Vohid yarim soat oldin ishini tugallab, ko‘chaga chiqdi.
Tramvayda borarkan, ochiq oynadan bahor havosi yuziga urilar, kun bo‘yi mixlanib qog‘oz titkilaganidan dimiqqan yuragi qafasdan ozod bo‘lgan qushdek yayrab, potirlar edi. Kunlik ish majburiyatidan qutulganiga bir yengil tortgan bo‘lsa, atrofni kuzatib, ko‘klam ko‘rkidan ming quvonardi. Yo‘lning ikki yog‘ida, zilziladan keyin qad rostlagan aka-ukalardek uyqash hovlilarning darvozasi oldida chiranib o‘sgan o‘riklarning guli asosan to‘kilib, yaproqlari kaft yozgan, yaproqlar orasida kapalakdek nozik, andak-andak sarg‘aya boshlagan yakkam-dukkam gullar titranar, shahar muhitining vazminligidanmi, qandaydir qiynalib, burishib o‘sgan shaftolilar g‘arq gulga kirgan, gullari toza va tiniq, qaragan sari ko‘z ham o‘xshashi yo‘q pokizalikdan oziqlanar, olcha-giloslar oppoq harir yopingan kelinchaklardek nafis chayqalardi.
Tramvay temir izdan – bir xillik va qolipdan go‘yo chiqib ketmoqchi-yu, shu bois chapga, o‘ngga baravar silkinar, chizilgan yo‘ldan chiqolmaslikka mahkumligini tan olishni istamagandek, dam-badam shaxdiga shaxd qo‘shar, bamisoli yaxmalakda uchayotgan kabi bir maromda sirg‘alar, sirg‘algan sayin taraqlar edi.
Tiniq osmonning g‘arbiy burjida bir parcha adashgan bulut ko‘rindi. Bulut oq bo‘lib oq, qora bo‘lib qora emas, balki kulrang edi.
Vohid Beshqayrag‘ochga yetmay, Guli bekatida tushib qoldi. U Xondamir ko‘chasida, Zaynab opaning uyida, to‘g‘rirog‘i, hovli kunjidagi tashlandiq «vremenka» – hujrada ijarada turadi.
Birinchi muyulishdagi birinchi uy. Qalin devor ikki tomondan ko‘cha va yo‘lakdan ajratib turadi. Uchinchi tomondan, qo‘shni bilan o‘rtaga odam bo‘yidan baland shifer to‘siq sifatida tortilgan. To‘rtinchi tomondan esa qo‘shnining uyi baland devori bilan qarab, ya’ni «orqa o‘girib» turibdi. Ko‘k temir darvoza ikki tabaqali, odam kirib chiqadigan alohida eshigi g‘iyqillab ochilib-yopiladi. Hovlida bir tup yozgi, bir tup qishki olma, bir tup nok, bir tup gilos, bir tup olcha o‘sadi. Bahorda navbatma-navbat – bir u, bir bu daraxt gullasa, yoz bo‘yi mevalarning biri qo‘yib biri shig‘il pishadi. Yayrab o‘sgan nastarin, tartibsiz ekilgan bo‘lsa-da, oq, pushti, qizil atirgullar sokin hovliga fayz bag‘ishlaydi. Tok ayni navqiron yoshda, gurkirab, ishkomdan toshib, tom ustiga o‘rmalab, keng quloch yoygan.
Hovlining egasi Zaynab opa emas, uning ruhiy kasalligi tufayli qirq olti yoshda ham so‘qqabosh o‘g‘li Marat yoki har zamonda mehmonga keladigan, ikki farzand – bir o‘g‘il, bir qiz-u, erini bag‘riga olib, shaharning Beshyog‘och qismida ma’mur va farovon umrguzaronlik qilayotgan, o‘qimishligina qizi Lola ham, ijarada turgan Vohid ham emas, balki shu hovlini go‘yoki jonli hayotga, tiriklikning zavqu shavqiga to‘ldirgan Munchoq va Baroq ikkalasi edi. Munchoq – oq gurji kuchuk, quloqlari sal kam yerda sudraladi, dumi naq yer supuradi. Baroq esa mallarang mushuk. Semizligidan butun vujudi dirkillaydi, junlari yaltiraydi. Bu ikkisining yolg‘iz mehriboni, tavba deyish keragu, Parvardigordan ham oldin shu kampir edi.
