— To‘g‘risini ayt, uka, o‘lib qolsang, ortingdan nechta odam keladi?
Bunaqa sovuqdan sovuq gaplar faqat Mamasiddiq akadan chiqadi. Aslida aka juda zo‘r odam. Chekmaydi — birovdan so‘rab olishning iloji bo‘lmaganda. Ichmaydi — uxlaganlarida. Bir zamonlar katta-katta amaldorlarga haydovchilik qilgan. Hozir, endi zamonni ko‘rib turibsiz-ku, tashkilotlar, ularga qo‘shilib amaldorlar ham kamayib ketdi, shunga bekorchilar. Yo‘q, aslida bekorchi ham deb bo‘lmaydi u kishini. Kimnidir mashinasi, mototsikli, velosipedi, hech bo‘lmaganda aravasi buzilsa bas, tepasida Mamasiddiq aka turgan bo‘ladi: Mehnatning tagi — vino, e kechirasiz, rohat, shiori ostida ishlashga o‘tishgan.
Qishloqqa kim keldi, kim ketdi, kim urishdi, kim ajrashdi, hamma-hammasidan u kishi orqali xabardor bo‘lasiz. To‘g‘ri, andak o‘zlaridan ham qo‘shadilar. Buni yuziga solsangiz:
— Ie, o‘zing yozuvchisan-u, hikoyani tushunmaysan. Jinday yolg‘on qo‘shib, badiiylashtirdim-da! — deydi qiyqirib kulib.
— Ha, o‘ylanib qolding? — so‘radi aka. — O‘zim aytib qo‘ya qolay, Iqbol keladi, Sohib keladi, Nabi, Anvar akanglar, borginki, yigirmatacha odam keladi-da! Toshkentda ishlayapman, deb maqtanmasang ham bo‘laveradi. Bilasanmi, men o‘lib qolsam mana shu atrofimizdagi uchta tumanning jamiki do‘konchisi, bufetchisi, tijoratchisi bitta qolmay, hammasi keladi.
Kulgimga parvo qilmay, akam yanada kuchaydi:
— Kelib ham jim turishmaydi, “jigarim”lab, oh-voh qilib, yurakdan chiqarib yig‘lashadiyam! Chunki hammasidan qarzman-da!
Ana shu ajoyib Mamasiddiq akam bir oy oldin borsam, do‘ppini chakkalariga qo‘ndirib masjidga qarab ketyaptilar.
— Ha, yo‘l bo‘lsin, aka? — deya atay so‘radim.
Aka qo‘llarini siltab, zarda bilan javob qildilar:
— Cho‘ntakda pul bo‘lmagandan keyin do‘konga borarmiding, masjidga borasan-da!
Kechagina akaning do‘konda ichib o‘tirganlari ustidan chiqdim.
— Asli-naslingizga qaytibsizmi, aka?
— Do‘konni ham ziyorat qilib turish kerak-da, mudir xafa bo‘ladi, hadislarda hech kimni xafa qilmang, deyilgan, — javob qildi aka jiddiy.
— Bir chiroyli masjidga kirayotgandingiz… Nimani so‘rardingiz?
— Salomat qil, rizq ber, pul ber, deb so‘rardim.
— Berayotganmidi?
— Berayotgandi.
— Unda ichib yurmay, har kuni nomozingizni o‘qib, so‘rayvering edi.
— Odamda insof ham bo‘lishi kerak, — aka barmog‘ini silab, har so‘zini ta’kidlab davom etdi. — Xudo ham har kuni so‘rayversang, “Qanaqa odamsan, sendan boshqa ishim yo‘qmi, Siddiq?!” deb so‘kib bersa, bo‘lmaydi-da!
Ana shunaqa alomat odam — Mamasiddiq aka! Bunaqasini butun respublikani aylansangiz ham topolmaysiz.