘zini suvga otdi-da, hash-pash deguncha narigi qirg‘oqqa chiqib va yulg‘unlar orasidan mening ham kiyimlarimni olib daryoga tushdi. Va bir qo‘llab suzib, chiqib ketdi.
Qoyil!
Kiyinib, Jamolning orqasidan tushdik. Qizlar kulib, gap otib qolishdi. Boyagi quv qizcha bo‘lsa;
— Jo‘ra aka! Sodiqni tashlab keting! Biz moltishni o‘rgatib qo‘yamiz, — dedi.
Jo‘ra unga qaramay:
— Yuraber. O‘rganasan. Qo‘rqmasang bo‘ldi, — dedi menga.
— Qo‘rqmayman. O‘rgating, aka, — dedim.
— Mayli.
— Ertaga yana kelamizmi? Onangizniyam ko‘rib ketamiz… Xo‘pmi?
U mening yelkamga qo‘l soldi-da:
— Xo‘p, — dedi. Picha yurganimizdan keyin… — Sodiq, ko‘nglishta olmasang, bir gap aytaman, — deb qoldi.
— Hech ham ko‘ngilga olmayman, — deb to‘xtadim.
U bilagimdan tortdi. Biz tuprog‘i qaynab yotgan so‘qmoqdan o‘rlab borardik.
— Ayting, — deb qistadim.
— Enang meni yomon ko‘radilar. Qulog‘im chingillab ketdi.
— Yolg‘on, — dedim.
— Rost.
— A, nimaga? Xo‘p, yomon ko‘radiyam deylik…
— Bultur, bultur, — deb ming‘illadi u. — Kechqurun keldilar. Vakil bo‘lib. Otam xursand bo‘p ketdilar. Keyin enang o‘tovda yotdilar. Men otam bilan tashqarida yotdik. Bir mahal uyg‘onsam, otam yo‘q. Xo‘p o‘tirdim. Keyin qo‘rkdimmi: «Ota-a!» deb chaqirdim. Otam o‘tovdan chiqib keldilar…
Meni o‘shanda — «yosh bola» bu, hech narsani tushunmagan demang. Men tushungan edim…
O‘zimni qandaydir aybdor sezib, miq etmay qoldim. Qirg‘oq ustiga chiqqandan so‘ng:
— Keyin nima bo‘ldi? — dedim.
— Keyin enang menga yomon qaraydigan bo‘ldilar… Keyin kelishlarida otam meni kayvoni xolaning uyiga jo‘natadigan bo‘ldilar. Bilaman, enang aytgan…
— Ha, — deb yubordim-da: — Jo‘ra aka, meni kechirasiz, — deb yalindim.
— Nimaga-nimaga?
— Onam chindan ham sizni…
U asta bosh irg‘adi. So‘ng tag‘in yelkamga qo‘l soldi. Men uning bu harakatidan qandaydir mehr, og‘aning inisiga bo‘lgan mehrini his etdim. So‘ngra…
…o‘zim ham uning belidan bir qo‘lim bilan quchib oldim.
Daryo jiyagidan, ya’ni qirtoq labidan ipga tizilgandek ketarkanmiz, beixtiyor ko‘nglim buzilar, ammo ich-ichimda shod edim.
Xullas, bug‘doyzor yoqasidagi tashlandiq kapada kunni kech qildik.
Jo‘ra menga palaxmon yasab berdi. Palaxmon!.. Kildan eshilar ekan. Kapada kigiz parchalari ko‘p edi, o‘shalardan qilini sitib oldi. Oqboy bo‘lsa, qayoqqadir chopib ketib, ikki changal jun topib keldi: o‘tlab yurgan echkilardan yulib-yulib olibdi. Keyin ularni qo‘shib, uzun-uzun pilta eshdik. So‘ngra qizlarning mayda sochiga o‘xshatib o‘rishdi. Ikki qulochlar bo‘ldi. Keyin bir uchini halqa qilib, bir uchini dumga o‘xshatib, hatto tarab-tarab qo‘yishdi. Ana undan keyin bu g‘alati chilvirning qoq o‘rtasida yong‘oqdek tosh sig‘adigan chuqurcha to‘qishdi.
