Saidvafo Boboyev. Haqiqat siniqlari (turkum)

ODAM BILAN DARAXT

O‘shanda u jajjigina bola edi. Otasi kichkinagina qayrag‘och niholini keltirib, unga xitob qildi:
– Hozir bu niholni birgalashib ekamiz, o‘g‘lim.
Otasi niholni o‘tqazayotganda u katta odamlarga xos jiddiylik bilan ko‘chatni ushlab turgan edi. Otasi balandligi o‘g‘lining bo‘yi bilan barobar bo‘lgan jajji qayrag‘ochga suv quyarkan, shunday degan edi:
– Bu sening daraxting bo‘ladi, o‘g‘lim…
Oradan yillar o‘tdi. O‘sha jajji nihol zaminga ildiz otib ulkan daraxtga aylandi. Hovli yuziga soya berdi. Odamlarni saratonning qaynoq taftidan asradi.
Bolakay ham voyaga yetdi. Endi u ham ota. Farzandlarining bir paytlar o‘zi o‘tqazgan qayrag‘ochga halinchak solishlarini yuragi orziqib kuzatadi.
Oradan yana ko‘p yillar o‘tadi. Qayrag‘ochning bir mahallar qalin bo‘lgan shoxlari qurib, siyraklashib qoldi. Yaproqlari salgina shamolda ham to‘kilgandan to‘kiladi. Har kuni hovli supurguvchi kelinchakka malol keladi: ”Bu daraxtning turgan-bitgani dahmaza. Soyasi yo‘g‘-u, xazonini supurganim ortiqcha”.
Odam ham keksayib qoldi. Uning ham qayrag‘och kabi burungi shashti yo‘q. Bir mahallar qayrag‘ochga halinchak solgan farzandlari esa har tomonga “ildiz otib” ketishdi. Qurib borayotgan daraxt kabi u ham endi hammaga ortiqcha yuk bo‘lib ko‘rinadi. Endi odam har tong hovliga chiqqanida qadrdon daraxtiga qarab ma’yus tikilgancha o‘yga toladi: ”Bir-birimizga qanchalar o‘xshaymiz-a…”
Kechasi qattiq shamol turdi…
Erta bilan hovliga chiqqan odam aziz daraxtining qulab yotganini ko‘rdi. Odam titrab ketdi. Asta kelib qayrag‘ochning keksa tanasini siladi. Kun sayin xiralashib borayotgan ko‘zlariga ikki tomchi yosh qalqib chiqdi. Shu payt oshxona tomonga o‘tayotgan kelin unga eshittirib to‘ng‘illadi:
– Nevarasining beshigini tebratib o‘tirishga ham yaramaydi.
Odam qulab yotgan qayrag‘ochga alam bilan shivirladi:
– Naqadar o‘xshashmiz-a…

BIRINChI KAShFIYoT

Ular ikki kishi edilar. Kechani kecha, kunduzni kunduz demasdan adog‘i yo‘qdek tuyulayotgan o‘rmon ichidan ketib borardilar. Yo‘lovchilardan biri dono edi. Qay manzilga va ne maqsadda ketib borayotganini yaxshi anglardi. Ikkinchisi nodon edi. Uning yagona maqsadi: shu o‘rmondan tezroq o‘tib olish. Biroq yo‘l tugagach, qaysi tomonga qarab yurishini ham bilmasdi. O‘rmon unga adoqsiz to‘siq bo‘lib ko‘rinardi.
Bir kuni yo‘lovchilar qattiq charchashdi. Katta bir daraxt tagida o‘tirib hordiq olmoqchi bo‘ldilar. Havo sovuq edi. Shunda sherigining sovuqdan akashak bo‘lib qolgan qo‘llarini ko‘rib aytdiki:
– Qo‘llaringga “kuh-kuh”lasang, isiydi.
Nodon qo‘llariga ”kuh-kuh”lagan edi, barmoqlariga iliqlik yugurdi.
Ular yana uzoq yo‘l yurdilar. Nihoyat qorinlari ochdi. Gulxan yoqib ovqat hozirladilar. Shoshqaloq nodon qaynoq ovqatni ichib og‘zini kuydirib qo‘ydi.
Uni kuzatib o‘tirgan dono yana o‘git berdi:
– Ovqatga “kuh-kuh”desang, ovqating soviydi.
Shundoq ham fig‘oni falakka chiqib turgan nodon dononing yuziga shapaloq tortib yubordi va alam bilan baqirdi:
– Sen kimning ustidan kulyapsan? Boya ”kuh-kuh”lasang isiysan, deganding. Endi bo‘lsa “kuh-kuh”lasang sovuydi, deyapsan. Sening qaysi gapingga ishonishim kerak?
Nodon yo‘lovchining dono hamrohi uning shapalog‘iga na so‘z va na harakat bilan javob qaytardi. Chunki u hayot o‘rmonida bu yanglig‘ javoblarga hali ko‘p bor duch kelishini juda yaxshi anglab turardi.
Axir tiriklikning sirliligi va mazmundorligi ham shunda-da!

