Falsafiy hikoya
Rahima endi chelagini suvga botirgan edi, orqasidan birov chaqirdi.
Rahima chelagini suv bo‘yiga qo‘yib, o‘tov oldida turgan Xosiyat opaning yoniga bordi.
— Buyoqqa kir, bir nimani ko‘rsataman. Shahardan opchiqishipti!
Rahima uning ortidan o‘tovga kirdi-yu, taxmon qoshida tik turgan yigitni ko‘rib, ketiga tislandi. Xosiyat opa uning yo‘lini to‘sdi:
— Satilingni opqo‘yaman, bermayman!
— Qoching!
Rahima uni itarib yuborib, tashqariga otildi. Chelagining suvini yarim qilib, sohilga chiqib oldi va soy bo‘yidagi o‘tovga nafrat bilan qaradi.
Shu kecha uning onasi qazo qildi, o‘lim oldida nevara-chevarasigacha yoniga chaqirib, ulardan rozi-rizolik oldi. «Mendan yaxshilik o‘tgan bo‘lsa, unutmanglar. Yomonlik o‘tgan bo‘lsa, esdan chiqaringlar. Rostgo‘y, mard, halol bo‘linglar!» — dedi. So‘ng Rahimaga tikilib:
— Bolam, Shodmon shahardan kelgan, — deya entikdi. — Seni deb kelgan. Xosiyat opangni uyiga qo‘ngan. Ota-onasiz yetim bola. O‘zimizdan. Seni o‘shanga bermoqchiydim.
Keyin, yil o‘tgach, Rahimani Shodmon polvonga uza-tishni katta qizlariga tayinlab, ko‘z yumdi.
… Yil o‘tib, Rahima Shodmon polvonga xotin bo‘ldi, uni shaharga tushirib ketdilar.
Shodmon sho‘x, charmgarning beva kelini bilan bordi-keldisi bor ekan. Rahima buni qo‘shni ayoldan eshitib, bir oqshom poyladi va eri devordan oshayotganda, oyog‘idan tortib yiqitdi. Polvon uni bir urib, shaytonlatib qo‘ydi. Shunda Rahimaning chap qo‘li sindi. Lekin keyin Shodmon ham bu yurishlarini bas qildi.
Oradan to‘rt yil o‘tdi. «Inqilob bo‘larmish, bek-bekzodalar yo‘q bo‘larmish» degan xabarlar tarqala boshladi. Shodmon o‘shanda yurtdosh polvonlar bilan Afg‘onistonga ketgan edi. Bir haftadan keyin uyokda yiqitgan polvonlari haqqi — bir tuya mol bilan qaytib keldi va uch kun yotib, tirnoqlari ko‘kardi, tog‘day odam mushtdek bo‘lib tirishib qoldi, o‘ldi.
Rahima kelin… beva qoldi.
Ikki yildan keyin bozorning farroshi unga odam qo‘ydi. Rahima: «Polvon meni qulflab ketgan, kaliti o‘zida», deb sovchilarni qaytardi. Ular tag‘in kelishgan edi, ariq ichida yotgan kaltakni olib boshiga ko‘tardi: «Tinch qo‘yasanlarmi, yo‘qmi? Qo‘y, uchta yetimchani boqay!»
Shodmon polvondan uchta farzand qolgan, kattasi bilan kenjasi qiz, o‘rtanchasi o‘g‘il edi.
Bir kuni guzarda «qizillar kelyapti» degan ovoza tarqalib, odamlar tog‘larga qocha boshlashdi. Rahima ham bolalarini olib, yo‘lga tushdi: xurjunning bir ko‘zida non, sapcha, tut mayiz, tolqon. Ikkinchi ko‘zida kenja qizi Tursunoy.
Tog‘da qochqinlikda bir yil yashadi, o‘sha yili qish qattiq kelib, chap oyog‘ini sovuqqa oldirdi — shishib ketdi. Bahorda yana shahardan yangi xabarlar kela boshladi: «Qizillar» ham o‘zimiznikilar ekan. Musulmonobodlik bo‘pti… Omonlik-omonlik!»
Rahima jonidan to‘yib yurgan edi, shaharga jo‘nagan birinchilar qatorida yo‘lga chikdi.