Shu!
Keyin deng, o‘sha chuqurchaga toshni joylar ekan-siz-da, chilvir uchlarini juft qilib ushlab, tepada uch-to‘rt marta aylantirar ekansiz. Chilvir qo‘lingizdan chiqib ketay-ketay deganda, haligi dumli uchini qo‘yvorar ekansiz!
Shu! Qarabsizki, haligi tosh zing‘illab uchib ketayapti! Albatta mo‘ljalga olishniyam bilish kerak…
Tumanda «rogatka» qilardik… Palaxmonning nomini bilardim, xolos.
G‘allani qo‘ridik-da-e!
Kechqurun bolalar ajralib-ajralib ketishdi: ertaga falon vaqtda «dayro bo‘yida» uchrashiladi!
Jo‘ra ikkimiz o‘rikzorga kirganda, u iymanib menga tikildi:
— Uka, ke bir ish qilamiz… — dedi.
— Xo‘p bo‘ladi, aka.
— Enangni oldida… bir-birimiz bilan gaplashmaymiz. Arazlashganday bo‘p yuramiz.
— Nimaga?
U menga shunday siniq, ta’na bilan bokdiki, gap ma’nosiga darhol fahmim yetdi.
— Ho‘, onam dalaga ketgandan keyin…
— Aka-ukamiz, — dedi u. — Ertaga dayroning yuqori tomoniga oboraman seni. U yerdayam bir-ikkita iyrim joylar bor… Moltishni o‘rgataman.
Men uning belidan quchib oldim.
Ay, bolalik-a!
Kechasi onam — ikkimiz o‘tovda yotdik. Jo‘ra bilan Rais bobo tashqarida — o‘tov biqinidagi somon suvoq Qilingan supada. Mening ancha paytgacha uyqum kelmadi: nazarimda, onammi — tashqariga chiqib ketadigan yoxud Rais bobomi— kirib keladigandek edi… balki men uxlab qolganimdan keyin ular uchrashgandir…
Qiziq, keyinchalik men o‘sha damlarni — kolxoz raisining o‘tov sirtida, Sho‘ro raisasining ichkari-da — shundoq yaqin masofada yotishi va ularning pinhona aloqalaridan ayrim kishilar boxabar ham ekanligi, biroq odamlarning bu holga panja orasidan qarashlari haqida o‘ylab, o‘zimcha shunday xulosaga keldim: o‘sha vaqtlarda turmushning izmi shu ekan-da? Raislar xaloyiqning, deylik, malomatidan, qo‘rqmas ekanlar-da!
O‘zim ham sezardim: bular ikkovlon Ulkan qishlog‘ining xonlari — beklari edi!
Shuning uchun ular oddiy odob-andisha deganlaridan ham ustun turishardi chog‘i…
Haqiqatan ham xalq bulardan zirillardi. Oqboyning mashoq tergan, qorni uchun g‘alla o‘g‘irlagan bolalarni ham Rais boboning qamchilab urishi haqidagi gapi haq edi.
Bunday ish, men ishonamanki, onamning ham qo‘lidan kelardi. Oddiy odamlarga shunaqayam do‘q qilib yuborardiki…
Uzr, sal o‘tlab ketdim.
…So‘radilar, so‘radilar kechasi. «Nima qilding? Kimlar bilan o‘ynading? Daryoga borgansan…»
«Bordim. Uzoqdan tomosha qildim Oqboy bilan, — deb javob berdim onamga. — Lekin Jo‘ra bilan gaplashganim yo‘q. Oqshom dasturxon ustidayam ko‘rdingiz-ku?»
— «Ha, senga ho‘mrayib-ho‘mrayib qaradi… — dedi onam. — Shundan ham bilaver. U senga dushman…»
Ertasi Raislar ishga ketishi zamon biz Jo‘ra ikkimiz yana daryoga otlandik.
