Toshkentga boradigan bo‘lib kirakash mashinalarga yaqinlashdim. Qo‘lida kalit o‘ynab, mijoz poylab turgan haydovchilar bir zumda atrofimni qurshab olishdi. Lom–mim demasimdan biri qo‘yib–biri savol beradi:
– O‘zingizmisiz?
– Toshkentning qayeriga borasiz?
– Qancha bermoqchisiz?
Men ham anoyi emasman. Tajribam yetarli, yo‘l yuraverib pishib ketganman. Haydovchi bilan qanday kelishishni, qanaqa mashinaga o‘tirishni yaxshi bilaman. Avvalo, yo‘lkirani uzoq savdolashaman, so‘ng mashinaning holatini ko‘zdan kechiraman, iloji bo‘lsa yangirog‘iga chiqaman, yo‘lda biror ishkal chiqmasin deyman-da. Keyin, oldingi o‘rindiqqa o‘tirish, uzoq yo‘lda zerikmaslik uchun albatta, menga qo‘shiqlari ma’qul hofizni eshitish shartini qo‘yaman. Orqa o‘rindiq boshqa mijozlar bilan to‘lishini uzoq kutolmasligimni ham aytaman.
Tirikchilik vajidan boyoqish haydovchi hamma shartimga ko‘nadi, injiqliklarimga ham chidaydi. Ammo negadir bu gal ta’bimga mos mashina ha deganda topilavermadi. Qora nimcha kiygan, naynov, turqi–turishi sovuqroq haydovchi bilan uzoq tortishdim. U deyarli hamma shartlarimga ko‘ndi, faqat narxini kelisholmadik. Shunda bir chetda tortishuvimizga jimgina quloq solib turgan, yoshi qirqlardan oshgan, xushro‘y haydovchiga ko‘zim tushdi. Unga yaqinlashib, endi gapirmoqchi edim, haligi naynov darhol o‘rtaga tushib, hamkasbiga iddao qildi:
– Sen bizdan keyin kelgansan, haqqing yo‘q olib ketishga!
– Xo‘p–xo‘p, – dedi xushro‘y haydovchi qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha kulimsirab.
– Sendan ortsa olib ketaman, faqat… muomalani shirin qilgin.
– Ie, bu yog‘i qiziq bo‘ldi-ku, – dedim naynovga tik qarab. – Siz nega tazyiq qilyapsiz? Siz bilan kelisholmadik, nima, endi boshqa haydovchi bilan ketolmaymanmi?
Naynov bunday temir mantiq oldida bir lahza talmovsiragandek bo‘ldi, ammo baribir otdan tushsa ham egardan tushmadi.
– Keyin kelgan keyin ketadi, baribir kutib turishi kerak.
– Ey inson, – dedim jahl bilan. – Hech kim noningizni yarimta qilayotgani yo‘q, nega tushunmaysiz? Odamlarni norozi qilmang, yo‘lda yurasiz, qarg‘ish emas, duo oling.
– E, menga o‘rgatmang! – dedi naynov to‘ng‘illab.
– Uka, muomalani shirin qilgin, shunda… hammasi yaxshi bo‘ladi, – dedi xushro‘y haydovchi yana murosaga undab.
“Muomalani shirin qilgin”. Ibratli gap ekan, o‘ziyam ikki marta aytdi. Shu yigit bilan keta qolay. Yaxshi yigitga o‘xshaydi.
Men uni chetga tortdim. Yo‘lkirani osongina kelishdik. Boshqa mijozlarni kutib o‘tirmasdanoq yo‘lga chiqishimiz mumkinligini aytganda hayron bo‘ldim.
– Bunaqada tirikchilik nima bo‘ladi? Topganingiz benzin puliga ham yetmaydi–ku!
– Qanoat qilganga xudo o‘zi yetkazadi, aka, – dedi u kulib. Ishonqiramaganimni sezib, qo‘shimcha qildi. – Kechki samolyotga ulgurishim kerak. Hamqishloqlarni kutib olaman. Meni xizmatimga yarasha rozi qilishadi.
– E shundaymi? Unda ketdik, – dedim omadim chopganidan xursand bo‘lib.
