Bugun operatsiyam yo‘qligi uchun kechki ko‘rikni o‘tkazganimdan so‘ng ishlarni navbatchi hamkasbimga topshirib ko‘chaga chiqdim. Yomg‘ir yog‘ayotganini ko‘rib, «esiz, kechagina o‘rik gullagandiya», degan xayolga bordim. Yomg‘irning maydalab yog‘ishi kaminaning g‘ashini keltirardi. Yuzingni qay tomonga burma, mayin tomchilar urilib, dilda tushunib bo‘lmas bir sokinlik uyg‘otardi. Taksiga minganimda orqa eshik oynasining ochiqligini ko‘rib darrov ko‘tarib qo‘ydim. Sovuqdan junjikib, qo‘llarimni cho‘ntagimga tiqdim. Shunda cho‘ntagimdagi qog‘ozga qo‘lim tegdiyu, yana hammasi esimga tushdi. Uni asabiy tarzda ezg‘ilay boshladim. Yo‘l bo‘yi shu bilan mashg‘ul bo‘ldim. Manzilga yetganimda allaqachon qog‘oz kaftim orasida maydalanib yotardi.
Uyim besh qavatli binoning to‘rtinchi qavatida. Lift tomon yurgim kelmadi. Zinadan ko‘tarildim. Birinchi, ikkinchi, uchinchi va nihoyat, to‘rtinchi qavatga ham yetdim. Ichkariga kirarkanman pianinoning bo‘g‘iq ovozidan Betxovenning tanish sonatasi taralardi. Kuyni eshitib, yo‘lakda to‘xtab qoldim. Hatto quloqlarimni berkitib olgim keldi. Buning o‘rniga esa qo‘limdagi bir dunyo qog‘ozlarga to‘la portfelimni yo‘lakning oxiridagi javonning chetiga qo‘ydimda, kuy yangrayotgan xonaga kirdim.
Nargiza dastlab meni payqamadi. U pianinoning oldida o‘tirgancha barmoqlarini klavishlar ustida tez-tez qimirlatib kuy ijro etardi. Bugun kechagidan ham, hatto ilgarigi kundan ham asabiy ko‘rinardi. Meni ostonada ko‘rib, yana ham tez harakat qila boshladi. Sekin yurib, yonidan o‘tdim. U esa kuyni chalishda davom etdi. Pianinoning narirog‘ida joylashgan ish stolim turgan xonaga kirdim. Kursiga behol cho‘kib, chetidagi chiroqni yoqdim. Shu alfozda ancha o‘tirdim. Bu orada Betxovenning mashhur sonatasi takror va takror eshitildi. Men bu kuyni yoddan bilganim uchun Nargiza uni besh-olti marta qaytadan chalganini sezdim. U to‘xtashni xayoliga ham keltirmasdi. Men bunga e’tibor bermaslikka urinib, stol ustida kecha qolib ketgan qog‘ozlarimni chiroqning yorug‘ida tartibga keltirish uchun chog‘landim. Bular asosan travmatologiyaga oid ilmiy ishim borasidagi ma’lumotlar edi.
– Bas, yetar! – dedi shu payt Nargiza kuyni chalishdan to‘xtab baqirganicha.
Pianinoning ovozi yanada bo‘g‘ilib, xuddi tomog‘i qattiq og‘rigan bemordek beo‘xshov eshitildi. Biroz o‘tib Nargiza klavishlardan qo‘lini olib, uning qopqog‘ini sharaqlatib yopdi.
– Bunday jim o‘tirishni bas qiling, – dedi shundan so‘ng men tomonga o‘girilib asabiy ohangda. – Bir og‘iz bo‘lsa ham gapirsangizchi. Uch kundan beri shu ahvol.
Qog‘ozlardan boshimni ko‘tarib unga bir muddat tikilib qoldim. Asabiylashganidan lablari titrardi.
– Gapiring, iltimos sizdan. U qarshimda tik turgancha iltijo qilgandek mendan ko‘zini uzmasdi. Oxiri, hiqillab yig‘lashga tushdi.
– Sizga kecha ham ilgari kuni ham aytdim, – dedi bir qo‘li bilan pianinoga suyangancha boyagidek nigohda. – Mendan ko‘nglingiz to‘lmayotgan bo‘lsa, ro‘y-rost ayting, xohlaganingizcha ayblang, xohlasangiz, ajrashish uchun ariza bering, faqat Xudo haqi, gapirmasdan odamni ezishni bas qiling. Iltimos, bas qiling.