…Shahar vayron bo‘lgan, chet-chetdagi gumbazlar yi-qilgan, devorlar qulagan, lekin tinch, sokin edi. Bodomlar gullab turardi.
Uch oy o‘tib, kolxoz tuzildi.
Rahima el qatori kolxozga kirdi va uning faol a’zosiga aylandi. G‘alla o‘rimi mahallarida Adolat bilan Abdurahimni ham olib chiqar, ular mashoq terishar edi.
Kenjasi tog‘da… ochlikdan o‘lib ketgan.
Bu vaqtda Adolat maktabga qatnar, Abdurahim ham dastyor bo‘lib qolgan edi.
Yillar o‘tdi… Rahima endi o‘tgan kunlarini, qizligi, shaharga tushgani, eri, uni poylaganlarini tushdagidek eslar, endi o‘sha kunlar ham unga qiziq, ajib ko‘rinar edi.
Urush! Urush!..
Adolatni raykomga ishga olishdi, Abdurahim frontga ketdi. Uning ayoli bilan ikkita farzandi qoldi.
Bir yil o‘tib Abdurahimdan qoraxat keldi, saldan so‘ng uning yosh xotini ikki bolasini ham Rahima opaga tashlab, chiqib ketdi. Endi Adolat ham bitta o‘g‘lini uyda qoldirib, dashtma-dasht yurar, erkaklarning ishini qilardi.
Urush tugadi, yana tinchlik, omonlik bo‘ldi.
Endi Rahima buvi urush yillaridagi kunlarni xotirlar, u kunlar ko‘z oldidan tushdek o‘tar ekan, kelinini olti oy o‘tirmay er qilib ketgani uchun hamon kechira olmas, o‘shanda kunlariga yaragan ola sigirni o‘kinch bilan eslardi, sigir sutdan qolgach, so‘yishgandi.
Tag‘in yillar o‘tdi. Uch nevaradan biri institutni bitirib, agronom bo‘lib qaytdi. Biri novvoy, biri olis shaharda uylanib qoldi.
Rahima kampir endi nevaralariga qarar, ularga o‘tmishidan ertaklar aytib berar, uning butun hayoti ham g‘alati bir ertakka o‘xshar edi.
Rahima buvi to‘qsonga yaqinlashib qoldi. Adolat opa ham davlat pensiyasiga chiqdi. Uning eri Qurbon bobo — kolxoz bog‘boni. Chorbog‘ torlik qilgani uchun agronom nevara boshqa joydan uy solib chiqib ketdi.
…Kampir ikki yilcha tinch, xotirjam yashadi. Nevaralarini suyar, shular bilan ovunar, endilikda o‘choqboshiga ham yaqin bormas, ro‘zg‘or yumushlari ham Adolat opaning qo‘liga o‘tgan edi.
Keyin-keyin Rahima buvi esdan chiqaradigan odat paydo qildi. Bir narsani bir joyga qo‘yib, keyin topolmay yurar, shunda ko‘ngli bo‘shab yig‘lab ham olardi. Keyinchalik chevaralari bilan jiqillashadigan, tortishadigan bo‘ldi.
Ezmalik… Rahima buvida ana shu xislat ham paydo bo‘ldi. Kattalar uning gapini eshitmasa, go‘daklarni yoniga o‘tqazib qo‘yib gapirar, nuqul tarixdan tushar va shunday aniq qilib so‘zlardiki, o‘sha voqealarni hozir ko‘rib turgandek taassurot qoldirardi kishida.
Bu hol bir necha oy davom etdi.