Yo‘lga chiqdik. Viloyat markazidan o‘tib, dovonga boradigan katta yo‘lga burildik. Oq “Neksiya” paxtalari terib olingan qoramtir–qo‘ng‘ir dalalar, barglari sarg‘ayib to‘kila boshlagan dov-daraxtlarni ortda qoldirib yelib ketdi.
– Aka, yo‘limiz uzoq, agar xo‘p desangiz, gurunglashib boramiz-da endi, – dedi haydovchi.
– Men gaplashishni yaxshi ko‘raman.
– Yaxshi bo‘lardi, – dedim-u, andak o‘ylanib qoldim: ishqilib, tinimsiz ezmalanib boshimni qotirvormasmikin?
– Avvalo, tanishib qo‘ysak, mening ismim Ma’murjon.
Men ismimni aytdim.
– Rahmat, aka. Shoir aytmoqchi, endi “O‘rtada begona yo‘q”.
Mashhur shoirning mashhur she’riniyam bilarkan. O‘qimishli yigitga o‘xshaydi. Bunaqalar aravani quruq opqochmaydi.
Oraga sukunat cho‘kdi. Mashina bir maromda, yengil silkinib borardi.
– Darvoqe, mana shu yurishim bo‘ladimi, aka? – deb so‘radi Ma’murjon qo‘lini rul chambaragiga urib qo‘yib. – Men bundan tez yurolmayman.
– Shunisi yaxshi, bexavotirroq.
– Agar ishingiz shoshilinch bo‘lsa…
– Shoshayotganim yo‘q, xijolat bo‘lmang.
– Esimni taniganimdan buyon mashina haydayman, aka, – dedi Ma’murjon yengil tortib. – Tajribam yetarli. Taygada ikki yil ishlab kelganman. Agar istasam, tezroq yurishim ham mumkin. Ammo yetmish, saksondan oshirmayman, shuni o‘zimga qoida qilib olganman. Aytganingizdek, shunisi bexavotir. O‘sha boriladigan joyga yarim soat keyin borilsa nima bo‘pti? Insonning hayoti hamma narsadan aziz-ku. Men mashinamga o‘tirgan odamning hayotiga ham javobgarman. Uni eson-omon manziliga yetkazib qo‘yishim kerak. Afsuski, buni hamma tushunmaydi. Axir, hamma balo-falokatlar shu tez yurish oqibati emasmi? Hozir ayrim kishilarning o‘pkasi yo‘q. Bir narsadan quruq qolayotgandek tez yurishadi. “Prava”niyam o‘qimay olishadimi, nima balo?! Yaqinda yo‘l harakati qoidalari qayta ko‘rib chiqildi. Ozgina qoidani buzdingmi, tamom – otning kallasidek jarima to‘laysan. Menimcha, to‘g‘ri ish bo‘ldi. Sho‘pirlar ham ancha hovridan tushib qoldi. Hamma narsada tartib-intizom bo‘lishi kerak-da, shahar bedarvoza emas-ku! To‘g‘rimi, aka?
Mashinaning bir maromdagi tebranishidan ko‘zim ilinib, andak mizg‘ibman, Ma’murjonning luqmasidan ko‘zim ochilib ketdi.
– To‘g‘ri, to‘g‘ri, – dedim ko‘zlarimni ishqalab.
– Agar uyqungiz kelsa, uxlayvering.