OSMONGA TUPURMA

Ular uch kishi edilar. Qishloqning kungay tarafidagi qirda odatdagidek ichib o‘tirishardi. Bir payt ulardan biri shu tomonga kelayotgan qiz bolani ko‘rib sheriklariga luqma tashladi:
– Ja-a, ketvorganmikan?!
Sheriklar ichkilikdan qizargan ko‘zlarini qizga tikishdi.
Darhaqiqat, ular tomonga qaddi-qomati kelishgan, boshidagi qizil durrachasi yelkasiga osilib tushgan bir qiz kelayotgan edi.
– Oyoqlariga qara, bir kechasi uchun butun umringni sadqa qilsang arziydi, – dedi u yana ko‘zlarini suzib. – Tur, birortang tashlansang-chi!
Uning gaplaridan sheriklarining ehtiroslari junbushga keldi. Qiz esa tobora ularga yaqinlashib kelmoqda edi.
– Oh… oh… qani edi uni…
Uning og‘zidagi og‘zida, bo‘g‘zidagi bo‘g‘zida qoldi. Chunki ularning shundoqqina yaqiniga kelib qolgan qiz, “oh” urayotgan “oshiq”qa qarab:
– Dadajon, uyga mehmon keldi. Sizni so‘rashyapti, – dedi.
Sheriklari mulzam bo‘lib yerga qarashdi.

HAYRATNING KO‘ZI

O‘shanda menga hamma narsa o‘zgacha ko‘rinardi. Nazarimda qishloq yonidan oqib o‘tadigan soy juda katta edi. Men har kuni maktabga boradigan yo‘l bo‘yidagi teraklar osmon bilan bellashayotganga o‘xshardi. Ko‘z oldimdagi manzaralarning bari menga ulkan va sirli tuyulardi. Qo‘limga tushgan har bir giyohdan ajablanardim. Uning nozik go‘zalligini favqulodda qiziqish bilan kuzatardim.
U paytlar nazarimda dunyo boshqacha kulardi. Dunyoning kulgulari oppoq edi. Shu oppoq kulgularga monand atrofimdagi odamlar-da mehribon edi. Men go‘yo bu “manzil”ga kelib qolganimdan baxtiyor edim.
Endi bilsam, u paytlar bolalik mening ko‘zlarimga hayratni joylagan, dunyoga hayrat ko‘zi bilan boqqan ekanman.
…Bolaligim poyoniga yetgan kuni men hayratimni ham yo‘qotib qo‘ydim. Endi hamma narsa odatiy edi: mening soyim kichrayib qolgandek, daraxtlarimning bo‘yi ham qisqarganga o‘xshardi. Ko‘z o‘ngimdagi manzaralar juda zerikarli edi. Kecha ko‘zlarimga mehribon bo‘lib ko‘ringan odamlarning bugun qo‘llarida tosh borligini ko‘rib turardim. Gullar va toshlar, muhabbat va nafrat, yaxshilik va razolat – men ularning o‘rtasida talosh bo‘layotgandek edim. Shuning uchun ham nazarimda osmon biroz engashib qolgan, oyog‘im esa kundan-kun yerga botib borayotgandek edi.
Men ko‘p o‘tmay hayratsiz yashashga o‘rganib qoldim. Faqat ich-ichimdan qachondir uni qaytadan topishga umid bog‘lardim.
…Nihoyat, men bugun bolalik hayratimni topdim. Uni izlab olislarga borganim yo‘q. Men uni yonginamdan, deraza oldida o‘sgan bodom gullariga ko‘zlarini katta-katta ochib ajib qiziqish-la qarab turgan qizalog‘imning ko‘zlaridan topdim… U mening hayratimni tiriltirdi. Bolaligimni qaytarib berdi.