— Non-pon olamizmi onangizga?
— Tushdan keyin, — dedi Jo‘ra. — Dayro yoqasida shotutlar bor. Yaqinda kallaklab ketishgan edi… Shu kunlar yana pishib qolgandir…
— O‘shandan ham teramiz-a?
— Ha..
Kun biron terak bo‘yi ko‘tarilmasdan biz daryoning «yuqori» tomoniga borib qiyalikdan endik. Bu joydagi jarlik tomonga oqayottan suv kichkina ko‘prikning ostidan shovullab o‘tar va yoyilib ketar, suv ostidagi barcha toshlar baralla ko‘rinib turardi.
Gapning qisqasini aytsam, peshingacha suzishni ancha o‘rganib oldim. Tag‘in suv ostidagi silliq toshlarga oyoqni qo‘yavermaslikni ham…
Daryo(cha)ni suzib-kesib o‘tishga to‘g‘ri kelsa, albatta, oqimga qarshiroq yurish lozim ekan. Chunki oqim baribir seni surib, ko‘zlangan joyingga yetkazmaydi. Shunchaki suvni kechib o‘tayotganingda ham hadeb oqim bo‘ylab qarayversang, boshing aylanar ekan…
Suv ostida ko‘zni ochib yurish…
Daf’atan ko‘zni ochganingda, qarshingdanmi, yon-veringdanmi ko‘zingni nimadir bosar ekan: suv albatta! Keyin chakkalaring sal-pal og‘rir ekan. So‘ngra…
…qiziq, mavhum-xayoliy bir olamda seza boshlar ekansan o‘zingni.
Asta-sekin oyog‘ing ostidagi toshchalarni ham ko‘rar ekan. Ular qandaydir yapasqidek! Qo‘lingni uzatsang, barmoqdaring ham kalta-kalta bo‘lib «qolarkan». Hatto oyoqlaring ham maymoqlanib ko‘rinarkan.
Pakana-xunuk bir mahluqqa aylanar ekansan.
Oradan besh-olti kun o‘tdi.
Kamina biron daqiqalar nafas olmay — suv ostida suzadigan bo‘lib qoldi.
Ko‘z deganingiz ham suv tagida narsalarni balodek ko‘radi. Bu jarayonda haligiday hayratlanishlar ham yo‘q bo‘ldi; qiyofamga ko‘nikdimgina emas, ko‘zning o‘ziyam haligi bosimga o‘rgandi chog‘i — chakkalarimning lo‘qillashi ham qoldi.
Biz har kuni yo tushgacha, yo tushdan keyin lopillagan osma ko‘prikdan o‘tib, Jo‘ra akaning onasidan xabar olgani borardik: ul-bul yegulik bilan…
Keyin o‘sha aylanma yo‘ldan yulg‘unzor sohilga tushardik. Tabiiy: bolalar-qizlar qatori o‘zimizni «dayroga tashlardik», moltib yurardik…
Jamol o‘qtin-o‘qtin meni maqtab ham qo‘yardi: «Qo‘rqmasang bo‘ldi. Dayro o‘zimizniki…»
Qizaloqlar ham mendan kulishlarini bas qila boshlagan, ammo ko‘zi suzuk, yanog‘i chiqiq o‘sha qizchagina quvligini tashlamas, turib-turib: «Otimni aytmayman!» deb qolardi.
Nimagaki, birodar, men hali o‘sha iyrimning tagiga sho‘ng‘ib yetib borolmas edim!
Rost, bir-ikki marta yaqinlashgandek bo‘ldim. Ammo nimadir bir kuch meni qayoqqadir surib ketayottanini sezib, apil-tapil tepaga chiqib oldim.
Oqtoshni esa, Jo‘ra ham, Oqboy ham bir-ikki marta olib chiqishdi. Fahmimcha, bu topqirlik qandaydir darajada omadga ham bog‘liq ekan: agar o‘sha tosh tushgan yerga borib qolsang, marra seniki!