Kampir – Zaynab opa ikki kam saksonda. Tarix fanlari kandidati, dotsent. Nafaqaga chiqquniga qadar universitetda dars bergan – partiya tarixidan. O‘qigan va o‘qitgan narsasiga o‘zi-da ishongan. Vohid dastlab kelganida, ya’ni hujrani o‘ziga moslashtirib, zax hidi o‘tirgan keraksiz lash-lushlarni chiqarib tashlayotgan mahalda eski shkafning kichik bo‘lmasidan qalingina papka chiqib qoldi. Qiziqdi, ochib ko‘rdi. Mashinkada hafsala bilan ko‘chirilgan, tartib bilan taxlangan. Sarg‘aygan qog‘ozlarni titib, erinmay o‘qidi va bildiki, Zaynab Bekqulovaning kandidatlik darajasini himoya qilish uchun tayyorlagan ilmiy ishi. Mavzu – «Qoraqalpog‘istonda makkajo‘xorichilikni rivojlantirishda partiyaning tashkilotchilik roli».
Bu kabi ilmiy mavzu bugun erish tuyulishi mumkin, himoya qilingan zamonida esa bunday mavzuni tanlamaslik g‘alati tuyular edi. Davr chindan evrildi, bugun bu kabi mavzular ham, ularning qahramonlari-yu, mualliflari – to‘qib chiqarganlar ham eskirdi.
Ha, es-kirdi. Inchunun, Zaynab opa ilmiy ishini, bir vaqtlar qiziqib yozib qo‘ygan qissasi qo‘lyozmasini, vaqt o‘tib o‘ziga yoqmay qolganidan so‘ng, yirtib tashlashga ko‘zi qiymay, bir chetga – qo‘l yetmas joyga itqitgan talabchan yozuvchi tsingari, ko‘zdan panaga uloqtirgan edi. Bu Zaynab opaga o‘xshagan vijdonli eski odamlar uchun o‘z umrini, hayotini, maslak-a’molini, pirovardida o‘zini chetga uloqtirish bilan barobar edi. Tuzum o‘z zug‘umiga o‘zi dosh berolmay, chok-chokidan darz yeganda uning teshik, tirqishlarida, o‘pqonida butun-butun avlodlar, benavo taqdirlar va bechora qismatlar cho‘kib, yo‘q bo‘lib ketar ekan-da. Buni avom anglamasligi mumkin, lekin ilm kishisi… har holda…
Bu kabi ziddiyatli mulohazalar, kundan-kunga yangilanayotgan, o‘zgarayotgan baho va mezonlar, tarixchi ayolning umr ummonini tark etib, boshqa ummonlar sari o‘tib borayotgan hayot kemasi, ya’ni olimaning istak-ixtiyoriga bo‘ysunmagan taraqqiyot qonuniyati, aniqroq qilib ifodalaganda, hayot haqiqati shafqatsiz tarzda ojizani asabiy, tajang, abgor qilib qo‘ygan edi. Siypalab aytganda, u davr ziyolilarining peshqadam, vijdonli, iymonli vakili, o‘z a’moliga hech qachon xiyonat qilmagan. Haqiqatchi deb nom chiqargan. Tarbiyasi, printsipi, dunyoqarashi shu tarzda shakllangan banda edi.
Endi-chi, endi nima bo‘ldi, u tiklagan a’mol imorati tag-tugi bilan kuyib kul bo‘lmadimi?!.
Bu ojizona mahkumlik millionlarning biri bo‘lgan bu ziyoli ayolni shubhakor, sergumon va beqaror qilib qo‘ygan edi.
Hozir yashab turgan hovlini ham zilziladan keyingi yillarda, universitetdan berilgan uchastkada ersiz, yolg‘iz boshi bilan tiklagandi. O‘sha paytlar farzandlari yosh, ularga alohida qarov talab etilardi. Albatta, changga, loyga botib ustalar ishlagan, lekin bir uy tiklangunicha ustalarni ishlatib, ularga ko‘z-quloq bo‘lib turishining o‘zi bo‘ladimi? Uy hozir ham birovnikidan ortiq, birovnikidan kam bo‘lishi mumkin, ammo ne bo‘lganda ham, zarur qulayliklarga ega.
Vohid hali temir darvozaga yaqinlashmay, muyulishdan qayrilishi hamono kuchuk hurdi – kampirga xabar berdi. Shunaqa o‘zi: qadam tovushlari eshitilishi bilan Munchoq kim kelayotganini fahmlaydi. O‘tkinchi bo‘lsa, hurib o‘zini urintirmaydiyam, hafsala qilsa, g‘ingshib qo‘ya qoladi. Shu hovlida yashaydiganlarni esa qadam olishidan ajratadi. Tanish qadam tovushlarini eshitarkan, kelayotgan odamning kayfiyatini ilg‘ab, o‘shanga mos vovillaydi, go‘yoki majburiyatini bajaradi – bekani xabardor etadi. Shu Munchoq tufayli bu hovlida alohida eshik qo‘ng‘irog‘iga hojat yo‘q.