QAFASDAGI ERK

Ovchi qo‘l-oyoqlarining shilinganiga parvo qilmasdan bor kuchi bilan qoyaga chiqib borardi. U mana shu qoya tepasida burgut uyasi borligini bilardi. Hozir burgutlar bola ochadigan payt bo‘lgani bois uning yuragi burgut polaponini qo‘lga kiritish istagida yonardi. U silliq qoya bo‘ylab ming mashaqqat-la oldinga intilarkan, pastga qarashdan o‘zini tiyardi. Negaki, pastga qarasa – balandlikdan boshi aylanib qulab tushishi tayin edi.
Nihoyat, u ko‘zlagan manziliga yetdi. Shox-shabbalardan tiklangan kattagina uyada qanotlari ko‘rinib qolgan burgutcha o‘tirardi. Maqsadiga yetgan ovchi burgut bolasini yelkasida osig‘liq xaltaga joylab, ortiga qaytdi…
Uyga kelgach, burgut bolasiga moslab qafas yasadi. Ovchining maqsadi burgutni qo‘lga o‘rgatish edi.
Burgutcha ancha katta bo‘lib qoldi. Endi ovchi har gal unga suv yoki ovqat berish uchun qafas yoniga kelarkan, tutqunning ko‘zlarida allanechuk yovvoyi bir o‘t chaqnaganini ilg‘aydi.
Bir kuni ovchining ustida ikkita burgut paydo bo‘ldi. Ular go‘yo qafasdagi qarindoshlarini chorlagan kabi ovoz chiqarishdi. Tutqundagi burgut allanechuk bezovtalandi. Uchmoqqa harakat qilib qanotlarini patirlatdi. Lekin la’nati qafas uchishga imkon bermasdi. Ovchi burgutiga qarab allanechuk istehzoli kulib qo‘ydi. Keyin ichkariga kirib ketdi. Chorak sotlardan so‘ng tashqariga chiqqan ovchi qafasning joyida yo‘qligini ko‘rdi. Ikkilanib osmonga qaradi-yu hayratdan qotib qoldi – burgut qafasni ko‘tarib uchib borardi. Yuki og‘ir bo‘lgani uchun samoga yuksalib ketolmayotgan bo‘lsa-da, ammo jon-jahdi bilan ko‘kka intilardi. Manzarani kuzatib turgan ovchi tuyqus kulib yubordi – qafas eshigiga qulf o‘rnatgani yodiga tushdi.
Ertasi kuni Burgutqoyaga borgan ovchi ulkan tovatosh ustida o‘zi yasagan qafasning parcha-parcha bo‘lib yotganini ko‘rdi. Sal nariroqda esa bechora burgut o‘lib yotardi. Burgut jasadi tepasiga borgan ovchi seskanib ketdi. Qushning ochiq ko‘zlaridagi o‘sha yovvoyi o‘t hanuz so‘nmagan edi.

MEHR BILAN QAHR ORASI

Erta tong. Uyqudan turib hovliga chiqqan erkak uni ishga kuzatish uchun kuymalanib yurgan rafiqasini ko‘rdi. Ayol shoshilib uning yoniga keldi va obdastani tutdi. Erkak yuz-qo‘lini yuvib rafiqasining nozik yelkasida osilib turgan sochiq bilan artindi. So‘ng sersoya o‘rik daraxti ostidagi chorpoya tomon yurdi. Xontaxta ustida uning nonushtasi tayyor turardi. Erkak o‘ziga tavoze’ bilan choy tutgan qo‘llar sohibasini beozorgina quchib qo‘ydi.
…Shom edi. Ishxonadagi dilxiraliklardan asabiylashib qaytgan erkak darvoza oldida bir oz kutib qoldi. Bolasini beshikka solayotgan ayol tezda bora olmadi. Natijada darvozani shoshilinch ochgan ayol eridan uzr so‘rashga ham ulgurmadi – o‘ng chakkasiga qandaydir qo‘pol narsa kelib urilgandek bo‘ldi. Yonog‘ida beshta barmoq izi qabarib chiqqan ayol qarshisidagi odamga hayrat-la tikilib qoldi. Xotinining xotirjamligi erining g‘azabini battar qo‘zg‘adi. Uning qo‘llari yana ko‘tarildi. Biroq bu qo‘llar havoda muallaq turib qoldi. Negaki, erkak rafiqasining hayratga to‘liq nigohlarida o‘zining ayni paytdagi qo‘rqinch qiyofasini ko‘rib qolgan edi. Uning qarshisida bir qo‘li bilan o‘ng yuzini silab turgan ayolning ko‘zlari bamisoli oyna edi. Bu oyna unga yuragidagi oniy g‘azab oqibatini anglash uchun qaratilgandek tuyulardi.
Darvoza oldida kalovlanib qolgan erkak qahrdan uzoqlashish kerakligini angladi. Bir zum taraddudlandi-yu, ichkariga qadam qo‘ydi…