Biroq…
…yana bitta nozik joyi borki, bunaqa oqtoshlar suv ostida ming bitta!
Sen otilgan toshni topib chiqishing kerak!
U esa — quyruqdekkina yapaloq tosh. O‘ta silliq. Bironta joyida kemtigi-cho‘tiri yo‘q.
Xo‘sh desangiz, bu yerda cho‘milib sho‘ng‘ib-moltib olishgach, yana g‘allaning boshiga, keyin qurtxonalarga borardik: qorovullik-qo‘riqchilik qilardik.
Oqshomlari onam meni tergab qolar, men albatta yolg‘on gapirardim: «Jo‘ra bilan gaplashmayman!» Ammo onalar o‘zi shunaqa bo‘ladimi, nazarimda, u sezar edi. Shuning uchun menga olayib-olayib qarardi-da: «Pushaymon bo‘lasan, bola. Ana, meni aytdi dersan. U seni bir balo qiladi…» derdi.
Aytmoqchi, bu — «Oqtosh» o‘yini juda qadim-qadim zamonlardan qolgan emish. Jamolning aytishicha, bir zamonlar bu yurtning odamlari yov bosganda, hatto haligiday iyrimlarga tushib, bemalol… nafas olmasdan o‘tirisharkan. Yev o‘tib ketgandan keyin suvdan chiqisharkan.
Eshityapsizmi, birodar?
Axir, bu juda g‘alati, g‘irt foydali o‘yin… ekan-da! Uning yoshlikdan bolalar, hatto qizaloklar orasi-da ham urf bo‘lgani shundan dalolat emasmi?
To‘g‘ri, tabiiy sharoit, ya’ni daryoning yaqinligi ham shunday o‘yinning yaratilishiga turtki bo‘lgan…
Biroq, o‘lay agar, foydaning koni bu! Vujudni chiniqtirishini aytmaysizmi?:
Bir kuni o‘sha ko‘m-ko‘k iyrim yonida — kamar soyasida o‘tirishgandik. Ustimizdan qaldiryuchlar chiy-chiylab o‘tar-aylanar, biz — beparvo, daryoning bosiq shovullashidan muloyim tortib (qizlar ham shu yerda edi, odatdagicha), Jamolning hikoyasini tinglardik.
U sel kelganda, «Dayro»ning qutirishi — qora uylar, kapalarni olib kelishi, daraxtlarni tomiri bilan yulishi, sohillarning bahaybat toshlarga va ba’zan qo‘y-qo‘zilarning o‘liklariga to‘lib qolishi, qo‘yingchi, beshiklar ham topilishi haqida so‘zlar ekan:
— Ey, men suvchi bo‘laman-e! — deb qoldi. — Hozir Ulkanda bittayam suvchi qolmadi…
— O‘qimaysanmi? — deb so‘radi Oqboy.
— Mana, Sho‘ro opaning uli o‘qiydi… mening uchun ham, — deb qoldi-ku birdan. — Nimagaki bundan suvchi chiqmaydi. Shu oqtoshniyam topib chiqolmaydi…
Men shahd bilan o‘rnimdan turdim. Jo‘ra qo‘limdan ushladi.
— Yo‘q. Hali erta, uka.
— Tushaman! Toshni tashlasin! — deb turib oldim. Ammo butun vujudim dir-dir titraydi: axir, suvning tubiga tushishim lozim! Tubiga!
Bular kamida uch-to‘rt yillab moltigan, sho‘ng‘ib, ko‘zni ochib yurishni mashq qilishgan! Jamol menga qarab qoldi-da:
— O‘tir joyingga, — dedi. — Tegib ketdimi? Men bor gapni aytdim-ku? Men suvchi bo‘laman. Sen o‘qiysan.
O‘ylab ko‘rsam, gapi rost.