Kampir inqillab-sinqillab eshikni ochdi. Uning yuzida keyingi paytlarda norozi qiyofa qotib qolgan edi. Oyog‘ini zo‘rg‘a yerdan uzib, pildirab aylanayotgan Munchoqni haydagan bo‘ldi. Munchoqni ichida joni bor, keraksiz koptok emaski, butunlay nariroqqa ketsa…
Vohid ko‘chalik kiyimlarini yechib, egniga uy kiyimlarini ildi. «Kulbai vayrona»ning o‘ziyam kimsasiz zerikkan va g‘arib ko‘rinar edi.
«Kulbai vayrona» deganimiz stol-stul, shkaf, antikvarga aylangan eski taxta divan, shalog‘i chiqqan karavot va gaz plitani bag‘riga olgan chog‘roq xona. Darsxonayam, yemakxona, dam olish xonasiyam shu. Tomda ba’zan shovir-shuvir bo‘lib qoladi: sichqonlar ul-bul talashib, chiyillab bir-birini quvib qolsa kerak, hoynohoy. Pastdan ko‘tarilayotgan zax shunchalik mayinki, ba’zan sezilmaydiyam. Eshik, deraza zichlab yopilsa-da, teshik, tirqish qoladi.
Vohid yelkasiga sochiq tashlab, tashqariga chiqdi. Tugmalari o‘tkazilmagan ko‘ylagini chaqqon yechdi-da, gilosning shoxiga ildi. Hovli chetidagi vodoprovod jo‘mragini ochib, engashgancha bet-qo‘lini yuvarkan, yelkalarida yomg‘ir tomchilarini his etdi. Tomchilar sovuq edi. Tepaga qaradi. G‘arbdan qora bulut to‘lg‘onib-oqib kelardi. yomg‘ir soniya sayin tezlashardi. Ko‘ylagini shoxdan olib, kiyishga ham toqat qilmadi, qo‘ltiqlab ichkariga o‘zini urdi. Egnidagi maykasi ho‘l bo‘lgan edi. «Bahor havosiga ishonib bo‘lmaydi-da», deb xayolidan o‘tkazdi.
Yupqa to‘shak to‘shalgan taxta karavotga cho‘zildi-da, bir tabaqasi ochiq derazadan daraxtlarning quchoq-quchoq gul tutgan novdalariga tikilib, xayol surib yotdi.
U nima haqda o‘ylamasin, fikrlari bir «qoziq»da aylanaverardi, bu – ish edi. Tezroq o‘zini ko‘rsatishni, u haqda hamma joyda og‘iz ko‘pirtirib gapirishlarini, hozirgidan chandon yaxshi kun kechirishni istar, butun harakatlarini shu maqsad atrofida jamlagan, shahri azimda bekorga musofir bo‘lib yurmaganini, bildirilgan ishonchni tezroq oqlashni dildan xohlar edi. Shu boismi, shaharning o‘zbekona muhit hukmron mahallasida ijarashin esa-da, bu yerdagilar, xususan, qo‘ni-qo‘shnilar bilan el bo‘lib ketolmadi. Ko‘cha boshidagi ko‘k darvozadan har kuni bir necha bor kirib-chiqishini ko‘pchilik bilmasdi.
Qancha yotganini u bilmaydi, ko‘zi ilingan ekan, allaqanday tovushlardan uyg‘onib ketdi. Shuhrat keldimikan, deb o‘yladi. Shuhrat – jiyani, talaba, birga turishadi. Lekin u ko‘pincha yotoqxonada kursdoshlari bilan yotib yuradi. Jo‘rabozlikni, poson kiyinib, po‘rim yurishni, katta yeb-ichishni yaxshi ko‘radi. Doim kinoma-kino, parkma-park, bozorma-bozor sang‘iydi. Qizlarga ham suyagi yo‘q. Darsgayam borsa-boradi, bormasayam hech kim hech narsa demaydi unga. Ba’zan yarim kecha, ba’zan tongotarda ko‘zlarini uqalab kirib kelaveradi. Bunday paytlarda Munchoqqa xudo beradi: vovillab, kichkina joni bilan katta mahallaga jar soladi.
Lekin bu gal Vohidni uyg‘otib yuborgan shovqin xonadoshining qadam tovushlari emas, umuman boshqacha g‘ala-g‘ovur edi. Shundoq yonida nimadir guvillar, nimadir taraqlar, tomda sichqonlar juda bezovta, u yoqdan-bu yoqqa gala-gala bo‘lib pildillab o‘tib-qaytar, buni tepadan eshitilayotgan shoshqin shatir-shutir ovozlardan sezish mumkin, olam-jahonga badbo‘y hid yoyilgan edi.