– Yo‘q, bo‘ldi endi…
– Aka, men bir aravakashman, – dedi Ma’murjon yo‘ldan ko‘z uzmay. – Tirikchiligim mana shu mashinaning orqasidan. To‘rtta g‘ildirak aylanib tursa bo‘ldi, qora qozon qaynab turadi. Institutda o‘qish nasib qilmadi. Maktabda yomon o‘qimagandim. Mendan pastroq o‘qiganlar ham yo‘lini qilib diplomli bo‘p ketishdi. Men unaqa… yo‘lini qilgim kelmadi. Hayotimdan nolimayman. O‘qimagan bo‘lsam ham, oq-qorani taniyman, payti kelsa haqimni talab qilishniyam bilaman. Umrim asosan yo‘lda o‘tadi. Har xil odamlarni ko‘raman. Yaxshi ham, yomon ham uchraydi. Menimcha, yaxshi odamlar ko‘proq. Aks holda, bu hayot kun-payakun bo‘lib ketardi. Boya aytdim, shekilli, Taygada ikki yil ishlab kelib, shu mashinani oldim. Hamqishlog‘im o‘sha yerda ishboshqaruvchi edi. Uni qora tortib boruvdim. Oldiniga ishim tuppa-tuzuk yurishib turdi. Keyinchalik men ishongan odam g‘irromlik qila boshladi, haqimdan urib qoladigan bo‘ldi. Oxirida yarim yillik maoshimni bermadi. Menga rosa alam qildi. Unga tavallo qilib, “Yaxshi ish qilmayapsan, men bu sovuq yerlarga sening bir og‘iz gapingga ishonib, bola-chaqa boqaman deb kelganman. Bozori va mozori bir odamlarmiz, haqimni beraqol” dedim. “Haqing menda qolib ketmaydi, olarsan biror kun”, dedi mujmal qilib. Nimayam derdim, begona yurtda hammaga kulgi bo‘lib hamqishlog‘im bilan yoqa yirtishmayman-ku. Xudoga soldim. Insofsiz ekan, baribir haqimni bermadi. Yurtga qaytgach, duch kelib qolganimizda meni ko‘rmagandek teskari o‘girilib ketadigan bo‘ldi. Kishining ko‘nglini og‘ritib bo‘lmas ekan. Ko‘p o‘tmay xudo uni jazoladi. Ko‘knori bilan qo‘lga tushib, qamalib ketdi. Baribir unga achindim. Bola-chaqasi chirqillab qoldi-da. Issiq-sovug‘idan xabar olib turdim. Nima bo‘lgandayam, o‘sha eski gap – mozorimiz bir. Bilsa – baliq, bilmasa xoliq biladi, deganday…
Bir maromda yelib borayotgan mashinamiz dovonga yaqinlashib qolgan edi. Yarim ochiq oynadan urayotgan salqin shamoldan junjikdim. Farosatli haydovchi buni darrov payqadi.
– Oynani sal ko‘tarib qo‘yaymi?
– Mayli, – dedim.
Ma’murjon qo‘lini uzatib, tugmachani bosdi. Shamolning g‘uvillashi pasayib qoldi.
Bir aravakashning suhbatlaridan zavqlanardim. Odamga malol kelmaydigan, ko‘ngilga yaqin tuyuladigan bunday gurungni yana qayerda eshitish mumkin?
Suhbat piligini ko‘tarish uchun so‘zamol aravakashni yana gapga solgim keldi.
– Ma’murjon, bola-chaqadan qalay?
Aravakash beixtiyor jonlandi, yuzida mamnunlik ifodasi paydo bo‘ldi.
– Xudoga shukr, besh farzandim bor, – dedi Ma’murjon chehrasiga qizillik yugurib, g‘urur bilan. – Bir qiz, to‘rt o‘g‘il. Mana sekin-sekin uyli-joyli ham qilyapman. Hammasidan ko‘nglim to‘q, faqat shu… qiz bolaning ishi qiyin bo‘larkan. Farzand o‘nta bo‘lsa o‘rni boshqa, ammo shu qizimga bo‘lakcha mehr qo‘yganman. U ham meni yeru ko‘kka ishonmaydi. Qiz bola otaga mehribon bo‘ladi, deyishadi. Haq gap ekan. Uni yolg‘iz qiz deb ortiqcha erkalatmaganmiz, uy-ro‘zg‘or ishlariga pishiq-puxta. Mundoq qaraganda bir oilani gullatadi. Endi qarangki, shu qiz ham goho qaynonasiga yoqmay qolarkan, bir oyda, ikki oyda ko‘zida yosh bilan uyga yig‘lab kelganda dunyo ko‘zimga qorong‘i ko‘rinib ketadi. Oraga tushish noqulay bo‘lsa-da, farzand taqdiriga befarq qaray olmas ekansiz. Avvalo, betimni shartta sidirib, kuyovbola bilan ochiqchasiga gaplashib oldim. Balki xotindan ko‘ngli soviganmikin deb o‘yladim-da. Yo‘q, unaqa emas ekan. Dadil turib, xotinim bilan yashayman, menga boshqasi kerak emas, dedi. Xayriyat, dedim o‘zimcha. Keyin injiq qaynona bilan jiddiy gaplashdim. Qani ayting-chi, kelin qaysi ishingizni qilmayapti? Garchi o‘zim qo‘ydi-chiqdini yomon ko‘rsam ham, shunday deyishga majbur bo‘ldim. Xayriyat, o‘shandan buyon qizim oilasi bilan tinch-totuv yashayapti. Payti kelganda kerakli gapni kerakli joyda aytib ham turish lozim ekan. Men shunday xulosaga keldim.
