1
Hisor tog‘lari adog‘ida yoqqan olachalpoq qorning zahri vodiyga ham urgan. Izg‘irin sovuq. Dov-daraxtlar yap-yalang‘och, o‘t-o‘lanlar sarg‘ayib bitgan. Kunlar sokin va bir tekis. Ertalablari tushgan quyuq tuman quyoshning nursiz yog‘dulari ostida tushga borib arang yoyiladi. Tuman qorishgan sohillar bo‘ylab cho‘zilgan tegirmonga eltguvchi yo‘l: o‘sha-o‘sha – mum cho‘kkan muhitdek, jimjitlik va osudalik qo‘ynida g‘arq bo‘lgancha – to bu yerlardan bitta-yarimta yo‘lovchi o‘tib qolmaguncha izsiz yotaveradi.Tegirmon bu yerdan xiyla olis, Oqsuvdaryo ayri tushgan o‘rmon etagida joylashgan.Odatda bu yo‘ldan tegirmonchining nabirasi – O‘sar qatnaydi. U har kuni: ertalab, tushga yaqin va kun botar oldi, qo‘lida dasturxonnamo tugun tutgancha, tegirmonchi bobosiga yegulik olib kelar, shu o‘rtada bir pas ivirsib yurar, so‘ng qishloqqa qaytib ketardi. O‘tgan-qaytgan bolaning To‘lqin cholning nabirasi ekanligini bilsa, hazilkashnamolar ermaklar, boshqalar esa xuddi bechoraga qaragandek, xiyol achinibroq qarab qo‘yardi. Ular ko‘pincha ko‘rsatkich barmoqlarini chakkalariga tirab aylantirgancha, bechora bobong, halikidaroq, jinni bo‘lib qolibdi-ya degandek, ajablanishar, masxaralashar, hatto, tavba qilishib, odatiy an’analariga ko‘ra, quloqlarini orqasini tupuklari bilan ho‘llab qo‘yishardi. Bolaning bundan g‘ashi kelar, bobosini kalaka qilayotgan odamlardan nafrati qo‘zir, lekin azbaroyi katta kishilarni hurmat qilish lozimligi uchun, ularga biror achchiqroq so‘z aytishga-da botinolmas, bunday qilishdan hatto picha cho‘chirdi ham, u bobosining telba emasligini ham, hech qachon bunday ko‘yga tushmaganligini ham bilar, faqatgina odamlar uni, qachonlardir, haqiqatan ham ajina tutib olganligiga ishonishmagani O‘sarning hafsalasini pir qilardi. U tuman qurshagan so‘qmoq bo‘ylab shu haqda o‘ylab kelarkan, bobosi tegirmonxonadagi sandiqdan olib ko‘rsatgan, otning yoliga o‘xshab ketadigan uzun – bir quloch, qirqib olingan ajinaning sochi yodiga tushdi. O‘shanda, tegirmonga un torttirgani kelgan qishloqdagilar bu g‘alati, paxmoq, dag‘al sochni ko‘rib, rosa ajabsinish, bir qiziqish va ichki qurquv bilan qarashgandi bir-birlariga. O‘shandan beri, eh-he, qancha vaqt o‘tdi. O‘sarning tegirmonxonadagi eski sandiqda yotadigan ajina sochni eslasa, hali ham eti junjikib ketadi. O‘zining qo‘rquvini o‘ylasa, bobosining jasoratiga har gal ich-ichida tahsin aytardi. Aytishlaricha, O‘sarning bobosi, tegirmonchi To‘lqin chol bir kuni saharlab tashqariga chiqsa, tegirmon toshi aylanishdan to‘xtab qolgan. Novdan suv kelishi to‘xtadimikan desa, sepoya novidan suv g‘arqirab oqib turgan. Bobosi yugurib tegirmonxonaga kirsa, to‘satdan tegirmon ishlab ketgan. Tashqariga chiqqan hamonoq, zum o‘tmay tosh aylanishdan to‘xtab qolgan. Bu g‘aroyibotdan bobosi judayam hadik va hayratsirab, sekin ichkariga qarasa, tegirmon oldida sochlari uzun, paxmaygan ajinaga ko‘zi tushgan. Bobosi birdan borib, ajinaning sochidan mahkam ushlagan. Ajina bobosidan qo‘yib yuborishni so‘rab yalina boshlagan, lekin bobosi eski odat bo‘yicha, uning sochini bug‘doy qopining iplarini kesadigan qaychisi bilan shartta kesib olgan. Chunki, ajina, sochini kesib olgan odamning istagini hamma vaqt bajo keltirarkan. Bobosining aytishicha, agar kimdir ajina ko‘rsa, uning sochidan qirqib olmasa, ajina uning o‘zini chalib ketarkan. Keyin o‘sha odam bir umr jinni bo‘lib qolarkan. Mana, shuncha yil o‘tibdiki, bobosi o‘sha ajinaning sochini tegirmonxonadagi sandiqda avaylab-asraydi.