Biroq bularning yonida o‘tirgim kelmay qoldi. Se-kin chetlanib, chetdagi toshga borib o‘tirdim.
Sezib turibman, qizlar ham menga achinishar edi. Anavi ko‘zi suzuk quv bo‘lsa, ishshayadi.
Hech kimga parvo qilmay, atrofni tomosha qila boshladim. Bir mahal qarasam, tepamizda parvoz qilayotgan qaldirg‘ochlarning biri shuvillab kamarning shiftiga kirib ketgandek bo‘ldi. Tikilib boqsam, huv unday qatning devorida chiporgina ini bor: undan bir-ikkita mallarang boshchalar sariq tumshuqlarini ochib tepaga talpinishar, uya labiga qo‘nib olgan qaldirg‘och ularga navbat bilan xo‘rak yedirar edi. Tumshug‘idan-a!
Og‘zini katta ochib tutadi. Anavi jinqarchi bo‘lsa, boshini suqib yuboradi. Naq jig‘ildonidan oladi yemakni! Qiziq: tumshug‘i onasining bo‘g‘zini tilmasmikan?
Jonivor, butun umr bo‘yi shu tariqa to‘ydiradi-ya bolalarini! Keyin bolalari ham…
Men chumchuq deganini tumandagi uyimiz-hovlimizdayam ko‘raverib ko‘zim shshgab ketgan edi. Xo‘p, ana so‘pito‘rg‘aylarni ham bu yerda ko‘p ko‘rdim: ularni «Dasht bulbuli!» deyisharkan. Ular inini buzish yomon ekan…
Ammo jarqaldirg‘ochning bolasini ko‘rish… Yaqindan ko‘rish unga tikilish menga shunchalik qiziq tu-yuldiki, o‘sha inga chiqib borish yo‘lini qidira boshladim.
Qidira boshladim-u, topdim! Ha… Shundoq yonimdan qatga o‘rmalasam, bemalol chiqib borar ekanman.
«Qat» degani — tog‘ bag‘rilarida bo‘ladigan ko‘ndalang kesim deyish mumkin: o‘sha kesimning tepasidan toshlar uvalanib to‘kiladi. Keyin unday joylardan mundayroq kishi engashib yurishi ham mumkin: aytishlaricha, ovchilar yurarmish…
… Axir, ushbu daryo oqib tushayotgan tog‘ tumanimizning shimolida-da!
Ha, toqqayam ko‘p chiqqanman.
Shoshmang-shoshmang, «ko‘rpaning qatiga qo‘ydim» degan gapni eshitganmisiz?
Ko‘z oldingizga kelgan bo‘lsa, bas.
Shunday qilib, qatga chiqishga qaror qilgan paytimda, Jamol Oqboyga baqirdi:
— Bakovul! Toshni ot!
Oqboy irg‘ib turib:
— Ko‘zni yuminglar! — deb hayqirdi. — Bir, ikki, uch!
Bolalar «gup-gup» etib, suvga sakrashdi. Girdobga yaqinlashganda sho‘ng‘ib-sho‘ng‘ib ketishdi.
Men angrayib turarkanman: «Jamol topib chiqmasin-da!» der edim. Negadir…
Qarangki, Jamol ham.. oqtoshni topib chiqolmadi! Jo‘ra ham, Oqboy toshni qayerga tashlaganini bilardi, albatta. Shuning uchun uyam o‘zini suvga otib, ikki marta sho‘ng‘ib chiqdi. Qo‘li bo‘sh… Bolalar hansirashib, yana joy-joylariga o‘tirishdi va toshning nima bo‘lganini o‘zlaricha taxminlay boshlashdi.
Qizlar bo‘lsa endi bularga achingandek o‘tirishar va odatdagicha shivirlashar edi.