Vohid turib o‘tirdi, divandan oyog‘ini yerga qo‘yar ekan, to‘pig‘igacha suvga botdi. Ser solib qarasa, xonani suv bosgan, yupqa sholchalar suvda ko‘tarilib turibdi.
U shoshib qoldi. «Nahotki, jo‘mrak ochiq qolib, quvurga latta-putta tiqilgan bo‘lsa, nahotki, suv toshib, kulbagacha oqib kirgan bo‘lsa?!.» degan o‘yda dovdiradi.
Karavot tagidagi buyumlarni tez olib, divan ustiga qo‘yardi. Yangi kiyimu boshqa arzanda narsalari joylangan jomadonni ko‘targan edi, odatdagidan og‘irroq tuyuldi. Darhol sezdi: ichiga suv kiribdi. Shuhratning jomadonini ham divan ustiga qo‘ydi. Undan jo‘rillab suv oqdi.
U ilgari bunday holatda bir necha bor mashq qilib ko‘rgandek, ishonch bilan harakat qilardi.
Ko‘k temir darvoza taqilladi. Boshqacha taqilladi: qandaydir bo‘g‘iq, lekin vahmkor… Shunday bo‘ladi o‘zi, yomg‘ir sasni bo‘g‘adi. «Shunday yomg‘irda qanaqa ahmoq kelishi mumkin?..» – deb o‘yladi. Taq-tuq tobora kuchayardi. «Kimdir qishloqdan kelgan-ov, qo‘ni-qo‘shni bunday paytda issiq o‘rnini sovutmaydi-ku…»
Darvozani ochish uchun tashqariga chiqdi. Yomg‘ir chelaklab quymoqda. Chuqur hovli soniya sayin suvga to‘ladi. Zaynab opa ham tsement zinadan tushib, hovlining narigi tomonidan darvozani ochgani kelmoqda. Vohid joyida turib qoldi, kampir balki kimnidir kutayotgandir?
– Hozir, hozi-ir! – dedi Zaynab opa jahl aralash. – Hozirgilar buncha betoqat bo‘lib ketishgan-a! – Darvozaning temir ilgagini olishga urinar, lekin kuchi yetmasdi. Taqillatayotgan darvoza ochilishini kutmas, bil’aks battar taqillatar edi. Vohidning ko‘ngli alag‘da bo‘ldi. Shippagi suvga botib keldi-da:
– To‘xtang, men ochaman, – dedi taraddudlanib. Bu paytgacha kampir ilgakni olishning uddasidan chiqqan edi.
Ilgak olindi-yu, darvoza shiddat bilan ochildi. Kampir ham, Vohid ham darvozani tutib qololmadi. Darvozani katta kuch bilan surgan suv edi. Ochilgan darvozadan hovliga suv shiddat bilan oqib kirardi. Dam-badam kelayotgan to‘lqin darvozani tag-tugi bilan sug‘urib otmoqchidek zamzama qilardi.
Ko‘cha baland, hovli past, sarkash suv hovliga bostirib kiradi. Bir pasda hovli katta hovuzga aylandi-qo‘ydi.
Kampir chayqalib, muvozanatini yo‘qotdi. Oyoqlarida turib qololmadi. Tizza bo‘yi suvga chalqancha yiqildi. Og‘zi-burniga suv to‘lganidanmi yoki suv sovuq ekanmi, birdan uni o‘chdi. Turishga uringani sari oyog‘i toyar va yana yiqilardi. Shayton qursin, noxush kulgi Vohidning tomog‘iga tiqildi, yaxshiyamki o‘tmadi.
Vohid ahvolni tushundi. Kampirni qo‘ltig‘idan olib, suyab-sudrab uyiga olib kirdi. Kampir nuqul o‘qchir, qandaydir oyatni chala-chulpa qaytarar, so‘zlarini anglab bo‘lmas edi. Xayoli qochdi, shekilli, bir «skoriy»ga telefon qilish kerak, bir «pojarniy»ni chaqir, tez, tez bo‘l», deb g‘udranar, bundan ortig‘iga tiliyam aylanmasdi.
Vohid tushundi: Zaynab opa – qarilikni bo‘yniga olishni istamaydigan bu kampir endi o‘ziga kelishi, kiyimlarini almashtirishi kerak.
Hovlini tor bilgan suv o‘rtadagi shifer to‘siqni ag‘darib, tizginsiz lashkardek qo‘shni hovli sari intildi.