O‘sar shu haqda o‘ylab kelarkan, tegirmonxonaga yaqinlashib qolganini ham sezmay qoldi. Uning nazarini tortgan narsa, nafaqat, tegirmonning suvni shopirib aylantirayotgan o‘ziga xos ovozi edi, balki, tegirmonxonadan chiqib, so‘qmoq bo‘ylab unga qarshi kelayotgan notanish kishi ham edi. Egnida unniqqan chopon, boshida quloqchin telpak kiygan bu odam, O‘sarga ko‘zi tusharkan, yuziga g‘ayritabiiy kulgi yugurdi:
– Bobongga tushlik olib kelayapsanmi? – dedi haligi kishi qandaydir istehzoli ovoz bilan.
O‘sar uning biroz mayishgan qaddiga hamda tashqi kiyinishiga xos bo‘lmagan ayyorona yuz tuzilishiga boqarkan yoqinqiramaygina:
– Ha, – deya bosh irg‘ab qo‘ya qoldi.
– Bobongning holidan tez-tez xabar olib tur, ajinasi chalib ketmasin tag‘in, – qo‘pol hazil qildi haligi kishi.
O‘sar og‘rinib bir nimalar demoqchi bo‘ldi, lekin indamadi.
– Nimaga qovog‘ingni solasan, bobongning ajinasi sochini olib ketganidan xabaring yo‘qmi? – battar bolaning jig‘iga tega boshladi u kishi.
– Bobongning tomi ketib qolgan, – chakkasiga ko‘rsatkich barmog‘ini tekkizib g‘alati hushtak chalib qo‘ydi u.
O‘sar jahli chiqqanidan, qizarib, talmovsirab, haligi kishiga bir nimalar demoqchi bo‘ldi-yu, lekin tili kalimaga kelmay, yugurgancha uning oldidan o‘tib, tegirmonxona tomonga chopib ketdi. Haligi kishi, orqasiga bir qarab qo‘ydi-da, g‘udrangancha, so‘qmoq bo‘ylab kelgan yo‘liga keta boshladi.
Tegirmonxonada O‘sarning bobosi un tortardi. Chol bolani eshikdan kirib kelganini ko‘rib, salomiga alik oldida:
– Dasturxonni uychaga kiritib qo‘y, – deb uning qo‘lidagi tugunchaga ishora qildi. – O‘tirib tursang, hozir men ham kiraman.
O‘sar bobosi aytgan uychaga, ya’ni, tegirmonxonaning bobosi yashaydigan xonasiga kirdi. Bu yerda uni hayron qoldirgan narsa, hamma narsaning yon-atrofda sochilib yotgani bo‘ldi. Ajinaning sochi turadigan sandiq uychaga kiritilgani, devorga osilgan miltiqning yerda yotishi, har ehtimolga qarshi tayyorlab qo‘yilgan o‘q-dorilar va boshqa xonadagi lash-lushlar O‘sarning hayratini battar oshirdi. Bunday tartibsizlikni u bobosining uychasida birinchi ko‘rishi edi. Chol bolani miltiq va o‘q-dorilar sochilib yotgan uychaga kiritib yuborgani esiga tushdi shekilli, zum o‘tmay uychaga kirib keldi. Bola bobosiga ko‘zi tushgan zahoti so‘radi:
– Bobo, nimaga hamma narsangiz to‘zib yotibdi?..
– Ey, nimasini aytasan, bolam, – To‘lqin cholning yuragi uvishdi. – Tegirmonxonadagi sandiqdan ajinaning sochi yo‘qolibdi. Izlayman, izlayman, topolmayapman. Endi nima bo‘ladi, bilmayman.
U butun o‘ng qo‘li bilan dasturxonni ocharkan, bolaning xavotirini aritmoq uchun:
– Ha, mayli, biron gap bo‘lar, – deb qo‘ydi. – Ana, miltiqni o‘qlasam, soch o‘g‘risini jahannamga kunpayakun qilaman.