– To‘g‘ri aytasiz, – dedim Ma’murjonning kuyinib aytgan gaplaridan ta’sirlanib.
Ajabo, uning bir qarashda oddiygina tuyuladigan gaplarida ham bir hikmat bordek edi: “Kerakli gapni kerakli joyda aytib ham turish lozim ekan”.
Mashina dovondan o‘rlay boshladi. Oynaga mayda yomg‘ir tomchilari urilar, atrofni g‘ira-shira qorong‘ilik va tuman chulg‘ay boshlagan, oldinda ilonizi yo‘l zo‘rg‘a qorayib ko‘rinar edi. Ma’murjon tezlikni yanada pasaytirdi. Suhbat ham o‘z-o‘zidan uzilib qoldi.
Ma’murjon diskni magnitafonga joylagach, hofizning ovozi yangray boshladi:
Karvon ko‘rdim, tuyalari bo‘zlab kelar,
Nortuyada meni yorim izlab kelar.
Bir zum boshimni orqaga tashlab, ko‘zlarimni yumdim. Kuy sehri butun vujudimni allalab, sarhush qildi. Huzurbaxsh shu holatning yana uzoq davom etishini istardim. Tezligi osha boshlagan mashina asta silkita boshlagach, ohista ko‘zlarimni ochdim. Tuman ham tarqab ketgan, oqshom quyuqlashgan, mashina chirog‘ida yo‘l ancha ravon ko‘rinar edi.
– Istasangiz, biror joyda to‘xtab, choy-poy ichvolamiz, – Ma’murjon yo‘ldan ko‘z uzmay taklif qildi.
– Mayli, – dedim rozi bo‘lib. – O‘zingiz aeroportga kechikmaysizmi?
– Samolyot kech soat o‘nda keladi, bemalol ulguraman, – Ma’murjon soatiga qarab qo‘ygach, tezlikni pasaytirib, yo‘l chetidagi choyxona qarshisida to‘xtadi.
Choyxona so‘limgina, fayzli ekan. Sharqirab oqib turgan tip-tiniq buloq suvida yuz-qo‘limizni yuvgach, yakondozlar to‘shalgan so‘riga chiqib o‘tirdik. Chiroqlar yoqilgan, atrof charog‘on. G‘ir-g‘ir shabada esib turibdi.
Yoshgina o‘smir yigit chopib keldi. Tavoze bilan salomlashgach, qanday ovqat yeyishimizni so‘radi. Ma’murjon menga yuzlandi.
– Siz nima desangiz – shu, ovqat tanlamayman, – dedim.
– Men ham yo‘lda ovqat tanlamayman, – Ma’murjon zavqlanib gapirdi. – Bizga o‘xshagan aravakashlarning rizqi-nasibasi yo‘llarga sochilgan. Shuning uchun boriga, yetkazganiga shukr qilamiz.
Oqshom cho‘kib, mijozlar siyraklashgan, choyxonada sho‘rva bilan kabob bor ekan, xolos. Boriga qanoat qilib, tog‘ yo‘lida ishtaha bilan ovqatlandik. Keyin ko‘k choyni maydalab, suhbatlashib o‘tirdik. Buni odatdagi suhbat deb bo‘lmasdi, chunki asosan Ma’murjon gapirar, men tinglar edim. Qiziq, mundoq qaraganda uning gap-so‘zlari, hikoyalari yangilik emasdek, har kuni o‘zimiz ko‘rib-eshitib yurgan voqea-hodisalar… Ammo haydovchining tilida bo‘lakcha bir ma’no kasb etar, shunisi bilan qiziq va maroqli tuyular edi. Nazarimda, hali Ma’murjonning asosiy gap xaltasi ochilmagan, yo‘lda bundan ham g‘aroyib-ajabtovur tafsilotlarni eshitadigandek edim. Taxminim to‘g‘ri chiqdi.