— E, topmasam, shu yerdan ketmayman! Ketsam, shu yerning suvini ichmayman! — deb yubordi Jamol va tag‘in o‘zini suvga otdi. G‘oyib bo‘lib ketdi. Undan keyin boshqalar ham boz suvga sakrashdi: guv-guv-v…
Qizlar iyrim sathiga diqqat bilan tikilisharkan, mening xayolim tag‘in qaldirg‘och iniga og‘di: endi katta qaldirg‘och yo‘q, uyachadan sarg‘ish tumshuqlargina ko‘rinardi.
Qatga o‘rmalay ketdim. Yumshoq undek tuproq to‘kilgan. Mitti qushchalarning panja izlari bor, xolos. Qatning ayrim joylari juda tor — ya’ni, shifti past bo‘lib, u yerlardan boshimni xam qilib o‘tardim.
Ayrim joylari keng, shift ham baland: bemalol chordana qurib o‘tirsang bo‘ladi.
Nihoyat, yetdim. Mana qarshimda: tomchi-tomchi loydan yasalgan hovuchdek in. Negadir chipor. Mitti-mitti somon qipiqlari ham qo‘shib yuborilgan.
Tavba, imoratni suvashga, xususan, tom suvoqqa ishlatiladigan loyga somon qo‘shishlarini bilardim: suvoq mustahkam bo‘ladi… Nahot bu narsani qaldirg‘och ham bilsa?
Darvoqe bu sho‘rlik qush loyni ham.. tumshug‘ida keltirgan-a?
Bolalari uchta ekan. Uchchalasi ham meni onalari deb o‘ylashdimi, chiy-chiylab og‘izlarini kappa-kappa ochishdi. Voy, og‘izlari shunaqayam kattaki, biri ikkinchisining og‘ziga boshini tiqsa, bemalol sig‘adi. Lekin ko‘zlari yumuq. Haqiqattan ham malla.
…Men hali uyaga qo‘limni uzatmagan ham edim! Birdan tevaragim chiy-chiy ovozlarga to‘lib qoldi va bir juft qaldirg‘och zing‘illab aylanayotganini ko‘rdim. Ko‘rdim-u, ular naq ko‘zlarimni cho‘qib oladigandek chovut solishdi!
Men boshimni egib qoldim. Ular naq tepamda charx urishar, quloqlarimga, bo‘ynimga, hatto yuzimga ham qanotlarining shamoli urilardi. Tag‘in ko‘zimni ochgandim, tag‘in…
…Yana boshimni egib qoldim-u, shu bosh o‘lgur aylanayotgandek bo‘ldi.
«Bas! Tushish kerak!»
Ya’ni, qochish kerak…
Men yuzimni bir qo‘lim bilan to‘sib, kelgan yo‘limga qaradim-u, yuragim orqaga tortib ketdi. Yo‘lak juda tik va juda tor bo‘lib, uning shundoq pastida…
…ko‘m-ko‘k iyrim kilkillab, xuddi bir afsonaviy mahluqqa o‘xshab turardi.
Uni ko‘rdim-u, tamom bo‘ldim.
— Tush! Pastga! Sodiq! — ana shunday chaqiriqlar kelayotganini ham shunda eshitdim. Va qirg‘oqqa ko‘z Qirimni tashlasam, bolalaru qizlar tik turishib, meni imlashayotibdi.
Tavba, ular juda yirokda turishgandek, kichkina bo‘lib ko‘rinishdi.
Men tushish uchun bir amallab burildim-da, demak, to‘g‘ri tushishim lozimligini anglab lol qoldim: qanaqasiga to‘g‘ri tushaman? Yo‘q: boyagidek bo‘lib olib, demak, surilib-tislanib enishim mumkin, xolos! Bo‘lar ish bo‘ldi!
Tag‘in uyaga o‘nglanib olganimni bilaman, qaldirg‘ochlarning endi qanotlari yuzimga tegib o‘tdi. Va yana bosh o‘lgur aylana ketdi. Shunda siljidim-u, u yog‘i…
Qatdan quyiga uchdim!