Bola kalovlanib, bobosiga tikilib turdi. Chol idishdagi dimlamani tokchadan kosa olib, suzib olarkan, bolaga bir qarab qo‘ydi. O‘sarning yuzida qandaydir anglamaslik va tushunmovchilik hukm surardi. Chol buni darhol payqadi. Bola:
– Ajinani sochi qanday qilib yo‘qoldi? – deb so‘radi. – Kecha bu haqda hech narsa demagandingiz-ku?
– Kecha kechqurun Ziyodilla daqqi kelganda ham bor edi. Hozir yo‘lda ko‘rdingmi uni?..
Bola bobosiga tushlik olib kelayotganda tegirmondan chiqib, unga qo‘pol hazil qilgan haligi amakini esladi-da:
– Ha, ko‘rdim, – dedi.
– O‘sha kecha un so‘rab kelgan ekan. Men unga, senga unni qaerdan topib beraman, dedim. Bu yer do‘kon emas, bor ishingni qil, deb haydab yuborgandim.
O‘zi hech joyda ishlamaydi-da, qarzga un so‘rab kelishga tag‘in uyalmaydi ham. Un chiqarayotganimda, shu Ziyodilla daqqi sandiqni ochib ko‘rganday bo‘luvdi. Sochni olib ko‘rdimi-yo‘qmi, yaxshi e’tibor qilmovdim.
– Soch yo‘qolganini qachon sezdingiz?.. – deb so‘radi bola.
– Un tortib bo‘lganimdan keyin, qarasam sandiq ochiq qolgan ekan, ichida hech narsa yo‘q. Ziyodilla daqqi olib ketdimikan, deb uni ertalab bug‘doy olib kelgan bir boladan chaqirtirib yuborgandim. Keldi, u sochni ko‘rgach, sandiqni ochiq qoldirib ketgan ekan. U ajinangizning sochini boshimga uramanmi deb hatto qasam ham ichdi.
To‘lqin chol dasturxondagi ovqatini yeyar ekan, nabirasining nima deyishiga qarab turardi. Aksiga olib O‘sar hech narsa demasdi. U bobosining betoqatlanib borayotgan yuziga, birorta qorasi qolmagan soqollariga boqarkan, uning judayam qarib borayotganligiga amin bo‘ldi. Bola:
– Bobo, endi nima bo‘ladi? – dedi.
To‘lqin chol ovqat tanovul qilgan kuyi:
– Bu sochni kim olganligiga bog‘liq, – dedi. – Agar Ziyodilla daqqi olib ketgan bo‘lsa, bu yaxshi, aks holda, mening beparvoligim tufayli sochni ajina olib ketgan bo‘lib chiqadi.
– Bobo, siz ajinaning kelganini ko‘rmagansiz-ku? – savolga tutdi cholni bola.
– Ko‘rmaganligim rost, lekin ajinalar goho ko‘rinmasdan ham kelib ochiq qoldirilgan narsani olib ketishi mumkin.
– Bobo, ajinaga sochning nima keragi bor? – O‘sar undan so‘rashni qo‘ymasdi.
Chol ovqat ho‘plab, non ushatarkan:
– Agar u o‘z sochini qo‘lga kiritsa, ozodlikka chiqadi. Bundan menga zarar yetishi mumkin, – dedi.
O‘sar bobosining og‘zidan titrabroq chiqqan bu so‘zlarni eshitarkan, halizamon yo‘lda ko‘rgan Ziyodilla daqqining, bobongning holidan tez-tez xabar olib tur, ajinasi chalib ketmasin tag‘in, degan gapini esladi. Xayoliga to‘satdan bunday o‘y kelganidan bolaning hatto eti junjikib ketdi. U bobosi aytib bergan o‘sha ajinani judayam yaxshi tasavvur qilardi.
– Miltiqni shuning uchun o‘qlayapsizmi?.. – bolaning boshiga to‘satdan shu fikr keldi.
– Ha, shuning uchun, – tan oldi chol.
– Ajinani o‘zim otib tashlayman, – dedi bola miltiqni qo‘liga olgancha ruhlanib.
Chol nabirasining dadilligini ko‘rib, biroz ko‘ngli joyiga tushgandek bo‘ldi.