Dovondan o‘tib, yarim soatlar yo‘l yurganimizdan so‘ng. Ma’murjon nogoh yo‘l chetida turgan mashinani ko‘rib, darhol to‘xtadi. Kabinadan tusharkan, “Men… hozir”, dedi-yu, o‘sha mashina tomon tez yurib ketdi. Haydovchi bilan bir og‘izgina gaplashdi-yu, tezda qaytib keldi. Mashinasini qayta o‘t oldirarkan, izoh berdi.
– Tinchlik ekan, men biror ishkal chiqqan bo‘lsa, yordam-pordam kerak emasmikin deb to‘xtovdim.
– Hamma haydovchi ham bunday qilmasa kerak? – xayolimga urilgan savoldan o‘zimni tiyolmadim.
– Har kimning gunoh-savobi o‘zining bo‘ynida, aka, – dedi Ma’murjon jiddiy tortib.
– Haydovchi xalqi ham xom sut emgan banda: yaxshisi bor, yomoni bor. Haligi savolingiz bir voqeani esimga soldi.
– Qani-qani, eshitaylik, – dedim qiziqsinib.
– Toshkentga to‘rt yo‘lovchi bilan kelayotgandim. Manzilga besh-olti chaqirim qolganda mashinam buzilib qoldi. Shu urinaman, qani endi, tuzala qolsa. Qorong‘i tushib qolgan, yo‘lovchilar bezovta-tajang. O‘zim ham…
Yo‘l chetiga chiqib, qo‘l ko‘taraman, qani endi, birortasi to‘xtasa. Axiyri bittasi to‘xtadi. Xayriyat deya yoniga chopib bordim. Yangi o‘ttiz bir “Volga” ekan. Bunaqa mashina kuchli bo‘ladi. Mashinamni shatakka olib, manzilga oborib qo‘ydi. Xursand bo‘lib sho‘pirning qo‘liga o‘n ming so‘m bersam, pulimni yuzimga otib yubordi. Qolmishiga “Bu pulingni falon joyingga tiqib qo‘y!” desa bo‘ladimi? Jonim xalqumimga keldi. Shartta bo‘g‘ib qo‘yay dedim-u, ammo shaytonga hay berdim. Nima bo‘lsa ham menga yaxshilik qiluvdi-da. Ukajon (ko‘rinishdan mendan ancha kichik edi), avvalo rahmat sizga, kam bo‘lmang, shunchalik yaxshilik ko‘rdim sizdan, kechasi mushkulimni oson qildingiz, baraka toping, ammo… bunaqa emas-da, muomalani shirin qiling, agar bergan pulim kamlik qilgan bo‘lsa, kam deb ayting, qancha bo‘ladi, o‘zi, bu xizmatingiz, desam, bezrayib, o‘ttiz ming bo‘ladi, dedi. Vey, insofing bormi, o‘zi, dedim tutoqib, men ham bola-chaqa boqaman deb yuribman, o‘zi, Toshkentgacha bitta yo‘lovchini o‘n besh mingga olib kelaman, sen…sen… odam emas ekansan-ku, mana, ol deya yana oldingi pulga o‘n ming qo‘shib, yigirma mingni qo‘liga tutqazib jo‘navordim. Anchagacha o‘zimga kelolmadim. Shunaqa insofsizlarni ko‘rsam chidolmayman-da. Odatim shunaqa. Sut bilan kirgan qon bilan chiqadi. O‘zimni o‘zgartirolmayman. Ha aytgandek, boshqa taksi kutayotgan yo‘lovchilarim hali shu yerda, bu mojaroga guvoh bo‘lib turishgandi, ular ham o‘sha sho‘pirning qilig‘idan darg‘azab bo‘lishdi, hatto xezlanib, uni urmoqchi edilar, men hay-hay, qo‘yinglar, yomonning jazosini xudoning o‘zi beradi, deya arang shashtidan tushirdim. Bilasizmi, hayotda yaxshilik ham, yomonlik ham albatta qaytarkan. Ilgari qirq yilda qaytsa, endi juda tez – qirq kun yoki qirq soatda qaytyapti.
– Nahotki o‘sha sho‘pir bilan yana uchrashgan bo‘lsangiz? – deb so‘radim.
