Shodiyor Hazrat Ismat. Yaxshilik manzili (hikoya)

Hamma narsaga qo‘l siltab, cho‘lgami, toqqami, ishqilib, bu yerlardan ketsam, ketsamu shu barobarida bu tomonlarga qaytib kelmasam, ko‘rmay, kuyinmay o‘sha xilvatda yashasam, degan o‘y unihoritayotgan edi.
Atrofdagilardan o‘ziga o‘xshash xislatlarni qidiradi, o‘zini ko‘z o‘ngidagi urug‘-aymoqlari bilan taqqoslab ko‘radi. Ikki orada hech qanday monandlikni ilg‘amaydi. Ehtimol, ajdodlaridan biri uning holiga tushgan chiqar, hiylagar falakka biror dangalroq xulosa aytish qiyin, kim bilsin, balki, undan keyingi – yettinchi sanoqda turgan avlodini ham xuddi shunday ahvol-ruhiya mushtoq bo‘lib kutib o‘tirgandir…
U o‘zining boshida charx urayotgan dahriy yo‘sindagi xayollarini haligacha hech kimga “Kel, mana mening muncha dardim bor,” deya to‘kib solmagan. Birovga aytgudek bo‘lsa, “yosh ketavergandan keyin shu ekanda…” deb, uning sig‘inib, ko‘nglida asrab-avaylab yurgan ilinj istagini ikki og‘iz so‘z bilan ruhsizgina ifodalab berishlaridan va bundan ham yomoni, uning ustidan kulishlarini biladi-yu, o‘zining nochorligidan yanada kuyinadi.
Rahmon yarim tunda uyg‘onib ketganida, boshida og‘riq turganini sezdi. Tashqariga chiqmoqchi bo‘lib, o‘rnidan bir amallab turdi-da, eshik oldigacha keldi, nariroqqa borishga majoli yetmasligi sezgach, bo‘sag‘adagi zina ustiga o‘tirdi. Shunda uning yodiga bir rivoyat tushdi. Undagi mazmun shunday ediki, Ibrohim payg‘ambar o‘g‘li – Ishoqni uylantirgach, kelinining odob-ahloqini sinash uchun ularnikiga boradi. Kelin qaynotasining hurmatini joyiga qo‘ymagach, Ibrohim payg‘ambar unga Ishoq kelsa aytgin, ostonasini tuzatib qo‘ysin, deb tayinlab ketadi. Eri kelgach, u qaynotasining qarz gapini aytadi. O‘g‘il otasining nima demoqchiligini biladi-da, xotiniga taloq beradi. Ishqilib, ostonani tuzatib, ro‘zg‘orni qayta tiklaydi.
Payg‘ambar bu kelinini ham imtihon qilgani keladi. Kelin qaynotasining izzatini joyiga qo‘yib, otining uzangisini bosib yuboradi. Payg‘ambar ketar oldidan keliniga tayinlabdi: Ishoqqa ayt, ostonasi yaxshi bo‘libdi.
Ayni chog‘da u o‘zini payg‘ambarzodaning o‘rniga, otasini esa payg‘ambarning o‘rniga qo‘yib taqqosladi. Yettinchi osmonga chiqayotganida nedir uning yelkasiga turtilgandek bo‘ldi. U hali o‘zini bunaqa osmono‘par qilib mengzashni noo‘rin sanadi. O‘zini ham, otasini ham o‘z holicha qo‘ydi-yu biroz taskin topgandek bo‘ldi.
Shu ahvolda ham Rahmonning rahmatlik otasi tirilib kelsa-yu, o‘g‘lining turish-turmushini ko‘rsa…
Bu mahalda otasining oddiy so‘rovi ham gurzidek og‘ir botarini sezadi. Sezgandayam nima qilsin, tili qisiqlik joyi ko‘p. Onasining tixirlik qilganini aytib, u bechoraning arvohlari chirqillab qolishidan qo‘rqadi.
…qizning ismi Norxolmidi, Norgulmidi haliyam chalkash aytadi. Lekin guldek qiz edi, yonog‘idagi xoliyam yuziga yarashiqli edi…
Qaniydi, anovi yotgan ayolning o‘rnida o‘sha o‘zi istagan bo‘lsa. Yonlaridagi beshovlon ham o‘zlaridan to‘ragan farzandlar bo‘lardi. Ular bilan ovunardi, bujmaygan yuragining chigilini yozardi…
O‘sha zamonda onasi o‘laman sattor, deb qarindoshining qiziga uylantirib qo‘ymaganida ahvoli bundan ming chandon yaxshi bo‘lariga ishonardi. Va bunga ishonib yashadi ham.