– O‘zim ham otib tashlardim, agarda o‘sha ajina menga hamla qilsa. Lekin Ziyodilla daqqi boya kelganda aytdiki, ajina ruhiy mavjudot ekan. Urushda dushmanni otasiz, ajinaga o‘q ta’sir qilmaydi, – dedi u. – U to‘g‘ri gapirdi, haqiqatan ham shunday. Ajinalarni hech otishganini eshitmaganman. Ularga o‘q ta’sir qilmasligi chin. Shuning uchun, ana, miltiqdan o‘qlarni chiqarib tashladim.
O‘sar yerda sochilib yotgan o‘q-dorilarga g‘ayritabiiy bir alfozda qiziqsinib qaradi. U o‘qlarni miltiqqa bir paytlar bobosi o‘rgatganidek qilib o‘qlamoqchi ham bo‘ldi. Lekin bobosi ro‘yxush bermasligi bilib bunday qilmadi.
– O‘qlarni yig‘ishtirib qo‘yaymi?.. – deb so‘radi u.
Bobosi ovqatlanib dasturxonga omin o‘qirkan:
– Mayli, yig‘ishtirgin-da, tokchaga qo‘ya qol. Meni hali chiqaradigan bug‘doylarim bor, – dedi-yu o‘rnidan turdi.
Bola o‘q-dorilarni yig‘ishtirib tokchaga taxlab qo‘yarkan, To‘lqin chol uni bir pas kuzatib turgach:
– Endi olib uyga boraqol, hali kechki ovqatni ham olib kelishing kerak, – dedi.
Bola bobosining ortidan tashqariga chiqdi. Ertalabki tuman deyarli tarqab bo‘lgandi. Quyosh izg‘irinli havoda bulutlar ostidan xira nur sochadi. Chol bolani kuzatarkan:
– Agar kechda yotadigan bo‘lib kelsang, uyga aytib qo‘y, xavotir olib yurishmasin tag‘in, – dedi.
Bola bosh irg‘ab qo‘ydi. Bu gap unga moydek yoqqandi. Negaki, bobosi unga ko‘pincha tegirmonxonada yotishga ruxsat bermasdi. Lekin hozir bobosining o‘zidan bunday taklif chiqishi O‘sar uchun yoqimli edi. U chol bilan xayrlashib, qishloqqa eltadigan so‘qmoq bo‘ylab, qandaydir qo‘shiqni xirgoyi qilgancha ketdi…
Chol bir pasga uning ortidan qarab turdi-da, so‘ng tegirmonxonaga bug‘doy chiqargani kirib ketdi.
2
O‘sar tegirmonxonaga bobosiga kechki ovqat uchun dasturxonda non va betonchada shirguruch olib kelganda, atrofda shom qorong‘usi deyarli tushib bo‘lgandi. Chol bolaning kechikib, qorong‘uda yurgani uchun koyigan bo‘ldi. O‘sar:
– Bolalar bilan gurung qilib, qolib ketibman. Oyim uydan ancha vaqtli chiqarib yuborgandi, – dedi.
Chol bolani uychaga kiritar ekan, shisha chiroqni yoqib qo‘ydi. Tashqarida shamol esar, daryo shovullardi. Atrofga yoyilayotgan shom tumani bir pasda butun vodiyni tutdi. Bu yerga elektr toki keltirilmagan edi. Negaki, bu yerda tegirmonxonani aytmasa, elektr olib kelishning kimga ham zarurati bor. Tuman qurshagan sohillar ortidan ham, O‘sarlar yashaydigan qishloq tarafdan ham elektr chiroqlarining milt-milt yonishi, daryo bo‘yidagi tegirmonxonada o‘tirgan bolaning qalbida ajib bir surur uyg‘otardi. U bobosining mana shunday alfozda qancha yillardan buyon umrguzaronlik qilishini, tegirmonxonadagi uychaga har gal kelganda, jasoratga yo‘yib o‘tirar, bobosini qandaydir afsonaviy qahramon sifatida tasavvur qilardi. Lekin hozir u bobosining ajinaning kelishi haqidagi xavotirlarini tinglarkan, bobosi o‘zi o‘ylaganchalik ko‘p ham jasur emas, deb o‘ylay boshlaydi. O‘sar buni bobosining qariganligiga yo‘yib qo‘ydi. Chol Ziyodilla daqqining gapini bolaga aytardi:
– Ajina, Ziyodilla daqqining aytishicha, odatda, tunda ziyon yetkazarkan. Ko‘p jin chalgan kishilarni suv bo‘yida tunda ajina chalib ketgan. O‘zim ham bu haqda ko‘p eshitganman.