– Topdingiz! Xuddi shunday bo‘ldi. Bu keng dunyo ba’zan juda torayib ham qolarkan.
– Uni tanib qoluvdingizmi yoki u sizni… o‘zi tanidimi?
– Unaqa odamlarning basharasini hech qachon esimdan chiqarolmayman. Dovondan qoq yarim tunda vodiyga qaytayotgandim, yo‘l chetida chelagini ko‘tarib, o‘tgan-ketgan mashinalarga muztar tikilib turgan sho‘pirni ko‘rib qoldim. Benzini tugagani aniq edi. Qoq yarim tun. Bunaqa ovloq joyda ancha-muncha sho‘pir to‘xtashga botinolmaydi. Boyoqishga rahmim kelib, sekingina mashinani bir chetga olib, to‘xtatdim. To‘g‘ri, uni avvaliga tanimadim, chelagini ko‘tarib yonimga chopib kelgandagina tanib qoldim. Shunda ham to‘xtaganimga afsuslanmadim. Ammo u meni dabdurustdan tanimadi. Kapotni ochib, benzin to‘la kanistrni yerga qo‘ydim. U chelagini kanistrga yaqinlashtirdi. Chelakka quyib beradi deb o‘yladi-da. Men kanistrni ko‘tarib, qo‘liga tutqazdim.
– Qancha kerak bo‘lsa quyib olavering, – dedim sir boy bermay. Ovozim unga tanishdek tuyuldi, shekilli, yuzimga ajabsingandek qarab-qarab qo‘ydi, kanistrni ikkilanibroq oldi, mashinasiga borib, benzinni quyarkan, mendan ko‘z uzmas edi. Oradan ko‘p o‘tmay kanistrni yerga qo‘ydi. Mo‘ljalimcha, benzinning yarmini ham quymagan edi.
– Hammasini bemalol quyavering, – dedim unga. – Bakimda benzin yetarli.
– Yo‘g‘-e, hammasini deysizmi? – deb so‘radi. So‘ng cho‘ntagini siypalab qo‘ydi. Pulim yetarmikin deb o‘yladi, shekilli. Menga yana bir karra qarab qo‘ygach, qolgan benzinni ham quyib oldi. Yonimga kelib, cho‘ntagidan pul chiqararkan, so‘radi:
– Qancha bo‘ladi?
– Sizga tekin, – dedim ko‘ziga tik qarab.
– Tushunmadim, nega endi menga… tekin? – dedi u hayron bo‘lib.
– Chunki biz siz bilan eski tanishlarmiz. Tanishlardan pul olinmaydi. – Men kinoyasiz, samimiy gapirardim. U menga uzoq tikilib qoldi. Nihoyat, o‘sha tungi voqeani esladi, shekilli, ko‘zlarini g‘alati pirpiratib, g‘udrandi:
– E-e, uzr, endi tanidim, siz… o‘sha…
– Ha, men… o‘sha…
Endi u ko‘zimga tik qaray olmasdi. Yerga boqib, o‘zicha ming‘irladi:
– Uzr, men o‘shanda… ahmoqlik qilib… yoshlik ekan… Meni kechiring.
– Men allaqachon kechirganman. Keling, aka-uka bo‘lib qolaylik.
U bilan qo‘l olishib, go‘yo qaytadan tanishdik. Pulini yonimga qayta tiqishtirmoqchi bo‘luvdi, keskin siltab tashladim.
– Uyat bo‘ladi! – dedim. – Agar ilgari shunchaki tanish bo‘lsak, endi aka-uka bo‘ldik. Hozirgina dunyoda puldan ham aziz, puldan ham ziyoda turadigan narsalar borligiga guvoh bo‘ldik, shekilli. Boyaqishning ko‘zlarida yosh yiltilladi. U bilan samimiy xayrlashdik.