Men cho‘ntagimdagi qog‘oz bo‘laklarini battar changalladim. Xuddi shu paytda kimdir yuragimni shu qog‘ozdek ezg‘ilashga tushgandek bo‘ldi. Nargiza ko‘p o‘tmay yig‘lab xonadan chiqib ketdi. Eshik ochiq qoldi. Men o‘rnimdan turib uni yopdimda, qaytib joyimga o‘tirdim. Allaqachon pianinoning bo‘g‘iq ovozi ham, Betxovenning sonatasi ham tingandi. Men negadir ilmiy ishimga diqqatimni qaratishni maqsad qildimu, lekin buning o‘rniga cho‘ntagimdagi qog‘oz bo‘laklarini olib stol ustiga qo‘ydim. Ularning har biri g‘ijimlanib ketganidan deyarli o‘qib bo‘lmas holatga kelgandi. Shunday bo‘lsada, stol chetida turgan yelim yordamida ularni bir-biriga yopishtirishga harakat qildim va qog‘ozni tiklash uchun ancha ter to‘kdim. Bo‘laklar birlashib yana o‘z shakliga keldi. Natijada men aji-buji holda bo‘lsada, bus-butun holga kelgan sahifaga ko‘zlarimni tikib o‘tirdim. Xayolimga beixtiyor uch kun oldingi voqealar ketdi. Hammasini eslashga urinib ko‘rdim. Operatsiya paytida oyog‘imning son qismida boshlangan og‘riq, holsizlanish, terlash, jarrohlik amaliyotini bir amallab o‘tkazib, xonamda bukchayib yotganim va shundan so‘ng hamkasbim urolog Rauf Muxtorovichning ko‘rigida bo‘lganim – hamma-hammasi ko‘z oldimda birma-bir gavdalandi. Bular xuddi dahshatli tragediyaning debochasidek edi go‘yo. Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, keyingi voqealarni ham esladim. Meni tekshirib tahlil natijasini qo‘liga olgach hamkasbim rangi oqarib ketgani, meni qahva ichishga taklif qilgani va u yerda derazaning shundoq yonida gullagan o‘rikka qarab turib tashxis natijasini tutilib-tutilib aytgandi. Undan tekshiruv natijasi aks etgan qog‘ozni olgach, «bunday bo‘lishi mumkin emas» – deb bir qog‘ozga, bir unga qaradim. So‘ng asabiy kulgancha xonamga kirdim. Kursida o‘tirib o‘yga cho‘mdim. Bularning bekordek edi tasavvurimda. Axir, endi o‘ttiz yoshga to‘lgandim. Menga tirkalayotgan bu kasallik, odatda, ellik yoshdan o‘tgan erkaklarda uchrardi. Yo‘q, men sog‘lom edim, hech qanaqasiga kasal emasdim, xastalik boshlangani ham, nazarimda, safsatadan boshqa narsa emas, prostata raki bo‘lishi mumkin emas! Bunga sira ishonmasdim, lekin tahlil natijalari aks etgan varaqqa qararkanman nafratim jo‘shib stolni qattiq-qattiq mushtlardim.
Mana oradan uch kun o‘tdi. Sirtdan qaraganda, bu kunlar odatdagidek kechdi. O‘sha tanish tong otdi, kun yorishdi, ko‘cha-ko‘yda hayot davom etdi, goh quyosh chiqdi, goh yomg‘ir yog‘di, kech tushdi… Ammo men shu uch kun ichida ancha o‘zgardim. Yaxshi tomonga emas, albatta. Bir lahzada hayotga tashna insondan tushkun qiyofadagi, ichimdagini top qabilidagi odamga aylanib qoldim. Qandaydir xavf ta’qib qilayotgandek menda jonsarak va bezovta yurish odati paydo bo‘ldi. Kun bo‘yi turli xayollar charx urar, ba’zida xonamda u yoqdan bu yoqqa yurarkanman o‘zimni hammasi joyida ekanligiga ishontirishga urinar, lekin bu qo‘limdan kelmay asabiylashardim. Hatto muloqot ham og‘irlik qilardi. Faqat bitta narsani o‘ylardim, ya’ni endi buyog‘i nima bo‘lishini.
Stol ustidagi chiroq ko‘zimni og‘rita boshlagandi, holsiz o‘rnimdan turdim. Sekin yurib pianinoning oldiga keldim. Uni to‘q qizil rangdagi yaltiroq, tekis ustki qismida qo‘llarimni yurgiza boshladim. Keyin diqqatimni uning yonidagi javon va u yerdagi o‘zim va Nargizaning kitoblarini ko‘rdim. Ularni birin-ketin qo‘limga olib, varaqlay boshdim. Shundan so‘ng xonani ko‘zdan kechirdim, uyim haqida o‘yladim. Pianino, kitob javoni va mana shu uy meni o‘tmish sari yetaklab ketdi.