Boshim bilan…
…suvga kirdim-ketdim: ketyapman, ketyapman. Bir narsani bilamanki, bunday paytda ma’lum bir joyga borganingdan so‘ng tashlanishdagi zarbaning kuchi susayadi-da, beixtiyor to‘xtaysan. Ana shunda tepaga intilasan: qo‘l-oyoqlaringni qimirlatsang, bemalol chiqib ketasan.
Hozir esa… to‘xtaydigan siyog‘im yo‘q edi. Birdan ko‘zimni ochdim. Ochdim-u, sutdek oq narsani — suvni ko‘rdim. Keyin u tiniqlashdi. Keyin baliqmi — bir narsa oldimdan suzib o‘tdi. Undan keyin quyiga tikildim-da, beixtiyor yana…
…quyiroqqa tushish uchun intilganimni sezmay qoldim. Chunki turli-tuman oq-qora toshlar ko‘rinib turardi.
Toshlarga qo‘lim tekkan zamon menga tanish… haligi oqim zarb bilan surib yubordi. Alpang-talpang bir toshga yopishdim. Qo‘lim chiqib ketgan edi, bir tomirni ushlab oldim. To‘xtadim. Ammo butun tanam buralib qoldi.
Tomirni qo‘yvorsam, ketaman…
Qo‘yvormasam, hademay nafasim qaytadi.
Shu o‘y-shu qaror menga quvvat bo‘ldi chog‘i, bir muddat ko‘nglim tinchib qoldi va beixtiyor oq toshlarga tikila boshladim, Ishonasizmi…
…O‘sha oqtosh shundoq ro‘paramda — tomirning takkinasida chig‘anokdek bo‘lib yotgan ekan!
Tomirdan bir qo‘limni bo‘shatib, toshni oldim.
Esimda: men butun dahshatni unutgan edim!
Endi, mayli, iloj qancha: bunaqada uzoq turolmayman. Bu yog‘iga — suvosti oqimi qay manzilga oboradi noma’lum-u, agar biron joyda meni chiqarib tashlaydigan bo‘lsa, ungacha ham, demak, nafas olmasligimga to‘g‘ri keladi.
Bu mulohazadan so‘ng: «E, bolalar bor-ku, Jo‘ra aka bor! Jamol bor!..» deb o‘yladim. Va damim ichimga tushib ketayotganini payqadim-u,.. tomirni ushlab turgan barmoqlarim bo‘shashdi va men oqimga tushib ketdim. Ketayapman. Ko‘zim ochiq…
…Oqlik va tiniqlik olamidaman. Ammo bu olamning yashil giyohlari ham bor. Ular ham uzunasiga o‘sgan: suv yo‘li bo‘ylab. Shuning uchun meni tutib qolisholmaydi. Men esam, ular orasidan sirg‘alib o‘taman.
Bu ajab bir olam edi: ha, ha! Bunday manzarani faqat tushda ko‘rish mumkin! Tushdayam xuddi shunday bo‘ladi: ixtiyoring go‘yo birovning qo‘lidadek.
Sen uning izmida: aqling-hushing o‘zingda bo‘lsa-da, hech ish qilolmaysan…
Kitoblarda yozishadi-ku, «ko‘zimni ochganda, o‘zimni kasalxonada ko‘rdim», deb.
O‘zimga kelibman chog‘i, ko‘zimni ochsam, chalqancha yotibman. Jo‘ra belimga mingandek turib olib, qo‘llarimni nari-beriga oborib-obkelyapti. Ko‘zlarida… suv tomchisi emas: yosh.
Atrofimda — tepamda bolalar-u qizlar: birlari tik turishibdi, birlari cho‘nqayib o‘tirishibdi.
Bilmadim, uyalganimdanmi, birdan hushyor tortib ketib, o‘rnimdan turmoqchi bo‘ldim. Ammo ko‘nglim aynib, suv qusdim. So‘ngra bir nafas egilib qolib, yana qo‘zg‘almoqchi bo‘luvdim, barmoqlarim og‘rib ketdi: qarasam, qo‘limda, ya’ni, kaftimda o‘sha… oqtosh!