Vohid tizza bo‘yi suvni kechib, ko‘chaga chiqdi: «Nimalar sodir bo‘layapti o‘zi?!» Ko‘chani bor eniga qoplab, boshdan quyiga pishqirib kelayotgan suvni ko‘rib, yuragi orqaga tortib ketdi. Go‘yoki yuragi urmay qoldi yoki g‘oyat tez urib ketdi. Yo‘l, yo‘l chetidagi yo‘laklar, yo‘l bilan yo‘lak o‘rtasidagi beton ariqchalar… hech, hech narsa yo‘q, faqat suv bor edi. Asov suv devorlarga urilar, «Devor, sen zo‘rmisan, men zo‘rmi?» – degandek kuch sinashar, turgan joyida dong qotib qolgan daraxtlar bilan bahslashardi go‘yo. Uylarning oldida turgan yengil mashinalar shinasining yarmigacha suv ichida qolgandi.
Goh u, goh bu hovlidan yig‘i-sig‘i, dod-faryod ovozlari eshitilar, barcha ovozlarni suv shovqini yutib yuborardi. Odamlar uydan ko‘chaga chiqishar, ko‘chada yurib bo‘lmas, ayollar yig‘lar-siqtar, chollar, kampirlar baland ovozda tilovat qilishardi. Bolalar-chi, bolalar… Butun olamga zid ravishda quvnashardi! Negadir bolalar jala olib kelgan seldan qo‘rqishmas edi.
Daydi itlar, egasiz mushuklar, ko‘kda gala-gala aylanadigan qushlar… hamma-hammasi nom-nishonsiz ketgan edi.
Jala qanday tez boshlangan bo‘lsa, shunday tez o‘tdi. Faqat… faqat hovlida, ko‘chalarda qalin loy-balchiq qoldi. Havoda badbo‘y hid va rutubat aylandi.
Ertasiga Zaynab opa kasalxonada yotadigan bo‘ldi. Temir yo‘lda vagon kuzatuvchisi bo‘lib ishlaydigan qizi vagon mashinisti – kuyovi bilan kelib, uni mashinaga o‘tqazib, olib ketishdi. Qiz va kuyov doim shoshib kelib-shoshib ketishar, yurish-turishlari rejali, ish vajidan shekilli, vaqtni hamisha hisob-kitob qilishar, ketar chog‘larida yana qachon kelishlarini kun, soatiga qadar aytishar, ona-qaynona doim: «Nabiralarimning diydoriga to‘yadigan kun ham bormi?..» deya zorillar edi.
Mashinaga o‘tirar ekan, kampir inqillab-sinqillab bir gapni qayta-qayta takrorladi:
– Vohid, Shuhrat, Munchoqqa yaxshi qaranglar, och qolmasin. Ovqatini vaqtida beringlar, tunda xabar olib turinglar-a undan. Huraversa, kitob o‘qishga xalal berayapti deb kaltaklaysizlar uni, bilaman, lekin men yo‘g‘imda urmanglar, u o‘chakishib, battar huradi. O‘shanday paytda och qolgan bo‘ladi. Xolodilnikka kolbasa, non, suyak, et qo‘yib qo‘ydim. O‘zlaring yeb qo‘ymanglar, Munchoqqa beringlar. Munchoq och qolmasin… – kampir negadir mushukni eslamadi, uning nomini ham tilga olmadi. Bu paytda Munchoq oyoq tagida pildirar, Zaynab opaning oyog‘ini yalab-yulqar, suykalar, balandga sakrab, barmoqlariga tumshug‘ini tekkizardi, xalatining etagini tishlab ortga tortar, qo‘yvormas, darvozadan chiqqani qo‘ymas, kuyov dam-badam oyog‘i bilan turtib haydasa-da ketmas, unga sayin battar javrar edi.
It bor-yo‘g‘i it-da, shuncha odam unga quloq osarmidi, mabo-odo, ja-a aqlli bo‘lgan taqdirda ham?!
Kampir ketdi, darvoza ilindi. Munchoq munchoq-munchoq yosh to‘kdi. Kelib suykalayotgan, quvlashib o‘ynagandagidek goh quloqlari, goh dumidan tishlab tortib, irg‘ishlab qochayotgan, o‘ynab-quvnashga undayotgan Baroqqa parvo qilmas, hatto qayrilib qaramasdi.
Uch kun bo‘ldi – Munchoq hech narsa yemaydi, ichmaydi. Tiq etgan tovushga qulog‘i ding bo‘ladi. Ko‘chadan qadam tovushlari eshitilsa – bo‘ldi, darvoza tagiga yotib poylaydi. Har safar hafsalasi pir bo‘ladi. Baroqning sho‘xliklarini ko‘tarmaydi, o‘ynamaydi u bilan. Go‘yoki Baroq degan mushukni tanimaydi, hayotida ko‘rmagan uni. Holbuki, ikkalasi birga – ikkita it yoki ikkita mushuk kabi katta bo‘lishgan. Orada «it-mushuk»chilik sezilmagan hech. Bitta bekaning qo‘lidan narsa yeb, saxovat va marhamatidan baravar bahramand bo‘lishgan. Endi-chi, kampir ketdi-yu, oralaridagi inoqlik ko‘tarildi. Munchoq o‘zgardi, kun sayin boshqacha bo‘lib bormoqda. Doim ko‘zlari nam, avvalgi o‘ti yo‘q. Baroq esa o‘sha-o‘sha, ishkomga tirmashib tomga chiqadi, tomda kaptarlar bilan quvlashadi. Tomdan nariga – qo‘shnilarnikiga ham o‘tib kelaveradi, xohlasa kelmaydi, ixtiyori o‘zida. Kun qizdirganda gulbutaning tagida xumordan chiqquncha ag‘anaydi.