OShIQ QISMATI

Baland cho‘qqi ustida lola unib chiqdi. Vaqti kelib g‘unchaladi, keyin ochildi. Uning atrofida ko‘klamning turfa rang va turli qiyofadagi gullari barq urib yotardi. Biroq mag‘rur lola ularning birortasini ham o‘ziga munosib ko‘rmadi. Bahorning yuvilgan shisha kabi tiniq osmoniga boqarkan, u oppoq bulutni ko‘rib qoldi. Bulut shunchalar oq ediki, bamisoli lolaning boshida ulkan oqqush qanotlari bilan soya solib turganga o‘xshardi. Lola ana shu oppoq bulutga shaydo bo‘lib qoldi!
Kech kirishi bilan qorong‘ulik oq bulut yuzini to‘sib qo‘yardi. Oshiq lola esa tezroq tong otishini, yana oq bulutga termulib o‘tirishni istardi.
Shu tarzda oradan bir necha kun o‘tdi. Bir kuni oq bulutning yoniga uning og‘a-inilari ham suzib kelishdi. Zum o‘tmay momoqaldiroqning gumburlagan ovozidan cho‘qqi larzaga keldi. Lolaning nozik vujudi qo‘rquvdan titradi. Ko‘p o‘tmay do‘l yog‘a boshladi.
Do‘lning yirik-yirik donalari lolani ayovsiz qamchilar edi! Tongga yaqin u juda holdan toydi va o‘zini zaminga tashladi. Cho‘qqi ortidan bosh ko‘targan quyosh erka lolaning yerparchin bo‘lib yotganini ko‘rdi…
Nachora? Oshiqlar qismati hamma zamon va hamma makonlarda og‘ir kechgan. Qolaversa, muhabbatga hamma vaqt ham kutilganidek javob qaytmasligini hammamiz yaxshi bilamiz. Shunday emasmi?

UMRIM FASLLARI

Fasllar mening umrimni beayov talashadilar. Bolaligimning sho‘x-shodon yillari bahorga nasib etdi. Negaki bahor bilan bolalik bir-biriga nihoyatda o‘xshash edi. Bahorning sharqirab oqquvchi daryolarida, ovozi qo‘ng‘iroqday jarangdor irmoqlarida bolalikka xos o‘yinqaroqlik mujassam edi.
Bolalikning qalbi bahor osmonidek toza va g‘uborsiz edi. Bahorning yam-yashil qirlari ham, daxlsiz bir go‘zallik kasb etgan manzaralari ham bolalikka monand edi. U bolalikning o‘z bag‘rida qolishini, chechaklarga burkangan dalalarida uzoq kezib, sho‘x-shodon irmoqlariga xayolchan quloq berishini juda-juda istardi.
Yoshligimning o‘t-olov yillarini yozning otash quchog‘iga topshirdim. Negaki bu faslda mening yigitlik chog‘imdagi yuksak orzular tafti mujassam edi. Yoz tafti bir paytlar qalbimni uzoq kuydirgan o‘tli nigohlarni yodimga solardi.
Yoshlik yillarimning kulgulari, xayollari va hattoki armonlarida ham yoz otashi aks etardi. Ba’zida bu otash yuragimni shunchalik kuydirardiki, men beixtiyor bu o‘tlig‘ faslning tezroq poyoniga yetishini istab qolardim…
Endi esa kuz ham mening hayotimdan o‘z ulushini talab qilayotir… Buni talab deyish ham mushkul. Negaki kuz juda sokin va mahzun.
Bu fasl meni ham sokinlikka o‘rgatdi. Bir necha yildan beri u umrim daraxtidan mevalar uzib menga taqdim qilayotir. Bu mevalar birda shirin, birda juda taxir. Binobarin har ikkisida ham mening hissam bor. Kuz meni hayot haqida jim mushohada qilishga o‘rgatdi. Shu bois men kuzni faylasufga mengzayman.
Qishgacha esa… hali fursat bor. Shunday bo‘lsa ham negadir men u haqda so‘zlashdan hali biroz cho‘chiyman. Bu tabiiy holmikan?