Agar uning gapini diqqat bilan eshitib, o‘zicha tahlil qiladigan kishi bo‘lsa, antiqa bir holni sezardi: u dastlab kechagi tarixdan so‘zlardi — urushdan keyingi yillar, o‘zining chopib-chopqillab ro‘zg‘or ishlarida yurgani. So‘ng nuqul urush davrida boshidan kechirganlarini hikoya qiladigan bo‘ldi. So‘ng urushdan avvalgi yillarga o‘tib oldi: kolxoz tuzilishi, quloqlar, kechasi bittasining: «Kolxozga ishga chiqma, so‘yilasan!» — deb qo‘rqitgani, o‘zining: «Etimlarimni boq bo‘lmasa!» deya faryod qilgani… Keyin, bir-ikki kun o‘ziga sovchi bo‘lib kelganlarni qarg‘adi-yu, eri Shodmon polvon tilidan tushmay qoldi: «Tog‘dek yigit edi. Tirishma degani vabomi? Afg‘onda bor ekan…»
Bir kuni Rahima kampir yosh qizalokdek quvonib, uy atrofida timirskilanib yurdi. So‘ng narvonga tirmashib, tomga chiqib oldi va pastga tusha olmay, yig‘ilab o‘tirdi. Kuyovi kelib, bir amallab pastga tushirdi.
Shunda qiziq ish bo‘ldi, kampir kuyoviga birdan yot nazar bilan qarab qayoqqadir qochmoqchi bo‘ldi va hassasini ham tashlab, emaklab uyga kirdi. Eshikni zichlab yopdi.
U dag‘-dag‘ titrar edi. Xonaning shiftlariga hayrat bilan boqdi, eshikka yaqin borgandi, eshik birdan tortildi. Rahima buvi: «Voy!» deya cheqindi. Ostonada qizi Adolat opa turardi.
— Xosiyat? Xosiyat opa! — pichirladi kampir. — Qo‘yvor meni… Nimaga uyga qamab qo‘yding? Bari bir qochib ketaman. Satilimni ber!
Adolat opa bir qadam ichkariga bosdi:
— Enajon, sizga nima bo‘ldi? Jonim enam?
— Haligi erkak qani, yo‘q-ku?
Shu kuni kechgacha Rahima kampir mana shunday, bamisoli o‘n besh yashar qizlik davri bilan yashadi: ona-sini esladi, soyni. Onaning vasiyatlarini.
Adolat opa bilan Qurbon bobo uning xonasida o‘tirishardi. Ular chiqib ketgach, Rahima buvi birdan xayolga tolib qoldi va… ko‘z oldidan allaqanday baland minoralar, paranji yopingan ayollar o‘tdi. Keyin o‘zini allaqanday ariq labida ko‘rdi: birov devorga tirmashyapti. Kim u? Eri-ku? Oyog‘idan tort!.. So‘ng kampir o‘zicha iljayib, xonada keza boshladi, shipdan osilgan lampochka tagida taqqa to‘xtadi. Boshi aylanib, ko‘zi tindi, so‘ng ko‘zi yumiq bo‘lsa-da, aniq ko‘ra boshladi: dara, katta gulxan yonyapti. Atrofida otlar, eshaklar. Shoshilib u yoqdan-bu yoqqa o‘tayotgan odamlar… Shunda u xudai sovqotayotgandek junjikib ketdi. Beixtiyor yerga o‘tirib, chap oyog‘ini uqaladi. So‘ng ko‘z oldiga lop etib kirza botinka va fufayka kiygan o‘g‘li Abdurahim keldi. «O, bolam, dushmanga qiron kelsin!» — shivirladi u… Keyin chayqalib o‘tirarkan, sap-sariq bug‘doyzorda yurgandek his etdi o‘zini. Shunda Rahima buvi birdan hushyor tortib ketdi va nevaralarining nomini tutib chaqira boshladi, keyin o‘z-o‘zidan xijolat tortdi: nega nevaralarini chaqiryapti u? Ular bu atrofda yo‘q-ku? Chevaralarini chaqirmoqchiydi shekilli.
…Adolat qani? Qizi? X,aligina shu yerda edi chog‘i? Kimlar chiqib ketdi boya?
Rahima kampir ertasi kuni bir necha odamga o‘xshab, har xil qiyofada yashadi: goh Rahima qiz bo‘ladi, goh Rahima kelin. Birdan Rahima onaga aylanadi. Keyin Rahima buviga… So‘ng yana Rahima qizga.
— Enajon, bizni qo‘rqitmang, enajon, — dedi Adolat opa kechqurun tag‘in uning uyiga kirib. — Bu ovqatni yeng… Mana, choy! Kecha meni yomon qo‘rqitdingiz.
— Nima? Nima dedim? — so‘radi u parishon bo‘lib.