– Ajina kelsa, nima qilamiz? – bolani titroq bosdi.
– Sen ko‘p ham qo‘rqma, u kelsa ham, menga ziyon yetkazadi, – bolani tinchlantirishga urindi chol. – Har ehtimolga qarshi miltiqni o‘qlab qo‘yaman. Menga ziyon yetkazish niyatida bo‘lsa, ruhiy mavjudot-pavjudotligiga qarab o‘tirmayman. Shartta otaman-qo‘yaman.
Bola chiroq yorug‘ida bobosi haqiqatan ham miltiqni o‘qlab, tokchaga qo‘yib qo‘yayotganligiga e’tibor qaratdi. Bundan uning ko‘ngli ancha xotirjam tortdi.
Chol shirguruchni dasturxonga qo‘yarkan, bola bobosining ko‘zi ancha o‘tkirligidan zavqlanib qo‘ydi. O‘rtoqlarining bobolari allaqachon ko‘zoynak taqib, hassaga suyanib qolgan, uning bobosi esa, ularning oldida ancha tetik va bardam ko‘rinadi. Bolalar uning bobosini bir qo‘li yo‘qligini aytishadi. O‘sar esa, o‘zingni bobong hassasiz yurolmaydi-ku, bobongni ko‘zi ko‘zoynaksiz ko‘rmaydi-ku, derdi. Hozir bobosi bilan jimgina tamaddi qilib o‘tirarkan, u o‘sha bolalarning gaplarini eslar, o‘zi ham ularning bobolarini kamsitgani uchun ich-ichidan xijolat chekib o‘tirardi.
Cholni bot-bot ovqatdan ol deyishi uning xayolini bo‘lardi. U xo‘p derdi-yu, yana xayolga berilardi.
Dasturxonga fotiha o‘qisharkan, bobosi undagi holatni sezdi shekilli:
– Nimaga buncha xayol surasan? – deb qoldi.
Bola:
– O‘zim, – dedi.
Chol chiroqni olib tashqariga chiqib keldi-da:
– Hamma yoq tinch, dam olsak ham bo‘lar, – dedi.
Uychaning bir qismida taxmonda yig‘ib qo‘yilgan ko‘rpa-to‘shakni olib, chol o‘ziga va O‘sarga joy to‘shab berarkan:
– Sandalga cho‘g‘ solib qo‘yganman, issiqqina yotasan, – dedi. – Ehtiyot bo‘l, cho‘g‘ga yana oyog‘ingni bosib olmagin.
– Yosh bolamidim, bobo, – O‘sarning g‘ururi qo‘zg‘alib ketdi.
Har doimgidek tegirmonxonada qolgan tunlari chol bolaga ertak aytib berdi. U ertakda oq dev, sariq dev va qora devni yengan pahlavon Rustam hamda uning oti Raxsh haqida so‘z ketardi. O‘sar bobosi aytib bergan ertakni eshitib yotarkan, o‘zini o‘sha pahlavon Rustam deb tasavvur qilardi. Ertak tugagandan keyin ham bola ancha vaqt o‘sha pahlavon to‘g‘risida o‘ylab yotdi. Uni xayoli qayoqlarga olib ketmadi deysiz… Bir mahal ko‘zi ketgan ekanmi yoki uxlab qolib nimadandir cho‘chib uyg‘ondimi, tashqaridan qandaydir yorug‘lik ko‘zini qamashtirgandek bo‘ldi. Go‘yo kimdir derazadan ichkariga fonar tutib o‘chirib yoqqandek edi. O‘sar bu xayolida bo‘ldimi yo o‘ngidami, har holda yaxshi anglayolmadi. Tegirmon tarafdan judayam sekin shitirlagan ovoz eshitilganday bo‘ldi. O‘sar bobosini uyg‘otmoqchi bo‘lib, sekin u tomonga qaradi. Bolaning baxtiga To‘lqin chol hali uxlamagan edi. Chol qo‘lida miltiqni tutgancha dag‘-dag‘ titrab turardi. O‘sar bobosi tomonga engasharkan, uning qorong‘uda chaqnab turgan ko‘zlariga g‘ayrishuuriy bir idrok-la boqarkan, buni aniq sezdi. Chol bola uyg‘onganligini bilib unga sekin, past ovozda:
– Jim yot, – dedi.
O‘sar nima bo‘layotganligini anglolmay hayron edi.
– Bobo, nima bo‘layapti o‘zi?