TASAVVUR

Ba’zan kichkinagina o‘zgarish ham katta bir haqiqatga zamin hozirlashi mumkin. Masalan, Lev Tolstoy qandaydir tasodif tufayli sinib yotgan qariqiz butasidan ilhomlanib “Hojimurod”ni yaratgan.
Mashhur yozuvchilardan biri esa o‘zining bepoyon dengiz sarguzashtlari haqidagi asarlarini uyi oldidagi ko‘lmak suvga termulgan ko‘yi qog‘ozga tushirgan ekan.
Inson tasavvurining chegarasi yo‘q. Masalan, men hozir ko‘zlarimni yumib, qadimiy Misr malikasi Kleopatra siymosini tasavvur qilishim mumkin.
Insonning bolaligi bamisoli tasavvur maktabiga o‘xshaydi. Misol uchun, men bolaligimda nimaning otini eshitsam, o‘sha narsaning shakl-shamoyilini ko‘z oldimga keltirib ko‘rardim. To‘g‘ri, unda hali mening tasavvurlarim juda sodda edi. Mening bolalarcha nazdimda odamlar ikki turli: yaxshi va yomondan, dunyoning ranglari esa oq va qoradangina iborat edi.
Inson bilimlarining ibtidosi – tasavvur. Tasavvur insonni mushohadaga boshladi. Mushohada esa o‘z navbatida haqiqatga doyalik qildi…
Kezi kelganda tasavvur g‘oyatda shaxsiy hamdir. O‘zimdan qiyos olay: ”Ona”so‘zini eshitganimda tasavvurimda nima uchundir dunyodagi boshqa onalar emas, o‘z volidamning siymosi paydo bo‘ladi. ”Uy” deganda esa ota makonimni ko‘z oldimga keltiraman.
Yana shuni ham angladimki, insonning o‘z Yaratguvchisi qudratini anglay bilishi ham tasavvur tufayli sodir bo‘lgan. Zotan, yaralmishlar ichida eng mukammali bo‘lgan inson o‘z ijodkorining Qudratini tasavvur qilib ko‘rmog‘i lozim edi. U shunday qildi. Bu buyuk tasavvur uning tasavvurlariga sig‘madi. Zotan, Yaratguvchi qudratining bepoyonligi oldida inson tasavvurining kengligi dengizdan bir tomchi edi, xolos.
Men esa… o‘sha dengizdan bir tomchi tasavvurim bilan taxayyul dengiziga sho‘ng‘iyman.
Ko‘z oldimda Kleopatraning qo‘rqinch go‘zalligi paydo bo‘ladi. Ana shunda Sezarning o‘rnida bo‘lmaganim uchun shukur qilaman.

HAQIQAT

U osmonga yetishni orzu qilardi. Uning xayollari faqat osmon haqida edi. Ba’zan yuragidagi istak shu qadar kuchayib ketardiki, u beixtiyor baquvvat ildizlarini zamindan sug‘urib olishga harakat qilib qolardi.
Biroq bu ilojsiz orzu edi. Axir dunyo yaralganidan buyon hali birorta daraxt o‘z ildizlarini yerdan sug‘urib ololmagan. Harakatlari zoye ketgan daraxt xomush tortib qolar, go‘yo “afsus” deganday yaproqlarini ma’yus shitirlatib qo‘yardi.
Kunlar, oylar, yillar o‘tdi. Daraxt yerga biror marta ham qiyo boqmadi. U hamon ko‘kka qarab talpinardi. Samoga orzumand daraxt o‘zi o‘sib turgan qirg‘oqni suv yuvib ketayotganini ko‘rmadi. Holbuki, vaqt o‘tgani sayin daraxtning ildizlari bilan zamin o‘rtasidagi ittifoqchilik tugab borayotgan edi.
Nihoyat fursat yetib, son-sanoqsiz ildizlar zamindan ajralib chiqa boshladi. Daraxt tebranib ketdi. Shu damda u go‘yoki o‘zining azaliy orzusiga – Osmonga yetadigandek edi. Biroq kutganidek bo‘lmadi. Daraxt bir lahza yer bilan osmon o‘rtasida mullaq turdiyu, so‘ngra yerga qulay boshladi. U chor tomonga vahima sochib zaminga yiqildi. Shox-shabbalari tsingan, pajmurda holida angladiki, ildizlaring zaminda bo‘laturib, osmon haqida orzu qilishing borib turgan nodonlik ekan.
Zamin daraxtning bu xiyonatini kechirmadi. Uni o‘z poyida tiz cho‘kishga majbur etdi.
Insonning ahvoli ham mana shu daraxtga o‘xshaydi. U mudom orzular ummonida suzishni yaxshi ko‘radi. Ba’zan xayol bilan haqiqatni almashtirib qo‘yadi. Vaholanki, inson taqdir bitigidan o‘zgasini ololmas.