Bir paytlar bu uyni kreditga olganimda judayam xursand bo‘lgandim. Nihoyat, ijarama-ijara yurish balosidan qutulgandim. O‘zimning uyim bo‘lgandi – orzum ushalgandi. Hech qancha o‘tmay bu tushunarsiz hayotda Nargizani uchratdim. U bilan turmush qurdim. Oilaviy hayotim yo‘lga qo‘yilgach, asta-sekinlik bilan uyni jihozlash boshlandi. Mana shu pianino va kitob javonini sotib oldim. Pianino hech qancha o‘tmay Nargizaning sevimli hamrohiga aylandi, buning natijasida kechqurunlari butun uy bo‘ylab Betxovenning sonatalari yoki Shopenning prelyudiyalari tinmaydigan bo‘lib qoldi. Kitob javonini ham Nargiza badiiy kitoblar bilan to‘ldirib tashladi. Mening tibbiyotga oid kitoblarim ozchilikni tashkil qilardi.
O‘tmish xotiralari bilan biroz ovungach rovonga chiqdim. Yomg‘ir haliyam tinmagandi. Aksincha, endi kuchli shamol esib, yomg‘ir shiddatini kuchaytirgandi. Buni ko‘rib rovonning qiya ochiq holda qolib g‘ichirlay boshlagan eshigini yopib qo‘ydim va tashqarida turgancha atrofni ko‘zdan kechirdim. Ko‘chada hayot davom etar, haliyam odamlar ko‘p edi. Atrofidagi ko‘p qavatli uylarda ham chiroqlar yoniq, turmush qaynardi. Shu holatda tevarakni ancha kuzatgach birdan dunyo ko‘zimga chiroyli ko‘rinib ketdi, yashashdan hali sira to‘ymaganimni his qildim. Boshqa tomondan esa o‘lim haqida o‘yladim. Birinchi marta jiddiy o‘yladim.
Ha, odamning ishongisi kelmaydi. U tug‘iladi, yashaydi va qanchalik achinarli, dahshatli bo‘lmasin, o‘ladi. Kimdir tug‘ilgan, kimdir ayni yoshlik paytida, boshqasi esa yoshini yashab, keksalik gashtini surib olamdan o‘tadi. Hamma uchun bitta qismat – tug‘ilish, yashash va o‘lish. Bu oddiy formulaga o‘xshaydi. Biroq buning zamirida qanchalar chuqur dard, og‘ir musibat, insonning ko‘nikishi qiyin bo‘lgan falsafa yotganini ko‘pchilik tasavvur qilavermaydi. Inson tug‘ilib, ham jismonan, ham ruhan ulg‘ayib, o‘qib-o‘rganib, jamiyatda o‘z o‘rnini topib, orzular qilib, sevib-sevilib, oila qurib, farzandlar voyaga yetkazib, so‘ngra bularning barchasini bir kuni tashlab ketadi. Nima uchun shundayligini hech kim tushunmaydi va aniqki, tushuntirib ham berolmaydi. Bu savolga hatto maktab tizimida qoniqarsiz balga tortadigan javob ham berilmaydi, shunchaki, kattayu kichik yelkalar qisiladida, boshlar chayqaladi. Bu esa biz anglab yetish va javob berish uchun ojizlik qilamiz, degan ma’noni bildiradi.
O‘limni tasavvur qilish qiyin. Ammo men ayni lahzada uni ming chandon yaxshi tasavvur qildim. U tafakkurimda meni hamma narsadan ayiruvchi kuch bo‘lib gavdalandi. Ya’ni u bir kun kelib xohlaymanmi, yo‘qmi meni bag‘rikeng osmondan, atrofga tinmay yog‘ayotgan yomg‘irdan, yuzimga urilayotgan shamoldan ayirib, noma’lum tomonlarga olib ketadi.
U tufayli bir kuni mening tinmay urayotgan yuragim to‘xtaydi, ko‘zlarim yumilib boshqa ochilmaydi, oyoq-qo‘llarim tarashadek qotib qoladi, lablarim qimirlamaydi, quloqlarim eshitmaydi, burnim hid bilmay qoladi. U tufayli men bir kun kelib soatni, vaqtni, o‘tayotgan lahzalarni, tong otgach yorishadigan kun bilan qosh qoraygach tushadigan tunni, issiq bilan sovuqni, daraxtlar ko‘m-ko‘k bo‘lib gullaydigan bahorni, mevalar g‘arq pishadigan yozni, seryomg‘ir, tumani ko‘zni shamg‘alat qiladigan, xazonrezgi kuz va qor yog‘ib qalblarni poklovchi kumush qishni farqiga borolmay qolaman.