– Ajina kelganga o‘xshaydi, – dedi.
U negadir titrardi. Bola esa hangu mang. Eng qizig‘i, uning dilida hozir ajinaning sochini ko‘rganda uyg‘onadigan g‘ayritabiiy qo‘rquvning o‘zi yo‘q edi. Bu uning yarim uyqu holatda bo‘lganidanmi yo bobosining qo‘lida o‘qlangan miltiq turganidanmi, bir narsa deyish qiyin. Har holda uning yuragi hozir, xuddi sarguzasht ishqibozlariniki kabi gurs-gurs urib turardi xolos. Tegirmonxonaning narigi xonasida shitirlayotgan, kimningdir judayam ohista qadam olishi bolaga aniq eshitilib turardi.
– Bobo, eshitayapsizmi?.. – shivirladi bola. – U chindan ham ajinami?..
– Jim, jim, – derdi bobosi.
Chol miltiqni eshikka qaratib o‘qlab turardi. Agar eshik ochilsa, tamom, u aniq otadi. Bola, hozir shu narsa ro‘y beradigandek, eshik tarafga ichki bir hayajon va hayrat bilan qarab turardi.
Shitirlagan ovoz bolaning xayolida tegirmonxonadan tashqariga yo‘nalgandek bo‘ldi. U sekin deraza tomonga o‘rmalab bordi. O‘sar adashmagan edi. Tegirmonxonadan oq ridoga o‘rangan, orqasiga nimadir ortmoqlab olgan kimsa so‘qmoq bo‘ylab tez-tez yurib keta boshladi. O‘sar:
– Bobo, ana ajina, u ketayapti, – dedi.
To‘lqin chol miltig‘ini tushirib, yillar to‘zonida xiralashgan o‘tkir ko‘zlarini so‘qmoq bo‘ylab ketayotgan kishiga tikarkan:
– Ha, u ketayapti, – dedi. – Lekin u negadir, mening ajinamga o‘xshamayapti.
Chol bolaga yostig‘i tagidan gugurtni olib berarkan:
– O‘sarjon bolam, chiroqni yoq, – dedi.
Bola chol aytganidek qildi. To‘lqin chol:
– Yo, Xudoyim-ey, O‘zingga shukr, O‘zingga shukr, – derdi.
Bola hamon derazadan tikilib turar, ajina esa, tuman bosgan so‘qmoq bo‘ylab g‘oyib bo‘lgandi. O‘sarni ayniqsa, uning odamga o‘xshab oyoqda yurib ketayotganligi hayron qoldirdi. Bobosi aytishicha, ajina shunday mavjudotki, u xohlagan tusga kira oladi. Xohlasa, ko‘kka uchib ketadi, xohlasa, odamlarning ko‘z o‘ngida mumga aylanib g‘oyib bo‘ladi. Lekin hozir O‘sar ko‘rgan ajina, u har kuni qatnaydigan so‘qmog‘idan ketib borayotgandek edi. Chol chiroqni olib, tashqariga chiqdi. U narigi xonani ko‘zdan kechirmoqchi bo‘ldi. O‘sar negadir, qo‘liga miltiqni olgancha uning ortidan chiqdi. Chol chiroq bilan paypaslab yurgancha tegirmon joylashgan xonaga kirdi. U yerda miskin bir jimlik va ufunat hukm surardi. To‘lqin chol tegirmonxonani ko‘zdan kechirarkan, birdan hayqirib yubordi:
– Un yo‘q, qopda chiqarib qo‘yilgan un yo‘q, – dedi u. – Ajina nahotki unni olib ketgan bo‘lsa?!
– U orqasiga nimadir ko‘tarib olgandek edi, – O‘sar ajinaning tegirmondan chiqib tez-tez yurib ketayotgandagi holatini bobosiga aytib berdi.
– Yaxshi ko‘rolmadimu, lekin rostdanam, shunday edi, – xulosa qildi chol.
– Nahotki u meni shunday jazolasa?!
Bolaning xayoliga to‘satdan boshqa narsa urildi. U miltiqni mahkam siqib ushlagancha, qorong‘u so‘qmoq bo‘ylab yugurib ketdi. Bolaning bunday qarorga kelishini kutmagan chol uning ortidan chopdi:
– O‘sarjon, to‘xta, to‘xta… – der edi u nuqul.
Bola esa tayg‘anib-surinib chopib borardi.