Munchoq esa… kampirning eski shippagini avaylab tishlab, u yoqdan-bu yoqqa olib yuradi. Titilib ketgan shu arzimas oyoq kiyimi ustida «kulcha» bo‘lib yotadi. Holbuki, kampir uni axlatga itqitishga ko‘zi qiymay, burchakdagi karton yashikka tashlagan edi. It bir talay oyoq kiyimlari orasidan nuqul shuni topib olaveradi.
Bir gal Vohid shippakni Munchoqdan tortib olmoqchi bo‘ldi, balki shu shippak deb narsa yemayotgandir bu jonivor? Qayda, Munchoq shippakni bermadi, olaman deb uzalgan qo‘lga xuddi katta yirtqichlardek tashlandi. Hay, hay demasa, tirnog‘i bilan tilib yo tishlab olishdan ham qaytmaydigandek edi. Mittigina bo‘lib, unga solishtirganda tog‘dek odamdan tap tortmas, hayiqmas edi.
Vohid ham, Shuhrat ham o‘z tashvishlari – o‘qish va yumushlari bilan ovora edi. It yoki mushuk tashvishi yosh yigitlarning qayg‘usi bo‘la olarmidi?!
Avvaliga e’tiborsiz bo‘lishdi. Keyin – oradan bir hafta o‘tgach, hushyor tortishdi. Munchoq so‘lib qolgandi. Kampir tayinlab ketganidek, muzlatgichdan kolbasa, suyak, et berishsa-da, hatto hidlab ko‘rmas, nafaqat hidlamas, balki qayrilib qaramas, faqat bahorning kuydirguvchi quyoshidan berkinib soyaga o‘tar, kampirning shippagiga ba’zan boshini qo‘yib, ba’zan bag‘rini berib yotardi.
Qo‘yilgan narsalar sasib, bijg‘ib ketdi. It yalog‘ini mog‘or bosdi.
Baroq o‘ziga kerakli narsalarni ajratib oldi.
Yigitlar hayron bo‘lishdi: nega shu narsalarni kampir berganda Munchoq yutoqib yer edi-yu, bizning qo‘limizdan yemaydi bu it?!.
Zaynab opa kasalxonaga tushgandan buyon ruhiy bemor o‘g‘li Marat singlisi Lolaning uyida turar, nega deganda uning o‘ziga alohida qarov zarur, dori-darmon va muolajalarini tayin bir vaqtda qabul qilishi kerak, bu tartibga o‘zi rioya qilolmas, bundan tashqari uni doim tergab turmasa, o‘z boshicha noma’lum yoqlarga ketib qolar, o‘ziga qarashni bilmas, yon-atrofdagilarga masxara bo‘lar, uyga bir tashvish keltirar edi.
Ikki hafta deganda Lola, eri va Marat keldi. Zaynab opa yana ikki hafta yotadigan bo‘pti. Kampirga toza ust-bosh, boshqa zarur narsalarni tugun qilib olib, yana darhol qaytib ketishdi.
Yotgan joyida kampir: «Toza ko‘ylagimni kiydiringlar…» dermish, «Munchog‘imni sog‘indim, mensiz holi nima kechdiykin?..» deyaverib, hamshiralarni ham hol-joniga qo‘ymasmish.
Munchoq egasining farzandlarini tanidi. Bir-ikki hurib, sas berdi. Ularning izlarini, oyoq kiyimlarini hidladi. Atroflaridan bir-ikki aylandi, lekin oldingi sho‘xligu erkaliklarini qilmadi. Baroq esa ularning oldida shishinib ketdi, «hunari»ni ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lgan «manman» dorbozdek ishkomga tirmashdi, undan tomga chiqib, bir-birining par-patiga mahliyo bo‘lib «ku-ku»lashayotgan bir to‘p kaptarni to‘zg‘itib yubordi…
Lola onasi tayinlagandek qildi: it yalog‘ini yuvib tozaladi, muzlatgichdan kolbasa, et, suyak olib qo‘ydi. O‘zi ham tsellofan xaltachada suyak keltirgan ekan, kim biladi qayerdan olgan buni, o‘rab muzlatgichga qo‘ydi. Suv idish – temir tovoqni yuvib, suv to‘ldirdi.