Kaftni ochmoqchi bo‘ldim-ochilmaydi: qarishib qolgan.
— Hozir uqalaymiz. Hozir… — dedi Jo‘ra va mening turib o‘tirishimga ko‘maklashdi. So‘ngra og‘ib ketmasligim uchunmi Oqboy orqamga o‘tib, kiftimga tiralib o‘tirdi. Qizlardan kimlardir kuldi: xursand bo‘lgandan albatta. Axir, bir narsa bo‘lsam, men — Sho‘ro opaning o‘g‘li… Tasavvur etasizmi… Tasavvur etasiz.
Xuddi shu vaqt… yiroqdan bir qiyqiriq eshitildi! Hamma alanglab qaradi.
Baland qirgoq ustida — chamasi bizni quyiga olib tushadigan so‘qmoqda bir jiyron otliq turar, ot negadir sapchir, chavandoz yuganni tortib o‘rnida aylantirar edi.
Shak-shubhasiz u kishi — mening onam edi.
— Sho‘ro opa! Sho‘ro… — deyishib qoldi bolalar. Qizlar ham shivir-shivir qilishdi-da, otliq so‘qmoqqa tushib va chang-to‘zon ko‘tarib enar ekan, hamma…
…Jo‘radan bo‘lak, hamma zim-g‘oyib bo‘lib ketishdi: qochishdi! Yulg‘unlar tagiga, qabriston tarafdagi jarlik kamarlariga o‘zlarini urishdi.
Ana shunda qirg‘oq ustida to‘riq otli ham ko‘rindi. Va birpasdan so‘ng u ham ena boshladi.
— Jo‘ra aka, — dedim behol. — Meni… Sizdan iltimos, keting, aka…
— Yo‘q, uka… Nimaga? Seni yaxshi ko‘raman… Yaxshi bolasan…
— Meni kim opchikdi?
— Kim bo‘lardi.
— Siz-da?
Onam otdan tushib, meni bag‘riga bosdi.
— Nima bo‘ldi?… Nima?… Nima qilib qo‘yding, hoy, dushman? Senimi? Uyga borib bo‘psan…
— Ena, Jo‘raka meni opchiqdi, — dedim. — Qaldirg‘och bolasini ko‘raman, deb…
…Rais bobo ham yetib keldi. Har yoqqa razm solib, chamasi bolalar va qizlarni ko‘rib, o‘g‘liga ham razm solib, menga jilmaydi.
— Qalay, moltishni o‘rgandingmi? Qo‘lingdagi oqtosh-ku? O‘, opchiqqan bo‘lsang…
— Gapirmang, o‘rtoq Boboyev! O‘lishga sal qolipti-ku buning. Xayriyat, xudo bir asrapti…
— Yo‘q. Meni Jo‘rakam…
— Tashla u toshni! — deb do‘q qilib qoldi onam. — Nimaga uni ushlab o‘tiribsan?
Men barmog‘imni ochmoqchi bo‘luvdim… ochilib ketdi! Kulib, Jo‘ra akaga qaradim. Uyam jilmaydi. Shunda onam:
— O‘rtoq Boboyev, buni mingashtiring, — dedi-da, o‘zi jiyronga mindi.
* * *
Oqtosh hamon mening xonamda turibdi. Suzish bo‘yicha musobaqalarda olgan har xil sovg‘a-kuboklarim safida.
Lekin bu tosh ularning hammasidan aziz.
Onamning Jo‘raga munosabatini so‘raysizmi?
Jilla o‘zgarmadi: shunaqayam bo‘larkan-da, birodar… Jo‘ra hozir do‘xtir.
Rais bobomdan uchta ukam bor. Onam ularni yaxshi ko‘radi, albatta.
Ammo Jo‘rani…
Mening esa tug‘ishganlarim orasida ham… eng sirdoshim, suyganim Jo‘ra aka.
1992