— Axir meni tanimay qoldingiz-ku? Sizni uyga qamab qo‘ygan emishman. Meni Xosiyat dedingiz… Bunaqa qilmang, enajon? Siz yosh bola emassiz-ku? Eshityapsizmi? Yosh bola emassiz… Sochlaringiz qayta qoraya boshladi, tishlarirgiz qaytadan chiqyapti. Piri badavlatsiz, enajon?
— Mening enam qani?.. U kutib qoldi-ku? Nimalar deyapsan?
— Jon ena…
— Satilimni opqo‘ydingmi?
— Uf…
— Enam kasal edi, o‘ladigan bo‘lib yotipti… U o‘ladi! Ketaman uyimizga.
Adolat opa yig‘ladi. Chiqib eriga yolvordi:
— Choljon, qanday kunga qoldim? Enam yosh bola bo‘lib qopti. Choljon… nahotki odam oxir-oqibatda shunday bo‘lib qolsa-ya? Bu dahshat emasmi?.. Boyoqish enam! Yomon ayolmas edi. Bizni deb yashadi, umri o‘tdi. Endi hech narsani bilmay, eslolmay o‘tiripti. Bilgani, eslagani — bolaligi!.. Men qo‘rqib ketyapman, choljon? Menga qarang, nimani o‘ylayapsiz?
— Kampir… odam bola bo‘lib o‘lmaydi.
— Yo‘q, yo‘q! Bunda bir sir bor… Xo‘p deng. Men nakdini ham eshitganman. Topishmoq borku: to‘rt oyoqli bo‘lib tug‘ilarmish, keyin uch oyoqli bo‘larmish…
— Keyin ikki oyokdi.
— To‘g‘ri-da, odam tug‘ilganda o‘rmalab yuradi, keyin bir nimaga suyanib yura boshlaydi, uch oyokdi bo‘ladi. Keyin ikki oyokdi, a?
— So‘ng qo‘liga hassa oladi, tag‘in uch oyoqli bo‘ladi. Keyin…
— Yana turt oyoqli bola… Bola! Choljon, haqiqatdan ham enam bola bo‘lib qoldi-ku? Erta-indin hassaga tayanib ham yurolmay qoladi. Rostkamiga bola bo‘ladi… Nimaga ishonmaysiz?
— Kampir… odamzod bola bo‘lib o‘lmaydi. Unda yashashida ma’no bo‘lmas edi.
— Men ana shundan qo‘rqyapman-da?
— Hovliqma, kampir… Sabr qil.
* * *
Uch kundan keyin Rahima kampir birdan o‘ziga keldi. Unga qaragan, gapini eshitgan kishi kuni kecha qilgan ishlariga sira ishonmas edi.
Momo qizini chaqirdi, unga ma’yus tikilib, yig‘ladi:
— Konsert ko‘rsatdimmi? Nimalar dedim… Eslolmayman.
— Hozir tuzukmisiz, enajon?
— Xudoga shukur… Bolam, taraddudingni ko‘r, men ketaman endi.
— Enajon?
— Xo‘p de, yolg‘izim. Sezib turibman… Qil ustida turganga o‘xshayman… Bolaga o‘xshab qoldimmi?
— Sal…
— Sal emas. Rahmatli enam ham shunaqa bo‘lgan edi. Keyin o‘lar chog‘ida aytgan ediki…
— Nima degandilar?
— Odamzod hayoti oxirida… so‘nish oldidagi shamga o‘xshar emish. Odam o‘lim ostonasida birdan kuch yig‘adi ekan. Sham ham so‘nish oldida birdan alanga olib yonadi-ku? Keyin so‘nadi…
— Enajon.
— Men xiyla aljib qoldim-a? Esim bor… Keyin juda bo‘shashib ketdim, jin urdi-qo‘ydi. Xayriyat, hozir es-hushim joyida, bolalarni chaqir, vasiyat qilay.
* * *
— Bolalarim, mendan rozi bo‘linglar. Yaxshiligim o‘tgan bo‘lsa, unutmanglar. Yomonligim o‘tgan bo‘lsa… esdan chiqaringlar. Men hayotimdan roziman, sizlardan roziman. Mendan ham rozi bo‘linglar.
1975