Ma’murjonning g‘aroyib hikoyasi meni o‘ylatib qo‘ydi. Balki, uning o‘rnida boshqa, chapaniroq, tezobroq odam bo‘lganda, haligi sho‘pirning yuziga nordon-nordon gaplarni aytib, achitib-achitib o‘ch olgan bo‘larmidi… Shunday qilishga haqlidek ham edi. Xo‘sh, bundan kimga foyda-yu, kimga ziyon? O‘ch olgan tomonga shox-butoq chiqarmidi? Bir zambil loy bo‘lgan odam shu bilan insofga kirib, bir yumalab yaxshi bo‘lib qolarmidi? Menimcha, Ma’murjon birdan-bir to‘g‘ri yo‘lni tanlagan edi. Shunday mulohazalar xayolimdan o‘tarkan, unga ixlosim yanada ortdi. Hayotiy hikoyalarini tag‘in eshitgim keldi.
– Ma’murjon!
– Labbay aka!
– Shu… sho‘pirlarga yo‘lovchi qiyofasidagi bezorilar hujum qilib turadi deyishadi. Bunaqa voqealar ko‘proq tunda sodir bo‘lsa kerak.
– Mening o‘zimga kuppa-kunduzi ikkitasi duch kelgan.
– Yo‘g‘-e, bu qanday sodir bo‘lgan? – qiziq voqeani eshitish umidida yana qulog‘imni ding qildim.
– O‘shanda Toshkentda taksichilik qilardim, – deya yangi hikoyasini boshladi Ma’murjon. – Shaharning har bir ko‘chasi, har bir gadoytopmas burchagi menga yaxshi tanish. Bir kuni Chilonzordan ikki yosh yigit mashinamga o‘tirdi. Mo‘g‘ulbashara, baqaloqrog‘i yonimga, qorachadan kelgan, qotmaroq sherigi orqaga o‘tirdi. Qo‘yliqqa boramiz, deyishdi. Shaharning nariga chekkasiga surib ketdim. Taksoparkda ishlardim, otning kallasidek kunlik plan bor. Manzilga yetgach, baqaloq besh qavatli bir uyga kirib ketgancha gum bo‘ldi. Tajanglanib, orqamda o‘tirgan sherigiga vaqt o‘tayotganini aytsam, xavotir olmang, kutganingiz uchun qo‘shimcha haq to‘laymiz, dedi. Xo‘p deya o‘tiraverdim. Bir mahal baqaloq chiqdi. Qo‘lida qandaydir katta tugun. Endi Yunusobodga haydang, deyishdi. Bu yog‘i qandoq bo‘ladi, yigitlar, desam, hammasini birato‘la olasiz, xavotirlanmang, deyishdi. Ichimdan qirindi o‘tsa ham, noiloj mashinani o‘t oldirdim. Yunusobodda ko‘pqavatli uy oldida to‘xtatishdi. Baqaloq yana ichkariga kirib ketdi. Bu gal bir soatcha kutib qoldim. Sabr-toqatim tugadi. Chiqsa, bir tuzlayman deb yanib turibman. Quyosh botib, atrof g‘ira-shira bo‘lib qolgan edi. Nihoyat, baqaloq chiqdi. Yonimga o‘tirishi hamon endi zahrimni sochmoqchi edim, ulgurolmadim. Qay ko‘z bilan ko‘rayki, tomog‘imga va biqinimga ikkita pichoq qadalib turardi. Yuragim shuv etib ketdi. Hammasi tamom deb o‘yladim. Biz sho‘pirlar bunaqa voqealarni ko‘p eshitganmiz, ammo mening boshimga tushmaydi deb o‘ylaymiz. Men ham shunday o‘ylardim-da. Xom sut emgan bandamiz-da.
Gapiray deyman, tomog‘im quruqshab, tilim kalimaga kelmaydi. Arang o‘zimni qo‘lga olib, gap qotdim:
– Yigitlar, bunisi qandoq bo‘ldi?
– Jim! Gapirma!
– Axir, shuncha vaqt xizmatinglarni qildim, evaziga…
– Jim! – tomog‘imdagi pichoq qattiqroq tiraldi. Yana gapirsam, suyvorishdan ham toymaydigandek. Alam va nafrat omixta bo‘lib, miyamga qattiq urildi. Tomirlarimda qon emas, alam va nafrat oqardi. Junbushga kelayotgan g‘azabimni arang jilovlab, bo‘ynimni qimirlatmay gapirdim:
– E, qo‘lingdan kelsa so‘yvora qol! So‘yvor, tortib yubor pichog‘ingni! Qo‘lingdan keladimi shu ish! So‘yvor, agar qonsirab turgan bo‘lsang! Bir boshga bir o‘lim! Ammo aytib qo‘yay, senlarni baribir topishadi. Jazodan qochib qutulolmaysanlar. Beshta bolam bor, shularning uvoli senlarning bo‘yningda!