“Xudo bir tomondan qisgan odam injiq va tutgan joyidan changallab oladigan bo‘larkan, – deb aytgandi do‘sti. – Men o‘shanda nima qilarimni bilmay, ko‘ngil qo‘ygan qizimni o‘g‘liga obermoqchi bo‘lgan oqsoqning uyiga borganman. Langning o‘g‘lini tashqariga chaqirib olib, arzim aytdim. U bo‘lsa, uylanganman uka, ishonmasang, boshpurtimni ko‘rsataman, ikkita bolam ham bor. Keyin aytdiki, otam u qizni amakimning o‘g‘liga obermoqchi. Noiloj, padaringga lan’atning otasini oldimizga chaqirdik. Otasi hassasiga tayanib oldimizga keldi. Men u oqsoqqa iltimos buva, o‘sha qiznikiga qaytib sovchilikka bormang, dedim. Cho‘loq chol mening gapimni ham eshitmadi, aniqrog‘i u meni pisand ham qilmagandi, qaytaga hassasi bilan urmoqchi bo‘ldi. Qistaloq bo‘ynimni mo‘ljal qilib xezlangan ekan. Xassasidan ushlab qoldim, yoshini o‘ylab, kachalga teginmadim. Ursam bo‘lardi, urib, rasvosini chiqargim kelardi-yu biroq uyini to‘ldirib o‘tirgan chuvrindilarining qarg‘ishidan qo‘rqib, qo‘limni tortdim. Lekin enag‘ar cho‘loq chol nomard ekan. Ertasiga mirshabga borib, meni kechasi uyimga bostirib keldi, urdi, xotinu bolalarimning oldida enamdi so‘kdi, deb ustimdan arz qiladi. Mirshab ham o‘zimning urug‘imdan edi. Cho‘loqning arzi yolg‘onligini sezganmi yoki sezmaganmi ishqilib, unga onasini rostakamiga esga oldiradi. Jamiki urug‘-aymoqlarini ko‘zi oldida oborib opkeladi. Keyin esa cho‘loq sovchini mahkamasidan haydab chiqaradi. “
Bu jo‘ngina xotirotni jo‘rasi o‘ttiz yillar oldin, ayni salt-suvoy yurgan damlarida aytib berib, o‘ziyam maza qilgandi. Do‘sti o‘sha qizga uylandi. To‘yiga o‘sha oqsoq cholni atayin o‘zi borib aytadi. Lekin cho‘loq sovchi to‘yga kelmaydi.
Rahmon yoshligidanoq bu do‘stini yaxshi bilardi. U kamsuqum edi. Birovlarning mahrami haqida gap sotishni yoqtirmasdi. Fisqu fasodni unchalik xushlamasdi.
Rahmon avval boshda do‘stiga maslahat soldi: “Bo‘lmaydi jo‘ra, men bu bilan qanday yashayman. Oshno, men o‘sha o‘zim mehr qo‘ygan, holi bor qizga uylanishim kerak edi. O‘sha bo‘lsa bas, qolgani bir pul. Hozir men uning oldiga borsam, yuzimga tupurmasmikan?.. Yoki dunyo deganlari shu ekan, deb indamay yashaveraymi?”
Jo‘rasi mulzam tortadi. Ne deyarini bilmaydi. Oxiri yoriladi: “Endi chidashga urinib ko‘r, juda bo‘lmasa, talog‘ini aytda qo‘y. Bu tomoni o‘zingdan qoladigan gap.”
Endi bu safar do‘stiga istak ilinjisini oshkor etsa, turgan gapki, jo‘rasi ham undan savdoyiligining sababini so‘raydi. So‘ralgan so‘roqqa javobni qaydan topib aytadi?
“…xuddi shunday, – ahdlandi u. – Hammasiga qo‘l siltaymanu ketaman, ajibsinib qoladigan ko‘ngiletar do‘stlarga ketish vajhini tushuntirsam-da, tog‘u toshlarga ketsam. O‘sha toqqa jamiki mazmuni yaxshi odam borki, yig‘ilsak, so‘ng o‘sha tog‘ni jo‘ngina bo‘lsa-da, “Yaxshilik manzili” deb atasak. Unda-munda bu maskanning dovrug‘ini eshitganlarning keti uzilmasa. Qolganlar ham biror yurt yoki kishvar tuzishsa-da, ungayam aniqroq nom berib, o‘z toifalarini jamlashsa…
Ana shundagina nimaiki bo‘lsa, barisi yaxshi kechadi. Hamma o‘z toifasining ichda yurganidan keyin hech kim bir-biriga ziyon yetkizmaydi. Ko‘rilgan ziyonlar ham sezilmas bo‘lib ketadi. Ko‘ngillar ozor topmaydi.”
Rahmon toqqa yetgach, buloqning muzdek suvidan ichdi-da, sal balandroq, butun qishloq ko‘rinadigan yuzaroq joyga kelib o‘tirdi. Ko‘pdan beri tog‘ning xuddi mana shu yeridan turib butun qishloqni tomosho qilishni ko‘ngliga tugib qo‘ygandi. Ayni paytda u o‘zini me’rojda turgandek, hamma narsaning hadisini olgan kabi go‘yo barchasi hozir uning ko‘z o‘ngida namoyon bo‘ladigandek tuyuldi…
Xayoliga berilib, osmonga yuz tutdi: uning tubida sanoqli yulduzlar qolgandi. Ismini haliyam chalkash aytadigan qizni eslab, qishloqning kunchiqar tomoniga qaradi. Uylar ko‘payib ketgan, Rahmon qizning o‘sha damlarda qaysi xonadonda yashaganligini aniq bila olmadi.
“Endi kech, ancha kechikding. Hech narsa kor qilmaydi. Boshni qay tuynukka suqma, qay harsangga urma, bari befoyda. O‘zgarish mumkin bo‘lgan damlar o‘tib ketdi. Hayit bir kunlik. Men bu tog‘ni “Yaxshilik manzili” demoqni istagan edim, biroq adashar ekanman. Ana ko‘z o‘ngimizda yashab turgan jonivor – hayvon zoti borki, o‘zlari istaganday qilib, biror manzilni muqim tutib olishardi-ku! Niyat puch ekan. Xayolim siqqan joyga o‘zim sig‘mas ekanman…”
Rahmon uyiga qaytib kelganida hali hech kim uyg‘onmagan edi. U asta yotoq bo‘lmasiga kirdi-yu o‘rniga uzala tushib yotdi. Uxlamoqchi bo‘lib, uyoqqa-buyoqqa ag‘darilib ko‘rdi. Bo‘lmadi. Axiyri, ko‘rpani yuzi aralash burkab oldi…