Ammo Munchoq bu sulukatga qayrilib qaramadi.
Lola bir yonda, Marat bir yonda:
– Munchoq oyimni sog‘inibdi, oyimni sog‘inibdi, – deb kuyinishardi, lekin kuyov ahvolni sezdi, shekilli:
– Hah, bechora-ya, oyijonga juda o‘rgangan ekansanda-a, – deya xo‘rsindi-da, Munchoqning boshini yumshoq siladi. – Uyga olib ketsakmikan-a?..
– Uyga qatga oborasiz, «dom»da hamma joyni rasvo qiladi-yu, kim buni ketidan tozalab yuradi, buni ustiga sizziyam, maniyam qo‘limizdan narsa yemaydi-ku, bu o‘lgur isqirt it, – deya bobilladi Lola; shunga o‘xshash holatlarda ayollar erlarini jerkibroq va asabiy gapiradilar, Lola ham xuddi shunday qildi.
Uch hafta bo‘ldi, kampir kasalxonada.
Munchoq endi mushtdekkina bo‘lib qolgan, ko‘zlari chuqur botgan, oyoqlari tolxivichdek, dumi arqondek ingichka tortgan edi. Oppoq paxmoq junidan asar ham qolmadi, sarg‘ayib ketdi. Boshini ko‘tarolmay endi bir joyda yotar, qovurg‘alari qoshiq dastasidek bilinib turar, kun davomida joyini bir o‘zgartirsa o‘zgartirar, bo‘lmasa umuman o‘zgartirmas edi.
Egulikka qayrilib qaramasdi.
Vohid bir parcha etni olib, Munchoq yoniga bordi. Munchoq boshini qiynalib ko‘tardi, yon tomonga mo‘ltirab qaradi, ko‘zlari so‘nik edi, boshini tutib turolmadi – shippak ustiga qo‘ydi.
It etni hidlamadiyam.
Baroq o‘ynoqlab keldi-da, etni ilib qochdi.
Munchoq qiynalib o‘rnidan turdi, shippakni tishlab, hovli chetiga, qurilishdan qolgan siniq g‘ishtlar-u, shifer parchalari uyub qo‘yilgan burchakni mo‘ljallab yurdi. Oyoqlari gavdasini tutolmas, hamma yog‘i qaltirar, titrar edi. Yarim yo‘lga bormasdan yiqildi, og‘zidan shippak tushib ketdi. It shippakka bag‘rini berdi.
Vohid Munchoq yonida kuymalanishayotganidan dadillandimi yoki bir tomosha ko‘rsatib, bularni xursand qilay dedimikan, ishqilib, Baroq o‘qdek uchib keldi-da, Munchoqning tagidan shippakni sug‘urib qochdi. Shu qochishda ishkomga, ishkomdan tomga o‘tdi, tomda shippakni xuddi chalajon sichqonni o‘ynagandek o‘ynadi, keyin ko‘rinmay qoldi.
Munchoq shiddat bilan xezlanib, Baroqning ortidan tashlangandi, ammo… Ammo hech qancha bosmay, boshi tagida qolib, o‘mbaloq oshib tushdi. O‘zini o‘nglab ololmadi. Yotgan joyida tez-tez xirillab nafas olar, butun vujudi sopqondek ko‘tarilib tushar, ko‘zlaridan suv tomchilardi…
To‘rt hafta o‘tdi.
Munchoq bir joyda – o‘sha yiqilgan joyida yotib qoldi. Boshini ko‘tarolmas, qo‘zg‘alolmas, quloqlarini, dumini-da qimirlatolmas edi. Qovoqlariyam qimirlamas, ko‘zlari harakatsiz edi. Faqat yupqalashib qolgan teridan it yuragining qiynalib, erinib tepishi bilinib turardi.
Baroq Munchoqning holidan xabar olmay qo‘ydi. Keyingi ikki-uch kunda umuman ko‘rinmadi.
Ertalab yuvingani chiqqan Shuhrat biroz o‘tib tashqaridan derazani tortib ochdi, ichkariga bosh suqdi-da:
– Vohid aka, Munchoq o‘lib qolibdi, – dedi hovliqib. – Endi nima qilamiz, Zaynab opaga nima deymiz?..