Chol chiroqni tegirmonxonada qoldirganidanmi, bolani orqasidan yuguraman deb yiqilib tushdi. U turib yana yugurdi, bolani chaqirdi, qandaydir ko‘lmakka yana yiqilib tushdi. To‘lqin chol o‘rnidan turarkan, yo‘lini yo‘qotib, qayoqqa yugurishini ham, qayoqqa yurishini ham bilmay qoldi. U ovozini boricha bir necha bor O‘sarni chaqirdi. Lekin hech kim javob qilmadi. O‘sar bobosining orqasidan chaqirganini, uning ortidan kelayotganini ham bilardi. Shuning uchun qo‘lida bobosi o‘qlab qo‘ygan miltiqni tutgancha, so‘qmoq bo‘ylab yugurib borar, bobosining orqada yiqilib, ko‘lmak loyiga belanib, yo‘lni yo‘qotib qolib ketganini hozir umuman xayoliga keltirmasdi. Uning fikri-zikri, hozir tezroq ajinaga yetib olishda edi. Dalada tuman shunchalik quyuq tushgan ediki, O‘sar deyarli yo‘lini yo‘qotayozgandek oldinda nimanidir ko‘rishga umid qilib, halloslab borardi. U yugurayotib qorong‘uda bir necha bor yiqilib tushdi. Bir gal hatto qo‘lidan miltiq chiqib ketdi. U miltiqni paypaslab yerdan olarkan, bu ajinaning makri bo‘lsa kerak, deb o‘yladi. Uni qorong‘uda ajina yiqitayotgandek edi. Yo‘qsa, u kunduzlari bu so‘qmoqlardan necha bor chopadi, yiqilmasdi-ku, ha, uni ajina yiqitayotgan bo‘lsa kerak. O‘sar uzoqdan bobosini yana bir necha bor chaqirganini eshitdi. U bobosi orqasidan kelmayotganligini, u judayam orqada qolib ketganligini bildi. Bildi-yu, qo‘rquvdan yuragi shuv etib ketdi. Yaxshiyam, qo‘lida miltiq bor edi. Bu odamga yo‘ldosh bo‘ladi, derdi bobosi miltiq haqida. Bobosi bu miltiqni tunlari doim boshiga qo‘yib yotardi. O‘sar yiqilib tushmaslik uchun endi yugurmasdan, lekin tez-tez qadam tashlab, so‘qmoq bo‘ylab borarkan, tunda bu yerlar unga judayam dahshatli bo‘lib ko‘rinardi. Tuman qalinligidan hech narsani ko‘rib bo‘lmas, Oqsuvdaryo qorong‘uda vahshatli shovullar, kishi yuragiga g‘ulu solardi. Bola oldinga qarab boraverarkan, to‘satdan uning omadi chopdi. Undan yuz qadamcha oldinda kimdir fonarni bir yoqib, o‘chirdi. O‘sar bir muddat to‘xtab qoldi. U fonar bir yonib-o‘chganda, oq rido kiygan ajinani orqasidan aniq ko‘rdi. U yelkasida qandaydir qopni ko‘tarib olgandi. Bu bobosining tegirmonxonasidan o‘g‘irlangan un ekanligiga O‘sarning zarracha shubhasi qolmadi. U tegirmonxonadan yugurib chiqqanda aynan shunday deb o‘ylagandi. Ha, uning sezgilari aldamagan ekan. Ajina tegirmonxonadagi bir qop unni olib ketayotgan edi. O‘sar uning orqasidan yugurib yeta olishi mumkin bo‘lsa-da, uni qandaydir bir ichki qo‘rquv oldinga yurishdan qaytarar, yurishi borgan sari sekinlab borardi. O‘sar o‘zini ajina ko‘rib qolishidan qo‘rqayotgan edi. Bola bobosining ajina haqida aytib bergan gaplarini esladi. Ajinani tobe qilish uchun, uni mahkam borib sochidan ushlash kerak-da, shartta sochidan qirqib olish kerak. Shunda u bir umr senga xizmat qiladi. Bobosida uning sochi bor edi-yu, lekin bobosi, biron marta ham ajinaning xizmatidan foydalanmagan. Yo‘qsa, uning bir dona sochini olib, olov yoqib tutatsang, u sening xizmatingga yetib kelarkan. O‘sar bildirmasdan uning ortidan borib ajinaning sochini qirqib olmoqchi bo‘ldi. Lekin tezda bu fikridan qaytdi. Negaki, unda na qaychi