Dadilligim ta’sir qildimi yoki boshqa sababdanmi, bezorilar andak sarosimaga tushgandek bo‘ldi. Qattiq tiralgan pichoqlar sal chetga surildi. Eshik tutqichiga sekin qo‘l uzatgandim, yana o‘sha tahdid eshitildi:
– Qimirlama!
– Xo‘sh, mendan yana nima istaysizlar? – dedim xit bo‘lib. – Mana, aytgan joyingizga qayta-qayta olib kelib qo‘ydim, yana nima kerak?
– Puldan chiqar! – dedi baqaloq xirillab.
O‘sha kuni tushumning cho‘g‘i pastroq edi, bardachokdagi bor pulni chiqarib berdim. Jon shirin-da. Qaroqchilar pulni cho‘ntaklariga urib, jo‘nab qolishdi. Ularning orqasidan quvish yoki melisaga xabar berish o‘sha lahza xayolimga kelmadi, nest-garang edim. Qanday katta xavf-xatardan qutulganimga hali-hamon ishonqiramasdim. Hayotim yonimga qolgandek edi.
O‘sha mash’um voqeadan keyin bir necha kungacha o‘zimga kelolmay yurdim. Bezorilarni qidirib topish va jazosini berish kerakmi yoki xudoga solib qo‘ya qolgan ma’qulmi – bu haqda ikkilanardim. Agar hamma qo‘l siltab ketaversa, jinoyatchining ketidan tushmasa, bezori ertaga boshqa odamni qaqshatadi. Bunaqada hayot borib-borib do‘zaxga aylanib ketmaydimi? Demak, jinoyat albatta jazolanishi kerak. Bunaqalarni endi yaxshi gap yoki pand-nasihat bilan tuzatib bo‘lmaydi, g‘isht qolipdan ko‘chgan, endi ularning joyi qamoq! Men bu oddiy xulosaga o‘z achchiq tajribam misolida keldim. Melisaxonaga uchrab, bor gapni aytdim. Ularga quruq gapning o‘zi kifoya qilmas ekan, yozib ham berdim. Katta daftar-kitobiga tikib qo‘yishdi bergan ma’lumotlarimni. Ro‘yxatda turadigan jinoyatchilarning fotosuratlari ham “delo”ga tikilib qo‘yilar ekan, bir haftagacha erinmay suratlarni ko‘rib chiqdim. Melisa bilan ixtiyoriy hamkorlik qilayotgan edim-da. Har kuni ishdan keyin melisaxonaga borib, “delo” titkilayman. Qani endi, o‘sha jirkanch basharalar topila qolsa. Nihoyat, hafsalam pir bo‘lib, endi topolmasam kerak deganimda lop etib o‘sha baqaloq qaroqchining fotosurati chiqib qoldi. Xuddi lotereyasiga yutuq chiqqan odamdek hovliqib ketdim. “Delo”da baqaloqning turarjoyi ham yozilgan ekan, melisa bilan borib darrov topdik. Unga yuzma-yuz bo‘lishim bilan basharasiga boplab bir musht tushirdim. Yerga yiqilgancha kuchala yegan itday bukchayib qoldi. Yashirmayman, shu lahza bir maza qilib oldim. Mushtim ham temirdek qattiq edi-da. Qorniga tepmoqchi edim, melisa hojati yo‘q degandek tutib qoldi. Baqaloq orqali sherigi ham osongina topildi. Ular sud qilindi, jazolandi. Hayotda bunaqa jinoyatchilarning urchib ko‘payishi yoki kamayishiga ham o‘zimiz sababchimiz, aka. Men shunday oddiy xulosaga keldim. O‘zimiz qanday bo‘lsak, hayotimiz ham shunday bo‘larkan.
Mashina tungi chiroqlardan charog‘on bo‘lgan shaharga kirib borar, men oddiy aravakashning jaydari falsafasini xayolan takrorlab borardim: “O‘zimiz qanday bo‘lsak, hayotimiz ham shunday bo‘larkan”.
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 9-son