U tufayli bir kun kelib, nufuzli tibbiyot oliygohini tamomlagan, o‘z vaqtida yuzlab badiiy va ilmiy asarlarni mutolaa qilgan, aytaylik chang‘i uchishni, mashina haydashni, qo‘shiq kuylashni, rasm chizishni, radiopriyomnik tuzatishni yoki odamlarni, qornini yorib operatsiya qilishni biladigan insondan faqat bir uyum tuproq qoladi.
Olislarga uchib ketgan o‘y-xayollarim hali beri qaytib kelmaydigandek edi. Boshqa tomondan o‘lim haqidagi sovuq mulohazalar tanamni ivitib tashlagan yomg‘ir tomchilarini savalashiga hamohang bo‘lib, meni bir zumda ruhan ezib qo‘ydi. Ayni paytda yomg‘irli oqshomning past haroratli ob-havosidan emas, aynan o‘lim to‘g‘risidagi sovuq mulohazalardan sovqotib yengilgina dir-dir titrardim. Shu payt rovon eshigining ochilishi meni o‘zimga keltirdi. Erinibgina u tomonga qaradim va ko‘zlarim eshik oldida tungi ko‘ylakda turgan Nargizaning ko‘zlari bilan to‘qnashdi. Shunda birdan u endi hammasini biladi degan taxmin o‘tdi xayolimdan. Biroz o‘tib bu taxminim o‘z tasdig‘ini topdi.
– Menga bu haqda aytishingiz kerak edi – dedi zo‘rg‘a ovozi chiqib.
Uning qiyofasida norozilikdan ko‘ra achinish va hamdardlik hissi aks etib turardi. Men unga qaramaslikka harakat qilib ko‘zlarimni olib qochdim.
– Koshki, bu aytadigan gap bo‘lsa ekan.
Nargiza gaplarimni eshitib-eshitmay sizni qarangu, degandek boshini chayqagancha oldimga keldi va yelkamdan mahkam quchib oldi.
– Hammasi yaxshi bo‘ladi, – dedi keyin o‘zini tetik tutishga urinsada, yig‘lamsirab. – Biz birga kurashamiz. Hozir tibbiyot rivojlangan. O‘zingiz ham yaxshi bilasiz buni. Axir, doktorsiz. Davosi yo‘q kasallikning o‘zi qolmagan. Uni davolasa bo‘ladi, iloji bor. Bizda bo‘lmasa, chet elda chorasi bor. Jin ursin, bor, bor, bor!!!
U boshqa gapirmadi. Ortimdan meni quchgancha ancha vaqt indamay turdi. Tanasining iliq harorati shiddatli yomg‘ir va sovuq mulohazalar ta’sirida muzlab ulgurgan tanamga ko‘chib o‘tib, uni ilitdi, hamda faqat o‘zigagina xos bo‘lgan, bir paytlar meni ipsiz bog‘lab, maftun qilgan uzun sochlarining yoqimli isi dimog‘imga urildi. Shuurimu borlig‘imni oniy fursat egallagan umidsizlik va uning gardanidagi mulohazalar chekindi. Shu tobda yana yashagim kelib ketdi, kuyib-yonib yashagim keldi, hayotning barcha g‘am-shodliklarini his qilib yashagim keldi, orzu qilib yashagim keldi, mana shu to‘rtinchi qavatdagi Betxoven va Shopenning asarlari ijro etilaverib tinmaydigan pianino bilan tibbiyotga oidu badiiy kitoblarga to‘la javonni o‘z ichiga olgan qadrdon xonadonimda, meni ehtimol yolg‘iz u chin dildan yaxshi ko‘radigan ayolim bilan yashagim keldi.
Yomg‘ir sabab ravonda ko‘p turib bo‘lmasdi. Men ko‘p turganim bois boya aytganimdek deyarli ivib, suvga bo‘kkan mushukdan farqim qolmagandi. Nargiza ham hech bilintirmasada, tungi ko‘ylakda sovqota boshlagandi. Uyga kirish ayni lahzalarda ikkimiz uchun ham zarar qilmasdi.
– Ichkariga kiraylik, – dedim shu maqsadda ortimga o‘girilib. – Yomg‘irda ivib ketdim.
Nargiza xo‘p degandek bosh irg‘ab qo‘ydi va sekin boshini ko‘tarib bir menga, bir ustimdagi namiqqan kostyumimga qaradi.
– Kirib kiyimingizni almashtiring. Men hozir qahva damlayman.
«Yoshlik» jurnali, 2019 yil, 9-son