bor, na bobosidek jur’at bor edi. Oldinda tezlashib ketayotgan ajinaning bo‘yi O‘sarnikidan ancha kattaligi ham uni cho‘chitdi. Bildirmasdan orqasidan bordim ham deylik, baribir sochidan tutishga qo‘lim yetmaydi-ku, o‘yladi u. Shunday bo‘lsa ham, O‘sar ajinaning izini yo‘qotmasdan, uning ortidan bildirmasdan boraverdi. Agar orqasiga qaragudek bo‘lsa, yo to‘xtab, u yoq-bu yoqqa alanglasa, O‘sar ham bir yerda jimgina qotib turardi. Ajina nimadandir cho‘chiyotganligini, O‘sar ko‘p o‘tmay sezib qoldi. U orqasidagi yuk bilan charchagandi. Lekin uning nimaga uchib ketmayotganligi, boshqa mavjudotga aylanib, mumdek erib g‘oyib bo‘lmayotganligi O‘sarni hayron qoldirayotgandi. U bobosi aytganchalik, ko‘p ham qudratga ega bo‘lmasa kerak, deb o‘yladi O‘sar. Yo‘qsa, ajina ham charchaydimi?! Ajina yukni yerga qo‘yib, orqasiga alanglab qarab turardi. O‘sar meni ajina ko‘rdi, deb o‘yladi. U qo‘rquvdan vujudi titrab, otishga shaylanib, miltiq uchini ajinaga qaratib turardi. Agar u O‘sar tarafga qarab yursa bormi, bola aniq miltiq tepkisini bosardi. Lekin ajina tuman ichida oq tusi bilan ko‘rinib, O‘sar tarafga qarab turgan bo‘lsa-da, uni ko‘rmayotgan edi. U faqat uning ortidan kimdir kelayotganidan xavotirlanayotgandi. U o‘rnida bir-ikki bor aylanib turdi-da, yana qopni yelkasiga olgancha oldinga yurib ketdi. O‘sar unga bildirmasdan borgan sari yaqinlashib-yaqinlashib borardi. Ajinaning uni ko‘rib qolishiga tunning qorong‘uligi va tumanning qalinligi yo‘l bermasdi. Voajab, ajina yo‘lini qishloq tarafga qarab burgandi. U tez-tez yurib, muyulishdagi birinchi ko‘chaga burdi. O‘sar miltig‘ini mahkam tutgancha, har lahzada otishga tayyor bo‘lib, uni ta’qib qilib kelardi. Qishloqda itlar hurar, kecha izg‘irini yo‘l betidagi teraklarning ship-shiydam tanasini yalardi. Ajina ko‘chadagi uylardan biriga tezgina kirib ko‘zdan yo‘qoldi. O‘sar so‘nggi jangga hozirlangandek, o‘sha darvoza tarafga qarab yugurdi. U butun nafrati, kuchi, ajinaga qarab aytmoqchi bo‘lgan barcha so‘zlarini zumda xayolidan kechirib, ajina kirib ketgan o‘sha darvoza tarafga talpindi. Bu uy kimniki, ajina bu yerga nimaga kirib ketdi, hozir bu narsalar u uchun qiziq emasdi. Uning butun fikri-zikri ajinaga so‘nggi olishuv oldidan aytiladigan so‘zlarida edi. Bu so‘zlarda bobosining dunyodagi yaxshi odamlardan biri ekanligini, odamlar yaxshi yashashi uchun urushga borganligini, hatto jangda bir qo‘lidan ayrilganligini, undan ajinaning o‘ch olishga hech qanday haqqi yo‘qligini, kerak bo‘lsa bobosi uchun o‘z jonini ajinaga berishi mumkinligini unga aytadi. Agar ajina ko‘nmaydigan bo‘lsa, unda O‘sar ham qarab o‘tirmaydi, unga qarata tepkini bosadi. O‘sar shunday tezlik bilan miyasiga kelgan fikr ichra darvozani shart ochib ichkariga kirarkan, ajina yelkasidagi qopni yerga qo‘yib, ustidagi oq ridoni olib tashlagancha, u tomonga qaradi. O‘sar qo‘rquv va hayajondan emas, balki unga judayam tanish turqli kishini to‘satdan uchratganidan hayratga tushgandek, g‘alati holga tushib qoldi. Yo‘lakdagi elektr chirog‘i nurida unga bugun tegirmon yo‘lida ko‘rgan, bobosi aytgan, o‘sha – Ziyodilla daqqi qarab turardi…