Yigitlar maslahat qilishdi: Munchoq – jonivor, axlatga tashlab bo‘lmaydi, axlat mashina kelganda berib yuborish, baribir, axlatga tashlash bilan barobar…
Joni uzilgan joydan chuqur kovlab, juda chuqur kovlab ko‘mishdi, yer bilan tekislashdi. Oyoqosti bo‘lmasin, degan mulohazaga borib, gul ekib qo‘yishdi,
Shunday qilish joizmi, nojoizmi – bilmasdan, Vohid ichida bilganicha oyat o‘qidi, chamasi Shuhrat ham shunday qildi.
Shu-shu, Baroq bu hovlida boshqa ko‘rinmadi.
Ikki kun o‘tib, Zaynab opa dov-daska bilan uyga keldi. Qizi, o‘g‘li, kuyovi kampirni qo‘llab-qo‘ltiqlab mashinadan tushirib, uyga olib kirishdi. Kimsasiz uy g‘ala-g‘ovurga, nurga to‘ldi, hovliga qandaydir katta hayotning bir bo‘lagi kirib kelgandek bo‘ldi.
Lola derazadan boshini chiqarib, hovlining to‘riga qarab baqirdi:
– Vohid, hu Vohid, sizzi oyim chaqirvottila…
Vohid atay bormadi. O‘zini uyquga solib yotdi. Kampir Munchoqni so‘rashini bildi. So‘rasa nima deydi?..
Qizi bilan kuyovi ko‘p o‘tirmadi, ishli odamlar-da, tez ketishdi. Ikkalasi ham yaqin soatlarda smenaga chiqishi kerak ekan.
Hech qancha o‘tmay, hovlini aylanib ko‘zdan kechirgan, daraxt va gullarga uncha e’tibor bermay, vodoprovod jo‘mragini ochib-yopib ko‘rib, uning ijarada turgan yigitlar tomonidan buzilmaganligiga ishonch hosil qilgan kampirning o‘zi «vremenka» eshigini taqillatib keldi. Xonani obdon ko‘zdan kechirar ekan, liqilloq stulga o‘tirdi.
Zaynab opaning rangiga rang yugurgan, davolangani, kuchga kirgani dadil-dadil gapirishlaridan ham ayon edi. Vohiddan Munchoqni so‘radi, «nega ko‘rinmayapti?» dedi.
U, Munchoq endi bu yorug‘ olamda yo‘qligini aytganda, kampir shilq etib yoniga yiqildi.
Marat, Shuhrat, Vohid uchalasi kampirni avaylab yotog‘iga olib o‘tishdi. Kampir pardek yengil edi.
«Tez yordam»da kelgan shifokor Zaynab opa insult bo‘lganini, uni qo‘zg‘ash mumkin emasligini aytdi.
Kampir shu yotishda to‘rt hafta yotdi. Tildan, harakatdan, ovqatdan qoldi. Munchoq so‘nggi kunlarini qanday yashagan bo‘lsa, kampir ham xuddi shunday yashayotgan edi, ya’ni kundan-kunga shamdek so‘nib borardi.
Ko‘zlari chuqur cho‘kdi, yuzi suyak ustiga terini tashlagandek shalvirab osildi. Barmoqlari qalamdek ingichka tortdi. Butun vujudi kichrayib, mushtdekkina bo‘lib qoldi.
Lola – mehribon qizi, nima ovqat tayyorlab tutmasin, yutmadi, tomog‘idan ichkariga o‘tkazmadi. Faqat suvni to‘xtatolmas, suv sirg‘alib tomog‘idan o‘tardi.
To‘rt hafta deganda kampirni g‘arg‘ara tutdi, xirillab, zo‘rg‘a-zo‘rg‘a nafas olardi. Kutilayotgan voqeani istamagandek, choyshab ostida mushtipar yurak gursillab tepar, ko‘krak temirchining bosqonidek ko‘tarilib tushar edi.
Qizi, o‘g‘li, kuyovi, nabiralari rozi-rizolik qilishdi. Kimdir yashirincha ko‘zyosh qildi, kimdir baralla o‘kindi. Endi bu voqea nima bilan tugashini hamma ich-ichdan anglar edi.
Vohid bilan Shuhrat garchi ijarada turishsa-da, ya’ni bu xonadonga nisbatan begona bo‘lishsa-da, go‘yo kampirdan hol so‘ramoqchidek uzun-qisqa bo‘lib, bosh egib kirishdi. Kichik nabira – hali maktab o‘quvchisi, boqibeg‘am bola momosini shu ko‘yga solgan Munchoqning o‘limi tafsilotini so‘rab qoldi.
Vohid Munchoq kampirning shippagini bermay olib yurgani, unga goh boshini qo‘yib, goh bag‘rini berib yotganini gapirar ekan, to‘rt haftadan buyon qimir etmagan kampir xiyol qo‘zg‘alib qo‘ydi-da, «uh» tortib yubordi.
U so‘nggi nafasini olgan edi.
Mart, 2011 yil