Bunisi g‘irt to‘qima hangoma‚ ishonavering.
Televideniye rejissyori Ne’mat Xolmatov telefon qildi:
— O‘rtog‘im Farg‘onadan kelyapti‚ Qo‘yliqda turasan‚ kutib olsang…
— Men o‘rtog‘ingizni tanimasam…
— Kelib‚ senga qo‘ng‘iroq qiladi… Qayerda turganini aytadi… Nima shu qiyinmi? Toshkentni bilmaydi‚ iltimos sendan…
Iloji yo‘q‚ telefon qilishini kuta boshladim. Qo‘ng‘iroq ham bo‘ldi:
— Men Ne’matjonning o‘rtog‘i — G‘ofirjonman. Qo‘yliqqa kelgandim…
Tushundim. Tushunmay o‘libmanmi‚ Qo‘yliqda turaman-ku! Yo‘lga otlana boshladim. Telefon yana jiringladi. Yana Ne’matjon Qurbonov‚ e-e-e‚ Qurbonov deyman-a‚ Ne’matjon Xolmatovning ovozi eshitildi:
— Chiqyapsanmi? Qo‘ng‘iroq qildi‚ yetib kepti. Qo‘yliqda turipti ekan… Adashib yurmasin. Iltimos…
Ana shu gapdan keyin meniki tutdi: o‘rtog‘i bilan gaplashdim, kutib olgani chiqyapman: yana telefon qilgani nimasi?! Xuddi men kichkina boladay qayta–qayta tayinlagani-chi!
— Menga qo‘ng‘iroq qilib yuborsin! — dedim zarda bilan.
Xayoldan bir shumlik o‘tdi-da.
Qo‘ng‘iroq bo‘ldi:
— Men Ne’matjonning o‘rtog‘i — G‘ofirjonman‚ kelgandim… — dastakdan ovoz keldi.
— Qayerda turibsiz? — dedim atay.
— Qo‘yliqda. Shunday ko‘chaning boshida.
— Qo‘yliqning sakkiz tomonga ketgan o‘n oltita ko‘chasi bor, qayeridasiz?
— Telefonning oldida…
— Qadamiga telefon…
— Farg‘onaga ketadigan joy bor-ku… Pitak… Ha‚ pitakning ro‘parasida turibman.
— Pitak deganlarining bir tomoni Bektemirga, ikkinchi tomoni Sirg‘aliga, uchinchi tomoni shaharga, to‘rtinchisi Rohatga qarab ketadi, qaysi tomonidasiz?
U bir zum kalovlanib qoldi. So‘ng aniqlik kiritdi:
— Avtobuslar qatnaydigan joy bor ekan-ku… Avtostantsiya…
— Qo‘yliqning atrofi avtobus qatnaydigan joy, avtostantsiya…
— …
— Odingizda qaysi avtobuslar turibdi?
— Hozir…
U dastakni qo‘ymadi‚ ammo nariga ketganini tushundim. Dam o‘tmay dastakdan «du-du-du!» degan ovoz eshitila boshladi.
Nima qilardim‚ yana kutdim.
— 39‚ 130‚ 12-avtobuslar qatnar ekan‚ — navbatdagi qo‘ng‘iroqdan keyin javob bo‘ldi.
— Yaxshi‚ — dedim salmoqlab. — Turgan joyingizni bildim. Ammo men sizni qanday tanib olaman? Qo‘yliq to‘la odam.
— Qora palto‚ qora telpakdaman…
— Hammayam shunday kiyingan…
— Qo‘limda katak-katak so‘mka bor…
— Hammayam hozir shunday so‘mka tutyapti…
— …
— Menga qarang‚ yaxshisi siz‚ o‘sha joyda chap oyog‘ingizni ko‘tarib tursangiz… Darrov tanib olardim!
— …
— Xo‘p‚ men yo‘lga chiqdim.
Qo‘yliqqa borib‚ akani uzoqdan darhol tanidim: qora palto‚ qora telpak‚ qo‘lida katak so‘mka… Erkak zoti borki‚ yoniga yaqinlashsa… chap oyog‘ini ko‘taryapti! Beparvo o‘tib ketsa, xafsalasi pir bo‘lib oyog‘ini pastga tushiyapti!
Bu holatni ko‘rib, qotib qoldim.
Sekin yaqinlashdim.
U meni ko‘rishi bilan chap oyog‘ini ohista ko‘tara boshladi.
Rosa ro‘pasiga kelib, javdirab yuziga qaradim.
o‘ofirjon kallasini siltab-siltab, ko‘tarilgan oyog‘iga ishora qildi.
Hayron bo‘lganday yelka qisdim.
U oyog‘ini tushirdi, nari ketdim.
Chetga borib qotib‚ qotib kuldim. Kulgimni bosib olgach, ortimga qaytdim.
G‘ofirjon yana chap oyog‘ini ko‘tara boshladi. Ammo aftimni tanib qolganmikan‚ zarda bilan oyog‘ini yerga turishirdi. Yerni bir-ikki tepib ham qo‘ydi.
— Bo‘ldi‚ aka‚ bo‘ldi, tanidim, — dedim‚ — yuring uyga ketdik.